OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Simon Karmiggelt. Orzu (hikoya)

Mefrau Volsma o‘n guldenlik qog‘oz pul yerga qanday tushganini aniq–tiniq ko‘rdi. Pul oldinrokda turgan charm kurtkali baqaloq odamning hamyonidan sirg‘alib chiqib, pochtaxonaning irkit poliga – kampirning shundoqqina oyoqlari ostiga tushdi. Kampir o‘ylab-netib o‘tirmay, uning ustiga o‘zining ro‘zg‘or sumkasini qo‘ydi.
-    Kimning navbati? – deb to‘ng‘illadi kassir.
-    Mening navbatim, inim, – dedi kampir va pulni ro‘zg‘or sumkasiga qo‘shib epchillik bilan oldinga surdi, so‘ng paltosining cho‘ntagidan eskirib ketgan hamyonini chiqardi.
-    Odamlarning vaqtini olmay, tezroq qimirlasangiz bo‘lardi, onaxon, –dedi oyna ortida o‘tirgan mulozim jahlini zo‘rg‘a bosib. Mijozning munkillab qolganigina uni bor zahrini to‘kib–solishdan arang tiyib turardi.
Kampir titragan qo‘llari bilan o‘g‘lidan kelgan to‘rt gulden pul qayd etilgan pochta qog‘ozini oldi. O‘g‘li har hafta unga to‘rt gulden jo‘natib turadi. Negaki qariyalar uyida pul berishmaydi.
-    Marhamat, inim, – dedi kampir dadillashib.
Kassir pochta qog‘ozini tekshirib ko‘rgunicha kampir shartta engashib, sumkaning ostidagi pulni oldi va hamyoniga urdi. So‘ng qaddini rostlab, munis va mo‘‘tabar onaxonlarga xos ma’sumlik bilan pochta xodimiga boqdi.
-    Mana bu yerga qo‘l qo‘ying.
Mulozim to‘rt guldenni sanab, marmar peshtaxta ustiga tashladi. Hayajondan terga tushgan kampir pulni qo‘lidagi o‘ntalikka qo‘shdi va hamyonni sumkasiga urdi.
-    Barakalla, inim, omon bo‘ling.
Kassir javob o‘rniga yana to‘ng‘illadi:
-    Kimning navbati?
Hech kim hech narsani sezmadi. Kampir yelkasidan tog‘ ag‘darilganday bo‘lib, eshik tomon shoshildi va ayvonga chiqib, toza havodan o‘pkasini to‘ldirib nafas oldi. Vujudini iliq bir hayajon cho‘lg‘ab olgandi: buni qarang, o‘n gulden–a! O‘n guldenga endi u istagan narsasini sotib olishi mumkin. Istagan narsasini!
Odatda mefrau Volsma magazinlardagi mollarni vitrinadan uzoq tomosha qilar, ammo ostona hatlab o‘tishga jur’ati yetmasdi. Endi ulardan biriga shartta kirib, sotuvchisiga: "Qani, ona qizim, menga anavini bering–chi!" – deya oladi.
U otasi antiqa sovga olib kelgan qizaloqday quvonchdan dir-dir titrardi.
Kampir birdan qo‘rquvdan toshday qotib qoldi. Charm kurtkali boyagi baqaloqqa ko‘zi tushgandi. Baqaloq tosh zinadan ko‘tarilib, yana pochtaxonaga kirib ketdi. Uning kasalmand yumaloq yuzi asabiy ko‘rinardi. Yonidan o‘tayotib, kampirga ko‘z qirini tashlab qo‘ydi.
"Pulini izlab kelyapti", – deb o‘yladi mefrau Volsma. U ko‘zlari xiralashganiga ham qaramay shosha–pisha zinadan tushdi va ko‘chani kesib o‘tish uchun yo‘lak sari yuzlandi.
-    Shoshilmang, mefrau!– degan ovoz eshitildi ortidan.
Tamom! Endi pulni tortib olishadi. Balki, boplab jazosini ham berishar. Ana, yaqinda magazinda bittagina soch qistirgichni so‘ramay olgani uchun bechora Reesni bir oy ko‘chaga chiqarmay qo‘yishgandi. Endi uning boshiga ham shunday qora kunlar tushadi.
-    Ko‘chani mundoq kesib o‘tmaydilar–da.
Uni to‘xtatgan oq furajkali politsiyachi ekan.
-    Bunaqa joyda ko‘zga qarash kerak, xola, ko‘chaning gavjumligini ko‘rmayapsizmi? – dedi u mehribonlik bilan.
Politsiyachi uni yetaklab tramvay bekatigacha olib borib qo‘ydi. Kampir sumkasini bag‘riga bosgancha uyiga jo‘nadi. Qariyalar uyi oldida tramvaydan tushdi. Qo‘rquv o‘tib ketgan, boyagina butun vujudini junbishga keltirib turgan hayajondan ham asar qolmagan edi. "Bu pulga nima olsam ekan?", deb o‘ylay boshladi. Biror shirinlik olgani ma’qulmi? Shunday yegulik olishi kerakki, to‘shakda yotgancha imi–jimida yeyishi mumkin bo‘lsin. Yo‘qsa, boshqalar bilan baham ko‘rishiga to‘g‘ri keladi. Boshqalarga bersa, o‘ziga nima qoladi? U ko‘pincha orzu–xayollarga g‘arq bo‘lgancha oldida uzoq turib qoladigan hashamatli magazinning oynavand vitrinasiga suqlanib qaradi. So‘ng do‘konga dadil kirib, tantanavor ohangda dedi:
-    Omonmisiz, singlim? Yuz gramm "Olcha" konfetidan, yuz gramm olma sharbati qo‘shilgan anavi shokoladingizdan bersangiz.
Tomoshani ko‘ring! U ilgari – hali uy–joyi, oilasi bor mahallar shunday dadil gapira olardi, dasti uzun edi.
-    Mana, marhamat. Ikki guldenu o‘ttiz tsentlik bo‘ldi.
Mefrau Volsma o‘ntalik pulni peshtaxta ustiga qo‘yib, shirinlik solingan paketni sumkasining tubiga joylay boshladi.
-    Kechirasiz, pul o‘rniga shuni bermoqchimisiz? – deb so‘radi sotuvchi qiz muloyimlik bilan. – Bu – reklama qog‘ozi-ku!
Sotuvchi qiz kampirning peshtaxta ustida turgan hamyonini oldi:
-    Keling, yaxshisi, o‘zim qarashib yubora qolay... Xo‘sh, mana pulingiz... to‘rt gulden... Qarang, sizdan uch gulden olyapman... endi yetmish tsent qaytim berishim kerak...
Sotuvchi peshtaxtaga moviy qog‘ozni beparvogina tashlab qo‘ydi. Mefrau Volsma quyuq tuman orasidan uning shundoqqina o‘z oyoqlari ostiga sirg‘alib tushganini elas-elas ko‘rdi.

Rus tilidan Qulman Ochilov tarjimasi.
"Jahon adabiyoti" jurnali, 2014 yil 6-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.