Qiziq, boshdan o‘tgan voqealar vaqt o‘tishi bilan odamning xayolidan ham ko‘tarilib ketarkan! Hatto minglab turfa kechinmalarga guvoh bo‘lgan butun boshli yillar ham asta-sekin unutilib ketishi mumkin ekan. Bolalarning maktab tomon borishayotganini ko‘rib turib, o‘zimning o‘quvchilik davrimni bir eslab qo‘yish xayolimga ham kelmaydi. Bordi-yu, gimnaziya talabalariga ko‘zim tushgudek bo‘lsa, o‘zimam bir vaqtlar shularga o‘xshagan talaba bo‘lganimni eslayolmayman ham.
Mashinasozlarning o‘z ustaxonalariga yoki bo‘lmasam havoyi, beburd ishboshilarning o‘z idoralariga erinibgina kirib ketishayotganini ko‘rib turaman-u, o‘zimning ham bir zamonlar ana shunday yo‘llardan yurganim, egnimga havorang korjoma ilib, ishlaganim yoxud tirsaklari yaltirab ketgan kitel kiyib, kotiblik qilganimni paqqos unutib qo‘yaman.
Yoki kitob do‘konida Drezdendagi Person nashriyotida chop etilgan o‘n sakkiz yoshlilarning qalamiga mansub g‘alati va o‘ziga xos mo‘‘jazgina she’riy to‘plamlarni ko‘zdan kechirarkanman, o‘zim ham bir vaqtlar shunga o‘xshash she’rlar yozib, xuddi o‘sha noshirning qarmog‘iga ilinganman-ku, deya birrov o‘ylab ko‘rish xayolimga ham kelmaydi.
Ha, qachonlardir sayr qilib yurgan chog‘im yoki poezdda biron yoqqa borayotgan paytim yoxud uyqusiz tunda hayotning allaqachon unut bo‘lgan birbutun parchasi o‘zining barcha mayda-chuyda, ikir-chikir tafsilotlari bilan, ism va joy nomlari, shovqin-suron hamda o‘ziga xos hid-bo‘ylari-la go‘yoki jihozlar bilan bezatilgan sahna surati yanglig‘ “yarq” etib ko‘z oldimda namoyon bo‘lmagunga qadar.
O‘tgan tunda xuddi shunday bo‘ldi. O‘z boshimdan o‘tgan bir voqea, garchi u o‘shanda aniq-tiniq yodimda qolgan va men buni hech qachon unutmayman, deb o‘ylagan bo‘lsam ham, o‘tgan yillar mobaynida butunlay xotirimdan faromush bo‘lgan edi, naq ko‘z o‘ngimda qaytadan jonlansa deng… Xuddi kitob yoki qalamtaroshing bexosdan yo‘qolib qoladi-yu, avvaliga uning iziniyam topolmaganing, so‘ng uni butunlay unutib ham yuborishing, keyin kunlardan bir kun kutilmaganda g‘aladondagi eski-tuski lash-lushlar orasida “lop” etib oldingdan chiqib qolgani kabi.
Men o‘shanda o‘n sakkiz yoshda edim, o‘qishim tugab qolayozgan, mashinalar ta’mirlanadigan chilangarlik ustaxonasida amaliyot o‘tardim. Tanlagan soham bo‘yicha uzoqqa borolmasligimni sezganim uchunmi, o‘z kasbimni o‘zgartirishga qat’iy ahd qilgan edim. Buni otamga yotig‘i bilan tushuntirish uchun qulay fursat topilgunga qadar, korxonada qolib ishlay boshladim. Biroq ketishi ma’lum bo‘lgan, to‘rt tomoni qibla odamga o‘xshab, goh xud, goh bexud, ishni qo‘l uchida bajarardim.
Ustaxonamizda bir ko‘ngilli shogird bola ham ishlardi. Uning birdan-bir zo‘r “fazilati” – qo‘shni shaharchada yashaydigan boy bir xonim bilan qarindoshligi edi. Fabrikantning yosh bevasi bo‘lgan bu xonim kichikroq villa (chorbog‘)da istiqomat qilar, uning hashamatli ulovi hamda salt oti bo‘lib, o‘ziga bino qo‘ygan va g‘alati tabiatli edi, chunki u ezma, sergap, g‘iybatchi xotinlar davrasiga qo‘shilmas, buning o‘rniga ot minar, baliq ovlar, lolalar yetishtirar va hovlisida senbernar (yungi uzun katta it)larni saqlardi. Xonim haqida turli gap-so‘zlar yurar, ayniqsa, uning Shtutgart va Myunxen tomonlarga tez-tez borib turishi, u yerlarda davralarning “guli” ekanligi ma’lum bo‘lgach, odamlar endi uning nomini hasad va alam bilan tilga ola boshlagandilar.
Ne ajabki, xonim o‘zining jiyani yoki amakivachchasi yo xolavachchasi bo‘lmish yigitchani qora tortibmi, ishxonamizga uch marta kelib, bu yerdagi asbob-uskuna va mashinalarni tomosha qilib ketgan edi. To‘ladan kelgan, barvasta bo‘yli, tashqi ko‘rinishi g‘oyat go‘zal bu ayol har gal kelganda kaminada katta taassurot qoldirardi, negaki, yasan-tusan, pardoz-andozlari har doim joyida, buyam yetmagandek, dud, is bosgan xonalarimiz bo‘ylab ohista qadam tashlarkan, har narsaga o‘ta qiziquvchanlik bilan boqib, g‘alati-g‘alati savollar berar, shunda uning oq-sariq yuzi nihoyatda so‘limlashib, qiliqlari bo‘sh-bayov qizlarni yodga solardi. Bizlar esa, egnimizda moy tekkan ishkiyim, yuz-ko‘z va qo‘llarimiz qora yog‘, bamisoli naq malikaning o‘zi tashrif buyurganday, nima qilarimizni bilmay, serrayib tek qarab turaverardik. Qolaversa, bu narsa bizning sotsial-demokratik qarashlarimizgayam to‘g‘ri kelmasdi, bunga o‘zimiz ham har gal iqror bo‘lar edik.
Shunday kunlarning birida shogird yigitcha tushki tanaffus payti oldimga kelib:
— Yakshanba kuni xolamnikiga mehmonga bormaysizmi? Shaxsan o‘zlari taklif qildilar, — deb qoldi.
— Taklif qildi deysanmi? – hayron bo‘lib so‘radim men. – Hoy bola, menga bunaqangi bo‘lmag‘ur hazil qilmagin, xo‘pmi, yo‘qsa, burningni yerga ishqab, adabingini berib qo‘yaman-a.
Yo‘q, u hazillashmagan edi. Haqiqatan ham xonim kaminani yakshanba kuni kechqurunga mehmonga taklif etibdi. Soat o‘ndagi poezd bilan bemalol qaytib kelsak bo‘larkan, basharti uzoqroq qolib ketadigan bo‘lsak, beka bizga ulovini berib turishga ham bajonidil rozi ekan.
Dabdabali ulov egasi, bir xizmatkor, ikki nafar oqsoch, ko‘chir (izvoshchi) bilan bog‘bonning xo‘jayini bo‘lmish bundayin xonim bilan tanishib, bordi-keldi qilish kaminaning o‘sha paytdagi dunyoqarashiga ko‘ra, g‘irt ablahlik bo‘lur edi, biroq bu narsa qiziq ustida taklifga rozilik berib yuborganimdan so‘nggina esimga keldi, buning ustiga, ko‘chalik, ya’ni biror joyga borganda yoki bayramlarda kiyadigan sariq rangli kostyumimni mehmonga kiyib borsam, yarashadimi-yo‘qmi, deb o‘ylanib ham qoldim.
Shanbaga qadar kunlarni shu tariqa zo‘r, kuchli hayajon ham quvonch bilan yelib-yugurib o‘tkazdim. So‘ng meni birdaniga qo‘rquv chulg‘ab oldi. Men u yerda nima deyman, o‘zimni qanday tutishim, xonim bilan qanday gaplashishim lozim? Faxr-iftixorim bo‘lgan kostyumimga bundoq razm solib qarasam, hammayog‘i g‘ijim, dog‘-dug‘ bosgan, yoqalarim esa to‘zib, yag‘iri chiqib yotibdi. Bundan tashqari, shlyapam ham eski, kiyilaverib titilib ketgan edi. Asosiy, maqtangudek bor bisotim – bir juft uchi o‘tkir qo‘njsiz botinkam, och qizil tusli, yarim ipak bo‘yinbog‘ bilan chetlari nikellangan pensne – esa bularning o‘rnini bosolmasligi kunday ravshan edi.
Yakshanba kuni kechki payt ikkovlon Zetlingenga qarab piyoda yo‘lga tushdik, kamina hayajon va xijolatdan bir ahvolda edim. Nihoyat, villaga yetib keldik. Oldida chet el qarag‘aylari va sarv daraxtlari o‘sib yotgan panjara to‘siq ortidan eshitilgan itlarning hurishi darvoza qo‘ng‘irog‘ining ovozi bilan qo‘shilib ketdi. Xizmatkor bir so‘z demay, bizni ichkariga kiritdi, uning xushlamaygina qilgan muomalasi yetmaganday, ulkan senbernarlar ham yeb qo‘ygudek bo‘lib, tinmay irillardi. Beixtiyor qo‘rqa-pisa qo‘llarimga qaradim, ularni bir necha oydirki, tozalab yuvishga ham hafsala qilmagan, faqat shu bugun, bundan atigi yarim soat oldin suyuq sovun bilan kerosinda apil-tapil chayib olgandim, xolos.
Egniga oddiygina, och havorang yozlik ko‘ylak kiyib olgan beka bizlarni xos mehmonxonasida qarshi oldi. U ikkalamiz bilan qo‘l berib so‘rasharkan, o‘tirishga taklif qildi va kechki ovqat ham hademay tayyor bo‘lib qoladi, dedi.
— Nima, siz uzoqni ko‘rolmaysizmi? – so‘rab qoldi xonim mendan.
— Ha, bir oz.
— Bilasizmi, ko‘zoynagingiz sirayam yarashmabdi.
Men pensnemni yechib, cho‘ntagimga solib qo‘ydim, qovoqlarim o‘z-o‘zidan
osilib ketdi.
— Sotsi hammisiz? – savol berishda davom etdi xonadon bekasi.
— Sotsial-demokrat, demoqchimisiz? Ha, shunday.
— Nega endi?
— E’tiqodim sababli.
— Eha, shundaymi. Lekin bo‘yinbog‘ingiz ajoyib ekan… Xo‘sh, endi ovqatlanamiz. Qorinlaring ham rosa ochiqqandir?
Qo‘shni xonada uch kishiga mo‘ljallab dasturxon tuzab qo‘yilgan edi. Uch xil qadahlarni istisno qilganda, stol ustida kaminani hayron qoldiradigan deyarli hech nima yo‘q edi. Kallasho‘rva, lahm mol go‘shtidan qilingan qovurdoq, sabzavot, salat va pirog, bularni men hech xijolat bo‘lmasdan, bemalol tanovul qila olar edim. Vinoni esa uy bekasining o‘zlari quyib, uzata boshladi. Tamaddi paytida u faqat jiyani bilan so‘zlashdi, men esa, mazali taomlarni yeb, may ichgach, kayfiyatim ko‘tarilgan, endi o‘zimni xuddi uydagidek erkin his qilib, bamaylixotir o‘tirardim.
Ovqatdan so‘ng, may ichilgan qadahlar yana mehmonxonaga olib kelindi. Kaminaga ajoyib sigarani qizg‘ish-tillarang sham shu’lasida yondirib uzatishgach, xotirjamlik o‘rnini yoqimli xushkayfiyat egallab, og‘zim lang ochilib qoldi, angrayib xonimga asta razm sola boshladim, u shunaqangi suluv va go‘zal ediki, g‘ururlanib ketganimdan shu damda o‘zimni naq jannatga tushib qolgandek his etardim, bundayin tuyg‘u haqida esa ilk bor ishqiy hikoya va romanlardan o‘qib, serzavq xira tasavvur hosil qilgandim.
Xonim bilan suhbatimiz qizib ketdi, men uning sotsial demokratiya va qizil bo‘yinbog‘ haqidagi mulohazalarini eslatib, hazillashishga ham jur’at qildim.
- Siz butunlay haqsiz, — dedi u menga mayin jilmayib. – E’tiqodingiz o‘zingizga buyursin, ammo bilasizmi, bo‘yinbog‘ni undoq emas, qarang, mana bundoq bog‘lashingizni maslahat bergan bo‘lardim.
Xonim shunday deb, o‘rnidan turdi va men tomonga engashib, ikkala qo‘li bilan bo‘yinbog‘imning u yoq-bu yog‘ini to‘g‘rilashga tushdi. Bir mahal uning ikki barmog‘i ko‘ylagim orasidan asta sirg‘alib o‘tib, ko‘ksimni siypayotganini sezib, qo‘rqib ketdim. Yuragim gupillab uraboshladi, dahshatga tushib, unga qaradim, u esa barmoqlarini ko‘kragimga yana bir bosdi-da, indamay ko‘zlarimga tikilib qoldi.
Obbo bekasi tushmagur-ey, o‘yladim ichimda, serzavq ayol ekan-ku.
U ortga tislanib, o‘zini bo‘yinbog‘ni tomosha qilayotganga soldi, aslida esa ikki ko‘zi menda, nigohi jiddiy va qat’iy, hatto bir necha bor bosh irg‘ab, nimagadir himo qildi.
— Menga qara, — dedi u so‘ng, qandaydir jurnalni varaqlab o‘tirgan jiyaniga yuzlanib, — yuqoriga chiqqin, muyushdagi xonada quticha bor, o‘shani olib tush, ha, bo‘laqol.
Yigitcha ketishi bilan beka ko‘zlarini baqraytirib men tomon asta yaqinlashdi.
— Eh, sen! – dedi u sekin va mayin ovoz bilan, – biram yoqimtoysanki…
So‘ngra u yuzini yuzimga yaqin opkeldi, shunda birdan lablarimiz beixtiyor otash bo‘lib, bir-biriga unsiz chippa qapishdi va … bu holat bir necha bor qayta takror bo‘ldi. Men uni, barvasta go‘zal xonimni o‘zimga tortib, mahkam quchdim, u esa, ko‘zlari yonib, yosh qizlar kabi yashnab ketdi, lablarini lablarimga bosib, menga o‘tli bo‘salar hadya qildi.
Jiyan qutichani olib tushgach, uchovlon o‘tirib, shokoladdan bas boylashib soqqa o‘ynashga kirishdik. Xonim ochilib, gapga tushib ketdi, men bo‘lsam, nafasim bo‘g‘ilib, miq etmay o‘tirar, u esa har soqqa tashlaganda menga tegajog‘lik qilib hazillashar, gohida stol ostidan qo‘lini uzatib, barmoqlarimni o‘ynar yoki tizzalarimni asta siypalab qo‘yardi.
Soat millari o‘nga yaqinlashgach, sherigim endi qaytamiz, deb qoldi. Shunda xonim menga ma’noli boqib:
— Siz ham ketmoqchimisiz? – deb so‘radi.
Kamina hali bunaqangi ishq savdosidan bexabar emasmanmi, nima deyishni ham bilmay, duduqlanib, asta o‘rnimdan turdim.
— Ha, mayli, nimayam derdim, — so‘z qotdi beka.
Biz eshik tomon yurdik, biroq hamrohim ostona hatlab ulgurmayoq, xonim qo‘limdan ushlab, meni o‘ziga tortarkan, mahkam quchoqlab oldi, so‘ng qulog‘imga sekin shivirladi:
— Esing bormi o‘zi, hoy, esingni yig‘!
Men anqov o‘shanda bu so‘zlarning ma’nosini ham tushunmabman.
Biz mezbon bilan xayrlashib, poezd bekati tomon yugurdik. Chiptalarni olgach, sherigim tezda vagonga chiqvoldi. Mening esa shu damda negadir yolg‘iz qolgim keldi. Endigina pillapoyaning birinchi pog‘onasiga chiqqandim, mashinistning hushtak chalgani eshitildi, shunda uzoq o‘ylab o‘tirmay, yerga sakradim va poezddan qolib ketdim. Chor-atrofga allaqachon zimiston tun o‘z chodirini yoygan, hech nimani ko‘rib bo‘lmasdi.
Ma’yus va parishon bir alpozda ortimga qaytib, uzun dala yo‘li bo‘ylab yugurgilab ketdim, chorboqqa yetgach, tanish panjara yonidan o‘g‘riga o‘xshab pusib o‘tdim. Aslzoda xonim meni sevib qolibdi! Ko‘z o‘ngimda birdaniga sehrli o‘lkalar namoyon bo‘ldi, shu choq cho‘ntagimga qo‘l solgandim, tasodifan o‘sha nikelli pensne ilinib qolsa, uni jahl ustida ko‘chadagi chuqurcha tomon otib yubordim.
Keyingi yakshanba kuni shogird yigitchani yana – bu gal tushlikka taklif etishdi, meni esa hech kim yo‘qlamadi. Xonim ham ustaxonamizga qaytib qadam bosmadi.
Yana chorak yil mobaynida yakshanba kunlari yoxud kech oqshom paytlari Zetlingen taraflarga tez-tez borib-kelib turdim, har gal borganimda o‘sha panjara to‘siq yonidan o‘tib, bog‘ atrofini aylanardim, senbernarlarning vovillashini hamda xorij daraxtlari uzra taralayotgan shamol qo‘shig‘ini tinglardim, nogoh xonalar ichra yoniq chiroq nurlariga ko‘zim tushsa: zora ko‘rib qolsa, axir meni sevadi-ku, deya umidvor bo‘lardim. Bir kuni uy ichkarisidan pianino musiqasining mayin va allalovchi ohanglari yangradi, uni tinglab turib, devorga suyangan ko‘yim yig‘lab yubordim.
Biroq shundan keyin darbon kaminani itlardan ortiq himoya qilmadi va uy ichiga ham boshqa olib kirmadi, xonimning qo‘llari barmoqlarimni ortiq siypamadi, lablari esa menga boshqa bo‘sa hadya qilmadi. Bularning bari faqat tushdagina, ha, tushimda bir necha bor qayta namoyon bo‘ldi, xolos. Kech kuzda esa, chilangarlik hunari bilan xayr-ma’zur qilib, egnimdan o‘sha ko‘kimtir korjomani bir umrga yechib tashladim va bu yerdan uzoq-uzoqlarga – boshqa bir shaharga jo‘nab ketdim.
Nemis tilidan Mirzaali Akbarov tarjimasi