Imonim komilki, avvaliga uchovimizdan birortamizning ham miyamizda bankni talash fikri yo‘q edi. Hammasi Charlz Eshlining zukkoligidan boshlandi. Men bilan Mel Xarrison esa daho qanday qilib murakkab muammolarni yecha olishini ko‘rishga qiziqqanimiz tufayli bu ishga aralashib qoldik.
Hammasi Mel ikkimiz Charlzning uyida uy vazifasini bajargan oqshomdan boshlandi.
Biz vazifalarni bajarib bo‘lgach, uy-uyimizga tarqalishdan oldin birpas laqillab o‘tirdik. Suhbatimiz jinoyatchilik haqida edi.
Charlz har doimgidek zavq bilan so‘zlardi. Uning aytishicha, aqlli odamlarning qonunni buzishga ehtiyojlari yo‘q bo‘lib, boyib ketishning ko‘plab yo‘llari bor ekan.
-Bilishimcha, Villi Satton bir nechta muvaffaqiyatli, puxta o‘ylangan bank o‘g‘irliklarini amalga oshirgan,-dedim men.
Charlz kinoyali iljaydi.
-Umrining qolgan qismini turmada yakunlash muvaffaqiyat hisoblanadimi, Garri? Adashmasam, Villiga 135 yil berishgan. U hech qachon hamma mayda-chuydalarni hisobga olmagan. Har safar Villi ishtirokidagi talonchilikdan so‘ng uning tashqi ko‘rinishi haqida radio va televidenieda jar solishgan, har bir burchakda uning «qidiruvda» degan yozuvli surati osig‘liq turgan. Haqiqiy aqlli talonchi shunday bo‘lishi kerakki, u bankni o‘marganidan keyin hech kim undan shubhalanmasligi kerak. Men bankni talashim va bemalol yashirinmasdan yurishim mumkin.
-Senga bankni talashning nima keragi bor?-dedi Mel.-Baribir bankdagi pullarning yarmi seniki-ku.
-Hamma gap mana shunda,-dedi Charlz.-Aslida, omadli jinoyatchi deb pulga ehtiyoji yo‘q odamga aytiladi, chunki u aqlliligi uchun pulni qonunni buzmasdan topishi mumkin. Uni jinoyatga undovchi sabab esa pulga ega bo‘lish emas, boshqa narsa bo‘ladi. Masalan, o‘zining zukkoligini ko‘rsatish istagi bo‘lishi mumkin.
-Agar men bankni talasam, faqat pul uchun talagan bo‘lardim,-gap tashladim.-Mening otam multimillioner emas.
-Meniki ham,-dedi Mel.-Charlz, agar senga pul kerak bo‘lmasa, sening ulushingni ham olgan bo‘lardim.
Aslida Charlz Eshli o‘zi bir tsent ham topmasdi. Uning otasi mamlakatdagi eng boy neft sanoatchilaridan biri edi va Charlzning shaxsiy boyligi ham otasining bevosita boshqaruvida edi. Charlzning o‘zi ham birovning ko‘magisiz bemalol boyib ketishi mumkin edi, chunki u men umrimda ko‘rgan eng aqlli insonlardan biri edi.
Biz hammamiz Los-Anjelesdagi Kaliforniya universitetining yuqori bosqich talabalari bo‘lib, oramizdagi do‘stlik talabalikning ilk kunlaridanoq boshlangan edi.
Charlz tug‘ma iste’dod sohibi bo‘lib, yuqori bosqich sardori, «Fi-beta-kappa» talabalar to‘garagi prezidenti, zukkolar guruhi yetakchisi edi. U hamma fanlardan faqat a’lo bahoga o‘qirdi. Uning birgina kamchiligi-qizlar bilan gaplashgani uyalardi. Bunga menimcha uning sportning birorta ham turi bilan shug‘ullana olmasligi sabab edi.
Mel Xarrison esa aksincha, gavdali, qoloq talabalardan edi. U eplab-seplab o‘rta bahoga ilashib yurardi. Ammo Charlz aqlan qanchalik yetuk bo‘lsa, u ham jismonan shunchalik yetuk edi. Mel universitet futbol terma jamoasining yetakchi himoyachisi, tosh ko‘tarish, nayza va disk uloqtirish, kurash bo‘yicha talabalar o‘rtasida chempion edi.
Shaxsan menga kelsak, men-Garri Uors o‘rtacha yigit edim. O‘zimni unchalik ham zo‘riqtirmagan holda yaxshi bahoga o‘qirdim. Charlz Eshlining men bilan do‘stlashishiga mening qizlar bilan juda tez va oson til topishishim sabab bo‘lgan bo‘lsa kerak deb o‘ylayman. Bundan tashqari, men mergan ham edim. Yigirma ikkinchi kalibrli optik mo‘ljalli miltiqdan 50 yard naridagi tangani ura olardim.
Charlz usti ochiladigan qimmatbaho avtomashina minar, Santa-Monikadagi to‘rt xonali uyda turardi. Melning ota-onasi o‘zlariga to‘q bo‘lishmasa-da, unga tez-tez pul jo‘natib turishar, u ham har qalay minilgan bo‘lsa-da o‘z mashinasi va yashash joyiga ega edi.
Ularning ichida eng kambag‘ali men edim. Men Los-Anjelesdagi eski bir kulbada ijarada turardim. Ijara haqi va yemoq-ichmog‘imni ta’minlash uchun har kuni kechqurun restoranda bir yarim soat ofitsiantlik qilardim. Yozda fabrikada ishlab, o‘qish va boshqa xarajatlarim uchun pul topardim. Mening 1950 yilda ishlab chiqarilgan avtomobilim bo‘lib, uni atigi 25 dollarga sotib olgandim.
Mavqeimizdan qat’i nazar, biz qadrdon do‘stlar edik. Charlz hech qachon o‘zining boyligini pesh qilmas, biz ham o‘z navbatida uning puliga tayyor yemakxo‘rlik qilmasdik. Ammo baribir, aksariyat hollarda biz uning vino yoki likyoriga sherik bo‘lardik, chunki uning uyi bizning yig‘iladigan pakkamiz edi. Agar biror joyga chiqadigan bo‘lsak, bu birorta arzonroq restoran bo‘lardi.
Charlz so‘zida davom etdi:
-Muvaffaqiyatli jinoyatning eng asosiy omili shundaki, hech kim seni jinoyat sodir etganlikda gumon qila olmaydi. Ana shunda mamlakatdan qochib ketishga ham, yashirinib yoki birortasi tanib qolishidan qo‘rqib yurishingga ham hojat qolmaydi. Sen bemalol uyingda uxlashing, odatiy hayotingni davom ettirishing mumkin bo‘ladi. Hattoki, sen kuni kecha talagan bankingga ham hech qo‘rqmasdan kirib borishing mumkin.
-Bu oson bo‘lmasa kerak,-dedi Mel.-Qanday qilib bunga erishish mumkin?
-Niqoblanish,-javob qildi Charlz.-Aksariyat jinoyatchilar jinoyat sodir qilgandan keyin niqoblanishga urinishadi, ammo men jinoyatga qo‘l urishdan oldin niqoblangan birorta ham aqlli jinoyatchi haqida eshitmadim.
Charlz qo‘li bilan qandaydir ishora qildi va gapida davom etdi:
-Men oddiy niqobni nazarda tutayotganim yo‘q. Men odamning tashqi ko‘rinishini butunlay o‘zgartiradigan, ammo niqobligi bilinmaydigan niqoblanish haqida gapiryapman. Bu shunchaki yasama soqol emas, balki Gollivud grimchisining haqiqiy ishi bo‘ladi. Biror film uchun aktyorning tashqi ko‘rinishini qanchalik o‘zgartirishlarini yaxshi bilamiz. Grimchilar yuz shaklini o‘zgartirish uchun maxsus matolar yopishtirishadi, burunning o‘lchami va shaklini o‘zgartirishadi, hattoki yangi quloq ham o‘rnatishlari mumkin. Maxsus vositalar yordamida gavda tuzilishini ham o‘zgartirsa bo‘ladi. To‘g‘ri, bularning hammasi yuksak mahoratni talab qiladi. Benjamin Fast shunchaki hazil tariqasida ikkita mashhur aktyorning yuz qiyofalarini bir-birinikiga shunchalik o‘xshatganki, ular minglab tomoshabinlar oldida grimlarini olishgachgina bu yolg‘on fosh bo‘lgan.
Dastlabki suhbatimiz shu ruhda kechdi. Bir necha kundan keyin, yakshanba kuni biz uning uyida pivo ichib, musiqa eshitib o‘tirgandik. Kutilmaganda Charlz g‘alati ovozda gap boshlab qoldi:
-Hurmatga sazovor omonatchining bitta ustunligi borki, bunga Villi Satton hasad qilgan bo‘lardi.
Biz uning nimaga sha’ma qilayotganini tushunmadik.
-O‘zinglar bilasizlar, mening hisob raqamim «Kekson trast» bankida,-davom etdi Charlz.-Bank bu yerdan sakkiz kvartal narida, Uilshir ko‘chasida.
-Banking qaerdaligini yaxshi bilamiz,-dedim men.-Har safar bankka pul qo‘yganingda bu binoning devorlari tashqariga siljiydi.
Charlz iljaydi.
-Juma kuni tushdan keyin men bankka pul qo‘ydim va bank prezidenti bilan birpas gaplashib qoldim. U menga iltifot ko‘rsatdi va bank bilan tanishtirdi. U o‘zining asosiy omonatchisiga juda ishonganidan mening har qanday savolimga javob berdi. Savollarimdan biri bankdagi pullarning qanchaligi haqida edi. Odatda juma kunlari, bank yopilishidan sal oldin bankdagi pullar miqdori yuz ellik mingga yetarkan.
Mel hushtak chalib yubordi.
-Bank juma kunlari soat oltida yopiladi, ammo pullar turadigan seyf yettigacha ochiq turadi,-gapini davom ettirdi Charlz.-Bu vaqt davomida xizmatchilar bankdagi bor naqd pulni sanashadi. Bankni «tozalash» uchun to‘siqdan sakrab o‘tilsa bo‘ldi, to‘g‘ri pul saqlanadigan joyga kiriladi. Prezident menga binoning qo‘riqlash tizimini ham ko‘rsatdi.
Mel ham, men ham jim quloq solib turardik. Charlz yozuv stoli oldiga borib g‘aladonlardan birini ochdi va ichidan bir varaq qog‘oz oldi. Qog‘ozga binoning rejasi chizilgandi.
-Bankmi bu?-so‘radik Mel ikkimiz.
-Ha. Mana bu Uilshirga olib chiqadigan asosiy eshik, mana bu esa bino orqasidagi avtomobillar turadigan joyga olib chiqadigan orqa eshik. Bankka kirish va undan chiqish mumkin bo‘lgan eshiklar faqat mana shular. Mana bu uzun, ingichka to‘rtburchak to‘siqni bildiradi, bo‘shliqlar esa eshiklar. Operatsiyani amalga oshiruvchi xodimlar o‘ng tomondagi to‘siqlar orqasida o‘tirishadi. Sal teparoqda hisob-kitob bo‘limi, chapda kredit bo‘limi joylashgan. Juma kunlari bank prezidenti soat beshda uyiga ketadi.
-Mana bu nima?-so‘radim o‘ng burchakda joylashgan kvadratni ko‘rsatib.
-Bu telefon kommutatori. Bankda avval old eshikni, keyin orqa eshikni qulflaydigan bittagina qo‘riqchi bor. Talonchilik bank ishni tugatgan zahoti boshlanadi.
Mel ikkimiz bularning barchasini shunchaki hazil deb qabul qildik. Ammo baribir Mel savoldan o‘zini tiyolmadi:
-Ikkala eshik ham yopiq bo‘lsa, ichkariga qanday kiramiz?
Charlz kinoyali iljaydi:
-Biz bu vaqtda bankda bo‘lamiz. Bank yopilishidan sal oldin ichkariga kiramiz va birorta hujjatni to‘ldirayotganga o‘xshab olamiz. Garrining qo‘lida ichiga qop solingan diplomat bo‘ladi. Bankda boshqa mijozlar ham bo‘lishi mumkin. Ular ham ishlarini tugatib orqa eshikdan chiqib ketishadi. Qo‘riqchi bu vaqtda o‘sha yerda har bir chiqib ketayotgan odamga eshikni ochib berib turgan bo‘ladi. Zal bo‘shashi bilan ishga kirishamiz.
-Qanday qilib?-qiziqdim men.
-Mel shu zahoti orqa eshikka borib qo‘riqchini qurolsizlantiradi.
-Biz nima qilamiz, Charlz?
-Men telefon kommutatorining oldiga boraman va ombir yordamida binodagi telefon aloqasini uzaman. Keyin esa to‘pponcha o‘qtalib bankning barcha xodimlarini zal o‘rtasiga to‘plab, yerga yotqizaman. Bu vaqtda sen pullar saqlanadigan xonaga kirib, qoplarni to‘ldirasan va zalga qaytib chiqasan.
-Qo‘riqlash signalizatsiyasi-chi?-Charlzning gapini bo‘ldi Mel.-Birortasi tugmani bosishga urinishi mumkin.
-Signalizatsiya ishdan chiqarilgan bo‘ladi. Bankdan sal nariroqda butun kvartalni tok bilan ta’minlaydigan transformator qutisi bor, simni uzsak bo‘ldi.
-Hammaning ko‘z o‘ngida simyog‘ochga chiqamizmi?-so‘radim ikkilanib.
-Aslo unday qilmaymiz,-dedi Charlz,-sening merganlik iste’dodingdan foydalanamiz. Quti ko‘chaning burchagida joylashgan. Beshtakam oltilarda u yerga mashinada boramiz, sen simlarni o‘q otib uzasan. O‘ttiz yard masofadan buni uddalay olishingga ishonaman.
-Bunday masofadan ignaning ko‘zini ura olaman,-bosh silkidim.-Ammo atrofda odamlar bo‘lsa nima qilamiz?
-Nima bo‘pti? Birortasi bunga fikr bildirguncha biz bank oldida bo‘lamiz. Buning uchun o‘g‘irlangan mashinadan foydalanamiz, o‘zimizning mashinamizni esa avvalroq qo‘shni kvartalga qo‘yib qo‘yamiz. To‘polon ko‘tarilguncha biz mashinani almashtirib, mening uyimga kelamiz va niqoblarimizni yechamiz.
Endi faqat Benjamin Fast bizni grim qilishi qolgandi, xolos.
Juma kuni Mel bilan kech soat to‘qqizlarda Charlzning uyiga keldik. Avvaliga menga eshikni notanish kishi ochgandek tuyuldi, chunki bu kishi Charlzga mutlaqo o‘xshamasdi: yonoqlari turtib chiqqan, burni uzun, sochlariga oq oralagan va peshonasi to‘la ajin edi. Ammo sinchiklab qaragach, xoxolab kulib yubordim. Bir ozdan so‘ng o‘ziga kelgan Mel ham kulib yubordi. Charlz bizga o‘qrayib qarab qo‘ydi va ichkariga kirib ketdi. U qattiq asabiylashgandi, chunki uning yuksak darajada niqoblanish haqidagi fikrlari chippakka chiqqandi.
Charlz yuzidagi grimni tozalab xonaga qaytguncha o‘n besh daqiqa vaqt o‘tdi.
-Bu voqea men tomonimdan oldingi suhbatlarimizda ilgari surilgan fikrning yaqqol isbotidir,-dedi Charlz notiqlarcha.-Mohirlik bilan qilinmagan grim bizni qanoatlantirmaydi. Mohir usta Fastning biz uchun ishlashi aniq. Bu ishimiz ikkingizga foyda keltiradi-pulni ikkovingiz bo‘lishib olasizlar.
-Bankni talaganimiz uchun bizga o‘n yildan berishadi,-dedim men suhbatimizga yangi mavzu kiritish maqsadida.
-Faqat jinoyatchilar qo‘lga olinsa,-dedi Charlz quruqqina qilib.-Rejamning mukammalligi shundaki, xavfsizligingiz yuz foiz kafolatlanadi. Xo‘sh, sizlarning ishtirokingizga umid qilsam bo‘ladimi?
Biz rozilik ma’nosida bosh silkidik.
Talonchilikka oid boshqa ikir-chikirlar Charlzning uyida keyingi yakshanbadagi yig‘ilishimizda muhokama qilindi. Mel ikkimiz reja yakunlanish arafasida ekanligi va bankni talash juma kuniga mo‘ljallanganligidan xabardor bo‘ldik.
-Bir qator masalalarni oydinlashtirib olishimiz kerak,-dedi Charlz.-Garri, jumagacha qurol topa olasanmi?
-Mashg‘ulotlar tugagach, qurollar maxsus javonga solinadi va janob Jenner soat beshda uyiga ketadi. Uyga ketayotganda qurolni joyiga qo‘yishimni aytib, payshanba kuni qo‘shimcha mashg‘ulotga ruxsat olishim mumkin. Keyingi mashg‘ulot bir haftadan keyin bo‘ladi, ungacha qurolni qaytarib joyiga qo‘yib qo‘yaman.
-Zo‘r. Endi yigitlar, mashina masalasiga kelsak. Eng yaxshisi, Melning mashinasi. Bankka kirishdan ikki soatcha oldin Melning mashinasida Los-Anjeles markaziga borib olgach, biror avtomobilni o‘g‘irlab talonchilikka yo‘l olamiz.
-Fast-chi, nahotki u ham bizga sherik bo‘lishga rozilik bergan bo‘lsa?-qiziqdi Mel.
-Men barcha kerakli choralarni ko‘rib qo‘yganman,-uni ishontirishga urindi Charlz.-Shaharning yaponlar kvartalidagi bo‘sh do‘konning yerto‘lasini ijaraga olganman.
Charlz shu so‘zlarni aytarkan, bizga manzil yozilgan qog‘oz parchasini uzatdi.
-Fast har birimizni grim qilish uchun soatlab vaqt sarflashi mumkin, shuning uchun kech qolmasdan soat roppa-rosa o‘nda shu manzilga yetib kelinglar.
-To‘pponchalarni qaerdan olamiz?-so‘radim men.
-Uchta to‘pponcha, o‘qlar, diplomat va qoplar yerto‘lada turibdi.
Mel ikkimizning savollarimiz tugab, uy-uyimizga tarqaldik.
Chorshanba kuni ertalab nonushta qilayotib «Los-Anjeles tayms» sahifalariga ko‘z yugurtirar ekanman, kutilmaganda mashhur grimchi, «Oskar» mukofoti laureati Benjamin Fast qarindoshining dafn marosimini o‘tkazish uchun mamlakat sharqiga uchib ketgani haqidagi xabarga ko‘zim tushib qoldi. Men Charlzlar dars o‘tishi lozim bo‘lgan fizika fakulteti binosiga o‘qdek uchib yetib bordim va uni zalda to‘xtatdim.
-Daho rejalashtiruvchimiz mana bu xabarga qanday fikr bildiradilar?-dedim zaharxandalik bilan.
Charlz menga qarab kinoyali iljaydi:
-Qariya, o‘zingni bos. Fastning bir necha kun studiyada bo‘lmasligini pardalash uchun mana shunday xabar chop etilgan.
Men cho‘kayotgan odam xasga yopishgani kabi unga iltijo qildim:
-Bankni o‘marishni har tomonlama puxta rejalashtirish uchun yana bir marta uchrashsak bo‘lmaydimi?
Charlz inkor ma’nosida bosh chayqadi:
-Qolganini Fast bizni grim qilayotganida maslahatlashamiz.
Juma kuni biz o‘qishga bormadik.
Melning avtomobilini belgilangan manzildagi bino yoniga to‘xtatgach, biz bir seskanib oldik: yo‘lning shundoq narigi betida mahalliy politsiya bo‘limi joylashgandi.
Bo‘m-bo‘sh do‘konning tepasida «Yapon antikvariati» degan xira yozuv ko‘rinib turardi. Yerto‘la eshigini taqillatdik va eshik ochilib, Charlz bizni ichkariga imladi. Biz aftidan sobiq omborxonada edik, chunki hamma yoqda karton qutilar sochilib yotardi. Charlzning uyidagi yig‘ma stullar va ikkita yig‘ma karavot ham shu yerda edi. Karavotlardan birida oltmish yoshlardagi bir kishi detektiv jurnal o‘qib o‘tirardi. U jurnalni bir chetga tashlab, bizga yovqarash qildi.
-Janoblar, bir daqiqaga! Sizlarga janob Benjamin Fastni tanishtirishimga ruxsat beringlar!-dedi Charlz.
Horg‘in, soqollari o‘sib ketgan bu kishining ahvolini ko‘rib, o‘zimni savoldan tiya olmadim:
-Bu kishi bu yerga o‘z ixtiyori bilan kelganmi?
-Albatta, yo‘q,-dedi Charlz xotirjamlik bilan,-chorshanba kuni kechqurun uning uyiga bostirib kirib, to‘pponcha tirab uni bu yerga olib keldim. So‘ngra esa studiyaga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zimni uning do‘sti deb tanishtirdim va taniqli grimchi qarindoshining dafn marosimiga ketganini aytdim.
-Odam o‘g‘irlaganlik uchun bir umrlik qamoq jazosini olishimiz mumkin!-bo‘g‘iq ovozda dedi Mel.
-Qachonki o‘g‘irlangan odam uchun pul talab qilinsa yoki unga tan jarohati yetkazilsa. Biz bor-yo‘g‘i odam o‘g‘irlab, uning erkin harakat qilishiga yo‘l qo‘ymayapmiz xolos: bu yerdan chiqib ketayotib Fastning oyoq-qo‘lini bog‘lab, og‘ziga latta tiqib qo‘ygandim. Bu jiddiy jazoga tortadigan qonun buzilishi emas. Bundan tashqari, men unga hurmat bilan munosabatda bo‘ldim.
-Endi tushundim: sen aqldan ozib qolibsan. Men odam o‘g‘irlash jinoyatiga sherik bo‘lmayman va o‘yindan chiqaman,-dedi Mel.
-Ish pishgan paytda-ya?!-e’tiroz bildirdi Charlz.-Mana buni ko‘r!
U shunday deb xaltadan janob Fastning buyumlarini chiqardi.
-Janob Fast har birimizga mos keladigan grimni tanlab qo‘ygan.
«Charlz bu bechora kishini tirik va sog‘ chiqarmaydi» degan fikr xayolimdan yashin tezligida o‘tdi. Albatta, bundan boshqacha bo‘lishi mumkin emas: grimchi talonchilarning tashqi ko‘rinishini biladigan yagona guvoh. Ammo yetmish besh ming dollarga ega bo‘lish orzusi meni o‘ziga shunchalik rom etdiki, Fastning o‘ldirilishi ham talonchilikdan voz kechishimga to‘sqinlik qilolmasdi.
Mel ikkilangancha yelkasini qisib boshini qashladi:
-Nima ham derdim, unda janob Fastning yuksak mahoratini ko‘ramiz.
Grimchi ishga jon-jahdi bilan kirishdi. Hammamizni grim qilish uchun uning to‘rt soat vaqti ketdi, ammo ishini oliy darajada ado etdi.
Maxsus yopishqoq tasma yordamida u ko‘zlarimiz va lablarimizning shaklini o‘zgartirdi, quloqlarimiz ham boshqacha ko‘rinishga kirdi, bo‘yoqlar yordamida sochlarimizning rangi boshqacha tus oldi, egiluvchan plastik naychalar burnimizning cho‘zinchoq bo‘lishini ta’minladi, maxsus qatlam esa grim izlarini berkitib, ko‘rinishimizga tabiiylik berdi.
Biz bir-birimizga diqqat bilan tikilgancha grimni fosh etadigan biror izni topishga urinardik. Shu payt Benjamin Fastning past ovozi qulog‘imizga chalindi:
-Tashqari issiqmasmi?
-Aksincha, salqin,-dedim men.
-Unday bo‘lsa grimingiz oqib ketmaydi. Yuzingizni burishtirmasangiz, grim soatlab turishi mumkin. Endi ketsam bo‘ladimi?
-Yo‘q,-dedi Charlz.-Afsuski, sizni oxirgi marta-soat yettigacha bog‘lab qo‘yishga majburman, qaytib kelgach, sizni qo‘yib yuboramiz.
Soat o‘n beshtakam uchlarda biz ahmoqona rejamiz qotillik bilan yakunlanishi mumkinligini ham o‘ylab o‘tirmasdan Melning avtomobiliga o‘tirdik.
-Ishqilib, grimchi politsiyani bu yerga olib kelsayu, ular yerto‘lani ijaraga olgan odam kimligini surishtirishsa bizni topib olishmaydimi?-so‘radi Mel.
Charlz odatiga ko‘ra iljaymoqchi bo‘ldi, biroq Fastning maslahati yodiga tushib o‘zini tiydi. Ammo uning ko‘zlarida kinoya aks etdi.
-Umuman olganda, omborxona ijaraga olinmagan, mashinada aylanib yurib, shu yerni ko‘zlab qo‘ygandim.
Talonchilik uchun mo‘ljallagan mashinamizni Xoup ko‘chasida topdik-bu oynalari ochiq holda turgan sedan edi. Mel soatiga ko‘z tashlab, ixtiyorimizda yana ikki soat borligini ma’lum qildi.
-Balki qolgan vaqtni bank bilan tanishishga sarflarmiz?
Mening bu tashabbusim shu ondayoq ma’qullandi. Bir ozdan keyin biz bank binosi ichida turardik.
Men devorga yopishtirilgan turli e’lonlarni o‘qishga tutindim. Aslida esa butun diqqat-e’tiborim seyf tomon olib boradigan eshikda edi. Bankda ishlaydigan qizlardan biri o‘tirgan o‘rnidan turib yonimga keldi va o‘z yordamini taklif qildi.
-Men do‘stimni kutyapman,-ming‘irladim oxirgi so‘zimni ichimga yutgancha. Uning nigohi xuddi qiyofamni suratga olayotgandek taassurot qoldirdi.
Biz mashinaga qaytganimizda Mel o‘zini o‘rindiqqa tashladi va to‘ng‘illadi:
-O‘n dollarimni maydalab bergan peshoyna ortidagi qiz ko‘zlari bilan meni teshib yuboray dedi!
Charlz unga istehzoli qaradi:
-Senga shunday tuyulgandir. Biz bankka kirayotganimizda zalda yurgan do‘mboqqina kishini ko‘rdinglarmi?
-Kulrang kostyumlimi?-dedi Mel.
-Ha-ha. U bank prezidenti bo‘ladi. U menga diqqat bilan qaradi, ammo kimligimni sezmadi. Demak, bu grimimizning naqadar yuksak darajada tayyorlanganidan dalolat beradi!
Qolgan bir yarim soatni operatsiyamizning mayda-chuyda tafsilotlarini muhokama qilish bilan o‘tkazdik. Yigirmatakam oltida Charlz motorni o‘t oldirdi, beshtakam oltida esa mashinamiz kimsasiz torko‘chalardan birida turardi. Mashinadan tushib, transformatorni nishonga oldim va ikkita o‘q bilan butun kvartalni, jumladan bank binosini ham elektr bilan ta’minlaydigan simlarni uzib tashladim. Ikkitakam oltida orqa eshikdan bankka kirdik va uchalamiz zaldagi uchta stol tarafga yurdik.
Markaziy stol oldiga kelib, qo‘limdagi diplomatni yerga qo‘ydim va qaydnoma varaqalaridan birini olib o‘zimcha to‘ldira boshladim.
Bank yopilishi oldidan odamning bu darajada ko‘payib ketgani meni hayron qoldirdi: beshta peshoynaning har birida kamida o‘ntadan odam navbat kutib turardi. Yana bir holat ham menda noxush his uyg‘otdi: deyarli barcha mijozlar gavdali erkaklar edi. Kutilmaganda navbatda turganlarning ikkitasi ikki tomondan men turgan stolga qarab yura boshlashdi. Shu lahzada Mel bilan Charlz tomonga ham bir juftdan barzangi ketayotganiga ko‘zim tushdi va yuragim qinidan chiqib ketguday ura boshladi. Ammo kech bo‘lgandi! Men o‘girilishga ham ulgurmay chap biqinimga sovuq to‘pponcha tiraldi, o‘ng tarafimdagi erkak esa qo‘llarimni qayirib kishan soldi. Yonimdagi to‘pponcha, qoplar solingan diplomatim esa ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Mel bilan Charlz ham qo‘llari kishanlangan holda turishardi.
-Jangovar tayyorgarlik bilan kelibsan-da, Zip?-dedi barzangilardan biri menga qarab.
Qolgan «mijozlar» ham bizni o‘rab olishayotganini alam bilan kuzatarkanman, biz to‘g‘ri Federal Qidiruv Byurosining kattagina guruhi qo‘liga tushganimizni tushundim.
-Salom, Red,-dedi yana birovi Melga qarab.-O-o, eski tanishimiz Gofer Steysi ham shu yerda-ku! Sizlarni bankka kuppa-kunduz kuni kelishga nima majbur qildi? Darvoqe, sizlarning bitta guruhda ishlayotganingiz biz uchun syurpriz bo‘ldi. Bizga bankdan qo‘ng‘iroq qilib, sizlarning kelganingizni aytishmaguncha, bir-biringiz bilan tanish ekanligingizni ham bilmasdik!
-Bu nima deganingiz? Biz hech qanday qonunga xilof ish qilganimiz yo‘q,-Charlz nima bo‘layotganiga tushunmay e’tiroz bildirishga urindi.
Federal Qidiruv Byurosi xodimi xoxolab kuldi:
-Bu safar ham suvdan quruq chiqmoqchimisan, Gofer? Omadimiz kelganini qara, birdaniga uchta qidiruvdagi ashaddiy jinoyatchilarni qo‘lga oldik! Sizlar tentakmisizlar, nima balo! Axir uchalangizning ham basharangiz aks ettirilgan suratlar barcha politsiya bo‘limlari va bank xodimlariga tarqatilgan-ku. Bundan tashqari, vaqti-vaqti bilan detektiv jurnallarda ham suratlaringiz chop etilib turardi.
«Detektiv jurnallarda ham...», dedim ichimda nihoyat qanday voqea yuz berganini anglab. Ha, buyuk grimchi Benjamin Fast bizni boplab chuv tushirgandi.
Richard Deming. «Dohiyona» rejalashtirilgan o‘g‘irlik (hikoya)
Dilshodbek Asqarov tarjimasi.