Lidiya Xartman kuni bilan kutgan telefon qo‘ng‘irog‘i u ish vaqtini tugatib endi uyiga qaytayotgan mahalda bo‘ldi. U ostonada turarkan, boshlig‘i go‘shakni olganini ko‘rdi:
-Sug‘urta idorasi, Trimeyn eshitadi.
So‘ngra boshliq Lidiyaga qarab bosh silkidi. U yugurib kelib go‘shakni qo‘liga oldi va shosha-pisha gapirdi:
-Xartman xonimman.
-Men Juliusman,-erkak kishining ovozi eshitildi.-Buffalodan qo‘ng‘iroq qilyapman.
-Buffalo!-xitob qildi ayol.
-U qaerga borsa orqasidan kuzatib yurishim kerakligini aytuvding-ku,-dedi Julius Veygand norozi ohangda.-U Buffaloga boradigan avtobusga o‘tirishi bilan men ham mashinamda yo‘lga tushdim.
Lidiya ilgichdan shlyapasini olayotgan boshlig‘iga ko‘z qirini tashladi va Juliusdan past ovozda so‘radi:
-U kuzatayotganingni biladimi?
-Yo‘q, u meni ko‘rmadi. Men uni xususiy detektivga o‘xshab shaharma-shahar kuzatib yuribman.
Janob Trimeyn kiyinib, xayrlashdi. Lidiya go‘shakni qo‘li bilan to‘sgancha unga xayrli kech tiladi. Boshliq chiqib ketgach, Lidiya so‘radi:
-U tuzukmi?
-Albatta,-javob qildi Veygand istehzo bilan.-U «Redmill» mehmonxonasiga joylashdi va tushdan keyin ikki shisha viskini tugatdi. Senga aytgandim-ku, «uning bo‘kib ichishdan boshqa maqsadi yo‘q» deb.
-Yo Xudoyim! Agar u ichib olsa miyasiga nima kelsa shuni qiladi. Men o‘sha yerga boraman.
-Shunday deyishingni bilganim uchun qatnov jadvalini ko‘zdan kechirib qo‘ygandim. Poezd soat oltida Rochesterdan jo‘naydi va yetti yarimda shu yerda bo‘ladi. Avtobus esa sakkizdan keyin yo‘lga chiqadi.
-Yaxshi, poezdda boraman.
-Kelib nima qilmoqchisan?
-Unga yordam beraman, birorta dahshatli narsaga qo‘l urishiga imkon bermayman.
-Masalan, o‘zini o‘ldirishiga, shunaqami? Mast odam o‘zini o‘ldirmaydi.
-U mast emas,-dedi Lidiya keskin.-Jim qo‘lidagi hamma narsani yo‘qotganidan keyin shunaqa bo‘lib qolgani uchun uni ayblashga haqqing yo‘q.
-Uning yo‘qotishlari-mening ham yo‘qotishlarim. Esingdan chiqmasin, men uning hamkori edim,-dedi Veygand.
-Bilaman,-dedi ayol.-Sen uni sudga berishing mumkin edi.
-Seni deb shunday qilmadim, Lidiya. Faqat seni deb. Senga qanday munosabatda ekanligimni bilasan-ku.
-Jimning xotini ekanman, bu haqda eshitishni xohlamayman!-baqirdi Lidiya.-U menga har qachongidan ham muhtoj bo‘lib turgan bir paytda uni yolg‘iz tashlab qo‘yolmayman.
-Javobing xuddi Jimning ishlari yurishib ketganidan keyin sen uni tashlab ketadigandek yangradi. Bu menga umid bag‘ishlaydi,-dedi Veygand.
-Yetti yarimda meni kutib ol,-ayol suhbatga nuqta qo‘ydi.
Lidiya Xartman Buffaloda poezddan tushganida, Julius Veygand uni kutib turgandi. Lidiyaning xayoliga bundan bir oy oldin uni ko‘rganda yuragi qinidan chiqib ketguday urishi keldi. Ammo u paytda Julius ishi yurishayotgan biznesmen edi, hozir esa bankrot bo‘lgan. U bir omadli biznesmenni boshqasiga almashtirishi mumkin edi, lekin bankrotni bankrotga almashtirish... O‘ttiz ikkiga kirgan ayol yetarlicha tajribaga ega bo‘lishi shart.
Julius jilmaygancha unga ochiqchasiga suqlanib qarab turardi. Lidiya uning yoniga keldi va yuzini chimchiladi:
-Menga unaqa qarama.
-Buncha go‘zal bo‘lmasang,-dedi Julius va uning qo‘lidagi yuklarni olib yo‘l boshladi.
U yuklarni mashina yukxonasiga solib, ayolga eshikni ochdi, so‘ng mashinani aylanib o‘tib, o‘zi ham o‘tirdi. U mashinani o‘t oldirishdan oldin so‘radi:
-Xo‘sh, endi nima qilmoqchisan?
-U bilan gaplashmoqchiman. Agar uyga ketmaydigan bo‘lsa, shu yerda qolaman.
-Uning aqlini yo‘qotguncha ichishini tomosha qilasanmi? U bir haftayam yurishi mumkin.
-Unda men ham bir hafta yuraman.
-Ishingdan ajralasan.
-Ertalab janob Trimeynga qo‘ng‘iroq qilib hammasini tushuntiraman.
-U yerda ishlayotganingga endi uch hafta bo‘ldi-ku, Lidiya. Har qanday boshliq ham senga bir haftaga ruxsat bermaydi.
-Mening eski xodim ekanligimni unutib qo‘yibsan. Jim endi ishini boshlagan paytlarda men u yerda besh yil ishlaganman.
-Ammo keyin besh yil ishlamading.
-Meni mudir lavozimiga ishga qabul qilishdi, demak meni unutishmabdi.
-Ha, bu Jimga ruhan ta’sir qildi: u biznesdan uchib ketgan paytda sen ishga qaytding.
-Uchib ketgan paytda?
-Yana nima deyish mumkin? Buni boshqacha atay olmayman... Nimaga undan voz kechib qo‘ya qolmaysan? Bir oy oldin bu haqda gaplashgandik.
-Bir oy oldin u bunchalik pastga qulamagandi. Undan hozir voz kecholmayman.
-Vafodorligingdan o‘rgildim!-qichqirdi Julius.-U bilan bir umr birga bo‘lsang ham uni oyoqqa turgiza olmaysan. U tamom bo‘lgan odam.
-Seni deb undan voz kechishimni istaysanmi?-so‘radi ayol zaharxandalik bilan.-Sen ham xuddi unga o‘xshagan bankrotsan-ku.
-Ha, lekin vaqti kelib o‘zimni tiklayman, Jim esa hech qachon. Unga yordam bergan taqdiringda ham ishi yurishmaydi. Lidiya, u lapashang.
-Bo‘lishi mumkin, lekin u mening erim. Va ayni paytda sen menga mos erkak emassan. Hattoki agar Jim bilan ajrashadigan bo‘lsam ham sen uning o‘rniga nomzod bo‘lolmaysan.
Julius unga ajablanib qaradi:
-Jiddiy gapiryapsanmi?
-Albatta. Ehtimol o‘n yil oldin senga tegishim mumkin edi. Ammo men Jimnikiman. Senga esa hozir o‘zingni tiklashing uchun yordamchi kerak. Lekin men yordamchi bo‘lolmayman. Men o‘ttiz ikkiga kirdim, sen esa qirqqa yaqinlashyapsan. Endi moliyaviy kurashlarga toqatim yo‘q, charchadim. Mening bo‘lajak erim oyog‘ida mustahkam tura oladigan badavlat inson bo‘lishi kerak. O‘shandagina u bilan hayotimni bog‘lashim mumkin.
-Noto‘g‘ri fikrlayapsan. Jim bilan bo‘lganing uchun ko‘p ter to‘kishga majbur bo‘lgansan. Agar men bilan bo‘lganingda charchamagan bo‘larding.
-Lekin men Jimga tekkanman. Bo‘l, u turgan joyga boraylik.
Julius indamay mashinani yurgizdi. «Redmill» mehmonxonasi Perl-strit ko‘chasida joylashgandi. Ular mehmonxonaga yetib kelishdi va ichkariga kirishdi. Bino ichi ham tashqarisi kabi ko‘rimsiz edi. Mebel va gilamlar eskirib ketgan, ammo toza edi. Ikki qariya zalda gazeta o‘qib o‘tirishar, ro‘yxatxonada tepakal bir kishi navbatchilikda edi. Veygand uning yoniga kelib so‘radi:
-U hali ham xonasidami?
Navbatchi bosh silkidi. Veygand Lidiyani liftga boshladi.
-Jimni kuzatib turishi uchun unga o‘n dollar berdim, aks holda Jimning qancha viski ichganini qaerdan bilardim,-dedi Julius.
-Barcha xarajatlaringni to‘layman,-dedi ayol quruqqina qilib.
-Jinnilik qilma, bir necha dollar men uchun hech narsa emas. Menda yetarlicha pul bor, sen esa ancha pulingdan ayrilding.
Ular yettinchi qavatga ko‘tarilishdi. Yo‘lak bo‘ylab yurishgach, 714-xona eshigi oldiga kelishdi.
-U shu yerda,-pichirladi Julius.
Eshik tepasida bo‘yalgan oynavand darcha bo‘lib, uning qiya ochiqligidan xonada chiroq yoniq ekanligini bilish mumkin edi. Lidiya eshikni taqillatdi. Hech qanday javob bo‘lmadi. U qattiqroq taqillatdi. Bir oz kutishgach, Veygand eshikni mushtlay boshladi. Qarama-qarshi tomondagi eshik ochilib, bir qariya mo‘raladi. Ularga bir qarab qo‘ygach, eshikni yopdi.
-Uxlayapti, shekilli,-dedi Lidiya.
-Aniqrog‘i, mast bo‘lib qotib qolgan,-javob qildi Julius.-Pastga tushib zaxira kalitni olib kelaman.
Veygand ketdi, Lidiya esa kuta boshladi. Bir necha daqiqadan keyin Julius navbatchi bilan qaytib keldi.
-Lidiya, bu kishi janob Simmz. Unga sen Jimning xotini ekanligingni aytdim.
-Yaxshimisiz,-dedi Simmz Lidiyaga shubhali nazar tashlagach.-Bu yerda to‘polon ko‘tarmaysiz deb umid qilaman.
-Men erimdan tashvishdaman,-dedi Lidiya.-Erim bilan janjallashganimiz yo‘q, to‘polon qilish niyatida ham emasman. U meni ko‘rsa xursand bo‘ladi.
-Yaxshi,-dedi Simmz.
U kalitni tirqishga solib buradi va eshikni itardi. Ammo eshik ochilmadi.
-Eshikni zulfinlab olibdi,-dedi Simmz va eshikni gursillatib ura boshladi.
Yo‘lakda bir nechta eshiklar ochildi, hamma nima bo‘layotganiga qiziqib mo‘ralay boshladi. Simmz bir kishini uyg‘ota olishmayotganini aytib, ularni bezovta qilgani uchun uzr so‘radi. Eshiklar yopildi, ular esa 714-xona eshigi oldida turgancha xonadan biror ovoz kelarmikin degan umidda diqqat bilan quloq solishdi. Ammo xona jimjit edi.
Lidiya tashvishli ovozda gapirdi:
-Jim uxlayotganda xurrak otardi.
Simmz yana eshikni ochishga urindi, ammo bundan natija chiqmadi.
U boshini chayqadi va dedi:
-Darchadan mo‘ralaymiz. Hozir narvon olib kelaman.
U o‘n daqiqalardan keyin narvon bilan qaytib keldi. Narvonni eshikka tiragach, dedi:
-Men har ehtimolga qarshi pichoq olib keldim. Darchadan odam sig‘ishi qiyin, lekin darchani ushlab turgan plastinani chiqarib olamiz va darcha ochiladi.
U oxirgi pog‘onaga ko‘tarildi va pichoq bilan plastinani bo‘shatdi.
-Men bu yerdan sig‘mayman. Balki siz urinib ko‘rarsiz, xonim?-dedi u.
-Bo‘pti,-dedi Lidiya.
U poyabzalini yechdi va narvonga chiqdi. Darchadan asta kirib, ichkariga tushdi.
-Nima gap?
-Hozir eshikni ochaman.
Yo‘lakda ichi qizib turgan Veygand ham shu yo‘l bilan ichkariga tushmoqchi bo‘ldi. Uning yuzi darchada ko‘ringan paytda Lidiya eshik tomon kelayotgandi.
-Nima gap?-so‘radi Veygand uning yuzi oqarib ketganini ko‘rib.
Julius karavotda yotgan kishini ko‘rolmadi, chunki uni Lidiyaning gavdasi to‘sib turardi. Lidiya unga javob berish o‘rniga eshik zulfinini tushirdi. Veygand narvondan tushdi va Simmzning ketidan xonaga kirdi. Lidiya tashqariga chiqib poyabzalini kiydi va devorga suyangancha ko‘zlarini yumdi. Xonadagi erkaklar karavotda yotgan kishining jasadiga hayrat bilan tikilib turishardi. U o‘ttiz besh yoshlardagi erkak edi. U bitta shimda yotardi. Karavotda bo‘sh shisha yotar, yana bir shisha esa polda turardi. Uning qo‘llari qornida, ko‘ksining chap tomonidagi qonli jarohatdan sal pastroqda edi.
Simmz uning yuziga qo‘lini tekkizib ko‘rdi va shu zahoti tortib oldi.
-Sovuq, demak o‘lgan,-dedi u.
-Men esa mast odamlar o‘zini o‘ldirmaydilar deb o‘ylovdim,-dedi Julius.
Simmz darhol unga qaradi:
-O‘zini o‘ldiribdimi? Unda pichoq qani?
Veygand xona ichiga alangladi. So‘ng emaklab karavot tagiga kirdi. Keyin esa navbatchiga shubhali tikildi.
-Eshik aniq ichidan berkmidi?-so‘radi u.
-Ha,-javob berdi Simmz darchaga tikilarkan.
Veygand vannaxona eshigiga qaradi. Navbatchi «qult» etib yutindi.
-Qotil hali ham shu yerda deb o‘ylaysizmi?-shivirladi u.
Veygand indamay shishalardan birini qo‘liga oldi va vannaxona eshigini shaxd bilan ochdi. Shishani baland ko‘targancha ichkariga kirdi. So‘ng esa u yerdan ajablanib qaytib chiqdi. Simmz hojatxona eshigiga qarab turardi. Veygand shishani boshi uzra ko‘targancha hojatxona eshigini ochdi. U yer ham bo‘m-bo‘sh edi. Julius shishani stolga qo‘ydi va deraza oldiga keldi. Pastga qaragach, dedi:
-Deraza ostida kengligi bir futcha keladigan tokchaga o‘xshash bo‘rtiq bor ekan. Qo‘shni xonada kim turadi?
-Menimcha, tekshiruvni bas qilib politsiyaga murojaat qilganimiz ma’qul,-dedi Simmz.
-Gapingiz to‘g‘ri,-dedi Veygand.
Lidiya bir chayqaldi va o‘tirib qoldi. Julius uni yelkasidan tutdi va bag‘riga bosdi.
-Bo‘ldi, tuzukman,-dedi ayol shikasta ovozda.
Julius Lidiyani yelkasidan tutgancha zalga yetaklab keldi. Ayol zo‘rg‘a qadam tashlardi. Simmz xonasiga kirib telefon go‘shagini ko‘tardi. Julius Lidiyani divanga o‘tqizmoqchi bo‘ldi, lekin u o‘tirishni istamadi. Julius unga sinovchan tikildi:
-Nega o‘tirmayapsan?
-Men o‘zimga keldim,-dedi u.-Bugun Rochesterga qaytolmasak kerak?
-Men ham shuni o‘ylayapman. Politsiya biz bilan gaplashadi.
-Mehmonxonadan joy olganmisan?
Veygand inkor ma’nosida bosh chayqadi:
-Yo‘q. Men bugun Jimni olib uyga qaytamiz deb o‘ylagandim.
-Shu yerda qolamizmi?
-Ha. Men borib bilay-chi, bo‘sh xonalar bormikin.
U navbatchi go‘shakni qo‘ygan paytda xonaga yetib keldi.
-Politsiya hozir keladi. Shu atrofda bo‘lib turinglar.
-Biz ham shu fikrdamiz. Bo‘sh xonalaringiz bormi?
Simmz qog‘oz titkilayotgan paytda Lidiya mehmonxonadan chiqib ketdi. Veygand ro‘yxatdan o‘tish ishlarini tugatib ortiga o‘girildi va Lidiya yuklari bilan turganini ko‘rdi.
-O‘zim olib kelardim,-dedi u yuk xaltalarini olarkan.
-Og‘irmas. Xona oldingmi?
-Ha, beshinchi qavatdan ikkita xona oldim. Kel, politsiyani shu yerda kutib turamiz, hozir kelarkan.
Lidiya divanga o‘tirdi. Veygand uning yoniga joylashdi. Besh daqiqadan keyin politsiyachilar kirib kelishdi. Ular ikki kishi edi. Biri o‘rta yoshlardagi gavdali kishi bo‘lib, o‘zini serjant Charlz Karter deb tanishtirdi. Ikkinchisi esa Garri Nikolson ismli yosh, ozg‘ingina yigit edi. Karter Simmzdan doktor chaqirgan-chaqirmaganligini so‘radi.
-Ha, ser. Bir necha daqiqadan keyin yetib keladi.
-Yuring, jasadni ko‘ramiz,-dedi Karter.-Garri, sen bular bilan qolasan va doktor kelganida yuqoriga olib chiqasan.
Serjant va Simmz ketishdi. Aftidan, Garri Nikolsonning qotillik bo‘yicha hech qanday savol bergisi yo‘q edi. U ob-havo haqida nimadir deb ming‘irlagach, jim bo‘ldi. Besh daqiqadan keyin qo‘lida tibbiyot chamadonini ko‘targan keksa kishi paydo bo‘ldi. Nikolson uni eshik oldida kutib oldi va lift tomonga boshladi. Lidiya soatiga qarab ajablandi. Sakkizdan qirq besh daqiqa o‘tgandi. U poezddan tushganidan beri endi bir soatu o‘n besh daqiqa o‘tibdi. Nikolson qaytib kelib ham gapirmadi. Chamasi, savollarni serjant berardi. Yigirma daqiqadan keyin Simmz, doktor va serjant tushib kelishdi. Doktor ketdi, Simmz bilan serjant esa o‘tirganlarning oldiga kelishdi.
-Bu qotillik,-dedi serjant.-Kimdir uning yuragiga pichoq sanchgan. U qon chiqquncha jon taslim qilgan. Ammo g‘alati voqea.
-Nimani nazarda tutyapsiz?-so‘radi Nikolson.
-Simmzning aytishicha, eshik ichidan zulfinlangan, darcha esa qiya ochiq bo‘lgan.
Simmz Lidiyaga ishora qildi:
-Bu ayol darchadan kirib eshikni ochdi.
Nikolson Lidiyaga qaradi.
-Darchadan faqat men sig‘ardim,-dedi u.
Nikolson sherigiga yuzlandi:
-Qotil yong‘in narvonidan foydalangan bo‘lsa kerak.
-Yong‘in narvoni o‘rnatilmagan,-dedi Karter.
-Hm-m. Unda u jasadni topishgan paytda xonada bo‘lgan. Vannaxonaga yashirinib olgan bo‘lsa kerak. Ular bizni chaqirgani tushishganda qochib qolgan.
Karter bosh chayqadi:
-Yo‘q, Simmzning aytishicha, ular xonani tekshirib chiqishgan.
U Veygandga qaradi:
-To‘g‘rimi, janob?
Veygand bosh silkidi:
-Karavotning ostigacha qaradim.
Nikolson so‘radi:
-Shef, xonada qandaydir sir bor deb o‘ylaysizmi?
-Yo‘q,-javob qaytardi Karter.-Bu faqatgina deraza ostidagi bo‘rtiq yagona yo‘l ekanligidan dalolat beradi. Balandlikdan qo‘rqmaydigan odam shu yo‘l bilan xonadan xonaga o‘tishi mumkin.
-Qo‘shni xonalarda kim turadi?-so‘radi Nikolson Simmzdan.
-Ikkala xona ham bo‘sh.
-Bu xonalarni ko‘rdim,-gapida davom etdi Karter,-derazalar berk, lekin zulfinlanmagan. Qotil derazadan bemalol kirgan. Eshik esa ichkaridan ochiladi, tashqariga chiqib yopilganda yana qulflanib qoladi.
-Doktor nima dedi?-so‘radi Nikolson.
-O‘lim bugun soat uch bilan beshning orasida yuz bergan. Aniqrog‘i, uch yarim bilan besh yarimning orasida. Menimcha, besh yarimlarda.
-Nimaga unday deb o‘ylaysiz?
-Simmz unga soat ikki yarimda ikkinchi viskini keltirib bergan. Birinchi shishani u ikki yarim soatda bo‘shatgan. Ikkinchisini ham shuncha vaqtda bo‘shatgan bo‘lsa kerak. Bu soat beshlarga to‘g‘ri keladi. Bular ichkariga kirishganda ikkala shisha ham bo‘sh bo‘lgan.
-Mantiqan to‘g‘ri,-bosh irg‘adi Nikolson.-Nima qilamiz?
-Sen ekspertlarni chaqir, barmoq izlarini olishsin. Men bular bilan boshqarmaga ketaman.
Julius Veygand o‘rnidan turdi:
-Unda mashinamni bir chetga olib qo‘yay.
-Tashvishlanmang, janob Veygand,-dedi Simmz,-kalitni bersangiz, o‘zim uni chetga olib qo‘yaman. Xartman xonimning yuklarini ham xonasiga olib kirib qo‘yaman. Aytgancha, 521-xona sizniki.
-Rahmat,-dedi Lidiya.
Veygand kalitni berdi va serjant ularni politsiya boshqarmasiga olib ketdi. Ular liftda yuqori qavatga ko‘tarilishdi va serjant Karter ularni «Qotilliklar» degan yozuv osilgan eshik oldiga olib keldi. Ichkarida bir nechta stol va stullar joylashgan xona bo‘lib, bir kishi telefonda kim bilandir gaplashayotgandi. Xonada boshqa hech kim yo‘q edi. Karter joyiga o‘tirdi va Lidiya bilan Juliusga ham o‘tirishga ishora qildi.
-Chekasizmi?-dedi u sigaret qutisini uzatarkan. Ular rad etishgach, Karter bir dona sigaret oldi va Lidiyaga qarab dedi:
-Tushunishimcha, marhum sizning eringiz edi, shundaymi?
Lidiya tasdiq ma’nosida bosh silkidi.
-Rochesterdan keldingizmi?
-Ha, Julius ham.
-Hm-m, eringiz bu yerda nima qilayotgandi?
-Ichib yotgandi,-Lidiyaning ovozi zo‘rg‘a eshitildi.-Keyingi paytda faqat ichayotgandi. Jim bu yerga kelishdan oldin Rochesterdagi mehmonxonada ham shunaqa qilgandi.
-«Keyingi paytda» deganingiz nimani anglatadi?
-Keyingi bir necha haftalardan beri. U biznesdagi ishlari orqaga ketganidan tushkunlikka tushib qolgandi.
-U nima bilan shug‘ullanardi?
-Jim bilan Julius ko‘chmas mulk savdosi bilan shug‘ullanuvchi «Veygand va Xartman» kompaniyasiga egalik qilishardi. Uch hafta oldin ular bankrot bo‘lishdi. Bu Jimni deb bo‘ldi.
-Nima uchun?-so‘radi Karter.
-U... pullarni noqonuniy o‘zlashtirib olgan. Julius buni juda kech payqagan. U o‘shanda ham yaxshilik qildi. Jimni bu ishi uchun sudga berishi ham mumkin edi.
-Bu bilan ishim o‘nglanib qolmasdi, Jimning qamalgani qolardi, xolos,-gap qo‘shdi Julius.
Karter Veygandga o‘girildi.
-Sherigingizga shunchalik achindingizmi?
-Yo‘g‘-e. Agar Lidiya bo‘lmaganida uni qamatib yuborardim,-dedi Veygand.-Lidiyaning dilini og‘ritishni istamadim.
-Shunaqami! Xo‘sh, nima uchun?
-Birinchidan, uning aybi yo‘q, ikkinchidan, uni sevib qolganman.
Karter unga uzoq tikilib turdi, keyin Lidiyaga o‘girildi:
-Eringiz bu yerda ekanligini qaerdan bildingiz?
-Julius soat beshlarda menga qo‘ng‘iroq qildi. Men undan erimni kuzatib yurishini iltimos qilgandim. Chunki Jimdan xavotirda edim. Julius Jimning «Redmill» mehmonxonasida ekanligini va viskiga buyurtma berganini aytgach, soat oltidagi poezdga o‘tirdim va yetti yarimda yetib keldim. Julius meni kutib oldi.
-Hm-m. Agar siz soat beshda Rochesterda bo‘lgan bo‘lsangiz, sizdan gumon olib tashlanadi,-ming‘irladi Karter va yana Veygandga qaradi.
-Uning aytganlarini tasdiqlaysizmi?
-Albatta. Nahotki undan shubhalanish mumkin bo‘lsa?
-Qoidaga ko‘ra, er o‘ldirilganida birinchi o‘rinda xotini gumon ostiga olinadi. Endi sizga kelsak. Marhumni Rochesterdan bu yerga siz olib keldingizmi?
-Yo‘q. Men uning Buffaloga boradigan avtobusga chipta olganini ko‘rgach, to‘g‘ri bu yerga keldim. U mehmonxonaga joylashgach, navbatchidan uni kuzatib turishini so‘radim. Navbatchi menga Jim viski buyurtirganini aytganidan keyin Lidiyaga qo‘ng‘iroq qildim.
-Tushunarli. Demak, siz o‘zingizni bankrot qilgan insonning achchiq qismatini yengillashtirishni o‘z zimmangizga olgansiz.
Veygand qizarib ketdi.
-Uni deb qilmadim. hammasini Lidiya uchun qildim.
-Albatta, chin sevgi namunasi,-kinoya qildi Karter.
Veygand battar qizardi.
-Nimaga sha’ma qilyapsiz, serjant?
-Hozir tushuntirib beraman,-dedi Karter.-Xartmanning cho‘ntagida bor-yo‘g‘i oltmish uch dollar pul bo‘lgan. Demak, talonchilik yuz bergan deyish qiyin. U bu yerlik emasdi, shuning uchun uning bu yerda dushmani bo‘lgan deyolmaymiz. Siz unga qasdlashib qolgansiz, buning ustiga uning xotinini sevasiz. Uylanganmisiz, janob Veygand?
-Yo‘q, lekin meni ayblamoqchi bo‘lsangiz...
-Men hozircha hech kimni ayblaganim yo‘q,-uning gapini bo‘ldi serjant.-Men faqat sizda qotillik qilish uchun bir-ikkita sabab bo‘lganini va shuning uchun Rochesterdan bu yerga kelganingizni ta’kidlamoqchiman, xolos.
-Lekin u mening iltimosim bilan bu yerga kelgandi,-e’tiroz bildirdi Lidiya.-Men Jim o‘zini o‘ldirishidan qo‘rqqandim.
-Ehtimol, lekin manavi kishi eringiz aynan shunday qilmasligidan ko‘proq qo‘rqqan bo‘lsa kerak,-dedi Karter zaharxandalik bilan.-Har qalay, «eng ma’qul» gumondorni topmagunimizcha, Veygand, siz hibsga olinasiz.
Julius Veygand o‘rnidan sakrab turdi, endi og‘zini juftlagan paytda eshik ochilib, qo‘lida qog‘oz xalta ko‘targan Garri Nikolson kirib keldi. Serjant Karter undan so‘radi:
-Natija bormi?
-Ekspertlar hali ham barmoq izlarini olishyapti.
U xaltani stol ustiga qo‘ydi.
-Mana buni ko‘ring-chi.
Serjant xalta ichiga qo‘lini suqdi va ingichka buklama pichoqni chiqardi. Pichoq tig‘ida qoramtir dog‘ bor edi. Karter pichoqni stol ustiga qo‘ydi va so‘radi:
-Bu pichoqni birortangiz bilasizmi?
Lidiya pichoqqa engashdi. Uning suyakdan ishlangan qora sopida zarhal bilan yozilgan «J.X.» harflari ko‘rinib turardi.
-Bu erimning pichog‘i. U pichoqni doim o‘zi bilan olib yurardi,-pichirladi u.
Karter Nikolsonga qaradi.
-Demak, u o‘z pichog‘i bilan o‘ldirilgan. Ha-a. Chamasi, qotil kirgan paytda u mast bo‘lib uxlab yotgan bo‘lgan.
-Fikrimni aytaymi?-dedi Nikolson.-To‘g‘ri, biz Xartmanning va pichoqdagi qon guruhlarining natijasini kutishimiz kerak, lekin garov o‘ynaymanki, ular bir xil chiqadi!
-Garovning keragi yo‘q,-dedi Karter.-Buni qaerdan topding?
-Veygandning mashinasini tekshiruvdim,-dedi Nikolson.-Pichoq mashina ichidagi qutichada turgan ekan.
Lidiya mehmonxonaga qaytganida yarim tun bo‘lgandi. U Juliusga nisbatan chiqarilgan ayblovga uzoq e’tiroz bildirdi. Keyin esa advokatga qo‘ng‘iroq qilib uning kelishini kutdi. Ammo hech narsa yordam bermadi: qasddan qotillik qilishda gumon ostiga olingan shaxsni garov evaziga qo‘yib yuborish taqiqlanganligi bois Julius Veygand hibsxonada qoldi. Lidiyaning barcha harakatlari Juliusga yordam bermagan bo‘lsa-da, uning o‘ziga yordam bergandi. Agar politsiya uni ham qotillikda gumon qilganida yomon bo‘lardi. Baxtiga, politsiyadagilar uning eri uchun qayg‘urganini ma’qullashdi. Albatta, hech kim, Juliusning o‘zi ham Lidiya nima uchun Jimning o‘z joniga qasd qilishidan bunchalik xavotirlanganligining asl sababini bilmasdi...
Lidiya xonaga kirib yechindi. Paypog‘ini yechayotib sonidagi kichkinagina qonli dog‘ni ko‘rib qoshini chimirdi. Pichoqni paypog‘i ichiga solganida tekkan suyuq qon dog‘ bo‘lib qotib qolgandi.
Ikkinchi paypog‘ini yechishdan oldin u vannaxonaga kirib qon dog‘ini yuvib tashladi. Bu paypog‘ini yecharkan, paypog‘i orasidan buklangan qog‘oz parchasini olib o‘qishga tutindi. Jimning xonasida uni o‘qishga vaqti bo‘lmagandi. O‘shanda bu qog‘ozni paypog‘i orasiga yashirishga zo‘rg‘a ulgurgandi.
Xat qing‘ir-qiyshiq qilib yozilgandi. Lekin o‘qisa bo‘lardi:
«Kechir, men hayotdan ketishning shu yo‘lini tanladim...».
Qolgan so‘zlarni o‘qiy olmadi, lekin buni o‘z joniga qasd qilgan odamning maktubi deyishga shuning o‘zi yetarli edi. Lidiya qog‘ozni mayda-mayda qilib yirtib tashladi. Yaxshiyam u Jim hayotini sug‘urta qildirgan sug‘urta idorasida ishlardi. Aks holda eri o‘z joniga qasd qilgani uchun ellik ming dollar sug‘urta pulini ololmasligini bilmagan bo‘lardi. Yaxshiyam u o‘n yillik nikohidan so‘ng nimagadir erishadigan bo‘ldi. Agarda pichoqni Jimning ko‘ksidan sug‘urib olmaganida va uning qo‘lidagi xatni yashirmaganida bunga erisholmagan bo‘lardi.
Rus tilidan Dilshodbek Asqarov tarjimasi.