OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘Genri. Mo‘jizaviy kulchalar (hikoya)

Marta Michem xonim muyulishdagi kichkina non do‘koniga egalik qilardi (xuddi o‘sha, zina bo‘ylab pastga tushib eshikni ochganingizda qo‘ng‘iroqchalari jiringlaydigan do‘kon).
Marta xonim qirqqa kirgan, bankdagi hisobida ikki ming dollar yotardi. Ikkita tishi yasama, hissiyotga beriluvchan edi. Marta xonimdek bunday imkoniyatlarga ega bo‘lgan ayollarning ko‘pchiligi erga tekkan bo‘lardi.
Do‘konga haftasiga ikki-uch bor bir mijoz tashrif buyura boshladiki, Marta xonimda unga nisbatan ozmi-ko‘pmi qiziqish uyg‘ondi. Bu o‘rta yoshlardagi ko‘zoynak taqqan, qora cho‘qqi soqoli chiroyli kuzalgan kishi edi.
U ingliz tilida nemischa talaffuz bilan gapirardi. Egnidagi eskirgan, dazmol tegmagan, yamoq tushgan kostyumi ro‘dapoga o‘xshab qolgandi. Shunday bo‘lsa-da, uning ko‘rinishi orasta, asosiysi esa xushmuomala edi.
Bu mijoz har safar ikki dona qotgan kulcha sotib olardi. Yangi kulchalarning donasi besh tsent turardi. Qotganlari esa ikki yarim tsent. U biron marta boshqa narsa sotib olmasdi.
Bir kuni Marta xonimning ko‘zi uning barmoqlaridagi qizil va jigarrang bo‘yoq izlariga tushdi. Shunda Marta xonim uni rassom va chor-nochor yashaydi deb o‘yladi. Biror yerda chordoqda yashab, qotgan kulchalar bilan qorin to‘yg‘izsa kerak. Marta xonimning do‘konidagi mazali yeguliklar haqida ham orzu qilsa kerak.
Marta xonim to‘qmoqlangan buzoq go‘shti, yog‘li shirin kulcha, murabbo va choydan iborat nonushtasiga o‘tirar ekan, ko‘pincha xo‘rsinar va bu xushmuomala rassom Marta xonim bilan mazali taomlardan tanovul qilish o‘rniga o‘zining yelvizak kirib turadigan chordog‘ida qotgan nonlarni kemirib o‘tirganini o‘ylab ezilardi. Avval aytganimizdek, Marta xonim hissiyotga beriluvchan, ko‘ngli bo‘sh ayol edi.
Bu mijozining kasbi haqidagi taxminini tekshirib ko‘rish uchun Marta xonim qachonlardir kimoshdi savdosida sotib olingan suratni orqa tarafdagi xonadan do‘konga olib chiqib peshtaxta ortidagi tokchaga o‘rnashtirib qo‘ydi.
Suratda Venetsiya tabiatining kichik sahnasi tasvirlangandi: eng ko‘zga tashlanarli yerida serhasham marmar saroy qad ko‘tarib turardi (agar surat tagidagi yozuvlar aldamayotgan bo‘lsa). Qolgan joylar gondolalar* (ularning birida bir xonim qo‘li bilan suv o‘ynab o‘tirardi), bulutlar, osmon va oqish-qoramtir bo‘yoqlar bilan to‘ldirilgandi. Hech bir rassom bunday surat yonidan bee’tibor o‘tolmasdi.
Ikki kundan so‘ng eski mijozimiz do‘konga kirdi.
– Marhamat qilib ikkita qotgan kulcha bersangiz.
Marta xonim kulchalarni qog‘ozga o‘rayotganida u shunday dedi:
– Juda ham chiroyli surat ekan, xonim.
– Rostdanmi? – dedi Marta xonim ayyorona, go‘yo ajablanganday. – Men san’atni va... («va rassomlarni» deyishga hali erta emasmi?) – munosibroq so‘z topib Marta xonim gapini tugatdi: – ...va rassomchilikni sevaman. Sizga surat yoqdimi?
– Ijodkor noto‘g‘ri ishlagan, – javob berdi mijoz. – Manzara noto‘g‘ri chizilgan. Ko‘rishguncha, xonim.
U kulchalarni olib, ta’zim qildi va shoshib ko‘chaga chiqdi.
Ha, shubhaga o‘rin yo‘q, u rassom. Marta xonim suratni orqa tarafdagi xonaga qaytarib olib kirib qo‘ydi.
Ko‘zoynak ortidan nur sochib turgan ko‘zlar! Keng manglayini aytmaysizmi! Bir qarashdayoq manzarani tushunishu qotgan kulchalar bilan kun ko‘rish! Daholar, dunyo ularni tan olmasidan avval, ko‘pincha yashash uchun kurashishlariga to‘g‘ri keladi.
Agar shunday daho bankda yotgan ikki ming dollar bilan qo‘llab-quvvatlansa bormi, san’at qanday gullab-yashnardi-ya... Orzuni haqiqatga aylantirmoqchimisiz, Marta xonim?
Endilikda do‘konga kirgan mijozimiz beka bilan birpas gaplashib turish uchun peshtaxta oldida ozmi-ko‘pmi ushlanib qolardi. Aftidan, Marta xonimning ochiq ko‘ngilliligi unga yoqib qolgandi.
U hamon qotgan kulcha sotib olardi. Qotgan kulchadan boshqa narsa sotib olmasdi, na pirog, na somsa, na mazali qumoq pechene.
Marta xonimga so‘nggi paytlarda u ozib qolgandek va qandaydir g‘amgin bo‘lib tuyuldi. Marta xonim uning nochor xaridiga biron mazali narsa qo‘shgisi kelar, lekin har safar bunga jur’ati yetmasdi. Marta xonim uni xafa qilishni istamasdi. Axir, bu rassomlar juda g‘ururli bo‘ladilar.
Marta xonim peshtaxta ortida mayda xol-xol oq, havorang gulli shoyi ko‘ylakda paydo bo‘la boshladi. Do‘kon ortidagi xonada behi urug‘i qo‘shilgan qandaydir sirli aralashma tayyorladi. Ko‘pchilik bundan terini oqartirish uchun foydalanadi.
Kunlarning birida eski mijozimiz do‘konga kirib, peshtaxtaga odatdagidek besh tsentni tashladi va har doimgi qotgan kulchalarini so‘radi. Marta xonim endigina qo‘lini tokchaga uzatgan edi hamki, birdan ko‘chada sirena chinqirig‘i, g‘ildirakning g‘izillagani eshitildi va do‘kon oldidan o‘t o‘chirish mashinasi o‘tib ketdi.
Mijoz eshikka otildi, uning o‘rnida boshqasi ham shunday qilgan bo‘lardi. Xayolidan ajoyib fikr o‘tgan Marta xonim bu vaziyatdan foydalanib qoldi.
Peshtaxta tagidagi eng pastki tokchada o‘n daqiqa ilgari sut sotuvchi olib kelgan bir qadoq sariyog‘ yashirib qo‘yilgandi. Marta xonim kulchalarni pichoq bilan ikkiga bo‘ldi, har birining orasiga katta-katta sariyog‘ bo‘laklarini soldi va kulchalarning ustki va ostki qismlarini yaxshilab bir-biriga jipslashtirdi.
Mijoz eshik oldidan qaytib kelganda Marta xonim allaqachon kulchalarni qog‘ozga o‘rayotgan edi.
Qisqagina, biroq yoqimli gurungdan so‘ng u ketdi. Garchi Marta xonimning yuragi hovliqib dukurlayotgan bo‘lsa-da, jimgina tabassum qildi.
Balki, Marta xonim o‘ziga ortiqcha erk berib yuborgandir. U xafa bo‘lib qolsa-chi? Yo‘g‘-e, xafa bo‘lmasa kerag-ov! Sariyog‘ qo‘shib bergani bilan nojo‘ya ish qilgani yo‘q-ku!
O‘sha kuni Marta xonim shularning hammasi haqida o‘yladi. Marta xonimning kichkinagina ayyorligini qanday sezib qolishini ko‘z oldiga keltirdi.
Mana u mo‘yqalam va palitrasini* chetga surdi. Molbertda* benuqson manzarali surat turibdi.
U qotgan kulcha va suv bilan nonushta qilmoqchi bo‘ladi. Kulchalarni kesadi va .... oh!
Marta xonimning yuziga qizillik yugurdi. Kulchalarga sariyog‘ qo‘shgan qo‘llar haqida o‘ylarmikin? Xohlarmikin...
Eshik tepasidagi ko‘ng‘iroq g‘azab bilan jiringladi. Kimdir do‘konga gurs-gurs qadamlar bilan kirdi. Marta xonim orqa tarafdagi xonadan yugurib chiqdi. Peshtaxta oldida ikki kishi turardi. Og‘zida mundshtuk bilan qandaydir yigit – Marta xonim uni birinchi marta ko‘rib turgandi; ikkinchisi o‘zimizning rassom edi.
Bo‘g‘riqib ketgan, xo‘mraygan rassom qo‘llarini musht qilib tugdi va Marta xonimning yuziga g‘azab bilan musht o‘qtadi. Naq Marta xonimning yuziga-ya!
– Dummkopf! – bor kuchi bilan nemischalab baqirdi. Keyin: – Tausendonfer! – yoki shunga o‘xshash so‘z bilan Marta xonimga baqirdi.
Yigit uni tashqariga sudradi.
– Unga hammasini aytmagunimcha ketmayman, – qo‘pollik bilan javob qaytardi eski mijozimiz.
Uning mushtlari ostida Marta xonimning peshtaxtasi turk nog‘orasiga aylandi.
– Sizniki meni rasvo qildi! – qichqirdi u Marta xonimga ko‘zoynak orasidan g‘azab o‘tida yonayotgan ko‘m-ko‘k ko‘zlari bilan qarab. – Men hammasini, hammasini aytaman! Siz surbet qari mushuksiz!
Marta xonim behol bo‘lib non tokchalariga suyandi va mayda xol-xol oq, havorang gulli shoyi ko‘ylagini ushladi. Yigit rassomning yoqasidan oldi.
– Yuring, ketdik! Yetarlicha aljiradingiz. – U quturgan oshnasini ko‘chaga olib chiqib, Marta xonimning oldiga qaytib keldi.
– Janjal nimadan boshlanganini bilib qo‘ysangiz yomon bo‘lmasdi, xonim, – dedi u. – Bu Blyumberger. U chizmachi. Biz u bilan qurilish idoralarining birida ishlaymiz. Blyumberger uch oy bosh ko‘tarmay yangi munitsipalitet binosining loyihasi ustida ishladi. Uni konkursga tayyorlayotgandi. Kecha kechasi u chizma ustida giyoh bilan yurgizib chiqishni tamomladi. Chizma avvaliga qalam bilan chizilishi, keyin esa qalam chiziqlari qotgan non bilan o‘chirilishi sizga ma’lum bo‘lsa kerak. Qotgan non o‘chirg‘ichdan yaxshi. Blyumberger nonni sizdan sotib olardi. Bugun esa... Bilasizmi, xonim, sizning sariyog‘ingiz... u, bilasizmi... Xullas, Blyumbergerning chizmasi endi faqat buterburodga yaraydi.
Marta xonim do‘kon ortidagi xonaga kirib ketdi. U yerda xonim mayda xol-xol oq, havorang gulli shoyi ko‘ylagini yechib avvalgi jigarrang paxta ko‘ylagini kiydi. So‘ng behi urug‘i qo‘shilgan surtmasini olib, uni deraza ortidagi axlat qutisiga ag‘dardi.
 
Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 10-son.
___________
* G o n d o l a - Venetsiya qayig‘i.
* P a l i t r a — rasomlarning bo‘yoq qoradigan taxtasi
* M o l b ye r t — rassomchilik dastgohi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.