Ikki tomonida baland archa daraxtlari qad ko‘targan toshloq yo‘ldan horg‘in ketib borardi. O‘ng tomonda ko‘pqavatli beton uylar terilib ketgan bo‘lib, ular tugagan joyda bir tog‘ ko‘rinardi. Tog‘ xuddi chalqancha tushganicha og‘zini ochib osmonga yuzlanib yotgan oyoqlari uzun ayolga o‘xshardi. Qo‘shni ayollar qo‘llaridagi bo‘sh savatlar bilan go‘sht, non va sut izlab chopishgan yoki uzundan uzun navbatlarga turgan chog‘larida o‘zaro gap sotishib, uni “uxlayotgan go‘zal” deb atashardi.
Bozorchaga yetganida bolalar to‘p o‘ynashayotgan joyda to‘xtadi. Kun botar chog‘idagi g‘ira-shiralikda bolalarning chehralari ko‘rinmasdi. Ammo ularning qichqiriqlari ovozi aravasi oldida turgan aravachining ovozini o‘ziga singdirib yuborardi. Arava sersuv qizil olmalarga to‘la edi. Aravachi qichqirdi. Ammo “olma” degan so‘z eshitilardi.
Ayol to‘p ketidan yugurayotgan bolalarga qaradi. To‘p qizil olmaga o‘xshar, ularning oyoqlari ostida g‘ildirardi. Qadamlarini tezlashtirdi va aravaga yetib bordi. Bitta... uchta... beshta... Uxlayotgan go‘zalga qararkan olmalarni birma bir olar va tsellofan xaltachaga solardi. Unga qaradi: osmonga qarab uxlab yotar va og‘zida quyosh olmasi turardi. Uyga yetib olguniga qadar shamol uning xalati etaklarini uyoq bu yoqqa tortardi. Mod uyda, har doimgiday qorong‘uxonasida ( qorong‘uxona – fotoplyonkalardagi suratlarni yuzaga chiqarish xonasi(tarj.). ekanligi aniq edi.
Zinalardan yuqoriga ko‘tarildi. Shisha eshikdan o‘tdi.
Liftning tugmasini bosdi. Kvartiraning eshigi qarshisiga yetganidan so‘ng kalidlar shodasini chiqardi. Ichkariga kirib eshikni yopganidan so‘ng Modning ovozi chiqdi:
– Chiroqni yoqma!
– Salom!
Qo‘lidagi bir tsellofan xaltacha olma bilan oshxona tomonga o‘tdi. Oshxonaning yarim qorong‘u g‘ira-shiraligida qamishdan to‘qilgan savatni oldi. Ichidagi narsalarni bo‘shatdi. Olmalar birma bir savatga to‘kildilar. Suv kranining jo‘mragini ochdi. Idishlar turadigan mebeldan chirog‘ yorug‘ida nur zarralarini o‘zida parcha-parcha qiladigan xrustal idishni qidirdi. Derazadan uzoq-uzoqlarga qaradi. Quyosh qizil olma edi, uxlayotgan go‘zalning yuzi esa qorong‘ulik to‘ri ostida ko‘rinmay ketgan edi.
Yuvilgan olmalarni ustidagi suv tomchilari tushib ketmasidan oldin idishga terdi. Ohista-ohista qadam tashlab mehmonxonaning o‘rtasiga keldi. Idishni stolning o‘rtasiga qo‘ydi-da qorong‘uxona tomon yurdi. Yelkasi bilan uning yog‘och devoriga suyandi-da eshikni ikki marta taqillatdi. Mod ikki tomonga suriladigan eshikni ochdi. U qizil nur ostida o‘tirganicha qisqichlar bilan osib qo‘yilgan suratlarga qarardi. Shoxlari tarvaqaylab ketgan daraxt, turli joylar va manzaralarning suratlari.
Stol tomonga qaytdi. Shafof suv tomchilari yuzasida yaltirab turgan eng katta olmani oldi va u tomon uzatdi. Mod unga bir qarab ham qo‘ymadi. U o‘rnidan turganicha suv tomib turgan suratlarni u yoqda bu yoqqa olardi. Mehmonxonaning derazasi tomon qaytdi. Pardaning bir chekkasini chetga surdi. U o‘sha yerda – qorong‘ulik to‘rining narigi tomonida osmonga qarab cho‘zilib yotardi. Agar parda chetga surilganida edi...
Nafasining issig‘idan deraza oynasini tuman qopladi.
Telefonning jiringlagan ovozini eshitishi bilan go‘shakni
ko‘tardi. Dugonasi edi: “Nega haliyam u yerdasan?” Barmoqlarini tishladi: “Oh... tug‘ilgan kun bayramiga chaqirilgan ediku!”
Go‘shakni qo‘yib qorong‘u tomon yugurdi.
– Bizni tug‘ilgan kun bayramiga chaqirishgan edi!
Borishi kerak edi. Rangbarang pufaklar, shokoladli tortlar, zarrin qog‘ozlar, yongan shamlar bor joyga, yorug‘lik bilan to‘lib-toshgan joyga borishi kerak edi.
Stolga suyandi. Olmalardan biri g‘ildirab ketib yerga tushdi.
– O‘zim ketaveraymi?! Sen bormaysanmi?! Ya’ni o‘zim?!
Kiyimlar osilgan shkaf tomon bordi. Kiyimlari orasidan ko‘kragida kumushrang yulduzlari bor qora ko‘ylagini oldi. Pardoz-andoz stoli oldida o‘tirib faqatgina ko‘zlariga surma surtdi. Sochlarini yuqoriga to‘pladi-da bir shoda marvaridni unga o‘radi. Bo‘yniga taqiladigan marjonining iplarini bog‘layotgan qo‘llari qaltiradi.
– Mod... Mod!
Keldi.
– Marjonimni bog‘lashvor!
Mod qo‘llarining uning sochlari bilan tutashuvi va...
mehmonxonaning poliga yog‘ilgan sharros yomg‘ir.
– Oh... Yo‘q!
Qattiq shamol derazaning ikki tabaqasini ham ochib yubordi-da yana qaytarib bir-biriga urdi. Mod derazani yopishga yugurdi.
– Qanday qilib terib olaman endi?
Yerda sochilib yotgan marjon donalari yarqirab nur sochardilar.
– Menam afsusdaman, azizam!
Buni Mod aytdimi?!
Bir ozdan so‘ng boshida sholro‘moli va egnida qora mantosi bilan hovlida turardi. Hovlida to‘p o‘ynayotgan bolalar ham,
qo‘lida olma tutgan odam ham yo‘q edi. Faqatgina o‘sha uzoqlarda cho‘zilib yotgan tosh ayol bor edi.
“Men bir bayramga boryapman”.
Qo‘llari bilan o‘zini quchoqlab oldi-da tun bag‘rida yugurib ketdi. Bir sal naridagi ko‘pqavatli uyning zinalaridan ko‘tarildi. Shisha eshikdan o‘tib, liftning tugmasini bosdi. Bir necha daqiqadan so‘ng shodiyona ovozi kelayotgan kvartiraning qarshisida to‘xtadi. Eshikning qo‘ng‘irog‘ini bosishi bilan gul olmaganligi esiga keldi. Eshik ochildi. Dugonasi edi. Yuz- ko‘zlarini pardoz-andoz qilib olgan, sochlariga bigudi o‘ragan, etaklari esa dog‘ edi. Uning orqa tomonida bir to‘da bola zarrin qog‘ozlar, qizil, sariq va binafsharang pufaklar hamda qog‘ozdan yasalgan yulduzlar orasida sakrab-sakrab o‘ynashardi. Oshxonaning yarim ochiq eshigidan oldiga etak tutilgan yuzida niqobi bor bir erkak qo‘lida bir idishni tutganicha o‘ngga va chapga borib-kelardi:
– Tortni kesaymi? Likopchalarni keltiraymi?
Mevalarning po‘choqlarini bosib o‘tdi. Pufaklarni yorayotgan bolalarning qiy-chuvidan ko‘zlarini yumib oldi. Bolalarni o‘z atrofida yig‘ishi va ularga tortni bo‘lib berishi kerak edi. Tortni shunday bo‘lish kerakki, barchaga yetsin. Dugonasi bilan eri mehmonxonaga kirib kelishgan, yuzlarida niqob tutganlaricha raqsga tushishardi. Qizarib ketgan og‘izlari ochilib qolgan, bolalar esa ularning atrofini o‘rab olganlaricha shodon kulishar, qiy-chuv solganlaricha sakrashardi. Shamlar ag‘darildi. Pufaklar yorilar, bolalar bir-birlarining oyoqlarini bosib olishardi. Ulardan biri boshiga qog‘ozdan yasalgan toj kiyib oldi.
Tortni kesishi kerak edi. Ammo qo‘llari qattiq qaltirardi. Bolalar tortga hujum qilishdi. Oh... qanday bayram... haqiqiy bir shodiyona! Qo‘lini peshonasiga qo‘ydi va asta-sekin orqasiga tislandi. Eshikni ochdi-da tashqariga yugurdi.
Yuziga nam havo urilganidan keyin yomg‘ir yog‘ayotganini sezdi. Oldiniga asta-sekin, so‘ngra esa tez-tez shag‘al yo‘ldan keta boshladi. Sovuq va og‘ir ko‘pqavatli uy sariq ko‘zlari bilan unga qarardi. U esa haliyam o‘sha yerda edi. Sovuq va og‘ir cho‘zilganicha bulutlar tomonga qarardi. Yomg‘ir tezlashgan edi.
Shoshmasdan oldinga qarab ketardi. Qog‘ozdan yasalgan toji g‘ijim bo‘lgan, xalatining etagi esa og‘irlashib qolgandi. Tepaga qarab ko‘tarilish yo‘li yona va nafasni siquvchi edi. To‘xtadi. Orqasiga qaradi. Yorug‘ derazalarning barchasi sariq, faqatgina bir deraza qizil rangda edi. Yuzini burdi. U yerga borishi, U kabi chalqancha tushib yotganicha unda ham olma, ham yulduz bo‘lgan osmonga qarashi kerak edi.
PARVOZ
Kunbotar toklarning yelkasiga qo‘ngan. Kovushlarimni yechib, oyoqlarimni suv salqinligiga topshirdim. Kunbotar yelkam yoyida ikkita qanot o‘stirgan bo‘lib, balkim bir soatlardan keyin ohista bug‘langanicha lojuvard suvda yo‘q bo‘lib ketsa kerak.
Daraxtlar ortiga yashiringan daraxtlar tepasidan qishloqni ko‘rsa bo‘ladigan bir oraliq topdim. Suv shivirlab qo‘shiq aytar, men esa goh ko‘ngil berib, goh ko‘ngil sovub u bilan birlashaman-da birga-birga ketaman. Toshlarning ustidan va ostidan, hayhaylagancha va harsillagancha birga ketamiz, birga yuguramiz va birga kelamiz. Qaerdan... qaergacha?
Bu yerdan yer osti daryosining u tomonigacha. Yuqori mahallagacha. Uzoqdagi xarobalargacha. Qishloq qabristonigacha. Charog‘on uzumzorlargacha. So‘ngra aylanamiz: qishloqning atrofini, tegirmonnig atrofini, boshi egik loyqa suvli daryolar atorfini va sut bug‘doyi boshoqlari ombori atrofini. Qaytganimdan so‘ng sening oyoqlaring izi tushgan va bugun kechasi yana bir bor seni ko‘rgani kelmoqchi bo‘lgan o‘sha tuproqni yetti marta tavof qilganimga, yetti marta qaytib kelganimga, yetti marta ko‘rganimga va yetti mata o‘pganimga amin bo‘laman.
Uzoqdan tutun ustunlari ko‘rinadi. Kunbotarning simobiy rangi unda shovqin uyg‘otgan yetti baland ustun. Yetti ustun suvda chayilgan guruchlar va sening kelishing sharofatiga so‘yilgan qo‘ylarning go‘shti solinadigan bir necha pudlik qozonlarning borligidan darak beradi. Sen bir soatdan keyin kelasan. Shamol ham palov suzilgan laganlarning hamda yomon ko‘zlarni olovda kuydiradigan isiriqlarning hidini olib keladi. Xuddi hozir ham cholg‘uchilar chalgan kuyning, shuningdek, oyoqyalang va ko‘zlari chaqnagan holda ularning ortidan yugurganlaricha ularga jo‘r bo‘lib qo‘shiq aytayotgan bolalarning ovozini olib kelayotganday.
Shodlik bir yo‘lovchidir. U uydan bu uyga, u mahalladan bu mahallaga o‘tib yuradi. Uning uchun hech qanday devor, hech qanday eshik zulfini va hech qanday zanjir yo‘q. Bunda hamma bir- birini topa oladi va otini aytib chaqira oladi. Xuddi sen yaxshi ko‘rganingdek.
Bir bolakay qishloqdagi eng baland yong‘oq daraxtining tepasiga chiqib olganicha, har doimgi odatga ko‘ra, qishloqqa kirib kelayotgan birinchi yo‘lovchini ko‘rishi bilan jar solib, qishloq ahlini bundan xabardor etadi. Undan salgina narida baland bir shoxda xuddi fazoda chizilgan qop-qora so‘roq belogisiga o‘xshagan bir qarg‘a qo‘nib turibdi. Uni ko‘rib ko‘nglim ayniydi. Og‘ir, og‘ir.
Aytganday, nega bu yerda turibman? Balkim uzoq muddatli vahima va qarama-qarshilik meni bu yerlarga yetaklab kelgandir. Balkim...
Kunbotar toklarning yelkasidan uchib ketadi. Mening qanotlarim o‘z tusini yo‘qotadi. Qishloq alangalar, ranbarang fonuslar va to‘rsimon chiroqlar yorug‘ida charaqlaydi. Suvga tushgan tosh to‘lqinlar ustiga to‘lqinlar, aylanalar ustiga aylanalar soladi. Men esa orqamdagi o‘rmonning qorong‘u burchagida, qarshimdagi daraxtlarning shovqin-suronida va oqayotgan suvning shivirlab qo‘shiq aytishida o‘sha kunni esga olaman.
Men borman va otam. Mashina, eng katta tezlik. Harakat va qochish. Shahar va shovqin-surondan qochish. Ilonizi yo‘l va daraxtlarning bir-biriga yopishishi. Yashil rangdagi uzun bir chiziq va daryo toqida nurning aksi. O‘rmon, hamma yoq yashil. Qoyalar yuzasiga o‘yib tushirilgan. Vaqt chizig‘i singan. G‘am chegarasining u tomoniga otib yuborish. Barchasi shodlik va ruhning cho‘zilishi.
Nogahon yorug‘lik chakmoniga o‘ralgan baland bo‘yli odamning qomatiga o‘xshab ketadigan uzun bir nur ustuni tushadi. Keskin berilgan tormoz. Aylanish va yana aylanish. Baland bir ovoz. Toshga urilish. To‘satdan to‘xtashi. Nafasning ham. Qo‘rquvdanmi yoki tinchlanganlikdan? Mening og‘zim ochilib qolgan. Qichqiriqsiz. Otam qo‘lini yuziga bosdi.
Qarayman. Bir daraxtni ko‘raman. Tik o‘sgan. Unda ko‘zguning katta-kichik bo‘laklari, sehrli bodomlar, ming ko‘zli gullar... Ishonmayman. Ammo bu haqiqat. Daraxtda ko‘zgu bor, ko‘zguda esa ariq, maysazor, o‘rmon, bulut va shu tomonga kelayotgan odam ko‘rinadi.
– Hech narsa qilmadimi?
Otam boshlarini hayrat alomati bilan sarak-sarak qiladi:
– Ishonging kelmaydi!
Boyagi odam orqasiga buriladi va daraxtga qaraydi. G‘urur va shukuh bilan:
– Ko‘rganingizdek, bor.
Daraxt osmondir va daraxt daryo, daraxt qushdir va yana daraxt...
O‘sha odam sensan.
* * *
Qishloq uyg‘oq. Tun yelkalariga qo‘ngan bo‘lsada, uyg‘oqligi yaraqlashlarini o‘sha chiroqlar, alangalar va yulduzlar yorug‘ida ko‘rdi. Qarg‘aning so‘roq belgisiga o‘xshab ketadigan sharpasi ham yo‘qolgan. Bolakayning qomati ham. Ammo aniq kelasan. Bilamanki kelasan.
* * *
Bahor bo‘lganda kelamiz. Yana o‘shandagiday men borman va otam hamda gullar va maysalarning yerga va toqqa yog‘ayotgan yomg‘iri. Qishloq behushdir, mayda-mayda yog‘ayotgan kulrang yomg‘irlar og‘ushida. Hanuz daraxt sehrli bodomlari bilan mag‘rur va tik turganicha qarab turibdi, uning nigohida esa bulut, yo‘l va yog‘ayotgan yomg‘ir. Endi oynalar uning tanasidan o‘tib, shoxlarga yetgan.
Daraxtning kaftlarida alanga. Sen esa haliyam unga tomosha qilish bilan bandsan. Otang senga qaraydi va salom ovozi eshitiladi:
– Salom, eski do‘stim. Yana bizni va qishlog‘imizni eslab qolibsizda? Xush kelibsiz!
– Nur sotadigan kishiga salom!
– Men qishloqning muallimiman.
Otam jilmayadi:
– Aytdimku nur sotasiz deb.
– Bizning qishlog‘imizga xush kelibsiz!
– Qishloqlaring osoyishta ekan. Shaharga qaraganda anchagina tinch va jonning huzuri. Bir necha kun qishlog‘ingizning mehmoni bo‘lsak bo‘ladimi?
Bu qishloqda har bir yo‘lovchi uchun joy topiladi.
Senga qo‘shilib boramiz. Sening tabassuming esa yuzlaringga qo‘shilib ketgan. O‘tib ketayotib barcha uylarning ruhiyatiga singib ketasan. Qishloqning barcha aholisining quvonchlari va qayg‘ulari senga tanish:
– Karbaloyi, salom! Eshitdim: mushkuling oson bo‘libdi.
Muborak bo‘lsin!
– Avs Rajab, xudo senga quvvat bersin! Ishingning yarmi bitib qolibdiku!
– Buvijon, Rustamingdan qanday xabar bor? Yaqin orada xat yozdimi?
– G‘ulomali, sumkang bilan kitobing qani? Maktabing yo‘qmi sening?
Kelamiz va qolamiz. Ruhiyatingning chek-chegarasi yo‘q.
Dengizdan sachragan bir tomchi suvni ko‘raman.
Hech qancha vaqt o‘tmay otam bilan bir narsa to‘g‘risida gaplashasan. Ko‘nglingdan kechgan bir narsa to‘g‘risida. Va otam...
– Sizning birlashtirishingizni ma’qullayman.
Ma’qullayman.
Hammasi tezda yuz beradi. Hatto mening deyishim ham...:
– Men ham.
* * *
Tun nigohi ostida nog‘ora va qo‘shnog‘oralarning ovozi balandroq va yanada balandroq eshitiladi. O‘zi bilan birga bolalarning shovqini va ayollarning shovur-shuvirini olib keladi. Ular qo‘llarida fonus tutganlaricha tepalikdan yuqoriga o‘rlaydilar.
– Hoy, qaerdasan kelin? Qaerdasan?
Bir bosh uzum suvning o‘rtasiga tushadi va oh chekadi.
Qo‘llarimni og‘zimga ko‘zacha qilib baqiraman:
– Men bu yerdaman... Bu yerda.
Fonuslar yaqinroq keladilar. Ulardan taralayotgan yog‘du yuzimni kavlaydi. Enaganing shubha-gumonga to‘la ovozi eshitiladi:
– Qaerda turib olding? Yana hamma uni kutib olishga borayotgan bir paytda-ya?!
Qishloq etagiga bosh qo‘ygan yo‘l chizig‘iga qarayman:
– Boraman, hoziroq. Fonuslaringni nari olinglar. Xudo haqqi.
– Har doim hammadan ajralib yurasan, qizgina!
Ular ketadilar. Men esa yuzimni yuvaman: uzumzorlardan o‘tib keladigan va hushidan ayrilgan o‘sha suv bilan; daryoga quyiladigan o‘sha suv bilan; o‘sha daraxtning yonidan o‘tadigan o‘sha daryoga; .... o‘sha daraxtning...
* * *
Ishq daraxtining yonida turibman: oq ko‘ylakda. To‘lqinlarga bo‘lib tashlayman va ko‘ngil bog‘layman. Ming bo‘lakka bo‘linib ketaman va yana birlashaman. Odamlar yelkama-elka bo‘lib, qizil, sariq va moviy dastro‘mollarini havoda yelpiydilar. Nog‘ora, qo‘shnog‘ora va yaqinlarning tabrik ovozlari, tutayotgan isiriq va yonayotgan o‘tinlarning hidlari, qizil uchqunlar hamda ruhimizni bir-biriga payvand etadigan mehribon xutba ovozi.
– Ko‘ryapsanmi? Bu yerda nafas olsa bo‘ladi: yashash uchun va hatto o‘lish uchun ham. Hech qaer bu yer emas. Qishloq... Qishloq. Yerda ming ildizi, osmonda ming shoxi bor.
Kulaman.
– Bu yer sening tug‘ilgan joying. Menikichi?
– Tug‘ilgan joy shunday bir joyki, uni sevish mumkin. Sevgi esa ko‘lmak suvning ustidan o‘tib ketadigan yorqin bir jimirlashdir.
– Yoki shamol ko‘lidagi qoqi o‘t.
– Barkalla! Yoki qoqi o‘t...
Odamlar asta-sekin tarqalishadi: qizil tabassum va ter tomchilari bilan. Daraxt yonida esdalik uchun suratga tushamiz va u yerdan uzoqlashamiz. Odamlar yo‘ldan qishloqqa qaytishadi. Biz esa o‘rtadan kesib o‘tgan to‘g‘ri yo‘l bilan o‘rmonga boramiz. Daraxtlar yelimlarining hidi, havo namligi va nomsiz gullarning hayratli nigohlari. Bir daraxtning orqasidan kichkina bir shaytoncha poylaydi. Unga qarata tosh otasan.
– Hey! Duo va tortishuv uchun ham vaqt ajratish kerak ekanligini bizga eslatgani keldingmi...? Chuchvarani xom sanabsan! Bu orzuyingning og‘ir yuki to abad yelkangda qolib ketadi! To abad.
Shaytoncha bir chiyillab qo‘yadi-da daraxtlar ortida yo‘qoladi. Yer zamburug‘lar bilan to‘la; va loyu balchiq bilan ham. Bir necha qadam oldinga yurasan va men sening ortingdan. Hamshiralik xalatimning oq etagi hilpiraydi va men uning iflos bo‘lishidan xavotirdaman. Kallamdan o‘tayotgan fikrni o‘qiysan:
– Qo‘yaver! Hamshiralik xalatingning oq etagini qo‘yaver. Qo‘rqma, unga bir parcha ham dog‘ qo‘nmaydi. Biror parcha ham. Senga yoqsa, xalossan.
Etagimdagi to‘rlar va yulduzlarning yaqinigacha kelayotgan tig‘larning panjalariga qarayman. Ular gullaydilar va gullarini oyoqlarim ostiga to‘kadilar.
Yo‘lning qolganini yurmaymiz. Parvoz qilamiz. Shaytoncha o‘rmon tubida zor-zor yig‘laydi va yo‘qoladi.
* * *
Qishloqning qalbi kutish azobidan shishib ketgan. Kelish vaqting yaqin qolgan. Ariq kuylaydi va daryoga quyiladi. Daryo bir qishda yuragi yallig‘langan va butun boshli uch kun es-hushidan ayrilgan o‘sha daryodir. Butun boshli uch kun.
Daryo na’ra tortadi, yig‘laydi, kuladi, qo‘lini beliga qo‘yganicha qay narsani ko‘rsa yiqitadi va o‘zi bilan birga olib ketadi.
Qishloq sarosimada, odamlar ham. Sen esa har doimgidek oldinda borasan. Oyoqlaringda etik, egningda qora charm palto. Ko‘prik buzilgan, biror bir yo‘l yo‘q. Maktab u tomonda. Bolalar bu tomonda.
Qishloq ayollaridan so‘radingki, o‘tlardan uzun to‘r, daryoning uzunligiga teng keladigan bir to‘r to‘qishsin. Endi esa erkaklar uni yelkalariga tashlab olishgancha tortib ketishmoqda.
Ko‘prik ayollarning uzun kokili kabi tirikdir. Hansirab nafas olganicha kichik baliqqa minadi. Suvni yoradi. Boshqa odamlar ham senga qo‘shilib ko‘prikni daryoning qirg‘og‘iga ulaydilar.
Suv o‘kiradi, Sen va boshqa odamlar ham. G‘alaba sizlar tomonda: bolalar qo‘llarida kitob tutganlaricha sekin-asta ko‘prik tomon kelayotganlarida, maktab tomonga o‘tishning imkoni bo‘lganda. Ko‘zlarda yoshning gullashi tomosha qilsa bo‘ladiganlik manzara.
Nog‘ora va qo‘shnog‘oralarning ovozi tingan. Bir bolakay yong‘oq daraxti tepasida jar soladi. Yo‘l burilishida ikkita za’faronrang parallel chiziq g‘imirlaydi. Kovushlarimni kiyaman va shoshilgancha tepalikdan pastga tushaman. Yaltiroq qurt oyoqlarim ostida yaltirab nur sochadi. Qishloqqa yaqinlashaman. Baland tutun ustunlari endi nurli olov halqalariga aylangan bo‘lib, qozonlardan chiqayotgan bug‘lar palovni damlash uchun yopib qo‘yilgan lattalar ostida shishib ketgan.
Uyga boraman. Jim-jit. Xuddi kartina ichidagi rasmdek. Kechasi hech kim bu yerda qolmagan. Hamma yo‘l bo‘yidagi qishloq maydoniga ketgan. Hatto seni bir necha daqiqa oldinroq ko‘rish ular uchun muhim. Samovar atrofini moviyrang bir bug‘ o‘rab olgan: bir necha daqiqadan so‘ng tomchilarga aylanib yana samovar jomiga qaytib tushadigan bug‘. Xuddi qishloq aholisi uchun yomg‘ir bo‘lib, qishloq zaminida maktab, masjid va shifoxona gullarni, ekinzorlarda esa kichik va oltinrang bug‘doy donlarini o‘stirganing kabi.
Uydan chiqib kelaman. Osmonga qarayman. Oyning misrang gardishi asta-sekin yuqorilab keladi. Kunbotardan esayotgan shamol o‘zi bilan birga uzumning hidini olib keladi, och chiyabo‘rilarning uvillashini ham. Oyning misrang gardishi ko‘ngilga g‘ulg‘ula solgancha qishloq o‘rtasida turadi.
Sen oldinda borasan, qishloq odamlari senga ergashgan. Bir chiyabo‘ri uvillaydi, boshqa chiyabo‘rilar ham. Ko‘zgudor daraxt ularni tog‘ning o‘nqir-cho‘nqir joylarida qanday qilib nobud qilganlaringni ko‘rgan.
Uydan yo‘l boshigacha borishga yo‘l yo‘q. Kelishingga ham. Chaqnagan chaqmoq esimga soladi: endi ketish kerak. Bu yerda bajarishim kerak bo‘lgan ishlar tamom bo‘ldi. Bundan buyoniga bu yerda qolish tamom bo‘lish ma’nosidadir.
– Iltimos, qolgin.
Ikki barmog‘ingni bir-biridan ayro qilasan va ularning orasidan jannatni menga ko‘rsatasan.
– Qara, mana bunday shakldagi joy. Ammo... bundan ancha katta. Yechilishi kerak bo‘lgan bog‘ichlari bilan birga.
– Ko‘ngillari keng odamlar borishlari kerak. Shunday emasmi? Ammo nega?
Agar shunga loyiq bo‘lsalar, javob berishlari kerak.
Bilardim: seni chaqirayotgan o‘sha ovoz shunchalik baland bo‘lib, bizning ovozimizni eshitishinggga yo‘l qo‘ymaydi:
– Iltimos, qolgin. Qol!
Menga bir dastro‘mol berasan: unutilgan gullarga to‘la.
– Birovga dastro‘mol sovg‘a qilishmaydi, deb aytishadi.
Ayriliqqa sabab bo‘larkan.
– Ammo ba’zida kerak ham: qisqa muddatlarga, ko‘ngil bog‘lanishlarini unutish uchun.
Bir bosh uzum bilan ketar ekansan, uzumzorlarni aylanaman va sabrli bo‘lganligimga yig‘layman.
* * *
Yana bir marta bolakayning jar solgan ovozini eshitaman, ayollarning va bolalarning shovqinini ham. Ammo men uzoq muddatlardan keyin birinchi uchrashuvimiz qishloqning hayratli nigohlari ostida amalga oshishini istamayman.
O‘rmondan ishq daraxti tomon boradigan to‘g‘ridan kesib o‘tuvchi yo‘lni tanlayman.
Shaytoncha yo‘lning o‘rtasida, bir daraxtning ortidan poylaydi:
– Qaytgin! U yerda hech narsaning senga ko‘zi uchib o‘tirgani yo‘q, ranj-alamdan boshqa. Qayt!
Eshitishni istamayman...
O‘rmondan chiqib kelaman. Ishq daraxti qarshimda bo‘y cho‘zadi. Oy nuri uning ko‘zgularida aks etadi.
Qarab qolaman. Bir soat o‘tadi. Qishloq osmonida rangbarang fonuslar g‘ujg‘on o‘ynashadi, oy va yulduzlar ham.
Taqillagan ovoz eshitiladi. Quloqlarimni ding qilaman. Borgan sari yaqinlashadi. Bir sharpa paydo bo‘ladi. Oldinroq va yana oldinroq keladi. Endi uni yaxshiroq ko‘rishim mumkin bo‘ladi: qo‘ltig‘ida tayoq qistirib olgan, egnida tuproq rangidagi ko‘ylagi bo‘lgan qalin soqolli odamni.
Ey xudoyim! Bu sensan! Ammo bor-yo‘g‘i bittagina oyog‘ing bor. ikkinchi oyog‘ing... U oyog‘ing bir parcha tayoq bo‘lib, ko‘zguning singan bo‘laklari unga yopishgan.
Tizzamga qulayman: oy va yulduz sening arshingga yetkazaman deb ustun qo‘ygan paytda.
Hikoya matni Roziya Tujjorning Toshkentda nashr etilgan "Ham olma,ham yulduz" (2010 y.) kitobidan olindi.
Roziya Tujjor hozirgi zamon Eron adabiyotining yirik namoyandalaridan biridir. Asosan hikoya janrida qalam tebratib kelayotgan adibaning bir necha hikoyalar to‘plami dunyo yuzini ko‘rgan, ayrim hikoyalari esa turli tillarga tarjima qilingan. Roziya Tujjor o‘ziga xos uslubda yozadi. Uning yozganlari falsafiy mushohadalar bilan boyligi, til va uslub go‘zalligi va ijtimoiy muammolarning o‘rtaga qo‘yilishi jihatidan boshqa yozuvchilarning asarlaridan ajralib turadi. Roziya Tujjor sharqona tafakkur bilan dunyoga qaraydigan syurrealist yozuvchidir. U ko‘proq qahramonlarining ruhiy kechinmalari va botiniy holatlarini mohirona tasvirlashga intiladi.