OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Milorad Pavich. Gullash mavsumidagi allergiya (hikoya)

1973 yilning bahor tashrifi yaqinlashdi. Yaxshi bilamanki, ilk maysalar va gulchanglar paydo bo‘lishi bilan qirq uch yillik hayotimda o‘ttiz to‘rtinchi marta gullash mavsumidan allergiyaga duch kelaman. Bu kasallikka qarshi olib borgan urinishlarimdan shuni bildimki, kasallikning yagona davosi (albatta, vaqtincha) – dengiz. Faqat ugina meni yilning bu mavsumidagi chorasiz, chalkashib ketgan ko‘zlarim, lablarim, burun teshigi va terilarimni tobora kuchli zabt etayotgan turli hidlardan himoya eta oladi. Gullash bo‘roni faqat quloqlarimgagina rahm-shafqat qildi, xolos. Dengiz bug‘lanishi, tuzli shamol, yod, suv osti o‘tlari, qirg‘oqqa urilayotgan to‘lqinlarning mayin ifori, ehtimol, quruq va namchil havoning to‘qnashuvi, quruqlikdagi giyohlar jangiga duchor bo‘lish holati – bular hammasi meni juda oson o‘z izmiga oldi. Toqqa qilgan sayohatim haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Vodiyda gullaydigan giyohlar tog‘larda kechroq gulga kiradi. Tepaga harakatlanish odamni xastalikka solgandek tuyuladi. Men esa dengiz tubigacha tushishim zarur. Har yili yozni qora non va oq sharob tamaddi qilib o‘tkazadiganim – Stona emas, bu gal janubiy qirg‘oqqa borishga ahd qildim. Yilning gullash mavsumini hech bir do‘stim men bilan o‘tkazishni xohlamadi. Kiyimlarim solingan ko‘k sumka, bir shisha vino, yangi terilgan qo‘ziqorin, konservalangan loviya, dudlangan ikkita kolbasani oldim-u, mashinaga yolg‘iz o‘tirdim. Allergiyaga qarshi iste’mol qilgan dorilarimdan o‘zimni tetik his qilib, Nish va Uskufning qisqa yo‘llaridan Egey dengizining janubiy sohillariga jo‘nab ketdim.
Kun botayotganda Stobida qisqa muddatga to‘xtab, mashinadan vino va yeguliklar oldim. Rim amfiteatri ortidagi issiq buloqqa piyoda yetib bordim. Bir qarashda u yerlar maysazorga aylangan, ichkarisi oz-moz qo‘ru quvvatini yo‘qotgan. Lekin yillar u yerdagi bir yuz yigirma o‘rinlik tomoshabinlar o‘rindiqlariga o‘z soyasini tashlamagan edi. Namchil havo, toshlar bilan o‘ralgan bu joyda quyosh hamda gul changidan xayiqmay bemalol dam olsa bo‘ladi.
Aktyorlar uchun mo‘ljallangan yo‘lakdan yurib kirarkanman, shishani, yeguliklar solingan idishni sahna o‘rtasidagi katta tosh ustiga qo‘ydim-da, u yerdan shitob bilan uzoqlashdim. Qurigan shox-shabbalarni yig‘ib, sahnaga olib keldim, gulxan yoqishga chog‘lanib, o‘t qaladim. Gugurtning “chirt” etgan tovushi amfiteatrning eng oxirgi qatorigacha yetib borishini kutgandim. Biroq maysalar, dafna va brusnikalar o‘sib yotgan amfiteatr hovlisi chekkalarida hech bir tovush tarqalmadi. Har xil po‘panak va botqoq hidlaridan xalos bo‘lish istagida olovga tuz sepdim, qo‘ziqorinni vino bilan yuvib burchakka qo‘ydim. Soyada o‘tirib, quyoshning bir joydan ikkinchi joyga yengil ko‘chib, botishga qay taxlit hozirlik ko‘rishini tomosha qildim. U teatrni tark etganida qo‘ziqorin va kolbasani olovdan olib, loviyali bankani ochdim, tamaddi qilishga o‘tirdim. 
Amfiteatr hovlisida taralayotgan tovushlar shu qadar benuqson ediki, ularning qaysidir bir bo‘lagi og‘zimga kirar, birinchidan sakkizinchi o‘rindiqqacha har biri birday tushunarli aks-sado qaytarar, biroq men tomonga qaytayotganda turfa xilda jaranglardi. Ovqatlanayotganda aks-sadolar men bilan birga tamaddi qilayotganday, hech bo‘lmaganda tomoshabinlar menga hamroh bo‘lib og‘zini ishtiyoq bilan chapillatayotganday tuyuldi. Tosh o‘rindiqqa kimningdir ismi yozilgandi. Qaysi bir ismlar ayollarga dahldor edi. Nima bo‘lmasin, bir yuz yigirma juft quloq har bir aks sadoni maroq bilan tinglar, Stobi teatridagi xatti-harakatlarimni sinchkov kuzatar, kolbasani men bilan birga kavshardi. Agar yeyishdan tiyilsam, ular ham tomog‘iga bir nima qadalganday to‘xtashar, mening harakatga kelishimni poylashardi. Bunday kezlarda pichoq biror joyimni kesib yuborishidan, barmog‘imdagi yangi jarohat hidlari meni muvozanatdan chiqarishi mumkinligidan, ikki ming yildan beri tomirimda qiynalayotgan qonlar menga tashlanib, bo‘lak-bo‘laklab tashlashidan hayiqaman.
Tushlikdan so‘ng bir bo‘lak kolbasani cho‘qqa tashlab, qizarib pishishini kutdim, so‘ngra olovni vino bilan o‘chirdim. ko‘mirning chirsillashida amfiteatrdan eshitilayotgan “sh-sh-sh” tovushi panasida manzaralarni kuzatdim. Pichoqni g‘ilofga solarkanman shamol beozor esdi, sahnada gulchanglar aylandi, aksa urdim-u, bexosdan qo‘limni kesib oldim. Tomchilayotgan qondan toshga iliqlik yugurdi...
Agar men to‘g‘ri tushungan va xotirlagan bo‘lsam, bundan so‘ng nimalar yuz bergani, bu so‘zlarni kim yozayotgani mavhum edi. 
 

Rus tilidan Go‘zal Begim tarjimasi

 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.