OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hermann Hesse. Bo‘ri (hikoya)

Farangiston tog‘larida hali hech qachon bunday qahraton qish bo‘lmagan va bunchalik uzoq cho‘zilmagan edi. Bir necha haftadirki, havo ochiq, tiniq, quruq sovuq zabtiga olgan. Kunduzlari ochiq, tiniq moviy osmon ostida qor bosgan keng, qiya dalalar nursiz, oqish yiltirab, poyonsiz yastanib yotar, kechalari esa kichkinagina Oy yanada tiniqlashib, sariq yog‘du sochar, uning o‘tkir nurlari qirchillama qish sovug‘ida qor uzra xira akslanardi. Odamlar tepalik tugul, hatto ko‘chalarga ham chiqishmas, uylarga biqinib olishgan, tunda ko‘kimtir Oy nurida qishloq kulbalarining yoniq derazalari is bosgandek xira ko‘rinar va tezda o‘chib qolar edi.
Tevarak-atrofda yashovchi jonivorlar uchun ham og‘ir davr boshlangan edi. Maydaroqlari to‘p-to‘p bo‘lib muzlab qolar, qushlar ham qahraton qish sovug‘iga dosh berolmay halok bo‘lib, qirg‘iy va bo‘rilarga yem bo‘lardi. Biroq ayoz va ochlikdan barchaning sillasi qurigan edi. Bo‘rilarning ham juda ozginasi omon qolgan, kulfat ularni bir-biriga yanada jipslashtirgandi. Kunduzlari yemish topish ilinjida ular yakka-yakka izg‘ir edilar. Dam-badam qor uzra ozib-to‘zib ketgan, sharpa yanglig‘ unsiz pusib borayotgan och, biroq o‘ta hushyor bo‘ri ko‘zga chalinib qolardi. Qor bosgan dalada kaftdek soya unga ergashadi. 
Shamolda bir nimani sezdimi, o‘tkir tumshug‘ini cho‘zib, tinka- madori qurib, qisqa-qisqa uvlab qo‘yadi. Kechalari ular gala-gala bo‘lib ovga chiqar, bo‘g‘iq uvillab, qishloqlar atrofida izg‘irdi. U yerlarda mol va parrandalar og‘illarga mahkam berkitilgan, derazalarning darchalariga ov miltiqlari suyab qo‘yilgandi. Onda-sonda itmi, shunga o‘xshash mayda o‘ljani hisobga olmaganda ahvol tang, shundog‘am gala ichidan ikki bo‘ri otib o‘ldirilgan edi 
Sovuq hamon zabtiga olardi. Bo‘rilar issiqroq bo‘lishi uchun ko‘pincha yonma-yon yotar, huvillagan dalalarda unsiz, ma’yus termilib, qulay payt kelishini poylashardi. Shunda ulardan biri ochlik azobiga dosh berolmay, kutilmaganda vahimali uvlab yubordi. Unga boshqalari ham qo‘shildi, bir zumda chor-atrofni bo‘rilarning dahshatli uvillagan ovozlari tutib ketdi.
Nihoyat, galaning chog‘roqqina qismi yo‘lga otlanishga ahd qildi. Erta tongda uyalarini tark etib, bir yerga to‘plangan bo‘rilar sovuq havoni bezovta iskay boshladi. So‘ng chamasi baravar qo‘zg‘aldi. Ortda qolganlar oldindagilar ketidan ancha joygacha ergashib chopib bordi, so‘ng ikkilanib to‘xtab, ularga majolsiz qarab turgach, sekin in-iniga qaytdi. 
Yo‘lda borayotganlar qiyom payti bir-birlaridan ajraldilar. Uchtasi sharq tarafga – Shveysariyaning Yura tog‘lari tomon, qolganlari esa janubga qarab ketdi. Uchala bo‘ri kelishgan, kuchli biroq nihoyatda ozib-to‘zib ketgan edi. Oqimtir qorinlari kamardek tortilgan, qovurg‘alari ayanchli tarzda turtib chiqqan, halqumlari quruqshab, qo‘zlari ma’yus va tushkin boqardi.
Uchovlon Yuraga yetib borgandan so‘ng ikkinchi kuniyoq bitta qo‘y, uchinchi kuni esa it bilan qulunni o‘lja oldi, bundan darg‘azab bo‘lgan qishloq aholisi yirtqichlarni har tomondan ta’qib qila boshladi. Chor atrofdagi qishloqlar va shaharchalarda vahimali gap-so‘zlar tarqaldi. Pochta tashuvchi chanalar qurollantirildi, miltiqsiz hech kim ko‘chaga chiqmaydigan bo‘ldi. Uchala yirtqich begona joyda avvaliga biroz hayiqqan bo‘lishsa-da, shunday ajoyib o‘ljadan so‘ng o‘zlarini qo‘yib yuborishdi; ular endi har qachongidan ko‘ra taptortmas bo‘lib, qishloq hovlilaridan biridagi molxonaga kuppa-kunduzi hujum qildi. Tor og‘il bir zumda ari uyasidek to‘zidi, sigirlar ayanchli mo‘-mo‘lar, yog‘och qo‘ralar qarsillab sinar, ot tuyoqlari yerni titratib dupurlardi. Biroq bu gal odamlar yetib keldi. Bo‘rilarni kim o‘ldirsa, unga mukofot e’lon qilingan, bundan dehqonlar jasoratiga jasorat qo‘shilgandi. Ular shu zahoti ikki bo‘rini tinchitishdi, birining bo‘g‘ziga ov miltig‘idan otilgan o‘q tekkan bo‘lsa, boshqasini oybolta bilan bir yoqlik qilishdi. Uchinchisi chap berib qochib qoldi, joni halqumiga kelib, qor ustiga qulamagunga qadar orqa oldiga qaramay yugurdi. Bo‘rilar ichida u eng navqironi, eng kelishgani edi, shu bilan birga bu mag‘rur jonivor baquvvat, kuchli, epchil va chaqqon ham edi. U og‘ir-og‘ir nafas olib, uzoq yotdi. Ko‘z o‘ngida qonli qizil doiralar gir-gir aylanar, og‘riq azobidan ahyon-ahyonda to‘lg‘anib qo‘yardi. Yelkasi oybolta zarbidan jarohatlangan. Baribir bir oz tin olgach, u yana o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Shundagina u juda uzoq masofaga yugurib borganiga amin bo‘ldi. Atrofda na biron uy, na odam zoti ko‘rinardi. Ro‘parasida qalin qor bosgan tog‘ savlat to‘kib turardi. U Shasseral tog‘i edi. Tog‘ni aylanib o‘tishga ahd qildi. Tashnalik azobi ustun kelib, bo‘ri qorning muzlagan ustki qatlamidan bir parcha sindirib yedi. 
Tog‘ning narigi tomoniga o‘tgan ham ediki, u bir qishloqqa duch keldi. Kech kirib borardi. Bo‘ri qalin o‘sgan archazor ichiga kirib, nafasini rostladi. Qishloq molxonalarining ilimiliq hidi dimog‘iga urildi-yu, asta bog‘qo‘ralar ustidan oshib o‘tdi. Ko‘chada hech zog‘ yo‘q. Og‘zidan so‘lagi oqib, qo‘rqa-pisa o‘zini uylar orasiga urdi. Shu zahoti o‘q ovozi yangradi. U o‘zini tutib, endi yugurmoqchi bo‘lgan ham ediki, qarsillab ikkinchi o‘q uzildi. Oqish qornining quyi qismidan yirik qon tomchilari tirqiray boshladi. Bo‘ri bor kuchini to‘plab, hakkalay-hakkalay nihoyat, narigi tarafdagi tog‘ bag‘rida joylashgan o‘rmonzorga yetib bordi. U yerda bir zum tevarak-atrofga diqqat bilan quloq soldi, ikkala tarafdan ham odamlarning ovozlari va qadam tovushlari eshitildi. Qo‘rqa-pisa toqqa razm soldi. Tog‘ nishab, serdaraxt, unga chiqib borish ancha mushkul edi. Biroq boshqa yo‘l ham yo‘q edi. Bo‘ri nafasi bo‘g‘ziga tiqilib, qiya tog‘ bag‘riga qapishgancha asta yuqoriga o‘rmalab chiqa boshladi, pastda esa yaqinlashib kelayotgan olomonning g‘ala-g‘ovur ovozlari eshitilib, dam-badam fonuslar yaltillab qolardi. Yarador bo‘ri nimqorong‘u archazordan dir-dir qaltirab yurib borar, yarasidan jigarrang qon tizillab otilardi. 
Sovuq sal tashladi. G‘arb tomondan osmon g‘uborli edi – bu qor yog‘ishidan darak edi. Holdan toygan, tinka-madori qurigan bo‘ri nihoyat bir amallab tepalikka chiqib oldi. U endi Mont Crosin degan joy yaqinida, o‘zi arang qochib chiqib kelgan qishloq uzra cho‘zilgan qiya, qalin qor bilan qoplangan keng maydonda turardi. Ochlikni sezmas, biroq jarohati simillab og‘rib, qattiq azob berayotgandi. Osilib qolgan bo‘g‘zidan asta, bilinar-bilinmas nido keldi, yuragi og‘ir ura boshladi, muqarrar o‘lim zildek bosib kelayotgandek tuyuldi. Shunda bexosdan shoxlari tarvaqaylab o‘sgan yolg‘iz archaga ko‘zi tushdi; archa tagiga borib, g‘ira-shira tun qa’riga ma’yus tikilib qoldi. Oradan yarim soat vaqt o‘tdi. Kutilmaganda qor ustida g‘alati va mayin, xira qizil nur paydo bo‘ldi. Bo‘ri ingrab, joyidan qo‘zg‘aldi, yorug‘lik tomon intildi. Bu janubi-sharq tomondan katta va qip-qizil bo‘lib chiqqan, tungi osmon uzra tobora ko‘tarilib kelayotgan Oy nuri edi. Ancha vaqtdan beri u bu qadar qizarib, to‘lishmagandi. Asta-sekin jon taslim qilayotgan jonivor xira, tussiz Oy gardishiga ma’yuslanib boqarkan, zaif xirillagan ovozda uvillab qo‘ydi, ovoz sassiz tun qa’riga singib ketdi. 
Hademay qo‘llarida fonus ko‘targan odamlar yetib keldi. Qalin palto kiygan dehqonlar, boshlariga mo‘yna telpak, oyoqlariga issiq paypoqli etik kiygan ovchilar, yigit-yalanglar qorni bir-bir bosib, yaqinlashib kelishardi. Hamma shodon qiyqirib yubordi. Harom qotayotgan bo‘riga ko‘zlari to‘yib, unga ikki marta o‘q uzishdi, ikkala o‘q ham nishonga tegmadi. Keyin kelib ko‘rishsaki, o‘zi jon talvasasida yotibdi. Ular tayoq va so‘yillarini o‘ynatib, bo‘riga yopirilishdi. Bo‘ri buni ortiq sezmadi ham. 
Tilka-pora bo‘lgan bo‘ri jasadini Sankt Immer tomon sudrab olib ketishdi. Hammalari kulishar, bir-birlariga maqtanishar, aroq va qahva ichib, xursandchilik qilishar, ashula aytishar, so‘kinishardi. Qalin qor qoplagan go‘zallikni, baland yassi tog‘ yog‘dusini, ov miltiqlarining millari, billur qor zarralari hamda o‘ldirilgan bo‘rining so‘nik ko‘zlarini g‘ira-shira yoritib, Shasseral tog‘i uzra osilib turgan yorug‘ Oyni esa hech kim ko‘rmas edi. 

Olmon tilidan Mirzaali Akbarov tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.