OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Simon Karmiggelt. So‘z (hikoya)

Meni davlatga qarashli bir muassasaga yuborishdi. Material olib kelish uchun. Usha materialga tahririyatimiz ko‘z tikkaniga ancha bo‘lgan edi. So‘rab–surishtirib, besh-olti xonaga bosh suqib chiqqanimdan so‘ng, nihoyat, zarur tuynukni topdim. Tuynuk ortida – kattakon zalda o‘ttizga yaqin erkagu ayol muk tushib nimalarnidir yozib o‘tribdi. Go‘yo ulardan muhimroq ish qilayotgan, ulardan bandroq odam yo‘q.
-    Bu masalada siz ilgari ham bir necha marta kelgansiz, to‘g‘rimi? – dedi mening dardimni eshitish uchun tuynuk oldiga kelgan bir xodim. – Xo‘-o‘sh, material deyarli tayyor. Faqat suvofiqlashtirish qoldi, xolos. Shu bois kelgusi haftada xabar olsangiz...
-    Ma’qul, – dedim men va tuynukni tark etdim.
Lekin yo‘lakka chiqqach o‘yladim: suvofiqlashtirish nima degani o‘zi? Muvofiqlashtirish, sinab ko‘rish, imzolash, kelishish degan so‘zlarni bilaman, ammo «suvofiqlashtirish»ni umrimda birinchi bor eshitishim edi. Ishxonamga qaytib borganimdan so‘ng boshlig‘im bilan bo‘ladigan suhbatni ko‘z oldimga keltirdim. «Xo‘sh, materialni olib keldingizmi?» «Yo‘q, uni hali suvofiqlashtirishlari kerak ekan». «Bu nima deganingiz?» «O‘zimning ham aqlim yetmayroq turibdi...» Sharmanda bo‘lishim aniq. Odamzodning o‘z nodonligini tan olishi qiyin. Shunday bo‘lsa–da, biroz ikkilanib turganimdan so‘ng, ortimga qaytdim va to‘g‘ri zalga kirib bordim. Qog‘oz qoralab o‘tirgan o‘ttiz insonning hammasi qo‘lidagi ishini shartta chetga surib, menga sinovchan tikildi.
-    Yana nima gap, janob? – dedi boyagi xodim.
-    Siz hali menga, – dedim ikkilanibroq, – «suvofiqlashtirish» degan bir so‘zni aytdingiz. Gapim balki sizga juda nodonlikdek bo‘lib tuyular, lekin o‘sha so‘z nimani anglatishini bilmas ekanman...
Bizni kuzatib o‘tirganlarning aksari tasdiq ma’nosida bosh irg‘adi: ha–ya, nima degani o‘zi?! Qarshimda turgan xodim ham biroz hayajonda edi.
-    Ishoning, janob, – dedi u tirsagimdan ushlab, – buni, rostdan ham, tarixiy lahzalar, desa bo‘ladi.
-    Nega?
-    Negaki, siz «suvofiqlashtirish» nimani anglatadi, deb so‘radingiz. U hech narsani anglatmaydi. Shunchaki, yo‘liga aytilgan so‘z. O‘zim o‘ylab topganman. Kelaverib jonimizga tegib ketgan bir mijoz bir gal yana mana shu tuynuk oldida paydo bo‘ldiyu, bajarishimiz uchun ancha–muncha vaqt talab etiladigan ishni tezroq hal qilishimizni so‘rab, shoshiraverdi. Men unga: «Janob, siz mutlaqo haqsiz. Lekin ishni suvofiqlashtirib olishimiz uchun bizga yana bir haftagina muhlat bering», dedim. Bu so‘z o‘z–o‘zidan, juda samimiy bir vaziyatda tug‘ildi va aytildi. Ammo mijozga g‘oyat zo‘r ta’sir qildi, u hovuridan tushdiyu jo‘nab qoldi.
Shu-shu, bu so‘z jonimizga ora kiradigan bo‘ldi. Chunki, u har qanday vaziyatda ham asqotar ekan. Masalan: «Afsuski, janob Frederiks joylarida yo‘qlar, – deymiz. – U kishi bugun peshindan keyin suvofiqlashtirish bilan band bo‘ladilar». Bu gapni eshitgan mijoz: «E, ha–a», – deydi–da, tavoze bilan chiqib ketadi. Hatto, kimdir biror papkani olib (ichida nima borligini Xudo biladi!), ikkinchisiga: «Marhamat qilib, mana shu ishni suvofiqlashtirib yuboring», desa, olam – guliston. Qarabsizki, papkani qo‘liga olgan odam ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi va ishni topshiriqqa mos tarzda o‘zgartirishga harakat qiladi. Bir kuni biz, – deb gapida davom etdi xodim, – rahbarlarimizdan birining stoliga qozon yuviladigan dasmol to‘la qutini qo‘yib, yonida: «mazkur dasmoldagi teshikchalarni shaxsan o‘zingiz suvofiqlashtirib berishingizni iltimos qilamiz» degan mazmunda xat qoldirdik. Ertasi kuni qay ko‘z bilan ko‘raylikki, boshlig‘imiz, ilmiy darajaga ega, ziyoli odam o‘sha maktubimizning orqasiga: «Dasmolni tekshirib chiqdim, hammasi joyida», deb yozib qo‘yibdi. Ko‘rmaysizmi, u ham ehtiyotkorlik bilan ish tutgan–da. Suvofiqlashtirish nimaligini bilmasligini ham, nodonligini ham sezdirmagan.
Xodim o‘ylab topgan bu kashfiyotning falsafiy teranligiga tasannolar aytib, xayrlashdim. Biroq eshikka yaqinlashganimda u ortimdan xitob qildi:
-    Janob, men... Albatta, katta rag‘batdan umidvor emasman. Lekin, shunday bo‘lsa–da, bu ixtironi men kashf qilganman. Shu ma’noda mukofotmi yoki boshqa biror rag‘batlantirishmi, degandek... iloji yo‘qmikan?
-    Surishtirib ko‘raman.
-    Javobini qanday bilsam bo‘ladi? – deb so‘radi u toqatsizlik bilan.
-    Kuting, – dedim men. – Sizni bu masalada o‘zim suvofiqlashtiraman.

Rus tilidan Qulman Ochilov tarjimasi.
"Jahon adabiyoti" jurnali, 2014 yil 6-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.