OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Roziya Tujjor. Parvoz (hikoya)

Kunbotar toklarning yelkasiga qo‘ngan. Kovushlarimni yechib, oyoqlarimni muzdek suvga topshirdim. Kunbotar yoydek yelkamda ikkita qanot o‘stirib chiqargan bo‘lib, bir soatlardan keyin ohista bug‘langanicha lojuvard suvda yo‘q bo‘lib ketsa kerak.
Daraxtlar ortiga yashiringan daraxtlar tepasidan qishloqni ko‘rsa bo‘ladigan bir oraliq topdim. Suv shivirlab qo‘shiq aytar, men esa goh ko‘ngil berib, goh undan bezib u bilan birlashaman-da, birga-birga ketaman. Toshlarning ustidan va ostidan, hay-haylagancha va harsillagancha birga ketamiz, birga yuguramiz va birga kelamiz. Qayerdan... qayergacha?
Bu yerdan yerosti daryosining u tomonigacha. Yuqori mahallagacha. Uzoqdagi xarobalargacha. Qishloq qabristonigacha. Charog‘on uzumzorlargacha. So‘ngra aylanamiz: qishloq, tegirmon, loyqa suvli daryolar va bug‘doy ombori atroflarini. Qaytganimdan so‘ng sening oyoqlaring izi tushgan va bugun kechasi yana bir bor seni ko‘rgani kelmoqchi bo‘lgan o‘sha tuproqni yetti marta tavof qilganimga, yetti marta qaytib kelganimga, yetti marta ko‘rganimga va yetti marta o‘pganimga amin bo‘laman.
Uzoqdan tutun ustunlari ko‘rinadi. Kunbotarning simobiy rangi unda shovqin uyg‘otgan yetti baland ustun. Yetti ustun suvda chayilgan guruchlar va sening kelishing sharofatiga so‘yilgan qo‘ylarning go‘shti solinadigan bir necha pudlik qozonlarning borligidan darak beradi. Sen bir soatdan keyin kelasan. Shamol ham palov suzilgan laganlarning hamda yomon ko‘zlarni olovda kuydiradigan isiriqlarning hidini olib keladi. Xuddi hozir ham cholg‘uchilar chalgan kuyning, shuningdek, oyoqyalang va ko‘zlari chaqnagan holda ularning ortidan yugurganlaricha ularga jo‘r bo‘lib qo‘shiq aytayotgan bolalarning ovozini olib kelayotganday.
Shodlik bir yo‘lovchidir. U uydan bu uyga, u mahalladan bu mahallaga o‘tib yuradi. Uning uchun hech qanday devor, hech qanday eshik zulfini va hech qanday zanjir yo‘q. Bunda hamma bir-birini topa oladi va otini aytib chaqira oladi. Xuddi sen yaxshi ko‘rganingdek.
Bir bolakay qishloqdagi eng baland yong‘oq daraxtining tepasiga chiqib olganicha, har doimgi odatga ko‘ra, qishloqqa kirib kelayotgan birinchi yo‘lovchini ko‘rishi bilan jar solib, qishloq ahlini bundan xabardor etadi. Undan salgina narida baland bir shoxda xuddi fazoda chizilgan qop-qora so‘roq belgisiga o‘xshagan bir qarg‘a qo‘nib turibdi. Uni ko‘rib, ko‘nglim ayniydi. Og‘ir, og‘ir.
Aytganday, nega bu yerda turibman? Balki, uzoq muddatli vahima va qarama-qarshilik meni bu yerlarga yetaklab kelgandir? Balki...
Kunbotar toklarning yelkasidan uchib ketadi. Mening qanotlarim o‘z tusini yo‘qotadi. Qishloq alangalar, rang-barang fonuslar va to‘rsimon chiroqlar yorug‘ida charaqlaydi. Suvga tushgan tosh to‘lqinlar ustiga to‘lqinlar, aylanalar ustiga aylanalar soladi. Men esa or-qamdagi o‘rmonning qorong‘i burchagida, qarshimdagi daraxtlarning shovqin-suronida va oqayotgan suvning shivirlab qo‘shiq aytishida o‘sha kunni esga olaman.
Men borman va otam bor. Mashina, eng katta tezlik. Harakat va qochish. Shahar va shovqin-surondan qochish. Ilonizi yo‘l va daraxtlarning bir-biriga yopishishi. Yashil rangdagi uzun bir chiziq va daryo uzra nurning aksi. O‘rmon, hamma yoq yashil. Qoyalar yuzasiga o‘yib tushirilgan. Vaqt chizig‘i singan. G‘am chegarasining u tomoniga otib yuborish. Barchasi shodlik va ruhning cho‘zilishi.
Nogahon yorug‘lik chakmoniga o‘ralgan baland bo‘yli odamning qomatiga o‘xshab ketadigan uzun bir nur ustuni tushadi. Keskin berilgan tormoz. Aylanish va yana aylanish. Baland bir ovoz. Toshga urilish. To‘satdan to‘xtashi. Nafasning ham. Qo‘rquvdanmi yoki tinchlanganlikdan? Mening og‘zim ochilib qolgan. Qichqiriqsiz. Otam qo‘lini yuziga bosdi.
Qarayman. Bir daraxtni ko‘raman. Tik o‘sgan. Unda ko‘zguning katta-kichik bo‘laklari, sehrli bodomlar, ming ko‘zli gullar... Ishonmayman. Ammo bu haqiqat. Daraxtda ko‘zgu bor, ko‘zguda esa ariq, maysazor, o‘rmon, bulut va shu tomonga kelayotgan odam ko‘rinadi.
– Hech narsa qilmadimi?
Otam boshlarini hayrat alomati bilan sarak-sarak qiladi:
– Ishonging kelmaydi!
Boyagi odam orqasiga buriladi va daraxtga qaraydi. G‘urur va shukuh bilan:
– Ko‘rganingizdek, bor.
Daraxt osmondir va daraxt daryo, daraxt qushdir va yana daraxt...
O‘sha odam sensan.

* * *

Qishloq uyg‘oq. Tun yelkalariga qo‘ngan bo‘lsa-da, uyg‘oqligi yaraqlashlarini o‘sha chiroqlar, alangalar va yulduzlar yorug‘ida ko‘rdi. Qarg‘aning so‘roq belgisiga o‘xshab ketadigan sharpasi ham yo‘qolgan. Bolakayning qomati ham. Ammo aniq kelasan. Bilamanki, kelasan.

* * *

Bahor bo‘lganda kelamiz. Yana o‘shandagiday men borman va otam hamda gullar va maysalarning yerga va toqqa yog‘ayotgan yomg‘iri bor. Qishloq behushdir, mayda-mayda yog‘ayotgan kulrang yomg‘irlar og‘ushida. Hanuz daraxt sehrli bodomlari bilan mag‘rur va tik turganicha qarab turibdi, uning nigohida esa bulut, yo‘l va yog‘ayotgan yomg‘ir. Endi oynalar uning tanasidan o‘tib, shoxlarga yetgan.
Daraxtning kaftlarida alanga. Sen esa haliyam uni tomosha qilish bilan bandsan. Otang senga qaraydi va salom ovozi eshitiladi:
– Salom, eski do‘stim. Yana bizni va qishlog‘imizni eslab qolibsiz-da? Xush kelibsiz!
– Nur sotadigan kishiga salom!
– Men qishloqning muallimiman.
Otam jilmayadi:
– Aytdim-ku, nur sotasiz deb.
– Bizning qishlog‘imizga xush kelibsiz!
– Qishloqlaring osoyishta ekan. Shaharga qaraganda anchagina tinch va jonning huzuri. Bir necha kun qishlog‘ingizning mehmoni bo‘lsak bo‘ladimi?
Bu qishloqda har bir yo‘lovchi uchun joy topiladi.
Senga qo‘shilib boramiz. Sening tabassuming esa yuzlaringga qo‘shilib ketgan. O‘tib ketayotib barcha uylarning ruhiyatiga singib ketasan. Qishloqning barcha aholisining quvonchlari va qayg‘ulari senga tanish:
– Karbaloyi, salom! Eshitdim: mushkuling oson bo‘libdi. Muborak bo‘lsin!
– Avs Rajab, xudo senga quvvat bersin! Ishingning yarmi bitib qolibdi-ku!
– Buvijon, Rustamingdan qanday xabar bor? Yaqin orada xat yozdimi?
– G‘ulomali, sumkang bilan kitobing qani? Maktabing yo‘qmi sening?
Kelamiz va qolamiz. Ruhiyatingning chek-chegarasi yo‘q. Dengizdan sachragan bir tomchi suvni ko‘raman.
Hech qancha vaqt o‘tmay otam bilan bir narsa to‘g‘risida gaplashasan. Ko‘nglingdan kechgan bir narsa to‘g‘risida. Va otam...
– Sizning birlashtirishingizni ma’qullayman. Ma’qullayman.
Hammasi tezda yuz beradi. Hatto mening deyishim ham:
– Men ham.

* * *

Tun nigohi ostida nog‘ora va qo‘shnog‘oralarning ovozi balandroq va yanada balandroq eshitiladi. O‘zi bilan birga bolalarning shovqini va ayollarning shovur-shuvirini olib keladi. Ular qo‘llarida fonus tutganlaricha tepalikdan yuqoriga o‘rlaydilar.
– Hoy, qayerdasan, kelin? Qayerdasan?
Bir bosh uzum suvning o‘rtasiga tushadi va oh chekadi. Qo‘llarimni og‘zimga ko‘zacha qilib baqiraman:
– Men bu yerdaman... Bu yerda.
Fonuslar yaqinroq keladilar. Ulardan taralayotgan yog‘du yuzimni silaydi. Enaganing shubha-gumonga to‘la ovozi eshitiladi:
– Qayerda turib olding? Yana hamma uni kutib olishga borayotgan bir paytda-ya?!
Qishloq etagiga bosh qo‘ygan yo‘l chizig‘iga qarayman:
– Boraman, hoziroq. Fonuslaringni nari olinglar. Xudo haqqi.
– Har doim hammadan ajralib yurasan, qizgina!
Ular ketadilar. Men esa yuzimni yuvaman: uzumzorlardan o‘tib keladigan va hushidan ayrilgan o‘sha suv bilan; daryoga quyiladigan o‘sha suv bilan; o‘sha daraxtning yonidan o‘tadigan o‘sha daryoga... o‘sha daraxtning...

* * *

Ishq daraxtining yonida turibman: oq ko‘ylakda. To‘lqinlarga bo‘lib tashlayman va ko‘ngil bog‘layman. Ming bo‘lakka bo‘linib ketaman va yana birlashaman. Odamlar yelkama-elka bo‘lib, qizil, sariq va moviy dastro‘mollarini havoda yelpiydilar. Nog‘ora, qo‘shnog‘ora va yaqinlarning tabrik ovozlari, tutayotgan isiriq va yonayotgan o‘tinlarning hidlari, qizil uchqunlar hamda ruhimizni bir-biriga payvand etadigan mehribon xutba ovozi.
– Ko‘ryapsanmi? Bu yerda nafas olsa bo‘ladi: yashash uchun va hatto o‘lish uchun ham. Hech qayer bu yer emas. Qishloq... Qishloq. Yerda ming ildizi, osmonda ming shoxi bor.
Kulaman.
– Bu yer sening tug‘ilgan joying. Meniki-chi?
– Tug‘ilgan joy shunday bir joyki, uni sevish mumkin. Sevgi esa ko‘lmak suvning ustidan o‘tib ketadigan yorqin bir jimirlashdir.
– Yoki shamol ko‘lidagi qoqi o‘t.
– Barakalla! Yoki qoqi o‘t...
Odamlar asta-sekin tarqalishadi: qizil tabassum va ter tomchilari bilan. Daraxt yonida esdalik uchun suratga tushamiz va u yerdan uzoqlashamiz. Odamlar yo‘ldan qishloqqa qaytishadi. Biz esa o‘rtadan kesib o‘tgan to‘g‘ri yo‘l bilan o‘rmonga boramiz. Daraxtlar yelimlarining hidi, havo namligi va nomsiz gullarning hayratli nigohlari. Bir daraxtning orqasidan kichkina bir shaytoncha poylaydi. Unga qarata tosh otasan.
– Hey! Duo va tortishuv uchun ham vaqt ajratish kerak ekanligini bizga eslatgani keldingmi?.. Chuchvarani xom sanabsan! Bu orzuyingning og‘ir yuki to abad yelkangda qolib ketadi! To abad.
Shaytoncha bir chiyillab qo‘yadi-da, daraxtlar ortida yo‘qoladi. Yer zamburug‘lar bilan to‘la; va loyu balchiq bilan ham. Bir necha qadam oldinga yurasan va men sening ortingdan. Hamshiralik xalatimning oq etagi hilpiraydi va men uning iflos bo‘lishidan xavotirdaman. Kallamdan o‘tayotgan fikrni o‘qiysan:
– Qo‘yaver! Hamshiralik xalatingning oq etagini qo‘yaver. Qo‘rqma, unga bir parcha ham dog‘ qo‘nmaydi. Biror parcha ham. Senga yoqsa, xalossan.
Etagimdagi to‘rlar va yulduzlarning yaqinigacha kelayotgan tig‘larning panjalariga qarayman. Ular gullaydilar va gullarini oyoqlarim ostiga to‘kadilar.
Yo‘lning qolganini yurmaymiz. Parvoz qilamiz. Shaytoncha o‘rmon tubida zor-zor yig‘laydi va yo‘qoladi.

* * *

Qishloqning qalbi kutish azobidan shishib ketgan. Kelish vaqting yaqin qolgan. Ariq kuylaydi va daryoga quyiladi. Daryo bir qishda yuragi yallig‘langan va butun boshli uch kun es-hushidan ayrilgan o‘sha daryodir. Butun boshli uch kun.
Daryo na’ra tortadi, yig‘laydi, kuladi, qo‘lini beliga qo‘yganicha qay narsani ko‘rsa yiqitadi va o‘zi bilan birga olib ketadi.
Qishloq sarosimada, odamlar ham. Sen esa har doimgidek oldinda. borasan. Oyoqlaringda etik, egningda qora charm palto. Ko‘prik buzilgan, biror-bir yo‘l yo‘q. Maktab u tomonda. Bolalar bu tomonda.
Qishloq ayollaridan so‘radingki, o‘tlardan uzun to‘r, daryoning uzunligiga teng keladigan bir to‘r to‘qishsin. Endi esa erkaklar uni yelkalariga tashlab olishgancha tortib ketishmoqda.
Ko‘prik ayollarning uzun kokili kabi tirikdir. Hansirab nafas olganicha kichik baliqqa minadi. Suvni yoradi. Boshqa odamlar ham senga qo‘shilib ko‘prikni daryoning qirg‘og‘iga ulaydilar.
Suv o‘kiradi, Sen va boshqa odamlar ham. G‘alaba sizlar tomonda: bolalar qo‘llarida kitob tutganlaricha sekin-asta ko‘prik tomon kelayotganlarida, maktab tomonga o‘tishning imkoni bo‘lganda. Ko‘zlarda yoshning gullashi tomosha qilsa bo‘ladiganlik manzara.

* * *

Nog‘ora va qo‘shnog‘oralarning ovozi tingan. Bir bolakay yong‘oq daraxti tepasida jar soladi. Yo‘l burilishida ikkita za’faronrang yonma-yon chiziq g‘imirlaydi. Kovushlarimni kiyaman va shoshilgancha tepalikdan pastga tushaman. Yaltiroq qurt oyoqlarim ostida yaltirab nur sochadi. Qishloqqa yaqinlashaman. Baland tutun ustunlari endi nurli olov halqalariga aylangan bo‘lib, qozonlardan chiqayotgan bug‘lar palovni damlash uchun yopib qo‘yilgan lattalar ostida shishib ketgan.
Uyga boraman. Jim-jit. Xuddi chorcho‘p ichidagi rasmdek. Kechasi hech kim bu yerda qolmagan. Hamma yo‘l bo‘yidagi qishloq maydoniga ketgan. Hatto seni bir necha daqiqa oldinroq ko‘rish ular uchun muhim. Samovar atrofini moviyrang bir bug‘ o‘rab olgan: bir necha daqiqadan so‘ng tomchilarga aylanib yana samovar jomiga qaytib tushadigan bug‘. Xuddi qishloq aholisi uchun yomg‘ir bo‘lib, qishloq zaminida maktab, masjid va shifoxona gullarni, ekinzorlarda esa kichik va oltinrang bug‘doy donlarini o‘stirganing kabi.
Uydan chiqib kelaman. Osmonga qarayman. Oyning misrang gardishi asta-sekin yuqorilab keladi. Kunbotardan esayotgan shamol o‘zi bilan birga uzumning hidini olib keladi, och chiyabo‘rilarning uvillashini ham. Oyning misrang gardishi ko‘ngilga g‘ulg‘ula solgancha qishloq o‘rtasida turadi.
Sen oldinda borasan, qishloq odamlari senga ergashgan. Bir chiyabo‘ri uvillaydi, boshqa chiyabo‘rilar ham. Ko‘zgudor daraxt ularni tog‘ning o‘nqir-cho‘nqir joylarida qanday qilib nobud qilganlaringni ko‘rgan.
Uydan yo‘l boshigacha borishga yo‘l yo‘q. Kelishingga ham. Chaqnagan chaqmoq esimga soladi: endi ketish kerak. Bu yerda bajarishim kerak bo‘lgan ishlar tamom bo‘ldi. Bundan buyoniga bu yerda qolish tamom bo‘lish ma’nosidadir.
– Iltimos, qolgin.
Ikki barmog‘ingni bir-biridan ayirasan-da, ularning orasidan menga jannatni ko‘rsatasan.
– Qara, mana bunday shakldagi joy. Ammo... bundan ancha katta. Yechilishi kerak bo‘lgan bog‘ichlari bilan birga.
– Ko‘ngillari keng odamlar borishlari kerak. Shunday emasmi? Ammo nega?
Agar shunga loyiq bo‘lsalar, javob berishlari kerak.
Bilardim: seni chaqirayotgan o‘sha ovoz shunchalik baland bo‘lib, bizning ovozimizni eshitishingga yo‘l qo‘ymaydi:
– Iltimos, qolgin. Qol!
Menga bir dastro‘mol berasan: unutilgan gullarga to‘la.
– Birovga dastro‘mol sovg‘a qilishmaydi, deb aytishadi. Ayriliqqa sabab bo‘larkan.
– Ammo ba’zida kerak ham: qisqa muddatlarga, ko‘ngil bog‘lanishlarini unutish uchun.
Bir bosh uzum bilan ketar ekansan, uzumzorlarni aylanaman va sabrli bo‘lganligimga yig‘layman.

* * *

Yana bir marta bolakayning jar solgan ovozini eshitaman, ayollarning va bolalarning shovqinini ham. Ammo men uzoq muddatlardan keyin birinchi uchrashuvimiz qishloqning hayratli nigohlari ostida amalga oshishini istamayman.
O‘rmondan ishq daraxti tomon boradigan to‘g‘ridan kesib o‘tuvchi yo‘lni tanlayman.
Shaytoncha yo‘lning o‘rtasida, bir daraxtning ortidan poylaydi:
– Qaytgin! U yerda hech narsaning senga ko‘zi uchib turgani yo‘q, ranj-alamdan boshqa. Qayt!
Eshitishni istamayman...
O‘rmondan chiqib kelaman. Ishq daraxti qarshimda bo‘y cho‘zadi. Oy nuri uning ko‘zgularida aks etadi.
Qarab qolaman. Bir soat o‘tadi. Qishloq osmonida rang-barang fonuslar g‘ujg‘on o‘ynashadi, oy va yulduzlar ham.
Taqillagan ovoz eshitiladi. Quloqlarimni ding qilaman. Borgan sari yaqinlashadi. Bir sharpa paydo bo‘ladi. Oldinroq va yana oldinroq keladi. Endi uni yaxshiroq ko‘rishim mumkin bo‘ladi: qo‘ltig‘ida tayoq qistirib olgan, egnida tuproq rangidagi ko‘ylagi bo‘lgan qalin soqolli odamni.
Ey xudoyim! Bu sensan! Ammo bor-yo‘g‘i bittagina oyog‘ing bor, ikkinchi oyog‘ing... U oyog‘ing bir parcha tayoq bo‘lib, ko‘zguning singan bo‘laklari unga yopishgan.
Tizzamga qulayman: oy va yulduz sening arshingga yetkazaman deb ustun qo‘ygan paytda.

Forschadan Shokirjon Olimov tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.