Bu qirol ajdodlari kabi o‘ta dangasa, ishyoqmas va beg‘am edi. U saroyda bo‘ladigan tantanalar boisgina madhiyalar yozib beradigan keksa shoirni nafaqaga chiqarolmas, unga yetarlicha nafaqa tayinlab, xayr-xushlashishga jur’ati yetmasdi. Shoirning o‘zi esa ketishni sirayam istamasdi.
Qirol oilasida kimdir tug‘ilsa yoki vafot etsa, boshqa yurtlardan elchilar kelsa yoki qo‘shni davlatlar bilan ittifoqchilik imzolansa, odatiy marosimlardan so‘ng saroy ahli qirollik zaliga yig‘ilar va qovog‘i soliq, hamisha nimadandir norozi shoir she’r o‘qiy boshlardi. Ayni kunlarda tildan va iste’moldan chiqib ketgan iboralar eskirgan so‘zlar g‘alati jaranglar, qadimgi ingliz bichimida tayyorlangan soch parigi uni yanada ojiz qilib ko‘rsatar, shuning barobarida sochining to‘kilgan joylari yarqirab-yarqirab, ajib ulug‘lik kasb etardi. Olqishlar ham oldindan o‘ylab qo‘yilganday yengilgina,qo‘lqopli qo‘llarning shovqini xuddi she’riyatni ulug‘lashga yetarli xizmat qilayotganday ko‘rinardi.
Shoir yerga qadar ta’zim qildi, ammo uning yuzi hamon tund, qirol qo‘lidan qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan uzuk yoki oltin tamaki qutisini olganda ham ko‘zlari tobora g‘amg‘inlashib ketardi.
Bayram dasturxoni yozilganda u parigini yechib qo‘yib, keksa mansabdorlar orasida o‘tirar, temir yo‘llarga oid shartnomalar, turli xil o‘g‘irliklar, mish-mishlar haqida gapirar, tuzga solinadigan soliq loyihasiga juda qiziqardi.
Odatdagiday qirol sovg‘asini xazinachiga topshirib, o‘rniga mo‘maygina pul olib, uyiga qaytdi. Shoirning uyi katta va beo‘xshov, otasi - sobiq marhum saroy shoiridan qolgan meros edi. Marhum qirol bu lavozimni nasldan naslga o‘tuvchi qilib qo‘ygan,bu bilan, ehtimol, tartib-intizomni saqlamoqchi, har xil noxushliklardan yiroq bo‘lmoqchi edi.
Shoirning uyi yuragi kabi ma’yus va qorong‘u edi. Kechga borib, faqat ish kabineti yorug‘lashardi. Javonlarda kitoblar o‘rnida noyob qadimiy tamaki qutilari terilib turardi. Otasi shu buyumga o‘ta ishtiyoqmand kollektsioner chiqib qoldi..Qachonlardir, ha, qachonlardir u ham uylangan, shu uyda ipak ko‘ylaklarning shildirashi eshitilar, nozik qo‘llar mehr bilan chiroyli muqovali kitoblarni varaqlar, javonlardagi hamma narsalar bu ajib hilqat, qirmizi yuzlar shu’lasi oldida hayratdan qotib turardi. Biroq shoirning xotini bu yerda bir yilcha ham yashay olmadi - yosh va noma’lum rassom bilan qochib ketdi. Shoir qayg‘uli, bayronona ruhda qasos o‘ti bilan yonib turgan ishqiy poemasini yoza boshladi. Xuddi shu paytda qirollikdan kimdir vafot etib qoldi-yu, shu munosabat bilan elegiya yozish talab etildi. Shu bilan boshlangan poemaga yana qaytish havasi so‘ndi.
Og‘ir va zerikarli yillar kamergerning tortilgan mundirlari kabi sudralib o‘tdi. Bu yillarning yagona hodisasi yangidan-yangi tamaki qutilari olish bo‘lib qolaverdi.
Sukunat qanchalik uzoq cho‘zilsa, momoqaldiroq shunchalik kuchli bo‘lishini bilganlar shoirga xizmati tugaganligini aytolmas, aytsalar, uning yuzlari, ko‘zlari yanada ma’yuslanib, tushuniksiz kinoya aralash noo‘rin hazil deb tushunishini oldindan his etishardi.
Bu ishning boshlanishiga, aftidan, Ispaniya shahzodasining kelishi munosabati bilan yozilgan bayram dasturxoni sabab bo‘ldi.Taklif etilganlar orasida shoirga yaqin joyda o‘tgan podshohlik davrining mansabdorlaridan biri o‘tirardi. U shu qadar qarib, sochlari oqarib, tishlari to‘kilib ketgandiki!... Qariya nima uchundir hozirgina o‘qilgan she’r bilan judayam qiziqib qoldi. Qulog‘i yaxshi eshitmasligi bois nimalarnidir so‘rab - surishtirdi, hatto oxirgi satrni qayta ko‘rib chiqish lozimligini ham uqtirdi. So‘ngra kutilmaganda hi-hilab, hammaga ma’lum latifasifat gapni aytib berdi - unda shoirlarni grammofonlar bilan almashtirib qo‘yish vaqti keldi, deyilardi.
Shoir uni loqaydlik bilan tingladi. Yangi orden ta’sis etilishi haqida suhbatlashayotgan qo‘shni stoldagilarga qo‘shilish ishtiyoqida turganida, qirol ular tomonga qarab turganini, kinoya va achinish aralash kulayotganini sezib qoldi. Sezib qoldi-yu… Agar shuni sezmaganida qariyani bu qaltis hazili uchun kechirgan ham bo‘larmidi!... U sobiq mansabdorga keskin, qahrli javob qaytardi. Tushlik tugashi bilan uyiga qaytdi. Shoir asabiy, vahimali, vajohatli edi.
Tong otishi bilan uning qalbida qat’iy qaror tug‘ildi. Xizmatkorini kun bo‘yi kitob do‘konlariga yugurtirdi, avvallari «shaharlik shoirlar» deb mensimay qaraydigan shoirlarning ko‘plab kitoblarini sotib oldi. Tamaki qutilari bilan to‘lgan xonasidan ikki oy chiqmadi - bu yerda qizg‘in va sirli ishladi. Saroy shoiri o‘zining kichik ukalaridan o‘rgandi, uslubini o‘zgartirdi.
Saroyda xotirjamlik hukm surardi.Shahar chekkasidagi g‘amg‘in uyda nimalar bo‘layotgani hech kimning xayoliga kelmasdi. Bu orada hayot o‘z yo‘lida davom etdi. Kimdir sevdi, kimdir sevildi, kimdir tortishdi, kimdir yarashdi, yana bir-birlariga xushomad qilib, yerga qadar egilib kun kechirdilar. Albatta, mardlik va jasorat amallarini amalga oshirdilar. Va haliyam she’riyatga qadimiy va tantanavor eskilik qoldig‘i sifatida qarashdan voz kechmadilar.
Nihoyat, kutilgan kun keldi. Aslzoda malika turmshga chiqdi, shu vajdan she’rlar zarur bo‘lib qoldi va bu xabarni saroy shoiriga yetkazdilar. U g‘amg‘in, g‘alati, savdoyi qiyofada kirib keldi. Ziyrak nigohlargina shoirning lablaridan uchayotgan yengil, noxush nim tabassumni, asabiylik bilan qo‘lidagi she’r yozilgan qog‘ozlarni g‘ijimlayotganini ilg‘ay olardi. Ammo shu paytgacha u va uning she’rlari bilan kimning ishi bo‘lganki, endi bo‘lsin! Yoshlar uchun judayam keksalik qilar, u qatori yuqori martabali amaldorlar esa shuncha hurmat-e’tiborga qaramay, uni o‘zlariga teng bilmasdilar.
Tantana boshlandi. Ulug‘sifat ruhoniy jozibali ruhda nikoh marosimini tugatdi. To‘yga tashrif buyurgan elchilar, mehmonlar kelin - kuyovga ehtirom ko‘rsatishdi. Nihoyat,ranglari oqargan, ammo qat’iylashgan shoir she’r o‘qishni boshladi. Saroy ahli orasida anglab bo‘lmas shivir-shivir o‘rmaladi. Hatto yoshlar, har qadamda kimni ko‘rsa , shunga oshiq yoshlar ham hayrat bilan boshlarini ko‘tarib, uni tinglay boshlashdi.
Nima bo‘ldi? Qani shamol xudosi, burgutlar, gullarga atalgan, hayratomuz olamni madh aylagan balandparvoz so‘zlar jilosi? She’rlar butunlay yangi, ehtimol, ajoyib edi. Har qalay, bu qolipga solingan she’r emas edi. Saroy ahli unchalik xush ko‘rmaydigan shaharlik shoirlarning ruhi bor edi unda. She’rlar tobora yarqirab, o‘ziga tortib borardi. Go‘yoki saroy shoirining uzoq vaqt ushlab turilgan iqtidori birdan yuzaga qalqib chiqdi, chiqdi-yu, bir paytlar o‘zi ham yuz o‘girib kelgan o‘sha mo‘‘jizalarni yaratdi-qo‘ydi. Shiddatli satrlar oqib kelar, shirali ovoz jaranglab uchar, ajoyib manzaralar yaralar, misli ko‘z ilg‘amas tubsizlikdan yorug‘lik porlab chiqardi. Keksa shoirning ko‘zlari parvozga chog‘langan burgutnikiday yonar, tovushi shu burgutnikiday har tomonni tutdi.
Butun saroy ahli, yana qirol huzurida bunday yaxshi she’rlar o‘qishga qanday jur’ati yetdiykin uning!... Hech kim olqishlashga o‘zida kuch topmadi. Kamergerlar qahr bilan shivirlashga tushdi, yosh yunkerlar o‘zlarini tutib olib, jiddiy tortishdi. Hayratdan qotib qolgan qoshi qalam xonimlar ham anglab bo‘lmas tarzda qoshlarini chimirib qo‘yishdi. Qirol norozi ohangda mukofot uchun tayyorlab qo‘yilgan uzukni bir chekkaga uloqtirdi.
Saroyning so‘nggi shoiri yolg‘iz, vaboga yo‘liqqanday tantananing tugashini ham kutmay, chiqib ketdi, ketayotib, katta kantsler kotibga shoirni nafaqaga chiqarish haqidagi buyruq tayyorlashni buyurganini eshitdi.
Ammo birinchi bor uyga qaytish nechog‘li zavqli, yolg‘iz qolish esa undan-da farog‘atli kechdi. U qaddini mag‘rur tutib, kechki zallarni kezib chiqdi, so‘nggi she’rlarini baland ovozda o‘qidi, keksalarga xos ayyorona tabassum bilan shaharlik shoirlarning kitoblariga nazar tashladi. U nafaqat ular bilan tenglashdi, hatto ulardan o‘zib ketganini ham his etdi. Nihoyat bu quvonchini kim bilandir bo‘lishgisi kelib, ajrashganlaridan so‘ng ilk bora xotiniga xat yozdi. Tantanavor ohang bilan birinchi marta uni olqishlamaganliklarini bitib, she’rlarini qo‘shdi,xat so‘nggida g‘urur bilan qo‘shib qo‘ydi: «Shunday odamni tashlab ketding!»