OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rasul Hamzatov. Til (parcha)

Tilni o‘rganmasdan she'r yozishga uringan odam suzishni bilmasdan cho‘milish uchun o‘zini sarkash daryoga tashlagan telbaga o‘xshaydi.

Ba'zan odamlar miyasida fikr bo‘lgani uchun emas, shunchaki tili qichib turgani uchun gapiradi. Ba'zan odamlar yuragiga tuyg‘ular sig‘mayotgani uchun she'r yozishmaydi, balki... To‘g‘risi, ularning nima uchun she'r yozishayotganini ham tushuntirish qiyin... 

Bunday odamlar she'r boshlashdan avval dunyoda nimalar ro‘y berayotganiga bir qur nazar tashlamaydi. Dunyo qanday musiqa, qo‘shiq va ohanglarga yo‘g‘rilganini tushunishni istamaydi.

Shunday kezlari ulardan so‘raging keladi: nima uchun odamga ko‘z, quloq va til kerak? Nega odamning ko‘zi ikkita, tili esa bitta? Negaki, shu bitta til qandaydir so‘zni og‘izdan tashqariga chiqarib yuborishdan avval ikkita ko‘z atrofga qarashi, ikki quloq atrofda nimalar ro‘y berayotganini eshitishi kerak.

Tildan ko‘chib - og‘izdan chiqib ketgan so‘z tog‘ning egri-bugri so‘qmog‘idan ravon yo‘lga chiqqan otga o‘xshaydi. Yana so‘raging keladi: tildan ko‘chgan so‘zni yurakda qo‘noq qilmasdan og‘izdan tashqa­riga chiqarib yuboraverish mumkinmi?

So‘z oddiy narsa emas. U - yo qarg‘ish, yo duo, yo ezgulik, yo qayg‘u, yo so‘kish, yo olqish, yo yolg‘on, yo haqiqat, yo yog‘du, yo zulmat.

So‘z yangragan yaralmay olam,
Shunday derlar keltirib imon.
U qanday so‘z: tavbami, qasam?
U qanday so‘z: o‘tinchmi, farmon?
Yemirilib bormoqda olam,
Demak, bir so‘z kerak begumon.
Unda bo‘lsin tavba va qasam,
Unda bo‘lsin o‘tinch va farmon.

Mening yosh tanishim shunday degandi: aytgan so‘zimga, ichgan qasamimga o‘zim xo‘jayinman, xohlasam - amal qilaman, xohlasam - amal qilmayman.

Ehtimol, bunday yo‘l tutish o‘sha tanishim uchun bo‘laverar. Lekin yozuvchi o‘z so‘zining, qasamining, qarg‘ishining haqiqiy xo‘jayini bo‘lishi kerak. Axir, u bitta narsa uchun ikki bor qasam ichmaydi. Umuman olganda, ko‘p qasam ichadigan odamning yolg‘onchidan farqi yo‘q...

Aytishlaricha, juda qadim zamonda avar tilida so‘z kam bo‘lgan. «Hayot», «ozodlik», «mardlik», «do‘stlik», «olijanoblik» kabi tushunchalar bitta so‘zda ifodalangan ekan. Mayli, boshqa birovlar mening kamsonli xalqimning tilini qashshoq deb aytishsa aytishar. Lekin men o‘z tuyg‘ularimni, fikr­larimni o‘z ona tilimda qanday xohlasam shunday ifodalay olaman, buning uchun men boshqa tilning yordamiga muhtoj emasman...

SHUNDAY HIKOYA QILISHGANDI. Moskvadami yoki boshqa katta shahar ko‘chasida lak sayr qilardi. Birdan dog‘istonlikka xos kiyingan odamni ko‘rib qoldi. O‘ziga yaqin olib, suhbatlashgisi keldi. Yo‘lini to‘sib chiqib, yurtdoshiga lak tilida murojaat qildi. Yurtdoshi uning gapini tushunmaganini anglatib, boshini chayqadi. Lak unga qo‘miq tilida, lezgin tilida, tat tilida gapirib ko‘rdi. Xullas, lak qaysi tilda gapirmasin, do­g‘istonlikka xos kiyingan odam uning gapini tushunmadi. Shunda lak rus tilida gapirdi. Ma'lum bo‘lishicha, o‘sha kishi avar ekan. Avar darhol lakni ko­yishga tushdi:

- Sen qanday dog‘istonliksan, sen qanday yurtdoshsan o‘zi, agar avar tilini bilmasang? Sen dog‘istonlik emas, o‘qimagan tuyasan.

Men bu bahsda millatdoshim yonini ololmayman. Albatta, bekordan-bekorga lakni koyigani uchun emas. Chunki lak avar tilini bilishi yoki bilmasligi mumkin edi. Muhimi, u o‘z ona tili - lak tilini bilardi. Bundan tashqari, u Dog‘istondagi boshqa tillarda gapirgan, avar esa o‘sha tillarni bilmagan.

Abutolib bir safar Moskvada katta ko‘chada kelayotgan yo‘lovchidan bozor qaerdaligini so‘ramoqchi bo‘ldi. Bu yo‘lovchi ingliz ekan. Moskva ko‘chalarida xorijliklarning uchrashi oddiy bir hol.

Albatta, ingliz Abutolibning gapini tushunmasdan inglizchalab qayta so‘ragan. U keyin frantsuzcha, so‘ngra ispancha va o‘zi biladigan boshqa tillarda gap nimadaligini so‘rab ko‘rgan.

Abutolib esa inglizga maqsadini oldin ruscha, keyin avar, lak, lezgin, dar­g‘in, qo‘miq tillarida tushuntirgan.

Xullas, suhbatdoshlar bir-birini tushunmasdan ajralishgan. Bu voqeani eshitgan juda madaniyatli dog‘istonlik ikki yarimta inglizcha so‘zni bilgani uchun Abutolibga aql o‘rgatgan:

- Ko‘rayapsanmi, madaniyatlilik shunday paytda bilinadi. Agar sen ozgina madaniyatli bo‘lib inglizchani bilganing­da, u bilan gaplasharding.

- Shundaylikka shunday, - degan unga Abutolib. - Nega sen inglizni mendan madaniyatli hisoblayapsan? Axir, u ham men gapirgan bironta tilni bilmadi-ku.

Men uchun dunyodagi tillar - osmondagi yulduzlar. Albatta, men barcha yulduzlar birlashib, osmonning yarmini egallaydigan bitta katta yulduzga aylanishini istamayman. Buning uchun Quyosh bor. Mayli, barcha yulduzlar o‘z holicha charaqlasin. Mayli, har bir xalq­ning o‘z yulduzi bo‘lsin. Men o‘z yulduzimni - ona tilim avar tilini sevaman. Men pastqam tog‘lar tagida ham katta oltin zahirasi bo‘lishi mumkin, deb aytadigan geologlar gapiga ishonaman.

- Yaratganning o‘zi bolalaringni ona tilida gapirishdan benasib etsin, - bir ayol boshqa ayolni shunday qarg‘agan edi...

YON DAFTARCHADAN. Parijda dog‘is­tonlik rassomni uchratib qoldim. U inqilobdan keyin Italiyaga ketgan, o‘sha joyda uylangan va yurtiga qaytmagan. Tog‘liklar an'anasi bo‘yicha tarbiya ko‘rgan dog‘istonlikning yangi mamlakatga ko‘nikishi qiyin kechibdi. Dunyo bo‘ylab kezib chiqqan rassom oxiri go‘zal poytaxt shahardan qo‘nim topibdi. Ammo qayda kezmasin, sog‘inch ajralmas yo‘ldosh bo‘libdi. Men bo‘yoqlar orqali suratlarga ko‘chgan sog‘inchni ko‘rgim keldi va rassomdan ijod namunalaridan ko‘rsatishini so‘radim.

Rassom «Vatan sog‘inchi» suratini ko‘rsatdi. Unda italyan ayol (rassomning xotini) qadimiy avarliklar kiyimida tasvirlangan. Ayol tog‘dagi buloq yonida, qo‘lida gotsatlinlik ustalar tayyorlagan kumush ko‘za. Toshlar orasidagi ovul qayg‘uli - qora rangda, ortidagi tog‘ ham qoramtir. Cho‘qqilarni tuman qoplagan.

- Tuman - bu tog‘larning ko‘z yoshi, - deya izoh berdi rassom. - Tog‘ yonbag‘ridan tuman suzib o‘tganda, qoyalar ustida tomchilar paydo bo‘ladi. Tuman, bu - men.

Boshqa rasmda tikanli buta shoxida o‘tirgan qush tasvirlangan. Bunday tikanli buta - changallar, toshlar orasida o‘sadi. Qush sayrayapti, uyning derazasidan g‘amgin tanish ayol qarab turibdi. Mening suratga qiziqish bilan qarab turganimni ko‘rgan rassom tushuntirishga urindi:

- Bu surat qadimiy avar afsonasi asosida yaratilgan.

- Qanday afsona?

- Qushni ushlab, qafasga solishadi. Qafasga qamalgan qush kechayu kunduz faqat bitta so‘zni takrorlayvergan: Vatan, Vatan, Vatan... Men ham o‘tgan yillarda faqat shu so‘zni takrorladim. Qushni ushlab turgan kishi o‘yga toldi: «Uning vatani qanday ekan, qaerda ekan? Ehtimol, jannat qushlari va jannat daraxt­lari bor gullab-yashnagan bir o‘lkadir. Yaxshisi, qushni qo‘yib yuborib, qaysi tomonga uchishini kuzatayin. Menga qushcha mo‘'jizaviy mamlakat yo‘lini ko‘rsatar». U oltin qafasning tuynugini ochdi, qush ozodlikka chiqdi. Qush o‘n qadamcha uchib, silliq toshlar orasida o‘sgan changal shoxiga qo‘ndi. Shu changal shoxlari orasida qushning uyasi bor ekan... Men ham o‘z Vatanimga qafasning derazasidan tikilib turibman, - deya hikoyasini tugatdi rassom.

- Nega unda o‘z ovulingga qaytmayapsan?

- Endi kech. O‘z vaqtida men Vatandan qaynoq yuragimni olib ketgandim, endi unga keksaygan suyagimni olib qaytamanmi?

Parijdan qaytganimdan keyin rassomning qarindoshlarini izlab topdim. Hayratlanarlisi, uning onasi hali hayot ekan. Onasining uyiga to‘plangan qarindoshlari o‘z Vatanini tashlab ketib, uni o‘zga yerlarga almashgan o‘g‘il haqidagi hikoyani g‘amgin tinglashdi. Ular adashgan o‘g‘ilni kechirganday bo‘lishdi, tirik ekanidan suyunishdi. Shunda birdan onasi so‘rab qoldi:

 - Sizlar avarcha so‘zlashdinglarmi?

- Yo‘q, biz tarjimon yordamida gaplashdik. Men ruscha gapirdim, u frantsuzcha.

Ona yuziga qora chodrasini tushirdi, bizda onalar o‘z o‘g‘lining o‘lganini eshitganda shunday qilishadi. Uyning tomiga yomg‘ir tomchilardi. Biz Avaris­tonda o‘tirardik. Ehtimol, hozir dunyo­ning narigi chetidagi Parij shahrida Dog‘istonning adashgan o‘g‘li ham yomg‘ir tomchilari ovozini tinglayotgandir. Uzoq jimlikdan keyin ona dedi:

- Rasul, sen yanglishibsan, mening o‘g‘lim allaqachon o‘lgan ekan. Agar mening o‘g‘lim hayot bo‘lganida, avar onasi o‘rgatgan tilni unutmagan bo‘lardi.

ESDALIKDAN. Avar teatrida ishlab yurgan vaqtlarim edi. Tog‘liklarni drama san'atidan bahramand etish niyatida spektakl dekoratsiyalari, ki­yimlari, jihozlarni (bu lash-lushlarni eshaklarga yuklardik, ayrimlarini aktyorlar o‘zlari bilan olardi) ovuldan-ovulga olib o‘tardik. Teatrda o‘tkazgan davrim tez-tez esimga tushadi.

Spektakldagi ommaviy sahnalarda ijro etishim uchun kichik rol ham berishardi, lekin asosan suflyorlik vazifasini bajarardim...

Esimda, teatrimiz bilan tog‘ning yuqori qismida joylashgan Gunib ovuliga bordik. Ma'lumki, ilgari tanish bo‘lmasa ham shoir shoirga mehmon. Guniblik shoir to‘g‘risida eshitgandim, lekin hali uchrashmagandik. Men o‘sha shoirning uyiga mehmonga bordim va gastrol kunlari ularnikida turdim.

Mehmondo‘st mezbonlar meni shunday siylashdiki, hatto o‘zimni noqulay seza boshladim. Ayniqsa, shoirning onasi menga juda mehribonlik ko‘rsatdi.

Bu mehmondo‘st xonadondan ketar ekanman, tashakkurimni izhor qilishga so‘z topolmadim. Xayrlashayotgan vaqtimda shoirning onasi bilan bir muddat yolg‘iz qoldik. Men-ku tushunaman, onaga o‘g‘il haqida yaxshi gap aytsangiz yoqadi. Shu bois guniblik shoir ijodining kamtarona bahosini bilsam ham onasiga uni maqtashga urindim. Aytdimki, o‘g‘lingiz juda peshqadam shoirlardan, har doim dolzarb mavzularda she'r yozadi.

- Ehtimol, u peshqadam shoirdir, - deya gapimni bo‘ldi onasi, - lekin uning iste'dodi yo‘q. Ehtimol, uning she'rlari dolzarb mavzudadir, lekin she'rlarini o‘qisam uyqum keladi. Rasul, o‘ylab ko‘r, bu nima degan gap o‘zi? O‘g‘lim so‘zlashni o‘rgana boshlaganda uni tushunmasdim, tushunmasam ham ovozini eshitganimdan quvonardim. Endi so‘zlashnigina emas, she'r yozishni ham o‘rgandi, lekin she'rlari zeriktirib, uyqumni keltiradi. Deydilar, ayolning aqli ko‘ylagining etagida bo‘ladi. O‘tirsa, hammasi joyida, turdimi, bas, aqli etagidan dumalab pastga tushadi. Mening o‘g‘limda ham shunday: stol atrofida o‘tirib ovqatlanayotgan vaqtida ajabtovur gapiradi, hamma so‘zlari tushunarli, ovqatlanib bo‘lib ijod stoliga o‘tirishi bilan o‘zgaradi, oddiy va yoqimli so‘zlarning hammasini unutadi-qo‘yadi. Undan faqat siyqa, zerikarli, xom-xatala so‘zlar chiqadi.

Bu voqeani eslar ekanman, Ollohdan o‘z tilimni yo‘qotib qo‘ymaslikni so‘rayman. Men shunday yozayinki, ular onamga, opamga, har bir tog‘likka, kitobimni qo‘liga olgan o‘quvchiga tushunarli bo‘lsin. Men ularni zeriktirishni emas, ularga quvonch bag‘ishlashni istayman. Agar mening tilim o‘zgalarga tushunarsiz, yoqimsiz, zerikarli bo‘lib qolsa, bir so‘z bilan aytganda, tilimni yo‘qotib qo‘ysam, menga hayotda bundan ortiq kulfat yo‘q.

Esimda, ba'zan ovulimizdagi keksalar masjid oldida to‘planib, ayrim masalalarni muhokama qilishardi. Men hamma to‘planguncha otamning she'r­larini o‘qib berardim. Bola bo‘lsam ham she'rlarni jo‘shib(aytish mumkinki, haddan ziyod jo‘shib), bor ovozda, o‘zimga yoqqan so‘zlarni dona-dona qilib talaffuz bilan o‘qirdim. Misol uchun otamning yangi «Sadada bo‘ri ovi» she'rini o‘qir ekanman, «ts» harfini tishlarimning orasidan o‘tkazib chiyillatib talaffuz qilardim. O‘ylardimki, shunday o‘qilsa jarangdorroq chiqadi va yaxshiroq taassurot qoldiradi.

Otam har safar so‘zni to‘g‘ri talaffuz qilib, der edi:

- So‘z yong‘oq emas, uni tosh bilan qarsillatib chaqadigan. Yoki so‘z sarimsoq ham emas, uni tosh bilan havonchada maydalashga hojat yo‘q. Yoki so‘z toshloq yer emas, uni qiynalib shudgor qiladigan. So‘zni zo‘riqtirmasdan erkin ayt, tishingni tishingga bosib o‘zingni qiynama.

Men satrni qaytadan o‘qidim, yana so‘zni ilgarigiday talaffuz qildim. Shu vaqt onam uyimizning tomidan menga qarab turardi.

Otam jahl bilan onamga baqirdi:

- Hech bo‘lmasa o‘g‘lingga sen o‘rgat.

Onam men uchun qiyin bo‘lgan so‘zni otam xohlaganday talaffuz bilan aytdi.

- Eshitdingmi! Endi sen ayt.

Men yana to‘g‘ri talaffuz qila olmadim.

- Tuf-e, - dedi otamning kayfiyati tushib. - So‘zni buzgan bitta jalaturinlikni supurgi bilan savalagandim. Endi o‘zimning o‘g‘limni nima qilsam ekan?

Xafa bo‘lgan otam yig‘inga qatnashmasdan uyga qarab ketdi.

NEGA OTAM JALATURINLIKNI KALTAKLAGANDI? Bahor faslidagi bozor kuni. Ma'lumki, bahorda o‘tgan yildagi hosilning barakasi uchadi, yangi hosildan esa darak yo‘q. Shu bois bozordagi narsalar kuzga nisbatan bahorda ancha qimmat bo‘ladi. Hatto, dalada o‘smaydigan narsalar, masalan, kulollar yasaydigan tuvaklar ham.

Hali u vaqtda navqiron bo‘lgan otam bozor-o‘char qilishga otlanadi. Qo‘shnimiz unga yigirma tiyin berib, supurgi qo‘shib olib kelishni so‘rabdi.

- Agar supurgini arzonroq olsang, qolgan puli seniki, - degan qo‘shnimiz yosh Hamzatga.

Otam bozorda supurgi sotuvchisini topgan va savdolasha boshlagan. Barchaga ma'lumki, Sharq bozorida birinchi aytilgan narx hech narsani anglatmaydi. Chunki sotuvchi besh tiyinlik narsaga yuz so‘m so‘rashi mumkin. Xullas, otam yaxshi supurgini tanlab egasidan so‘ragan:

- Sotasanmi?

- Bo‘lmasa, nega shu yerda turibman.

- Qancha?

- Qirq tiyin.

- Supurgi ot emas, tuyaning narxini aytadigan. Haqiqiy bahosini aytaver.

- Qirq tiyin.

- Hazillashyapsanmi?

- Qirq tiyin.

- Yigirma tiyinga ber.

- Qirq tiyin.

- Mening faqat yigirma tiyinim bor.

- Qirq tiyin.

- Chindan ham mening boshqa pulim yo‘q.

- Puling bo‘lganda kelarsan.

Bugun supurgi olib bo‘lmasligiga ko‘zi yetgan otam bozor oralab ketgan va savdo rastalari oxirida odamlar to‘planib turganini ko‘rgan. U ham yaqinlashgan, odamlar Oshiq Mahmud aytayotgan qo‘shiqlarni tinglashayotgan ekan.

O‘rtada Mahmud pandur ushlab o‘tirardi. Mahmud pandur chalar, keyin torlar ustiga qo‘lini qo‘yib qo‘shiq aytardi. Hamma nafasini ichiga yutib, qo‘shiqni tinglardi. Agar hozir bozordan asalari uchib o‘tsa, uning ovozini eshitsa bo‘lardi. Qandaydir bola sekingina yo‘talgan edi, sochiga oq oralagan kishi (otasi bo‘lsa kerak) darhol bolaga davradan chetroq chiqishni buyurdi.

Bozorda Mahmud qo‘shig‘idan boshqa ovoz eshitilmasdi. Shu vaqt qandaydir jalaturinlik qo‘shnisiga nimanidir tushuntira boshladi. Aslida, jalaturinlikning niyati yaxshi edi: avar tilini tushunmayotgan qo‘shnisiga Mahmud kuylayotgan qo‘shiqning mazmunini aytayotgandi. Hamma kulfat shunda ediki, uning g‘o‘ldirab gapirishi qo‘shiqni maza qilib tinglashga va undan lazzat olishga xalal berayotgandi.

Jalaturinlikning befahmligi hamma qatori yosh Hamzatning g‘azabini uyg‘otdi. U sekingina jalaturinlikni turtib qo‘ydi. Bu foyda bermagandan keyin qulog‘iga sekingina jim bo‘lishni aytdi. Lekin jalaturinlik parvo­yiga keltirmadi. G‘azabi qaynagan yosh Hamzat atrofiga qaradi, supurgi sotuvchi ham qo‘shiq tinglayotgan ekan. Chopib borib uning xaltasidan eng katta supurgini oldi va quloqsiz jalaturinlikni kaltaklashga tushdi.

Jalaturinlik qochar ekan, yosh Hamzatga do‘q-po‘pisa qildi. Yosh Hamzat baribir qo‘shiq tinglashga xalal berayotgan jalaturinlikni bozordan haydab chiqardi. Keyin supurgi sotuvchining oldiga kelib, olgan supurgisini uzatdi.

- O‘zingga olib qol, - dedi sotuvchi.

- Ammo mening faqat yigirma tiyinim bor, sen supurgi uchun qirq tiyin so‘rayapsan.

- Olaver, tekinga beryapman. Sening bu ishing mening barcha supurgimdan qimmat turadi.

Hozir ham dunyoda qo‘shiq tinglashga xalal berayotgan jalaturinlikka o‘xshash kimsalar ko‘p. Afsuski, ularni supurgi bilan kaltaklab davradan haydab chiqaradigan odamlar yo‘q.

Yaxshi topib aytilgan so‘z haqida gap ketganda, tog‘liklar shunday deyishadi: «Bunday so‘zning bahosi egarlangan otga teng».

Rasul Hamzatovning «Mening Dog‘istonim» kitobidan

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.