OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Luiji Pirandello. Sholro‘mol (hikoya)

I

– To‘xta, – dedi Bandi do‘sti d’Andreaga. – Men borib uni ogohlantiraman. Mabodo yana qaysarlik qilsa, bostirib kirasan.
Ikkalasi ham uzoqni yaxshi ko‘rolmasdi Shu tufayli bir-biriga juda yaqin turib so‘zlashmoqda edilar. Ko‘pchilik ularni egizaklar deb o‘ylashardi. Yoshlari ham deyarli teng bo‘lib, bir-birlariga juda o‘xshab ketardilar – baland, tik qomatli, ozg‘in, barcha ishni saranjom-sarishtalik bilan bajarishni xush ko‘rishardi. Suhbatlashaturib, bir-birlarining ko‘zoynaklarini yo bo‘lmasa bo‘yinbog‘larini to‘g‘rilab qo‘yishar, hech bo‘lmaganda, egnilaridagi kamzullarining tugmalarini tortib qo‘yardilar. Ular kam gaplashardilar. Hayotda ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirganliklari za’faron yuzlarida aks etib turardi.
Ular birga voyaga yetdilar. Bir-birlaridan yordamlarini ayamay dorilfununda o‘qidilar. Biri huquqshunoslik bo‘limida, ikkinchisi tibbiyot bo‘limida tahsil oldi. Hozir esa turli soha bo‘yicha ishlashar, ammo ishdan so‘ng kechqurunlari ko‘rishib, shahar chekkasidagi jarlik bo‘yida cho‘zilib ketgan xiyobonda sayr etishni kanda qilishmasdi.
Ular shu qadar yaqinlashib ketishgan ediki, bir-birlarini og‘izlaridan bilinar-bilinmas chiqqan so‘zlari, imo-ishoralariyu, ko‘z qarashlaridan tushunib olishardi. Sayr chog‘ida fikr almashar, so‘ng ortiqcha gapirmay, indamasdan kezib yurishardi. O‘zaro aytilgan ikki-uch og‘iz so‘z ularga fikr almashish uchun yetarli ozuqa bergandek bo‘lardi. Xuddi horigan otlarga o‘xshab boshlarini egib, shoshilmay qadam bosishardi. To‘siqdan sakrab o‘tib, pastlikda yastanib yotgan adirliklaru ufqqa bosh qo‘yayotgan quyosh nurida jilvalanib turgan dengiz mavjlarini tomosha qilishni na unisi, na bunisi xayoliga keltirardi.
Yon atrofdagi go‘zallikka mahliyo bo‘lmaslik esa mumkin emasdi. Bu ikki yigitchaning bunday noxush kayfiyatda ketishlariga nima sabab bo‘ldi ekan?
Bir necha kun avval Bandi do‘stiga:
– Eleonoraning sog‘lig‘i yaxshi emasga o‘xshaydi, – deb shipshigandi.
D’Andrea do‘stiga qaradi. Bu ko‘z qarashidan kasallik jiddiy emasligini angladi.
– Eleonora opamiz o‘zim ko‘rib qo‘yishimni istayaptimi? – so‘radi u do‘stidan.
– Soppa-sog‘man, deyapti.
Bir umr onalari o‘rnini bosgan Eleonora oldidagi qarzdorlik burchini his etgan holda qovoqlarini uyib, indamay yo‘lda davom etdilar.
D’Andrea ota-onasiz voyaga yetdi. Uni amakisi asrab oldi, ammo o‘qitishga qurbi yetmadi. Eleonora ham o‘n sakkiz yoshga yetganida kenja ukasi bilan yetim qoldi. U ota-onasidan qolgan bor-budini tejab-tergab bir amallab kun o‘tkazishga sarf qilardi. Keyinchalik ishlashga majbur bo‘ldi, musiqa va ashuladan dars bera boshladi. Shu zaylda ukasini voyaga yetkazdi, unga qo‘shib do‘stini ham o‘qitib, savodini chiqardi.
– Men do‘mboqman, sizlar qiltiriqsizlar, – deya bolalar bilan quvnoq ovozda hazillashardi Eleonora. – Sizlarning o‘rningizga ham men semirayapman.
Haqiqatan ham Eleonora to‘ladan kelgan edi, kun sayin semirib borardi. Uning chehrasi sutga chayib olingandek tiniq. Ko‘zlari shahlo, qayrilgan kipriklari uzun, ovozi qo‘ng‘iroqdek jaranglardi. Unga razm solganlarida semizligidan o‘zini noqulay his etib, ma’yus jilmayib qo‘yardi.
Eleonora ohanglarni buzib bo‘lsa-da, his-hayajon bilan yurakdan jo‘shib qo‘shiq kuylardi. Jiddiy va to‘poriligi, ibo-yu, andisha, ustiga-ustak ukasining tashvishi bo‘ynida bo‘lmaganida qo‘shiqchi bo‘lish orzusida edi. Sahnada qo‘shiq aytishni juda-juda xohlardi. Afsus, ming afsus, bu orzu ushalmay qoldi. Yoshi ham qirqlarning nari-berisida edi. Shaharda iste’dodini qadrlashgan bo‘larmidi. Bu shirin o‘y-xayollar yuragiga bir oz taskin berardi, xolos. Qiynalib bo‘lsa-da, u ikkita yetim bolani oyoqqa qo‘ydi. Umrini ularga baxshida etib, oq yuvib, oq taradi. Bu uning shuncha yillik mehnatlari evaziga olgan mukofoti edi.
Shifokor d’Andrea do‘stini uzoq kutib qoldi, u hali-beri mehmonxonadan chiqay demasdi. Mehmonxonaning shifti baland bo‘lmasa-da, ichi keng, yorug‘ edi, almisoqdan qolib, o‘ngib ketgan mebellar o‘tmishni eslatardi; o‘tmishda qadrli bo‘lib xizmat qilgan bu anjomlar xonada savlat to‘kib turar, qarshidagi ko‘zgudan ularning aksi ko‘zga tashlanardi. Xonaga go‘yo marhumlarning portretlari yig‘ib qo‘yilgandek edi. Ular bir nuqtaga – Eleonoraning royaliga tikilib turganday tuyulardi.
Doktor kutishdan charchadi, o‘rnidan turib, eshikka yaqinlashib ichkariga quloq tutdi. Bo‘g‘iq yig‘i ovozini eshitgach, eshikni qoqdi.
– Kiraver,– dedi Bandi eshikni ocharkan.– Opam nega buncha o‘jarlik qiladilar, hech tushunolmayapman.
– Men kasal emasman!– yig‘i aralash qichqirdi Eleonora.
U charm bilan qoplangan katta oromkursida rangi dokadek oqargancha, har doimgidek qora kiyimda o‘tirardi. Shu tobdagi uning qilig‘i xuddi yosh bolanikiga o‘xshab ketardi; nimadandir bezovtalanar, ukasining nigohidan dahshatga tushar, ko‘zlaridagi sarosimani berkitishga harakat qilardi.
– Rostdanam kasal emasman,– dedi u bir oz o‘zini o‘nglab olgach. – Iltimos, meni o‘z holimga qo‘yinglar. Men haqimda tashvish chekmanglar.
– Yaxshi!– uning gapini bo‘ldi ukasi.– Mana, Karloning o‘zi ayt-sin, salomatligingiz joyida emasligi shundoqqina ko‘rinib turibdi,– shunday deya u eshikni taraqlatib yopib, xonadan chiqib ketdi.
Eleonora yuzini qo‘li bilan berkitib, ho‘ngrab yig‘lashdan bir oz to‘xtadi. D’Andrea Eleonoraga tikilib qararkan, o‘zini noqulay sezar, negadir hijolatda edi. Nihoyat, u so‘z qotdi:
– Nima bo‘ldi o‘zi? Nima voqea ro‘y berdi? Nahotki mendan ham buni sir tutsangiz?
Eleonora hamon yig‘lashda davom etardi, Karlo og‘ir-vazminlik bilan gapirarkan, nihoyat, opasining qo‘llarini yuzidan asta tushirdi:
– Bo‘ldi-da endi, yig‘ini bas qilsangiz-chi,– ko‘ndirishga urindi u opasini.– Qani, bir boshdan gapiring-chi, nima bo‘ldi. Qo‘rqmang. Yoningizda turibman.
Eleonora boshini chayqadi va bexosdan yigitning qo‘llaridan tutdi-yu, birpas siqib turdi-turdi-da, shu zahoti yuzi g‘alati bo‘lib, bezovtalandi va:
– Karlo! Ukajonim Karlo! – deb shivirladi.
D’Andrea qizning qarshisida tiz cho‘kdi.
– Ichingizdagi dardni menga ayting, opajon...
Eleonora qo‘lini asta iyagiga tiradi-da, ohista, tushkun ahvolda, yalingannamo:
– Karlo, bu dunyoni tark etishimga yordam ber. Sadag‘ang ketay, yordamingni mendan darig‘ tutma, nima qilishimni bilolmayapman, boshim qotib qoldi.
– Bu dunyoni tark etmoqchiman, deyapsizmi? – kulib yubordi Karlo.– Qiziq gapni aytdingiz-ku.– Nega yosh umringizni erta xazon qilmoqchisiz?
– Yashagim kelmayapti! – dedi Eleonora asta ko‘z yoshlarini artib.– Bu ishni qanday amalga oshirsam bo‘ladi, yo‘l ko‘rsat menga, Karlo! Axir sen shifokorsan-ku. Ortiq bunday yashay olmayman! Ha, ha, yashay olmayman. Bundan o‘zga choram yo‘q. Dorilbaqoga rixlat etsam, hammasidan qutulaman.
Karlo Eleonoraga hayrat-la boqdi. Qiz ham yigitga tikilib qaradi-yu, darhol ko‘zini yumib oldi, yuzi dokadek oqarib, qo‘rquvdan sarosimaga tushdi.
– Qanday kunlarga qoldim-a, – dedi Eleonora bir oz o‘ziga kelgach,– Karlo, meni xudo urib qo‘ydi. Ha, ha, ishon, adoyi tamom bo‘ldim.
D’Andrea o‘zini yo‘qotgan ko‘yi qo‘lini Eleonoraning qo‘llari orasidan tortib oldi.
– Nega adoyi tamom bo‘lasiz? Nega? – deb g‘o‘ldiradi u.
 Eleonora undan ko‘zini olib qocharkan, “sekin” deganday barmog‘ini labiga qo‘ygancha, eshik tomon bosh irg‘ab:
– Faqat u bilmasligi kerak! Xudo haqqi ukamga bu haqda og‘iz ochma! Avval menga yordam ber. Menga dori kerak. Sen dori berasan, men ichaman-qo‘yaman. Iltimos, tez ta’sir qiladiganidan ber. Jonimga qasd qilolmayapman. Qo‘rqayapman! Shu haqda ikki oydan beri o‘ylayverib, ich etimni yeb yubordim! Karlo, ayt-chi, opangga yordam berasanmi?
– Qanday yordamim kerak?– so‘radi d’Andrea o‘zini yo‘qotib.
Eleonora yana ukasining do‘stini qo‘lidan tutib, unga yolvorganday nigoh tashladi:
– Jonimga qasd qilishimni istamasang... sen menga... qanday yordam berishing mumkin?
D’ Andrea qaddini tik tutib, qovog‘ini uyub oldi.
– Karlo, yolvoraman! – qaytardi u.– O‘zim uchun emas, ukam Jorjoni bo‘ynini xam qilmaslik uchun shunday qilishim shart. Faqat Jorjo bu gapdan xabar topmasligi kerak. Karlo, sizlar uchun o‘z umrimni baxshida etdim. Oq yuvib, oq taradim, sizlarni oyoqqa qo‘ydim. Karlo, oz bo‘lsa-da, shularning haqqi-hurmati menga yordam ber, meni qiyin ahvoldan qutqar! Nahotki,qiynalishimni istasang? O‘ylayverib, yurak-bag‘rim qon bo‘lib ketdi-ku, axir! Shu yoshimda bu ta’nani qanday ko‘tarib yuraman. Bu juda og‘ir, ha, juda og‘irlik qilyapti...
– Eleonora opajon, ayting-chi, bu voqea qanday sodir bo‘ldi? Kim u odam?– so‘radi d’Andrea beixtiyor bo‘lgan voqeani tushunib yetgach, sarosimaga tushib.
Eleonora xavotir bilan eshik tomon qarab qo‘ydi-da, yuzini qo‘llari bilan berkitib oldi va:
– Bilishing shart emas! Hozir bu haqda o‘ylashni istamayman! Nahotki Jorjoning ahvoliga achinmasang? El orasida qanday bosh ko‘tarib yuradi...
– Qanday ro‘y berdi?– so‘radi d’Andrea,– Aytsangiz-chi, axir. Bu katta jinoyat-ku. Oldini ololmadingizmi... yo chora topolmadingizmi?
– Yo‘q, chora topolmadim,– qat’iy, alam bilan dedi Eleonora.– Yetar! Nima demoqchiligingni tushundim. Endi meni yolg‘iz qoldir. Mazam qochayapti...
U boshini o‘rindiq suyanchig‘iga behol tashladi-yu, bor gavdasi shalvirab tushdi.
Karlo d’Andrea o‘zini yo‘qotgancha Eleonoraga ko‘zoynagi tepasidan qarab turardi. Soflik ramzi bo‘lmish bu ajoyib qiz qanday qilib o‘zini o‘limga mahkum etayotganini his etarkan, bu ish uning sha’niga yarashmasligini o‘ylab, bu o‘y-fikrni kallasiga sig‘dira olmadi. Eh, Eleonora Bandi? Axir u o‘z yoshligini bizni deb xazon qilmaganmidi? Endi uning yoshligi qoptimi? Balki, shuning uchun ham nomusdan o‘limiga rozi bo‘layotganmikin-a?
Karlo opasiga qararkan, uning haddan tashqari to‘la gavdasi ko‘ziga yomon ko‘rinib, nafrati qo‘zib ketdi.
– Qani, yo‘lingdan qolma! – jahl bilan qichqirdi Eleonora dovdirab qolgan Karloning aftiga ham qaramay.– Bor, hamma gapni Jorjoga aytib ber. Menga nisbatan qanday chora ko‘rsa ko‘raversin, hammasini ipidan-ignasigacha aytib ber. Qani, bor, jo‘na.
D’Andrea beixtiyor eshik tomon yo‘l oldi. Eleonora boshini dast ko‘tarib, uning ortidan kuzatib qoldi. Eshik yopilishi bilanoq, Eleonora hushidan ketdi.

II

D’Andrea uydan chiqib ketgach, Eleonora ikki oydan beri uni ezib yurgan yukdan forig‘ bo‘ldi-qo‘ydi. Barcha qo‘rqinchli onlar ortda qolgandi.
Boshiga tushgan g‘am-anduhlar bilan kurashishga Eleonoraning ortiq madori qolmagandi. Mayli, bu yog‘i xudodan, peshonasida borini ko‘radi. Bu ish tezroq bir yoqlik bo‘la qolsaydi!
Hozir ukasi yoniga vajohat bilan kiradi-da, uni bir yoqlik qilib qo‘ya qoladi. Nachora, taqdirga tan bermay iloji yo‘q... U hurmatga ham, e’tiborga ham loyiq emas. To‘g‘ri, u ukasi va uning do‘stiga keragidan ortiq mehr ko‘rsatgan, borlig‘ini bag‘ishlagan – hayot taqozosi shunga majbur qilgandi. Buni qarangki, mana endi topgan obro‘yi bir pul bo‘lib o‘tiribdi.
Eleonoraning yuragini vahima bosdi-yu, ko‘zlarini chirt yumib oldi.
Ich-ichidan u o‘zini aybdor his eta boshladi. Ha, hammasiga uning yolg‘iz o‘zi sababchi, shuncha yillar davomida u hayotidagi barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tdi, hayotda o‘z o‘rnini topdi, yomon o‘y-xayollarni miyasiga keltirmay, hayotda to‘g‘ri, halol yashashga odatlandi. Hech kutmaganda nomusini yo‘qotdi-qo‘ydi. Naqadar dahshat!
Lekin u ukasi oldida o‘zini oqlay olmaydi. Eleonora ukasiga: “Jorjo ukajonim, barchasiga aslida o‘zing aybdorsan”, deyishi ham mumkin. Gapning indallosini aytganda, to‘g‘risi ham shu-da.
Eleonora ukasiga onalik mehrini berdi. Xo‘sh, bu yaxshiliklar evaziga ukasidan va uning do‘stidan nima oqibat ko‘rdi? Faqat ularni sog‘inardi, xolos. Dorilfununni tugatgach, ikkovlari ham o‘z ishlari bilan bo‘lib ketdilar. Tunu kun tinim bilmay mehnat qilishadi. Endi ularni opalarining hayoti qiziqtirmay qo‘ygandi. Tezroq opalari bilan hisob-kitob qilishga oshiqardilar. Bu hol Eleonorani ich-ichidan kemirardi. Shundan keyin uning hayoti mazmunsiz, zerikarli o‘ta boshladi. U ukalariga keraksiz bo‘lib qolganligini tushungach, ikki o‘t ichida yona boshladi. Yoshligi esa allaqachonoq qaytmas bo‘lib o‘tib ketgandi. Uni ortga qaytarishning sira iloji yo‘q.
Ukasining olib kelgan birinchi maoshi ham unga tasalli bermadi. Opasi o‘z hayotini ukasi uchun qurbon qilganligini anglab, Jorjo ich-ichidan ezilar, erki o‘z qo‘lida emasligidan o‘kinar balki? Eleonora ukasiga shunday demoqchi ham bo‘ldi: “Jorjo, ukajonim, meni o‘ylama, men faqat hayotda o‘z o‘rningni topishingni istayman. Chin yurakdan aytyapman... Baxtimga omon bo‘l”.
Lekin u ukasidan ta’na aralash:
– Ey voh, opajon, nimalar qilib qo‘ydingiz! Oldingizdagi qarzimni uzaman. Qilgan yaxshiliklaringizni unutganim yo‘q,– degan dashnomlarni eshitdi.
“Qarzimni uzaman?” Koshki buning menga sariq chaqalik foydasi bo‘lsa, deya bor ovozi-la hayqirmoqchi bo‘ldi Eleonora. Ukasini deb hayotini qurbon qilayotganda aslo ruhi tushmagan, ta’na-dashnomsiz, ochiq chehra bilan hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun bor kuch-quvvatini sarflagandi.
Eleonora ukasining o‘jar fe’lligini bilar, unga qattiqqo‘llik qilmasdi. Ularning opalariga bo‘lgan sovuq muomalalaridan, o‘zlarini begonaday tutishlaridan o‘ksinardi, xolos. Ana shunday paytlarda Eleonora o‘zini qo‘ygani joy topolmasdi.
Ukasi toparmon-tutarmon bo‘lib qolgandi, opasiga barcha shart-sharoitlarni muhayyo qilib berdi. Opasini muallima bo‘lib ishlamaslikka ko‘ndirdi. Ishsiz o‘tayotgan zerikarli kunlardan birida to‘satdan miyasiga yetti uxlab tushiga kirmagan: “Turmushga chiqsammikan?” degan fikr kelib urildi.
Yoshi o‘ttiz to‘qqizda-ya! Ustiga-ustak semirib ketgan. Qaddi-qomati o‘ziga mos bo‘lgan kuyov topishi kerak! Turmushga chiqib ketsa, ukasining o‘ziga ko‘rsatyotgan minnatdorlik muruvvatlaridan xalos bo‘lishi mumkin. Eleonora xuddi boshi bog‘liq qizlardek o‘ziga qarab yuradigan odat chiqardi. Bu o‘y avval hech xayoliga kelmagandi. O‘ziga oro bera boshladi.
Bir paytlar Eleonoraning ko‘ngliga yo‘l topishni istagan yigitlar hozirda bola-chaqalik bo‘lib ketdilar. Avval u bularga parvo ham qilmasdi. Hozir-chi, hozir turmush qurib ketgan dugonalariga havas qiladi.
Eleonora so‘ppayib yolg‘iz qolgandi.
Balki baxti hali oldindadir. Nahotki u bola-chaqalik bo‘lolmasa, tanholikda yashash peshonasiga yozilganmikin-a. Nahotki, qalbida yonayotgan alangani o‘t oldira olmasa? Nahotki qalb tug‘yonlariga quloq solmay, yakka-yolg‘iz yashashga mahkum bo‘lsa?
Eleonora yurak-bag‘rini o‘rtovchi g‘am-g‘ussaga botdi. Ko‘nglini azobli armonlar qiynay boshladi. Yoqimtoy lobarligi asta-sekin yo‘qolib, kulgisi-yu, gap ohanglarida o‘zgarish sezildi. Piching va kinoya bilan gapiradigan, zaharxanda qiladigan bo‘lib qoldi. Xulq-atvori tubdan o‘zgarayotganligini o‘zi ham his eta boshladi. Ko‘ngliga yopirilib kirgan qora o‘y-fikrlar qalbini shiddat bilan qamrab olib, tinchlik bermay qo‘ydi.
Shu kunlarda ukasi tejab-tergab yiqqan pullariga qishloqdan yer sotib olib, uy qurishni rejalashtirayotgan edi. U opasini uy qurilishiga bosh-qosh bo‘lib turish uchun – bir oyga borishga ko‘ndirdi. Ukasining bu iltimosi opasidan qutulishning bir yo‘lidek bo‘lib tuyuldi. O‘zim istiqomat qilayotgan uyda yakka o‘zim qolar ekanman-da, degan xayolga bordi Eleonora. Ana shunda u erkin yashaydi. Ukasiga og‘irligi tushmaydi. O‘zi ham shu yoshda turmushga chiqish o‘y-fikrlaridan forig‘ bo‘ladi.
Dastlabki kunlar osoyishta o‘ta boshladi. Bu yerda emin-erkin yashashni xayol qildi.
Eleonora barvaqt turib, dala kezishga odatlandi. Dala kezarkan, har qadamda to‘xtab, yon-atrofga hayrat bilan suqlanib boqar, dalaning maftunkor sukunatiga quloq tutardi, chunki bu yerda har bir narsa erta tongning naqadar beg‘uborligini angatardi, qishloq xo‘rozlarining qichqirig‘iga quloq tutar, goho toshlarda o‘sgan zamburug‘lar to‘dasiga, goh ag‘darilib tushgan daraxt to‘nkasidagi duxobadek tovlanib turgan po‘panaklarga zavqlanib boqardi.
Bu yerda shahardan tashqarida boshqa odamga aylanib qolsam edi. U bilan qishloq hayoti haqida to‘lib-toshib, shirin suhbatlar qurayotgan mana shu ijarachining yoqimtoy xotiniga aylanib qolsam-a, degan fikr o‘tdi miyasidan... Bu beg‘araz suhbatdan u hayotning yangi qirralarini ko‘ra boshladi.
Ijarachining fe’li og‘ir edi; u o‘zini ko‘pni ko‘rgan odamman deb, mag‘rur tutardi. Ha, chindanam ko‘pni ko‘rgan, ko‘p yerlarda bo‘lgan ham. Amerikada bo‘lgan, sakkiz yil Benossariyada istiqomat qilgan. Shuning uchun ham u yolg‘iz o‘g‘lini oddiy kimsa bo‘lib qolishini istamasdi. O‘g‘li o‘n uch yoshga to‘lgandi, uni bilim yurtiga joylashtirib qo‘ydi. Savodi chiqsa Amerikaga yuborishni mo‘ljalladi, juda katta mamlakat, odamlar ichida toblanadi, deb o‘yladi.
Jerlando hozir o‘n to‘qqiz yoshda. Ko‘p yillardan beri o‘qisa-da, kallasiga bir nima kiray demasdi. Qad-qomatdan xudo qisgan, ko‘rinishi qo‘pol. Otasining o‘ta g‘amxo‘rligidan nihoyatda charchagan edi. O‘qishi davomida u shaharliklarga xos ba’zi qiliqlar orttirdi, bu uning ko‘rinishini yanada soquvlashtirib yuborgandi.
Har kuni ertalab u hurpaygan dag‘al sochlarining farqini ochib tarardi. Sochlari qurigach, farqlari ham buzilib g‘alati holda dikkayib ketardi, qoshlari baroq, soqol-mo‘ylovi sabza urgandi. Jerlandoga hayot har tomonlama kulib boqmagandi. Doimo kitob ustida qovushmay muk tushib o‘tirishini ko‘rgan odamning unga rahmi kelardi. Otasi uni uyqudan uyg‘otguncha ona suti og‘ziga kelardi. Uni tez-tez uyqu eltardi. Uyqusi yozilmagan, dovdirab turgan o‘g‘lini otasi shaharga jonini qiynoqqa solib, olib borib qo‘yardi.
Qishloqqa Eleonora xonim kelgach, Jerlando onasiga, ayting, anovi xonim otam bilan gaplashib, meni qiynab o‘qishga yubormasligini tushuntirsin, deya yolbordi. O‘qishni jinim suymaydi. Jin ursin, o‘qishni xohlamayman, dedi.
Eleonora yigitning otasi bilan gaplashdi. Ammo o‘g‘lining odam bo‘lishini istagan ota Eleonoraning gapiga quloq solishni istamadi ham. Undan birovlarning ishiga aralashmasligini so‘radi. Shundan so‘ng Eleonora bir oz ovunish, nima bilandir shug‘ullanish maqsadida o‘qishdan bezgan bechora bolaga qo‘lidan kelgancha yordam bera boshladi.
Eleonora har kuni choshgohdan so‘ng Jerlandoni xonasiga chorlab, ilm olishiga yordam bera boshladi. Jerlando xonaga uyalib, o‘zini yo‘qotgan holda daftar-kitoblarini qo‘ltiqlab kirib kelardi. Xonim uquvsizligimdan, ermak qilib ustimdan kulsa-ya, degan xayolga borardi. Bola o‘ziga qolsa bu yerga kelmasdi-ya, lekin otasining zo‘ri bilan kelishga majbur edi. Jerlandoga xudo ilm olishni yuqtirmagandi. Ko‘chat o‘tkazish deysizmi, mol boqishmi, bularning barini jonini kirgizardi. Bola Eleonoraga muskuldor qo‘llarini ko‘z-ko‘z qilib, muloyim tikilarkan, og‘zini katta ochib, oppoq, sog‘lom tishlarini ko‘rsatgancha baralla kulardi...
Eleonora kun o‘tgan sayin Jerlandoni jini suymay qoldi. Shahardan royalini oldirib keltirdi, xonasining ichidan qulflab olgancha musiqa chalishga, ba’zida kitob o‘qishga berilib ketardi. Jerlando Eleonoraning suhbatlaridan, ko‘rsatayotgan muruvvat-laridan, yordamidan dabdurustdan mahrum bo‘lgach, derazasi tagida pusib o‘tirgancha uning royal chalib, qo‘shiq aytishini eshitayotganini qiz to‘satdan payqab qoldi. Shu top Eleonora bema’ni o‘yga borib, bolani qo‘lga tushirmoqchi bo‘ldi. Dabdurustdan royal chalishdan to‘xtadi-yu, pillapoyadan zing‘illagancha pastga yugurib tusharkan: 
– Iya, bu yerda nima qilyapsan? – so‘radi Jerlandodan.
– Tinglayapman,– javob qildi u.
– Yoqayaptimi?
– Judayam, eshitib mazza qilayapman, xonim! Xuddi jannatga tushgandek!
Eleonora xandon otib kulib yubordi. Shu topda bolaning ham yuziga kulgu indi. Kutilmaganda u Eleonoraga tashlanib qolsa bo‘ladimi... Bolaxonadan pastga g‘ira-shira yorug‘lik tushib turardi.
Alalxusus, bu voqea shu kuni ro‘y bergandi.
Kutilmaganda ro‘y bergan bu voqeadan qiz dovdirab qoldi, devqomat bolaning iskanjasidan o‘zini qutqarishga ojizlik qildi, o‘zi istamagan holda hushini yo‘qotdi, bolaning ehtiros-la ilondek chirmashishidan unga o‘z iznini berib qo‘ydi...
Ertasi kuni Eleonora shaharga qaytib ketdi.
Endi nima bo‘ladi? Jorjo nega kelmayapti? Bo‘lgan ishni d’Andrea unga aytmaganmikin. Balki qanday yordam berishni o‘ylayotgandir?
Eleonora dabdurustdan qarshisida jarlik paydo bo‘lgandek, qo‘rqib qo‘llari bilan yuzini berkitib oldi.
Eleonora ikki o‘t orasida yonardi. Bu dunyodan ko‘z yumsagina barchasiga nuqta qo‘ygan bo‘lardi. Bu ishlar qachon nihoyasiga yetarkin-a. Eshik ochilib, bo‘sag‘ada yuzidan qoni qochgan, ko‘zlari qizargan, dovdiragancha kirib kelayotgan Jorjo ko‘rindi. D’Andrea uning ortidan ergashib kelmoqda edi.
– Bir narsani bilmoqchiman? – dona-dona gapirib so‘roqqa tutdi u opasini. Uning kimligini bilmoqchiman?
Eleonora ko‘zini yerdan ololmay o‘tirardi, so‘ng boshini asta ko‘tararkan, uvvos solib yig‘lab yubordi.
– Kimligini hozir aytasiz!– so‘zida qat’iy turgancha qichqirdi Bandi. Kim bo‘lishidan qat’iy nazar, siz unga turmushga chiqasiz.
– Yo‘q! Yo‘q!– shivirladi Eleonora boshini yana-da quyi solarkan qo‘llari titrab.– Aytolmayman! Ilojim yo‘q!
– U ablah uylanganmi?
– Yo‘q uylanmagan,– shosha-pisha dedi Eleonora.
– Ismini ayting! Kim u ablah? – Opasini qistovga oldi Bandi. – Kim o‘zi? Aytsangiz-chi?
Eleonora ukasining o‘qrayib qarashidan junjikib, arang boshini ko‘tardi.
– Aytolmayman,– deya shivirladi.
– Ayting, ortiq g‘azabimni qaynatmang, oxiri yomon bo‘ladi,– deya bor ovozi bilan qichqirib opasi tomon mushtini do‘laytirib kela boshladi Jorjo.
D’ Andrea ularning o‘rtasiga tushib:
– Jorjo, qo‘y, o‘zingni bos. Yaxshisi, xonadan chiqib ket. Menga bo‘lgan voqeani so‘zlab beradilar. Qani, bu yerdan chiqib keta qol,– dedi qat’iy ohangda Karlo.
Do‘sti shu tarzda uni xonadan chiqarib yubordi.

III

Ukasi o‘z so‘zida turib oldi.
To‘y arafasida nima qilib bo‘lsa ham janjal chiqarishga harakat qilardi. Odamlar orasida kulgi bo‘lishdan cho‘chib, barchaga sharmanda bo‘lganini so‘kinib so‘zlardi. Jorjo go‘yo aqldan ozgandek edi; barcha unga achinardi, xolos.
Jorjo Jerlandoning otasi bilan til topishishi oson emasligini his etdi.
Qariya ilg‘or fikrli kishi bo‘lsa-da, tezda qizishib ketadigan odati bor edi. Avvaliga u nima gapligini tushunmadi. Gap nimada-ligini anglagach:
– Tashvishlanmang! Boplab adabini beraman! Voy, ablah-ey! Ichak-chavog‘ini ag‘darib tashlasammikan? Yaxshisi, qo‘l-oyog‘ini bog‘lab sizga topshira qolay. Alamdan chiqish uchun bilganingizni qiling. Jonini kiritib savalashingiz uchun xipchinlarni uch kun suvga solib qo‘yaman. Xohlagancha savalab, xumordan chiqing.
Jorjo savalash bilan ish chiqmasligini aytib, o‘g‘lini opasiga uylantirib qo‘yishni taklif qilganda, qariya esankirab qoldi:
– Nimalar deyapsiz! Gapingizga tushunmayapman... E’tiborli xonim ijarachining o‘g‘liga turmushga chiqadilarmi? – qat’iy dedi u. Va yana so‘zida davom etdi:
– Meni kechirasiz-u, xonim o‘g‘limdan yigirma yosh katta. Aqllari kirari kirib, chiqari chiqqan. Mening dumbul o‘g‘limni yo‘ldan urmasliklari kerak edi. Aytmoqchi emasdim, endi aytmasam bo‘lmaydiganga o‘xshaydi. Xonim har kuni o‘g‘limni huzuriga chaqirib olardi. O‘zingizdan qolar gap yo‘q... O‘g‘limning ona suti og‘zidan ketmagan, g‘o‘r bola bo‘lsa. To‘g‘ri, bu yoshda ularning ko‘zi qonga to‘ladi. Shayton ichlariga kirib olgach, nima qilib qo‘yganlarini o‘zlari ham bilmay qoladilar. O‘g‘limdan ajralib qolish menga ham og‘ir; uni odam qilaman deb qanchadan-qancha pullarni sarf qilib yubormadim deysiz! Xafa bo‘lmang-u, xonim o‘g‘limning onasi tengi keladi-ya... Bu yog‘i qandoq bo‘ldi...
 Bandi qizning sepiga katta bir qo‘rg‘on va ancha-muncha pul va’da qildi. Shunday qilmasa g‘isht qolipidan ko‘chishini fahmladi.
 Ana shu tarzda to‘y qilishga kelishib oldilar. Eleonora istiqomat qilayotgan kichik shaharchada bu voqea katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.
Ko‘p yillar davomida izzatini bilib yashayotgan bechora qizning ustidan oshkora ravishda kula boshladilar. Shivir-shivir gaplar go‘yo gap tashiyotganlarga rohat baxsh etayotgandek edi. Avvalgi hurmat-e’tibor o‘rnini hozirgi sharmandalik bosib ketgandi.
Hamma Jorjoga achinardi; u to‘yda ishtirok etmadi. G‘am-g‘ussalar iztirobida qolgan bechora do‘stini yolg‘iz qoldirolmasligini aytib, d’Andrea ham to‘yda qatnashmadi. Eleanoraning ota-onasini davolab yurgan yoshi bir joyga borib qolgan shifokor (shuni eslatib qo‘yishimiz kerakki, dorilfununni tugatib d’Andrea davolashning antiqa usullarini topib, uning ko‘pgina bemorlarini o‘ziga og‘dirib olgandi) guvoh bo‘lishga rozilik bildirdi. U o‘zi bilan birga do‘sti-yu, yana bir cholni ham olvoldi. Chol nikoh paytida ikkinchi guvoh o‘rniga o‘tdi.
Guvohlar bilan birga Eleonora izvoshda shahar meri tomon, so‘ng shahar chetidagi mo‘‘jaz ibodatxonaga yo‘l oldilar. 
Ikkinchi izvoshda esa qovog‘idan qor yog‘ayotgan kuyov bo‘lmish Jerlando o‘tirardi. Kuyov bolaga ota-onasi hamroh bo‘lib kela-yotgandilar.
Ular to‘y bahonasida bashang kiyinib olishgan, ammo chehralari tund, qovoqlari soliq holda ketib bormoqda edilar. Buni qarangki, o‘g‘illari boyvuchcha xonimga uylanmoqda, kelinning sepiga katta yer, yaxshigina uy-joy va pul berilgandi. Jerlando endi o‘qishini davom ettirmasa ham bo‘ladi, uy-joy ishlari bilan otasi shug‘ullanaveradi, bunday ishlarning jonini kirgizadi. Kelinning yoshi ulug‘-da. Balki, bir tomondan bu yaxshidir. Merosxo‘r bo‘lib qoladi. Tabiat qonunlariga ko‘ra, u avvalroq bu dunyoni tark etsa, Jerlando erkin va puldor boyvachcha bo‘ladi-qo‘yadi. 
Uchinchi izvoshda ketayotgan kuyov tomondan bo‘lmish otasining do‘stlari, keksa dehqonlaru ikkita xolasi ham shu o‘y-xayolda edilar. Qolgan qarindoshlaru Jerlandoning yig‘ilgan do‘stlari qo‘rg‘onda kutib o‘tirardilar. Yig‘ilganlar yasan-tusan qilib olishgan; erkaklar qora movutdan tikilgan kurtkada. Ayollar esa ustlariga yangi yopinchiqlar tashlab, boshlariga yaltir-yultir ro‘mollarini o‘rab olishgandi. Kuyovning otasi ilg‘or dunyoqarashli inson bo‘lganligi uchun to‘y tadorigini yaxshi tashkil etgandi. 
Mer huzuriga yetib kelishganda Eleanoraning xo‘rligi kelib, yig‘lab yubordi. Qarindoshlar uning yoniga kuyovni surib qo‘ydilar. Ammo Eleonora tomondan guvohlikka kelgan qari doktor kuyov hozir chetroqda turani ma’qul, dedi.
Yig‘idan o‘zini to‘xtata olmayotgan Eleonora nikoh qayd qilinadigan saroyga kirib keldi. Yonida uyatdan, o‘ng‘aysizlikdan yanada beo‘xshov, to‘pori bo‘lib ko‘rinayotgan kuyovga ko‘zi tushdi-yu, g‘azabi qaynab ketdi; “yo‘q-yo‘q” deya qichqirib yuborishiga bir bahya qoldi. Zora, kuyov nikohni rad etsa deb, unga qaradi. Ammo ikkovlari ham taqdirga tan berib “roziman” degan javobni berdilar. Tezda nikoh rasm-rusumlari bajarildi. Marosimda qatnashganlar xuddi motamda ishtirok etgandek sovuqqina qo‘rg‘oncha tomon yo‘l oldilar. Eleonora qadrdon dugonalaridan ajralgisi kelmasdi. Ammo u eri, qaynona-qaynotasi o‘tirgan izvoshga o‘tirishga majbur edi.
Ular yo‘l davomida churq etmay bordilar. Kuyovning ota va onasi parishon holda ketib borardilar, dam-badam kelinlariga yer ostidan o‘g‘rincha qarab qo‘yar, damlari ichlarida, bir-birlariga ma’noli tikilib, ko‘zlarini yerdan uzmasdilar. Jerlando esa qovog‘ini uygancha izvoshda derazadan yon-atrofni kuzatgancha xayol surib borardi.
Qo‘rg‘onda ularni shod-xurram, qiy-chuv, qilgancha paqil-doq-larni otib, qarsaklar chalib kutib oldilar. Yig‘ilganlar kelinni o‘z udumlariga ko‘ra tabrik bilan kutishga shaylanib turar, kelinchak ularga jilmayib qaramoqchi bo‘ldi-yu, lekin buning uddasidan chiqa olmadi, yig‘ilganlar kelinni ko‘rdilaru hang-mang bo‘lib qoldilar.
Kelinchak o‘z xonasiga chiqib, bir oz dam olish maqsadida izn so‘radi. Unga ruxsat berdilar. Eleonora xonasiga chiqib, kelin bilan kuyov uchun o‘rin to‘shab qo‘yishganini ko‘rdi-yu, dong qotib qoldi. Nahotki bolakay bilan bir to‘shakda yotsa! Hecham-da! Bunday bo‘lishi mumkin emas! Aslo! Kelinchakni titroq bosdi, darhol o‘zini boshqa xonaga urdi-yu, ichkaridan eshikni qulflab oldi. Kresloga o‘tirgancha qo‘llari bilan yuzini berkitdi.
Tashqaridan hayqiriq va kulgu ovozlari eshitilardi. Mehmonlar Jerlandoni tinchitmasdilar, ular kelinni emas, uning sepiyu, oilasini maqtardilar.
Jerlando miq etmay derazaga tikilgancha turardi. Yuz bergan voqeadan juda iztirobda, dam-badam baquvvat yelkalarini uchirib qo‘yardi.
Ha, u nomusdan yerga kirib ketay derdi. Shu xonimga uylangani uchun dili azobda edi. Barchasiga otasi aybdor, “o‘qi, o‘qi” deb hol-joniga qo‘ymadi, xonim ham uni tinmay mazax qilardi, dilini og‘ritardi. Mana, oqibati nima bo‘ldi. Otasi bo‘lsa qariqizni kelin qilganidan xafa ham emas. Bahonada yerli-joyli, puldor bo‘lib oldi. Ammo o‘g‘lining holi ne kechadi. Qiziq, o‘zidan ikki barobar katta xonim bilan qanday yashaydi, axir undan qo‘rqadi-ku! Xonim sharmandalikdan qutulish uchun unga turmushga chiqishga rozi bo‘ldi. U xonimga xotini sifatida qaysi yuz bilan qaraydi. Ustiga-ustak otasi o‘qishini davom ettirishini talab qilib turibdi. O‘qishga qanday boradi, axir hamma uning ustidan kuladi-ku! Kelinning yoshi kuyovnikidan yigirma yosh katta bo‘lsa, ustiga-ustak semizligini aytmaysizmi! Xuddi ayiqqa o‘xshaydi-ya.
Jerlando ana shunday xayollarga cho‘mib turgan kezda uning ota-onasi sabrsizlik bilan ziyofat dasturxoniga o‘tirishni kutishardi. Nihoyat, ular dasturxon tuzalgan xonaga tantanavor holda kirib keldilar. Dasturxonga tortilgan barcha noz-ne’matlaru yeguliklarni shahardan kelgan oshpaz o‘zi bilan ergashtirib kelgan yordamchilari bilan tayyorlagan edi.
Ota o‘g‘li yoniga kelib:
– Bor, xotiningni ovqatga taklif qil, – deya buyruq berdi.
– Bormayman, taklif ham qilmayman,– depsinib to‘ng‘illadi Jerlando.– O‘zingiz borib chaqiring.
– To‘nka, u seni chaqirishingni kutmoqda, meni emas, – baqirdi otasi. – Axir sen uning erisan. Qani, qimirla tezroq. Tezda kelsin!
– O‘zingiz borib chaqiring, bormayman dedimmi, bormayman,– o‘jarlik qilardi Jerlando.
Sabr kosasi to‘lgan ota o‘g‘lining yoqasidan olib, ketiga bir tepdi.
– Endi uyalasanmi? Ahmoq bu g‘alvani o‘zing boshlading. Buni qaranglar-a, endi nomus qilayotgan emishlar! Qani, hoziroq kelinni oldingga solib chiq-chi! U endi jufti haloling bo‘ladi.
Bu g‘alvadan xabar topgan mehmonlar ota-bolani ajratar ekanlar, zo‘r berib Jerlandoni kelinni chaqirib chiqishga undardilar.
– Chaqirsang nima bo‘pti? Borib, bir qadahdan may ichishni taklif qil, tamom-vassalom...
– Uni nima deb chaqirishni bilmayman! – chorasizlikdan g‘o‘ldira-di Jerlando.
Bu gapdan yig‘ilganlardan ba’zilari kulib yubordilar, boshqalar esa to‘yni buzayotgan o‘g‘lini do‘pposlashga chog‘lanayotgan otani tinchlashtirishga harakat qilardilar. Axir bu to‘y bazmiga ancha-muncha pul sarflangan edi-da.
– Ismini aytib chaqirasan,– deb o‘g‘liga shipshidi onasi.– Ismi nima edi? Eleonora edimi? Eleonora deb chaqiraver, endi u sening xotining-ku. Boraqol o‘g‘lim, bor...
Jerlando borib kelin o‘tirgan xonaning eshigini asta qoqdi. Bir oz kutdi. Javob bo‘lmadi. U bilan qanday muomala qilsa ekan? Dabdurustdan senlasamikan? Jin ursin hammasini! Qanday sharmandalik. U nega javob bemayapti? Hoynahoy eshik qoqayotganimni eshitmayotgandir. Jerlando eshikni qattiqroq qoqdi. Yana bir oz kutdi, javob bo‘lmadi. Jerlando batamom o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Onasi o‘rgatgandek qilib kelinni nomini aytib asta chaqira boshladi. Ammo ovozi o‘ziga kulgili bo‘lib tuyuldi, chunki dovdirab kelinning ismini adashtirib, “Eneolora” deb chaqirgan edi. Darhol qilgan xatosini tuzatib dabdurustdan baland, buyruqnamo ohangda Eleonora, deb chaqirdi.
Shu tob ichkaridan: – Kim u? – degan ovoz eshitildi.
Jerlando ovoz kelgan xona tomon asta yurdi.
– Bu menman...– dedi Jerlando.– Men, Jer... Jerlandoman. Dasturxonga taklif qilgani keldim.
– Men chiqmayman. O‘zinglar bemalol o‘tiraveringlar.
Ancha yengil tortgan Jerlando dasturxon tuzalgan katta xonaga qaytib keldi.
– Kelmas ekan. Bemalol o‘tiraveringlar, dedi.
– Sen ahmoqsan! – qichqirdi otasi (u o‘g‘lini doimo shunday derdi).
– Bugungi yozilgan dasturxon tamoman boshqachaligini – to‘y dasturxoni ekanligini unga uqtirmadingmi? Zo‘rlab olib chiqish kerak edi.
Gapga onasi aralashib, hozircha kelinni o‘z holiga qo‘yaylik, dedi. Mehmonlar ham onaning gapini qo‘llab-quvvatlashdi.
– Chiqishga yuzi chidamayapti, ha, uyalyapti,– deyishdi yig‘ilganlar.
Qaynota kezi kelganda keliniga nimalarga qoldirligini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Kelini to‘y dasturxoniga tashrif buyurmaganidan darg‘azab bo‘lgan qaynota ovqatlarni dasturxonga tortishni buyurdi. To‘yga yig‘ilganlar shaharlik oshpaz pishirgan taomlarni tatib ko‘rish ishtiyoqida ishtahalari karnay edi. Ular dasturxon tuzatilishidan hayratga tushdilar. Dasturxon ustidagi kattayu kichik qadahlar, sanchqilar, pichoqlar va yupqa qog‘oz salfetkalarni ko‘rib, bularning nima keragi bor ekan, deb o‘yladilar.
Mehmonlar bashang kiyinib olgancha, qarama-qarshi o‘tirgan holda bir-birlariga tikilib, qabariq qo‘lari bilan kumush sanchqilaru pichoqlarni qanday ishlatishni bilolmay garang edilar, ayniqsa, oq qo‘lqop kiyib xizmat qilayotgan xizmatkorlar ularni hayratga solgandi.
Jerlandoning otasi gardanini qashiy turib kavshangancha o‘g‘liga qarab ming‘irlagan ko‘yi:
– Uning o‘tirishiga qaranglar! Beo‘xshovligini-chi! Kelin bu go‘rso‘xtaga qanday ko‘ngil bersin! Bekorga uyalmayapti. Eh, qani endi sening o‘rningda men bo‘lib qolsam edi!..– dedi.
To‘y ham sovuq oshdek o‘tdi, yig‘ilganlar turli sabablarni vaj qilib, uy-uylariga tarqala boshladilar, yon-atrof zim-ziyo qorong‘ulik og‘ushida.
– Xo‘sh, endi nima qilasan? – degan savolga tutdi ota o‘g‘lini xizmatkorlar dasturxonni yig‘ishtirishayotgan paytda. – Ayt, nima qilasan? Bu yog‘ini o‘zing hal qil!
Shunday deb, ota xotinini qo‘rg‘onchadan narida joylashgan uylari tomon boshlab ketdi.
Ular ketganidan keyin Jerlando yon-atrofga bo‘shashib qarab qo‘ydi. Endi nima qilsa ekan?
U xonalardan birida berkinib, indamay o‘tirgan xotini borligini his etardi. Balki endi u tashqariga chiqar? Hamma uy-uyiga tarqab ketdi-ku! Nima qilsa ekan-a?
Oh, qani endi boshi ochiq bo‘lsa-yu, u ham onasiga ergashib uyiga ketsa, daraxt tagida mazza qilib orom olsa!
Balki Eleonora Jerlandoning chaqirishini kutayotgandir? Taqdiriga tan berib, erini ichkariga kirib kelishini kutayotgan bo‘lsa-chi! Ha, ha, taqdirga tan bermay qayoqqayam borardi.
Jerlando avvaliga qulog‘ini ding qildi. Atrof sukunatga cho‘mgan. Hoynahoy, kelin dong qotib uxlab yotgandir. Vaqt allamahal bo‘lib qolgan, atrofni zimistonlik chulg‘agan, boloxonadagi ochiq eshik tirqishidan yorug‘lik taralardi.
Jerlando chiroqni ham yoqmay bir stulni o‘zi bilan boloxonaga olib chiqdi, u yerdan butun qishloq va uzoqdagi dengiz ko‘rinib turardi.
Havo ochiq, yulduzlar samoda jilva qilar, dengiz uzra oy shu’la sochar, chigirtkalarning tinmay chirillashi quloqqa chalinardi.
Dabdurustdan, boyo‘g‘lining yoqimsiz ovozi eshitildi, ketma-ket boshqasi ham ovoz bera boshladi, ular uzoq vaqt qorong‘u tun qo‘ynida navbatma-navbat huv-huvlay boshladilar.
 Jerlando panjaraga suyangancha uzoq vaqt boyo‘g‘li ovoziga quloq tutarkan, qalbini qiynayotgan og‘ir siquv asta-sekin tarqalayotganini his etdi. So‘ng ko‘zi qo‘rg‘onni o‘rab turgan devorga tushdi, endi bularning bari o‘ziga tegishli ekanligi xayolidan o‘tdi, bu yerda o‘sayotgan barcha daraxtlar: zaytun, bodom, anjir daraxtlari-yu uzumzor ham endi unga tegishli.
Ha, otasi quvonganicha bor ekan, endi u hech kimga qaram emas.
Otasi uni o‘qitmoqchi bo‘lganida ham uzoqni ko‘zlagan ekan. Endi o‘qishni davom ettiradi. Xotini oldida ivirsib yurganidan ko‘ra borib o‘qigani ma’qul. Mabodo, o‘rtoqlari ustidan kulib, mazax qilgudek bo‘lsalar, adablarini berib qo‘yadi. Axir u boyvachcha-ya, yaxshi o‘qimasa o‘qishdan haydab yubora olmaydilar. Bu yerdagi boyvachchalar oldida sharmanda bo‘lmaslik uchun ham astoydil o‘qiydi. Tez kunda qolgan darslarni ham o‘zlashtirib oladi. Yana to‘rt yil o‘qisa agronom yoki tanobchi degan hujjatni oladi. Qaynisi ko‘zga ko‘ringan advokat, opasini ko‘ngildagidek odamga uzatmaganidan ezilib yurgandir. Hechqisi yo‘q, ishimni topib olganimdan keyin o‘zi ta’zim qilib keladi hali! Ha, albatta, qo‘li ko‘ksida keladi! Shunda u: “Menga qari opangni xotinlikka berdingmi”, deb uyaltiradi, “Men ham o‘qimishli insonman, yosh va go‘zal xotinga uylanishga haqqim bor”, deb qaynisini tuzlaydi. Shu o‘y-xayollar bilan boshini panjarani ushlab turgan qo‘llari ustiga qo‘ydi-yu, pinakka ketdi.
Tun yarmidan oqqanda xuddi soya kabi ichkaridan Eleonora chiqib keldi. U Jerlandoni uyg‘oq deb o‘ylagandi. Unga nisbatan achinish hissi uyg‘ondi va banogoh uni vahima bosib ketdi. Eleonora o‘z qarorini unga aytish uchun xonasiga olib kirish maqsadida uni uyg‘otsammikan, degan xayol bilan joyida tik turib qoldi. Ammo eri sanalmish bu kimsani uyg‘otish uchun qo‘lini unga tekkizolmadi, uning ismini aytib chaqirishga ham jur’at etolmay, xonasiga kirib ketdi.

IV

Barcha ishlar xamirdan qil sug‘urgandek hal bo‘ldi-qo‘ydi.
Ertasiga erta tongda Eleonora Jerlandoga ko‘nglidagini to‘kib soldi. Bu uyning haqiqiy egasi Jerlando ekanligini, ko‘ngliga kelgan ishni qilishi mumkinligini, uning etagiga osilib, og‘ir yuk bo‘lmasligini aytdi. Undan faqat bir narsani – yoshligidan uni yaxshi biladigan keksa xizmatkor ayol bilan alohida kichik bir xonada yashashiga ruxsat berishini so‘radi, xolos.
Yarim tunda Jerlando g‘irt mast holda keldi, uni oshxonadagi divanga yotqizib qo‘yishdi. Ertalab uyg‘ongach, ichkilikdan o‘ziga kelolmayotgan Jerlando o‘zini zo‘rlab qovog‘ini solishga urinardi, go‘yoki bu xonadonning egasi u-yu, o‘zini gapga ko‘ndirish oson emasligini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lardi. Eleonoraning gapirayotgan har bir so‘ziga, jiddiy turgancha bosh irg‘ab qo‘yardi. O‘g‘illarining ahmoqona bu ishidan ota-onalarining fig‘oni falakka chiqardi. O‘g‘illariga qancha pand-nasihat qilmasinlar, u qulog‘idan kirib, bu qulog‘idan chiqib ketardi. Ular hamon boshqa-boshqa uyda yotardilar.
Jerlando otasini tinchlantirish maqsadida o‘qishiga oktyabrning boshlarida qaytish niyatida ekanligini aytdi. Keliniga achchiq qilgan onasi Jerlandoga eng shohona xonalarda yashashini, oliymaqom o‘qishlarda o‘qib, yaxshi oshxonalarda ovqatlanishini tayinlar ekan:
– Sen xotiningga bo‘sh kelma! Bo‘lmasa o‘zim borib, er deganni qanday izzat-hurmat qilish kerakligini o‘rgatib qo‘yaman! – derdi bobillab.
Erini hurmatini joyiga qo‘ymayotgan dimog‘dor kelinini kechirmasligini, bir umr u bilan gaplashmasligini aytib, ont ichdi. Shunday yigitni qadriga yetmasa-ya! Gapning indallosini aytganda, yoshgina yigit qariqizga munosibmidi, a?!
Jerlando o‘qishga sho‘ng‘ib, imtihonlarga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Vaqt juda oz qolgandi, bor-yo‘g‘i uch hafta. Xudo o‘nglab astoydil harakat qilsa bormi, uch yildan beri uddasidan chiqolmay kelayotgan o‘qishini tugatib, yetuklik hujjatini qo‘lga kiritar.
Bo‘lib o‘tgan voqealar bir oz unutilib, endi o‘ziga kelgan Eleonora xizmatkor kampirning maslahati bilan tug‘ilajak farzandiga kiyim-kechak tikishga kirishdi. Avvalari bu haqda hecham o‘ylamagan ekan.
Keksa xizmatkor kampir Jeza Eleonoraga chaqaloqqa ko‘ylak bilan qalpoqcha tikishni o‘rgatdi. Taqdir Eleonoraga shunday ovunchoq hadya etyaptiki, endi barcha ko‘rguliklari unut bo‘ladi. Xoh o‘g‘il farzand ko‘rsin, xoh qiz, unga butun borlig‘ini bag‘ishlaydi! Parvardigor ol qulim, deb o‘g‘il farzand ato etsa bormi, ajoyib ish bo‘lurdi. Eleonoraning yoshi ham o‘tib qolgan – uzoq umr ko‘radimi, yo‘qmi, xudo biladi – qiz bolani to‘pori otasiga qanday ishonish mumkin? Qiz bola deganlari nozik nav-nihol bo‘ladi. O‘g‘il bola ko‘pam hayotda qiynalmaydi, bir kunini ko‘rib ketaveradi.
Bu azobli o‘y-xayollar uni charchatdi, tikish-chatish ham joniga tegdi, o‘zini chalg‘itish maqsadida uyidan olib kelgan kitoblarini birinchi bor qo‘liga oldi. Ahyon-ahyonda xizmatkor kampir tomon yuz burib:
– U shu yerdami? –deb so‘rab qo‘yardi.
Jeza ensasi qotib: “Ha, shu yerda”, deb to‘ng‘illardi. So‘ng yelkalarini qisgancha ijirg‘anib labini burarkan:
–  Boshini kitob ustiga qo‘yib yotibdi. Balki, uxlayotgandir. Kim bilsin, balki xayol surib yotgandir,– dedi.
Jerlando xayol daryosiga g‘arq bo‘lgandi. Bu qanday hayot bo‘ldi, deb o‘ylardi.
Ha... u xo‘jayin, ammo kimning ustidan hukmini o‘tkazishni bilmasdi; xotini bormi, yo‘qmi, o‘zi ham sezmasdi. Ota-onasi bilan munosabati yaxshi emas, oralariga sovuqchilik tushgan. Hayot unga kulib boqmagandi, qancha o‘qimasin, kallasiga hech narsa kirmasdi.
Jerlando o‘zini qo‘yarga joy topolmasdi. Ishga qo‘li bormas, alamli iztiroblar og‘ushida yurak-bag‘ri ezilmoqda edi. Xotini uning ko‘kragidan qanchalik itarsa, u xotini tomon shunchalik talpinardi. Dabdurustdan xotinidan ko‘ngli soviy boshladi. Qo‘rg‘onni eplashtirish tashvishi Jerlandoning bo‘ynida edi.
Jerlando o‘rnidan dast turib g‘azab bilan xonasidan chiqardi-yu, qiya ochiq eshik tirqishidan xotinini ko‘rgach, jahlidan tushardi. U og‘ir xo‘rsinib qo‘yarkan, jur’ati yetishmayotganidan, hechqisi yo‘q, hammasi yo‘lga tushib ketadi, deb o‘zini ovutardi.
Kunlardan bir kuni navbatdagi imtihondan o‘tolmay shahardan qaytib keldi. O‘qish ham joniga tegdi. Shuncha o‘qigani yetar! Savil qolsin hammasi! U jahl ustida stol ustidagi kitoblaru, daftarlar, chizmalari-yu, barcha-barcha o‘quv qurollarini uyi tashqarisiga olib chiqib uydi-da, o‘t qo‘yib yubordi.
Yugurib kelgan otasi uni to‘xtatib qolmoqchi bo‘ldi. Jerlando banogoh portlab, otasiga o‘shqirdi:
– Mening ishimga aralashmang!.. Yosh bola emasman, boyvachchaman.
Onasi va dalada ishlayotgan dehqonlar yugurib kelishdi. Qog‘ozlar uyumi alanga olmoqda edi, tutun tobora quyuqlashib borar, olov gurillagancha osmonga o‘rlardi. Shovqin-suronni eshitgan Eleonora boloxonaga yugurib chiqdi, ketidan xizmatkor kampir ham hoziru nozir bo‘ldi.
Jerlando ust kiyimini yechib tashlagan, g‘azabdan rangi quv o‘chgan, kurk tovuqdek hurpaygancha uzoq yillar it azobida qiynalib o‘qigan kitobu daftarlarini alanga tomon uloqtirmoqda edi.
Bu holdan Eleonoraning kulgusi qistadi va shosha-pisha o‘zini ichkariga oldi. Kelinining qilgan ishini ko‘rib, qaynonaning g‘azabi jo‘sh urib, o‘g‘liga:
– Qilayotgan ishingdan xotiningning xursandligini ko‘ryapsanmi? Seni mazax qilyapti! – deya o‘shqirdi.
– Mazax qilishni unga ko‘rsatib qo‘yaman! – qichqirdi Jerlando bolaxona tomon o‘girilib qararkan.
Bu gapni eshitgan Eleonoraning aft-angori bo‘zarib ketdi. U shu damgacha kechirib kelayotgan osuda hayoti darz ketganligini his etdi. Endi qisqa vaqt ichida osuda o‘tayotgan hayoti to‘s-to‘polonga aylanadimi? Bu tentak undan nima istaydi o‘zi? Eleonoraning sabr kosasi to‘ldi. Ortiq chiday olmaydi bu pichinglaru azob-uqubatlarga.
Shu tob ko‘zi banogoh Jerlandoga tushdi. U tinmay hansirar, g‘azabdan talvasaga tushib, xotiniga o‘shqira boshladi:
– Yetar, bas! Meni mazax qilayapsanmi! Ha, otam oddiy dehqon, men ham. Nima, boyvuchchaman deb kerilayapsanmi? Bu latta-luttalaringni ko‘zimdan yo‘qot! Bolaga shohona ko‘ylaklarning keragi yo‘q. U ham menga o‘xshab dehqon bo‘ladi. Xizmatkor kampirning javobini ber, yo‘qolsin uyimdan. Uy-joyga ham, osh-ovqatga ham bugundan boshlab o‘zing qaraysan. Onam yurgizayotgan ro‘zg‘orni sen ham eplaysan, o‘lib qolmaysan. Tushundingmi gapimga!
Eleonora asta o‘rnidan turdi.
– Onang bilan ishim yo‘q,– dedi u Jerlandoning ko‘ziga viqor-la tik boqib.– Men sinyoraman, sen meni dehqon ayoliga aylantira olmaysan.
– Sen mening oddiy xotinimsan! – qichqirdi Jerlando Eleonoraning qo‘liga qo‘pollik bilan yopishib. – Aytganimni qilasan. Nima desam, shuni qilasan. Tushundingmi?
So‘ng Jerlando xizmatkor kampirga eshikni ko‘rsatib:
– Qani, uyimdan tuyog‘ingni shiqillatib qol-chi!– deya qichqirdi.
– Jeza, to‘xta, men ham sen bilan ketaman! – deya qo‘lini bo‘shatmoqchi bo‘ldi Eleonora.
Lekin Jerlando xotiniga dag‘dag‘a qilib, qo‘lini qo‘yib yubormay, yana-da mahkamroq siqdi.
– Hech qayerga ketmaysan, shu yerda qolasan. Mendan osonlikcha qutulaman deb o‘ylayapsanmi! Seni deb, toza eshitadiganimni eshitdim. Qani, xonangdan hamma narsalaringni olib chiq! Yetar, shu paytgacha hamma azobni bir o‘zim tortganim. Shuncha ko‘z yoshi to‘kkanlarim yetar.
– Nima uchun ko‘z yoshi to‘kding,– yig‘isini arang bosib so‘radi Eleonora. – Sendan men hech narsa talab qilmayapman-ku!
– Iya, hali talab qilamaganing shumi? Senga teginmasligimni, senga yaqinlashmasligimni talab qilmadingmi?– Nima, men yerdan chiqqan qo‘ziqorinmanmi? Sizdek xonim bilan gaplashishga haqqim yo‘qmi? Menga xizmat qilish uchun xizmatkor yollading. Nega boshqa xotinlar kabi menga o‘zing xizmat qilmaysan, a?!
– Mendan nima istaysan, o‘zi? – dedi Eleonora o‘zini bosishga urinib.– Gar shuni istar ekansan, senga o‘zim xizmat qilganim bo‘lsin.
Shu tobda Eleonoraning madori qolmay, ko‘zlariga yosh qalqdi, banogoh boshi aylanib, hushidan ketdi. Bu holni ko‘rib o‘zini yo‘qotgan Jerlando Eleonoraning qoshiga yugurdi va darhol yiqilayotgan xotinini ushlab qoldi. Jeza yordamida o‘rindiqqa o‘tqazdi.
Kechga yaqin Eleonorani to‘lg‘oq tuta boshladi.
Jerlando qilgan to‘polonidan pushaymon bo‘lib, qo‘rquvdan onasini chaqirgani yugurib ketdi. Doyani olib kelish uchun bir bolani shaharga jo‘natdilar. Kelinining bolasi tushib qolishidan qo‘rqib ketgan Jerlandoning otasi tayyor uy-joyidan ayrilib qolishidan xavotirlanib, o‘g‘lini: “Nima qilib qo‘yding, ahmoq bola,– deya koyiy ketdi.– Xotining o‘lib qolsa, nima qilasan? Farzandingdan ayrilib qolsang-chi? Xarob bo‘lasan, tushundingmi? O‘qishni tashlading! Biron-bir ishning uddasidan chiqolmaysan-ku, nodon bola! Qarab tur, itdek xor bo‘lasan!
–  Bola o‘lsa o‘lavermaydimi!– qichqirdi Jerlando. – O‘zi tirik qolsa bo‘lgani!
Ichkaridan yugurib chiqqan Jerlandoning onasi qo‘llarini ko‘kka ko‘tarib, faryod qila boshladi:
–  Doktor kerak! Tezroq doktorni chaqiringlar! U o‘layapti!
–  Ahvoli yomonmi? – so‘radi rangi dokadek oqarib ketgan Jerlando. Otasi Jerlandoni eshik tomon sudrarkan:
–  Yugur! Tezroq doktor topib kel! Oyog‘ingni qo‘lga ol! – deya buyurdi.
Jerlandoning vujudini titroq bosa boshladi. U jon-jahdi bilan yugurib ketdi. Ko‘z yoshlari tinmay oqar, oyoqlari xuddi yurmayotgandek tuyulardi o‘ziga.
Yarim yo‘lda u doya xotin bilan birga kelayotgan aravaga duch keldi.
– Tezroq yordam bering! Tezroq! – bor ovozi bilan qichqirdi u.– Doktorni olib kelishga ketayapman! Ahvoli og‘irlashib qoldi.
Jerlando qoqilib yiqildi, egnilari tuproqqa belandi, shilingan qo‘lini ushlagancha yugurishda davom etdi.
Jerlando shifokorni boshlab kelganida Eleonoradan qon ketib, behush yotardi.
– Qotil! Sen qotilsan! – deya qichqirdi bekasi atrofida girdikapalak bo‘layotgan Jeza. – Hammasiga sen aybdorsan! Unga qo‘l ko‘tarishga qanday hadding sig‘di!
Eleonora bir oz o‘ziga kelgach, jazavasi tutgan kampirga “jim” deganday bosh chayqadi. U ketayotgan qon bilan birga vujudidan so‘nggi kuch-quvvati, yashash onlari jismi jonini tark etayotganini va tanasi muzlab borayotganini his etmoqda edi. Bu dunyoni tark etgani bir jihatdan ma’quldir. Tavba, o‘lim qo‘rqinchli emas ekan. Balki bu boqiy dunyoning tashvishlaridan to‘yib ketgani uchun ham dorilbaqoga rixlat etish unga bir qadar yoqimli tuyulayotgandir. Rangi oppoq oqarib ketgan Eleonora ko‘zlarini shiftga tikkancha abadiy uyquga ketishini kutib yotardi. Nikoh kechasida guvoh sifatida qatnashgan shifokorni go‘yo tushida ko‘rayotgandek edi. Eleonora unga boqarkan, yuzida nim tabassum paydo bo‘ldi.

V

Jerlando xotinining yonidan kechasiyu kunduzi jilmay o‘tirdi.
Eleonorani nihoyat, oromkursiga oldilar, yuzidan qon qochgandi. Ko‘zi Jerlandoga tushdi, xuddi eri ham o‘lim to‘shagidan turgandek edi nazdida. So‘ng tepasida parvona bo‘layotgan qaynona-qaynotasini ko‘rdi. Yanayam kattalashib ketgan shahlo ko‘zlari ila ularga boqdi va ular bilan o‘zi o‘rtasida bog‘lab turadigan hech narsa yo‘qligini sezdi, go‘yo u qayerdandir poklanib kelgan-u, nafaqat eri, qaynona-qaynota bilan ham, avvalgi hayoti bilan ham bog‘lab turadigan rishtalar batamom uzilganini his etdi.
Eleonoraning nafas olishi og‘irlashgandi. Arzimagan shovqindan ham yuragi gupillab urib ketar, so‘ng bir oz to‘xtab, yana hapriqib urishda davom etardi. U nihoyat boshini o‘rindiqning orqa suyanchig‘iga tashlab, ko‘zlarini yumdi-yu, o‘lmay qolganidan afsuslandi. Endi u qanday yashaydi? Qanday qilib bu azoblarga chidaydi! Qarshisida undan nigohlarini uzmay turgan kimsalarning ko‘ziga qanday qaraydi. Ularga nisbatan qalb torlari uzilib ketgandi! Avval o‘tib ketganlar u tomon bostirib kelaverdilar, kimdir uni bor kuchi bilan ushlab turgandek, boshidan o‘tkazgan voqealarni tomosha etishga majbur etayotgandek edi, hamma-hammasini unutishga yopirilib kelayotgan o‘yu xayollari izn bermasdi.
 Eleonora endi odam qatoriga kirmay, yuragim yorilib bu dunyoni tark etsam kerak, deb o‘ylardi. Aslida unday bo‘lmadi... Barcha azoblar ortda qoldi. Asta-sekin o‘rnidan turib, Jeza kampir yordamida xona ichida yura boshladi; quvvatga kirgach, pillapoyalardan asta-asta pastga tushib, ochiq havodan to‘yib-to‘yib nafas oldi. Keyin-keyin har oqshom qo‘rg‘onning janubiy tomonidagi balandlikkacha boradigan bo‘ldi. U yerdan dengiz qirg‘og‘i bemalol ko‘zga tashlanardi. Eleonora dastlabki kunlari u yerga Jerlando va Jeza yordamida, keyinchalik esa Jeza kampir hamrohligida borardi, nihoyat, kuchga kirgach, yolg‘iz o‘zi boradigan bo‘ldi.
Eleonora qari zaytun daraxti soyasidagi tosh ustiga o‘tirgancha dengizning mavjlanishini tomosha qilishni yoqtirardi; shu yerdan botayotgan quyoshning gardish nurlari dengiz ustidagi quyuq tuman ichiga kirib ko‘zdan g‘oyib bo‘lishini, to‘lqinlarning go‘zal rangda mavjlanayotganini, bulutlar esa quyosh shu’lasidan g‘aroyib tusga kirib borishini, qorong‘ulik atrofga o‘z pardasini yoyayotgan paytda, samodagi yulduzlarning birin-ketin potrab chiqishi-yu, atrofga nur taratayotganini, ularga ergashib to‘lin oy o‘z jamolini ko‘z-ko‘z qilayotganini tomosha qilib o‘tirardi. Oqshom naqadar go‘zalliklarga boyligidan huzurlanaradi. Bu xotirjamlik va osudalik unga jannatdagidek rohat baxsh etgandi. Bu rohatdan to‘yib-to‘yib lazzat olardi.
Bu orada Jerlandoning oilasida Eleonoraga nisbatan tuzoq qo‘yilayotgan edi. Qaynonasi bilan qaynotasi merosxo‘r haqida o‘g‘illari qulog‘iga quyayotgandilar. Ular Eleonoradan xavotirda edilar.
– O‘g‘lim, xotiningni yolg‘iz qoldirma. Unga g‘amxo‘rlik qilishing kerak. Yonidan sira siljima, ishonchini, mehrini qozon. Xotiningni shunga majbur qilginki, xizmatkor kampir uning xonasida tunamasin. Kelinimiz hozir o‘zini yaxshi his etyapti, tunlari unga xizmatkorning hojati yo‘q,– deya uqtirardilar.
– Nimalar deyapsiz, axir! Bunday o‘y-xayollar kallamga kelgani ham yo‘q... Yo tavbangdan ketay! Axir u men bilan onadek munosabatda. O‘zingiz ham buning guvohi bo‘lgansiz-ku!.. Uning yoshi o‘tib qolganmish. Bu ishlarga yaramasmish!..
– Nima, qarib qolganmishmi? – gapga aralashdi onasi. – Uni qari deb bo‘lmaydi, shuning uchun sen...
– Farzandlik bo‘lmasang, barcha yerlaringni tortib oladilar! – Gapni bo‘ldi otasi. – Meni aytdi dersan, seni unga bog‘lab turadigan bolang bo‘lmasa xor bo‘lib, ko‘chada qolib ketasan. Mabodo, u senga bola tug‘ib bermay o‘lib qolsa bormi, qonun bo‘yicha butun mol-mulkingni tortib oladilar. O‘ylab ish qil! O‘qishni ham tashlading, vaqtni boy berayapsan. Meni aytdi dersan, otingni vaqtida qamchilab qolmasang, hech vaqosiz qolasan. Kech bo‘lmasdan yaxshilab o‘ylab ko‘r... Nimani kutib o‘tiribsan!
–Xotiningga do‘q qilma, yaxshi gapir,– asta tushuntirdi otasi. – Oldiga borib hammasini tushuntir. Aytganlarimni qilmasang, hech vaqosiz qolaman, degin. Meni ham o‘ylagin-da, men ham sening aytganlaringni qilyapman-ku, deb ayt. Nimadan qo‘rqayapsan? Hammasini tushuntir, qo‘rqma, seni yeb qo‘ymaydi.
– Yana shuni qo‘shib qo‘yginki,– yana gapga aralashdi onasi, – Eleonora, sen ukangga muruvvat ko‘rsatmoqchimisan? Axir u seni ne ko‘ylarga solmadi deysan. Meni uydan quvib yuborishini istamasang, gapimga kirasan. Ota-onam ham bu uy-joylardan quviladilar, degin.
Jerlando miq etmay o‘tirardi. Ota-onasining gap o‘rgatishlaridan ijirg‘anib o‘tirsa-da, ayni vaqtda ular haq ekanliklarini his etardi. Nima qilsa ekan? Bu voqealar haqida Eleonoraga so‘z ochsa, albatta unga yoqmasligini juda yaxshi biladi, ammo nachora, farzandsiz hayot hayotmi? Nima qilib bo‘lsa-da, Eleonoraga buni yotig‘i bilan tushuntirishi kerak.
Eleonora endi dasturxon atrofiga chiqib o‘tiradigan bo‘lgandi. Bir kuni kechki ovqat paytida eri dasturxonga tikilgancha xayol surib o‘tirganiga ko‘zi tushib qoldi va:
– Nega ovqatingni yemayapsan? Bir nuqtaga tikilib o‘tiribsan,– deb so‘radi.
Jerlando ayni vaqtda xotinidan shu savolni kutgan va aynan xotini shu savolni berishi uchun ham dasturxonga tikilgandek xayol surib o‘tirardi. O‘rni kelganda ota-onasi miyasiga quygan gaplarni gapirmoqchi ham bo‘ldi-yu, lekin qo‘l siltab qo‘ya qoldi.
– Senga nima bo‘ldi? – qayta so‘radi Eleonora undan.
– Hech narsa, – sarosimaga tushib dedi Jerlando. – Otam sira tinchlik bermayapti...
– Yana o‘qi deyaptimi? – kulib so‘radi Eleonora.
– Yo‘q, boshqa narsa haqida, – asta gapirdi Jerlando. – Farzandlik bo‘lishimizni istayapti. Nabiralik bo‘lishni juda xohlayotganmish. Nasl-nasabsiz bo‘lishimizni istamayapti. Bir-biringizga qarab, so‘ppayib o‘tirasizlarmi deyapti. Merosxo‘r kerak-ku, axir!
– Otangga aytib qo‘y, – jiddiy tusda dedi Eleonora Jerlandoni qizargan yuzini ko‘rmay, deb qo‘llari bilan yuzini to‘sarkan. – Otangga ayt, tashvish tortmasin. Men hammasini o‘ylab qo‘yganman. Gar shu haqda gap ochilgan ekan, senga bir gapni aytib qo‘ymoqchiman, kim oldin, kim keyin o‘ladi, bu yolg‘iz Ollohga ayon, men avval bandalikni bajarsam, xonamdagi javonning ikkinchi tortmasida senga atalgan xat bor, hammasi o‘sha yerda yozilgan.
– Qanday xat? – so‘radi uyatdan qizarib ketgan Jerlando.
Eleonora bosh irg‘ab gapini tasdiqlarkan:
– Ha. Xotirjam bo‘l, – deb gapni qisqa qildi.
Ertasi kuni sevinchi ichiga sig‘magan Jerlando ota-onasining uyi tomon yeldek uchib bordi va Eleonora aytgan gaplarni oqizmay-tomizmay so‘zlab berdi.
Jerlandoning ota-onasi o‘g‘lining gapidan qoniqmay, hayron bo‘lib uni savolga tutdilar:
– Xat deysanmi?
“Qiziq, bu qanday xat ekan. Vasiyatnomamikan. Demak, barcha mol-mulklarni eriga qoldirayotgan ekan-da. Xatda nimalarni yozdi ekan-a? Ayolligiga borib, nimaniyam yozganiykin! Yozganlarini notarius tasdiqlamasa, u qonuniy hisoblanmaydi-ku. Ukasi ham sud xodimi bo‘lsa, sudlashib bor-budlarini tortib olishi tugan gap.
Sudlashib baraka topmaysan. Sudlashib yurishni xudo ko‘rsatmasin. Bizday nochorlarning kuchimiz yetmaydi ularga. Ukasi o‘chakishib bizni xonavayron qiladi. Oqni qora, qorani oq, deb turaverishadi. Kim biladi deysan, o‘sha tortmada hech qanday xat yo‘qdir. Sendan qutulish maqsadida shunday deyayotgandir. Xatni o‘z ko‘zing bilan ko‘rdingmi? Yo‘q, ko‘rmagansan. Bolang bo‘lganda bormi, barchasi boshqacha tus olgan bo‘lardi. Aldanib qolmagin tag‘in. Gapimizni ikki qilmay farzandlik bo‘lish harakatiga tush. Xat bilan ish bitadimi?” – tinmay o‘g‘liga uqtirardi otasi.
Kunlarning birida odatda jarlik yoqasida o‘tirgan Eleonoraning ro‘parasida kutilmaganda Jerlando paydo bo‘ldi. Eleonoraning eti junjikib yelkasiga qora sholro‘molini tashlab olgandi. Fevral oyi bo‘lsa-da, kunlar ilib, bahorning hidi kelib qolgan. Jarlikning pastidagi yalanglikda nish urgan bug‘doy ko‘m-ko‘k yastanib yotardi, ufqda dengiz va osmon tutashib ketgandi.
Eleonora osuda ranglar uyg‘unlashuvini zavq bilan tomosha qilayotgan edi. U toliqqanini his etgach, boshini zaytun daraxtining tanasiga qo‘yib, tin oldi. Qora sholro‘molini boshiga o‘radi, yuzi oppoqqina bo‘lib ko‘zga tashlandi-qo‘ydi.
– Bu yerda nima qilib o‘tiribsan? – dedi Jerlando uning qarshisiga kelib. – Xuddi motamsaro onalardek o‘tiribsan-a.
– Atrofni tomosha qilayapman,– dedi Eleonora xo‘rsinib, so‘ng ko‘zini asta yumdi.
Jerlando Eleonoraga:
– Sholro‘moling o‘zingga biram yarashibdiki... – deya ko‘nglini ko‘tardi.
– Rostanam yarashibdimi? – ma’yus jilmaydi Eleonora. – Sovqotganimdan o‘radim.
– Rost aytayapman, juda yarashibdi. Yuzingni naqsh olmaday ko‘rsatayapti. Biram ochilib ketibsanki,– dedi Jerlando shosha-pisha xotinining qarshisiga tiz cho‘karkan.
Eleonora yig‘lab yubormaslik uchun ko‘zlarini chirt yumib oldi. Samarasiz o‘tib ketgan yoshlik yillaridagi xotiralar miyasiga quyunday yopirilib kela boshladi. Essiz yoshligi, besamar o‘tgan yoshligi... O‘n sakkiz yoshida u naqadar go‘zal va suluv edi-ya!
Kutilmaganda Jerlando jur’atsizlik bilan uning bilagidan ushlayotganida Eleonoraning hushi o‘ziga keldi.
– Qo‘lingni menga ber, – dedi Jerlando va besaranjom ko‘zlari bilan xotinining boshidan oyog‘igacha razm soldi.
Eleonora erining xatti-harakatidan gap nimadaligiga tushunsa ham o‘zini go‘llikka solib:
– Qo‘limni? Nega? – deb so‘radi va: – Zo‘rlama meni, ko‘tarolmayman. Kuchim yetmaydi. Zo‘rg‘a yuribman... Kech bo‘ldi, yur uyga ketaylik,– deya o‘rnidan turdi.
– Yomon xayol ko‘nglimga kelgani yo‘q, – tushuntirmoqchi bo‘ldi Jerlando. – Bir oz shu yerda o‘tiraylik. Bu yer juda osuda, ko‘ngilochar joylar ekan...
Quruqshagan lablarining tanobi qochgancha Jerlando Eleonoraning tizzalarini quchmoqchi bo‘ldi.
– Yo‘q! – qichqirib yubordi Eleonora. – Esingni yeb qo‘yibsan! Qo‘yib yubor!
Eleonora Jerlandoning yelkasidan itarib yubordi. Jerlando cho‘kkalab qoldi, Eleonoraning qora sholro‘moli uning ustiga sirg‘alib tushdi.
– Qachongacha noz qilasan-a, qachongacha, – yana-da kuch bilan Eleonoraning tizzalarini qucharkan g‘o‘ldiradi Jerlando xuddi mast odamdek. Eleonoradan taralayotgan yoqimli hiddan mast bo‘lgan Jerlando asta-sekin qo‘lini uning beli tomon cho‘zdi.
 Eleonora bor kuchini ishga solib, erining quchog‘idan o‘zini ozod etdi va jar yoqasiga yugurib keldi-da: 
– Yaqinlashma! – deb baqirdi.
G‘azabi jo‘sh urgan Jerlando Eleonoraga tashlandi. Eleonora unga chap beraman deb, pastga qulab ketdi.
Jerlando dahshatdan turgan joyida dong qotib qoldi. Qulog‘iga faryod to‘la bo‘g‘iq ovoz chalindi. Jerlando esankiragancha qo‘rqa-pisa pastga qaradi, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, yashil o‘t-o‘lanlar ustida bir to‘da qora kiyimlar yoyilib yotardi. Qora sholro‘mol esa shamolda hilpirab, qanot qoqqandek pastlab tushib borardi.
Jerlando nima qilarini bilmay ikkala qo‘li bilan boshini changallagancha uyi tomonga qaradi. So‘ng zaytun daraxti teppasida to‘lin oy shu’la sochib turganiga ko‘zi tushdi. Jerlando uzoq vaqt oydan ko‘zini uzolmadi. Uning nazdida to‘lin oy barcha voqeaga guvoh bo‘lgancha Jerlandoni ayblayotgandek edi.

Ruschadan Nazira Jo‘rayeva tarjimasi

 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.