Metr Paolo Bellichini skripka uchun solo yozdi. Kuylayotib, lablari titrab ketdi, oyoqlari asabiy holda taktga urinar, uzun-uzun, oppoq va nozik qo‘llarining sho‘xligi tutganday, beparvolik bilan kamonchani qayirmoqchi bo‘lardi. Metrning minglab o‘quvchilari uning xuddi mana shu - oppoq hind ilonlariga o‘xshash qo‘llaridan qo‘rqishardi.
Keksa meetr mashhur edi. Hech kim uning sehrli musiqasidan a’loroq biron-bir ish qilolmagan. Hukmdor gertsoglar u bilan tanishishni sharaf deb bilar, shoirlar unga she’rlar, poemalarini bag‘ishlar, ayollar uning yoshini ham unutib, tabassum va gullar hadya etishardi. Shunga qaramay, turli gap-so‘zlar musiqachining sarxush shuhratiga soya solib o‘tardi. Uning iqtidori, avvalo, xudo yuqtirgan iqtidor emas, aksincha, u o‘ylamay-netmay, qaysarlik bilan ulug‘ san’atkorlar ruhini jodugarlik yo‘li bilan yorib o‘tadi, bezovta qiladi, deyishardi. Metr muxlislari bunday gaplardan qanchalik achchiqlanmasinlar, ulardan hasad, kamsitilgan hamiyat hidlari kelib turibdi, demasinlar, baribir bu gap-so‘zlarda ham jon bor edi. Chunki keksa metr musiqalari allaqanday qo‘l yetmas nimalargadir, qaylargadir uchayotgan havoyi va telbavor, ehtimol, ta’qiqlangan parvozlarga o‘xshar. Bundan tashqari, u shunday ojiz va uquvsiz, baland bo‘yi, ozg‘inligi janubiy mamlakatlarda yashaydigan g‘amg‘in botqoq qushini eslatardi.
Metrning kabineti musiqachi xonasidan ko‘ra ko‘proq qora rangli kitoblar sotuvchisinikiga o‘xshab ketardi. Balandda tovushlarning yaxshi taralishi, eshitilishi uchun anglab bo‘lmas egri-bugri chiziqli gumbaz va arklar o‘rnatilgan.Ulkan violonchellar, eski temir musiqa asboblari hali ham jozibasini yo‘qotishmagan, ayni paytda tush ko‘rishayotganday, alahsirayotganday Lorrena, Kollaning ajoyibu g‘aroyib asarlari singari qorong‘u burchakda tiqilib turishardi. Devorlarga esa murakkab algebraik tenglamalar, qiyshiq burchaklar, uchburchaklar, aylanalar chizib tashlangan. Keksa metr matematiklarga o‘xshab, o‘z ijodini hisoblar chiqar, musiqa algebraning yuragi deb bilardi. Bu xonaning yagona bezagi - qizil baxmal bilan qoplangan skripka futlyari edi. Bu skripka - mashhur Stradivarius yaratgan eng sevimli, eng so‘nggi soz edi. Usta bu asbob ustida o‘n yil ishladi. Bu sozning shuhrati tugallanmasidanoq oliy doiralar tiliga tushdi. Uni qo‘lga kiritish uchun hukmdorlar bahslashishar, hatto Frantsiya qiroli bir eshakka yuk bo‘ladigan oltin berishni ham va’da qildi. Papa esa - parli kardinal shlyapasini! Biroq ulug‘ usta bu takliflarga uchmadi, po‘pisalardan qo‘rqmadi. Uni o‘sha paytda yosh, hali nomi chiqmagan Paolo Bellichiniga tuhfa qildi. Faqat skripkadan hech qachon ayrilmaslikni talab qildi. Paolo qasam ichdi. U o‘zining eng baxtli damlari uchun faqat shu skripkadangina minnatdor edi. Skripka go‘zal mahbubasi, sevimli yoriga aylandi. Soz uning oppoq qo‘llarida goh qotib qolar, goh yig‘lab yuborardi. Hatto eng ashaddiy oshiqlar ham bu sozning ovozi suyuklilarining ovozidan-da dilbarligini tan olishar, anglab yetishar, his qilishardi.
Kech tushdi. Tun bog‘ ichida olis va qadimiy davrlardagi so‘z ustalarining nutqlari singari o‘sib bordi, qizil, moviy va oq bargli giatsintlar kabi sochilib yotgan yulduzlar ostida gullab ketdi. Venetsiyaning baland derazalari qarshisiga kelib, chayqalib ketdi, asta-sekin chiqib keldi-da, osmon ostida turib qoldi. Shu tun bilan birga-birga metr qalbidagi notinchlik kuchaydi, suvning yengil, sovuq irmog‘i kabi ilhomga sokin olov quyildi. Kuyning boshlanishi go‘zal edi. Mayin kuylarni kuchli to‘lqin bir zumdayoq egallab oldi, bu tovushlar bir-birini quvib, bir-biriga gal bermay, shitob bilan ko‘rinmas cho‘qqiga intilishar, u yerdan qo‘lida dunyoning eng go‘zal guli - ulug‘vor musiqa ohanglari bilan qaytishni istashardi. Biroq aynan shu so‘nggi qat’iy parvozni keksa metr uddalay olmas, oxiriga yetolmas, yetkazolmas, tuyg‘ulari qanchalik shiddatli bo‘lmasin, soddagina matematik hisob-kitoblar uni bor kuchlari o‘shal go‘zallik sari qanchalik yetaklashmasin, u ucholmasdi. Birdan uning xayolidan qo‘rqinchli o‘y kechdi. Ehtimol, daho ustoz oxirgi nuqta - yuksaklikka ko‘tarilib bo‘lgandir? Paoloning bunga kuchi yetmasa-chi? Qachon keladi mukammallik, komillik?! Biroq kutish unga to‘g‘ri kelmaydi - buning uchun keksalik qiladi. Kutolmaydi, ibodat qilish esa faqatgina oddiy va kundalik ishlarda yaraydi, yordam beradi, xolos. Ijod iztiroblari esa - chin yozmishdir,qismatdir. Uning oldida bolasini dunyoga keltirayotgan ayolning-da azoblari arzimasdek ko‘rinadi.
Keksa metr telbanoma umidlar iskanjasida skripkaga qattiq yopishdi - go‘yoki u uning sirg‘alib tushib ketayotgan tuyg‘ularini, ohanglarni ushlab qoladiganday, qo‘li yetmas narsasini olib beradiganday. Hammasi behuda! Skripka har doimgiday itoatkor va mayin jilmaydi, kuyladi, o‘ylaridan sirg‘alib tushdi, ammo o‘shal mash’um nuqtaga yetmay, yetolmay, yengil suvluq bilan bog‘langan toza qonli arab tulporiday to‘xtadi. U do‘stidan uni tinglashni erkalanib, yolvorib so‘rayotgandek ko‘rindi. Devorlarda terilib turgan qadimgi mag‘rur shoirlarning og‘ir jildli kitoblari qorayib ketdi, ular skripkaning iztiroblarini his etishganday, san’atning muqaddasligini yana bir bor eslatishganday, uning davomli, barhayotligiga ular-da daxldorligini aytishayotganday edi. Biroq qahri qattiq metr hech narsani tushunmadi va unga yordam bermagan skripkani zarb bilan futlyarga otib yubordi.
O‘ringa kirib, biroz orom olmoqchi bo‘ldi. Uzoq to‘lg‘ondi, ammo uxlay olmadi. Tugallanmagan solo o‘yi dahshatli qip-qizil burgutday boshi uzra osilib turardi. Nihoyat,uyqu keldi, og‘riqlari yoyilib ketdi. U oxiri yo‘q yo‘lak bo‘ylab keta boshladi. Yo‘lak kengaygandan kengayib, yorug‘lashib, uni olislarga olib ketdi. Chor-atrofda allalovchi, unutilib ketgan nafaslar eshitildi, tovushlar chalindi. Qanotli kalamushlar singari nimadir sokinlashgan, hech nrasani eshitmayotgan Paoloning butun vujudidan sizib o‘tganday bo‘ldi. U kutilmaganda yolg‘iz emasligini his etdi. Yonida o‘rta bo‘yli, qora soqol, qarashlari o‘tkir, jingalak soch notanish odam borar, u qadimiy nemis minnezingerlariga o‘xshab ketardi. U egniga kulrang, qora va binafsharang marvarid iplari bilan o‘ralgan matoni tashlab olgan, uning yelkasida tovlanayotgan afsonaviy alvon ipak Konstantinopol sultonining eng nozikta’b va injiq, tanti va sevimli asirasining ham aqlini olardi.
Paolo yo‘ldoshiga ishonch to‘la tabassum bilan qaradi. U esa bir tekis ovozda so‘zlay boshladi:
«Muxtaram metr, hech narsadan qo‘rqma. Men san’at fidoyilarini hurmat qilishni bilaman. Menga qora niyatli hukmdor va gunohlar otasi deb tuhmat qilishadi. Aslida, men faqat go‘zallik yaratuvchi, shu go‘zalliklar shaydosiman, xolos. Dovruqli Kain bu yerlik bo‘lmaganlar bilan hisob-kitobini qilib, dunyoni qurish ishiga kirishgan chog‘ida unga ustozlik qildim. Ya’ni, ojiz so‘zlardan chinakam she’riy ohanglar, o‘tkir qirrali olmoslar bilan fil suyalaridan odamlar va jonivorlar qiyofasini yaratish, musiqa asboblarini yasab, ularga egalik qilish san’atini o‘rgatdim unga.U bilan birgalikda Livan tog‘laridagi quyuq kedrlar soyasida salqin kechalarda ajoyib ariyalar kuyladik. Dalalar bo‘ylab jonbaxsh shamollar esdi, ulkan-ulkan janub yulduzlari kiprik qoqmay bizni kuzatishdi. Tungi osmon ostida qop-qora kapalaklar qanotlaridan uchgan changning soyalari uchib ketdi. Pastda - oqim bo‘ylab g‘azallar oqdi. Ularni uzoq tinglab, hayratlanib,boshimizni ko‘tardik, oydan oqayotgan nurlarni ichdik. Biz nurlar raqsidan shodlanar, suyunardik. Dunyo bundan keyin bunday musiqani boshqa eshitmadi. Orfey yaxshi chalardi, ammo u arzimas muvaffaqqiyatlar bilan qanoatlanguvchi edi. Uni tinglab toshlar yig‘laganida, erinchoq arslonlar yuvvosh tortganidayoq mukammallikka, komillikka yetishishni to‘xtatdi, chunki u komillikka erishib bo‘ldim, deb o‘yladi. Holbuki, uning etagiga endigiga yetgan edi. Uning kuylari bilan yunonlargina ilhomlanishar, bu bilan ular o‘zlarini yanada aqlli va go‘zal insonlar deb bilishga, ko‘rsatishga urinishardi,xolos.
Shu kundan boshlab, g‘amgin va ko‘rimsiz damlar boshlandi. Negaki, odamlar ajoyib ohanglar sehrini unuta boshlashdi. Mantiq bilan shug‘ullanishga kirishdim. Georgiy bilan suhbatlashar, gohida juda chuqur ketib, falsafa olamiga cho‘kib ketdim. Telba monaxlar bilan birga Parijdagi Bogomater sobori minorasiga qo‘rqinchli mahluq haykalchasini qo‘yishni ham o‘ylab topdik, eng jozibali Xonim suratini chizdim, uni Savanoronning yovvoyilari yoqib yuborishdi. Men hatto Avstraliyada bo‘ldim. U yerda uzun qo‘lli yoqimsiz odamlar uchun ajoyib o‘yinchoq - bumerang kashf etdim. Hozir bu haqda o‘ylasam, kulgim qstaydi. Bu o‘yinchoq qahrli yovvoyining qo‘lida jonga kiradi, uchadi, qayriladi, buraladi va dushmanining boshini olib, xo‘jasining oyoqlari ostiga tashlaydi. Ko‘rinishi shu qadar yumshoq va beozor, begunoh! To‘g‘risi, u sizning almisoqdan qolgan zil-zambil miltiqlaringiz va to‘plaringizdan ming marta afzalroq. Ammo bularning bari arzimas narsalar edi .Men ohanglarni qattiq sog‘indim. Stradivarius o‘zining ilk skripkasini yaratganida hayajonga tushdim, o‘sha zahotiyoq unga hamkorlikni taklif etdim. Biroq qaysar keksa chol hech narsani eshitgisi ham kelmadi. Aksincha, menga sirayam yoqmaydigan, qo‘l-oyog‘i mixlangan payg‘ambariga soatlab iltijo qilar, sig‘inardi. Men dahshatli ishlarni ko‘rib turardim. Odamlar eng yuqori, eng baland garmoniyani faqat men yaratgan skripka torlaridan olishlarini istardim.. Bu - faqat mening emas, Yaratganning nomidan edi! Meni qo‘lingda turgan shu skripka dahshatga solar, qo‘rqitardi.
Yana bir mingyillik o‘tib, shundayin shahd, ishtiyoq bilan shunday sozlar yaratilganida bormi, men abadiy qorong‘ulikning g‘amg‘in tubsizliklarida yo‘q bo‘lib ketardim. Ne baxtki, u sening qo‘lingga tushdi! Sen esa yana mingyilliklar o‘tishini sabr bilan kutishni istamaysan, kutolmaysan.Sen bugun kutilmaganda men chalgan kuyga tushib qolding. Men uni olis tunda - gunnlar franklar monastiri devorlari ortida yarim ming begunoh qizlarni qiynoqqa solishgan damda yaratgan edim. Bu - juda zo‘r kuy edi! Istasang, meni uni oxirigacha chalib beraman». Notanish odamning qo‘lida skripka paydo bo‘ldi. To‘q qizil rangli, ko‘rinishidan boshqalardan farqi yo‘qday. Ammo Paoloning sinchkov ko‘zlari osonlik bilan bu skripkaning boshqalardan ajralib turadigan chizgilarini ilg‘adi, ko‘rdi va keksa metr hayajondan qotib qoldi.
«Ajoyib narsa! - dedi notanish odam.- U Vizantiya malikasining ko‘zlariday qaysar, qo‘llaridagi qimmatbaho uzuklari singari tantiq. Nimalarnidir xirgoyi qiladi, xayolingga ham kelmas ohanglar topadi u. Hatto menga ham uni boshqarish mushkul». Va u chala boshladi. Afrodita dengiz bo‘yida oppoq qoyalarda bo‘zlab, yuragini tirnab, Adonisni chorlardi go‘yo. Paolo hammasini tushundi. U buni qachonlardir sog‘inib izlaydi, bundan ham muhimi, u sog‘inishi mumkin bo‘lgan yagona tuyg‘u edi bu. Faqatgina u bu istagiga, bu sog‘inganiga yerdagi hayotida yetolmadi, yetisholmadi. Hammasi o‘zgardi. Kun yarmida quyuq, zardali bulutlar ostidagi tol barglari shamolda shovullar, boshoqlar rangi moviy, tillarang, donlar ichida yoqutlar ham yal-yal yonardi. Purviqor quyosh osmonga ko‘rk bag‘ishlab turar, daraxtlarga jon va rohat, mo‘l-ko‘l mevalar berar, g‘aroyib qushlar tinmay qichqirishar, kapalaklar uchayotgan gullarga o‘xshashardi. Oliymaqom skripka jaranglab kuylar, yeru osmonni larzaga solar, havo ham shunday sog‘inchli baxt bilan to‘lib ketgandiki, borliqni bo‘lib-bo‘lib yubordi.
Paoloning qalbi parchalanib ketdi. Bu dahshatli tushdan uyg‘onganida ko‘zlari yanada g‘amg‘inlashdi, o‘ylari qorong‘ulashdi. Tushida tinglagan kuyidan nimalar esida qoldiykin? Yer yuzida yana shunday skripkaning o‘zi bormikan? Iblis niyatiga yetdi , yaxshi o‘yin ko‘rsatdi - ayyorona nutqlari, so‘zlari metrning ojiz va ochko‘z yuragini zaharladi. O, Stradivariusning sevimli va bechora skripkasi! Seni eng baxtsiz, eng dilgir damda buyuk ustang Paolo Bellichini qo‘liga tutqazdi. Sen insoniyatning neki ezgu o‘ylari, his-tuyg‘ularini noziq pardalarga joylading, odamlar bilan tillashding. Oqibati esa-qochib bo‘lmas taqdir o‘yinida aybsiz qurbonga aylanding! Nadomatlar bo‘lsinkim,inson yana shunday qudrat yaratguncha, uning qalbi, qo‘liga yana shunday muqaddas onlar kelguncha qanchadan-qandan asrlar o‘tib ketadi endi!
Metr Paolo Bellichini sehrli futlyarga yo‘lbarsday pisib bordi. U o‘zining sevimli, sadoqatli yo‘ldoshini astagina chiqardi. Uning mukammal yaratilganini ilk bora sezib qoldi. Alami keldi. Skripkani o‘zidan so‘ng kimgadir berishi zarurligini o‘ylab, keksa metr rashkdan titrab ketdi. Yo‘q, yo‘q! Shunchalik nozik, shunchalik go‘zal va sevimli hilqatga hech kim hech qachon qo‘l tekizolmaydi. Og‘ir oyoq kiyimi poshnalarining kuchli zarblari ostida sinib ketgan skripkaning uchayotgan iztirobli ohanglari yangrab ketdi. Shovqinni eshitib, yugurib kelgan toliblar metrni aqldan ozganlar uyiga olib borishdi. Bu - shahar chetidagi qayg‘uli va qorong‘u bino edi. Tunlari bu yerdan qichiriqlar, oh-vohlar eshitilar, kutilmagan bosqindan qo‘rqib yurguvchi qorovullar sovut kiyib olishardi. Telba Paoloni pastdagi qorong‘u yerto‘laga joylashtirishdi. Unga qo‘llari qonga belangan bo‘lib ko‘rindi. Har kuni ichish uchun beriladigan suvni qonni ketkazaman deb toshli devorga ishqalab tashlagan qo‘llarini yuvishga ishlata boshladi. Oradan besh o‘tib, qorovul uni o‘lik holda topdi - u suvsizlikdan jon bergan edi. Tunda chuqur qazib, hech qanday so‘zsiz, marosimsiz ko‘mib tashladi. Stradivariusning mo‘‘jizakor skripkasi o‘limi tillardan tillarga, ellardan ellarga, yillardan yillarga qayg‘uli qo‘shiqday ko‘chdi. Uning qotili esa eng dahshatli o‘lim topdi.
Nikolay Gumilyov. Stradivarius skripkasi (novella)
Oygul Suyundiqova tarjimasi