Mariya-de-la-Lus Servantes yolg‘iz o‘zi bahorning yomg‘irli kunida ijaraga olgan avtomobilida Montenegros degan kimsasiz joyga yetgan chog‘da mashina buzilib qoldi.
Ko‘hlikkina va vazmin, yigirma yetti yashar meksikalik juvon bir necha yil oldin varetening ancha tanilgan artistkasi edi. Keyinchalik u birovlarning uylarida tomosha ko‘rsatadigan ko‘zboyloqchi-illyuzionistga turmushga chiqdi. Endi bo‘lsa, Saragosada yashaydigan qarindoshlarini borib ko‘rganidan keyin erinikiga qaytayotgandi. Yomg‘ir ostida yo‘ldan o‘tgan-kechgan yengil avtomobillar va og‘ir yuk mashinalariga jizg‘anak bo‘lib, rosa bir soat behudaga qo‘l silkidi. Nihoyat loyga belangan avtobus haydovchisining rahmi kelib to‘xtadi. Lekin uzoqqa bormasligini aytib ogohlantirdi.
– Mayli, – dedi Mariya. – Men telefondan qo‘ng‘iroq qilib olishim kerak.
Haqiqatan ham u faqat qo‘ng‘iroq qilib, kechki soat yettiga yetib borolmasligi haqida erini ogohlantirib qo‘yishi lozim edi. Talabalar paltochasi va plyaj boshmog‘i kiygan juvon suvga bo‘kkan jo‘jaga o‘xshardi. Boshiga tushgan ko‘rgilikdan shu qadar gangib qolgan ediki, hatto mashina kalitini olishni ham unutdi. Haydovchining yonida o‘tirgan qaddi-qomati harbiylarnikidek bo‘lsa-da, xushmuomala ayol unga sochiq, odeyal berdi va yoniga o‘tqazish uchun nariroq surildi. Mariya odeyalga o‘ralib o‘tirdi, sigareta chekkisi keldi, lekin gugurt namiqib qolgan ekan. Qo‘shnisi gugurt chaqdi va bitta sigareta so‘radi. Qutidagi sigaretaning bir nechtasi quruq qolgandi. Ular sigareta tutatishdi. Mariya ichidagini to‘kib solishdan o‘zini tiya olmadi. Yomg‘ir va guvillayotgan motor shovqinini bosadigan darajada baland ovozda gapira boshlagan ham ediki, ayol ko‘rsatkich barmog‘ini labiga bosib, uni to‘xtatdi.
– Uxlashyapti, – shivirladi u.
Mariya yelka osha orqaga nazar tashlab, avtobus turli yoshdagi va turli holatdagi ayollarga to‘la ekanini ko‘rdi. Ularning hammasi xuddi Mariyanikiga o‘xshash odeyallarga o‘ralgancha uxlayotgan edilar. Qo‘shnisining bamaylixotirligi Mariyaga ham “yuqdi” va u tuzukroq joylashib oldi-da, yomg‘ir shovqini ostida mudray boshladi. Uyg‘onganida qorong‘i tushgan, jala kuchli ayozga almashgandi. Mariya qancha uxlagani va hozir qaerga kelib qolganidan mutlaqo bexabar edi. Qo‘shni ayol jangovar holatga kirganga o‘xshardi.
– Qayoqqa keldik? – so‘radi Mariya.
– Keldik, – javob qildi ayol.
Avtobus tosh yotqizilgan hovliga kirdi. Bahaybat daraxtlar bilan o‘ralgan katta mudhish bino eski monastirga o‘xshab ketardi. Xira ko‘cha chirog‘i yoritayotgan ayollar qomati harbiylarnikidek xotin bog‘cha opaday oddiy buyruqlar berib, ularni avtobusdan tushishga majbur qilmaguncha qimir etmadilar. Ayollarning barchasi ancha yoshga borib qolgan bo‘lib, g‘ira-shira hovlida shunchalik ehtiyotkorona borishardiki, Mariya ularni go‘yo tushida ko‘rayotgandek bo‘ldi. Eng oxirida tushgan Mariya ular rohibalar bo‘lsa kerak, deb o‘yladi. Lekin avtobus eshigi oldida kutayotgan formali xotinlar namiqmasliklari uchun ayollarning boshiga odeyal tashlab, safga tizib, bir og‘iz ham gapirmasdan, bir maromda qarsak urgan holda haydab ketishganida, hatto nima deb o‘ylashini ham bilmay qoldi. Mariya qo‘shni ayol bilan xayrlashdi, unga odeyalni qaytib bermoqchi bo‘ldi, lekin u hovlidan o‘tarkan, boshini yopib olishi kerakligini, so‘ngra odeyalni qorovulxonaga topshirishni aytdi.
– U yerda telefon bormi? – so‘radi Mariya.
– Albatta, – javob berdi ayol. – Qaerda ekanini sizga ko‘rsatishadi.
U Mariyadan yana bitta sigareta so‘radi. Mariya namiqqan qutidagi sigaretalarning hammasini unga berdi. “Yo‘lda qurib qoladi”, dedi u. Ayol avtobus pillapoyasida turgancha qo‘l silkib xayrlasharkan, “Omadingizni bersin”, deb qichqirdi. Avtobus o‘rnidan qo‘zg‘aldi va bir zumda g‘oyib bo‘ldi.
Mariya kirish eshigi tomonga chopdi. Soqchi xotin qattiq qarsak urib, uni to‘xtatmoqchi bo‘ldi, lekin qat’iy ohangda baqirishga majbur bo‘ldi: “To‘xta, dedim!”. Mariya odeyal tagidan mo‘raladi va muzday nigohni hamda e’tirozga o‘rin qoldirmay safni ko‘rsatgan ko‘rsatkich barmoqni ko‘rdi. U bo‘ysundi. Dahlizda guruhdan ajralib, darvozabondan telefon qaerda ekanini so‘radi. Soqchilardan biri yelkasiga qoqib, safga qaytishga majbur qilarkan, shirinso‘zlik bilan dedi:
– U yoqda, go‘zal qiz, telefon u yoqda.
Mariya ayollarga ergashib, qorong‘i dahlizdan o‘tdi va kattakon umumiy yotoqqa kirdi. Bu yerda soqchilar odeyallarni tortib oldilar va ayollarni krovatlarga taqsimladilar. Mariyaga boshqalariga qaraganda odamshavanda ko‘ringan va mansabi kattaroq soqchi ayol ro‘yxatni xotinlarning ko‘kragiga tikilgan karton qog‘ozga yozilgan ismlari bilan solishtirib, yotoqni aylanib chiqdi. Mariyaga gal kelganida, uning ismi yozilmaganiga hayron bo‘ldi.
– Gap shundaki, men telefondan qo‘ng‘iroq qilish uchungina keldim, – dedi Mariya.
Shundan keyin u yo‘lda mashinasi buzilib qolganini shosha-pisha tushuntira boshladi. Ko‘zboyloqchi-illyuzionist eri uni Barselonada kutyapti, bu oqshom eri uch marta tomosha ko‘rsatadi, Mariya yetib borishga ulgurmaydi va tomoshalarga borolmasligi to‘g‘risida erini ogohlantirib qo‘ymoqchi. Hozir soat yetti bo‘lay deb qoldi. O‘n daqiqadan keyin eri uydan chiqib ketadi va xotini kechikkani uchun tomoshalarni bekor qilishidan cho‘chimoqda. Soqchi, aftidan, qizni diqqat bilan eshitayotganga o‘xshardi.
– Isming nima? – so‘radi u.
Mariya ismini aytdi va yengil tortdi ammo ro‘yxatni yana bir necha bor ko‘zdan kechirgan ayol uning ismini topmadi. Tashvishlanib, boshqa soqchi ayoldan nima gapligini so‘radi, u hech narsa demay, yelkasini uchirdi, xolos.
– Gap shundaki, men telefondan qo‘ng‘iroq qilish uchungina keluvdim, – dedi Mariya.
– Yaxshi, go‘zal qiz, – dedi kattasi uni krovat tomonga boshlar ekan. – Agar o‘zingni yaxshi tutsang, kimga xohlasang, shunga telefon qilishing mumkin. Lekin faqat bugun emas, ertaga.
U bu so‘zlarni shunchalik mehribonlik bilan aytdiki, ishonmaslikning iloji yo‘q edi.
Shundagina Mariya hamma gapni tushunib yetdi, xotinlarning avtobusdan nega bu qadar garangsirab chiqqanlarining sababini angladi. Ularning hammasi asabni tinchlantiradigan ukol qilishgani uchun shu qadar gangib qolgan, qalin devorlari yo‘nilgan toshlardan ko‘tarilgan, zinapoyalari qo‘rqinch¬li, zulmatga ko‘milgan bu saroy bo‘lsa – jinnixona. Dahshatga tushib, yotoqdan qochib chiqdi, lekin ayvongacha yetib borolmadi. Norg‘ul soqchi ayol, xuddi usta polvonlardek, uni ushlab oldi, mohirona usul ishlatib yerga yiqdi va polga bosdi. Mariya ko‘z qiri bilan unga qarab, dahshatdan murda bo‘lib qoldi.
– Xudo haqqi, – deya oldi, – senga marhum onam haqqi qasam ichib aytayki, men faqat telefondan qo‘ng‘iroq qilish uchun keldim.
Biroq, aql bovar qilmaydigan darajada kuchli bo‘lgani sababli Gerkulina deb atashadigan bu quturgan devni hech qanday tavallo bilan yumshatib bo‘lmasligini anglash uchun uning yuz-ko‘ziga nazar tashlashning o‘zi kifoya edi. Uni alohida hollar uchun yollashgandi, ikkita zohid ayol uning uchraganni o‘ldirishga o‘rgatilgan oq ayiqnikidek kattakon panjalari ostida bo‘g‘ilib, jon taslim qilgandi. Birinchi voqea baxtsiz hodisa deb topilgandi. Ikkinchi hodisa sabablari noma’lum qolgan, ammo keyingi gal sinchiklab tergov o‘tkazilishi xususida Gerkulinani qattiq ogohlantirishgan edi. Podasidan adashgan bu nomdor maxluq Ispaniyaning bir nechta jinnixonalarida qator shubhali baxtsiz tasodiflarga yo‘l qo‘ygani haqida mish-mishlar yurardi.
Birinchi kechasi Mariyani uxlatish uchun unga uyqu dori ukol qilishga to‘g‘ri keldi. Sigaret xumor qilgani uchun tong chog‘i uyg‘onib, o‘zini bilaklari va to‘piqlaridan krovatga bog‘liq holda ko‘rdi. Harchand baqirmasin, hech kim kelmadi. Ertalab, eri uni Barselonadan qidirib, izini ham topmagan vaqtda, o‘z najasiga bulg‘angan holda behush yotgan Mariyani lazaretga o‘tkazishlariga to‘g‘ri keldi.
Behush holatda qancha yotganini bilmaydi. Ammo endi butun olam huzur-halovat va mehrga ko‘milgan, krovatining tepasida bo‘lsa, ayiqday lapanglab yuradigan va tabassumi asab tinchlantiradigan doriday ta’sir qiladigan ulug‘vor qariya turardi. U ko‘zboylovchilardek mohirona ikkita qo‘l harakati bilan Mariyaga xush kayfiyat bag‘ishladi. Keksa vrach sanatoriy direktori edi.
Mariya u bilan salomlashmasdanoq, eng avvalo, sigareta so‘radi. Qariya unga tutashtirilgan sigareta berdi va deyarli to‘la bir quti sigareta sovg‘a qildi. Mariya ho‘ngrab yubordi.
– Ko‘p yaxshi, ko‘p yaxshi, yaxshilab yig‘lab olgin, – dedi vrach allalovchi ovozda. – Yig‘i – eng yaxshi doridir.
Mariya uyalib-netib o‘tirmay, hasrat to‘kishga kirishdi. Holbuki, hatto, tasodifiy jazmanlari bilan to‘shakdan keyin zerikish va nafrat lahzalari bostirib kelganida ham u bu daraja yozilib so‘zlashishga muvaffaq bo‘lolmagandi. Vrach unga quloq solarkan, panjasi bilan juvonning sochlarini taradi, yengil nafas olishi uchun yostig‘ini to‘g‘rilab qo‘ydi va Mariyaning shubhalarini shunday ustalik va nazokat bilan tarqatib yubordiki, bunday bo‘lishini u hech qachon orzu ham qilmagandi. Juvonning umrida birinchi bor mo‘‘jiza ro‘y bergan: erkak unga diqqat bilan quloq solayotgan, butun borlig‘i bilan tushunib yetgan, buning uchun mukofot – qiz bilan yotishni kutmayotgan edi. Juvon ichida borini roppa-rosa bir soat to‘kib soldi va oxirida eriga telefondan qo‘ng‘iroq qilishga ruxsat berishlarini iltimos qildi.
Vrach mansabiga yarasha o‘ziga munosib ulug‘vorlik bilan qaddini rostladi. “Hozircha mumkin emas, malikam, – dedi u Mariyaning yonoqlarini shu choqqacha qiz hech kimdan, hech qachon ko‘rmagan nazokat bilan silab qo‘yarkan. – Hamma narsaning o‘z vaqti-soati bor”. Ostonada o‘girilib, qizga ruhoniylarcha duo ishorati qildi va shu bilan abadiy gum bo‘ldi.
– Menga ishonaver, – dedi u chiqarkan.
O‘sha kuniyoq Mariyaning ismi kasalxona mijozlari ro‘yxatiga navbatdagi raqam ostida tirkaldi va shosha-pisha quyidagicha ilova qilindi: shaxsi noma’lum, nasl-nasabi aniqlanmagan. Hoshiyaga direktorning o‘z qo‘li bilan bunday xulosa bitilgandi: asov.
Mariya taxmin qilganidek, eri ularning Orta dahasidagi kamtarona kvartiralaridan yarim soat kechikib chiqdi va tomosha ko‘rsatishga jo‘nadi. Ularning salkam ikki yillik erkin va totuv ittifoqi mobaynida Mariya ilk bor o‘z vaqtida kelmagandi. Eri bunga shanba va yakshanbada tevarak-atrofda kuni bo‘yi quturib yog‘gan jala sababchi bo‘lgan, deb o‘yladi. Ketish chog‘ida Mariyaning o‘qishi uchun kechki tomoshalarining jadvalini yozib, eshikka qistirib ketdi.
Barcha bolalar kenguru qiyofasiga kirgan birinchi tomoshada o‘zining mashhur ko‘rinmas baliqlar fokusidan voz kechdi, chunki Mariyaning yordamisiz bu fokusni ko‘rsata olmasdi. Ikkinchi tomoshasi to‘qson uch yashar kampirning uyida bo‘lishi kerak edi. Kampir so‘nggi o‘ttiz yilda har bir tug‘ilgan kunini yangi ko‘zboyloqchi ishtirokida nishonlashni o‘ziga odat qilgandi. Mariya kechikkani uchun uning dili shu darajada xira bo‘lgandiki, hatto eng oddiy nayranglarni ham uddalay olmadi. Uchinchi tomosha Ramblas qahvaxonasida kundalik kechki dastur asosida o‘tkazildi. Sehrni shunchaki lo‘ttibozlik deb o‘ylagani uchun ko‘rayotganiga hech ishonmayotgan frantsuz turistlari oldida hech bir ilhomsiz ishladi. Har bir tomoshadan keyin uyiga qo‘ng‘iroq qilib, Mariyaning go‘shakni ko‘tarishini ishonib-ishonqiramay kutdi. Oxirgi qo‘ng‘iroqdan keyin u ichiga oralagan falokat tuyg‘usini bosa olmay qoldi.
Tomoshalar uchun maxsus jihozlangan mo‘‘jaz yuk mashinasida uyga qaytarkan, Paseo-de-Grasia ko‘chasida bahorda ko‘rkamlashib ketgan ajoyib palmalarga ko‘zi tushdi va Mariya bo‘lmasa bu shahar naqadar g‘arib bo‘lishi mumkinligi haqidagi fikrdan larzaga keldi. O‘zi yozib ketgan maktubchasi hanuz eshikka osig‘liq ekanini ko‘rib, oxirgi umidi ham yo‘qqa chiqdi.
Ta’bi shu daraja tirriq bo‘ldiki, mushukka ovqat berishni ham unutdi.
Faqat shu chog‘da, mana shu satrlarni yozayotib, men qo‘qqisdan uning haqiqiy ismini hech qachon bilmaganimni tushundim. Barselonada hammamiz uning artistlik laqabinigina bilardik xolos: Afsungar Saturno. Uning fe’li-xuyi g‘alati, odamovi bo‘lib, o‘zgalar bilan chiqisha olmasdi. Unga yetishmagan tavoze va mulozamat degan narsa Mariyada to‘lib-toshib yotardi. Ulkan jumboqlarga to‘la xaloyiq olamida Mariya uni yetaklab yurar va bu olamda xotinining taqdiridan tashvishlanib, yarim kechasi kimgadir qo‘ng‘iroq qilish hech qachon hech kimning xayoliga ham kelmasdi. Bir kuni, qachonlardir, Saturno Barselonaga keliboq tun yarmida kimgadir qo‘ng‘iroq qilgan va shundan buyon bu haqda eslashni ham xohlamay qo‘ygandi. Shunday bo‘lsa-da, u hoziroq Saragosaga qo‘ng‘iroq qilishga qaror qildi va uyqusiragan buvi, zarracha tashvishlanmay, Mariya tushdan keyin jo‘nab ketganini aytdi. Tongga yaqin Saturnoning ko‘zi ilindi va bor-yo‘g‘i bir soat uxlay oldi xolos. Yelimshak tush ko‘rdi: Mariya qonga bo‘yalgan, juldur kelin ko‘ylakda edi – u dahshatdan uyg‘onib ketdi va xotini uni endi abadiy yolg‘iz tashlab ketganiga amin bo‘ldi, usiz poyonsiz bu olam huvillab qolganday bo‘ldi.
Keyingi besh yil ichida xotini uni, o‘zini ham qo‘shib hisoblaganda, uch nafar erkak bilan uch bora tashlab ketgandi. Tanishganlaridan yarim yil o‘tgandan so‘ngra Ansures tumanidagi mo‘‘jazgina xizmat xonasida telbalarcha ishqlari avjiga chiqqan, baxt-saodatdan yorilib o‘lay deganlarida Mariya uni tashlab ketgan edi. Bir gal butun kechani tiyiqsiz ishq o‘yinlari bilan o‘tkazganlaridan keyin saharmardonda Mariya g‘oyib bo‘lib qoldi. U o‘zining barcha narsalarini, hatto, oldingi nikohidan qolgan uzugini ham bir maktub bilan tashlab ketgandi. Maktubda u bu tiyiqsiz sevgi to‘foniga ortiq dosh berolmasligini yozgandi. Saturno u oldingi erining yoniga qaytgan bo‘lsa kerak, degan xayolga bordi. Ular maktabdosh bo‘lib, Mariya voyaga yetmagani uchun yashirincha turmush qurishgan, lekin sevgidan xoli ikki yillik turmushdan keyin Mariya ketib qolgan edi. Yo‘q, Mariya sobiq erinikiga emas, ota-onasinikiga qaytgan ekan. Saturno nima qilib bo‘lsa ham qaytarib opkelish uchun uni izlab bordi. Hech qanday shart qo‘ymasdan, bajarishi mumkin bo‘lganidan ham kattaroq va’dalar berib, rosa yalindi. Biroq qattiq qarshilikka duch keldi. “Uzoq davom etadigan sevgi ham, qisqasi ham bo‘ladi, – dedi Mariya unga va shafqatsizlarcha xulosaladi: – Bunisi qisqa bo‘lib chiqdi”. U oyog‘ini tirab oldi va Saturno taslim bo‘ldi. Lekin deyarli bir yil muqaddam yetim qolgan kvartirasiga Barcha Avliyolar kuni erta tongda qaytib, sun’iy oq gullar bilan bezatilgan gulchambar taqqan va pokiza bokiralarning uzun hilpiroq shaffof ro‘molini o‘ragan Mariyani mehmonxonadagi karavotda uxlab yotgan holda ko‘rdi.
Mariya unga rostini aytdi. Yangi kuyov – deyarli osuda hayot kechirayotgan befarzand beva katolik cherkovida nikohdan o‘tib, uylanishga astoydil qaror qilgan, lekin kelinko‘ylak kiygan qizni mehrob oldida tashlab ketgandi. Qizning ota-onasi, shunga qaramay, to‘yni o‘tkazishga qaror qilishgan, u ham bu o‘yinga rozi bo‘lgan edi. Raqs tushdi, otarchilarga qo‘shilib, ashula aytdi, ko‘proq ichib qo‘ydi va kechikkan vijdon azobida o‘rtanib, yarim kechasi Saturnonikiga yo‘l oldi.
Saturno uyida yo‘q edi, ammo u dahlizdagi gultuvak ostiga qo‘yilgan kalitni topdi. Ular kalitni doimo o‘sha yerda qoldirguvchi edilar. Ayol bu gal hech qanday shartsiz taslim bo‘ldi. “Endi bu qancha davom etadi?” – so‘radi Saturno. Mariya Vinnisius di Moraysning so‘zlari bilan javob qaytardi: “Davom etgan sevgi – abadiydir”. Mana, oradan ikki yil o‘tgan bo‘lsa-da, sevgilari hanuz abadiyligicha qolayotgandi.
Mariyaning esi kirib qolganga o‘xshardi. Aktyorlik orzularidan kechib, ish borasida ham, ishq borasida ham o‘zini butunlay eriga bag‘ishladi. Yil oxirida ular afsungarlarning Perpinyandagi kongressiga borishdi, qaytishda Barselonaga kirishdi. Shahar ularga shunchalik yoqib qoldiki, mana, qariyb to‘qqiz oydan beri shu yerda istiqomat qilishyapti. Hammasi ko‘ngildagiday edi – tipik katalon dahasi Ortadan kvartira sotib olishdi. Uy sershovqin, qorovuli yo‘q, lekin xonalari beshta bolani ham sig‘dirsa bo‘ladigan darajada keng-mo‘l edi. Bundan katta baxt bo‘lishi mumkin emasdi. Baxt-saodat Mariya ijaraga mashina olib, qarindoshlarini ko‘rib kelgani Saragosaga ketgan o‘sha hafta oxiriga qadar davom etdi. Mariya dushanba kuni kechki soat yettida qaytib kelishga va’da bergandi. Payshanba o‘tib borayotgan bo‘lsa-da, undan darak yo‘q.
Keyingi haftaning dushanba kuni ijara avtomobillari sug‘urta kompaniyasidan qo‘ng‘iroq qilishdi va Mariyani so‘rashdi. “Hech narsadan xabarim yo‘q, – dedi Saturno. – Uni Saragosadan qidiringlar”. Shunday deb, go‘shakni qo‘yib qo‘ydi. Bir haftadan keyin uyiga politsiyachi kelib, mashinani Mariya qoldirgan joydan to‘qqiz yuz kilometr uzoqda, Kadis yaqinidagi kimsasiz yo‘lda ship-shiydam qilingan holda topishganini aytdi. Politsiyachi o‘g‘irlikning qandaydir tafsilotlarini Mariya bilish-bilmasligini so‘ramoqchi bo‘lib kelgandi. Saturno bu pallada mushukni ovqatlantirayotgandi, vaqtni behuda o‘tkazmasliklari, xotinining uydan qochib ketgani, uning kim bilan va qaerda ekanini bilmasligini piching qilmasdan aytish uchungina o‘girilib qaradi, xolos. Aytganlariga uning imoni komil edi. Politsiyachi o‘ng‘aysizlanib, uzr so‘radi. Shu bilan qidiruv to‘xtatildi.
Pasxa bayramini o‘tkazishga Kadakeshga borganlarida bo‘lgan voqeani eslaganida Saturnoni Mariya uni yana tashlab ketgani to‘g‘risidagi gumon bosdi. U yerga ularni Ros Regas yelkanli kemada sayr qilishga taklif qilgandi. Biz “Maritim”da, tirband va irkit barda, Franko davrining zavolli davriga xos “La gauche divine”da1 temir stol atrofidagi temir kursilarda o‘tirgan edik. Garchi stol atrofida olti kishi zo‘rg‘a sig‘ishi mumkin bo‘lsa-da, biz, o‘n ikki kishi joylashgandik. Ertalabdan buyon ikkinchi qutini chekib tugatarkan, Mariya gugurt qolmaganini sezib qoldi. Bilagiga romancha jez bilakuzuk taqqan ozg‘in, erkakcha jundor qo‘l stol ustidagi tiqilinch orasidan tutashtirishi uchun unga olov uzatdi. Kim ekaniga e’tibor ham bermagan juvon minnatdorchilik bildirdi, lekin Saturno yigitga diqqat qildi: yuzi murdanikidek qonsiz, beligacha tushgan uzun ko‘kimtir-qora sochini otning dumidek bog‘lab olgan mo‘ylovsiz bir qoqsuyak. Barning deraza oynalari bahor izg‘irini po‘rtanasiga zo‘rg‘a dosh berayotgan bo‘lsa-da, u dag‘al chitdan tikilgan yengil kostyum kiyib olgandi, oyoqlarida esa – dehqoncha boshmoq.
Kuzda uni Barseloneta dahasidagi mollyuska taomlari res¬toranchasida uchratishdi. U hanuz o‘sha soddagina kiyimida, lekin bu gal sochini otning dumiday emas, mayda o‘rib olgandi. Yigit ularning har ikkovi bilan eski do‘stlardek so‘rashdi, ammo Mariyani o‘pganini va xotini ham unga qanday javob qilganini ko‘rib, Saturno o‘tgan vaqt mobaynida ular pinhona uchrashib yurishgan bo‘lishsa kerak, degan gumonga bordi. Bir necha kundan so‘ng uydagi telefon daftarida Mariya tomonidan yozilgan yangi raqamni ko‘rib qoldi va to‘satdan uyg‘ongan shafqatsiz rashk bu kimning telefoni ekanini shipshidi. Yo‘q, yerdan paydo bo‘lgan do‘st haqida to‘plangan ma’lumotlar uni butunlay adoi tamom qildi: yoshi yigirma ikkida, o‘zi boy odamlarning yagona farzandi, hashamatli do‘konlar vitrinasini bezovchi rassom, xotinbozligi bilan tuturiqsiz shuhrat qozongan va erli xonimlarga tasalli berishga ustasi farang deb nom chiqargan bir kimsa. Biroq, Saturno o‘zini qo‘lga oldi va Mariya Saragosadan uyga qaytmagan kungacha chidadi. Shundan keyingina u o‘sha raqamga oldiniga – har ikki yoki uch soatdan keyin, ertalabki soat oltidan keyingi tonggacha, so‘ngra – telefonni ko‘rgan zahoti to‘xtovsiz qo‘ng‘iroq qila boshladi. Hech kim javob bermas va bundan u yanada battar azoblanar edi.
To‘rtinchi kuni uy tozalashga kelgan andalus ayol telefonga javob berdi. “Senorito ketdilar”, deb javob berdi u mujmal qilib. Bundan Saturnoning fig‘oni falakka chiqdi. U “Tasodifan senorita Mariya o‘sha yerda yo‘qmilar?”, deb so‘rashdan o‘zini tiya olmadi.
– Bu yerda hech qanaqa Mariya-pariya degani yashamaydi, – javob berdi ayol. – Senorito so‘qqaboshlar.
– Bundan xabarim bor, – dedi u. – Yashamasa yashamas, lekin o‘qtin-o‘qtin kelib turadi, shunday emasmi?
Ayolning qoni qaynab ketdi:
– Senga nima, aljigan it?
Saturno go‘shakni qo‘ydi. Andalus ayol bilan bo‘lgan suhbat gumonini qat’iy ishonchga aylantirdi. U o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoldi. Keyingi kunlari u Barselonadagi barcha tanishlariga – alfavit bo‘yicha – qo‘ng‘iroq qila boshladi. Hech kim hech qanday xabar aytolmas, lekin u har bir qo‘ng‘iroqdan keyin o‘zini yanada baxtsizroq his qilar, bo‘lmag‘ur rashki “La gauche divine”da tong ottiradigan barcha ashaddiy mijozlar o‘rtasida hazil-mazaxga sabab bo‘lgan, unga hazil bilan javob qaytarishar, u bo‘lsa, jizg‘anak bo‘lar edi. Faqat shundagina Saturno bu go‘zal, buqalamun va bag‘ritosh shaharda naqadar yolg‘iz ekanini tushundi. Bu yerda, aftidan, u hech qachon baxtli bo‘lolmasdi. Erta tongda mushukni ovqatlantirib bo‘lgach, o‘lib qolmaslik uchun yuragiga tosh bog‘ladi va Mariyani unutishga qat’iy qaror qildi.
Ikki oy o‘tgan bo‘lsa-da, Mariya sanatoriy hayotiga ko‘nikolmadi. Tarashlangan uzun stolga zanjir bilan bog‘lab qo‘yilgan pichoq va sanchqi yordamida turma ovqatini azbaroyi yashash uchun cho‘qilardi. Ovqatlanarkan, bu mudhish o‘rta asr oshxonasida go‘yo raislik qilayotgan general Fransisko Frankoning portretiga tikilib o‘tirardi. Avvaliga monastirning mutaassibona ertalabki, kechki va shu kabi diniy ibodatlardan iborat ahmoqona kun tartibiga qarshi turib ko‘rdi. Monastirda asosiy vaqt shu ibodatlarga sarf qilinardi. Hovlida to‘p o‘ynashdan, ustaxonada ishlashdan – sun’iy gullar yasashdan bosh tortdi. Ba’zi zohid ayollar bu mashg‘ulotni o‘larday yaxshi ko‘rardilar. Uch hafta o‘tganidan keyin Mariya asta-sekin monastir hayotiga ko‘nikdi. Hammasi joyida, deyishardi vrachlar, boshida barcha sarkashlik qiladi, so‘ngra ertami, kechmi, boshqalarga qo‘shiladi.
Dastlabki kunlari Mariya sigaretani tilla bahosida sotadigan soqchi xotindan olib yurdi. Shundoq ham kamgina puli tugaganidan keyin sigaretasiz qolgani turgan-bitgani azob bo‘ldi. Ancha vaqtgacha u zohid ayollar kir o‘radan olgan sigareta qoldiqlaridan gazeta qog‘oziga o‘rab yasaydigan papirosni chekib, ovunib yurdi. Bora-bora chekish istagi telefondan qo‘ng‘iroq qilishga o‘xshash miyadan ketmaydigan xira fikrga aylandi. Biroz vaqt o‘tgach, sun’iy gul yasab, arzimagan chaqa ishlab topadigan bo‘ldi, bu chaqalarga oladigan sigaretalari sal bo‘lsa-da, o‘tkinchi xumorni yozishga yarardi.
Tun pallasi yolg‘iz qolish – hammasidan yomoni edi. Zohid ayollarning ko‘pchiligi unga o‘xshab qorong‘ida bedor yotishar, qimir etishga yuraklari betlamas edi: zanjirband, osma qulf urilgan eshik yonidagi tungi soqchi uxlamay kuzatib o‘tirardi. Shunday bo‘lsa-da, og‘ir o‘ylardan qiynalgan Mariya bir tunda yonidagi ayol eshitadigan darajada baland ovozda so‘radi:
– Biz qaerdamiz?
– Jahannamning tubida.
– Bu yerni mavrlar yurti deyishadi, – Uzoqroqdan yangragan ovoz butun yotoqqa eshitildi. – Bu gap to‘g‘ri bo‘lsa kerak, chunki yozda, oydin kechalari dengiz bo‘yidagi itlar oyga qarab uligani eshitiladi.
Eshik halqasidagi zanjir xuddi kema langari singari qattiq shaldiradi va eshik ochildi. Birdan cho‘kkan sukunat ichida yagona tirik maxluqqa o‘xshagan qopong‘ich it – soqchi ayol yotoqning u yog‘idan bu yog‘iga kezib kela boshladi. Mariya dahshatdan qotib qoldi. Chunki soqchining qanday niyatda kelganini faqat u bilardi.
Kasalxonaga yotqizilganidan keyin bir hafta o‘tmasdanoq kechki soqchi xotin Mariyaga shama-pama qilib o‘tirmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qorovulxonada u bilan yotishni taklif qildi. Oldiniga amaliy taklifdan boshladi: sevgi evaziga – sigareta, shokolad, xullas, nima kerak bo‘lsa, shu. “Hamma narsang bo‘ladi, – dedi u hirsdan titrab-qaqshab. – Xuddi malikalarday yashaysan”. Soqchi rad javobini olgach, usulni o‘zgartirdi. Xotin Mariyaga ishqiy maktublar yozib, yostig‘ining tagiga, xalatining cho‘ntagiga solib qo‘yadigan, hech kutilmagan joylarda qoldiradigan bo‘ldi. Yurakni ezadigan o‘tinchlarga to‘la maktublar toshni ham eritishi mumkin edi. Bir oy bo‘ldiki, u mag‘lubiyatini tan olganday tuyulgandi, endi bo‘lsa, mana, tunda yana izg‘ib keldi.
Boshqa zohidalar uxlayotganiga ishonch hosil qilgach, soqchi ayol Mariyaning tepasiga keldi va qulog‘iga erkalovchi ohangda har xil uyat gaplarni so‘zlashga kirishdi, yonoqlaridan, dahshatdan taranglashgan bo‘ynidan, toshday qotgan qo‘llari, oriqlagan oyoqlaridan o‘pa boshladi. Nihoyat, balki, Mariya qo‘rquvdan emas, lazzatdan qotib qolgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylab yanada olg‘a bosishga qaror qildi. Shunda Mariya uni qo‘li bilan shunchalik qattiq itarib yubordiki, xotin qo‘shni krovatga yiqildi. Uyg‘onib ketgan zohidalar sarosimaga tushishdi, quturgan soqchi sakrab turdi.
– Senmi, qanjiq, – deb bo‘kirdi u, – hali ko‘rasan, bu cho‘chqaxonada chiriysan, hali oyog‘imdan o‘pasan.
Iyunning birinchi yakshanbasida qo‘qqisdan jazirama yoz boshlandi va oshig‘ich choralar ko‘rishga to‘g‘ri keldi: issiqdan dami qaytgan zohidalar ibodat vaqtida egnidagi yung matodan tikilgan keng, uzun chakmonlarni yechib, uloqtira boshladilar. Mariya bu tomoshadan zavqlandi: soqchi xotinlar, go‘yo quvlashmachoq o‘ynayotgandek, qip-yalang‘och mahbuslarni butun ibodatxona bo‘ylab quva boshladi. To‘s-to‘palonda bexosdan zarba yeyishdan qochib, Mariya nimadir bo‘lib, kimsasiz xizmat xonasiga kirib qoldi. Telefon tinimsiz ayanchli jiringlayotgandi. Mariya g‘ayriixtiyoriy ravishda go‘shakni ko‘tardi va uzoqdan shodon ovoz eshitdi – kimdir telefon orqali beriladigan vaqt xizmatiga taqlid qilib, ko‘ngilxushlik qilayotgandi:
– Hozir soat qirq beshdan to‘qson ikki daqiqa-u bir yuz yetti soniya o‘tdi.
– Eshshak, – dedi Mariya.
Xursand bo‘lib, go‘shakni qo‘ydi. Eshikka yaqinlashganida bosh¬qa takrorlanmaydigan imkoniyatni boy berayotganini to‘satdan angladi. Shunda shu daraja qizg‘inlik bilan shosha-pisha oltita raqamni terdiki, hatto o‘z telefon raqamini to‘g‘ri terganiga ham ishonchi komil emasdi. Kutdi, yuragi qinidan chiqquday bo‘lib urardi. Tanish g‘amgin gudok eshitildi. Bir, ikki, uch gudok va nihoyat – xojasi bo‘lgan, usiz uydagi erkakning tovushi yangradi:
– Eshitaman?
Ko‘z yoshlari potirlab, tomog‘iga bir narsa tiqilganday bo‘ldi. Nafasini rostlaguncha biroz kutishga to‘g‘ri keldi.
– Qo‘zichoq, hayotim, – dedi u entikib.
Ko‘z yoshlari shashqator bo‘ldi. Simning u tomonida xatarli sukunat muallaq bo‘ldi, so‘ngra rashkdan bo‘g‘riqqan sas yangradi:
– Fohisha!
Go‘shakni uloqtirishdi.
Kechqurun Mariya g‘azab tutqanog‘i tutib, generallissimusning oshxona devoriga osig‘liq portretini yulib oldi, bor kuchi bilan derazaga otdi va qonga belangancha polga yiqildi. Shunday bo‘lishiga qaramay, soqchi xotinlarning hujumini daf qilishga kuchi yetdi. Soqchilar harchand urinmasinlar, uni tinchlantirishni eplay olmadilar. Ostonada qo‘llarini ko‘kragida chalishtirib olgan va ko‘zini lo‘q qilgan Gerkulinaga ko‘zi tushmaguncha olishaverdi. Mariya taslim bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, uni asovlarga mo‘ljallangan xonaga olib borishdi, shlang¬dan sovuq suv urib tinchlantirishdi, soniga ukol urishdi. Ukoldan Mariyaning oyoqlari shunchalik shishib ketdiki, yurolmay qoldi. Shunda u bu do‘zaxdan qutulish uchun hamma narsaga tayyor ekanini angladi. Keyingi haftasi umumiy yotoqqa qaytganida, oyoq uchida yurib, kechki soqchining darchasini taqillatdi.
Mariya ish bahosi va shartlarini aytdi, oldiniga ish bajarilishi: eriga maktub eltib berilishi lozim edi. Soqchi xotin rozi bo‘ldi, lekin bu gaplar mutlaqo sir saqlanishi lozimligi to‘g‘risida ogohlantirdi. Barmog‘ini Mariyaga nuqib qat’iy dedi:
– Agar sir ochilsa, sen o‘lasan.
Shunday qilib, Afsungar Saturno keyingi shanba kuni jinnixonaga yetib keldi. Uning yuk mashinasi Mariyaning tantanali qaytib kelishiga atab yasatilgan edi. Direktorning shaxsan o‘zi xuddi harbiy kemalardagidek top-toza va sarishta kabinetida uni qabul qildi va marhamat ko‘rgazib, xotini haqida so‘zlab berdi. Mariya qanday qilib, qaerdan kasalxonaga tushganini hech kim bilmaydi, u haqdagi ayrim ma’lumotlarni bo‘lsa, Mariya bilan suhbatdan keyin shaxsan o‘zi yozdirgan. O‘sha kuni boshlangan tekshiruv hech qanday natija bermadi. Direktorni hammasidan ham Saturno xotini qaerda ekanini qanday bilgani qiziqtirayotgandi. Saturno soqchini sotmadi.
– Ijara avtomobillari sug‘urtasi kompaniyasidagilar xabar qilishdi, – dedi Saturno.
Direktor qoniqib, bosh silkib qo‘ydi.
– Bu sug‘urta kompaniyalari hamma narsani bilib oladilar, buni qanday qilishlarini tushunish qiyin, – dedi u. Bo‘m-bo‘sh stolda yotgan kasallik tarixini yana bir bor ko‘zdan kechirdi va xulosa chiqardi: – Bir narsa aniq: uning ahvoli og‘ir.
Zarur ehtiyot choralariga rioya qilgan taqdirda ko‘rishishlariga ruxsat berishga tayyor edi. Afsungar Saturno rafiqasining baxt-saodati yo‘lida direktor nima desa shuni qilishi kerak edi. Mariya bilan favqulodda muloyim gaplashish darkor, aks holda quturish tutqanog‘i tutib qolishi mumkin. Alalxusus, keyingi vaqtlarda Mariyani tez-tez tutqanoq tutadigan bo‘lgan va bu borgan sari xatarli tus olib bormoqda.
– o‘alati, – dedi Saturno, – u hamisha kuchli hissiyot egasi bo‘lsa-da, o‘zini tutadigan ayol edi.
Vrach ko‘p narsa biladigan odamga xos ishora bilan uni to‘xtatdi.
– Ko‘pincha kasallik uzoq yillar davomida pinhon yetiladi, ajoyib kunlarning birida portlash shaklida yuzaga chiqadi, – dedi u. – Nima bo‘lgandayam, uning omadi bor ekanki, bu yerga tushdi, chunki biz qattiqqo‘llik ko‘rsatish talab qilingan hollarda hoziru nozir mutaxassislarmiz.
So‘z nihoyasida u telefondan qo‘ng‘iroq qilish to‘g‘risida, Mariyaning kallasiga o‘rnashib qolgan g‘alati fikr borasida ogohlantirdi.
– Unga gap qaytarmang, – dedi u.
– Xotirjam bo‘ling, doktor, – dedi Saturno jilmayib. – Bu – mening kasbim.
Uchrashuv zali turma yoki istig‘for keltiriladigan xonaga o‘xshash bir joy bo‘lib, oldinlari, monastirda qabulxona vazifasini bajargandi. Saturnoning paydo bo‘lishi tufayli har ikkovi quvonchdan yorilay demadi. Holbuki, ikkovi ham shuni kutgan bo‘lishlari mumkin edi. Mariya zal o‘rtasidagi ikkita stuli bo‘lgan stol yonida guldon ushlab turardi – u kasalxonadan chiqishga hozirlangani ko‘rinib turardi. Egnida ko‘rimsiz qizil ko‘ylak, oyog‘ida kimdir unga rahmi kelib bergan tasqara kir boshmoq. Qo‘llarini ko‘kragida chalishtirgan Gerkulina burchakdagi pana joyda turardi. Kirib kelayotgan erini ko‘rib, Mariya o‘rnidan qimirlamadi, deraza oynasi kesib yuborgan, yaralar bitmagan yuzida hech qanday o‘zgarish sodir bo‘lmadi. Ular astagina o‘pishdilar.
– O‘zingni qanday his qilyapsan? – so‘radi eri.
– Nihoyat kelganingdan baxtiyorman, qo‘zichog‘im, – dedi Mariya. – Bu yerda ajalning komida edim.
O‘tiradigan joy yo‘q edi. Mariya yig‘idan xo‘rsina-xo‘rsina unga monastirdagi dahshatli hayot, soqchi xotinlarning shaf¬qatsizligi, it ham yemaydigan ovqat, dahshatdan titrab mijja qoqmay ottiriladigan tonglar haqida so‘zlab berdi.
– Bu yerda necha kun, necha oy yoki necha yil o‘tirganimni bilmayman, lekin shuni aniq bilamanki, hammasi bir-biridan yomon bo‘ldi, – dedi u va entikib, chuqur nafas oldi. – Endi asti o‘zimga kelolmasam kerak.
– Endi hammasi o‘tib ketdi, – dedi Saturno barmoqlarining uchi bilan uning yuzidagi bitmagan yara izlarini ohista silarkan. – Har shanba kuni seni ko‘rgani kelib turaman. Agar direktor ruxsat bersa, bundan ham tez-tez kelaman. Mana ko‘rasan, hammasi yaxshi bo‘lib ketadi.
Mariya dahshatdan olaygan ko‘zlari bilan unga baqrayib qoldi. Saturno davralarda sinalgan usulini ishga soldi. Bolalarni laqillatadigan ohangda doktorning shirin taxminini aytib berdi.
– Xullas, gapning po‘stkallasini aytganda, – dedi oxirida, – to‘la sog‘ayib ketishing uchun bor-yo‘g‘i bir necha kun qolgan xolos.
Mariya gap nimadaligini tushundi.
– Xudo haqqi, qo‘zichoq! – gangib hayqirdi u. – Sen ham go‘yo aqldan ozganimga ishonganingni ayta ko‘rma!
– Qanaqasiga bunday deb o‘ylashing mumkin?! – dedi u jilmayishga urinib. – Sen bu yerda yana biroz vaqt qolsang, hammaga yaxshi bo‘ladi-da. Albatta, yaxshiroq sharoitda.
– Axir, men senga aytdim-ku, telefondan qo‘ng‘iroq qilish uchungina bu yerga kelgandim deb! – dedi Mariya.
Bu dahshatli xira fikrga qanday javob berishini bilolmadi. Gerkulinaga qaradi. U fursatdan foydalanib, soatni ko‘rsatdi: uchrashuv vaqti o‘tib bo‘lgandi. Mariya erining nigohini sezib qoldi, o‘girilib, jangovarcha shay turgan Gerkulinani ko‘rdi. Birdaniga erining bo‘yniga yopishdi va endi haqiqiy jinnilardek baqira boshladi. Saturno bisotida bor mehribonlik bilan uni o‘zidan ayirdi va yonlariga uchib kelgan Gerkulinaga qoldirdi. Gerkulina Mariyaning o‘ziga kelishiga yo‘l qo‘ymasdan, chap qo‘li bilan uning qo‘llarini buradi, o‘ng qo‘li bilan bo‘ynidan qayirdi va Saturnoga qichqirdi:
– Keting!
Shunga qaramay, boshdan kechirgan qo‘rquvdan so‘ng o‘ziga kelgan Saturno mushuk bilan keyingi shanba kuni yana kasalxonada paydo bo‘ldi. Mushuk unga monand kiyintirilgandi: buyuk Leotar tomoshalarda kiyib chiqadigan qizil-sariq triko kos¬tyumda, boshida tsilindrsimon shlyapa, egnida parvoz uchun tikilganga o‘xshash bari keng-mo‘l plash. U monastir hovlisiga bezatilgan yuk mashinasida kirib keldi va uch soat mobaynida ajoyib tomosha ko‘rsatdi. Mahbuslar xursand bo‘lishdi, ayvondan tomosha qilib, tomoq yirtib bilganicha qichqirishdi, o‘rni bo‘lmagan hollarda qarsak urishdi. Tomoshaga Mariya¬dan boshqa barcha keldi. U eri bilan uchrashishdan bosh tortibgina qolmadi, hatto ayvondan ham qaramadi. Saturno o‘zini o‘ladigan darajada yaralashganday his qildi.
– Odatiy hol, – deya uni yupatdi direktor. – Bu o‘tib ketadi.
Lekin o‘tib ketmadi. Mariya bilan uchrashishga ko‘p bora urinib, uddasidan chiqolmagan Saturno mumkin bo‘lmagan ishni qildi – xotiniga maktub kirgizdi. Lekin bu behuda bo‘ldi. Mariya to‘rt marta uning xatini ochmasdan qaytardi, bir og‘iz gap aytmadi. Saturno chekindi, lekin kasalxona qabul bo‘limiga sigareta keltirishda davom etdi. Sigaretalar Mariyaga yetib boryaptimi, yo‘qmi, buni bilmasdi. Nihoyat, taqdirga tan berdi.
U haqda boshqa eshitishmadi. Ma’lum bo‘lgani shu ediki, Saturno boshqatdan uylanib, yurtiga ketib qolgan. Barselonadan ketish oldidan ochlikdan eti ustixoniga yopishgan mushukni tasodifan tanishgan ayolga qoldirdi. Buning ustiga bu ayol Mariyaga sigareta olib borib berishni ham o‘z ustiga oldi. Biroq ko‘p o‘tmay u ham g‘oyib bo‘ldi. Rosa Regas uni o‘n ikki yil oldin bir kuni “Korte-Ingles” do‘koni oldida uchratganini eslagandi. O‘shanda u boshi taqir qirilgan, qandaydir sharqona mazhabdagilar kiyadigan to‘q sariq jubbada bo‘lib, haddan tashqari katta qorin qo‘ygan ekan. Bu ayol Rosa Regasga qachon yo‘li tushsa, o‘shanda Mariyaga sigareta olib borganini va boshqa kutilmagan oshig‘ich masalalarni hal qilishda yordam qilganini aytib bergan. Nihoyat, ajoyib kunlarning birida kasalxona o‘rnida vayrona paydo bo‘lganini ko‘rguncha shunday qilgan. Vayrona o‘sha uqubatli kunlardan yoqimsiz xotiraga o‘xsharkan.
Oxirgi marta ko‘rganida Mariya unga es-hushi kirib qolganday, biroz semirgan va monastirdagi turmushidan mamnunday tuyulgan. O‘shanda ayol jonivorni boqish uchun Saturno tashlab ketgan pullar allaqachon tugagani uchun mushukni ham Mariyaga eltib bergan ekan.
Ruschadan Boboxon Muhammad Sharif tarjimasi
“Kitob dunyosi” gazetasidan olindi.
___________
1 Aynan: ilohiy so‘llik (fransuzcha).