OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Somerset Moem. Chandiqli kishi (hikoya)

Dastlab yuzidagi chandig‘i tufayli u mening e’tiborimni tortgandi. Chandiq enli va qizg‘ish bo‘lib, uning iyagigacha tushgandi. Bu chandiq xunuk jarohatdan dalolat berar va men uni qilich yoki snaryad parchasining ishi bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim. Bu yerlarda uning to‘ladan kelgan, kulimsirab turadigan yuzi ko‘zga g‘alati ko‘rinardi. Uning yuz bichimi qoruvli gavdasiga nomutanosib edi. Kelbatidan o‘rta bo‘yli odamlarga qaraganda kuchli ko‘rinardi. Men uni doimo ko‘p kiyilgan ko‘lrang kostyumda, moshrang ko‘ylak va soyaboni katta eski shlyapada ko‘rardim. Aft-angori xiyla kir edi. Har kuni odam gavjum paytida u Gvatemala Sitidagi Palas Otelga kelar va lotereya biletlarini sotishga urinardi. Men hech qachon bu biletlarni sotib olganini ko‘rmaganman, ammo gohi-gohida unga ichish uchun biror narsa taklif qilishayotganiga ko‘zim tushardi. U stollar orasidan yurar, biroz kulimsiragan qiyofada har bir stol oldida to‘xtab, lotereya biletlarini taklif qilar va o‘ziga e’tibor berishmagan paytlarda xuddi shunday tabassum bilan nari ketardi. Nazarimda, u ko‘pincha shirakayf yurardi.
Bir kuni kechqurun tanishim bilan qovoqxonada o‘tirganimizda o‘sha chandiqli kishi bizning oldimizga keldi. Adashmasam, bu yerga kelgan paytlarimdan beri yigirmanchi martadir, u menga lotereyalarini cho‘zdi. «Yo‘q» degan ma’noda boshimni chayqadim. Lekin hamrohim iltifot bilan unga salom berdi.
«Ishlar qalay, general?»
«Uncha yomon emas. Biznes yurishmayapti, lekin bundan battar bo‘lishi ham mumkin edi».
«Nima ichishni xohlaysiz, general?»
«Brendi».
U brendini ichdi va qadahni qaytib peshtaxtaga qo‘ydi. Hamrohimga qarab bosh irg‘adi.
«Rahmat».
Shunday deb u ortiga burildi va bizdan nariroqda turgan odamlarga lotereyalarini taklif qila boshladi.
«Do‘sting kim? - so‘radim men. - Yuzidagi chandig‘i juda vahimali-ku»
«Ha, chandiq uning husniga husn qo‘shmagan, to‘g‘rimi»?..
U nikaragualik quvg‘indi. Yo‘lto‘sar va bosqinchi bo‘lgani bilan baribir oshna sifatida yomonmas. Gohi-gohida men unga ozroq chaqa beraman. U isyonda qatnashgan, qo‘zg‘olonchilar qo‘shinida general edi. Agar o‘qi tugab qolmaganida, hukumatni ag‘darardi va hozir u Gvatemalada lotereya sotib yurish o‘rniga harbiy ministr bo‘lardi. Uni shtabi bilan birga qo‘lga olishib, harbiy sudda sud qilishdi. O‘zing bilasan, bu davlatlarda bunaqa ishlarni hash-pash deguncha tinchitishadi. U tongda otuvga hukm qilindi. Nazarimda, qo‘lga olingandayoq u o‘zini nima kutayotganini bilgan. Hukm ijro etiladigan paytgacha u vaqtni turmada o‘tkazdi. Qamoqxonada ular jami besh kishi edi, hammalari vaqtni poker o‘ynab o‘tkazishdi. Yutuqni hisoblashda ular gugurt cho‘plaridan foydalanishdi. Aytishicha, hayotda hech qachon bunchalik omadsizlikka uchramagan: u ketma-ket, butun o‘yin davomida yutqazdi. Tong otib, askarlar qamoqxonadan ularni qatl qilish uchun olib chiqishga kelishganlarida, u bir odam hayotida ishlatishi mumkin bo‘lganidan ham ko‘proq gugurt cho‘pini boy bergandi.
Ular qamoqxona hovlisiga olib chiqildi va beshovi ham yonma-yon, devorga tirab turg‘azildi, qurollangan guruh ularga yuzma-yuz turardi.
Orada ozroq tanaffus bo‘ldi va oshnamiz guruhni boshqarayotgan ofitserdan nima uchun uni kutishga majbur qilishayotganini so‘radi.Ofitser qo‘shin qo‘mondoni - general qatlda ishtirok etishga xohish bildirganini va uning yetib kelishini kutishayotganini aytdi.
«Demak, bitta sigaret chekib olishga vaqtim bor ekan»,
dedi bizning oshnamiz.
Biroq u endigina sigaretini yondirganida general hovliga kirib keldi.Odatdagi rasmiyatchiliklar bajarildi vageneral mahkumlarda:«Qatl ijro etilishidan avval qanday tilaklaring bor?»,deb so‘radi. Besh kishidan to‘rttasi «yo‘q» degandek boshlarini chayqashdi. Lekin bizning oshnamiz:
«Ha, men xotinim bilan vidolashsam degandim», dedi
«Yaxshi,-dedi general.-Bunga e’tirozim yo‘q. U qaerda?»
«Qamoqxona eshigi oldida kutib turibdi».
«Besh minutdan ko‘p vaqt bermayman».
«Bu vaqt yetib ortadi ,janob general».
«Uni chetga olib chiqinglar».
Ikkita askar oldinga chiqdi va mavhum isyonchi ularning o‘rtasida, ko‘rsatilgan joyga yurib bordi. General bosh irg‘ab rozilik berganidan so‘ng, qurollangan guruhni boshqaruvchi zobit otishga buyruq berdi va to‘rt kishi yiqildi. Ular g‘alati tarzda, birin-ketin, beso‘naqay harakatlar bilan yiqilishdi. Xuddi jonsiz qo‘g‘irchoqday. Ofitser ularga yaqinlashdi va bitta chalajon mahkumning ustiga kelib, revolverini bo‘shatdi. Bu payt oshnamiz sigaretini chekib bo‘ldi.
Deraza qiya ochildi. Ayol hovliga tez-tez yurib kirdi, keyin qo‘qqisdan qo‘li ko‘ksida, to‘xtadi. U yig‘lab yubordi va uzatilgan qo‘llari bilan oldinga yugurdi.
«Jin ursin», dedi general.
Ayol qora kiyimda, sochlarida to‘r, yuzi esa murdanikidek oppoq oqarib ketgan. U bo‘y yetgan qizdan biroz kattaroq ko‘rinar, kichkina chiroyli yuzli va katta ko‘zli hurliqo edi. Yugurganida og‘zining xiyol ochilgani va chiroyli yuzidagi iztirob unga shunday nazokat bag‘ishladiki, hatto qarab turgan bee’tibor askarlar ham hayratdan «eh» deb yuborishdi.
Isyonchi uni qarshi olish uchun bir-ikki qadam oldinga yurdi. Ayol o‘zini uning qo‘llariga otdi va «jonim» degan ehtirosli hayqiriq bilan isyonchi lablarini uning lablariga bosdi. Shu payt u yirtiq ko‘ylagi ichidan pichoq sug‘urib oldi - hayronman, qanday qilib u pichoqni yashirib yurishni uddalagan ekan - va ayolning bo‘yniga pichoq urdi. Kesilgan shohtomirdan tirqirab qon otildi va isyonchining ko‘ylagini bo‘yadi. Keyin u qo‘llari bilan ayolni mahkam ushlab, lablarini uning lablariga bosdi.
Bu shunchalik tez ro‘y berdiki, ko‘pchilik nima bo‘lganini anglamay ham qoldi, lekin boshqalar dahshatdan baqirib yuborishdi: askarlar oldinga sakrashib, uni ushlab olishdi. Qizni esa yerga yotqizishdi, biroq endi qonni to‘xtatishning iloji yo‘qligini bilishardi. Birozdan keyin qizning oldiga tiz cho‘kib turgan ofitser o‘rnidan turdi.
«Qiz o‘ldi», pichirladi u.
Qo‘zg‘olonchi cho‘qinib oldi.
«Nima uchun bunday qilding?», so‘radi general.
«Men uni sevardim».
To‘planib turgan odamlar «oh» tortib yuborishdi va taajjub bilan qotilga qarashdi. General sukut saqlab, unga biroz tikilib qaradi.
«Bu mardlik, - dedi general nihoyat, - men bu odamni qatl etolmayman... Mashinamni olib uni chegaraga eltib qo‘yinglar. Men seni hurmat qilaman, senor. Chunki bir jasur erkak boshqa jasur erkakni hurmat qilishi kerak».
Isyonchi bir so‘z demay, ikki askar o‘rtasida, kutib turgan mashinaga qarab yurdi.
Do‘stim gapirishdan to‘xtadi va men jimib qoldim. Aytishim kerakki, u gvatemalalik edi va menga ispan tilida gapirdi. Men ham uning aytganlarini qo‘limdan kelgancha sizga hikoya qildim, biroq uning ancha bo‘rttirilgan nutqini o‘zgartirishga uringanim yo‘q. Rostini aytganda, meningcha, bu hikoyaga yarashadi.
«U chandiqni qanday qilib orttirgan?» - so‘radim men nihoyat.
«O‘-o‘, bunga shisha butilka sabab bo‘lgan. U ochayotgan paytda idish yorilib ketgan. Zanjabil vinosining idishi».
«Bu narsani umuman yoqtirmayman», dedim men.

Inglizchadan O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi
Alisher Otaboyev tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.