Svetaeva Marina Ivanovna (1892.26.11, Moskva - 1941.31.8, Yelabuga, Tatariston) rus shoirasi. Moskva universiteti professori. Lozanna va Freyfurgdagi musiqa maktabi va katolik pansionda, Yaltadagi kizlar gimnaziyasida o‘qigan. Oktyabr to‘ntarishini qabul qilmay, 1922 yilda Pragaga, 1925 yilda esa Parijga ko‘chib borgan. Muhojirlikda muhtojlik va vatansizlik azobini boshidan kechirgan. Svetaeva 2-jahon urushi boshlanishi bilan SSSRga qaytib kelgan (1939). Ammo ko‘p o‘tmay, ruhiy iztiroblar orqasida o‘z joniga qasd qilgan.
Dastlabki she’riy to‘plamlari — «Oqshom albomi» (1910) va «Sehrli fonar» (1912). 1916 yilga kelib, Svetaeva ijodining asosiy mavzui — muhabbat, Rossiya, she’riyat mavzui uzil-kesil shakllanadi. Svetaevaning 20-yillar avvaliga oid she’rlari oq gvardiyachilarning muhojirlikda nashr etilgan jurnallarida e’lon qilinadi. Shu davrda uning «Blokka atalgan she’rlar», «Hijron»(1922), «Psixeya, Romantika», «Hunar» (1923) she’riy kitoblari va «Barakalla» (1924) doston-ertagi nashr etilgan. Svetaevaning «Rossiyadan keyin. 1922— 25» so‘nggi to‘plami 1928 yili Parijda bosilgan.
Svetaeva she’riyati musiqiyligi, tovushning she’r musiqiy qurilmasidagi katta o‘rni va ahamiyati bilan ajraladi. Tashki dunyo bilan murosa qila olmagan va shu dunyodagi hayotida ro‘shnolik ko‘rmagan shoiraning asarlari, jumladan, «Tog‘lar dostoni», «Intiho dostoni» (1926), «Krisolov» lirik satirasi (1925), hatto antik davr syujetlari asosida yozilgan «Tezey» (1927) va «Fedra» (1928) tragediyalari uzun hamda keskin monologlardan tarkib topgan. Svetaeva nasrda ham qalam tebratib, M. Voloshin, O. Mandelshtam, A. Beliy va boshqalar haqida falsafiy o‘ylar va xotiralardan iborat o‘ziga xos adabiy portretlarni yaratgan.