OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Pramudya Ananta Tur. Blora hayollari (hikoya)

Har bir mahbus nimani kutishini bilasizmi? Albatta bilasiz. Mahbus kutadigan narsa bu Ozodlikdir. Bugun men juda baxtliman. Chunki qamoqxona nazoratchisi uzoqdan - Prem! Narsalaringni yig‘ishtir! Sen ozodsan! - deb baqirdi.
Men shoshib qoldim. Kameramga yugurib borib narsalarimni yig‘ishtirdim. Do‘stlarim oldimda to‘planishdi. Kimdir meni tabrikladi, yana kimdir esa o‘z taqdiridan nolidi. Ketayotganimda ular - Ozodlik! Ozodlik! Bizni unutib yuborma! - deb xayqirishdi.
Qo‘limda kiyimlarim bilan kitoblarim solingan qutini ko‘targancha qamoqxonaning uchta temir eshigidan o‘tdim. So‘nggi eshik ochilib tashqariga chiqqanimdan so‘ng narsalarimni qamoqxona lageridagi ustaxonada ishlaganimda xom ashyodan o‘g‘irlab kanopdan to‘qilgan sumkaga joylab yelkamga osdim. Sumkada ikkita shim, Steynbek, Tagor, Ekzyuperi kabi adiblarning kitoblari bor edi. Ortimdan qamoqxonaning baquvvat temir eshigi taraqlab yopilgani eshitildi. Men ortimga o‘girilib qaradim.  - Qanday mustahkam quti! Ikki yil umrimni mana shu qutining qafaslari ortida o‘tkazdim! Sekinlik bilan yo‘lga tushdim. Yuragim g‘am-qayg‘uga to‘la edi.
Pazar Jatinegaraga borib qornimni to‘yg‘azdim. Taom haqiga o‘sha ikkita shimimni berdim. Zargarlik do‘koniga borib nikoh uzugimni sotdim. Keyin men uchun qadrli bo‘lgan kitoblarimdan ham voz kechdim. Boshqa ilojim yo‘q edi. Vokzalga borib chipta sotib oldim va tug‘ilib o‘sgan ona shahrim Bloraga ketadigan poezdga chiqdim.
Poezd dengiz, o‘rmonlar, urush tufayli yonib kulga aylangan shaharlar, buzilib yotgan avtomobil yo‘llari va ko‘priklar oldidan tezlik bilan o‘tib borardi. Bir necha soat o‘tib Bloraga yaqinlashdik. Avval bu yerda yuk mashinalarining ovozini eshitishga ko‘nikib qolgandim. Ammo endi shahar ancha sokin. Men uchun qadrli bo‘lgan insonlar, ota-onam va boshqa qarindoshlarim yashaydigan ona shahrimizga yaqinlashar ekanman qalbimda o‘zgacha tuyg‘ular paydo bo‘ldi. Bu hissiyotlar o‘rnini bir zumda qo‘rquv hissi egalladi. Chunki butun oilamni Musaning kommunistlari yoki Golland mustamlakachilari qirib tashlagan bo‘lishi mumkin. Axir hozir urush payti. Eh Blora! Bu shahar qashshoqligi bilan mashhur. Bu yerda haftasiga bir marta go‘sht sotib olishga qurbi yetadigan kishi eng boy odam hisoblanadi. Mana Bloraga ham yetib keldim. Mening hikoyam aynan shu yerdan boshlanadi.
Men dastlab vayronaga aylangan vokzalni ko‘rdim. Bu yer fuqarolar urushi oqibatida butunlay xarobaga aylangandi. Vokzalning to‘g‘risida xitoyliklar qarorgohi bor edi. U yerning ham ahvoliga qarab bo‘lmasdi. Yo‘lovchilar birin-ketin poezddan tusha boshladi. Men poezddan tushib oilamni tezroq topish ilinjida yo‘lga tushdim. Harbiy transportlar u yoqdan bu yoqqa harakatlanardi. Ho‘kiz qo‘shilgan aravalar yonib kulga aylangan uylar oldidan o‘tib borardi. Atrofga yarim-yalang‘och bolalar va tilanchilar tentirab yurardi. Blora o‘lik shaharga aylangandi.
- Bolam! Bolam! - deb kimdir meni chaqirdi.
Ortimga o‘girilib qaradim. U yerda pakana, yuzlarini ajin bosgan bir onaxon turardi.
- Bolam - deb yaqinlashdi va meni bag‘riga bosdi. - Omonmisan, bolam? Tirikligingni bilardim - kampir yig‘lay boshladi.
Bu tilanchi kampir nega bunday qilayotganini tushunmay qoldim.
- Kimsiz, buvijon? - dedim o‘zimni orqaga olib.
- Nahotki meni tanimading? Axir men sening buvingman-ku!
- Buvim? Ha buvim! Buvijon! - men buvimni qattiq quchoqlab oldim.
Biz onam dafn etilgan qabristonga bordik. Onamning qabrini katta qiyinchiliklar bilan topdik. Qabr atrofini begona o‘t bosib ketibdi. Buvim ikkimiz o‘tlarni yulib chiqdik. Onamni yaponlar o‘ldirishgan. Onam bilan bir vaqtda eng kichik singlim ham mangu uyquga ketgan. Ularning qabrlari yonma-yon edi. Kuchsiz qo‘llarim bilan chang bosib yotgan qabrtoshlarni artdim. Qabrtoshlarda Siti Saida va Shri Syuzanti deb yozilgandi.
- Oyijon, bebosh o‘g‘lingiz keldi - shivirladim.
Buvim bilan qabristondan chiqib uyga yo‘l oldik. Har qadamda dushman askari sang‘ib yuribdi. Sobiq mahbus bo‘lganim uchun boshqa hududlarga borishim taqiqlangandi. Shu sabab o‘zimni chetga tortib yurdim. Biz eski maktabim oldidan o‘tdik. Endi bu maktabga otam xo‘jayin emas. Yaponlar uni o‘z lavozimidan chetlatishgandi. Lusi daryosi bo‘yidagi yo‘lda orqasiga kapalak tutuvchi to‘rni tashlab olgan bolakay ko‘rindi. Uning ortidan kichkina jo‘ja ergashib kelardi.
- O‘g‘lim, bu sening kichkina ukang - dedi buvim.
- Kim? Jukmi? - dedim.
Buvim boshini qimirlatdi. Men Jukni chaqirdim. Ukam uzoqdan menga qarab turdi-da oqsoqlanib yugirib kela boshladi. Men ham qadamimni tezlatdim. Yetti yoshli ukamni ko‘tarib, mahkam bag‘rimga bosdim.
- Nega oqsoqlanayapsan, ukajon? - deb so‘radim.
Ukam yig‘lab yubordi. Men uni o‘pdim.
- Otam oyog‘ingdan yara chiqqan deb aytdi - dedi. - Mas og‘a (oilamdagilar meni shunday chaqirishardi), opam Mbak Kun oyog‘imni har kuni tuzli suv bilan yuvib qo‘yadi. Keyin men ozgina yura olaman. Ammo bari bir oqsoqlanyapman-da! Siz buni tuzata olasiz-a, Mas og‘a? Menga dori olib kelgandirsiz. Bir marta menga echki olib bergandingiz, hozir o‘sha echki yo‘q. Opamning aytishicha uni bo‘ri yeb qo‘yibdi. Boshqasini olib berasizmi? Meni cho‘loq deb ustimdan kulishadi. Endi bunday qila olishmaydi chunki siz qaytib keldingiz.
Yuragim og‘ridi. Ukamning oyog‘i xastalansa-yu mening qo‘limdan hech narsa kelmasa...
- Albatta - dedim ukamning boshini silab. - Nechanchi sinfda o‘qiyapsan, Juk?
- Men maktabga bormayapman, akajon - Juk xo‘ngrab yubordi.
- Xafa bo‘lma - deb uning ko‘z yoshlardan namlangan yuzidan o‘pdim.
- Siz bilan Jakartaga ketaman. Mashinaga minib, Gambir bozorini tomosha qilaman. Shundaymi, Mas og‘a?
- Albatta.
- Mashinangiz qaerda? Yaponlar olib qo‘ydimi? Otamdan siz haqingizda so‘raganimda dadam sizni Gollandlar asirga oldi deb aytdi. Bu yolg‘on. Siz jasursiz. Asirga tushmagansiz-a?
- Yo‘q. Men asirga tushganim yo‘q. Juk, sen hali ham qo‘shiq kuylashni yaxshi ko‘rasanmi?
- Bunga ruhsat berishmaydi. Kommunistlar taqiqlab qo‘ydi. Lekin endi siz shu yerda ekansiz men yana qo‘shiq kuylay olaman - Juk baland ovozda qo‘shiq xirgoyi qila boshladi.
Men tezda qo‘lim bilan ukamning og‘zini bekitdim. U tipirchilab baqira boshladi.
- Baqirma! - dedim.
Ukam jim bo‘ldi. Men qo‘limni uning og‘zidan oldim.
 - Siz ham kuylashimga qarshimisiz? Meni pastga tushiring. Uyga bir o‘zim ketaman. Siz dushmanlarning malayisiz! Siz dushmansiz, Mas og‘a!
- Yo‘q, ukajon. Avval oyog‘inga dori qo‘yaman. Tuzalib olgach yana kuylayverasan.
Jukning yuziga tabassum yugirdi.
- Mbak Kusga o‘rgatganingizdek menga ham alifboni o‘rgatasizmi?
- Mbak Kus maktabga boryaptimi?
- Hozir hech kim maktabga bormayapti.
- Mak Lik qaerda?
- Akamni Gollandlar olib ketdi. Bir kishi uni isyonchi dedi.
Tanamga titroq kirdi. "Bechora ukaginam! Qanaqasiga u isyonchi bo‘lsin? Axir hali o‘n to‘rt yoshli bola-ku! Qamoqda o‘tirganimda uning yoshidagi ikkita bola bor edi. Ey Xudoyim! Qamoqda ukaginamning holi nima kechadi? "
- Otamning ahvoli yaxshimi, Juk? - dedim iztirob ummonidan chiqishga urinib.
- Dadam bir daraxtning ostida o‘tirib olib "Maxabxarata" dostonini baland ovozda o‘qiydi. Keyin kechgacha allanimalarni yozib chiqadi.
Nihoyat uyga yetib keldik. Uyimizning tomi buzilib ketibdi. Devorlari yonib kulga aylangan bu uy butunlay vayronaga aylangandi. Yo‘lning burilish tomonidan patrul mashinasi ko‘rindi.
- U yana kelyapti, Mas og‘a - dedi Juk patrul mashinasiga qarab. - U yosh bir yigit. Doim uyimizga kelib menga shirinlik beradi. Opam Mbak Kus bilan gaplashib o‘tiradi. Otamga bu yoqmaydi. Bu yigit opamni uzoq-uzoqlarga olib qochib ketmoqchi.
"Ex mening o‘n olti yoshli yoqimtoy singilginam, Mbak Kus!"
- Mbak Kus! Mbak Kus! Mas og‘amiz qaytib keldi! - Jukning xayqirig‘idan hayollarim tarqalib ketdi. Singlimning so‘lg‘in yuzini ko‘rdim. U oldimga yugurib keldi. Ilgarigidek chaqqongina. Meni tezlik bilan quchoqlab oldi.
- Keldingizmi, Mas og‘a? Qamoqda uzoq qolib ketdingiz. Ancha ozib ketibsiz. Uyimiz yonib ketdi. Endi xonangiz yo‘q. Mas Vit ham harbiy bo‘ldi - singlim o‘zini qo‘yarga joy topolmay gapirardi.
- Vit Gollandlar tarafidami? - deb so‘radim.
- Yo‘q. U kommunist. Ox, qo‘llaringiz cho‘p bo‘lib qolibdi-ku! Hali ham jo‘xori qaylasini yaxshi ko‘rasizmi,akajon? - dedi singlim.
- Ha - dedim va biz ichkariga kirdik. Ukalarim va singillarim - Kun, Um, Kus va Juk birin-ketin kirib kelishdi. Otam qo‘lida kitob ko‘tarib oldimga keldi.
- Yaxshi keldingmi, o‘g‘lim? - deb sovuqqina so‘rashdi.
- Xudoga shukr, ota - dedim.
Otam indamay daraxtning tagiga qarab ketdi.
- Aka, sizdan bir yil avval xat olgandim - dedi katta singlim Mbak Kun.
- Nega javob yozmading?
- O‘n besh marta yozdim. Lekin sizdan boshqa maktub kelmadi.
Singlim chuqur nafas oldi. U o‘n sakkiz yoshda va bir askarga turmushga chiqqandi.
- Nega buvimni tilanchi qilib qo‘ydinglar?
Buvim indamay o‘rnidan turib eshikka qarab yurdi.
- Mas og‘a - deb gap boshladi katta singlim. - Biz mana shu hovlida jo‘xori o‘stirib, hosilini yeb kun ko‘ramiz. Yerimiz katta emas. Kichkina uka-singillaringiz mehnat qilib jo‘xori yetishtiradi. Otam esa daraxtnig tagidan nari kelmaydi. Otamning yer chopishini o‘zim ham istamayman. Golland ofitseri otamga ish taklif qildi. Lekin men "Otam qarib qoldi, ishlashlariga yo‘l qo‘ymayman" deb rad javobini berdim. Yemagimiz hammaga teng taqsimlangandi. Buvim Jukning haqini o‘g‘irladi. Men buvimni urishib bergandim, u kishi arazlab uydan ketib qoldi. Bolalar buvimizni vokzalda tilanchilik qilib yurganini aytishdi. Buvimdan kechirim so‘rab, uni uyga qaytarishga urindim. Lekin buvim vokzalda qolib sizni kutishini aytdi.
Buvim yig‘lay boshladi.
- Buvijon! - dedim.
Buvim parvo qilmadi. Borib uni qavarib yotgan qo‘lidan tutdim. Biz sekinlik bilan omborxonaga o‘tdik. U yer bo‘m-bo‘sh edi. Kigiz ustiga o‘tirdik.
- Kun ering qaerda? - deb so‘radim.
Singlim indamay chiqib ketdi. Fursat o‘tmay ikki likopchada jo‘xori qaylasini olib keldi.
- Buvijon, akajon mana buni yeb olinglar - deb taomni oldimizga qo‘ydi.
- Sendan kuyov qani deb so‘radim?
- Kuyovingiz qaytmasa kerak. Men bilmayman. Birorta ham xabar yo‘q - dedi Kun ikkilanib.
- Yolg‘onchi! Pochcham kecha tunda miltiq ko‘tarib keldi-ku! - dedi orqamda turgan Juk.
Kun uni og‘zini yopish uchun orqamga o‘tdi.
- Kun, meni aldamayapsanmi?
Juk tizzamga boshini qo‘yib yig‘lay boshladi. Kun esa jimib qoldi.
- Mas og‘a, pochcham Jus o‘tgan kecha qo‘lida miltiq va granata bilan keldi. Uni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Gapim rost. Pochchamdan qaerga ketayotganini so‘ragandim, opam meni ro‘moli bilan o‘rab oldi. Men qo‘rqib ketdim.
Ukalarim va singillarimning birortasi menga qarashga botina olmay, boshlarini egib olishgandi. Ularning ko‘zlarida qo‘rquv va xavotir bor edi.
- Mas og‘a, bu yerdan ketaylik. Bu yerda urush bo‘lyapti. Men urushdan qo‘rqaman. Jakartaga ketaylik - deb o‘tindi Juk.
- Albatta ketamiz. Faqat keyinroq - dedim.
Kun, Kus va Um indamay chiqib ketishdi. Men chuqur nafas oldim va boshimni ko‘tarib atrofga qaradim. Birdan katta eski stulda o‘tirgan bir kimsaga ko‘zim tushdi. Uning ikki oyog‘i sonigacha yo‘q edi. Qo‘llariga zarar yetmagan, ammo o‘ng qo‘lidagi to‘rtta barmog‘i ham yo‘q. Yuzi esa tanib bo‘lmas darajada. Burnidan chap qo‘zigacha chuqur chandiq izlari bor. Yuz terisi shilinib tushgan, sochlarining yarmi yo‘q, o‘ng qulog‘i yirtilib ketgandi.
- U doim shu yerda o‘tiradi. Hech kim bilan gaplashmaydi - dedi Juk.
Stuldagi kimsa menga sinchikovlik bilan qarab turdi-da ko‘zlaridan yosh qalqidi. Men o‘rnimdan turib unga yaqinlashdim.
- Salom. Men Premman - deb qo‘l uzatdim.
Stuldagi kimsa javob bermadi. Men uning harbiy libosdaligini ko‘rdim. Unvoniga etibor berdim. U serjant ekan. Unga yaxshilab razm soldim-u daxshatga tushdim. Ko‘zlarim yoshga to‘lib yig‘lay boshladim. Ey Xudoyim! Qanday qilib yig‘lamayin, axir bu tirik murda mening jon-u jigarim, katta ukam, harbiy politsiya serjanti Vit edi.
- Qamoqdan erta ozod etilibsan. Bizni sotmaganinga ishonaman, Mas Muk. Lekin bilib qo‘y, mabodo dushmanga sotilgan bo‘lsang shu ahvolimda ham seni osongina tinchitishim mumkin - deb Vit cho‘ntagidan to‘pponchasini chiqardi.
- Bu hududda qurol olib yurishga qo‘rqmaysanmi? - deb so‘radim.
Vit kuldi. - Men allaqachon askarlik qasamyodini qilganman, nega qo‘rqarkanman? Ukalarimiz ham qasamyod qilishdi. Endi so‘nggi jangni kutyapman.
- Manavi ayollar to‘pponchasi bilanmi?
Vit yana kuldi. - Qurol-yarog‘im yetarli. Qolaversa bir kilometr uzoqlikda askarlarim janga shay turibdi. Vit meni o‘ziga tortdi.
- Juk o‘lishi kerak! - deb qulog‘imga shivirladi.
Ukamning bu gapidan esankirab qoldim.
- U barchamizning hayotimizni xavf ostida qoldiryapti. Bugun tunda sen uni Lusi ko‘prigiga olib borasan-da bo‘yniga pichoq tortasan! Men ana shu hududning qo‘mondoniman, sen buyrug‘imga itoat etishing kerak.
Meni titroq bosdi. Vit esa gapida davom etdi.
- Bu hududdagi barchaning o‘lishi yoki yashashi menga bog‘liq. Men ham rahmdil inson edim. Go‘zillikni sevardim. Lekin vaxshiy dushmanlar menga kislota sepib yuzimni kuydirishdi. Zolim Golland mustamlakachilari meni shu ahvolga solishdi. Shu sabab endi ana shunday tubanliklarni tap tortmay qiladigan bo‘ldim.
Orada jimlik hukm surdi. Birdan Juk bor ovozda qo‘shiq ayta boshladi. Vit unga baqirdi. Ukam jimib qoldi. Bir chekkada indamay o‘tirgan buvim o‘rnidan turib menga yaqinlashdi.
- Bolajonim, sen qaytib kelding, endi men ketaman. Sizlarga ortiqcha yuk bo‘lishni istamayman - deb shivirladi.
- Qaerga borasiz, buvijon? Nahotki nabiralaringiz bilan yashashni istamaysiz?
Buvim bosh chayqab chiqib ketdi. Men o‘rnimdan turib eshikka qarab yurdim.
- Qaerga ketyapsan, Mas? - dedi Vit.
- Otamning oldiga. Kelganimdan buyon u bilan tuzukroq gaplasha olmadim.
- Mendan ruhsat so‘radingmi?
- Buyruqlaringa bo‘ysugishga majbur emasman. Men hali ham leytenantman. Sen menga buyruq bera olmaysan?
- Majbursan. Asirga tushib qamoqda o‘tirgan harbiy barcha unvonidan mahrum etiladi. Tushunarlimi?
Men ukamga qaradim. Vit ho‘mrayib qoldi. Tizzamga yuzini bosib Juk ham unga qaradi.
- Mas og‘a, men undan qo‘rqaman. Tezroq Jakartaga ketaylik, ilttmos. Men qo‘rqib ketyapman - Juk yalina boshladi.
- Mas Muk, vaqt bo‘ldi! Uni ovozini o‘chir. Bu bola boshimizga balo bo‘ladi. Uni o‘ldir! - deb baqirdi Vit golland tilida.
Uning gapini manosini anglagan Juk bor ovozi bilan baqirishni boshladi. Vit kumush pichog‘ini chiqarib men tomonga tashladi.
- Bir... - sanashni boshladi.
Men ko‘zlarim yoshlanib pichoqni oldim.
- Ikki...
- Ey Parvardigor! Nahotki murg‘ak ukamni o‘z qo‘lim bilan o‘ldiraman?
- Uch!
Pichoq Jukning ko‘ksiga sanchildi. Kichik ukam chinqirib yerga yiqildi.
- Juk! Ukajon! Men nima qilib qo‘ydim? - deb o‘kirdim.
Hamma yoq qip-qizil qonga bo‘yaldi.
- Endi meni ham o‘ldirasanmi, oqibatsiz? - deb baqirdim.
Ko‘ylagimning yengi bilan ko‘z yoshlarimni artdim. Shu payt tashqaridan shovqinli ovozlar eshitildi.
- Patrul kelyapti. Jukning ustini jo‘xori bilan berkit - shivirladi Vit.
Patrul uyga kirib kelganida men Jukning faqat boshinigina berkita olgandim holos. Yerdagi qonni ko‘rgan patrul xodimlaridan biri - Kuse! Kuse! - deb baqirdi. Vit qo‘lidagi ayollar to‘pponchasini o‘qtaldi. Patrul askarlari turgan joyida to‘xtab, qo‘llarini tepaga ko‘tardi. Ukam menga tashqariga chiqib qo‘riqchilik qilib turishimni buyirdi. Men eshikka qarab yurdim. Yog‘och bo‘lagiga oyog‘im qoqilib ketdi va yerga yiqildim. Shu payt birdan xayollarim tarqalib ketdi. Atrofga qarasam hanuz qamoqxonadaman. Qorovullarning qadam tovushlari qulog‘imga chalindi.
Ikki oy sabr qilsam menga berilgan o‘sha ikki yillik muddat tugab ozodlikka chiqaman...

Ingliz tilidan Feruzbek Ziyodullayev tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.