I
Kristoforo Golish gavdasining og‘irligidan bir oz bukilgan oyoqlarini kerib, ko‘cha o‘rtasida turardi; boshiga qiyshiq qo‘ndirgan shapka gardishi uni yumaloq golland pishlog‘iga o‘xshatib qo‘ygan edi. Golish qo‘lini silkib:
– Benyamino! – deb qichqirdi.
Baland bo‘yli, xipchadan kelgan, yoshi elliklar atrofidagi bir kishi shamolda tebranayotgan novdadek chayqalib qarshisidan kelmoqda edi. Rangpar yuzidagi katta-katta ko‘zlari atrofga olazarak boqardi. U uchiga rezina o‘rnatilgan hassaga tayangancha chap oyog‘ini sudrab kelmoqda edi.
– Benyamino!– qayta chaqirdi Golish. Negadir ovozi bu safar boshqacha chiqdi. U qadrdon do‘stini bu ahvolda ko‘raman, deb sira o‘ylamagandi.
Benyamino Lensi negadir tez-tez kiprik qoqar, lekin ko‘z qarashlari hamon o‘sha-o‘sha edi. Ko‘zlari bir zumda yoshga to‘ldi, lekin afti sira o‘zgarmadi. Mo‘ylovi ostidagi bir oz qiyshiq lablari qimirlab, nimadir demoqchi bo‘lardi-yu, biroq gapi qovushmay:
– Bu meni bol-adigan yo‘-lim,– deya duduqlandi.
– Barakalla,– dedi Golish, qarshisida go‘yo qadrdon do‘sti Benyamino Lensi emas, balki rahm-shafqatga muhtoj yosh bolakay turgandek. Uni sovuq ter bosdi.
Golish do‘stiga yaqinlashib, uning yurishiga mos ravishda qadam tashlamoqchi bo‘ldi. Afsuslar bo‘lsinki, bu jonsiz sudralayotgan oyoqni go‘yo qandaydir noma’lum kimsa yer qa’riga tortayotgandek edi! Yarimshol va badbashara, o‘lim nafasi kelib turgan bu kimsani ko‘rib, unga achinayotganini hamda sarosimaga tushganligini yashirish maqsadida Golish Benyaminodan Rimdan ketganidan beri shu vaqtgacha qayerda yurganligi-yu, qachon qaytib kelganligini so‘rab, savollarga ko‘mib tashladi.
Benyamino Lensi do‘stining savollariga g‘o‘ldirash bilan javob berdi. Golish esa bergan savollarini Lensi tushundimi, yo‘qmi, deb shubhalana boshladi. Kipriklarini tez-tez pirpiratib turishi, u azob chekayotgani va juda tang holatda ekanligini bildirib turardi. Bu hol chehrasida qotib qolgan g‘alati sarosimalikdan xalos etmoqchidek tuyulardi.Og‘ir xastalik Benyamino Lensida o‘chmas iz qoldirgandi. Uning ko‘zlarida hayrat va qo‘rquv muhrlanib qolgandi.
– Voy-voy-voy!– tishlarini g‘ijirlatib dedi Kristoforo Golish majruh do‘stiga achinib qarayotgan odamlarga g‘azab bilan boqarkan.
Uning g‘azabi tobora oshib, dili vayron bo‘lmoqda edi. Atrofdagilar ko‘chada yengil qadam tashlab borayaptilar. Qanday baxt. Oyoq-qo‘llari erkin harakatda, qanday yaxshi. Boshlarini u yoq-bu yoqqa burayaptilar. Tani sog‘liq – tuman boylik, deb shuni aytsalar kerak-da. Xo‘sh, o‘zining ko‘rinishi qanday! Baquvvat, muskuldor vujudidan kuch-quvvat yog‘ilib turibdi. Kristoforo Golish qo‘lini musht qildi. Jin ursin hammasini! Shu tobda kimningdir yelkasiga musht tushirgisi kelib qoldi. Qiziq, nima uchun musht tushirishi kerak? Buning sababini o‘zi ham bilmasdi. O‘tib ketayotganlar jig‘iga tegmoqda edi. Ayniqsa, Lensiga o‘girilib qarayotgan baquvvat yoshlar uni g‘azabini keltirmoqda. Golish cho‘ntagidan havo rang dastro‘molini olib, terga botgan yuzini artdi.
– Benyamino do‘stim, qayerga ketayapsan?
Lensi yurishdan taqqa to‘xtadi-da, sog‘lom qo‘li bilan ko‘cha chirog‘i ustuniga suyandi va uning notekis joylarini paypaslarkan:
– Shifo-kolga oyo-qimni mashq qiy-diygani,– deya qotib qolgan oyog‘ini ko‘tarmoqchi bo‘ldi.
– Mashq qildirgani deysanmi?– so‘radi Golish.– Oyog‘ingni mashq qildirayapsanmi?
– Ha, oyo-qimni,– javob qaytardi Lensi.
– Barakalla! – dedi Golish. Uning ko‘nglida nogiron oyoqqa jon ato etib, do‘stini bu azobdan qutqarish niyati paydo bo‘ldi.
Do‘stini bunday achinarli holatda ko‘rish Golish uchun juda og‘ir edi. Nahotki uning qarshisida turgan o‘sha yoshlik yillarida g‘aroyib sarguzashtlar ishqibozi bo‘lgan Benyamino Lensi bo‘lsa? Ikkovlari ham uylanmay bo‘ydoqliklaricha qolib ketdilar. Bo‘sh vaqtlarini maishatda va o‘yin-kulgi bilan o‘tkazishni yoqtirar edilar. Keyinchalik Benyaminoning hayotida o‘zgarish ro‘y berdi. U juda epchil chiqib qoldi. Gaplari burro, qat’iy edi. U paytlarda Benyamino deganlari ishga mukkasidan ketgan, umid bilan harakat qilardi. Kutilmaganda, shunday holatga tushib o‘tirsa-ya... Bu yog‘i qandoq bo‘ldi! Achinarli ahvolga-ya!
Golish do‘stidan ko‘p narsalar haqida so‘ramoqchi bo‘ldi, ammo buni o‘ziga ep ko‘rmadi. Undan so‘ramoqchi bo‘lgan qancha gaplari bor edi-ya.
– “Fyasketteriya Toskana” baridagi bahsimiz yodingdami?– eslatdi u do‘stiga.– Nadina esingdami? Bilasanmi, hozir ham men u bilan uchrashib turaman. Yodingdami, sen g‘ayirlik qilib uni mendan tortib olmoqchi bo‘lganding? O‘shanda Nadina seni juda yoqtirib qolgandi. Hali-hanuzgacha u seni eslaydi. Bugun kechqurun unikiga mehmondorchilikka o‘taman, seni uchratib qolganimni unga aytaman. Qara, sen ham meni tanimayotgandirsan, taniyotgan bo‘lsang ham xuddi tushda ko‘rayotgandekdirsan.
Golish jiqqa yoshga to‘lgan ko‘zlari bilan do‘stiga tikilar, Benyamino barmoqlari bilan tinmay o‘zi suyanib turgan chiroq ustunini paypaslardi.
Benyamino Lensi hozirda suyanib turgan chiroq ustunini yaxshi eslab qolgandi, chunki har kuni sayrga chiqqanida shu yerda bir oz dam olish uchun to‘xtardi. Atrofda hayot davom etmoqda, odamlar uning ahvoliga qarab achinar, qadam tashlashiga xavotirlanib qarashardi. Lensi esa hech narsani payqamay, o‘z xayoli bilan bo‘lib, shu tosh ko‘chadan sudralib o‘tardi. U bor kuchini to‘plab, avval ko‘cha chirog‘i ustuniga, so‘ng shahar bozoridagi bironta do‘konning ko‘rgazma oynasi oldigacha yetib olishga jon-jahdi bilan harakat qilardi. Bu yer esa ikkinchi marotaba to‘xtab dam oladigan manzili edi. Benyamino Lensi shu yerda uzoq vaqt turib, ko‘rgazmaga qo‘yilgan arg‘imchoqqa qizil bog‘ich bilan bog‘langan chinni maymunchani tomosha qilib turardi. Keyingi paytlarda ko‘chaning ichkarisidagi bog‘ devori oldida to‘xtab dam oladigan bo‘ldi. Aynan uni davolaydigan shifokor ham shu ko‘chada istiqomat qilardi.
Shifokorning hovlisi shinamgina, gultuvaklarga ekilgan anvoyi gullaru katta yog‘och qutilarga o‘tkazilgan yosh bambuq, apelsin daraxtlariga to‘la edi. Shu bilan birga turli xil mashq o‘tkaziladigan asbob-anjomlar ham mavjud edi. Bir burchakda esa mustahkam taxtachalarga qoqilgan halqachalarda aylana orqali o‘tkazilgan arqon ham osilib turardi.
Benyamino Lensi kasal oyog‘ini yog‘och pedal ustiga qo‘yib aylantira boshladi. Bu mashq har kuni yarim soat davom etardi. Oradan ikki-uch oy o‘tgach, ancha tetiklashib, sog‘ayib ketishiga o‘zida ham ishonch paydo bo‘lgan edi.
Bu manzarani bir oz kuzatib turgan Kristoforo Golish qo‘llarini siltagancha, katta-katta qadam tashlab, hovlidan shitob bilan chiqib ketdi.
Shu tobda Golishni shunday his-tuyg‘ular qamrab oldiki, go‘yo bu ahvolga Lensi emas, xuddi o‘zi tushib qolgandek tuyuldi.
Golish o‘rtog‘ining bunday nochor ahvoliga aslo toqat qilolmay qoldi. Ko‘zlari g‘azabdan chaqnardi. Aqldan ozgan odamdek qo‘llarini silkitib, tishini tishiga qo‘ygancha ko‘cha bo‘ylab o‘zi bilan o‘zi so‘zlashib borardi:
– Bu yog‘i qandoq bo‘ldi-a? Sening o‘rningda bo‘lganimda, o‘zimni xarob qildirib qo‘yarmidim? Odamlar mazax qilishlariga chidab yurarmidim? Boshqalar mazza qilib yursinlar-da, men kulgi-malomatga qolaymi? Yo‘q, bu kunimdan o‘lganim yaxshi. Kulgi bo‘lishni istamayman.
Shu oqshom, ertasi kuni va yana bir necha kun davomida uning miyasini faqat shu o‘y-xayollar qamrab oldi. Sodir bo‘lgan bu hol uni vasvasaga solib, na uyda, na ishda va na qahvaxonada tinchlik bermasdi. Tanish-bilishlarni ko‘rib qolgudek bo‘lsa:
– Benyamino Lensini ko‘rdingizmi? – deb so‘rardi. “Yo‘q” deb javob bergudek bo‘lishsa:– Bechora shol bo‘lib qolibdi! Qanday yashab yuribdi, hayronman. Shifokor bo‘lganimda bu holdan qutqararmidim... Bechora pedal aylantirib, oyog‘ini harakatga keltirayapti. Tuzalib ketarmikin? Bir ming sakkiz yuz oltmish oltinchi yilda – yoshlik yillarida men bilan yonma-yon turib urushgan va duelda qatnashgan o‘sha Benyamino Lensi-da. Jin ursin, biz o‘zimizni hech qachon ayagan emasmiz. Hayot shodu xurramliklarga to‘la bo‘lsagina qadrli bo‘larkan. Bo‘lmasa, uning qizig‘i yo‘q ekan. Men bu ahvolga chidayolmay o‘zimni bir baloga giriftor qilgan bo‘lardim.
Nihoyat, qahvaxonada o‘tirgan ulfatlar Golishning gapidan charchashdi.
– Men jonimga qasd qilgan bo‘lardim,– dedi Golish.
– Tezroq aytganingni amalga oshir, biz ham sovuq gaplaringdan qutulaylik,– deb hazillashishdi do‘stlari.
Kistoforo Golish ulfatlarining gapiga e’tiroz bildirib, qo‘llarini siltab:
– Yo‘q, agar shunday holat ro‘y bersa deyapman-da...– dedi.
II
Oradan bir oylar chamasi o‘tgach, Kristoforo Golish opasi va jiyani bilan bir dasturxonda kechki ovqatni tanovul qilayotgan paytlarida to‘satdan nafas ololmayotgandek ko‘zlari olayib, og‘zi qiyshaydi-qoldi. U stolga yuztuban yiqilib, taqsimcha ustiga boshini qo‘ydi.
Xuddi unga o‘lim sharpa solayotgandek edi. Bir zumda Golishning o‘ng taraf a’zolari ishlamay, gapdan qoldi.
Kristoforo Golish Italiyada tug‘ilgandi. Ota-onasi nemis edilar. Umrida Germaniyaga bormagandi. U sof rim shevasida so‘zlashardi. Do‘stlari uning Golish ismi sharifini allaqachonoq italyancha Golichchi deya o‘zgartirib yuborgan edilar. Ba’zilar esa, qorni qappayganligi, haddan ziyod ishtahasi zo‘rligi uchun unga Golachcha, deb laqab ham qo‘yib olgan edilar. U ba’zan xufiyona gaplari bo‘lsa opasi bilan nemis tilida so‘zlashardi, xolos.
Kristoforo Golish gapira oladigan bo‘lganidan so‘ng, u shifokorni hayratga solib qo‘ydi, italyan tilini mutlaqo unutib, faqat nemis tilida so‘zlasha boshladi.
Qizarib ketgan, qo‘rquv to‘la ko‘zlarini ochib, qiyshaygan og‘zi va yuzini chap tarafini harakatga keltirib, bo‘ysunmayotgan tili bilan bir nechta so‘z aytmoqchi bo‘ldi. So‘ng sog‘ qo‘li bilan boshini ushlab shifokorga nemis tilida shunday murojaat etdi:
– Siz... siz... mo‘ljalga olib musht tushirganday...– dedi.
Shifokor nemis tilini tushunmadi, ukasining gapidan esi chiqib ketgan opasi bu gaplarni tarjima qilishga majbur bo‘ldi.
Kristofor Golish to‘satdan nemisga aylandi-qoldi. Aniqroq qilib aytganda, u qaytadan nemis bo‘lib tug‘ildi. Xotirasidan barcha italyan so‘zlar chiqib ketgandi.
Shifokor bu holatni ilmiy asosda tushuntirmoqchi bo‘ldi, o‘z tashxisini qo‘yib, muolajalar buyurdi. Shifokor ketayotganda Golishning opasi uni bir chetga olib, bir necha kun avval shol bo‘lib qolgan eski qadrdoni bilan uchrashib qolganida, agar o‘zi ham shunday dardga chalingudek bo‘lsa, joniga qasd qilishga ont ichganligini aytib berdi.
– Bilasizmi, doktor, xuddi shu kasalga mubtalo bo‘lishini avvaldan sezgandek, faqat shu haqda gapirgani-gapirgan edi. U joniga qasd qilishi turgan gap. Men juda xavotirdaman.
Shifokor xayrixohlik bilan iljayib:
– Xavotir bo‘lmang, xonim, hech qo‘rqadigan joyi yo‘q. Ukangizga uning betobligi bor-yo‘g‘i ovqat hazm bo‘lmaganidan deb aytamiz, mana ko‘rasiz...
– Lekin doktor!
– U ishonadi, men bunga kafilman. Chunki kasali og‘ir emas, bir necha kundan so‘ng oyoq-qo‘llarini qimirlata boshlaydi. Vaqt o‘tgach, yurib ham ketadi. Asta-sekin yuradi. Kim bilsin, vaqt o‘tishi bilan u butkul ko‘rmagandek bo‘lib ketishi ham mumkin... Bu unga jiddiy ogohlantirish bo‘ldi. U hayot tarzini butunlay o‘zgartirishi va qat’iy tartibga bo‘ysunib yashashi lozim. Faqat shu yo‘l bilan kasal xuruji qaytalanishidan uzoq vaqt saqlanishi mumkin.
Opasi ko‘ziga qalqib chiqqan yoshlarini yashirish maqsadida, qo‘llari bilan ko‘zlarini yumib oldi. Shifokorning gaplariga ishonmasdan darhol xizmatkori va o‘g‘li bilan maslahatlashib, ukasining tortmada turadigan to‘pponchasini yashirib qo‘yish rejasini tuza boshlashdi. Maslahatga ko‘ra u xizmatkor bilan to‘shakni to‘g‘rilab qo‘yish bahonasida karavotning chetida turib olganlarida, tortmadan o‘g‘li to‘pponchani bildirmay olib chiqib ketadigan bo‘ldi. Faqat ehtiyotkor bo‘lishlari kerak. Shunday qildilar ham. Opasi o‘z ehtiyotkorligidan yengil tin oldi, chunki avvallari ukasining bunday kasallik haqidagi tushuntirishlariga uncha e’tibor ham bermagandi. Xuddi shifokor aytganidek, ukasiga kasalini oddiy oshqozon kasali deb tushuntirdilar.
– Ha... ha... bu oddiy oshqozon kasali...
Darhaqiqat, ukasi to‘rt kungacha oshqozonida qandaydir noxushlik ro‘y berayotganini sezdi.
– Me’da sustligi... ha...ha... shunday.
“Nahotki tanasining o‘ng tarafi shol bo‘lib qolganligini ukam sezmayotgan bo‘lsa?– deya xayol surardi opasi.– Nahotki u Lensining boshiga tushgan bu azoblardan so‘ng oddiy me’da sustligi shunday dahshatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligiga ishonishi mumkin bo‘lsa, a?”
U o‘z ixtiyori bilan navbatchilik qila boshlagan birinchi kundanoq go‘yo yosh bolaga o‘rgatgandek, unga mehr bilan unutilgan italyan so‘zlarini o‘rgata boshladi. Ukasidan esa nima uchun italyan tilida gapirmayotganini so‘radi.
Golish opasiga hayrat-la boqdi. U hozir nemis tilida so‘zlashayotganini ham payqamayotgandi; u dabdurustdan nemis tilida so‘zlasha boshladi, boshqa tilda so‘zlashish esa uning xayoliga ham kelmasdi. Golish opasi o‘rgatayotganday qilib, italyan so‘zlarini qaytarishga tushdi. Biroq u opasi o‘rgatayotgan italyan so‘zlarini nemis tilida talaffuz qilardi. Jiyani Jevannioni Chougato deb atay boshladi, tog‘am meni hazillashib shunday nom bilan atayapti, deya kulib qo‘yardi jiyani.
Oradan uch kun vaqt o‘tgach, “Fyasketteriya Toskana” qahvaxonasida Golishning boshiga tushgan kulfatdan xabardor bo‘lgan do‘stlari ko‘rgani keldilar. Italyan tilini yangidan o‘rganayotgan Golishni ko‘rib, ahvoliga achindilar. Golish esa o‘rganayotgan so‘zlarining ma’nosini fahmlamasdi ham.
Golish g‘alati ahvolga tushib qolgandi. Ma’lum bir daqiqada u abadiy davom etguvchi olamga sho‘ng‘igan-u, so‘ng u yerdan butunlay boshqa inson – qirq sakkiz yoshli ajnabiy go‘dak bo‘lib tug‘ilgandek edi.
Golish ishlamay qolgan qo‘lini ilk bor qimirlatganida shunday xursand bo‘lib ketganini ko‘rsangiz edi! Oyog‘i esa qimirlay demasdi. Lekin u oyog‘i ishlab ketishiga umid bog‘lardi. Kristoforo Golish oyog‘ini harakatga keltirishga jon-jahdi bilan harakat qilardi.
– Qalay?– so‘radi u do‘stlaridan.
– Yaxshi, yaqin kunlarda yurib ketasan,– dalda berishardi unga do‘stlari.
Golishning yashashdan umidi katta edi. Har ehtimolga qarshi do‘stlari hamshiradan bemorga e’tibor bilan qarab turishini iltimos qildilar.
– Bilasizmi, kutilmaganda har qanday voqea ro‘y berishi mumkin. Xotirasi ham tiklanishi turgan gap. Golish do‘sti kasal bo‘lganida noxush fikrni miyasiga o‘rnashtirib olgandi: xudo ko‘rsatmasin, xuruj yana qaytarilib qolsa bormi, unda har narsani kutish mumkin.
Hozirda Golish emas, balki do‘stlari noxush fikrlar girdobida edilar. Oradan yigirma kun o‘tgach, opasi va jiyani yetovida xona ichida bir necha qadam bosayotganidagi xursandchiligini ko‘rsangiz edi! Shu tobda undan baxtli odam yo‘q edi dunyoda! Go‘yo onadan qayta tug‘ilgandek edi. Xuddi yosh boladek qadam bosayotganidan xursand bo‘lardi. Arzimas narsaga yig‘lab ham olardi. Xonadagi hamma narsa unga juda qadrdon ko‘rinardi. Ularning yoniga borib, qo‘li bilan paypaslab ko‘rar, ko‘ziga yosh olgancha, qalbi shodlikka to‘lib sudralib qadam bosardi. Boshqa xonadagi jihozlarni ham uzoq vaqt tomosha qilib turar va shu xonalarga kirib borishni orzu qilardi. Ha, opasi bilan jiyani qo‘ltig‘iga kirishsa bormi, u hamma xonalarni aylanib chiqardi. Keyinchalik Golish jiyanidan yordam so‘ramay qo‘ydi. Opasi yordamida sog‘ qo‘li bilan hassaga suyangancha xonama-xona keza boshladi. Tez orada birovning yordamisiz, faqat hassa bilan yura boshladi va nihoyat, Kristoforo Golish atrofdagilarga o‘zining nimalarga qodirligini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘ldi.
– Endi-chi, endi... hassasiz yursam deyman...
Golish hassasiga tayanmay ikki-uch qadam tashladi, lekin darhol kursiga o‘tirib olishiga to‘g‘ri keldi. U ancha ozib-to‘zgan, tashqi ko‘rinishi opasiga o‘xshab ketgandi.
– Beyamin!– do‘stining ismini buzib chaqirdi Golish.
Benyamino Lensi do‘stining shol bo‘lib qolganligini ko‘rib, ajablanmadi ham. Mo‘ylovi ostidagi lablarini cho‘chchaytirdi, xolos, shu lahzada o‘ng yuzi bir oz qiyshayib, tamshangancha dedi:
– Senga ham yuqibdi-da?– deya pedal aylantirishda davom etdi.
Ertasi kuni Kristoforo Golish shifokor huzuriga opasining yordamisiz bormoqchi bo‘ldi. Benyamino esa yolg‘iz o‘zi qatnardi, Golish ham undan ortda qolmaslikka ahd qildi. Avvaliga opasi o‘g‘liga tog‘asining ortidan sezdirmay kuzatib, nazorat qilib yurishni tayinladi. Opaning ko‘ngli xotirjam bo‘lgach, yolg‘iz o‘zi shifokor huzuriga borishiga ruxsat etdi.
Endi har kuni ertalab bir vaqtda ikkita nogiron do‘st yo‘lda uchrashib shifokor huzuriga birga qatnaydigan bo‘ldilar. Ularning yo‘nalishlari bir xil edi – avval ko‘cha chirog‘i ustuniga yetib olishlari kerak edi, so‘ngra pastlikka tushib, bozor rastalaridan o‘tib borishar, ko‘rgazmaga qo‘yilgan arg‘imchoqda o‘tirgan chinnidan yasalgan maymun bolasini uzoq tomosha qilgach, bog‘ning panjarasi oldiga yetib olishlari zarur bo‘lardi.
Bugun Golishning xayoliga ajoyib bir fikr keldi. U do‘sti Lensi bilan fikrini o‘rtoqlashish uchun oshiqa boshladi. Ikki do‘st – ko‘cha chirog‘ining ustuniga suyangancha nigohlarini bir-birlariga qadab, nima demoqchi bo‘lganlarini tushunar va kulgidan og‘zilarining tanobi qochardi. Ular gapirayotgan so‘zlarini buzib talaffuz qilgancha bir to‘xtamga keldilar, Golish hassasini ko‘tarib ko‘chadagi izvoshchini imo bilan chaqirdi. Izvoshchi avval bittasini, so‘ng ikkinchisini aravaga chiqardi, mana endi ular Ispaniya maydonida istiqomat qilayotgan Nadinanikiga mehmonga ketmoqda edilar.
Pillapoyalardan yuqoriga ming azobda chiqib, hansirab turgan bu ikki shaxsni ko‘rib, Nadinaning esi og‘ib qolayozdi. Bechora Nadina kulishini ham, yig‘lashini ham bilmasdi. Ularga yordamlashib, ikkovlarini ham mehmonxonaga boshlab kirdi va o‘z yonidan o‘tirishlari uchun joy ko‘rsatdi. So‘ng xuddi tarbiyachilarga o‘xshab, qochib kelgan yosh, sho‘x bolalarga dakki berayotgandek, o‘ylamay qilgan ishlari uchun ularni koyiy ketdi.
Benyamino Lensi arazlagan yosh boladek aftini bujmaytirib, yig‘lab yubordi.
Golish esa aksincha, qovog‘ini uygancha tashrif buyurishdan maqsad, unga ajoyib – sirli sovg‘a qilmoqchi bo‘lganliklarini aytdi.
– Meni yo‘qlab kelganlaring uchun boshim ko‘kka yetdi, rahmat,– shosha-pisha dedi Nadina.– Yashavoringlar! Ikkovingizlar ham zo‘rsizlar... Uyimga qadam ranjida qilib, boshimni osmonga yetkazdinglar. Men aytgan gapimdan xijolatdaman, lekin sizlarning foydangizni ko‘zlagan edim... Menikigacha yetib kelish, ustiga-ustak pillapoyalardan yuqoriga chiqishda qiynalgan bo‘lsangiz kerak, deb... Benyamino, qo‘y, azizim, yig‘lama... Senga nima bo‘ldi o‘zi. Bardam bo‘l, Benyamino! – deya Nadina oppoq, chiroyli, do‘mboqqina qo‘llari bilan uning yuzini silab qo‘ydi.– Senga nima bo‘ldi? Qani, menga bir qara-chi!.. Uyimga kelmoqchi emasmiding, a? Seni anavi yaramas bu yerga boshlab kelgan bo‘lsa kerak? Shuning uchun men uni erkalamoqchi emasman. Bas qil, sen mening arslonim, qadrdonimsan. Yig‘lama, ko‘z yoshlaringni o‘zim artib qo‘yaman. Ana shunday, shunday qilib. Mana bu ajoyib feruza ko‘zli uzukka qaragin-a? Uni menga kim sovg‘a qilgan? Bu uzukni kim o‘z Nadinasiga sovg‘a qilgan? Egnimdagi chiroyli ko‘ylakni-chi? Qani, top-chi? Sen men uchun eng qadrli insonsan, azizim,– deya Benyaminoning peshonasidan o‘pib qo‘ydi. So‘ng o‘rnidan dast turdi-da, ko‘z yoshlarini artib olgach:
– Sizlarni nima bilan mehmon qilsam ekan-a?– dedi Nadina. Uning qilgan ishidan Kristoforo Golishning dili ranjidi, tomog‘idan ovqat o‘tmadi. Benyamino Lensi shirinlikdan bir bo‘lak yeyishga rozilik bildirdi. U Nadina uzatgan shirinlik tomon cho‘zilib, og‘zini ochmoqchi edi, Nadina qiqirlab kulgancha shirinlikni Benyaminodan olib qochib:
– Yo‘q, yo‘q, bermayman,– deya hazillashdi.
Topishib olgan ikki qadrdon do‘st g‘aroyib kayfiyatda edilar. Ular quvongandan quvonib, tinmay kulardilar.
Luiji Pirandello. Birovga kulma zinhor... (hikoya)
Ruschadan Nazira Jo‘rayeva tarjimasi