...Albert Edvard Formen ruhoniylik libosini, xuddi cherkovning ulug‘vor ramzidek, o‘zgacha faxr-g‘urur bilan kiyardi, ularni o‘zi yuvib, o‘zi dazmollardi. Avliyo Pyotr cherkovida o‘n olti yil xizmat qilib, bir qancha ridolarni kiyib to‘zdirganiga qaramay, eskirganlarining birortasini ham tashlab yubormagandi. Ularning hammasi jigarrang qog‘ozga o‘rog‘liq holda, yotoqxonasidagi shkafda saqlanardi.
Ruhoniy Albert tilovatxonani sarishtalab, uyiga ketishi uchun yepiskop muovinining u yerdan chiqishini kutayotgan edi.
“U bu yerga nimaga kelgan ekan?”, dedi ichida. “Qornim ochganiniyam o‘ylamaydi”.
Yangi muovin bu vazifaga yaqindagina tayinlangan edi. Qizil yuzli, tinib-tinchimas bu odamning yoshi qirqlardan sal oshgan. Albert Edvard sobiq muovinni, eskicha maktabni tugatgan, bosiq va bunga o‘xshab har narsaga burnini suqavermaydigan kishini hamon eslardi.
Ko‘p o‘tmay ruhoniy o‘zi tomon kelayotgan muovinni ko‘rdi.
“Formen, men bilan yuring, Sizga aytadigan gapim bor”.
“Xo‘p bo‘ladi, ser”.
Avval muovin, keyin Albert Edvard tilovatxonaga kirdi. Xonada ikki ish yurituvchi o‘tirganini ko‘rib, Albert biroz taraddudlanib qoldi. Ularning bu joyga kirayotganini ko‘rmagandi. Ikkalasi ham jilmayib bosh silkitishdi.
“Xayrli kun, milord. Salom, ser”, so‘rashdi Albert ular bilan birma-bir.
Har ikkala ish yurituvchining ham yoshi ulug‘. Albert qachondan beri ruhoniylik qilib kelayotgan bo‘lsa, deyarli shuncha yildan beri ular ish yurituvchilik xizmatida. Ular muovin bir zamonlar Italiyadan keltirgan chiroyli stol atrofida o‘tirishardi. Muovin ham ish yurituvchilar orasidagi bo‘sh kursiga borib o‘tirdi. Albert Edvard ularning ro‘parasidan joy egallab, biroz xavotirda “bular nega keldi ekan”, deb o‘ylay boshladi. Bir safar organchi qandaydir mashmashaga aralashib qolib, bosti-bosti qilishga qanchalik qiynalganini Albert unutmagandi. Avliyo Pyotr cherkoviga o‘xshagan cherkovlarda tartib-intizomga juda qattiq turishardi. Muovinning qizil yuzida xotirjamlik bor, lekin ish yurituvchilar tashvishlidek ko‘rinishardi.
“Muovin ularni nimanidir qilishga undayapti, lekin bular xohlashmayapti, chamasi”, dedi Albert ichida. “Bu yerda nimadir bor”.
Biroq bu fikrlar Albertning yuzi-ko‘zida aks etmadi. Uning yuzida hurmat va shu bilan birga, o‘z qadr-qimmatini bilish alomatlari bor edi. Albert ruhoniy bo‘lguncha ko‘p joylarda xizmatkorlik qilgan edi. Ularning bari boy-badavlat oilalar bo‘lgan. Ishlashni boy savdogar oilasida yugurdaklikdan boshlab, beva qolgan boyvuchchaga bosh xizmatkorlik darajasigacha ko‘tarilgandi. Keyin esa, Avliyo Pyotrga ishga kirmasidan avval, qo‘l ostida ikkita yordamchisi bilan iste’foga chiqqan elchi oilasida bosh xizmatkor bo‘lib ishladi. Elchi novcha, ozg‘in, savlatli va o‘z qadrini biladigan odam edi. Ko‘rinishi xuddi gertsogga, hech bo‘lmaganda gertsog rolini o‘ynayotgan aktyorga o‘xshardi. Juda madaniyatli, qat’iyatli va o‘ziga ishongan odam edi.
Muovin baland ovozda gap boshladi:
“Formen, biz sizga noxush bir narsani aytish uchun to‘plandik. Siz bu yerda, mana, necha yillardan beri ishlab kelayapsiz. Shu paytgacha zimmangizdagi vazifani sharaf bilan ado etdingiz...”.
Ish yurituvchilar ham bosh silkishib ma’qullashdi.
“Lekin yaqinda men g‘alati bir narsani sezib qoldim, bu haqda ish yurituvchilarga bildirib qo‘yishni o‘z burchim, deb bildim. Siz o‘qishni ham, yozishni ham bilmas ekansiz, shundaymi?”
Albertning yuzida xijolatdan asar ham sezilmasdi.
“Sobiq muovin buni bilardi, ser, — javob qildi u. — U savodli bo‘lish shart emas, degandi. Shundog‘am dunyo savodlilarga to‘lib yotibdi, derdi doim”.
“Yo, tavba! — deb yubordi ish yurituvchilardan biri. — Nahotki, shu cherkovda o‘n olti yildan beri ruhoniylik qilib, biror marta o‘qishu yozishni o‘rganishga hatto urinib ham ko‘rmagan bo‘lsangiz?”
“O‘n ikki yoshimdan xizmatkorlik qilganman. Men ishlagan birinchi joydagi oshpaz meni o‘qitishga urinib ko‘rgan edi. Lekin bunga iqtidorim yetmagan, shekilli. Keyinchalik vaqt bo‘lmadi. Boshqa tomondan, o‘qishni o‘rganishning menga keragi ham yo‘q edi”.
“Lekin yangiliklarni qanday bilgansiz? — deb so‘radi ikkinchi ish yurituvchi. — Nahotki, biror marta xat yozmagan bo‘lsangiz?”
“Yo‘q, ser, bilmadim, shusiz ham kunim o‘tayapti-ku. Hozir hamma gazetada rasmi bor, shularga qarab bilib olaveraman. Xatni bo‘lsa xotinim yozib beradi”.
Ish yurituvchilar muovinga bir qarashdi-da, keyin stolga termulib qolishdi.
“Mayli, Formen, men bu birodarlar bilan gaplashdim. Ular ham ahvol ancha murakkabligini tushunishdi. Avliyo Pyotr cherkoviga o‘xshagan cherkovda savodsiz ruhoniyning bo‘lishi mumkin emas”.
Albert Edvardning ozg‘in, rangpar yuziga qizillik yugurdi. U joyida notinch qimirlab qo‘ydi-yu, lekin hech narsa demadi.
“O‘rgansangiz bo‘ladi-ku, Formen?”, dedi ish yurituvchilardan biri.
“Yo‘q, ser, endi o‘rganolmayman. Ko‘rib turibsiz, yosh emasman. Bolalik paytimda o‘rganolmagan o‘qishni endi o‘rganishimga ko‘zim yetmaydi”.
“Sizni qiynash niyatimiz yo‘q, Formen, — dedi muovin, — ammo ish yurituvchilar bilan birga shunday fikrga keldik. Sizga uch oy muhlat beramiz, agar shu muddat oxiriga kelib o‘qishni ham, yozishni ham o‘rgana olmasangiz, ming afsuski, bu yerdan ketishingizga to‘g‘ri keladi”.
Albert Edvard yangi kelgan muovinni yoqtirmasdi. Boshidayoq Avliyo Pyotrga bu odamni muovinlikka tayinlab yuborib xato qilishdi, deb aytgandi. Albert o‘z izzatini bilardi. Shuning uchun qaddini rostladi.
“Afsuski, ser, o‘rganish qo‘limdan kelmaydi. Falakning bunday g‘aroyibotlarini o‘rganish uchun kechikdim, judayam qartayib qoldim. O‘qishu yozish nimaligini bilmay shuncha yil yaxshi yashadim, agar bularni o‘rganishga hozir qurbim yetgandayam, xohlamagan bo‘lardim”.
“Unday bo‘lsa, Formen, afsuski, ishdan bo‘shashingizga to‘g‘ri keladi”.
“Ha, ser, tushundim. Mening o‘rnimga odam topishingiz bilanoq arizamni yozaman”.
Lekin Albert Edvard odatdagidek xushmuomalalik bilan muovin va ish yurituvchilar orqasidan cherkov eshigini yopgach, xo‘rligi kelib beixtiyor lablari titray boshladi. Bir-bir qadam tashlab tilovatxonaga qaytdi va ruhoniylik libosini ilgichga osdi. Bu libos qanchadan-qancha nikoh to‘ylari-yu, dafn marosimlarini ko‘rganini o‘ylab “uh” tortdi. Hamma joyni tozalab, paltosini kiydi-da, shlyapasini olib, cherkovdan chiqdi. Cherkov eshigini yopib, maydonni shoshilmasdan kesib o‘tdi. Ammo g‘amga botib, uyiga olib boradigan ko‘chadan o‘tib ketdi. Shoshilmasdan yuraverdi. Ko‘ngli juda g‘ash bo‘ldi. Endi nima qilishini bilmasdi. Yana avvalgidek birovlarning uyida xizmatkor bo‘lishni xohlamasdi. Shuncha yil ozod yurgandan keyin birovning xizmatini qilish qo‘lidan ham kelmasdi. Hozirgacha u anchagina pul jamg‘arib qo‘ygandi, lekin bu pullar umrining oxirigacha hech qaerda ishlamay yashashga yetmasdi. Buning ustiga narx-navo ham yildan-yilga oshib borayotir. Hech qachon bir kuni shunaqa muammoga ro‘baro‘ kelishini o‘ylamagandi. Avliyo Pyotr ruhoniylari, Rim papalariga o‘xshab, umrlarining oxirigacha o‘z vazifalarida qolishardi. Albert chuqur xo‘rsindi. U juda kam chekardi va deyarli ichmasdi. Faqat ba’zan tushlikdan keyin ozgina pivo ichishni xush ko‘rar, holdan toygan paytlarida bir-ikki dona sigareta chekishi mumkin edi. Hozir ham sigareta chekib ovunmoqchi bo‘ldi. O‘zi bilan olib yurmagani uchun tamaki sotadigan do‘kon qidira boshladi. Ha deganda biror do‘kon topa olmagach, yurishga to‘g‘ri keldi. Bu uzun ko‘chada har xil do‘konlar ko‘p bo‘lsayam, birortasida tamaki sotilmasdi.
“Qiziq-ku”, dedi Albert Edvard. Toza ishonch hosil qilish uchun ko‘chani yana bir marta aylandi. Yo‘q, tamaki do‘koni yo‘q edi. U to‘xtab, o‘ychan qiyofada u yoq-bu yoqqa qaradi.
“Mendan boshqa ham bu ko‘chada sigareta qidirib yurganlar bo‘lsa kerak”, dedi u. “Agar biror kishi bu yerda tamaki sotadigan do‘kon ochsa, ancha pul ishlab olarkan”.
U birdan sapchib ketdi:
“Axir, bu zo‘r fikr-ku!”, dedi u. “Tavba, hech kutmagan paytda miyaga shunaqa fikrlar keladi-ya!”
Albert tez-tez yurib, uyiga bordi va choyini ichdi.
“Bugun juda kamgapsan?”, deb so‘radi xotini.
“Men o‘ylayapman”, dedi u.
Rejasini har tomonlama pishitdi va ertasiga o‘sha ko‘chaga bordi. Omadi kelib, ijaraga beriladigan do‘koncha topdi. 24 soatdan keyin do‘konni ijaraga olib, bir oydan keyin tamaki va gazeta sotuvchi bo‘lib tijoratni boshladi. Xotini Avliyo Pyotrda ruhoniylikdan keyin savdo-sotiq bilan shug‘ullanish o‘zini yerga urish bilan teng, dedi. U esa bunga javoban yashash uchun odam ishlashi kerakligini aytdi.
Albert Edvardning ishlari yurishib ketdi. Shunchalik yurishdiki, bir yillardan keyin u yana bir do‘kon olib, unga ish boshqaruvchi yollashni o‘ylay boshladi. U tamaki do‘koni yo‘q boshqa ko‘chani qidirdi. Shunday ko‘chani topgach, u yerdan ham ijaraga do‘kon oldi. Bu do‘kon ham yaxshi foyda bera boshladi. Keyin u ikkita do‘konning ishini olib borayotgan bo‘lsam, oltitasini ham eplayman, deb o‘yladi. London bo‘ylab yurib, qaerda tamaki do‘koni yo‘q ko‘cha ko‘rsa, o‘sha joydan ijaraga do‘kon olaverdi. O‘n yil ichida Albertning do‘konlari soni o‘ntaga yetdi va u qiyinchiliksiz tinmay pul ishlay boshladi. Har dushanba kuni u do‘konlarni aylanib chiqib, bir haftalik foydani yig‘ar va mablag‘ni bankka qo‘yardi.
Bir kuni ertalab bir bog‘lam banknotlar va og‘ir sumka to‘la pulni bankdagi hisob raqamiga qo‘yayotganda kassir bank direktori u bilan uchrashmoqchi ekanini aytdi. U xonaga kirgach, direktor bilan qo‘l qisib ko‘rishdi.
“Janob Formen, siz bilan bankimizga qo‘ygan pulingiz haqida gaplashmoqchi edim. Pulingiz qancha bo‘lganini bilasizmi?”
“Aniq emasu, lekin taxminan bilaman, ser”.
“Hozirgi berganlaringizni hisoblamasak, o‘ttiz ming funt sterlingdan sal ko‘proq. Bu hisob raqamda bekor yotadigan mablag‘ emas. Bu mablag‘ni xarajat qilsangiz ko‘proq foyda olasiz”.
“Tavakkal qilishdan qo‘rqaman, ser. Bankda bo‘lsa, ular ishonchli qo‘llarda”.
“Siz bu haqda hech ham qayg‘urmang. Biz sizga mutlaqo xavfsiz, ishonchli qimmatbaho qog‘ozlar ro‘yxatini beramiz. Ular sizga bankdan olayotgan foydangizdan ancha ko‘p foyda keltiradi”.
Janob Formenning zodagonlarga xos qiyofasida bezovtalik paydo bo‘ldi.
“Aktsiyayu paylar bilan hech qachon shug‘ullanmaganman. Pullarim bankingizda turaversin degandim”.
Direktor jilmaydi: “Hammasini o‘zimiz qilamiz. Keyingi safar kelganingizda pul o‘tkazish haqidagi hujjatlarga qo‘l qo‘ysangiz bo‘ldi”.
“Qo‘l qo‘ya olaman, — dedi Albert ikkilanib, — lekin nimaga qo‘l qo‘yayotganimni qanday bilaman?”
“Har holda o‘qishni bilsangiz kerak?”, dedi direktor biroz achchiqlanib.
Janob Formenning chehrasida beozor tabassum paydo bo‘ldi.
“Bilasizmi, ser, faqat mana shu ish qo‘limdan kelmaydi. Gapimdan kulishingiz mumkin. Ammo men o‘qishni ham, yozishni ham bilmayman. Ismimni yozishniyam tijorat bilan shug‘ullana boshlagach o‘rgandim”.
Direktor hayratdan o‘tirgan kursisidan sapchib ketdi.
“Bunaqasini endi eshitishim”. Xuddi afsonaviy maxluqni ko‘rayotgandek Albertga baqrayib qaradi.
“Nahotki, shunday katta darajaga, o‘ttiz ming funt sterling boylikka o‘qishni bilmagan holda erishgan bo‘lsangiz? Ey Xudo, do‘stim, agar o‘qishni bilganingizda hozir qanday odam bo‘lgan bo‘lardingiz-a!”
“O‘qishni bilganimda, ser, — dedi janob Formen zodagonlarga xos chehrasida xiyol tabassum bilan, — agar o‘qishni bilganimda, Nevil maydonidagi Avliyo Pyotr cherkoviga borib, ruhoniy bo‘lgan bo‘lardim”.
Alisher Otaboyev tarjimasi