Agar Tangrim meni lattali qo‘g‘irchoq tarzida ko‘rib bir lahzagina men haqimda unutganda va menga ozgina hayot tiriklik onlarini tuhfa etganda edi, ayni paytda tilga olayotganlarim haqida ko‘proq xayol surgan bo‘lardim. Narsalarning qancha turishiga qarab emas, ma’no-mazmuniga qarab baholardim. Kamroq uxlagan, ko‘proq orzu qilib, yumuq ko‘zlarimda dunyoni kashf etardim. Yumuq ko‘zlar bilan kechayotgan har bir daqiqa – olamning boy berilayotgan oltmish soniyasidir. Kimlardir oyoqlarini yurishdan tiyganda men to‘xtovsiz qadam urgan, boshqalar uxlaganda uyg‘ongan, o‘zgalar gapirganda jim turib quloq solgan bo‘lardim. Va shokoladli muzqaymoqdan huzurlanib tamaddi qilardim.!
Agar Parvardigor menga bir ozgina hayot tuhfa etganida edi, odmi kiyingan, jismimnigina emas, ko‘nglimni ham to‘q qilib, ilk quyosh nurlari bilan birga o‘rnimdan turardim.
Yo Parvardigorim, agar mening yana jindakkina vaqtim bo‘lganida edi, nafratimni muzga kishanlab, quyoshning jamoli yuz ko‘rsatishini intiqib kutardim. Van Gog kabi yulduzlar soyasida rasm chizgan, Benedetti she’rlarini o‘qib orzu qilgan, Serra kuylari mening oyli Serenadamga aylanardi. Atirgullarning gulbarg¬laridagi alvon o‘pichlar va tikanaklardan tortayotgan og‘riqlarini terib olish uchun ko‘z yoshlarim bilan ularni cho‘miltirib qo‘yardim.
Biru borim mening, men yana ozgina, bir ozgina yashashim mumkin bo‘lganda edi... Men sevgan insonlarimga ularni sevishimni aytishni kanda qilmagan bo‘lardim. Har bir erkak va har bir ayolni ularni sevishimga ishontirar, muhabbatning ichida muhabbat bilan nafas olardim. Odam qarigan sari sevishdan to‘xtaydi, degan fikrlar naqadar noto‘g‘ri ekanligini isbot qilardim: aksincha ular sevishdan to‘xtaganlari bois qariydilar! Go‘dakka qanot sovg‘a qilib, uni o‘zim parvoz qilishga o‘rgatardim. Qariyalarga esa o‘lim qarilik oqibatida emas, beparvolik sabab qadam ranjida qilishini aytardim. Axir juda ko‘p narsalarni men sizlardan o‘rgandim, ODAMLAR. Angladimki, haqiqiy baxt bizni pastda kutayotganligini payqasak ham har birimiz tog‘ning qoq cho‘qqisida yashashga intilamiz.
Shuni tushundimki, qachonki, yangi tug‘ilgan chaqaloq otasining barmoqlarini o‘zining ushoqqina qo‘lchalari bilan ushlab olar ekan, bu butun bir umrga yetadi. Yana shuni tushundimki, har bir inson kimningdir oyoqqa turishi uchun boshqa bir cho‘qqidan pastga qarashga haqli. Axir men sizlardan juda ko‘p narsalarni o‘rgandim. To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, bulardan naf jindakkina, negaki ularni sandiqqa liq to‘latib, men ketib boryapman...
Ruschadan Go‘zal Begim tarjimasi