Men sizlarga hikoya qilmoqchi bo‘lgan ushbu voqea “Tonggi mayoq” gazetasida ishlab yurgan paytlarim sodir bo‘lgandi. Men Nyu-York ko‘chalari bo‘ylab kezar ekanman, yo‘limda uchragan ne hodisa borki, hikoya qilib yozaverardim. Tirikchiligim shuning orqasidan, gazetada doimiy shtatda bo‘lmaganim uchun mablag‘ masalasi ham haminqadar edi. Oddiy kunlarning birida ish stolim qarshisida Trip paydo bo‘ldi. U gazeta chop etish bo‘limida ishlardi. Shuning uchunmi undan doim bo‘yoq hidi kelib turar, barmoqlari ham kislota tufayli bujmayib ketgandi. Trip yigirma besh yoshlar chamasida edi, biroq ko‘rgan odam uni qirqdan narida deb taxmin qilardi. Uni biror surat masalasida kelgan deb o‘yladim. Tripning tikanak soqol qoplagan yuzi ayni paytda juda bechorahol va ayanchli edi. Uning hamma qatori menga ham ma’lum bir odati bor: ko‘p qarz so‘raydi. Trip qo‘lini stolga tirab, inqillagancha yonimga o‘tirdi. Uning barmoqlari titrardi! Yana ichibdi-da.
Bugun bir hikoyam uchun besh dollar qalam haqi olgandim. Shu boisdan dunyo ko‘zimga chiroyli ko‘rinib turgandi.
— Xo‘sh, Trip? — gap boshladim men. — Ahvollar qalay?
— Senda biror dollar topilmaydimi? — uning ahvoli har kungidan og‘ir edi.
— Bor, — dedim. — Ochig‘i, besh dollar pulim bor. Ammo bunga ming mashaqqat bilan erishganimni ham aytishim kerak. Ayni pulga muhtoj paytim oldim-da o‘ziyam...
Men u pul so‘rab ulgurmasidan bahonalarimni qalashtirib tashladim.
— Aslida, qarz olmoqchi emasdim. — Tripning so‘zidan dadillashdim. — Men senga yaxshi bir hikoya uchun voqea topib bermoqchiydim, xolos. Bu senga ko‘p naf keltiradi, ishonaver. U juda qiziq! Biroq bu fikr senga bir necha dollarga tushadi.
— Xo‘sh, qanaqa fikrlar ekan, ayt-chi?
— Aytaman, — davom etdi Trip, — bir qiz... go‘zal! Hech qachon bunday hurliqoni uchratmagansan. U bir gul! Yigirma yoshda. Shu yoshiga qadar qishlog‘idan chiqmagan, umrida Nyu-Yorkni ko‘rmagan! Men uni 34-ko‘chada uchratib qoldim. U dunyodagi eng chiroyli qiz, ishonaver. Qisqasi, u meni o‘sha ko‘chada to‘xtatib, Jorj Braun ismli kimsani qaerdan topish mumkinligini so‘radi. Ishonayapsanmi, shunday katta shahardan Jorj ismli odamni topib berishimni so‘radi! Bu xaqda nima deyish mumkin, axir? Men qiz bilan suhbatlashdim. U kelasi haftada Xiram Dodd ismli fermerga turmushga chiqayotgan ekan. Biroq u ilk muhabbatini unutolmapti — Jorj Braunni. Jorj ancha yil burun qishloqni tashlab, shaharga o‘z baxtini izlab ketgan ekan. Keyin esa qishloqqa qaytmapti. Qiz uni kuta-kuta axiyri Xiramga rozilik beripti. Bir necha kun oldin esa Ada, ha-ya, qizning ismi Ada Loveri ekan, poezdga o‘tiribdiyu Jorjni izlab Nyu-Yorkka yo‘l olibdi. Men qizni katta shaharda yolg‘iz qoldirolmadim. Bilishimcha, u shaharga kelamanu istagan odamdan Jorjni so‘rab topib olaman, deb o‘ylagan. Uning qanday bolafe’lligini tushunyapsanmi? Beg‘ubor go‘dak u! Sen uni ko‘rmasang bo‘lmaydi. Mening qo‘limdan nimayam kelardi? Qisqasi, qizni to‘g‘ri ijara uyimga olib bordim va o‘zim u yerni tark etdim. Biz uning bir kunlik ijara xaqi uchun bir dollar to‘lashimiz kerak. Yur, seni u yerga olib boray...
Mening asabim buzildi.
— Nimalar deyapsan, Trip? Men biror muhim maqolami, debman. Har kuni poezd shaharga yuzlab qizlarni olib keladi! Men bundan qanaqa hikoya yozishim mumkin, axir?
— Shunday qiziqarli narsani ko‘ra olmayotganingdan afsusdaman. Sen go‘zallik va muhabbat haqida yozishing mumkin, tushunsang-chi? Ishonchim komil, sen buning uchun o‘n besh dollar olasan. Bu esa senga atigi to‘rt dollarga tushadi.
— Nega endi to‘rt dollar? — ajablandim men.
— Bir dollari xona uchun, ikki dollari esa qizning qaytish chiptasi uchun.
— Yana biri-chi?
— Menga-da. Viski uchun. Norozi bo‘lma...
Men javob bermadim, o‘z ishim bilan mashg‘ul bo‘lganday qog‘ozlarimga tikildim.
— Sen tushunmading, — Trip ham bo‘sh kelmasdi. — Qiz uyiga qaytishi shart! Bugunoq! Buning uchun hamma narsaga tayyorman. Men bu haqda biror nima yozib pul ishlab olarsan, degandim. Lekin aslida menga yozasanmi-yo‘qmi, baribir. Nima bo‘lgandayam, qiz qorong‘u tushmasdan uyiga qaytishi kerak!
Bu gaplardan so‘ng qizga achina boshladim. Qizga uch dollar sarflashga roziman, biroq Tripga bir chaqa ham bermayman. Men og‘rinib palto va shlyapamni qo‘limga oldim.
U yerga yarim soatda yetib bordik. Trip eshik qo‘ng‘irog‘ini bosarkan, “Menga tez bir dollarni ber”, dedi shoshilib. Eshikni bir ayol ochdi. Trip indamay unga pulni uzatdi. Ayol ham jimgina bizni ichkariga boshladi. Keyin bizga o‘girilib, “U umumiy xonada o‘tiribdi”, dedi.
Nimqorong‘u xonaga kirgach, ko‘zim yig‘lab o‘tirgan qizga tushdi. Ha, u chindan ham go‘zal edi. Yig‘laganida yanayam chiroyli ko‘rinar, billur yosh tomchilari uning ko‘zlarida naqsh kabi tovlanardi.
— Loveri xonim, bu mening do‘stim janob Kalmers, — dedi Trip. Men ko‘rinishi aftodahol bu odamga “do‘stligim”dan biroz xijolat bo‘ldim. — U aqlli va ishbilarmon odam. Gazetada ishlaydi... Ha, sizga albatta yordami tegadi. Ishonavering, xonim, u to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatadi.
— Loveri xonim... — men nima deyishni bilmay biroz jim qoldim. — Agar sizga yordamim tegsa, juda xursand bo‘lardim. Avval siz menga hammasini batafsil gapirib bering...
— Nyu-Yorkka birinchi kelishim, — gap boshladi qiz. — Bu yerni bunchalik katta deb o‘ylamagandim. Bu yerda janob... janob Flippni uchratdim va bir do‘stim xaqida so‘radim. U esa meni shu yerga olib kelib, kutishimni tayinladi.
— Loveri xonim, — gapga aralashdi Trip, — men yo‘lda janob Kalmersga barini tushuntirdim.
— Ha, albatta, — dedi Ada. — Mening aytadigan gapim ham yo‘q, faqat bir gap: men Xiram Doddga kelasi payshanbada turmushga chiqayapman. Uning qishloqda ikki yuz akr yeri va katta fermasi bor. Bugun ertalab onamga dugonam Syuzinikiga ketayapman, degandim. Bu yolg‘on edi... Poezdga chiqdimu kelaverdim, keyin janob Flippdan Jorjni so‘radim.
— Loveri xonim, — Trip qizga qaradi, — siz Xiramni yoqtirishingizni, Xiram ham sizni juda sevishini aytgandingiz-a?
— Albatta yoqtiraman. U yaxshi odam. Umuman, hamma odamlar yaxshi, ularni yaxshi ko‘raman. Lekin... lekin men o‘tgan tundan beri Jorj haqida o‘ylay boshladim. Men... — qiz yana yig‘lab yubordi. Men unga kerakli yordamni berolmasligimdan o‘kindim. Chunki men na Jorjni, na Xiramni tanir edim. Qiz davom etdi: — Biz Jorj bilan bir-birimizni yoqtirardik, o‘shanda u sakkiz, men esa besh yoshda edim. Jorj o‘n to‘qqizga to‘lganida, ya’ni olti yil oldin qishloqni tark etdi. U shaharga kelib politsiyachi yoki temiryo‘l boshlig‘i, umuman biron kasb egasi bo‘lmoqchiydi. Sen uchun albatta qaytaman, deya va’da bergandi. Biroq shu ketganicha u haqda biror xabar eshitmadim. Men uni sevardim.
Qiz yana yig‘lay boshlagandi, Trip uni to‘xtatib menga yuzlandi.
— Janob Kalmers, hozir Ada uchun eng to‘g‘ri yo‘l qanday?
— Loveri xonim, — gap boshladim men. — Hayot yo‘li murakkab... hammamiz uchun ham. Bu dunyoda kamdan-kam insonlar o‘z muhabbatiga erishadilar. Siz Xiramni yaxshi inson, dedingiz. Ishonchim komilki, unga turmushga chiqib, albatta baxtli bo‘lasiz.
— Ha, — dedi Ada, — Jorjni bu ahvolda topolmas ekanman. Men to‘yim yaqinlashgan sari u haqida ko‘proq o‘ylay boshladim. Jorjning hayotida biror baxtsiz hodisa yuz bergan bo‘lsa kerak, aks holda albatta xat yozardi. Qishloqdan ketishidan oldin biz bitta tangani bolg‘acha bilan o‘rtasidan bo‘lgandik. Ikkimiz ham doimo qalban sodiqlikka va yarimta tangani to uchrashmagunimizcha asrab-avaylashga kelishib qasam ichgandik.
Trip negadir kuldi. Men uning viski uchungina qizga yordam berayotganidan afsus chekdim.
— Oh, — dedi Trip, — yigitlar shunaqa, shaharga kelib o‘z yorlarini unutadilar. Menimcha, u boshqa bir qizni topgan yoki ichkilikka berilgan. Siz Kalmersga quloq soling va uyingizga qayting. Shunda hammasi iziga tushadi.
Qiz axiyri uyga ketadigan bo‘ldi. Uchalamiz vokzal tomon yo‘l oldik. Uning qishlog‘igacha chipta narxi bir dollaru sakson tsent ekan. Men chiptaga qo‘shib bir dona qizil atirgul ham sotib oldim. Biz xayrlashdik.
Nihoyat bari ortda qoldi. Men Tripga qaradim. U yanada cho‘kib qolgandi.
— Sen bu haqda biror hikoya yozolasanmi? — so‘radi u.
— Bir satr ham...
— Uzr, yozolmasang ham pulingni sarfladik.
— Buni unutaylik. Biroq senga viski uchun pul berolmayman.
Trip paltosining tugmasini bo‘shatib cho‘ntagidan dastro‘mol chiqardi. Shu payt uning ichki cho‘ntagiga osilgan zanjirning jarangi e’tiborimni tortdi. Bir necha soniya ichida men ilg‘agan narsa shu bo‘ldi: zanjirda yarimta tanga osilib turardi. Ha, bolg‘acha bilan bo‘lingan tanga!
— Axir... — dedim hayratlanib.
— Ha, — ohista javob berdi u. — Jorj Braun. Hozir esa oddiygina Trip...
Men cho‘ntagimdan bir dollar oldim va Tripning qo‘liga tutqazdim...
Ingliz tilidan Nodirabegim Ibrohimova tarjimasi