OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rasul Hamzatov. Qo‘shiq

Jahon adabiyotida Vatanga muhabbat, ona tabiatga, ota makonga mehr-oqibat, o‘zi mansub bo‘lgan millatga e’zozu ehtirom, milliy urf-odatlar, an’analar, umuminsoniy qadriyatlar, ajdodlar pand-nasihatlariga sadoqat mavzulari yuksak badiiy mahorat bilan tarannum etilgan asarlar bisyor.
Alisher Navoiyning «Muhokamat ul-lug‘atayn», «Mahbub ul-qulub» asarlari, Kaykovusning «Qobusnoma»si, Emant Ziedonisning epifaniyalari, Rasul Hamzatovning «Mening Dog‘istonim» kitobi ana shunday asarlar sirasiga kiradi. Qaysi xalq adabiyotiga mansub bo‘lmasin bunday asarlarni kitobxonlar sevib mutolaa etishadi. Taniqli avar shoiri Rasul Hamzatovning «Mening Dog‘istonim» asarining bir qismi O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov, keyinchalik uning birinchi kitobi shoir Asror Mo‘min tarjimasida o‘zbek kitobxonlariga ma’lum.
Mazkur asarning ikkinchi kitobi ham yaqinda Asror Mo‘min tomonidan ona tilimizga o‘girildi. Ana shu yangi tarjimadan bir parcha gazetxonlar e’tiboriga havola etilmoqda.

«Bak’an». Bu avarcha so‘zning ikki ma’nosi bor: kuy-ohang; hol-ahvol, odamning kayfiyati, dunyodagi tinchlik, xotirjamlik. «Menga bitta kuy chalib bering» degan so‘rovda ham, «Ahvolingiz qalay?» degan murojaatda ham «bak’an» so‘zi ishlatiladi. Xullas, bizda kuy va kayfiyat bitta so‘zda ifodalanadi.
So‘zlarni, suhbatlarni elakdan o‘tkaz — qo‘shiq qoladi. Muhabbatni, nafratni elakdan o‘tkaz — qo‘shiq qoladi. Voqealarni, odamlarning ishlarini, umring lahzalarini elakdan o‘tkaz — qo‘shiq qoladi.
...O‘, do‘lalay, do‘lalay! O‘, do‘lalay, do‘lalay! Tog‘liklarning qadim va g‘amgin qo‘shig‘i, qachon, qaerda va qanday yaralgansan?! Nega buncha ajoyibsan, nega buncha hayratga solasan?!

Pandurdagi yozuv:
O‘ylaysanki, bu navolar tordan taralar,
Agar bilsang, yoqimli kuy dilda yaralar.

Beshikdagi yozuv:
Har kishiga bolalik chog‘i,
Onajoni aytgandir alla.
Shunday cheksiz ona ardog‘i,
Bahramanddir undan har bola.

Yo‘l chetidagi toshga o‘yilgan yozuv:
Yo‘l va qo‘shiq — yoshlik orzu-armoni,
Axir, yo‘l-qo‘shiqning yo‘qdir poyoni.

Qadimiy qo‘shiqlar, yangi qo‘shiqlar... Allalar, yor-yorlar, jangovar qo‘shiqlar. Uzun va qisqa. Butun dunyoda kuylashar sizni. Oltin ipga munchoqday terilgan so‘zlar. Go‘yo joy-joyini topib toshga mixlangan so‘zlar. Go‘zal qizning ohu ko‘zlaridan duv-duv to‘kilgan durday so‘zlar. Mergan otgan o‘qday nishonga aniq tekkan so‘zlar. So‘zlar tog‘dagi so‘qmoqlar kabi uzoq-uzoqlarga olib ketadi, ular qanotida dunyoning narigi chekkasiga ham borish mumkin.
Tog‘liklar shunday deyishadi: «Agar cho‘pon nay chalmasa, qo‘shiq kuylamasa qo‘ylar o‘tlamaydi. Ammo yam-yashil yaylovda navo taralganda qo‘ylargina emas, endi tug‘ilgan qo‘zichoqlar ham maysa chimdiydi».
Bir mehmon boshqasidan ona tilida qo‘shiq aytib berishini so‘radi. U qo‘shiq aytishni bilmasdi yo qo‘shiq kuylay olmasdi. Shu bois u xalqimizda bitta ham qo‘shiq yo‘q deb osongina qutulmoqchi bo‘ldi.
— Unday bo‘lsa o‘zlaring bormisizlar yo yo‘qmisizlar? Qo‘shig‘i yo‘q xalq bo‘lishi mumkin emas!
O‘, do‘lalay, do‘lalay! O‘, do‘lalay, do‘lalay! Qo‘shiq — bu kalit, qaysiki u bilan tilning bebaho xazinasi saqlanayotgan sandig‘i ochiladi. O‘, do‘lalay, do‘lalay!
Soz va xanjar. Jang va qo‘shiq. Sevgi va qahramonlik. Bu xalqimizning tarixi. Tog‘liklar mana shu ikki narsaga yuksak ehtirom ko‘rsatishadi.
Tog‘lik uyi devoriga ilingan gilam ustida shu ikki bebaho xazina doim osiq turadi. Ular mehr bilan, ehtirom bilan, juda ehtiyotkorlik bilan qo‘lga olinadi. Agar ehtiyoj tug‘ilmasa ular umuman qo‘lga olinmaydi. Xanjarni qo‘lga olsang, yoshi ulug‘ kishi seni ehtiyotkorlikka chorlaydi: «Ehtiyot bo‘l, sozning torini uzib qo‘yma». Sozni qo‘lga olsang, yoshi ulug‘ kishi yana ehtiyotkorlikka chorlaydi: «Ehtiyot bo‘l, qo‘lingni kesib olasan». Xanjarga sozning, sozga xanjarning rasmini o‘yib chizishadi. Qizlarning kumush kamarida, zebigardonida ham soz va xanjarning rasmlari naqshlangan bo‘ladi. Yigitlar urushga ketayotgan vaqtda, albatta xanjar va sozni oladi. Uyning soz va xanjar yo‘q devori xuddi sahroga o‘xshab qoladi.
— Urushga ketayotgan odamga soz nimaga kerak?
— Sozning toriga tegishing bilan navo taralab, ota makoningni, tug‘ilgan ovulingni, onangni, uyingni esga soladi. Ularni himoya qilish uchun o‘limni ham pisand qilmay jangga kirasan.
O‘, do‘lalay, do‘lalay!..
Tog‘liklar qo‘shig‘i qanday paydo bo‘lganini bilishni istaysizmi?

Qo‘shiq — xalq orzusi bo‘lib yaralgan,
Qachon kuylangan u, bilmas hech inson.
U uyg‘oq qalbdan nur bo‘lib taralgan,
Hamon uyg‘oq, qalbga soladi tug‘yon.

U bizga kelgandir olis samodan,
Tog‘dagi uylardan, ovul qo‘ynidan.
Biz bahra olguncha so‘z va navodan,
U joy olgan qancha avlod ko‘nglidan.

Qo‘shiq — tog‘dagi jo‘shqin daryo. Qo‘shiq — jang maydonidan xabar olib kelayotgan chavandoz. Qo‘shiq — kutilmaganda mehmonga kelgan do‘sting, qadrdoning. Mayli, siz ham qo‘lingizga pandur, chongur, chagan, nay, surnay, doyra, garmon, baraban, hech bo‘lmasa mis patnis yoki tog‘ora olib chaling. Qarsak chalib, oyog‘ingiz bilan yerni tepib dukillating.
Sevgilingiz uyining derazasiga otgan toshingiz qanday jaranglaganini bir eslab ko‘ring. Qo‘shiqlarimizni tinglang, qo‘shilib kuylang. Ular shodlik va armon mahsuli. Ular mardlik va oriyatga, orzuga guvoh bo‘lgan. Ular yoshlarni botir va donishmand qiladi, donishmand va keksalarni esa yoshartiradi. Chavandozni otdan tushirib tinglashga undaydi. Piyodani esa otga sakrab mindirib, qushday parvoz qilishi uchun qanotlantiradi. Sharob ichib mast bo‘lib qolganlarni hushyor torttiradi. Hushyorlarni esa sarxush qiladi. Qo‘shiqda shunday xususiyatlar bor.
Tog‘likni olov gurillab turgan o‘choq yoniga taklif qilib, qo‘liga shox to‘la vino tutqazing va kuylab berishini so‘rang. U qo‘shiq boshlaydi. Agar biror qo‘shiqni aytib berishini iltimos qilsangiz, u ertalabgacha ham kuylaydi. Faqat so‘rang, aytaylik, sevgi haqida qo‘shiq. U sizga sevgi haqida dilbar qo‘shiq boshlaydi:

O‘, do‘lalay, do‘la-do‘lalay,
Sevgi qizil loladay, qonday.
Sevgi qora tunday, yolg‘onday,
U kelinning libosiday oq,
Kafanlikday oppoq hamda pok.
Ko‘kday toza, tiniqdir muzday,
Sevgi porlab turgan yulduzday.
Qor erisa bo‘ladi daryo,
Lekin sevgi so‘nmaydi aslo.

— Dunyoda eng chiroyli narsa nima?
— Tog‘dagi binafsha.
— Tog‘dagi binafshadan nima go‘zalroq?
— Sevgi.
— Dunyoda eng yorqin narsa nima?
— Tongda tog‘ ortidan chiqqan quyosh.
— Tongda tog‘ ortidan chiqqan quyoshdan nima yorqinroq?
— Sevgi.
— O‘, do‘lalay, do‘lalay! Yana nima haqda kuylay?
— Sevishganlar haqda, sevgiga jon fido qilganlar haqda.
— Romeo va Juletta, Tohir va Zuhra, Tristan va Izolda...
Dog‘istonda shunday oshiq-ma’shuqlar kammi? Bizda ham bir-birining visoliga yetmagan qancha oshiq-ma’shuqlar bo‘lgan. Ularning orzulari ushalmadi, lablari yor labiga tegmadi, qo‘llari yor belidan quchmadi. Qancha yoshlarni navqiron yoshida urush olib ketdi, qanchasini sevgi. Ular ayriliq olovida kuyib kul bo‘lishdi, o‘zlarini baland qoyadan tashlashdi, sarkash daryoga sakrashdi.
Yana bir bor xalqimizning qadim o‘yinini esga olishim kerak. Bu o‘yin «bakide raz’in» deb nomlanadi.
Ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlaydigan bu o‘yinda, ishtirokchilar zehnini ishga solib kerakli so‘zni tezroq topishlari lozim. Bu o‘yinni Dog‘istonning barcha ovulida bilishadi. Qishning uzun kechalarida yosh yigit-qizlar biror xonadonda to‘planishadi. Ular ichkilik ichishmaydi, burqsitib sigareta chekishmaydi, qasir-qusurlatib pista chaqishmaydi, hayqirishib kartabozlik qilishmaydi, qiyshanglashib bir-biriga suykalishmaydi. Faqat she’riyatdan zavq olishadi va bu boradagi layoqatlarini sinab ko‘rishadi. Qanday ajoyib o‘yin!
Tayoqcha tanlanadi. Bu tayoqcha qizning qo‘lida. U tayoqcha bilan yigitni turtib qo‘shiq boshlaydi:

Mana, eng chiroyli tayoqchani ol,
So‘ng o‘zingga tanla bir sohibjamol.

Yigit bir qizni tanlaydi. U o‘rtadagi stulga o‘tiradi. Ikkisi o‘rtasida qo‘shiq bahsi boshlanadi.

O, go‘zal, go‘zal,
Bizga ayt isming.
O, go‘zal, go‘zal,
Bizga ayt asling.

Barcha qarsak chalib jo‘r bo‘ladi: «O‘, do‘lalay, do‘lalay».

Ismimni aytdim
Boshqa birovga.
Ishqimni aytdim
Boshqa birovga.
Barcha qarsak chalib jo‘r bo‘ladi: «O‘, do‘lalay, do‘lalay».
Qiz o‘rnidan turib, tayoqcha bilan boshqa yigitni turtadi. Endi u stulga o‘tiradi. Yangi juftlik o‘rtasida she’rxonlik boshlanadi.

Qiz:
Toqqa yog‘di qalin qor,
Ko‘rinmay qoldi so‘qmoq.
Nima yeydi och-nahor,
Kezib yurgan qo‘zichoq?

Yigit:
Bir kun qor erib ketar,
Suvga to‘lar soy-irmoq.
Tashnaligin qondirar,
O‘tga to‘yar qo‘zichoq.

«O‘, do‘lalay, do‘lalay». Yangi juftlik o‘yinni davom ettiradi.

Qiz:
Quduqqa borma nogoh,
Kattakon ajdar yashar.
Suv ichgani kelgan choq,
Qo‘zichoqni yeb qo‘yar.

Yigit:
Quduqda bo‘lsa ajdar,
Borajakman izingdan.
Tashlasang bir bor nazar,
Suv ichaman ko‘zingdan.

«O‘, do‘lalay, do‘lalay». O‘rtaga yangi juftlik chiqadi.

Yigit:
Tog‘da bo‘ron chalar kuy,
Aylanar daryo muzga.
Senga atab quray uy,
Uylanay senday qizga.

Qiz:
Sen o‘zingga kelinchak,
Izla boshqa ovuldan.
Tovuqqa qurib katak,
Umid qilma bulbuldan.

«O‘, do‘lalay, do‘lalay». Barcha qarsak chalib, jo‘ravozlikda kuylaydi. Qishning uzun kechalarida o‘yin uzoq davom etadi.
Dog‘istonning sevgi qo‘shiqlari! Yigit o‘zi yoqtirgan qizning qo‘lini so‘raydi, boshqasi surbetlarcha qizni o‘g‘irlab ketadi.
Bir yigit qiz yashaydigan uyning eshigini odob saqlab taqillatadi, boshqasi istihola qilmasdan uyning derazasidan kiradi.
Asrlar o‘tsa hamki bu sevgi qo‘shiqlari yashayapti. Bu qo‘shiqlarni qo‘shiqchilar yaratishgan, ammo endi bu qo‘shiqlar qo‘shiqchilarni yaratishyapti.
Qo‘shiqsiz to‘y bo‘ladimi, qo‘shiqsiz kun o‘tadimi, qo‘shiqsiz odam yashay oladimi?!
Bizda shunday gap bor: «Kim qo‘shiq aytishni bilmasa, uyda emas og‘ilxonada yashagani ma’qulroq».
Yana aytishadi: «Sevgi lazzatidan totmagan devday kishining bo‘yi sevgan odamning kamarigacha yetmaydi».
Qo‘shiq yurakda yaraladi, yurak uni tilga beradi, til esa odamlar yuragiga yetkazadi, keyin odamlarning yuraklarida asrlardan asrlarga o‘tadi.
Bu qo‘shiq va ohanglarni bizga kim bergan? Tog‘liklar bu qo‘shiqlarni qaydan olgan? Bu qo‘shiqlarni tog‘liklarga burgutlar va otlar, qilichlar va maysa-giyohlar, tebranayotgan belanchaklar, to‘rtta Koysu daryosi, dengiz to‘lqinlari, Mahmudning sevgilisi Maryamga yozgan ishqiy nolalari, Dog‘iston tarixi va tillari, umuman, ona yurt bergan desak, haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Bir kuni Abutolibdan so‘rashdi:
— Dog‘istonda qancha shoir bor?
— Uch-to‘rt million chiqib qolar.
— Nimalar deyapsiz? Aholimizning o‘zi bir million atrofida.
— Har bir odamning qalbida uch-to‘rtta qo‘shiqchi bor. Faqat ular har doim ham kuylayvermaydi. Afsuski, buni hamma ham bilavermaydi.
— Unda ayting, eng yaxshi qo‘shiqchi kim?
— Har doim yaxshidan ham yaxshi aytadigan qo‘shiqchi bo‘ladi. Ammo men ulardan birini aytishim mumkin.
— Kimni?
— Dog‘istonlik onani! Umuman olganda, tog‘liklarda uchta qo‘shiq bor.
— Ular qanday qo‘shiqlar?
— Birinchisi — tog‘lik onaning beshikdagi o‘g‘liga aytayotgan allasi?
— Ikkinchisi-chi?
— Ikkinchisi — tog‘lik onaning halok bo‘lgan o‘g‘li boshida chekayotgan achchiq nolasi.
— Uchinchisi-chi?
— Uchinchisi — qolgan barcha qo‘shiqlar.
Aziz va muqaddas Ona!.. U gullayotgan va so‘layotgan, tug‘ilayotgan va o‘layotgan, kelayotgan va ketayotgan olamning eng sinchkov guvohi. Ona chaqaloqni suyib qo‘llariga ko‘taradi, alla aytib beshigini tebratadi, qora kunda mangulikka ketayotgan farzandini bag‘riga bosadi.
Mana nafosat, mana haqiqat, mana sharaf-hurmat. Odamlar yaxshi va yomon bo‘ladi, qo‘shiqlar ham yaxshi va yomonga bo‘linadi. Va lekin hamisha onalar go‘zal, onalar aytgan qo‘shiqlar go‘zal!
Agar allalar aytilmaganda, ehimol, dunyoda boshqa qo‘shiqlar yaratilmasdi. Umr mazmunsiz kechardi, hayotda she’r, his-tuyg‘ular kamroq bo‘lardi, qahramonlik kamroq ko‘rsatilardi.
Onalar — dunyoning eng birinchi shoirlari! Ular o‘g‘il-qizlari qalbiga she’riyat urug‘larini sochishadi, yillar o‘tib bu urug‘lar gul bo‘lib ochiladi. Shu bois erkaklar eng og‘ir, eng g‘amgin damlarda, eng qaltis lahzalarda onasi aytgan allalarni esga olishadi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.