Tasodif va atrofdagi butun o‘lkalarga yoyilgan hasad, g‘alamislik tuyg‘usi sabab Jilone va Buttiche voqeasi yuz berdiki, ular o‘n bir yildan buyon La Gazenadagi eski xo‘jalikni o‘zaro sheriklikda boshqarib kelishayotgandi. Begonalarni-ku qo‘yaturing, ota-bola yoki aka-ukalarning ham ijara yerga ustidagi bunday sherikchiligi hech vaqt bunchalik uzoq davom etmagan. Biroq shu o‘n bir yillik hamkorlik davomida bu ikkovlonning o‘rtasida na manfaat yuzasidan, na boshqa narsa vajidan zarracha nizo chiqqan emas.
Ikkovining ham bola-chaqasi ferma hovlisida, eski xo‘jayinlar zamonida mo‘l-ko‘l hosil berib turgan yerdagi hayhotday keng uylarda yonma-yon o‘sib-ulg‘aydi. Har ikki uyning ham tashqi derazasi yo‘q edi. Ichkariga faqat hovlidagi eshik orqaligina yorug‘lik tushar, hovlining o‘zi esa kattagina bo‘lib, o‘rtasida hovuzi bor toshyo‘ldan iborat edi. Uning chor tarafini quyoshda tovlanuvchi shisha siniqlaridan yasalgan qalin toj tasviri tushirilib bezalgan baland devor o‘rab olgandi. Hovli tepasidagi osmon gumbazining yorqin, olovday yal-yal yonguvchi zangori tusi ko‘zni olar darajadagi bu oppoq devor oldida xira tortib qolgandek tuyulardi. Garchi yerto‘ladagi qo‘ylar qo‘toni ko‘pdan beri bo‘shab qolgan, o‘txona ortidagi bostirma ostida esa sigir o‘rniga bor-yo‘g‘i ikki xachiru bir xo‘tik turgan bo‘lsa-da, bu yerlarda hali ham ko‘hna hamda boy xo‘jalikning ancha-muncha tovuq va kurkalar, axta xo‘rozu cho‘chqa bolalaridan to‘yingan havosi anqirdi.
Oftob qaqratgan yerlardan tevarak-atrofga bir necha yildan buyon yalanglikda sochilib, qurib yotgan talaygina ekin-tikinning eski hidlari pardek taralib, iliq go‘ng tafti, g‘allaning quruq badbo‘y isi-yu o‘txonadagi namiqqan kuyindi poxolning dimog‘ni yoruvchi bo‘yi bilan qorishib ketgandi… Uzoqdagi xirmon tomonlardan kelayotgan xo‘roz qichqirig‘i esa dala sukunatini buzib turar, unga hovlidagi xo‘rozlar ham oldinma-ketin yoki ba’zan birgalikda jo‘rovoz bo‘lib javob qaytarardi. Pashshalarning g‘uvillashi, xo‘rozlar xonishiyu daraxtlar shitir-shitiri bir zum ham tinmas, balki aksincha, maromi odamlar, turmush yumushlariyu qoramollar bilan o‘lchanguvchi odatdan tashqari, u qadar sokin kechmaydigan, omonat evrilishlarga qaramay, tabiat tarovatiga tarovat qo‘shardi.
Shu o‘n bir yil mobaynida yer ham tortgan mashaqqatlariga yarasha ikki sherikni hech bir istisnosiz taqdirlab keldi. Va hatto rafiqalari ham xuddi yer bilan hosildorlik borasida bellashgandek, ketma-ket farzand ko‘rishar, har ikki erning-da fikri-yodi o‘g‘illi bo‘lishda ediki, dala ishlari uchun ular aynan erkak kuchiga muhtojlik sezishardi. Har safar ko‘z yorish chog‘ida bunaqangi narsalarga ajratish uchun ortiqcha vaqti bo‘lmagan erlarini tashvishga qo‘ymaslik, bezovta qilmaslik uchun xotinlarning o‘zlari bir-biriga mehribonlik bilan yordam berishardiki, oxiri ikkalovining ham turmush o‘rtoqlariga tuhfa etgan farzandlari soni besh nafarga yetdi. Erlari esa tushlik qilgani yo bo‘lmasa kechlik ovqat yegani qaytib kelisharkan, o‘g‘il farzand ilinjida darhol “O‘g‘ilmi?” deb so‘rashardi. Ayollar bo‘lsa bunga javoban bir so‘z demay, bosh silkib qo‘ya qolishardi.
Bu ikki o‘rtoqdan Jilone degani odatda hech narsa demas, lozim topsa yer egasi yoki shaharlik savdogarlar bilan muloqot chog‘i ham muzokarani sherigining o‘ziga qo‘yib berardi. Xotirjam, og‘ir-bosiq, quyoshda qoraygan, sip-silliq kulcha yuz bu odam so‘l qulog‘i solinchagini ushlagan ko‘yi ularning gapini tinglagancha o‘ylanib turardi. So‘ng, lozim topsa, o‘zi ham ikki og‘izgina so‘z qotib qo‘yardi yo yo‘q. Sochlari potila, tinib-tinchimas Buttiche esa jonsarak, quvlik, ayyorlik aks etgan moviy ko‘zlaridan adoqsiz ravishda yog‘ilib turguvchi yoniq bir tabassum bilan, takallufu ko‘z qisishlar bilan o‘rtog‘idagi bu jiddiyatni yumshatishga urinar, ammo xo‘jayin yoki savdogar damduz bir odamning befarq, hissiz ko‘zlariga tikilgancha uning sherigi Buttiche bu tariqa xushomadomuz muomaladan nimani ko‘zlaganini tushunolmas, hatto ularning bundan andak g‘ashi ham kelardi.
Jilone misoli chuqur ildiz otgan, mustahkam bir daraxt edi. O‘z navbatida Buttiche shu daraxtning shoxlari bo‘ylab parillab uchib yurgan sayroqi qushga o‘xshardi. O‘sha qushning xonishiyu jonsarakligi daraxtga ma’qulmi yo yo‘q, buni tushunib bo‘lmas, agar birov Jilonedan “O‘zi bunga nima deysiz?” deb so‘rasa, bosh barmog‘ini solinchagiga, ko‘rsatkich barmog‘ini esa quloq suprasiga tekkizgan ko‘yi qulog‘iga ishora qilardiki, bu uning meni tinglashga chiqargan, gaplashish bo‘lsa o‘rtog‘imning ishi, degani edi.
Ularning o‘zaro ahil ekanligi siri hech qachon bir-biridan o‘zib ketishga urinmaslik borasida kelishilgan ahdnomada edi. Posyolkadagi boshqa yoshlarga o‘xshab Amerikaga ketib qolmasligi uchun otalari ularni harbiy xizmatdan qaytishgan zahotiyoq uylantirib qo‘ygan kunga qadar Montaperto ortidagi Gallottilarning olis tepaliklarida birga tug‘ilib o‘sgan bu yigitlar bir-biriga ashaddiy raqib edi. Egachi opa-singil bo‘lmish xotinlari bois yarashib olgan bu kishilar o‘rtasida bir-birlariga ziyon yetmasligi uchun oila qurgan daqiqalaridan e’tiboran eski raqobat o‘rnini shunchaki bir musobaqa egalladiki, shu sabab ular orasida o‘zaro yaqinlik paydo bo‘ldi. Har qanday qiyinchilikka hamisha tayyor turguvchi bu yigitlarning ikkalasi ham o‘z sherigiga madad berishga oshiqar, buning ajru mukofoti esa bir-biringga munosib ekanligingni tuyishdan kelib chiqquvchi mamnuniyat hissida edi.
Yaqinda Buttichening xotini oltinchi bolasiga boshqorong‘i bo‘lgan, endi kunlar bu yog‘iga tug‘ilajak chaqaloqni kutish-la o‘tayotgandi. Ikki oycha avval esa Jilone qiz ko‘rgandi. Kunlardan bir kun kechqurun hovlida ikkala ayol moy chiroq yorug‘ida o‘g‘illari sho‘rva ichib qoldirgan odmigina sopol kosalarni yig‘ishtirib olayotgan mahal shu Jilone birrov narigi ayolning do‘ppaygan qorniga shubha aralash o‘g‘rincha nazar tashladiki, ehtimol, aynan shu narsa ikki egiz qismat o‘rtasidagi muvozanatga daxl etgan bo‘lishi mumkin.
Nihoyat, bir kuni erta sahar hali ko‘kdan shafaq arimasdan ayolni to‘lg‘oq tutib qoldi. Shunda Buttiche ro‘paradagi eshikka qarab chopdi. Doya – oshnasining xotiniyam bunga tayyor turgan ekanmi, o‘sha zahoti yordamga oshiqdi. Ana shundan keyingina hali yulduzi o‘chmagan osmon ostida ikki og‘ayni yelkalariga chopqilarini qo‘ygancha odatdagiday sohil tomon yo‘lga tushib, ko‘zlangan manzilga ham yetib borishdi.
Oradan bir soat ham vaqt o‘tmagan ediki, Jilonega hovli tarafdan to‘ng‘ichining ovozi kelayotgandek tuyuldi. Sal narida ishlayotgan Buttiche ham bir zum to‘xtab, “Eshitdingmi, chaqirishyapti?”, deb so‘radi. Jilone bunga javoban “Eshitdim” dediyu qo‘llarini kuvacha qilgancha “He-he-he-hey” deya qichqirdi. Buttiche bo‘lsa qo‘lidagi ketmonini tashladiyu qiyalik bo‘ylab jon holatda yugura ketdi. Jilone ham uning ortidan choparkan, sherigiga arang yetishib borardi.
Ular hovliga qaytishganda kattagina ur-surning ustidan chiqishdi: Buttichelarning qiya yopiq eshigi ortida bolalar g‘ijim choyshabu dasturxon, yubkayu ko‘ylak aralash har turli latta-putta uyumini zo‘r berib tortib, yerda sudragancha uymalashib yurishardi. Bu narsalarni to‘zg‘igan sochlariyu qonga belangan, qaltiroq qo‘llari ko‘zga tashlanib turgan Jilonening xotini talvasa ichida yulqib-yirtib tashlagandi.
Bungacha bola tug‘ilgandi. O‘g‘il bola! Ammo ona ko‘p qon yo‘qotgan, yo‘qotganda ham dahshatli darajada ko‘p qon yo‘qotgandiki, endi uni saqlab qolishning deyarli imkoni yo‘q edi. Biron tabib topib kelish uchun darhol Favara qishlog‘iga qarab oyoqni qo‘lga olib yugurish kerak edi.
Buttiche aftodahol xotiniga boqarkan, mahzun qiyofadan ham ko‘ra ko‘proq tajang alpozda to‘xtab qoldi. Jilone uni tashqariga sudrab, qo‘lida dast ko‘targancha xachirga mindirib qo‘ydiyu o‘rtog‘ining qo‘liga jilovni tutqizarkan, vahshat-la “Jo‘na!” deya baqirdi. Bunga javoban Buttiche joyidan jilmay, bo‘zargan raftori-la “O‘zing borsang-chi?” deb so‘radi. Shunda Jilone “Bu nima deganing, xudo haqqi, keta qolsang-chi!” dedi va xachirni ikkala qo‘li bilan ushlab, shartta orqaga tortdi-da, o‘xshatib bir tepdi…
Uch soatdan keyin Buttiche bir tabibni ergashtirgan holda qaytib keldi. Hovliga qadam qo‘yar ekan, uni kuta-kuta tildan qolgan, g‘amdan cho‘kib ketgan o‘rtog‘iyu yangasining, bola-baqralarning o‘sha siyoqiga boqa turib masala hal bo‘lganini tushundi. Bu narsa uning ongu shuurida aynan shunday shaklda gavdalangan, u shu holni – o‘zining qaytish sahnasini oldindan aynan shunday tasavvur qilgandi. Buttiche xo‘rligu o‘kinch aralash achchiq bir g‘azabni tuyarkan, ko‘zlari telbalarcha chaqnadi. So‘ngra “Turqingizga bir qarang, nima jin urdi sizlarni!” dedi-da, xachirdan sakrab tushib, serraygancha uyi ostonasida to‘xtab qoldi. Karavotda esa rangi dokaday oqarib, tarashadek qotib qolgan xotini yotar, uning bu raftoridan vujudida bir tomchi ham qon qolmagan edi go‘yo. Ayol shunchalar cho‘zilib, shunchalar bo‘zarib ketgan ediki, bir boqishda eri uni hatto taniyolmadiyam. So‘ng Buttiche ostona hatlab, jasadga yaqin keldi-da, unga qarata istehzo aralash bir ohangda “Nima qilib qo‘yding-a?!” dedi. Xotiniyu shifokor bilan xonaga sassizgina kirgan Jilone hamdardlik izhori sifatida qo‘lini o‘rtog‘ining yelkasiga qo‘ygan edi, biroq vujudida hayvoniy bir titroq uyg‘ongan Buttiche talvasa ichida “Tegma menga!” deya bo‘kirdi-yu, siltangancha tashqariga otilib chiqdi.
Chiqqan zahoti ho‘ngir-ho‘ngir yig‘layotgan o‘g‘illari qurshoviga tushib qolgan ota egilgan ko‘yi ularni birrov bag‘riga bosdi-yu, tuyqus barini quchog‘idan siltab tashladi-da, “Bu yerda nima qilib o‘tiribsanlar, haliyam tirikmisanlar?” deya aljiradi. Ostonada turgan Jilone bo‘lsa oshnasini yupatarkan, shunday so‘z qotdi:
– Bularni o‘ylab tashvish tortma. Endi xotinimning olti emas, naq o‘n ikki bolasi bor. Kichkintoyingni ham u emizadi. Sengayam g‘amxo‘rlik qiladi.
Buttiche esa yana jujuqlari tomon egilarkan, pichoq tig‘i misol yalt etgan bir nigoh-la ularga boshdan to oyoq ko‘z yugurtirib chiqdi. Qismatning bu yanglig‘ haqsiz hukmi ostida qolgan ana shu lahzada Buttichega o‘rtog‘i go‘yo uni o‘z marhamati orqasida xo‘rlamoqchiday, ezib-toptamoqchiday tuyuldi. Shunda u marhuma bilan vidolashib ham o‘tirmay, bola-chaqasini tashlab, umuman, hammani tashlab, qishloq yoqalab pastga tomon o‘qdek otildi. U shu ketganicha o‘lar darajada yaralangan yirtqichga o‘xshab yiroq bir yerga, tseratoniya daraxti ortiga bekindi…
Oradan ikki kechayu ikki kunduz o‘tdi. Ikkinchi kun tun qorong‘isida o‘rtog‘ining uzoqdan, tepadan kelgan chaqirig‘i allamahalgacha eshitilib turdi. Keyin esa bu ovoz so‘qmoq yo‘llar bo‘ylab, daraxtlar oralab tobora yovuqlashib kelaverdi. U oshnasining qadamini ham, shuningdek, o‘zga qadam tovushlarini (Bolalarining odim tovushi bo‘lsa kerak!) ham eshitdi. Buttiche damini ichiga yutdi-yu, qadamlar sasiyu kishilar ovozi uzoqlasha borarkan, yashirinishga ortiq chog‘lanmadi. U daraxt yaproqlari orasidan ko‘k yuzida muallaq turgan oyni g‘ira-shira payqadi. Diliga dardi-dunyosini ostin-ustun qilar darajada sim-siyohlik tushgan ko‘yi shu topda oy ham o‘zi tomon boqib turganini ranj-alamu tahlika ichida tuydi.
Shunda u qo‘rg‘onga qaytishni o‘ylab qoldi. Albatta, bu paytga kelib ayolining jasadi chiqarilgan bo‘ladi. Oshnasi esa o‘z rafiqasi chaqaloqqa ko‘krak tutganiyu qolgan yetimchalarga qanday onalik qilayotganini Buttichega ko‘rsatish payida yuradi (Buni mehr-oqibat deydilar). So‘ng, har oqshom hovlida moy chiroq nuri ostida sho‘rva ichishgach, “Sog‘ bo‘l, o‘rtoq, biz uxlagani ketdik” degancha xotini va bus-butun oilasi bilan uyiga kirib ketadi. Buttiche bo‘lsa onadan ayrilgan bolalari qurshovida ko‘chada bir o‘zi, yolg‘iz o‘zi qolaveradi. E, yo‘q! Xudo haqqi, u eski raqibiga bunday huzur-halovatni aslo ravo ko‘rmaydi!
Kallai saharlab Buttiche uyga qaytib keldi-yu, o‘sha zahoti ich-ichiga botib ketgan yuzlari, murdanikidek ko‘kargan ko‘z kosasi, jinninamo ko‘zlari bir bo‘lib dag‘al bir alpozda o‘g‘illarini uyg‘otdi. Kattaroq bolalariga buyumlarni to‘plab, xachirga yuklashga yordamlashishni buyurdi.
Bu shovqinni eshitib, ro‘paradagi uydan chiqqan Jilone anchagacha qarab turdi-da, undan so‘radi
– Nima qilyapsan?
Shu paytda matolarni qalin tugun qilib bog‘layotgan Buttiche oyoqqa qalqdi. Sherigining yuziga ko‘zlarini tikkancha javob qaytardi:
– Men ketyapman.
– Qayoqqa ketmoqchisan? Nima, aqldan ozdingmi?
Buttiche indamay, yerga o‘tirdi-da, tugun tugishda davom etdi. Jilone esa gapirishdan to‘xtamasdi:
– Nima uchun, axir? Bilaman, qiynalib ketding, hech kim senga buni tilamasdi ham. Lekin, qolaversa,… sen va o‘g‘illaring bu yerda…
Buttiche qaytib o‘rnidan turdi va barmog‘ini labiga bosib dedi:
– Jim. Men ketishim kerak.
– Lekin nima sabab?
– Sababi yo‘q. Ketishim kerak, vassalom.
– Shu turish-a? Hisob-kitob qilmasdan-a?
– Buni-ku qilamiz. Hozir esa ketishim kerak.
Bor bisotini o‘ziga tegishli xachir va eshakka yuklagach, Buttiche sherigiga so‘z qotdi:
– Borib chaqaloqni olib kel.
O‘z navbatida Jilone qo‘llarini juft qilgancha dedi:
– Nahotki, shunchalar aqldan ozgan bo‘lsang? Bolangni xotinim emizyapti. Uning o‘lishini istaysanmi, nima balo?
– U baribir o‘ladi. Men bu yerdan ketishim kerak.
Ana shunda Jilone yugurib borib yaqindagina tug‘ilgan chaqaloqni olib keldi-da, yuzini ters burgan holda uni egasiga tutqazdi.
– Ushla. Endi esa qorangni o‘chir! Qaytib seni ko‘rishni xohlamayman!
– Sen-a? – dedi zaharxandalik bilan Buttiche. – He, o‘rgildim sendan!
U shunday dedi-yu jonivorlarni oldinga niqtadi hamda orqasidan beshov bolasini ergashtirgan ko‘yi kenjatoyini bag‘riga bosgancha yo‘lga tushdiki, bu vaqtda hali chaqaloqning to‘q qizil og‘izchasida bir tomchi sut yaltirar edi.
Italyan tilidan Rustam Ibrohimov tarjimasi
«Kitob dunyosi» gazetasidan olindi.