OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Pramudya Ananta Tur. Kurantil ko‘chasi, 28 (hikoya)

Shahar bo‘ylab bir maromdagi horg‘in, qisqa odimlar bilan askar botinka kiygan kishi borardi.
Bir necha yil burun bu botinkalar yap-yangi edi, yaltirab turardi. Jang maydonlari bo‘ylab, o‘ldirilgan turli millat askarlari tanasini tahqirlab, muzaffarona yurib o‘tgandi. Lekin u paytlar o‘tib ketdi. Botinkalar o‘z ohorini yo‘qotdi: poshnalari yeyilib, usti sarg‘ayib yirtildi, uchi ayrilib ketdi.
Botinkalar ichida ingichka va qoqshoq oyoqlar ko‘zga tashlanardi. Bir necha yil burun bu oyoqlar baquvvat va tolmas edi, lekin urush ularning avvalgi kuchini so‘rib olgan edi.
Kattakon botinkalar va uning ichidagi gugurt cho‘piday ingichka oyoqlar ko‘pchilikning kulgisini qistatardi. O‘tkinchilar haligi kishini kijang1  yoki Buratino deb mayna qilardilar. Ammo u o‘tkinchilarga e’tibor bermay yo‘lida davom etardi.
Qachonlardir uning oyoqlarini uzun shimi berkitib turardi. Lekin shim asta-sekin qisqarib bordi, chunki sohibi pochasi titilgan sayin uni kesib tashlardi. Oxir-oqibat, shim kalta ishtonga aylandi va sohibining ozg‘in orqasini zo‘rg‘a berkitadigan bo‘lib qoldi. Ammo bu kalta ishtonning tarixi ancha uzun edi: zero, u Hindistonni aylanib chiqdi, Sardiniyada va Boloneda bo‘ldi va yana Yavaga qaytib keldi.
Uning oriq va qoqsuyak badanini zo‘rg‘a qoplab turgan gurkxlarning yashil to‘rli askar ko‘ylagidan uning oyoqlari kabi ingichka qo‘llari va bo‘yni chiqib turardi.
Bu odamni Mahmud Asvan deyishardi. Bir paytlar u kim bilandir tanishar ekan, mashhur pesa qahramoni singari nomini o‘zi aytardi: “Men rojaman. Ismim — Indra Pervira. Men Dehli sultoniman”. Lekin hozir bu odam indamaydi. O‘z nomini aytishning nima keragi bor? Buni boshqalar aytgani ma’qul.
Belbog‘iga osib olgan bo‘xchada uning bor-budi joylangandi: u ham bo‘lsa Garut2 dagi to‘qimachilik fabrikasida tayyorlangan jigarrang oristonlik ko‘ylagidan iborat edi. Mazkur bo‘xchani bundan besh soat burun qamoqxonada olgan edi. Ozodlikka bo‘shatilayotgan barcha mahbuslarga jigarrang ko‘ylakdan tashqari o‘n kilogrammdan guruch ham berishardi, lekin u guruchni olmadi, uni yuk qilib ko‘tarib yurishni istamadi. Ko‘ylakning cho‘ntagida o‘n rupiy bor edi, lekin u buni hozircha eslamas edi.
Mahmud Asvan hashamdor do‘konlar, idoralar, xususiy uylar yonidan o‘tib borardi. Bir vaqtlar ular Mahmudni hayratga solardi, endi bo‘lsa, o‘zi o‘ziga savol berardi:
“O‘sha do‘kon, idora, uylarning kimga foydasi bor?” — lekin bu savolga javob topolmasdi. Uning qalbida hech narsaga, hech kimga shafqat qolmagandi. U hamma meni yanchib tashlashga, yo‘q qilishga intilayapti deb gumon qilardi. U faqat odamlarnigina emas, jonivorlarni, o‘simliklarni, mashinalarni, hatto toshlarni ham ko‘rgani ko‘zi yo‘q edi. Ularning hammasi uni yo‘q qilishga intilayotgandek ko‘rinardi. Baxtsizligining cheki-chegarasi yo‘q edi, diydasi shu qadar qotib ketgan ediki, o‘zidan ham, hatto ko‘zlari, qo‘llari, lablaridan ham nafratlana boshlagandi. Bularning nima keragi bor o‘zi? U hammadan ham xudodan nafratlanardi, chunki unga hayotni faqat azoblarga mahkum qilish uchungina bergan edi.
Birdan uning ongida xotiralari g‘ujg‘on o‘ynay boshladi.
Mana, u Kramat ko‘chasida, qurol-yarog‘ yashiringan qutilar ortilgan yuk mashinasida ketayapti. Uning qo‘l-oyoqlari mahkam bog‘lab tashlangan. Nigohi uni kuzatib borayotgan qo‘riqchida. Bir ming to‘qqiz yuz qirq beshinchi yil. “Shuning nima keragi bor edi o‘zi?” — deya so‘radi u o‘z-o‘zidan va yana javob topolmadi.
Yollanma askarning qismati juda og‘ir, ayniqsa, atrofidagi odamlar tilini tushunmasa. Agar yarador oyog‘i zirqirayotgan va harorati ko‘tarilib, a’zoi badani olov bo‘lib yonayotgan bo‘lsa yanada og‘ir!..
O‘shanda u kazarmada yashardi. Lekin bu uning hayotidagi eng og‘ir damlar emasdi. Eng og‘ir kunlari Glodok turmasiga tushganidan keyin boshlandi. Uning ko‘z o‘ngidan mahbuslarni tahqirlash, jerkish, so‘kish, urish va otishlar bir-bir o‘ta boshladi.
Glodok turmasidan uni Chipinang, undan Gang Tengax qamoqxonasiga o‘tkazishdi. Bu yerda och mahbuslar orasida changalzor qonuni hukm surardi — kim zo‘r bo‘lsa o‘sha yashab qolardi...
Onrust — Edam — Tangerang — Nusa Kambangan — Semarang. Har bir yangi lager unga yangi-yangi iztiroblar olib kelardi. U o‘ziga qayta-qayta savol berardi: bularning hammasi nimaga kerak? Javob esa hamon topilmasdi. U bu savolni mahbus jo‘ralariga berganda esa, ular mag‘rur javob qaytarishardi: “Erk uchun kurashchilarning qismati shunday!” Darvoqe, hamma ham shunday deb javob bermasdi. Uylanganlar unga mo‘minlik bilan itoatkorona javob qilishardi: “Iztirob chekish barchaning qismatida bor. Tangriga ibodat qil!”
Ammo bu javoblar uni qanoatlantirmasdi. Mudhish tomoni shunda ediki, u hayotda asosiy maqsadi nima ekanini bilmasdi. Holbuki, bu maqsad hozir judayam zarur edi, chunki yapon hukmronligi tugab bormoqda, yangi davr boshlanmoqda edi...
U hali yosh yigit, umid va orzulari ko‘p edi. Lekin uylanib ulgurmagandi. Rafiqasi ayrim kamchiliklariga, jumladan, irodasi bo‘shligiga qaramay yoqimtoy ayol edi. Ular bir xonada yashashar va bitta karavot1 da uxlashardi. Oilaviy turmush uni ko‘p narsaga o‘rgatgandi. U inson tinch va osuda hayotga naqadar ehtiyoj sezishini tushunib yetgandi...
U butun qalbi bilan uning tinch turmushini buzganlarni yomon ko‘rib qolgandi. Mahmudning ulardan yovuzroq dushmani yo‘q edi.
Keyin inqilob2  boshlandi. Ularning uyini yondirib yuborishdi. Mahmud bosqinchilardan o‘ch olishga ahd qildi, lekin qo‘lga tushib qoldi... To‘rt yil qamoqxonalar va lagerlarda azob chekdi. Uni faqat afv qutqarib qoldi. Mana u ozodlikda. Lekin yashashga imkon bo‘lmagandan keyin, bunday ozodlikdan ne foyda?..
Xotini qaerda ekan? Uning Marnisi qaerlarda yurgan ekan?.. O‘lib ketganmikin yoki Senen bozorida sasigan go‘sht sotib yurganmikin? Buni u bilmasdi, faqat shuni bilardiki, rafiqasi irodasi bo‘sh ayol edi.
Kurantil ko‘chasigacha hali ikki kilometrcha bor. U aynan o‘sha yoqqa borardi. U juda toliqqan, befarq odimlab borardi. Bir vaqtlar hamisha hafsala bilan tarab yuriladigan sochlari to‘zib ketgandi. Ko‘kragi og‘riqdan zirqirardi.
U vaqtning qancha bo‘lganini bilish uchun soatlar do‘koni oldida bir necha daqiqa to‘xtab qoldi. Soat millari to‘rtni ko‘rsatardi. Uning ozodlikka chiqqaniga bor-yo‘g‘i besh soat bo‘libdi. Bugun ertalab soat o‘n birda u Poloka lageridan chiqdi. Boshqa lagerlar bilan birgalikda bu qamoqxona uning to‘rt yillik umrini o‘g‘irladi. Yo‘qotilgan to‘rt yil! Holbuki, uning hayoti butunlay boshqacha bo‘lishi mumkin edi. Ehtimol, u shu paytgacha Marni bilan yashagan bo‘lur edi, balki bolalari bo‘lardi...
“Nega muncha omadim yurishmadi?” — o‘ylardi u, kechirgan azob-uqubatlarini eslab. Javob esa bittagina edi: “Hammasiga odamlar aybdor! Ularning har biri faqat o‘zini o‘ylaydi!” Mahmud boshqalardangina emas, o‘zidan ham nafratlanib ketdi. Ba’zan qon tomirini kesib, o‘zini tinchitgisi kelardi. Faqat dunyo oldidagi, oilasi oldidagi burchi uni bu qaltis niyatidan to‘xtatib qolardi. Eng muhimi — rafiqasi oldidagi burchi. “Marni iffatini menga bag‘ishladi”, — derdi u o‘ziga-o‘zi. Iffatni hech qanaqa pulga sotib olib bo‘lmaydi! Yo‘q, u hech bo‘lmasa, Marni uchun yashashi kerak. Shuning uchun o‘zini o‘ldirishga haqqi yo‘q!
Kurantil ko‘chasi bosqin1 paytidagidan ancha chiroyli ko‘rinardi. Unda mashinalarning oqimi tinmaydi. Ko‘chaning har ikki tomonida avvalgiga nisbatan yanada hashamatli do‘konlar saf tortib turibdi. Do‘konlar va idoralarning nomlari bitilgan lavhalar ham endi yapon tilida emas, golland tilida edi. Sartaroshxonaning lavhasi — u ham golland tilida — tagida “Kurantil ko‘chasi, 28” yozuv i o‘zini ko‘z-ko‘z qilardi.
U shisha deraza orqali ichkari qaradi. Ichkari ozoda, chiroyli qoplamali jihozlar yaltirab turar, yirik ko‘zgular charaqlardi. Sartaroshxona sohibi stulda o‘tirib gazeta o‘qirdi. O‘tgan yillar ichida u qariyb o‘zgarmabdi, hatto oldingidan yoshroq ko‘rinardi. Bir vaqtlar Mahmud bu sartarosh bilan shohmot o‘ynashni yaxshi ko‘rardi.
Mijozlar yo‘qligidan ketishga taraddudlangan sartarosh gazetani buklab, bir chetga qo‘ydi, o‘rnidan turib eshikka yo‘naldi. Yaqinlashib kelayotgan odamni ko‘rib, qotib qoldi. Ko‘zlari katta-katta ochildi va u:
— Mahmud! — dedi sekingina.
Qandaydir soniya  ichida Mahmud unga bir qarab oldi-da, yo‘lida davom etdi. Bu odam bilan gaplashishdan nima foyda? U ham bir aldamchi bo‘lsa kerak-da, qabohatdan boshqa nimani kutish mumkin.
— Mahmud! — eshitildi orqadan.
Sartarosh unga yetib oldi-da, yengidan tortdi, do‘koniga taklif qildi.
— Meni nega chaqirayapsan, Mamat? — so‘radi Mahmud, sobiq do‘stiga ergashar ekan.
— O‘tir. Sen bilan gaplashmoqchiman.
Mahmud hech narsa demadi. Lablarida ishonchsiz iljayish paydo bo‘ldi. Ular dumaloq marmar stol atrofidagi oromkursiga o‘tirishdi. Mahmud ko‘zlarini yumib, horg‘in bir holatda kursi suyanchig‘iga yastandi.
— Demak, sog‘-salomat ekansan-da?
— Ha, soppa-sog‘man.
— Men bo‘lsam...
Mahmud ko‘zlarini ochib, Mamatning orqasidagi ko‘zguda o‘z aksini ko‘rdi. U o‘zini taniyolmay qoldi!
O‘tgan to‘rt yil ichida u biror marta ham oynaga qaramagandi. Bir vaqtlar dono va mehribon chehra o‘rnida unga ajin bosgan va soch-soqoli o‘sgan bashara baqrayib qarab turardi.
— Juda o‘zgarib ketibsan... — dedi Mamat gapni nimadan boshlashni bilmay.             — Qaerdan kelayapsan?
— Lagerdan, — xohlamay ming‘irladi Mahmud.
— Men bo‘lsam...
Mahmud o‘rnidan turdi, ketmoqchi bo‘ldi, lekin Mamat uning qo‘lidan ushlab qo‘yib yubormadi.
— Nima demoqchisan Mamat?
— To‘xtab tur. Men sening do‘stingman, axir. Xuddi avvalgiday... Mahmud men seni... Kramat ko‘chasidagi jangda o‘lgansan deb o‘ylagandim. Menga tanish bo‘lgan bir politsiyachi aytuvdi; sening boshingga  portlovchi o‘q tekkanini... — U tutilib, ko‘zini dastro‘moli bilan arti-da, — so‘zini davom ettirdi: — O‘sha odamni sening noming bilan ko‘mishibdi.
— Sen haqsan, Mamat. Men bundan  to‘rt yil oldin o‘lganman. Endi men uy-joysiz daydi ruhman. Sen men bilan gaplashmasliging kerak.
— Oilangdan xabaring bormi?
— Yo‘q.
— Axir sen mening eski do‘stimsan, Mahmud. — Sartarosh jim qoldi. So‘ng birdan so‘radi: — Senga nima bo‘ldi? Nega bunaqa o‘zgarib ketding?
— Endi men faqat daydi ruhman, — takrorladi Mahmud.
— Qayoqqa boryapsan? — so‘radi sartarosh.
— O‘zim ham bilmayman. Eski uyimni bir ko‘rsammikin?
— Undan nom-nishon ham qolmagan.  Hozir uning o‘rnida sanoat korxonasi qurishgan.
— Axir u yer meniki-ku. Mening uyim o‘sha yerda turgandi.
— Yerni sotib olishdi.
— Uni kim sotdi?
— Kechirasan, Mahmud... Axir men seni o‘lgan deb o‘ylagandim.
— Endi bo‘lsa sen bizning do‘stligimiz tufayli men o‘z yerim va vayron bo‘lgan uyimdan voz kechishimni xohlayapsan, shundaymi?
— Undaymas, Mahmud... Mening hunarim yaxshi daromad bermayapti... Men yerni sening bolang uchun sotdim.
— Mening bolam uchun? — hayajonlanib qayta so‘radi Mahmud va qattiq kula boshladi. — Mening bolam uchun, deyapsanmi?
— Ha. — Sartarosh tasdiqlab bosh egdi.
— U mening bolam bor, deyapti! — xitob qildi Mahmud notanish uchinchi shaxsga. — Buni qaranglar-a, men daydida bola bor emish. Balki, bitta emas, ko‘pdir?
— Ha, ko‘p. Ular ikkita. Shuning uchun ham men yerni va uying qoldiqlarini sotdim. Sen tushunadigan odam eding. Hozir ham meni to‘g‘ri tushunasan deb umid qilaman.
— Men seni yaxshi tushunib turibman. Shuning uchun ham senga hech qanaqa da’voyim yo‘q.
Shu payt sartaroshxonaga bir qizcha kirib keldi, bahslashayotganlar baravariga jimib qolishdi.
— Dada! — dedi qizcha qiyqirib. Lekin notanish odamni ko‘rib, qo‘rqib ketdi-da, og‘zini ochganicha qotib qoldi.
— Buyoqqa kel, Nani!
Nani sartaroshning tizzalariga o‘tirgach:
— Nega qo‘rqasan? — dedi Mamat. — Bu Mahmud amaki-ku.
Qizcha notanish kishiga yana bir qarab oldi-da:
— Dada, oyim qalampirga pul so‘rayaptilar, — dedi.
Mahmud ko‘ylagi cho‘ntagiga qo‘l solib, o‘n rupiy chiqardi-da, Naniga uzatdi.
Qizcha qo‘rqqanidan chinqirib yubordi.
— Obor pulingni, Mahmud! — baqirdi sartarosh ham. U qizchaning yuzini silar ekan, dedi: — Bu sening bolang, Mahmud.
Qizcha yuzini sartaroshning ko‘ksiga yashirgancha stolga yopishib turardi.
— Qo‘rqma! Bu yaxshi amaki, — deya tinchlantirardi Mamat.
Mahmud pulni stol ustiga qo‘ydi. Uning yuzi tag‘in ham ozg‘in va qariganday ko‘rinib ketdi.
— Shu rostdan ham mening qizimmi?
Mamat yuzini Nanining sochlariga bosdi:
— Yolg‘iz xudoga ayon, — dedi ayanch bilan. — Agar sening qizing bo‘lmasa, demak u mening qizim.
Mahmud o‘tirgan oromkursisidan dik etib turdi, sobiq do‘stiga o‘tkir nigohini qadadi:
— Mamat, Marni shu yerdami?
Mamat “ha” deganday bosh irg‘adi, Mahmud o‘rniga o‘tirdi.
— Endi sen hamma narsadan voqifsan, Mahmud. Bu bola kimniki ekanligini ishonch bilan aytish qiyin. U ham meniki, ham seniki.
— Endi hammasi tushunarli, — dedi Mahmud. — Meni bu yerga shuning uchun chaqirdingmi?
— Ha. O‘ylashimcha, bu voqeani senga gapirib o‘tirishning hojati yo‘q. Gap nimadaligini o‘zing tushunib turibsan. Odamlar seni o‘lgan deb o‘ylashardi. Ehtimol,sen bu dunyo biz ikkalamizga torlik qiladi, deb o‘ylayotgandirsan?
Mahmud qo‘llarini stolga qo‘ydi.
— Ko‘rayapsanmi?
— Qo‘llaring juda ham ozg‘in.
— Ha, juda ozg‘in... Yo‘q, Mamat,  dunyo ikkalamiz uchun unchalik tor emas. Men hali yashashni istayman, lekin yana yigirma yilga chidaymanmi, yo‘qmi. Marni esa, Marni... bu yerda yaxshi yashayotganga o‘xshaydi. Mening ketganim ma’qul, — shunday deb Mahmud o‘rnidan turdi. Mamat uni to‘xtatdi:
— Shoshma! Nahotki sen Nani qizingni tizzangga olib birpas erkalashni istamaysan? Nahotki Marni bilan ko‘rishishni xohlamasang?
U parda bilan to‘silgan eshikka o‘girildi-da, baland ovozda chaqirdi:
— Marni!
“Marni bilan uchrashib nima qilaman? — o‘yladi hayajonlangan Mahmud. — Uchrashsam nima qilibdi? Axir, har nima bo‘lganda ham u mening xotinim-ku”.
— Meni bu yerda mehmon deb hisoblayver, Mahmud, sen esa uy sohibisan. Chunki bularning hammasi sening pulingga —sotilgan yer evaziga olingan. Agar istasang, men ketishim mumkin.
— Nega? Axir mening hayotim barbod bo‘lgan-ku.
— Sen nohaqsan, Mahmud. Manmanligingni qo‘y. Mening maslahatimga kir:  xotining bilan ko‘rish. — Mamat yanada balandroq ovozda chaqirdi:
— Marni!
— Tangri guvoh, — davom etdi u, — sening o‘lganing haqidagi xabardan keyin Marniga juda qiyin bo‘ldi. Unga juda ham rahmim keldi. Axir erkakka ayol kerak-da. Marni mening yordamimga muhtoj edi. Shuning uchun ham unga uylandim.
— Rahmdillik — eng bema’ni bahona, Mamat! Odamning ayolga rahmi kelganidan uylanishini sira xayolimga sig‘dira olmayman.
Sartarosh jim. Nani yig‘lardi. Ostonada ayol ko‘rindi.
— Meni chaqirdingizmi? — so‘radi u Mamatdan.
— Mehmonimiz bor, — javob berdi Mamat. — Mundoq o‘tir.
Shoshib qolgan ayol sal o‘ziga kelgach, oromkursiga o‘tirdi. U mehmonni diqqat bilan ko‘zdan kechirdi. Uning bo‘g‘zidan bir nido otilib chiqdi:
— Mahmud!
U qo‘llarini cho‘zdi, go‘yo sobiq erini bag‘riga bosmoqchi edi, lekin birdan qo‘llarini tushirdi va alam bilan o‘ksib-o‘ksib yig‘ladi.
Mamat ham yig‘lardi. Uning ko‘z yoshlari quchog‘ida qisinib turgan Nanining boshiga tushardi. Qizcha esa indamasdi. U nimalar bo‘layotganini yaxshi tushunmasdi, kimning bolasi ekanligi unga baribir edi. Yillar o‘tadi, u ulg‘ayadi, o‘shanda bu masala uning oldida ko‘ndalang bo‘ladi. Lekin hayotining oxirigacha u bu savolga javob topolmaydi. Hozir esa hech narsani o‘ylamasdi. U Mamatning quchog‘idan sirg‘anib chiqdi-da, onasining tizzasiga o‘tirdi.
Marni g‘oyat baxtsiz edi. Taqdir o‘yinini qarangki, u ikki erli bo‘lib qoldi. Uning xayollari parishon, yuragi tars yorilay derdi. Marni biror so‘z aytishga majolsiz, faqat o‘kirib yig‘lardi.
— Ketdik bu yerdan, Mahmud, — dedi sartarosh ichkari eshikka yo‘nalarkan.
— Qayoqqa? — so‘radi xijolat bo‘lib Marni. Mamat unga javob qaytarmasdan, Mahmudni xosxonaga boshlab kirdi: — Begonalarning ko‘rmagani ma’qul, — dedi.
Kutilmaganda eshik ochilib, ostonada kalta shim kiygan erkak paydo bo‘ldi. 
— Ne kunlarga qoldik, Mamat! — xitob qildi u. — Velosipedga ham soliq joriy qilishibdi.
Hammaning nigohi unga qadaldi. Gangib qolgan kishi bosh egib kechirim so‘radi. Birdan mehmonni tanib qoldi.
— Mahmud!
Kalta shimli kishi Mahmudni quchoqlab bag‘riga bosdi-da, qulog‘iga shivirladi:
— Men seni o‘lgan deb o‘ylagandim... 
Mahmud qo‘llarini yoyib, javob qildi:
— Men endi sening do‘sting bo‘lgan Mahmud emasman.
U ko‘chaga chiqdi va jo‘navordi.
— Mahmud! — qichqirdi Marni.
— Mahmud! — chaqirdi Mamat.
— Mahmud! — eshitildi kalta shimli kishining ovozi.
— Uni qaytaringlar! — yalindi Marni.
Ikki erkak uning orqasidan yugurdi.
Mahmud odam gavjum ko‘cha bo‘ylab, hech narsaga parvo qilmay shoshib borardi.
— Qayoqqa ketayapsan, Mahmud? Uying shu yerda, axir. Xotining shu yerda. U seni haliyam sevadi. Qizchang — Nani shu yerda. Yaxshisi, men keta qolaman, — derdi sartarosh takrorlab.
— Men bilan ishlaring bo‘lmasin.
— Ahvoling ne kechadi, Mahmud?
— Senga nima? Sening ishing bor, oilang, puling  bor. Menda esa hech vaqo yo‘q. Hatto umid ham yo‘q. Men o‘zimga ham, xudoga ham ishonmayman.
— Qayt orqangga, — yalinardi Mamat. — Aks holda hayotingdan hech qanday foyda yo‘q.
— Endi men hayotimdan qanday foyda bo‘lishini yaxshi bilaman.
— Sen buni zindonlarda angladingmi?
— Yo‘q, hozirgina tushundim.
— Nima, g‘ururlanib ketdingmi?
— Yo‘q.
— Seningcha, hayotning ma’nisi nima?
— Hayronman, men nega buni shunchalar kech tushundim, — dedi jilmayib Mahmud.
— Xo‘sh, nima uchun yashayapmiz, axir?
— Soliqlarni vaqtida to‘lab turish uchun.
Mahmud ko‘prikning temir panjarasiga yaqinlashdi va to‘xtab qoldi.
— Pastga qaranglar, — dedi u. — Men u olamning mo‘’jazgina parchasiman. Xuddi suv va toshlar misol. Baliqlar singari. Yo‘q, men tabiatni bo‘ysindiruvchilardan emasman.
Va birdan u panjara osha pastga sakradi...
— Yordam beringlar!  Odam cho‘kayapti! Yordam be-ring-la-ar! — baqirishardi ko‘prikdagi ikki kishi.
Ularning atrofini o‘tkinchilar o‘rab olishdi. Daryo bo‘ylab qayiq suzib o‘tdi. Undagi kishilar suvga sho‘ng‘ishdi, cho‘kkan odamni qidirishdi. Lekin befoyda.
Kech kirdi — Odam Ato davridan beri barcha oqshomlarga o‘xshash oddiy kecha. Ertaga tong otadi. Lekin Mahmud bu tongni boshqa ko‘rmaydi. Uning uchun tun boshlandi, so‘ngsiz tun.

Ruschadan Hulkar Fayz tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.