OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Orxan Pamuk. Deraza orti manzaralari (hikoya)

1

Hech narsa ko‘rib ham, tinglab ham bo‘lmasa, bu - hayot emas, zerikishning o‘zginasi. Bolalagimdan zerikish bilan qanday kurashib kelinganini guvohi bo‘lganman – radio tinglashgan, deraza ortidan ko‘chani kuzatishgan, o‘tayotgan odamlar, deraza qarshisidagi uylarni tomosha qilishgan. 1958 yillarda hali Turkiyada televizorlar ommalashmagan edi. Butunlay bo‘lmagan edi, deb bo‘lmaydi. «Bo‘lmagan» so‘zi ko‘proq Istanbul kinoteatrlarida «Hali prokatga olib kelinmadi» degan so‘zlarga ohangdosh edi, xolos. Aslida, o‘sha turli Gollivud melodrammalari uch-besh yil oldin suratga olingan bo‘lib chiqardi.
Deraza ortidan kuzatish shu qadar tabiiy odatga aylandiki, televizorlar paydo bo‘lganidan so‘ng ham odamlar deraza ortidan turib, kuzatishni tark etmadilar. Otam, amakim va buvim televizordan ko‘z uzmay, suhbatlashishar va janjallashib ham olishardi. Bir-birlariga qaramay, derazadan tashqarini kuzatib o‘tirishganday bir-birlariga shu haqda aytishardi.
- Bu qish qor uzoq turib qoladi, - derdi ertalabdan buyon yog‘ayotgan mayda-mayda qorni kuzatib xolam.
- Bunisi – holva. Sotuvchi yana Nishontoshi burchagida turib olibdi, - derdim boshqa derazadan tramvay yo‘llari bo‘ylab kuzatarkanman ko‘chani.
Bozor kunlari amakim, xolam va bizning oila buvimnikida tushlik qilardik. Hammamiz bitta uyda, faqat boshqa-boshqa qavatlarda yashardik. Dasturxon tuzatishlarini kutgancha deraza ortidan ko‘chani kuzatib turar ekanman, men o‘zimni tug‘ishganlarim, qarindosh-urug‘larim orasida shunday baxtli sezardimki, hatto katta stolni xiragina yoritib turgan xira billur qandillar ham ko‘zimga yarqirab ko‘rinardi.Buvimning oshxonasi hamisha nim yorug‘, boshqa xonalari ham xuddi shunday, balki bundan-da qorong‘uroq bo‘lardi. Bu balkim hech ochilmaydigan balkon eshiklariga osib tashlangan og‘ir darpardalardan to‘kilayotgan, sirg‘alib tushayotgan soyalardandir, balkim dim xonalarda o‘tirib qolgan hidlardandir. Bu xonalar sadafdan yasalgan asboblar-ashyolar,ko‘chma pardalar, eski sandiqlar, katta-kichik stollar, ulkan dumli royal, uning ustidagi ramkali fotolar va bir uyum boshqa narsalarga to‘la. Tushlikdan so‘ng amakim oshxonaga yondosh xonalardan birida tamakisini tutatardi. 
- Menda futbol o‘yiniga chipta bor, lekin o‘zim borolmayman, - dedi u bexosdan.- Sizlarni o‘yinga otangiz olib bora qolsin.
- Ota, bizni futbolga olib boring, - iltimos qildi akam.
-Bolalar ochiq havoga ham chiqishgan bo‘lardi, - dedi onam mehmonxonadan turib.
- O‘zing olib bor,- dedi otam onamga.
- Onamnikiga ketayapman, - e’tiroz bildirdi onam.
- Men buvimnikiga bormayman, - dedi akam.
- Mashinamni bera qolaman, - dedi qat’iylik bilan buvam.
- Ota, olib bora qoling, iltimos, - turib oldi akam.
Uzoq vaqt oraga g‘alati jimlik cho‘kdi. Mehmonxonada o‘tirganganlarning bari otamning og‘zidan chiqadigan so‘zga qarab turishardi. Otam esa buni sezib :
- Mashinamni berib turaman, deyapsizmi? – deb so‘radi u nihoyat buvamdan.
Onam bizga qalin issiq paypoq va katak-katak ikkitadan sviter kiygizayotgan paytda otam uzun dahlizda sigaret chekkancha u yoqdan- bu yoqqa borib kelayotgan edi. Buvamning to‘q ko‘k rang mashinasi Tashviqiy masjidi yonida yopig‘liq turardi. Otam ikkimizni mashinaga o‘tqazgach, motorni bir yoqishdayoq o‘t oldirdi.
Stadionda odam siyrak edi. 
- Manovi chipta ikkoviga, - dedi otam chipta tekshiruvchisiga.- Biri sakkiz, ikkinchisi o‘n bir yoshda.
Chipta tekshiruvchining o‘tkir nigohlaridan o‘tib, ichkariga kirdik. Ko‘p o‘rindiqlar bo‘sh ekan, darhol joy topib o‘tirib oldik. 
Komanda nam maydonga tushib keldi. Menga futbolchilarning oppoq kalta ishtonda tushib kelib, sovuq qotmaslik uchun maydonda sakrashlari yoqdi, ularni maroq bilan kuzatardim. 
- Qara, Kyuchyuk Mexmetni ko‘rayapsanmi, - ko‘rsatdi akam ulardan biriga ko‘rsatkich barmog‘ini nuqib. – Uni yoshlar komandasidan olishibdi.
- O‘zim ham bilaman.
O‘yin boshlandi, nafasimizni ichimizga yutib, o‘yinni tomosha qila boshladik. Oradan bir necha daqiqa o‘tgach, mening ko‘zim o‘yinda-yu, xayolim boshqa tomonlarga ketib qoldi. Nega futbolchilarning kiyimlari bir xilda-yu, ismlari turlicha? Nazarimda, stadionda o‘yinchilar emas, ularning ismlari yugurib yurgandek edi. O‘yinchilarning ust-boshlari borgan sari ifloslanib borardi. Mening e’tiborimni asta-sekin suzib kelayotgan paroxodning trubasi tortdi. Birinchi taym yakunlanguncha ham darvozaga to‘p ura olishmadi, tanaffus paytida non bilan shirin no‘xat sotib oldik. 
- Ota, men hammasini yeya olmayman, - dedim.
- Qolganini anavi yerga qo‘yib kelaqol, -dedi u, - hech kim ko‘rmaydi.
Biz ham isinishga urindik, oyog‘imizni oyog‘imizga ura boshladik. Uchalamiz ham shimimizning cho‘ntagiga qo‘limizni solib, futbol maydoniga orqa o‘girilib, boshqa tomoshabinlarni kuzata boshladik. To‘satdan olomon orasidan kimdir otamni chaqirib qoldi. Otam esa uning gaplarini eshitolmas, qo‘llarini qulog‘i ortiga tutib, diqqat bilan quloq tutdi.
- Borolmayman, - dedi u qo‘llari bilan bizni ko‘rsatib, - bolalarim bilan birgaman.
 Siyohrang sharfdagi. odam atrofdagilarni nari-beri itarib, biz tomonga oshiqdi. 
-Bular sening bolalaringmi? – dedi u otam bilan quchoqlashib ko‘rishar ekan.- Ishongim kelmayapti, katta bo‘lib qolishibdi-ku!
Otam miyig‘ida kulib turardi. 
- Qachon katta qilib ulgurding? – tinmay javrardi otamning tanishi bizga ajablanib qararkan. – maktabni bitiriboq uylangansan-a?
- Ha, - dedi otam tanishining yuziga qaramay.
Ular gaplasha boshlashdi. Siyohrang sharfli kishi bizning kaftimizga bittadan amerika pistasidan tutqazdi. U ketgach, otam o‘rindiqqa o‘tirib, uzoq sukut saqladi. 
Futbol komandasi o‘yin maydoniga toza kiyimda yugurib chiqib, kelishayotganda, otam:
- Uyga keta qolaylik. Sovuq tushib qoldi, - dedi.
- Men sovqotmayapman, - dedi akam.
- Yo‘q, sovuq-ku. Ali sovqotib qoladi. Qani, o‘rinlaringdan turinglar-chi. – tizzalarni bir-biriga urib, o‘tirganlarni oyoqqa turishlariga majbur etdik. Biz o‘yin maydonini tark etayotganimizda, hakamning hushtagi eshitildi. Ikkinchi taym boshlangan edi. 
- Sovqotdingmi? – so‘radi akam mendan. – nega otamga sovqotmadim, deb aytmading?
Akamning gapiga javob qaytarmadim.
- Ahmoq, -dedi u.
- Ikkinchi taymni uyda radiodan eshitarsan, - dedi otam.
- Bu o‘yinni radiodan bermaydi , - javob qaytardi akam.
- Sekin, - dedi otam. – bo‘lmasa, ortimizga Taksim orqali qaytib borarmiz.
Biz indamay yo‘lda davom etdik.
Otam mashinani Taksim orqali haydadi. 
- Eshikni hech kimga ochmanglar. Men tezda qaytaman.
U mashinadan tushdi. Mashina eshigini kalit bilan qulflagach, biz ichkarida qamalib qoldik. Otam bilet sotuvchi yoniga bormadi. U boshqa tarafga tez yurib, do‘konga kirib ketdi. Do‘kon derazasidan osib qo‘yilgan katta – katta samolyotlar, kemalar, go‘zal manazarali plakatlar ko‘rinib turardi. 
- Otam qaerga ketayaptilar?
- Uyga borganimizdan keyin «Toq va juft» o‘yinini o‘ynaymiz, -dedi akam savolimga javob bermay.
Otam qaytib kelgach, tezlik uzatish dastasini burab, tezlikni ko‘tardi. Biz Nishontoshi maydoniga yetib keldik. Otam mashinani machit yoniga to‘g‘rilab qo‘ydi va Olovuddin do‘koni yonidan o‘tib ketayotganimizda:
- Sizlarga biron narsa olib bermoqchiman, faqat saqich olib berishimizni so‘ramanglar, - dedi.
- Otajon,unday qilmang, - yalindik biz.
Otam Olovuddin do‘koniga kirib, biz xush ko‘radigan saqichdan olib chiqdi. Biz pod’ezdga kirgach, besaranjom bo‘lib qoldim. Lift ichida hojatga chiqqim kelib qolsa bo‘ladimi?! Uyimizning ichi issiqqina edi. Oyim hali buvimnikidan qaytib kelmagan ekan. Biz otam olib bergan saqichning o‘ramini shosha-pisha ochib, qog‘ozini yerga tashladik. Saqichimning o‘ramidan Fevzi Chakmak Poshsha surati, boshqasidan Charli Chaplin va jangchi Xalita Kaplanning surati chiqdi. Gandi, Motsart va de Gollya, Otaturkning ikki qavatli xatcho‘pdagi tasviri, Greta Garboning 21-raqamli ostidagi tasviri – bunday xatcho‘plar akamda yo‘q edi. Qo‘limda roppa-rosa 173 ta xatcho‘pim bor, biroq hamma seriyalarni to‘plash uchun menga yana 27 ta turli xatcho‘plar kerak edi. Akamning qo‘liga marshal Fevzi Chakmak Poshsho aks ettirilgan to‘rtta xatcho‘p, Otaturkning surati bor beshtta xatcho‘p, Edison suratli bitta xatcho‘p tushib qoldi. Biz og‘zimizni saqich bilan xatcho‘pning orqa tomoniga yozilgan so‘zlarni o‘qiy boshladik: «Marshal Fevzi Chakmak (1876-1950), Ozodlik urushi bosh qo‘mondoni. «Mashhurlar» seriyasidan 1000 ta turli xatcho‘pli to‘plam yig‘ing va teridan yasalgan futbol to‘pini Mambo Shiker Chaklet Sanayi tomonidan tuhfa sifatidan qabul qiling.
Akam qo‘lidagi qog‘ozli saqichdan chiqqan rasmlari ko‘payib qolganini aytdi.
-«Toq va juft « o‘yinini o‘ynaymizmi?–so‘radi u.
- Yo‘q, - dedim.
- Mening o‘n ikkita Fevzi Chakmakimga bitta Greta Garboni almashasanmi? Shunda senda roppa-rosa 184 ta bo‘ladi.
- Yo‘q, almashmayman, - javob qaytardim men.
- Senda Greta Garbodan ikkita-ku.
Men indamay turaverdim.
- Ertaga emlayotgan payt yonimga yugurib kelma, xo‘pmi?
- Kelmayman ham.
Kechki ovqatni jimgina tanavvul qildik. Hammamiz «Sport dunyosi» ko‘rsatuvini ko‘rib, o‘yin 2:2 bilan yakunlanganini eshitdik. Onam bizni uyquga yotqizish uchun xonamizga kirib keldi. Akam papkasini saramjomlayotgandi, men mehmonxonaga yugurib chiqib ketdim. Otam deraza yonida ko‘chaga qarab turardi. 
-Ota, men ertaga maktabga bormayman.
-Nimalar deyapsan, o‘g‘lim?
- Ertaga bizni emlashmoqchi, - dedim men.- Issig‘im chiqib, nafasim siqilib qoladi. Oyim biladilar.
Otam menga indamay qarab turardi. Men qog‘oz-qalam olib kelish uchun yugurib chiqib ketdim.
- Oyingni bundan xabari bormi? – so‘radi otam o‘qib, nihoyasiga yetkaza olmayotgan qandaydir qog‘ozga muk tushib. – Maktabingga albatta borasan. Men seni emlamanglar, deb yozib beraman.
Otam xat yozib berdi. Siyohi qurimagan xatni puflab quritdim-da, buklab cho‘ntagimga solib qo‘ydim.Xonamga kirib, xatni sumkamga solib qo‘ydim. Karavotda sakray boshladim.
- Esingni yig‘ib ol,- dedi onam. - Qani, uxla-chi.

2

Maktabda tanaffus payti ikkitadan qilib qatorlashtirishgancha emlash uchun oshxonaga olib tushishdi. Emlash paytida kimdir yig‘lardi, kimdir qo‘rquv bilan o‘z navbatini kutardi.Spirtning hididan yuragim g‘alati bo‘lib ketdi. Men qatordan chiqib, zinapoya yonida turgan o‘qituvchining yoniga keldim.
- Nima bo‘ldi? – so‘radi o‘qituvchim.
Men cho‘ntagimdan otam yozib bergan xatni chiqarib, o‘qituvchimning qo‘liga tutqazdim. U aftini bujmaytirib, xatni o‘qidi.
- Sening otang doktor emas-ku, - dedi u:- Yaxshi, tepaga tushib chiqay-chi. 2 «a»ning yonida tur. 
2 «a» sinfida menga o‘xshash olti-etticha «sababli» bolalar bor edi.Ulardan biri diqqat-e’tiborini derazaga qaratgan edi. Koridordan qichqiriq va yig‘i ovozi eshitilar, semiz, ko‘zoynak taqqan, navbatchi pista chaqqancha Kinovning kitobini o‘qirdi. Eshik ochilib, direktor yordamchisi Sayfibey kirib keldi. 
-Sizlardan qay biringiz haqiqatdan ham kasal bo‘lsangiz kerak, - deya gap boshladi u. – Agar kimningdir haqiqatdan ham uzrli sababi bo‘lsa, unda emlamaslikka majburmiz. Tez orada o‘sib ulg‘ayasiz. Ona-Vatan uchun xizmat qilasiz. Mustaqil hayotga yo‘l olasiz. Bugun kimdir emlashdan qochsa, kelgusida Vataniga nomunosib farzand bo‘lib yetishadi. O‘g‘il bolalar uchun bu uyat!
Oraga uzoq vaqt jimlik cho‘kdi. Men Otaturk portretiga tikilib turib, ko‘zimga yosh qalqidi. So‘ng hech narsa bo‘lmagandek sinf tomonga qarab keta boshladik. Emlangan bolalardan qay birlari qo‘llarini avaylagancha, qay birlari ko‘zlari to‘la yosh bilan, xullas, barchasi aftlari og‘riqdan zo‘riqib,sinf xonasiga kirib kela boshladilar. 
- Kimning uyi yaqin bo‘lsa, ruxsat, ketaveringlar, - dedi o‘qituvchimiz. – Uyidan kelib olib ketuvchilar oxirgi qo‘ng‘iroqqacha o‘tiradilar. Bir-biringiz bilan urishmanglar, qo‘llaringizni ehtiyot qilinglar. Ertaga maktabga kelmanglar. O‘qish bo‘lmaydi. 
Hamma o‘quvchilar sevinganlaridan qichqirib yuborishdi. Men qo‘limga sumkamni oldim-da, ko‘chaga chiqdim va yugura boshladim. Qorabata go‘sht do‘konining oldida yuk turar, no‘xtalangan otlar yo‘limni to‘sib qo‘yishgan. Men ularning yonidan sirg‘alib o‘tdim, ko‘chani kesib o‘tdim-da, yo‘lakchamga tushib oldim. Tayyor kiyimlar sotiladigan Xayri do‘koni, gul sotuvchi Solihning yonidan chopib o‘tdim. Eshikni uyimizning eshikboni Nozim afandi ochdi.
- Nega maktabdan barvaqt kelding? – deb so‘radi u.
- Bizni maktabni emlashgan edi, shuning uchun barvaqt qo‘yib yuborishdi, - javob berdim men.
- Akang qani? Bir o‘zing qaytib keldingmi? 
- Ha, tramvay yo‘lidan o‘zim o‘tdim. Ertaga o‘qishga bormas ekanmiz.
- Oying uyda emas ,shekilli, - dedi u. – Buvingni yoniga chiqaqol.
-Uyimga boraman, - dedim men. – Mazam yo‘qroq. Iltimos, eshikni ochib bersangiz.
U devordan kalitni oldi va biz liftga chiqdik. Liftning ichi tutunga to‘lib ketibdi, ko‘zim yoshlandi. Nozim afandi eshigimizni ochib berdi. 
- Ehtiyot bo‘l, elektr anjomlarini o‘ynama tag‘in, - eshikni bekitarkan, tashqariga chiqib ketdi.
Uyda hech kim yo‘qligini bilib tursam-da, bor ovozim bilan:
- Uyda kim bor? - deb qichqirdim.
Men sumkamni qo‘yib, akamning javonini ochdim-da, kino biletlari yig‘ilgan kollektsiyasini tomosha qila boshladim. Bularni u menga ko‘rsatmasdi-da. Futbol o‘yinlari bosilgan gazetalardan yig‘ib olib, daftariga yopishtirgan suratlarni tomosha qilishga berilib ketganimdan eshikka kalit solib ochayotganlarini payqamabman ham. Qo‘rqqanimdan qotib qoldim. Uyga kirib kelayotgan kimsaning qadam tovushidan onam emas, otam ekanligini payqadim. Men ehtiyotlik bilan chipta va daftarni akamning javoniga solib qo‘ydim. Otam yotoqxonaga kirib, shkaf eshigini ochib, uni ko‘zdan kechirdi. 
- Shu yerdamisan? - dedi u.
- Yo‘q, Parijdaman, - dedim men maktabda bolalar beradigan javoblarga taqlid qilib. – Bugun sinfimizdagilarni emlashdi.
- Akang ko‘rinmaydimi? – so‘radi u. Yaxshisi, xonangga bor-da, to‘palon qilmay o‘tir.
Men xonamga kirib, peshonamni deraza oynasiga tiragancha, tashqarini kuzata boshladim. Taraqlagan ovozdan otam shkafdan jamadonini olayotganini sezdim. Biroz vaqt o‘tib, u shkafdagi shim, sviter, ichki kiyimlari, ko‘ylak, paypoqlarini olayotganini payqadim. Ularni jamadonga solayotgan edi. Yuvinish xonasiga kirib chiqdi-da, so‘ng jamadonini sharaqlatib qulfladi. 
 - Bu yerda nima qilayapsan?
- Derazadan tashqariga qarayapman.
- Qani, yonimga kel-chi.
Otam yelkamdan quchdi, shu kuyi uzoq vaqt derazadan tashqariga qarab turdik.Qarshimizdagi uy o‘rtasidagi baland bo‘yli sarv daraxti uchlari shamolda og‘ir chayqalishardi. Men otamning qadrdon va aziz hidini tuydim.
- Men uzoqqa ketayapman, - dedi u meni o‘pib qo‘yarkan. – Onangga hech narsa dema. Keyin o‘zim aytaman.
- Samolyotda uchib ketasizmi?
- Ha, - deb javob berdi u. – Parijga uchaman. Hech kimga hech narsa dema. 
Otam cho‘ntagidan katta tanga pul oldi-da, menga berdi.
- Hech kimga hech nima dema, - dedi u betimdan o‘pib qo‘yarkan. – Meni bu yerda ko‘rganingni ham hech kimga aytma. 
Pulni darhol cho‘ntagimga solib qo‘ydim. Otam meni quchog‘idan chiqarib, jamadonini ko‘tarib oldi. 
- Otajon, ketmang, - yalindim men. U men yana quchib o‘pdi-da, chiqib ketdi. 
Men deraza yoniga borib, uning ortidan qarab qoldim. Otam Olovuddin do‘koni tomon yo‘l oldi, yo‘lda kelayotgan taksini to‘xtatdi. Taksiga o‘tirishdan avval uyimiz tomon o‘girilib qaradi-da, menga qo‘lini silkidi. Men ham qo‘l silkitib qo‘ydim. Otam mashinaga o‘tirdi, yo‘lga tushdi.
Men otamning ortidan uzoq qarab qoldim. Bu orada bir tramvay, so‘ng ot tortib kelayotgan suv aravasi o‘tdi. 
Nozim afandini chaqirdim.
Uyga kirib kelarkan:
- Sen qo‘ng‘iroq qildingmi? Qo‘ng‘iroqni o‘ynama degandim-ku. – dedi u.
- Manavi ikki liraga, - dedim unga. – Olovuddin do‘koniga borib, menga «Mashhurlar» saqichidan olib kelib bering. Qaytimini qaytarib berarsiz. 
-Pulni otang berdimi? – so‘radi u. - Qara, yana onang xafa bo‘lib yurmasin. 
Men unga lom-lim demadim, u ketdi. Men uning ortidan kuzatib, Olovuddin do‘koniga kirishini tomosha qilib turdim. Oradan biroz vaqt o‘tgach, u do‘kondan chiqib keldi. Qarshimizdagi uydan chiqib kelgan o‘sha uyning eshikboni bilan uchrashib qoldi va ikkalasi gaplasha ketdi. 
Yonimga kelib, aytgan narsam bilan qaytimni qo‘limga tutqazdi. Men shoshilmasdan saqichning o‘ramini ocha boshldaim. Yana marshal Fevzi Chakmakdan uchta xatcho‘p, bitta – Otaturk, Lindberg – bunaqasi menda yo‘q edi. Leonardo da Vinchi, Qonun sulton Sulaymon, Cherchell, general Franko va akamda bo‘lmagan 21 –raqamli Greta Garbo tasviri tushirilgan bitta xatcho‘p. Shunday qilib, menda 183 ta xatcho‘p bor, futbol to‘piga ega bo‘lishim uchun yana 27 ta turli xatcho‘plar zarur.
Men birinchi bo‘lib Atlantika bo‘ylab samolyoti bilan uchib o‘tgan Lindberg tasviri tushirilgan xatcho‘pni tomosha qilib o‘tirardim. Kalit tovushi eshitildi va eshik ochildi. Onam! Men tezda polda sochilib yotgan narsalarni yig‘dim-da, ularni axlat qutisiga tashlab yubordim. 
- Emlashgan edi, shuning uchun uyga barvaqt keldim, - dedim onamga. – Har xil kasalliklarga chalinmasliklarim uchun emlashdi. 
-Akang qaerda? 
- Ularning sinfini hali emlashmadi,- javob berdim onamga.- Bizning sinfimizdagilarga javob berib yuborishdi. Yo‘ldan o‘zim o‘tib keldim. 
- Hech qaering og‘rimyaptimi?
Indamadim. Oradan biroz daqiqalar o‘tgach, akam kirib keldi. Uning qo‘li og‘riyotgan edi. U karavotga yotdi, o‘ng qo‘lini avaylab, uyquga ketdi. Akam uyg‘onganida atrofga qorong‘ulik o‘z chodirini yopgan edi. 
- Oyi, judayam og‘riyapti,- dedi u.
- Kechga borib, issig‘ing ham chiqishi mumkin, - dedi onam boshqa xonada oqliqlarni dazmollarkan. – Ali, sening ham qo‘ling og‘riyaptimi? Qimirlamay jim yotinglar.
Biz onamning aytganini qilib, jim yotdik. Akam biroz mizg‘ib olgach, sport haqidagi gazetani o‘qiy boshladi. So‘ng ikkinchi taymda qolmay, to‘rtta gol urilganini ko‘rolmay qolganimizga men aybdor ekanligimni aytdi. 
- Nima maydondan biz ketmaganimizda bu gollar darvozaga urilmagan bo‘larmidi? – bo‘sh kelmadim men.
- Nima ?! – o‘shqirdi akam.
Akam yana uxlab qoldi. Uyqudan uyg‘onib, oltita Fevzi Chakmak suratiga to‘rtta Otaturk va uchta Greta Garbo tasvirini almashtirib berishimni so‘radi. Men rozi bo‘lmadim. 
-«Toq va juft» o‘yinini o‘ynaymizmi? – dedi akam.
- O‘ynasak, o‘ynayveramiz!
Bu o‘yinda kaftlaringga «Mashhurlar» seriyasidagi xatcho‘plarni terib qo‘yasan. Ustimi-osti deb so‘raysan. U osti desa, sen pastdagi xatcho‘pni sug‘urasan. Unga qaraysan, raqamini ko‘rasan. Masalan, ?78, Rita Hayvort. Ustidagi xatcho‘p esa - ?18. Dante. Shunda pastdagi xatcho‘plar qo‘lingdan chiqib ketadi, sen o‘zingda ko‘p bo‘lgan xatcho‘plardan birini sherigingga berasan. Kechgacha Fevzi Chakmak xatcho‘pi men bilan akam o‘rtasida rosa yugurdi. 
Kechki ovqat paytida onam:
- Biringiz otangiz kelganmi-yo‘qmi bilish uchun yuqoridan xabar olinglar-chi, - dedi.
Aka-uka yuqoriga ko‘tarildik. Buvim bilan buvam hordiq chiqarishmoqda edi, otam ko‘rinmasdi. Biz radiodan yangiliklarni eshitib, gazetada yoritilgan sport sahifasini o‘qidik. Buvim bilan buvam kechki ovqat tanavvul qilishayotganda biz pastga tushdik. 
-Qayoqqa yo‘qoldilaring? – so‘radi onam. – Harqalay, yeu yerda ovqatlanmagandirsizlar? Hozir sho‘rva suzib beraman. Otangiz qaytguncha bemalol ovqatlanib olinglar. 
- Issiq non bormi? – deb so‘radi akam.
Onam biz jimgina ovqat yeyishimizga qarab turardi. Boshini tutib turishi, ma’yus ko‘zlarida lift yurmayotganmikan degan ma’no sezilib turardi. Biz ovqatlanib bo‘lgach: onam: «Yana suzib beraymi? – deb idish ichiga qarab qo‘ydi. 
- Ovqat sovumasdan ichib olsammikan, - dedi u o‘ylanqirab. O‘rnidan turdi-da, Nishontoshi maydoniga qarayotgandek derazadan tashqariga uzoq tikildi. Ancha paytgacha indamay pastga qarab turdi. Ortga o‘girilib, o‘ziga ham sho‘rvadan suzib ichdi. Biz aka-uka kechagi futbol o‘yinini muhokama qila ketdik. 
- Sekin, - dedi onam.- Liftning ovozimi eshitilayotgan?
Biz bahsdan to‘xtab, diqqat bilan quloq tutdik. Bu liftning ovozi emas edi. Jimlikni tramvayning shovqini, stol va uning ustidagi suv to‘la grafinning shaqirlagan ovozi buzdi. Biz apelsinni yeb bo‘lgan ham edikki, liftning ovozi eshitildi. Ovoz tobora yaqinlashib kelardi. Lift bizning qavatda to‘xtamay, buvimlar tomon yuqorilab ketdi. 
-Yuqoriga chiqib ketdi, - dedi onam.
Ovqatdan so‘ng, onam:
- Likoplaringizni oshxonaga olib borib qo‘yinglar Otangizniki joyida qolsin. 
Biz stol ustini yig‘ishtirib oldik. Otamiz uchun qo‘yilgan likop uzoq vaqt stol ustida turib qoldi. 
Onam politsiya idorasi ko‘rinib turadigan deraza yonida ancha turib qoldi. So‘ng qandaydir fikr boshiga kelib urilgandek otamga qo‘yilgan likop, qoshiq va sanchqilarni olib, oshxonaga yo‘l oldi. Yuvuqsiz idishlarni yuvmasdan ham:
- Buvimizning oldiga chiqaman, - dedi u. – Urishmay o‘tiringlar. 
Men akam bilan «toq va juft» o‘yinini o‘ynab o‘tirardik. 
- Juft, - dedim men. 
Akam kaftidagi birinchi xatcho‘pni chiqardi-da, menga ko‘rsatdi:
 - Dunyodagi eng mashhur kurashchi – Ulkan Yusuf., ? 34. – pastdagisiga qaradi. – Otaturk, ? 50. Sen yutqazding, - dedi u. – Menga yana bitta xatcho‘p ber.
 Uzoq davom etgan o‘yinda faqat akam yutdi.
 -Men boshqa o‘ynamayman, - dedim men jahlim chiqib. – Men onamning yoniga chiqaman. 
-Onamning jahli chiqadi.
- Uyda bir o‘zing qolishga qo‘rqayapsanmi, qo‘rqoq. 
Buvimning uyi har doimgidek ochiq ekan. Ular ovqatlanib bo‘lishgan, Bakir oshpaz idish-tovoqlarni yuvmoqda edi. Buvim bilan buvam bir-birlariga ro‘baro‘ o‘tirishardi. Onam esa Nishontoshi maydoni ko‘rinib turadigan deraza yonida turardi. 
- Bu yoqqa kel, - dedi onam oynadan boshini olmay. Men shu ondayoq oyna bilan onam o‘rtasiga turib, onamni quchoqlab oldim. Biz ikkovlon Nishontoshi maydoniga diqqat bilan qaray boshladik. Onam qo‘lini boshimga qo‘yib, uzoq vaqt sochlarimni siladi. 
- Otang choshgohda uyga kelibdi, sen uni ko‘ribsan, - shivirladi u. 
- Ha, - dedim men.
- U kelib, jamodonini olib ketibdi. Nozim afandi aytdi. 
- Ha.
- Qaerga ketayotganini senga aytdimi?
- Yo‘q, - javob berdim men. – U menga ikki yarim lira berdi. 
Tun. Atrofga qorong‘ulik yoyildi, do‘konlar qorayib ko‘rinar, mashinalar faralarini yoqqancha harakatlanardi.Atrofga horg‘inlik cho‘kkandi: ko‘cha o‘rtasida yo‘l nozirining joyi bo‘m-bo‘sh, hiyobondagi toshlar, e’lonlar harflari ham ho‘llangan edi. Yomg‘ir yog‘a boshladi. Onam hamon sochimni silardi. 
Buvim bilan buvam o‘rtasidagi doimo shang‘illab turadigan radio hozir qo‘rqqandek miq etmay turardi. 
 -Qizim, u yerda turma, - dedi buvim onamga. – kelinglar, bu yoqqa o‘tiringlar. 
Shu tobda akam ham bizning yonimizga chiqib keldi. 
- Oshxonaga kiringlar, - dedi buvim bizga. – Bakir, - chaqirdi u oshpazni .- Ularga koptok yasab ber, dahlizda o‘ynashadi. 
Bakir idish-tovoqlarni yuvib bo‘lgan edi. 
- Bu yoqqa kelinglar, - deb chaqirdi u bizlarni va buvimning balkonidan gazeta o‘ramlarini olib kelib, bizga qog‘ozdan koptok yasay boshladi. Koptok uning mushtumidek bo‘lgach, Bakir:
- Bo‘ldimi? – deb so‘radi bizdan.
-Sal kattaroq qiling, - iltimos qildi akam. 
Bakir gazeta o‘ramlaridan koptok yasaguniga qadar eshik qiya ochiq edi.
Eshik oralig‘idan buvim bilan buvamning qarshisida o‘tirgan onamga qaradim. Bakir qutidan bog‘ich olib, gazetadan yasalgan koptokni chandib, o‘radi. U koptok atrofini latta bilan o‘rab, buklanmay qolgan yerlarini qo‘li bilan ezg‘ilab to‘g‘riladi. Akamning sabri chidamay, koptokka qo‘lini tekkizib ko‘rardi. 
- Buni qaranglar-a, - dedi u. – toshdek bo‘pti-ku.
-Qani, tepib ko‘r-chi, -dedi Bakir.
Akam ehtiyotkorlik bilan ko‘rsatilgan joyga tepib ko‘rdi. Bakir chilvir bilan koptokni yana mahkamroq chandidi, so‘ng bizga berdi. Biz koptokni urib ko‘rib, uni osmonga ota boshladik.
- Dahlizga chiqib o‘ynanglar, - dedi Bakir. – Oshxonada o‘ynasanglar, u – bu narsani sindirib qo‘yishinglar mumkin.
Men o‘zimni «Fonarbog‘cha»dagi Lefterdek tasavvur qildim va o‘yinga berilib ketdim. Eshikka gol uraman, deb bir necha marta akamning og‘rib turgan qo‘liga tekkizib yubordim. U ham meni tepib o‘tdi, ammo buni men sezmadim. Biz terga botib ketdik, to‘p mayda-mayda bo‘lib ketdi. Men 5:3 hisobida yutayotgan edim. Yana akamning og‘riyotgan qo‘liga urinib ketdim. U polga yotib oldi-da, yig‘lay boshladi. 
- Og‘rig‘im o‘tsin, seni o‘ldiraman, - dedi u menga po‘pisa qilib.
U yutqazib qo‘yganidan alamzada edi. Men dahlizdan mehmonxonaga o‘tdim, buvim, onam va amakim kabinetga kirishdi. Buvim telefon raqamlarini aylantira boshladi. 
- Allo, allo, - dedi u onalarcha erkalovchi ohangda. – Allo, bu «Yeshilkoy» aeroportimi? Azizam, biz samolyotda Yevropaga uchib ketgan bir yo‘lovchi haqida so‘ramoqchi edik. – U otamning ismi-sharifini aytdi. Bir pas kutib turdi. Qo‘li bilan telefon shnurini aylantirib turardi. – Menga sigareta olib kel, - dedi u amakimga. – Amakim chiqib ketgandan so‘ng trubkani qulog‘idan oldi. - Qizginam, ayt-chi, - u onamga o‘girildi. – Uning hayotida biron-bir ayol bormidi? Biron narsa bilasizmi? 
Onam nima deb javob berganini eshitolmadim. Buvim unga shunday tikildiki, go‘yo onam hech narsa demadi, buvim hech narsani eshitmadi. Keyin telefonda nimadir deyishdi. Buvimning jahli chiqdi. 
-Bunday ma’lumotni berishmaskan,- dedi u qo‘lida sigareta va kuldon bilan buvimga yaqinlashayotgan amakimga. 
Shu yerda amakim men ham borligimni ko‘rib qoldi, onam uning qarashini tushunib, meni dahlizga olib chiqdi. Meni terlab ketganimni bildi, ammo achchig‘i kelmadi. 
-Oyi, qo‘lim og‘riyapti, - dedi akam.
- Hozir pastga tushuamiz, men sizlarni o‘rinlaringizga joylayman.
Pastda, biz yashayotgan qavatda uchalamiz uzoq vaqt sukut saqlab o‘tirdik. O‘ringa yotish oldidan men tungi kiyimda oshxonaga kirib, stakanga suv solib, mehmonxonaga o‘tdim. Onam deraza yonida chekib turardi. 
-Yalangoyoq yurma, sovqotasan, - dedi onam meni ko‘rib: - - Akang yotdimi?
-Uxladi, oyi, meni sizga aytadigan gapim bor.
 Onam ozgina surildi, onam bilan deraza oralig‘igaga kirib oldim. 
-Otam Parijga ketdi, dedim men. – Bilasizmi, u qaysi jamadonni oldi?
 Onam indamadi. Biz tungi sukunat ichida yomg‘irli ko‘chani uzoq kuzatdik.

3

Onam tomonidan buvimning uyi Shishli machitining ro‘parasida joylashgan. Bu – tramvay deposi oldidagi so‘nggi bekat edi. Hozir bu yerdagi maydonda avtobus bekatlari, katta –katta e’lonlar bilan to‘lib-toshgan do‘konlar ko‘payib ketgan. Uning atrofida bahaybat ofis binolari ko‘tarilib kelmoqda, ularda juda ko‘plab odamlar ishlaydi. Har kuni tushlik paytida ular yo‘laklarga to‘kiladilar-da, chumolilarday u yoqdan-bu yoqqa yugurishadi. Bu – Istanbulning g‘arbiy qismida joylashgan chekka joylardan biri edi. Biz sarv va tut daraxtlari ostidan har gal o‘tar ekanmiz, onamning qo‘lidan ushlab olib, keng, sokin, qumqayroqli maydon bilan qoplangan, uyimizdan piyoda yurilganda o‘n besh daqiqalik joyda o‘zimizni xuddi shahar chekkasida yurganday his etardik. 
Buvim uyning to‘rtinchi qavatida yashardi. Uy beton va toshdan qurilgan, vertikal terilgan yupqa gugurt qutisini eslatardi. Uyning bir fasadi g‘arbiy, ya’ni shahar tomonga, ikkinchisi – sharqiy , ya’ni qirlarga, tutzorlarga tutash. Buvim eri o‘lib, qizlarini turmushga bergandan so‘ng bu uyning bir xonasida yashay boshladi. Bu xona shkaflar, stollar, stullar va pianino bilan to‘ldirib tashlangan edi. Unga ovqatni katta qizi pishirib berar, o‘zi olib kelar yoki haydovchidan berib yuborar edi. Buvim uyidan oshxonaga ham tushmas, o‘ziga ovqat tayyorlamas, boshqa xonalarga kirmas, ularda yillar mobaynida yig‘ilib borayotgan po‘panaklar, islarni tozalamas, ular borgan sari to‘lishib borardi. Onasidan unga «yolg‘izlik deb ataluvchi sirli kasallik yuqqan, na xizmatkor, na xodimani ishga olardi. 
Biz buvimning uyiga kelganda onam uzoq vaqt qo‘ng‘iroqni bosdi, mushtlari bilan temir eshikni taqillatdi. Buvim Shishli machitiga olib chiqadigan ikkinchi qavatdagi derazadagi temir, zanglagan darpardalarni ochib, bizni balanddan pastga qarab ko‘rdi, bizdan ovoz chiqarib chaqirishimizni so‘radi.Qo‘l silkidi, ko‘zlariga ishonmadi, shekilli. 
- Eshik oldidan nari turinglar, buvilaring sizlarni ko‘rsin, - dedi oyim. Biz yo‘lakning o‘rtasiga borib turdik. Onam unga qo‘lini silkitdi va qichqirdi: 
- Oyijon, men bolalarim bilan keldim, bizni eshitayapsizmi? 
Shunda buvimning yuzida shirin tabassum paydo bo‘ldi. U bizni ko‘rganini, bilganini tushundik. Buvim tezlik bilan deraza yonidan o‘zini ichkariga urdi, yostig‘ining tagidan katta kalitini oldi, uni gazetaning bir bo‘lagiga o‘radi-da, yo‘lakka tashladi. Biz akam bilan kim o‘zarga chopib, kalitga tashlandik. Akam og‘rigan qo‘li bilan kalit orqasidan yugurolmasdi, men kalitni oldim-da, onamga berdim. U qiyinchilik bilan kalitni qulfga solib, aylantirdi. Temir eshik g‘iyqillab ochildi. Qorong‘ulikda bizga islar, po‘panaklar, diqqinafaslik, faqirlik, keksalikning og‘ir nafasi urildi. Men bunday hidni boshqa hech joyda uchratmadim. Eshik yonidagi kiyim ilgichda bobomning mo‘ynali paltosi, bosh kiyimi osilib turar, pastda hamisha meni qo‘rqitib turadigan etiklari ko‘rinardi. Buvim bularning hammasini, uyga o‘g‘rilar kirib kelsa, uyda erkak kishi bor ,deb o‘ylasin uchun qo‘ygan edi. 
Biz yog‘och zinaning tepasida turgan buvimni ko‘rdik. U qorong‘ulikda xuddi sharpaday qimirlamay turar, qo‘lida hassa, xira yorug‘likda oyna ko‘rinib turardi.
G‘irchillagan har bir zinani bosib o‘tarkanmiz, onam buvim bilan gaplashishmadi, odatda, onam doim undan so‘rardi:
-Nechuksiz, oyijon? Sizni sog‘indim, oyijon. Tashqari juda sovuq, oyijon. 
Zinapoyaning yuqorisiga chiqib, onam buvimning yuzi va qo‘lidagi katta xollariga qaramay, qo‘lini o‘pdi. Biz uning bitta tishli og‘ziga yana qo‘rqib qaradik, oqarib, siyraklashib, to‘zib ketgan sochlariga tikildik. Xonaga kirib, onamning ikki tomoniga o‘tirib oldik. Buvimning egnida uzun tungi ko‘ylak va uzun sherstdan tikilgan nimcha bor edi.U shu kiyimda kun bo‘yi yurar, uxlardi. Buvim bizga jilmayib qaradi va ko‘zlarida ayyorona kulgu o‘ynadi: «Qani, meni xursand qilinglar-chi!»
- Pechkangiz yomon isitarkan, - dedi onam. U qo‘liga temir tayoqni olib, pechka ichidagi o‘tinlarni kovladi. 
Buvim bir pas kutib turdi. 
- Qo‘y, pechkani. Yaxshisi, men bilan gaplashib o‘tir. Olamda nima gaplar?
- Hech gap yo‘q, - dedi onam yonimizga o‘rnashib.
- Hech gap yo‘qmi?
- Mutloqo, oyijon.
Qisqa sukutdan so‘ng buvim so‘radi. 
- Hech kim bilan uchrashmading, gaplashmading hammi?
- Bularni bilasiz, oyijon., - dedi onam. 
- Xudo haqqi, nahotki biron-bir yangilik bo‘lmasa?
O‘rtaga jimlik cho‘kdi.
- Buvijon, bizni emlashdi, - dedim men.
- Shunaqami?! – hayratlandi buvim katta – katta moviy ko‘zlarini ochib-ochib. – Og‘ridimi?
- Mening qo‘lim og‘riyapti, - dedi akam. 
- -O- o- o! – hamdardlik bildirdi buvim. 
Yana o‘rtaga uzoq sukunat cho‘kdi. Biz akam bilan deraz yoniga keldik va olis-olislardagi qirlarga qaradik, tomorqalar ortidagi eski bo‘sh-bo‘sh tovuqxonalarni kuzatdik. 
- Demak, hech qanday yangilik yo‘q degin-a? – dedi buvim onamga yalingansimon ohangda. - Qaynonangnikiga chiqib turarsan. Unikiga ham hech kim kelmayotgan ekanmi? –
- Kecha peshinda Dilrabo xonim keldi, - dedi onam. U ancha vaqt suhbatlashib o‘tirdi. 
O‘ylaganimizdek buvim hayajonlanib, hayqirib yubordi:
- U saroyda yashagan, axir!
Albatta, buvim bezaklari, ranglari o‘chib ketgan Botu qasrini nazarda tutayotganligini bilardik. Bu Do‘lmabog‘cha saroyi haqida gazeta va jurnallarda ko‘p o‘qiganman. Buvimning Dilrabo xonimga g‘ashi kelayotgani yo‘q edi.Bu xonim yosh paytida so‘nggi podsho haramida asira bo‘lgan, keyinroq bir savdogarga turmushga chiqqan. Hamma gap - buvim uni do‘stlashishga, bilishga arziymaydigan odam deb hisoblardi, xolos.Mana shu narsa uni g‘ashini keltirardi. Men buni ko‘p yillar o‘tib tushundim. Ular gapni boshqa tomonga burishdi, onam bu mavzuda buvim bilan har gal bahslashardi. Buvim haftada bir marta eng qimmat va mashhur Abdulloh afandining restoraniga borar, u yerda bir o‘zi ovqatlanar, ancha paytgacha taomlarining yaxshi emasligidan nolib yurardi. Uchinchi o‘zgarmas mavzu kutilmaganda savoldan ochildi:
-Bolalar, buvingiz sizlarga yashil ko‘katlardan beradimi?
Biz onam o‘rgatganday bir ovozdan dedik:
- Yo‘q.
Buvim kunlardan bir kun qaysidir tomorqada yam - yashil ko‘kat maysasi ustiga «o‘tirib qo‘ygan» mushukni ko‘rib qoladi. Endi bu ko‘katni kimdir oladi, qaysidir restoranda taomga qo‘shiladi, qaysidir odam uni tanavvul qiladi-ku, deb yana eski hikoyasini aytadan boshidan boshladi. 
- Oyijon, - dedi onam,- bolalar zerikishdi, ular boshqa xonalarni ham ko‘rishmoqchi. Men ro‘paradagi xona eshigini ochib beraman. 
O‘g‘rilar derazalardan kirib, o‘g‘rilik qilmasinlar, deb buvim har bir xonasini qulflab qo‘yardi. Onam bizga katta va sovuq xonani ochib berdi. Derazasi tramvay yo‘liga qaragan bu xonada onam ham bir muddat biz bilan qoldi. Xonadagi oromkursilar va divanlarga qaradi. Ular oppoq yopinchiqlar bilan o‘ralgan edi. Onam zanglab borayotgan, chang bosgan chiroqlarga, stol va sandiqlarga, gazetalar o‘ramiga, ayollar velosipedining devorga tiralib qo‘yilgan ruliga qaradi. Biroq u har doimgiday sandiqning oldiga yugurib bormadi, u yerdan kiyimlarni olib, chiqarib, bizga hayajonlanib ko‘rsatib o‘tirmadi: 
- Bolalar, qaranglar, oyingiz bolalikda kiygan kiyimlar! Xolangizni maktab fartug‘ini ko‘rishni istaysizmi? Onangizning bolalikdagi papkasini-chi? 
- Sovqotsangiz, keling, - dedi onam va chiqib ketdi.
Biz akam bilan deraza yoniga yugurib bordik va uy ro‘parasidagi machit, maydondagi tramvay bekatini kuzatdik. Keyin biz gazetalarni titkilab, bo‘lib o‘tgan futbol matchlari haqida o‘qidik. 
- Men zerikdim, - dedim men. –Toq-juft o‘ynaymizmi?
- Yiqilgan kurashga to‘ymas, dedi akam gazetadan bosh ko‘tarmay. - Men hozir bandman. 
Kecha qechqurun va tushlikdan ham o‘ynagan edik, omad faqat akamga kulib boqdi.
- Bir martagina o‘ynay qolaylik!
- Bitta shartim bor. Agar yana yutsam, menga ikkita xatcho‘p berasan, agar sen yutsang, bitta olasan. 
- Yo‘q.
-Unda o‘ynamayman, ko‘rayapsan-ku, gazeta o‘qiyapman. 
U gazetani bir pas biz yaqindagina kinoteatrda ko‘rgan ingliz dedektiv filmidagi Melekka taqlid qilib, o‘qiyotganday ushlab turdi. Men oynadan tashqarini biroz tomosha qildim-da, akamning shartini qabul qildim. Cho‘ntagimdan bir siqim «Mashhurlar» dastasini chiqardim. O‘ynay boshladik. Avvaliga men yutdim. Keyin bir birvarakayiga o‘n yettita xatcho‘pimni yutqazdim. 
- Men faqat yutqazayapman, - dedim men. – Agar biz eski qoidalar bilan o‘ynamasak, biz boshqa o‘ynamayman.
- Yaxshi , - dedi akam hamon o‘sha filmdagi dedektivga taqlidona. – Unda men gazetamni o‘qiyman. 
Men deraza ortidagi manzarani yana bir oz tomosha qildim. Diqqat bilan qo‘limda qolgan xatcho‘plarni sanadim – 121 ta. Kechagina, otam ketayotganda ular 183 ta edi! Men kayfiyatimni buzgim kelmadi va akamning shartini qabul qildim.
Boshida men yutdim, keyin akam yuta boshladi. Akam yutib olgan xatcho‘plarini o‘zinikiga qo‘shib qo‘ydi. U mening achchig‘imni keltirmaslik uchun boshqa kulmadi. 
- Agar istasang, boshqacha yo‘llar bilan ham o‘ynab ko‘ramiz, - dedi u . – Kim yutsa, bitta xatcho‘p oladi. Men yutsam, sendagi xatcho‘plarni tanlab olaman. Menda ba’zi bir xatcho‘plar yo‘q, sen ularni menga hecham bermagansan. 
Men rozi bo‘ldim. Men ketma-ket uch marta yutqazdim, oqibatda, ikkita Greta Garbo, ?21, va qirol Farruxlardan biri, ?78 akamning qo‘liga o‘tdi, bulardan unda unda yo‘q edi. 
Men barisini bir partiyadayoq yutib olishga qaror qildim. O‘yin boshlandi, natijada qo‘limdan Eynshteyn, ?63, Mavlono, ?3, Sarkis Nazaryan, ?100, «Mambo» konditer fabrikasining asoschisi, Klepatra, ?53 – lar qo‘limdan ketdi. Ulardan bir nusxadan bor edi, akamda esa yo‘q edi. 
Bo‘g‘zimga yosh tiqildi. Yig‘lab yuborishdan qo‘rqib, deraza yoniga chopib bordim-da, ko‘chani tomosha qila boshladim. Besh daqiqa oldin hammasi ajoyib edi: bekatga yaqinlashib kelayotgan tramvay, barglari to‘kilayotgan daraxtlar ortidan ko‘rinib turgan uylar, ko‘chaning bir chetida yotib olib, qashlanayotgan it - qanday yaxshi ko‘rinayotgan edi! Agar Vaqt to‘xtab, ot poygalaridagi kabi biz besh kvadrat ortga surilganimizda edi! Men o‘shanda hecham akam bilan toq-juft o‘ynamagan bo‘lar edim!
- Yana o‘ynaymizmi? – so‘radim akamdan peshonamni oynaga tiragancha.
- Yo‘q, men boshqa o‘ynamayman, sen yig‘lab yuborasan. 
- Men yig‘lamayman, Jevat, qasam ichaman, - dedim unga qattiq tovushda va yaqinlashdim. – Faqat avvalgi qoidalar bilan o‘ynayman. 
- Men gazeta o‘qimoqchiman.
- Yaxshi, - dedim men. – Ketayotib, kamayib qolgan xatcho‘plarni aralashtirib tashladim. – Faqat mening qoidalarim bo‘yicha ayt-chi, toqmi-juft?
- Faqat, yig‘lama.Yaxshi, juft.
Men yutdim, u menga Fevzi Chakmak tasviri tushirilgan xatcho‘pni tutqazdi. Men olmadim. 
- Iltimos, menga qirol Farrux, ? 78 ni qaytarib ber.
- Yo‘q, - dedi u. – Biz bunga kelishmaganmiz.
Biz yana ikki partiya o‘ynadik, yana yutqazdim. Uchinchi partiyani o‘ynamasam yaxshi bo‘larkan! Napoleon, ? 49 ni berdim. 
- Men boshqa o‘ynamayman, - dedi akam. 
Men o‘tinib so‘radim. Men yana ikki partiyani yutqazdim. U mendan xatcho‘plarni so‘ragan edi, qo‘limda borini berdim. Men Uist, ? 28, Jyul Vern, ? 82, Fotih Sulton Mexmet, ?7, qirolicha Elizabetta, ? 70, jurnalistlar – Jelyali Solihlar, ? 41, Volterlar, ? 42 – men bularning hammasini ikki yarim oy ichida to‘pladim. Ularning har biri haqida har kuni o‘yladim, ularni avayladim va shunday asradimki… Ular hozir havoda uchib yurar, xonada bitta bo‘lib sochilib yotardi.
Butunlay boshqa joyda butunlay boshqacha hayot bilan yashaganimda edi! Buvimning xonasiga kirmay, g‘irchillagan zinapoyadan birma-bir pastga tusha boshladim . Shu payt negadir joniga qasd qilgan sug‘urtachi qarindoshimiz xayolimga keldi. Eng pastki zinaga tushib, butunlay qorong‘ulikda qoldim. Orqaga qaytib, yuqoriga ko‘tarildim va buvimning eshigi yonidagi zinaga o‘tirdim. 
- Qaynonang hech narsa qilolmaydi, - dedi buvim.- Sen bolalarni ulg‘aytirib, uni kutasan endi. 
- Yana bir marta iltimos qilib so‘rayman, oyi, men bolalarim bilan shu yerga qaytmoqchiman.
- Sen bu chang bosgan, sharpalar va o‘g‘rilar yuruvchi uyda ikkita bolang bilan yashay olmaysan, - dedi buvim.
- Oyi, opalarim turmushga chiqib, bu yerdan ko‘chib ketishgandan so‘ng otamning so‘nggi yillari uchalamiz qanday yaxshi yashadik!
- Go‘zalim Mebrura, sen o‘shanda kun bo‘yi otangni eski «Illyustrason»iga tikilib o‘tirarding.
- Men pastdagi pechkani yoqaman. Uy ikki kunda isib ketadi. 
- O‘shanga turmushga chiqma, degandim senga, -dedi buvim.
- Yana bitta ayol bo‘lsa, biz ikki kunning ichida hammayoqni chinniday qilib yuborardik, - dedi oyim.
- Bu uyga o‘g‘ri xizmatkorni kiritmayman, -kesib tashladi buvim,- sen bu uydagi changlarni artib, tozalayman deguningcha yarim yil o‘tadi. Bu vaqt ichida sening betayin ering ham qaytib keladi. 
- Bu oxirgi qaroringizmi, ona? – so‘radi oyim.
- Mebrura, bebaho qizginam, ikkita bolang bilan bu yerga ko‘chib kelsang, qanday yashaymiz?
- Oyijon, Bebekdagi uyimiz, hovlimizni sotaylik, deb necha marta aytdim sizga.
- Men bunday qog‘ozlarga imzo chekkim ham, kadastr idorasidagi iflos o‘g‘rilar bilan yuzma-yuz kelgim ham kelmaydi, istamayman!
- Oyijon, unday demang. Biz opam bilan birga notariusni eshigingiz oldiga olib keldik-ku, - dedi oyim ovozini pasaytirib.
- Men bu notariusga ishongim kelmadi, ishonmayman, - dedi buvim.- Uning yuzidan firibgarligi ko‘rinib turibdi. Balkim u umuman notarius emasdir. Men bilan bunday ohangda gaplashma!
- Yaxshi, oyi. Boshqa bunday qilmayman, - dedi oyim.Keyin bizni chaqirdi.:- Bolalar, bolalar! Bo‘linglar, ketamiz.
- To‘xta! Qayoqqa ?! – so‘radi buvim. – Biz yaxshilab gaplashib ham olmadik. 
- Siz bizni kelishimizni istamaysiz, oyi, - dedi onam shivirlagancha. 
- Buni ol. Bolalaringga rohat – mukumli ol.
- Ular tushlikkacha shirinlik yeyishmaydi, - dedi onam va bizga ochib bergan xonaga kirdi. – Bu xatcho‘plarni kim sochib yubordi? Tezda terib olinglar-chi. Sen unga yordam ber, - dedi onam akamga.
Biz indamay xatcho‘plarni terib oldik. Onam eski yashiklarni ochdi, bolalar kiyimi , ipak parda, qog‘oz qutilarga qaradi. Tikuv mashinasining ostidan ko‘tarilgan chang tomog‘imga tiqildi, ko‘zimga yosh to‘ldi, burnim qichishdi. 
- Mebrura, qizginam, mana bu choynakni ol, uni yaxshi ko‘rasan, axir. U – seniki. Bobom uni onam uchun Shishli gubernatori bo‘lgan paytda Xitoydan keltirgan! Ol, iltimos. 
- Men boshqa sizdan hech narsa olishni istamayman.Choynakni esa shkafga solib qo‘ying, sindirib qo‘yasiz, axir. Bolalar, buvingizni qo‘lini o‘ping.
- Mebrura, qizginam, bechora onangdan achchiqlanma, - dedi buvim bizga qo‘lini uzatarkan. – Nima bo‘lishidan qat’i nazar, meni qarovsiz qoldirma, kelib tur. 
Biz zinapoyadan tez tushdik, temir eshikni yopdik, tashqariga chiqdik va quyoshning nurlariga urildik, to‘yib - to‘yib toza havodan nafas oldik.
- Eshikni yaxshilab yoping! – balandda turib qichqirdi buvim. – Mebrura, kelgusi haftada ham kel, maylimi? 
Onam qo‘limizdan ushladi va biz yo‘lga tushdik. Biz yo‘tala-yo‘tala tramvayni kutayotgan odamlar bilan birga tramvayni kutdik. Tramvay to‘xtagan zahoti akam bilan kelishganimizday tramvay haydovchisi ko‘rinib turadigan oldingi o‘rindiqqa o‘tirib oldik va juft-toq o‘yinini boshlab yubordik. Men quvonganimdan yutuqlarni balandlatdim va shu yerning o‘zida yana yutqazib qo‘ydim. «Usmonbey» bekatida akam taklif qildi:
- O‘n beshta xatcho‘pingni istagingga ko‘ra almashtiraman. 
Men yana o‘ynay boshladim. Men o‘zimda yashirib qo‘ygan ikkita xatcho‘pimdan boshqa hammasini yutqazdim. Onamning oldiga kelib o‘tirdim. Yig‘lamadim. Onam kabi derazadan lipillab o‘tayotgan g‘aroyib magazinlar, hech vaqosi qolmagan do‘konlar, nonvoyxona, guruch unidan kisel tayyorlaydigan sotuvchilar chodirlari, biz tez- tez tushib turadigan « Tan» kinoteatri, devorga suyanib turgan bolalar va arzon garovga sotiladigan romanlar sotuvchilari, men doim qo‘rqib qaraydigan qo‘lida bor qaychisi sartaroshlar, shu sartaroshlar yonida izg‘ib yuruvchi mahalla devonalarini, bundaylar har bir kvartalda uchraydi – tomosha qilib ketardim. «Harbiylar» bekatida tramvaydan tushdik. Akam juda xursand edi va bu meni aqldan ozdirardi. Men cho‘ntagimdan Lindberg tasviri tushirilgan xatcho‘plarni chiqardim. U bunday xatcho‘pni birinchi marta ko‘rib turardi. 
- ?91, Lindberg, - hayratlanib o‘qidi. – Samolyotda Altantikani kesib uchib o‘tgan. Qaerdan olding?
- Kecha meni emlashmadi, - dedim men. – Men uyga erta qaytdim va otamni ketish oldidan ko‘rib qoldim. Otam sotib olib berdi menga.
- Unda yarmi menga, dedi u. – Shunga kelishganmiz. Oxirgi o‘yindagi xatcho‘plarning hammasi – meniki. 
U qo‘limdan xatcho‘plarni olishga urindi, ammo ololmadi. Shunda u mendan ularni kuch bilan olmoqchi bo‘ldi. Men uning oyoqlari ostidan egilib qoldim. Akam ikki qadam yurdi-da, yerga o‘tirib qoldi. 
- Judayam og‘riyapti, - dedi u oyog‘ini ushlab.
- Tur, - shivirladi onam. – tezroq tur. Hamma bizga qarayapti. 
Akam turdi va butun og‘irligini bitta oyog‘iga solib, film qahramonlariday yura boshladi. Men bir tomondan, uning oyog‘i qattiq og‘riyotganiga achinsam-da, ikkinchi tomondan, uning qiynalayotganini ko‘rib, zavqlanardim. Biz bir muddat indamay ketdik, so‘ng akam menga dedi:
- Men senga uyda ko‘rsataman . – Keyin onamga dedi: - Oyi, Alini emlashmabdi!
- Yo‘q, bizni emlashdi, oyi!
- Jim! - qichqirib yubordi onam.
Biz uyga yaqinlashdik, faqat yo‘lni kesib o‘tish qoldi, xolos. Biz Machkadan kelayotgan tramvay o‘tib ketishini kutib turdik. Uning orqasidan yuk mashinasi, keyin tutuni burqsib, Beshiktoshdan keladigan avtobus o‘tdi. Boshqa tomondan esa giatsint rangidagi «Desoto» ko‘chani kesib o‘tdi va ko‘zdan yo‘qoldi. Men shunda derazadan qarab turgan amakimni ko‘rdim. U bizni ko‘rmasdi, ilg‘amasdi, o‘tib ketayotgan mashinalarni kuzatardi, xolos. Men unga uzoqdan-uzoq tikildim.
Yo‘l bo‘shadi. Men onamga qayrilib qaradim, nima uchun bizni ko‘chaning narigi tomoniga olib o‘tmayotganiga tushunmasdim. Onam ovoz chiqarmay yig‘lardi…

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.