OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Orxan Pamuk. Maktab alamlari va zavqlari

Maktabda ilk o‘zlashtirgan narsam ba'zilarining ahmoqligi, ikkinchi  o‘zlashtirgan narsam esa ba'zilarining yanada ahmoqroqligi bo‘ldi. Xuddi din, irq, jins, sinf, boylik (va shu qatorda eng oxirida qo‘shimcha qilingan) madaniyat farqlari  kabi, hayotdagi bu asosiy  va aniq ko‘rsatuvchi farqni ­farqlamaganday ishlashni komillik, nazokat va yaxshi tarbiya ko‘rganlik alomati ekanligini u yoshda aqlan qamray olmaganim uchun o‘qituvchining sinfga har gal savol tashlashida, to‘g‘ri javobni bilishimni ko‘rsatish uchun sabrsizlik bilan barmog‘imni ko‘tarardim.

Yana keyingi oylarda, yillarda bu bir odat bo‘ldi. Yaxshi, aqlli o‘quvchi ekanligimni sinf ham, o‘qituvchi ham bir oz anglagandi, ammo men yana har bir savolga javobim borligini isbotlamoq uchun barmog‘imni ko‘taraverardim. O‘qituvchi menga juda siyrak so‘z berar, ko‘pincha ko‘tarilgan boshqa barmoqlarni, ular ham gapirsin, deya ishorat qilardi. Bir muncha keyin javobni bilsam-bilmasam, har savolga  barmog‘im o‘z-o‘zidan ko‘tariladigan bo‘ldi. Bunda, hamma qatori oddiy ki­yim kiysa ham, qimmatbaho bir sovg‘a yoki  bo‘yinbog‘ (galstuk) taqib boyligini bildirmoqchi bo‘lgan kimsaning jonsarakligiga o‘xshash bir o‘zini ko‘rsatish istagi bilan o‘qituvchiga nisbatan his qilingan  bir turli qoyil qolish va hamkorlik qilish istagi ham bor edi. Chunki maktabda faxrlanib o‘zlashtirganim yana bir narsa "obro‘li shaxs" sifatidagi o‘qituvchimning iqtidori edi. Pamuq Apartmanidagi (Pamuqlar xonadonidagi) oilaviy ko‘pchilik tar­qoq va bo‘lingan holda edi: hamma bir dasturxonda o‘tirib ovqatlanarkan, har kalladan bir ovoz chiqardi. Oila bir-biriga mehr va yelkadoshlik, yig‘ilish va suhbat ehtiyoji, yeyish-ichish va radio soatlari kabi biron kimsa tortishmaydigan odat va qoidalarga go‘yo o‘z-o‘zidan bog‘lanib qolganday edi. Uyda otam obro‘ va iqtidor markazi emasdi hech, u oramizda juda kam ko‘rinar, goho talay vaqtgacha yo‘q bo‘lib ketardi. Ammo, eng muhimi, akam bilan meni hech qachon ozorlamas, unga yoqmaydigan bir ish qilsak, hatto qoshlarini ham chimirmasdi.  Keyingi yillarda bizni do‘stlariga tanishtirarkan, "bular ham mening ikki kichik ukam" deb qo‘yishni kanda qilmas va chindan bu so‘zining ustidan chiqardi. Bu jihatdan uyda "obro‘li shaxs" sifatida faqat onamni tanigandim.

Ammo uning menga o‘tadigan kuchi mendan tashqaridagi, begona bir "iqtidor markazi" bo‘lganlikdan emas, mening sevilish, silanish va erkalanish istagimdan manba olardi. Shu jihatdan o‘qituvchining yigirma besh kishilik sinfni so‘ziga kirdira olishi meni qoyil qoldirardi.

Balki u bilan onamni tenglashtirganimda, ichimda o‘qituvchimga munosib bo‘lish uchun bitmas-tuganmas istak borligi yuz ko‘rsatar. Faqat har savoliga javob bergim kelmas,  vazifalarini yaxshi bajarmas, o‘qituvchi tomonidan sevilishni, farq­li va aqlli  ko‘rinishni istar edim. "Qo‘llaringizni mana bunday qovushtirib, gaplashmasdan o‘tiring" derdi o‘qituvchi  va qo‘llarimni ko‘ksim uzra qovushtirar, butun dars sabr-la o‘tirardim. Ammo asta-asta har savolga javob berishning, bir arifmetik masalani hammadan oldin yechishning yoki eng yaxshi saboqlarni olishning zavqlari so‘lib, darslarda vaqt hech ado bo‘lmaydiganga o‘xshab, daqiqalar ba'zan o‘ta sekinlik bilan oqayotganday ko‘rina boshladi.

Ko‘zlarimni doskaga bir nimalar yozishga urinayotgan yarim aqlli baqaloq  bir o‘quvchidan, o‘qituvchi yo boshqa o‘quvchidan, farroshdan, butun dunyoga doim yorug‘ ishonch va yaxshi niyat  bilan, jilmayib va sog‘lom nazar bilan qaraydigan qizdan uzar, derazadan tashqariga, baland-baland imoratlar orasida yuksalib ko‘rinib turgan akas daraxtining ust shoxlariga qadar edim. Shoxga bir qarg‘a qo‘nardi. Diqqat-la kuzatardim. Tanasini pastdan ko‘rganim - qarg‘a bilan shoxning orqasida bir tutam bulut ham, manzara ham nuqul joylarini almashtirardi. Derazadan ko‘rganim bulutni bir tulkining burniga, kallasiga, so‘ngra bir itga o‘xshatardim. Endi it ko‘rinishini o‘zgartirmasligini, bulut it holida yo‘lini davom ettirishini istardim, ammo bir ozdan so‘ng  buvimning pardoz javonining hech ochilmaydigan vitrinasidagi oyoqli kumush qanddonlardan biriga  aylanardi. Shunda men uyga ketib qolgim kelardi. Uyning nim qorong‘i jimjitligi, bexatarligi xayolimdan o‘tarkan, birdan o‘sha qorong‘ilik ichidan, xuddi tushda ko‘ringanday, otam ko‘rinar, bozor kuni hammamiz birga mashinaga o‘tirib Bosfor bo‘g‘ozini kezishga ketardik. Shu asno, qarshidagi binoning derazasi ochilar, bir xizmatchi  qo‘lidagi xokandozdan xas-to‘zlarni pastga qarata silkitar, so‘ngra u ham men o‘tirgan joydan ko‘rinmayotgan ko‘chani  parishonlik bilan kuzatardi. Ajabo, ko‘chada nima bor ekan? Pastdan tosh yo‘lda ketib borayotgan ot aravaning ovozi kelar, bo‘g‘iq ovoz bilan baqirayotgan "eskichiiii"ni eshitardim.  Ko‘chaga qarab o‘tirgan xizmatchi, eskichini kuzatib bo‘lgandan keyin orqasiga qaytar, u berkitgan derazaning yonida boyagi bulutga o‘xshagan, ammo ters tomonga ketayotgan boshqa bulutni ko‘rardim. Yon derazadagi bulut yo‘lida davom etarkan, ajab, bu, boyagi tulki-it-qanddon bulut bo‘lmasin-da ishqilib, derdim o‘zimga o‘zim.  Xuddi shu orada sinfda bir harakat bo‘lar, men ko‘tarilgan barmoqlarni ko‘rganimda o‘qituvchining savolini eshitmagan bo‘lsam-da, shoshib ular bilan birga barmog‘imni ko‘tarar va to‘g‘ri javobni bilganimdan so‘ng o‘zimga ishongan tarzda kutib turardim. Boshqa o‘quvchilarning javoblaridan  o‘qituvchining savoli nima bo‘lganligini hali ham aniq bilmaganim o‘sha ilk onlarda ham xayollar cho‘mgan aqlimda javobni juda yaxshi bilishimga oid quruq bir ishonch ko‘rinib turardi.

Yillar bo‘yi qatorlarida ikkita-ikkita bo‘lib o‘tirgan sinf­larimizni ermak yeriga aylantirganimiz darslarda o‘rganganlarim bilan, o‘qituvchidan olganim ma'qullashlardan  ham ko‘ra, sinfdosh do‘stlarimni bir-bir tanish zavqi, ularning mendan qanchalik  o‘zgarganlarini biroz hayrat, biroz hayronlik, biroz achinish bilan ko‘rganim bo‘ldi. Turk tili darsida  bir  nimalarni o‘qirkan, satr bitganda, bir qator pastdagi satrdan emas, ikki qator  pastdagi satrdan o‘qishda davom etgan va butun diqqatiga qaramay sinfni kuldirgan yanglishini bir turli  tuzatolmagan bir g‘amgin bola bor edi masalan. Boshlang‘ich sinfda bir ora yonimda o‘tirgan, uzun qizil soch­lari  ot dumiga o‘xshagan bir qiz bor edi. Portfelining ichi tishlangan olmalar, burda nonlar, nondan to‘kilgan kunjutlar, qalamlar, soch tasmalari  bilan aralash-quralash bo‘lardi, o‘zi esa pala-partish kiyinardi, ammo undan va portfelidan kelayotgan xushbo‘y atir hidi meni unga bog‘lar, har narsani o‘z oti bilan aytib, jasorat bilan bayon eta olishiga hayron qolar, hafta oxirida uni ko‘rmasam, sog‘inardim. Bir bolaning kallasi buvim aytgan toifadan, ya'ni tamoman xumkalla edi, yana bir boshqa kichkina boshli jajji qizning  zaifligi va nozikligi meni sehr­lar, uchinchisining uyida bo‘lib o‘tgan voqealarni oqizmay-tomizmay  aytib berishlariga hayratlanar, o‘z-o‘zimga qanday qilib bunday bo‘larkin, deb savol berardim. Nechuk bu qiz  "Otaturk " she'rini o‘qirkan, haqiqatan ham yig‘laydi? Boshqalar anglayajagini bilaturib yolg‘on so‘ylay oladi, manavi uchinchining portfeli, daftari, fartugi, sochlari, so‘zlari - hamma narsasi shu qadar tartibga keltirilgan?

Xuddi ko‘chalardagi turli-tuman mashinalarning chiroqlari, amartizator, old kapoti va oynalaridan tashkil topgan burnini  aqlim o‘z-o‘zidan bir narsaga  o‘xshatgani kabi, sinfdagi bir qator bolalarni ham bir narsaga o‘xshatardim. Masalan, manov qirra burunlini tulkiga, beso‘naqaylarni hamma odamlar aytganiday ayiqqa, soch­lari tippa-tik bolani tipratikonga... Mari ismli bir yahudiy qizning uzundan-uzoq xamirsiz bayramidan qilgan hikoyalarini, ba'zi kunlarda buvisi uydagi elektr tugmalariga ham tegmasligini aytib berishlarini elas-elas eslayman. Bir qiz oqshom xonasida o‘tirganida shartta orqasiga burilib qarasa, farishtaning soyasini ko‘rganini aytgan, bu aqlimda qo‘rquv bilan o‘rnashib qolgan edi. Up-uzun oyoqlariga up-uzun paypoqlar kiygan  va har doim hozir yig‘lab yuboradiganga o‘xshab ko‘rinuvchi bir qizning vazir bo‘lgan otasi, Bosh vazir Adnan Menderesning uchoq halokatida o‘lganda, qizning otasi o‘lmasdan ham bo‘lajak falokatni avvaldan bilib yig‘laganini taxmin qildim. Ko‘p bolalarning, men kabi tish og‘rig‘i bor edi. Ba'zilari tish qolipi taqardi. Litsey yotoqxonalari va sport zallari joylashgan  yon tomondagi binoning ust qavatlarida bir yerda, tib laboratoriyasi yonida bir tish do‘xtiri borligini aytishardi. O‘qituvchimiz biron voqeadan achchiqlanganda yaramaslik qilgan bolani o‘shaning oldiga  yuboraman, deb tahdid qilardi. Undan kichikroq jazo doska osilgan devor bilan eshik orasidagi burchakda, sinfga orqasini o‘girib oyoqda turg‘azish edi. Bu ba'zan "bir oyoq" jazosiga aylanar, ammo butun sinf  darsni emas, jazolangan bolaning bir oyoqda qancha tura olishini kuzatishdan iborat bo‘lgani uchun, darsni o‘tib bo‘lmas edi. Bir oyoqda bo‘lmasa ham, burchakka turg‘azilgan ba'zi to‘polonchilar axlat idishga tupurar, o‘qituvchiga sezdirmasdan sinfga ko‘z-qosh imolari  qilar va ularning bu qiliqlari menda hayronlik emas, ko‘proq qizg‘anish va nafrat uyg‘otardi.

Tanballarning, to‘polonchilarning, ahmoqlarning va uyatsizlarning  o‘qituvchi tomonidan ozorlanishi, jazolanishi, yoqasidan olinishi, kaltaklanishi keyinroq samimiy inonganim  jamoat va hamdamlik ruhiga qaramay ba'zan meni  xursand qilardi. Har kim bilan haddan tashqari "sen-men"li, kirishimli bir qiz bor edi, masalan, maktabga shofyorli bir mashinada kelar, o‘qituvchi  undan  doskaga chiqishni so‘raganda, g‘oyat mamnun bo‘lib chiqar, nozlana-nozlana "Jingle bells, jingle bells, jingle bells all the bells" deya  inglizcha  bir qo‘shiqni ayta boshlardi. O‘qituvchi bilan orasi shunchalik yaqin bo‘lishiga qaramay vazifalarini diqqat bilan bajarmagani uchun gap eshitishlariga, turtib tashlanishlariga guvoh bo‘lganimdan siqilmasdim. Har vazifa tekshiruvida, bir qator bolalar vazifani bajarolmagani holda, o‘zini bajarganday tutishi, endi daftarning sahifalari orasida qilgan ishi, yozgan yozuvlarini topolmayotganday ko‘rsatishi, o‘qituvchi esa bunga hech ishonmasa ham, qani u, deb murojaat qilishlari sababini hech tushuna olmasdim. Bir onlik sarosima va qo‘rqishlar, "Endi topolmayapman, ustoz!" deyishlar jazoni faqatgina bir necha soniya orqaga surar, ammo tarsaki yo quloq cho‘zmaning shiddatini bir necha barobar orttirardi. Usmoniylar Saltanati maktablarida muallim tomonidan o‘quvchiga otilgan tayoqlar yoki domlaning o‘tirgan  joyidan uzun xipchin bilan bola boshiga tushirishlari Ahmad Rasim (1865-1932) ning "Falaqa", "Kechalarim" nomli asarlari orqali hikoya qilinardi. Bolalikdagi  va maktab chog‘idagi jazolashlar, shuningdek, keyingi yillarning darsliklarida uchrar va bularning hammasi Jumhuriyat va Otaturkdan keyin qolgan yomonliklar kabi taqdim qilinardi bizga. Ammo boy Nishontoshi mahallasidagi pullik maxsus Ma'rifat Litseyida modernlashish degan yangiliklarning bir qismi tazyiq yo‘li bilan kambag‘al va ojizlarni qo‘llashga qaratilgan yangilanish degani edi; endi falaqa yoki tayoq ishlatilmas, buning o‘rniga Usmoniylardan qolgan qari va badjahl o‘qituvchilar, chetlariga ingichka va qattiq bir mika (yaproqsimon tiniq oppoq tosh) parchasi  o‘tkazilgan bir frantsuz buyumi jadvallar o‘rnida qo‘llanar va o‘sha bilan bolalarning boshiga urardilar.

O‘jarlik bilan vazifani bajarmagan, yaramasliklari bilan o‘qituvchining sabrini tugatgan o‘quvchi, yomonlik namunasi etib ko‘rsatilishi uchun, har kasning oldiga chiqarilardi,  odamning ichini achituvchi urishlar va kamsitilish daqiqalari boshlanganida yuragim ezilib, kallam shishib ketardi. Yoshimiz kattayganda gimnastika muallimi, din muallimi, musiqa o‘qituvchisi kabi hayotdan bezgan, serjahl, keksa erkak o‘qituvchilarning qo‘liga tushganda ko‘payadigan bu jazolash marosimlarini ko‘rib, avvalgi zerikarli darsning o‘rtasida bir necha daqiqa davom etadigan tomosha qilib o‘tirishlarni, muloyim va onaday muallimalarni mamnuniyat bilan sog‘inib o‘tirardim. Biron o‘quvchi, xuddi sut to‘kib yuborganday, oldiga qarab, aybini tan olib, inontiruvchi bir qancha uzrlar aytsa jazosi sal yuvosh tortardi. Ammo aytgan uzri ko‘rsatgan hunaridan katta bo‘lganlar, yolg‘on bo‘lsa ham aybini yumshatadigan bir bahona topolmaganlar, topolmaydiganlar, yolg‘on gap aytguncha kaltaklanishni afzal bilganlar, o‘qituvchining obro‘yini  tushiradiganlar, jazolanayotgan chog‘larida bir ora qosh-ko‘z imosi qilib sinfni kuldiradiganlar, bir tarafdan noshudona yolg‘onlarni qalashtirib, boshqa tarafdan "boshqa yolg‘on gapirmayman, ustoz" deya samimiy qasam ichuvchilar, tayoq va kamsitilishdan qon-terga botgan,  yanglishib qopqonga tushgan hayvonday, bilmasdan yana xatolikka yo‘l qo‘yib aziyatlarini yanada orttirgan bir boshqa sinfdoshlar menga insonlik va hayot haqida barcha Hayot Bilimi kitoblaridan  va Sinf Bilimi jurnallaridan ham teranroq narsalarni o‘rgatardilar.

Ba'zan tartibli, yoqimtoy yoki siniq holini ko‘rib, uni ichimda sevib yurganim bir qizning shunday kamsitilganiga va uzr onlarida yuzi qip-qizil bo‘lib ketganiga, ko‘zida yoshlar halqalanganiga qaraganimda uning tezroq qutulishini istardim. Tanaffuslarda menga ham aziyat qiladigan anov sariq sochli, semiz bolaning dovdirashini, dovdirarkan, kaltak yeganini ko‘rganimda  voqeani qalbsizlik bilan zavqlanib tomosha qilardim. Tuzalishiga umid qoldirmagan ahmoq va beta'sir ekanligiga ishonch hosil qilganim  o‘ta quruq, ovozi past va g‘ururli bir bolaning o‘qituvchini izdan chiqarib gerdayishining sababini bilolmaganimda, bolaning ko‘zlaridan yoshlar oqarkan, o‘qituvchi bilan o‘quvchining ayni chog‘da qay biri haqligini bilolmay charchablar ketardim. Ba'zi o‘qituvchilar o‘zi doskaga chiqargan  o‘quvchining  bilimini sinashdan ham ko‘ra  ko‘proq o‘z jaholatlarini namoyish qilib, kamsitishlaridan qanchalik maza qilsalar, ba'zi o‘quvchilar ham ahvolni iroda bilan yaxshilashdan  ham ko‘ra o‘zlarining kamsitilishidan o‘shandoq maza qiladiganday tutardilar. Ba'zi o‘qituvchilar  bir daftarning yanglish rangli  bir qog‘oz bilan o‘ralganini ko‘rganlarida qutirib ketar, ba'zilari bosh­qa paytlar hech e'tibor bermaydigan oddiy bir pichir-pichirga ham bir shapaloq bilan jazo berardilar, ba'zi o‘quvchilar  javobini biladigan oddiy bir savolga, ko‘zlari mashina chirog‘idan qo‘rqib ketgan quyonday, qotib qolar, ba'zilari esa - eng ko‘p shunaqalarni qo‘llardim - javobni bilmasalar ham,  biladigan narsalarini yaxshi niyat bilan sayrayverardilar.

Ba'zi bir paytlarda, ozor bilan yoki daftarlarning, kitoblarning irg‘itilishi bilan boshlangan qo‘rqituvchi onlarda, butun sinfda tiq etgan ovoz ham chiqmayotgan bir pallada boshiga shunday kamsitishlar kelmagan tolelilardan bo‘lganim uchun shukr qilardim. Sinfning uchdan biri shunday bo‘lakcha "imtiyoz"-lilardan edi. Yo‘qsullar bilan boylar bir sinfda o‘qiydigan ba'zi davlat maktablariga qarama-qarshi o‘laroq, bu maxsus maktabda surunkali kamsitilishlar bilan hech xafa qilinmaydigan tolelilarni ajratib turuvchi yashirin chiziqning o‘quvchining boyligi yo kambag‘alligi bilan aloqasi yo‘q edi. Maktabga kelib bolalarcha bir og‘aynilik bilan tanaffuslarda quvlashmachoq o‘ynab xursandlik bilan unutganim va ruhim rad etgan bu yashirin chiziq, o‘qituvchi o‘z kursisidagi joyiga bir iqtidor taxtiga o‘tirganday o‘tirishi bilan birdan yuzaga chiqaverardi va men ham bu tayoq va kamsitishlar pallasida oddiy, ammo kuchli bir qiziqish bilan ba'zilarining nima uchun bunday tambalroq, viqorsiz, irodasiz, beta'sir, aqlsiz yoinki  mana "shunday" bo‘lisharkin deb o‘zimdan so‘rardim. Ammo hayotim zulmatiga va sinf­dosh o‘rtoqlarimning ruhlariga yo‘nalgan bu savolga na u davrda o‘qiy boshlaganim va hamma yomonlarning og‘izlari buramli qilib chizilgan suvratli romanlar, na-da bolalik tuyg‘ularim javob berar, men ham savolni unutardim. Bularning barchasi, maktab degan dargoh aslida eng muhim va asosiy hisoblangan savollarga javob bermagan, faqat ularni hayot haqiqati sifatida tan olishimizga yordam bergan joy degan xulosaga keldim. Shu boisdan  to litseyga kirgunimcha barmog‘imni ko‘tarib  o‘zimni chiziqning tinchgina va erka tarafida tutishga intildim.  

Maktabda  yana bir o‘rganganim asl narsa - hayotning so‘ralmaydigan "haqiqatlarini" qabul qilish emas, ularga maftun bo‘lish ekanligini sezardim. Birinchi yillarda bo‘lar-bo‘lmas bahonalar bilan, ikkida bir o‘qituvchi darsning o‘rtasida bizga bir ashula ayttirishni boshlardi. Inglizcha, frantsuzcha so‘zlarini tushunolmaganim, yaxshi ko‘rmaganim bu qo‘shiqlarni xuddi aytayotganday harakat qilarkanman sinfdoshlarimni kuzatishdan zavqlanardim. (Turkchaga "Soqchi ota, soqchi ota, bayram keldi, surnay chal!" kabi o‘girilgan ashulalar aytilardi.) Yarim soat oldin daftarini yana uyida unutgani uchun ko‘zyoshi to‘kkan past bo‘yli semiz bola endi og‘zini katta-katta ochib baxtiyorlik bilan ashula aytayotgan bo‘lardi. Uzun sochlarini hadeb quloqlarining orqasiga otayotgan qiz, qo‘shiqning o‘rtasida yana shu harakatini takrorlardi. Tanaffusda koridorlarda meni quvlagan semiz to‘polonchilardan biri va uning kamgaproq, zakki va juda kamtarligiga qaramay yashirin chizgining men tarafimda qoladiganday ehtiyotkor oqil ustozi endi farishtasimon bir ifoda bilan musiqaning bulutlari orasida yo‘q bo‘lib ketgandilar. Tartibli qiz ashulaning o‘rtasida qalamdonlarining, daftarlarining o‘rnini yana bir bor taxlardi,  maktabning daraxtzor hovlisidan o‘tib sinfga kelayotganda, ikkov birga bo‘lishimiz uchun "Menga sherik bo‘lasanmi?"- deya so‘raganimda indamay faqatgina qo‘limni ushlagan  tirishqoq, zakki qiz ashulani yaxshiroq aytish uchun o‘zini juda jiddiy tutardi, imtihonlarda kimsa qaramasin deya qog‘ozini emizikli chaqalog‘ini bekitayotgan xotinlarday butun gavdasi bilan to‘sib olgan qizg‘anchiq va baqaloq bola hech kimsaga ochmagan gavdasini ochadiganday harakatlar qilardi. Har kun tayoq yeydigan, kelajagi umidsiz essizlardan birining esa ashulaga zo‘r xohish bilan qo‘shilganini va oldidagi qizning bir tola sochini o‘g‘rincha tortganini, diqqat bilan ashula aytayotgan qizning ikkida bir "voy-voy"lashi, bu onda u bola derazadan tashqariga qarab turganini ko‘rganimizda, biz ham qizil ot dumiga o‘xshagan sochli qiz ikkimiz shu onda bir-birimizning ko‘zlarimiz ichiga tikilib kulimsirar edik. Hech tushunmay aytayotgan ashulamning lay la lay la, lay lay lay qismiga kelganda men ham nash'a bilan har kas yuksaltirgan ovozga qo‘shilar, so‘ngra derazadan tashqariga qararkan, bir oz so‘ngra, bir oz so‘ngra qo‘ng‘iroq chalinishini, butun sinf bir onda guvullab paltolariga, portfellariga yopishishini va bir qo‘lim port­felda, bir qo‘lim men ila akamni uch daqiqalik naridagi uyga yetaklab ketadigan eshikbon amakining qo‘lidaykan, sinfdagi barcha bu insonlardan charchaganimni, ammo hozir onamni ko‘raman, deya odimlarimni tezlatajagimni xayol qilardim.

“Istanbul. Xotiralar va shahar” kitobidan
Turkchadan Miraziz A’zam tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.