OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Milorad Pavich. Buyumlarning asl holati (hikoya)

Urushning dastlabki yillarida Yugoslaviyada bir to‘p qochoqlar nemislar bosib olgan hududlardan chiqib ketishga urinishdi. Mamlakatning italiyaliklar zabt etgan qismida, hatto lagerlaridayam shimoli–sharqqa qaraganda ahvol birmuncha yaxshiligi ko‘rinib turardi.
1942 yilning bahorida Albaniyaga qarab yo‘lga chiqqan qochoqlar orasida ikki nafar erkak va bir ayol bor edi. Ularning pasport va qolgan boshqa hujjatlaridagi rasmi, muhrlari risoladagiday bo‘lsa ham yo‘l bo‘yi ko‘p qiyinchiliklarga duchor bo‘lishdi. Erkaklardan biri – baland bo‘yli, keksa kishini Prvud Balochevich deb atashardi. Yelkasida kabob sixiga o‘tkazilgan karamni ko‘tarib, xayolchan va jim borardi. U yo‘l bo‘yi daraxtlar bilangina hol-ahvol so‘rashdi. Ikkinchi qochoqning ismi sharifi pasport bo‘yicha – Matiya Vrana, uning yoshini aniq aytish qiyin, beliga kamari ostiga ozroqqina baliq uni bog‘lab olgandi. Anastasiya Delyanovich ismli yosh va go‘zal ayolning yonboshida osilib tushgan ikkita uzun qo‘lqop bug‘doy doni bilan to‘ldirilgan. Uning pasportida homiladorligi qayd etilgan, bu ko‘zga ham tashlanib turardi. Qochoqlar Rudnikdan o‘tib, Ibara vodiysi orqali Kosovoga qiyalab tushdilar. Dam olish uchun to‘xtashar ekan, bir dehqondan qaynagan suv olib, unga to‘g‘ralgan karam, baliq unidan solib, sho‘rva tayyorlashdi. Qochoqlar Kosovodan olislashishar ekan, oyoq kiyimlarini yechib, orqasini oldga qaratib kiyishdi, mo‘ljaldagi yo‘lni yayov bosib o‘tishdi. Toqqa ko‘tarilishsa, oyoq izlari tog‘dan tushayotgan odamning izlariday bo‘lib turardi. Biroq ularni tez orada qo‘lga tushirib, Italiyadagi uncha katta bo‘lmagan suzish lageriga olib borishdi. Lagerni nemislarga xizmat qiluvchi mahalliy aholi qo‘riqlardi. Erkak va ayollarning hujjatlarini tekshirish uchun qandaydir markaziy nemis idorasiga jo‘natishdi. Bu lagerda qochoqlar o‘zlari ko‘zlagandan ham uzoqroq qolib ketishdi, bu orada lager qutvoli, gornizondagi qo‘riqchilar bir necha marta almashindi. 
1943 yilning oxirlarida ikki nafar erkak va ayolning lagerga kelishi haqidagi guvohnoma qo‘lga tekkanida ayol allaqachon farzand ko‘rgandi. Balochevich va Vrananing hujjatlari Anastasiya Delyanovichnikiga qaraganda ancha vaqtli tayyor bo‘ldi.Italiyadan chiqib ketish vizasini erkaklar lagerdagi qolgan qochoqlarning katta qismi bilan birinchilardan bo‘lib olishdi. Lagerni tark etarkan, Anastasiya va uning o‘g‘lini yonlariga olishdi. Hujjatlar tekshirilayotganda nomuvofiqlik yuz berdi: pasportda ayolning homiladorligi ko‘rsatilgan, ayni paytda Anastasiya Delyanovich og‘iroyoq emas, buning ustiga, pasportdagi sana ham chaplashib ketgandi. Nechog‘lik tushuntirishga urinishmasin, ayolni lagerda qoldirishdi, pasportdagi yozuv narsalarning asl holatiga to‘g‘ri kelmasdi. 
Bolani olib lagerni tark etgan ikki nafar erkak Vraj hududida qolgan ayolning sirli go‘zalligini uzoq vaqtgacha unutishmadi. Ayol pichoqni qanday ushlaganini, kipriklarining uzun va qayrilganini, kuylaganda ovozidan taralgan to‘lqinni eslab, takror-takror hayratlanishdi. Katta va yumshoq nonni qanday kesganini, issiq non haroratini ko‘kragiga bosib issiq, mayin xo‘rsinganini, mahzunliklar ayol ko‘ksiga bir maromda singib ketganini ko‘z oldiga keltirishdi. So‘ng har qaysinisi bir bo‘lakdan non olishdi. Keyinroq shularni lagerda hech qanday non ham, pichoq ham bo‘lmagandek xayolda jonlantirishdi. 
 Tasvir narsalarning asl haqiqatiga nomutanosib edi.

Rus tilidan Go‘zal Begim tarjimasi

 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.