OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Richard Deming. Kakkuli soat (hikoya)

Dastlabki telefon qo‘ng‘irog‘i fevral oyining dushanba kuni kech soat o‘n birlarda bo‘ldi. 
-Telefon raqamingizni gazetadan bildim,-dedi yoqimli, sal xirqiroq ovozda ayol kishi.
Gazetadagi e’londa «O‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lganlar uchun ishonch telefoni. Yigirma to‘rt soat davomida uzluksiz ishlaydi, qo‘ng‘iroq qiluvchining kimligi sir saqlanadi, bepul» deb yozilgandi. Operator o‘z joniga qasd qilishga urinib qo‘ng‘iroq qilganlarning qo‘ng‘irog‘ini qabul qilar va o‘sha kuni ishlayotgan ko‘ngillilarning uy telefoni bilan bog‘lardi. 
-Sizga qanday yordam berishim mumkin?-so‘radi Marta Pruett.
-O‘zim ham bilmayman...-dedi ayol bir oz jim turgach.-Umuman olganda, men o‘zimni o‘ldirmoqchimasman. Shunchaki kayfiyatim judayam yomon, shunga kim bilandir gaplashsam degandim.  
-Kayfiyatingiz nega yomon? 
-Sababi ko‘p. Ishqilib, qo‘ng‘iroq qilayotganlarning telefon raqamini aniqlaydigan uskunalaringiz yo‘qmi? 
-Albatta yo‘q,-uni tinchlantirdi Marta.-Agar bunday qiladigan bo‘lsak bizga hech kim qo‘ng‘iroq qilmagan bo‘lardi. To‘g‘ri, kim bilan gaplashayotganingni bilganing yaxshi, ammo biz qo‘ng‘iroq qiluvchini o‘zini tanishtirishga majbur qilmaymiz. Agar o‘zingizni tanishtirsangiz ham ismingiz sir saqlanadi. Mening vazifam sizga yordam berish. Men sizning roziligingizsiz muammolaringizni hech kim bilan muhokama qilmayman. 
-Siz yaxshi odamga o‘xshaysiz... Ismingiz nima? 
-Marta. 
-Meniki Janet.
-Tanishganimdan xursandman. Ovozingizdan yoshga o‘xshaysiz. Turmushga chiqqanmisiz? 
-Yoshim o‘ttiz ikkida. Turmushga chiqqanimga o‘n yil bo‘ldi, lekin farzandimiz yo‘q.  
-Eringiz hozir uydami?
-Erim dushanba kunlari bouling o‘ynagani boradi va uyga yarim kechasi qaytadi.  
-Eringiz nima ish qiladi? 
-Ishlaydi,-aniq javobdan qochdi Janet.
-Kayfiyatingiz yomonligiga eringiz aybdormi, Janet?
-Yo‘q. Fred yaxshi…
Shu payt go‘shakdan ikki marta kakkuning kukulagan ovozi eshitildi, so‘ng soat o‘n bir marta bong urdi va kakku yana ikki marta kukuladi.  
-Siz menga yaxshi yordam berdingiz,-dedi birdan Janet.-Kayfiyatim buzilgan paytlarda sizga qo‘ng‘iroq qilib tursam bo‘ladimi? 
-Albatta, faqat menga tusha olsangiz. Biz navbat bilan ishlaymiz. 
-A…-dedi Janet.-Siz qaysi kunlari ishlaysiz? 
-Dushanba va chorshanba kunlari, kech soat sakkizdan ertalab sakkizgacha. 
-Boshqa kunlari tushkunlikka tushmaslikka harakat qilaman,-hazillashdi Janet.-Meni eshitganingiz uchun rahmat, Marta. Minnatdorman... 
Janet ikkinchi marta chorshanba kuni deyarli yarim tunda qo‘ng‘iroq qildi. Uxlab qolgan Martani telefon qo‘ng‘irog‘i uyg‘otib yubordi.  
-Marta?-dedi xirillagan ayol tovushi. 
-Ha, Janet.
-Ovozimdan tanidingizmi?-hayron qoldi ayol.-Men bo‘lsam sizlarga ko‘plab qo‘ng‘iroqlar bo‘lgani uchun meni unutib yuborgandirsiz deb o‘ylagandim. 
-Unutganim yo‘q. Yana kayfiyatingiz yomonmi? 
-Dahshatli.-Janet hiqilladi.-Men… men sizni aldagandim, Marta. Men doim o‘zimni o‘ldirish haqida o‘ylayman. Nima qilishni bilmay qoldim. 
-Hozir yoningizda bo‘lishi mumkin bo‘lgan dugonangiz bormi?
-Dugonalarimga muammolarimni ayta olmayman,-dedi Janet.
-Qanaqa muammolaringiz bor?-qiziqdi Marta.
-Mening asosiy muammom shuki, men aqldan ozyapman. Men erimni judayam sevaman, lekin vaqti-vaqti bilan uni... o‘ldirgim keladi,-dedi Janet mahzun tovushda.-Hattoki yakshanba kuni kechqurun men oshxonaga pichoq olgani kirdim. Agar vaqtida o‘zimga kelmaganimda uxlab yotgan erimni so‘yib qo‘ygan bo‘lardim. Shuning uchun qo‘rqib ketyapman. 
Janetga o‘xshaganlarni faqat shifokorga borishga ko‘ndirish lozimligi Martaga tajribadan ma’lum edi. Qolgan barcha narsa befoyda.  
-Eringiz siz uni o‘ldirmoqchi bo‘layotganingizni biladimi? 
-Yo‘q. U mening sevishimni biladi. Shuning uchun kayfiyatim yaxshi paytda o‘zimni o‘ldirgim keladi. Uni o‘ldirgandan ko‘ra o‘zim o‘lganim yaxshi!  
-Hech kimning o‘lishiga hojat yo‘q,-dedi Marta qat’iylik bilan.-Ishonchim komil, sizga ruhshunos yordam bera oladi. Kuchli mutaxassislar ko‘p. Istasangiz, kimga uchrashishingizni aytaman. 
-U erimga aytib qo‘ymaydimi? 
-Albatta yo‘q. Uning ismi Albert Manners, ancha taniqli ruhshunos. Eslab qoldingizmi? Ertagayoq unga qo‘ng‘iroq qiling. Bo‘ptimi? 
-Xo‘p, Marta. Va’da beraman. Sizga katta rahmat, menga ancha yordam berdingiz... 
Janet uchinchi va oxirgi marta dushanba kuni soat to‘qqizga yaqin qo‘ng‘iroq qildi.  
-Juda kech...-dedi u yig‘lamsirab.-Ertagacha kuta olmadim. Judayam kech... 
-Janet?-dedi Marta avvaliga uning ovozini tanimay. 
-Ha, men. Salom, Marta!..
-Qanday qarorga keldingiz? 
-Judayam kech. Ertagacha kuta olmadim... 
-Nimani kuta olmadingiz? 
-Doktor Mannersning qabuliga borishni. Erimni o‘ldira olmayman. Uni sevishimni yetkazib qo‘ying... 
-Eringizni qaerdan topaman?-umidsizlik bilan qichqirdi Pruett.-U qaerda bouling o‘ynaydi? 
-Elks-Men-Ligdan. Fred… Fred Uoters. Unga aytib qo‘ying... 
Janet jim bo‘lib qoldi, lekin qisqa gudok tovushi o‘rniga Marta yana kakku tovushini eshitdi. So‘ng soat to‘qqiz marta bong urdi va kakku yana ikki marta kukuladi.  
Marta Pruett Janetning erini zo‘rg‘a topdi. 
-Ha, Janet,-dedi Fred Uoters go‘shakda.-Nima gap? 
-Yo‘q, yo‘q, Janet emasman. Men o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lganlarga ruhiy yordam ko‘rsatish markazida ishlayman,-dedi Marta shoshib-pishib.-Yigirma daqiqa oldin xotiningiz qo‘ng‘iroq qildi. U qandaydir dori ichgan va hushidan ketib qoldi. Tezda uyga boring. Albatta «tez yordam»ga qo‘ng‘iroq qiling. Mening ismim Marta Pruett. Telefon raqamimni yozib oling.-Marta telefon raqamini aytdi.-Qo‘ng‘irog‘ingizni kutaman. 
-Qo‘ng‘iroq qilganingiz uchun rahmat,-hayajonlanib minnatdorchilik bildirdi Fred Uoters.
Soat o‘n bir yarimda telefon jiringladi.  
-Miss Pruett?-dedi notanish erkak.-Politsiyadan leytenant German Abelman. Doktor Uoters sizga qo‘ng‘iroq qilishimni iltimos qildi, chunki uning o‘zi hozir gaplashadigan holatda emas. Tushunishimcha, xotini qandaydir dori ichib olganini unga siz aytgansiz. 
-Ha. Janet tuzukmi? 
-Afsuski, «tez yordam» yetib kelganida kech bo‘lgan ekan. Uoters xonim vafot etdi.  
-Dahshat! U endigina o‘ttiz ikkiga kirgandi. Agar qat’iyatliroq bo‘lganimda u o‘lmagan bo‘lardi!.. 
-O‘zingizni ayblamang,-dedi Abel.-Boshqarmaga qachon kelib ko‘rsatma bera olasiz? 
-Istagan paytingizda. Men nafaqadagi odamman, bo‘sh vaqtim ko‘p. 
-Unda sizni ertaga soat to‘rtda kutaman. 
-Yaxshi, leytenant. Ertagacha...
Marta Pruett politsiya boshqarmasiga roppa-rosa to‘rtda kirib keldi. Abel uni Fred Uoters-o‘ttiz besh yoshlardagi bo‘yi baland, sochlari qop-qora, tishlari hayron qolarli darajada oppoq erkak bilan tanishtirdi.  
Janet uni ko‘p marta o‘ldirmoqchi bo‘lganligini eshitib Uoters hayron qoldi. «Keyingi paytda u tushkun kayfiyatda edi, ammo uning bu darajaga yetib qolganligini bilmagan ekanman», dedi u. 
-U meni sevadi deb o‘ylardim,-dedi kalovlanib qolgan tish doktori. 
-Shunday ham edi,-ta’kidladi Marta.-Doktor, xotiningiz aqlan nosog‘lom bo‘lgan. 
Marta Janet haqida bilgan hamma narsasini aytib berdi va ko‘rsatmasiga imzo chekdi. Abel bu vaqt orasida doktor Mannersning qabulxonasiga qo‘ng‘iroq qildi va Janet haqiqatan ham uning qabuliga yozilganligini aniqladi. Uoters xonim o‘z joniga qasd qilganligi uchun ish tezda yopildi... 
Marta Pruett yilda ikki marta albatta tish doktoriga uchrardi. Uning doktori Floridaga ketgandi. Marta Fred Uotersning tish doktori ekanligini esladi. May kunlaridan birida, Janet o‘z joniga qasd qilganidan uch oy keyin u Uotersning qabulxonasiga qo‘ng‘iroq qildi va juma kuni soat to‘rt yarimga qabulga yozildi.  
U o‘n besh daqiqaga kech qoldi, lekin shoshilmasa ham bo‘larkan. Doktor baribir uni beshdan oldin qabul qila olmas, chunki mijoz bilan band ekan.  
-Men doktorning oldiga kirguningizga qadar ketib qolishim mumkin,-dedi qorasoch hamshira.-Soat oltidagi avtobusga ulgurishim kerak. Qog‘ozingizni beraman, doktorga o‘zingiz beraverasiz. 
Marta stol ustida turgan ayollar jurnalini qo‘liga oldi va o‘qishga berildi. Oradan o‘n daqiqa o‘tgach, devorda osig‘liq turgan yog‘och soat ichidan kakku chiqib soat besh bo‘lganligini bildirdi. «Xuddi Janet Uoters bilan bo‘lgan suhbatlarimizdagidek», o‘yladi Pruett.  
-Xonim, mabodo bilmaysizmi, doktor Uotersning uyida ham xuddi shunaqa soat bormi?-so‘radi u hamshiradan. 
-Bilmadim,-dedi hamshira.-Bu yerda ishlayotganimga endi ikki hafta bo‘ldi, lekin yaqinda bu soat meni aqldan ozdiradi. Janob Uoters bu soatni uylanganidan keyin bu yerga olib kelib osmagani yaxshi edi. 
-Lekin u o‘n yil oldin uylangan-ku,-hayron bo‘ldi Marta.
-Keyingi uylanishini aytyapman,-jilmaydi hamshira.-U uch hafta oldin Joanga uylangan. Joan shu yerda hamshira bo‘lib ishlardi.  
Marta Pruett g‘amgin bosh chayqadi. «Buni qara-ya,-dedi u ichida,-xotini o‘lganiga ikki oy bo‘lib-bo‘lmay boshqasiga uylanibdi». Uning doktorga nisbatan fikri o‘zgardi. 
-Bu soat Joanning uyida turardi,-gapida davom etdi hamshira.-U doktor Uotersning uyiga ko‘chib o‘tgach, uyidagi ancha-muncha narsalarni sotdi, qolgan narsalarni, mana shu soatni ham o‘zi bilan olib keldi.  
Marta Pruett o‘ychanlik bilan soatga tikilib qoldi. Agar uchala qo‘ng‘iroq ham doktor Uotersning uyidan emas, balki uning hamshirasinikidan amalga oshirilgan bo‘lsa, demak, u Janet Uoters bilan emas, Joan bilan gaplashgan ekan-da! 
Soat roppa-rosa besh bo‘lganida eshik ochilib, qabulxonada mijoz va doktor Uoters paydo bo‘ldi.  
-Rubi, janob Kertisni keyingi chorshanbaga qabulga yozib qo‘ying,-dedi Fred hamshiraga,-keyin ketavering. 
Va u Martani ko‘rib qoldi. Uning yuzida xavotirga o‘xshash ifoda paydo bo‘ldi.  
-Salom!-so‘rashdi u.-Sizni kuttirib qo‘yganim uchun uzr. Yuring ichkariga. 
Marta xuddi yog‘och oyoqda turgandek zo‘rg‘a o‘rnidan turdi, Uotersning ortidan ichkariga kirdi va kresloga o‘tirdi. Uoters uning bo‘yniga mato bog‘ladi va Marta og‘zini ochdi. 
Keyingi o‘n besh daqiqa davomida Fred Uoters uning tishidagi toshlarni tozaladi, Marta esa endi nima qilish kerakligini o‘ylab o‘tirdi. U og‘zini chayqash uchun qaddini tiklagan paytda eshik ochilib, yigirma besh yoshlardagi mallasoch ayol ko‘rindi. 
-Kechir, azizim,-dedi u sal xirqiroq ovozda.-Ishing tugadi deb o‘ylabman. 
-Siz Joan bo‘lsangiz kerak,-dedi shu zahoti uning ovozini tanigan Marta. U jim turishi lozimligini bilardi, ammo o‘zini tutib turolmadi.-Men Martaman. Esladingizmi, Joan?
Rangi oqarib ketgan ayol Martaga uzoq tikilib turdi, so‘ng peshonasini tirishtirib bosh chayqadi. 
-Biz tanishmizmi?-so‘radi u. 
-Faqat telefon orqali,-sovuq ohangda javob qaytardi Pruett.-Qanday aqlli qotillik! Mening yordamim bilan Janetni o‘zini o‘ldirishga urinadigan aqldan ozgan ayolga chiqardinglar. Uni qanday zaharladingiz, doktor?-Marta qahrli nigohini tish doktoriga qaratdi.-Qahvasiga dori qo‘shib qo‘ydingizmi? 
-Albatta, mijozingning o‘ta katta dozadagi anesteziyadan vafot etishi obro‘ingga putur yetkazadi, ammo qotillik bo‘yicha javobgarlikka tortilgandan ko‘ra shunisi yaxshi, azizim,-dedi mallasoch. 
-Men ketaman,-dedi Marta o‘rnidan turishga urinib. 
-Boshqa ilojing yo‘q.-Joan Martaga umuman e’tibor bermadi.-Hamma buni baxtsiz hodisa deb o‘ylaydi. 
Doktor Uoters Martaning yelkasidan tutib uni yana kresloga o‘tqazdi. 
-Yuziga gazli niqobni taq,-dedi u xotiniga. 
Marta Pruett qarshilik qilmoqchi bo‘ldi, ammo Joan bir qo‘li bilan uning jag‘idan mahkam ushladi va ikkinchi qo‘li bilan niqobni uning yuziga bosdi. Shu payt eshik ochilib, qorasoch hamshira Rubining ovozi eshitildi. 
-Men chiptamni unutib qoldiribman, doktor. Qaytishga to‘g‘ri keldi...-U turgan joyida qotib qoldi.-Bu yerda nima bo‘lyapti? 
Kutilmagan hodisadan doktor Uoters Martaning yelkalarini qo‘yib yubordi, Joan ham o‘zini yo‘qotib niqobni tushirib yubordi. Pruett Joanning qo‘lini tishladi va ikkala oyog‘i bilan Uotersning qorniga tepdi. Uoters asboblar turadigan stolga uchib tushdi.  
Marta xonadan otilib chiqdi. Baxtiga u mashinasini bino eshigi oldiga qo‘ygandi. Doktor xotini bilan tashqariga yugurib chiqqanida uning mashinasi joyidan jilgandi.
Marta Pruett to‘g‘ri politsiya boshqarmasi tomon yo‘l oldi.

Rus tilidan Dilshodbek Asqarov tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.