Luiza nega meni o‘ziga yaqin olganiga sira aqlim yetmaydi. U meni yomon ko‘rardi. Imkon bo‘ldi deguncha ortimdan xunuk gaplarni gapirishini sezib yurardim. Yoqtirmasligini ochiq aytmasa-da, pichinglari-yu, xo‘rsinishlaridan, chiroyli qo‘llarini silkitishlaridan ham buni tushunib olish qiyin emasdi. Bir-birimizni yigirma besh yildan beri yaqindan bilardik. Lekin bu narsaning Luiza uchun hech qanday ahamiyati yo‘q edi. U meni qo‘pol, surbet va shafqatsiz odam, deb hisoblardi. Shunaqa yomon ko‘rarkan, nega meni holi-jonimga qo‘ymaydi, boshim qotardi. Dam-badam nonushta yoki tushlikka chaqirar, dam olish kunlari shahar tashqarisidagi uyiga ham yiliga bir necha marta taklif qilardi. Ehtimol, yolg‘iz mengina uning niqob ostidagi haqiqiy basharasini ko‘rishga qodirligimni Luiza bilgandir. Men ham ertami, kechmi, yuzimga shunaqa niqob kiyishimga umid qilgandir.
Luizani qizlik paytidanoq bilardim. O‘sha paytlari u katta-katta ko‘zlari ma’yus boquvchi nimjongina qiz edi. Ota-onasi Luizani haddan ziyod yaxshi ko‘rishar, yeru ko‘kka ishonishmasdi. Bunga Luizaning dardchilligi ham sabab edi. Bilishimcha, Luiza bolaligida qizilcha kasaliga chalinib, yuragi zaiflashib qolgan, endi u o‘zini har tomonlama asrab-avaylab yashashga majbur edi.
Tom Metlend uning qo‘lini so‘raganida, qizning ota-onasi qo‘rqib ketishdi. Ular Luizaning bu ahvolda erga tegishga umuman yaramasligini bilishardi. Lekin ular boylar toifasidan emasdilar. Tom Metlend esa badavlat odam edi. U, Luiza xohlasa, osmondagi oyni ham olib berishga va’da berdi va oxir-oqibat ular qizlarini Tom Metlendning qo‘liga ishonib topshirishdi. Tom qoruvli, kuchli va kelishgan yigit bo‘lishi bilan birga, yaxshigina sportchi ham edi. U Luizani jonidan ortiq yaxshi ko‘rardi. Yuragi xasta sevgilisidan yaqin-orada judo bo‘lishini bilardi, Luiza qolgan sanoqli yillarini baxtli o‘tkazishi uchun qo‘lidan kelgan hamma narsani qilishga hamisha tayyor edi.
U ilgaridan qoyilmaqom qilib bajarib yurgan sport mashq¬laridan ham voz kechdi. Yo‘q, Luiza shunday bo‘lishini xohlagani uchun emas, biror yoqqa ketmoqchi bo‘lib turgan paytida har gal Luizaning yuragi sanchib qolgani uchun mashqlardan voz kechdi. Janjallashib qolishgan vaqtlarida Luiza eng yaxshi xotin qiyofasiga kirib, darrov Tomga yon bosardi. Keyin Luizaning yuragi bezovta qilar va u bir hafta musichai beozor bo‘lib, to‘shakka mixlanib yotardi. Shunday paytlarda Tom xotiniga qattiq gapirishga yuragi betlamasdi.
Bir safar Luiza o‘zi judayam xohlab sayrga chiqib yayov sakkiz mil yo‘l yurganini ko‘rib, Tom Metlend¬ga Luizaning sog‘ligi uncha-muncha ayollarnikidan yaxshi ekanligini aytdim. Tom boshini chayqab, xo‘rsindi:
“Yo‘q, Luiza aslida judayam zaif. U dunyodagi eng yaxshi yurak mutaxassislari ko‘rigidan o‘tdi. Hammasi Luizaning sanoqli kunlari qolganini aytdi. Metin irodasi borligi uchun ham hozir o‘zini shunday tutayapti”.
Tom gaplarimni Luizaga ayt¬di.
“Buning azobini ertaga ko‘raman”, dedi Luiza menga qarab “uh” tortarkan: “Yana o‘lim bilan yuzma-yuz bo‘laman”.
“Ba’zida menga sizda hech qanaqa kasallik yo‘qday tuyuladi”, dedim sekingina.
Gashtli o‘tgan mehmondorchiliklarda Luiza ertalabki beshlargacha raqs tushib charchamaganini, befayz o‘tirishlarda esa mazasi qochib, Tom uni uyiga vaqtli olib ketganini bir necha marta ko‘rgandim. Menga qarab siniqqina kulib qo‘ygan bo‘lsa-da, boyagi gapim Luizaga yoqmaganini sezdim. Katta-katta ko‘k ko‘zlaridan kayfi qochganligi bilinib turardi.
“Men sizni xursand qilish uchun o‘layotganim yo‘q”, dedi u.
Luiza eridan ham ko‘proq yashadi. Bir kuni ular yelkanli qa¬yiqda sayr qilib qaytishganidan keyin Tom qattiq shamollab qolib jon taslim etdi. Luizani isitish uchun uni uydagi bor gilamu ko‘rpalar bilan o‘rab qo‘yishga to‘g‘ri keldi. Tom Luizaga katta bisot va bir qiz qoldirib ketdi. Luiza tasalli topmaydigan bir ahvolga tushib qoldi. Xasta yuragi bilan bu kulfatni ko‘tara olganiga aql bovar qilmasdi. Bechora Tom Metlendni tuproqqa qo‘yishda Luizaning do‘stlari unga dalda bo‘ldilar. Ular onasidan ham ajralib yetim bo‘lib qolishi mumkin bo‘lgan Luizaning qizi Irisga chindan qayg‘ura boshlagan edilar. Shu bois, Luizaning tevaragida girdikapalak bo‘lishardi. Do‘stlari Luizaning qo‘lini sovuq suvga urdirmadi, uni turli tashvishlardan xoli qilish uchun har qanday narsaga tayyor ekanliklarini bildirishdi. Darhaqiqat, ularga ish ham topildi, chunki Luiza biror og‘irroq yoki yoqmaydigan yumush qilmoqchi bo‘lsa, yuragi sanchib, bir o‘lib-bir tirilardi. “Agar birov menga ko‘z-quloq bo‘lib turmasa, o‘lishim aniq” derdi Luiza. Shu ahvolida qizalog‘i Irisni qanday katta qilishiga aqli yetmasdi. “Nega yana erga tegmaysiz?”, deb so‘rashardi do‘stlari. “Oh, bu yuragim bilan erga tegish haqida o‘ylashga ham botinolmayman”, derdi Luiza.
Lekin Tomning o‘limidan ke¬yin bir yil o‘tgach, Luiza qo‘lini so‘ragan Jorj Xobhauzga rozilik berdi. Jorj kelishgan va anchagina badavlat odam edi. Bu nimjon ayolni panohiga olishiga rozilik berishganida, Jorjdan baxtiyor odamni ko‘rmadim.
“Men sizni ko‘p qiynamayman”, derdi Luiza. Jorj shuhratparast harbiylardan edi. Lekin ishini tashlab qo‘ydi. Luizaning sog‘lig‘i yomonlashib qishni Monte Karlo, yozni esa Dyuvilda o‘tkazishga majbur bo‘ldi. Jorj uch-to‘rt kunlik umri qolgan xotinini qo‘lidan kelguncha xursand qilishga ahd etdi.
“Hayotim tugab borayapti”, derdi Luiza: “Tinchgina o‘lishga harakat qilaman”.
Keyingi ikki-uch yil mobaynida Luiza xasta yurak bilan chiroyli kiyinib, eng qizg‘in bazm¬larga borishni, do‘rji-do‘rji pul tikib qimor o‘ynashni, baland bo‘yli, chiroyli yigitlar bilan raqs tushishni va hatto ularga noz-karashma qilishni ham epladi. Luizaning birinchi eridagi matonat Jorj Xobhauzda yo‘q edi va u Luizaning ikkinchi eri sifatida zimmasidagi tashvishlardan zerikib, ora-sira ichib yurishga majbur bo‘ldi. Albatta, Jorj aroqqa mukkasidan ketganida bu qiliq Luizaga yoqmasdi. Ammo (Luizaning baxtiga) urush boshlandi. Jorj zahiradan o‘z polkiga qaytib, uch oydan keyin halok bo‘ldi. Bu zarba Luizani esankiratib qo‘ydi. Lekin shunday musibatdan keyin ham u g‘am-g‘ussaga yo‘l bermasligi lozimligini his qilardi. Agar o‘sha paytda yuragi xuruj etganda hech kim bu haqda xabar topmagan bo‘lardi. O‘zini chalg‘itish uchun Luiza Monte Karlodagi villasini oyoqqa turayotgan ofitserlarga mo‘ljallangan shifoxonaga aylantirdi. Do‘stlari unga bu tashvish og‘irlik qilishini aytishdi.
“Bu ish meni o‘ldirishi aniq”, dedi u: “Bilaman. Lekin buning nima ahamiyati bor? Bosh¬qalarga yordam berishim kerak”.
Luiza o‘lmadi. Qaytaga avvalgidan ham yashnab ketdi. Uning shifoxonasiga teng keladigan kasalxona butun Frantsiyada yo‘q edi. Uni tasodifan Parijda uchratib qoldim. Restoranda novcha va juda kelishgan yosh frantsuz bilan tushlik qilayotgan ekan. “Bu yerda shifoxonaga aloqador ishlar bo‘yicha yuribman”, deb tushuntirdi u. Luiza kasalxonadagi ofitserlar unga mahliyo ekanligi haqida gapirdi. Ular Luizaning kasali og‘irligini tushunisharkan va unga hech qanday yumush qoldirishmaskan. Go‘yo ular Luizaga eridek g‘amxo‘rlik qilisharkan. Luiza xo‘rsindi.
“Bechora Jorj, shu yuragim bilan undan ko‘p yashashimni kim ham o‘ylabdi deysiz?”
“Eh, bechora Tom,” dedim men.
Nega bu gapim unga yoqmaganini tushunmayman. U menga siniqqina jilmaydi, ko‘zlari yoshga to‘ldi.
“Doim o‘limimni kutayotgandek gapirasiz...”
“Aytmoqchi, yuragingiz ancha sog‘ayib qolibdi, deb eshitdim?”
“Yuragim hech qachon sog‘aymaydi. Bugun ertalab shifokor ko‘rigiga bordim. O‘lishga tayyor bo‘lib turishimni maslahat berdi”.
“Yo‘g‘-e, bunga yigirma yildan beri tayyorlanasiz-u?”
Urush tugagandan keyin Luiza Londonga ko‘chib o‘tdi. Endi yoshi qirqdan oshib qolgan, avvalgidek ozg‘in va nimjon, ko‘zlari katta-katta, yuzlari rangpar ayol bo‘lsa ham, yigirma beshdan oshmagandek ko‘rinardi. Maktabni tugatib, bo‘yga yetib qolgan Iris esa u bilan birga yashay boshlagandi.
“U menga qaraydi”, derdi Luiza: “Turgan gap, mendek qari nogiron bilan yashash unga qiyin bo‘ladi. Lekin bu bir-ikki kun davom etadigan narsa. Irisning yo‘q demasligi aniq”.
Iris juda yaxshi qiz edi. Uni, onasining sog‘lig‘i yomonligini muntazam uqtirib, voyaga yetkazishgandi. Bola bo‘lib u biror marta ham to‘polon qilmagan edi. Onasini yolg‘iz qoldirish mumkin emasligini doim yodida saqlardi. Mana endi Luiza qiziga: “Hammaning joniga tekkan keksa ayol uchun o‘zingni bag‘ishlashingga chiday olmayman”, deb qancha gapirmasin, u bu gaplarga quloq solmadi.
Luiza “uh” tortib, qiziga farzandlik burchini ado etishga ruxsat berdi.
“Bolamga menga g‘amxo‘rlik qilish yoqadi”, dedi u.
“Do‘stlari bilan birga yurgani yaxshimasmidi?”, deb so‘radim.
“E, buni unga doim aytaman. Do‘stlaring bilan o‘ynab-kulib yur, deb hech ko‘ndirolmadim. Tepada xudo bor, birovning meni deb huzur-halovatini yo‘qotishini hech qachon xohlamaganman”.
Men bu gaplarni Irisga ayt¬ganimda, u shunday dedi: “Bechora oyijonim, mening do‘stlarim bilan birga bo‘lishimni, o‘tirishlarga borishimni xohlaydi, endi biror joyga boraman deb turganimda yuraklari sanchib qoladi, shuning uchun uyda qolganim yaxshi”.
Lekin ko‘p o‘tmay Iris bir yigitga ko‘ngil qo‘ydi. Yosh do‘stim, bama’ni bir yigit uning qo‘lini so‘radi va qiz rozi bo‘ldi. Irisni juda yaxshi ko‘rardim. Nihoyat o‘zi uchun ham yasharkan-da, deb quvondim. Lekin bir kuni o‘sha yigit tushkun bir ahvolda oldimga kelib, to‘y qoldirilganini ayt¬di. Iris onasini tashlab ketolmaskan. Bu mening ishim bo‘lmasa ham, bahona topib, Luizanikiga bordim. Choy ichib o‘tirgan paytida do‘stlari kelib qolsa, u doim xursand bo‘lardi.
“Iris erga tegmaskan, deb eshitdim?”, dedim muddaoga o‘tib.
“Bilmayman. Men xohlaganim bilan u erga tegmaydi... Meni o‘ylamay erga tegaver, deb tiz cho‘kib iltimos qilsam ham, “Sizni tashlab ketolmayman”, deyapti”.
“Qizingizga jabr qilmayapsizmi?”
“Balki. Lekin bu bir-ikki oy davom etadi. Buning ustiga men “O‘z hayotidan voz kechib, menga qarasin”, deyayotganim yo‘q-ku”.
“Azizim Luiza. Bir-ikki oy deb, ikkita eringizni ko‘mdingiz. To‘g‘ri, nimaga endi yana uch-to‘rttasini narigi dunyoga jo‘natmasligingiz kerak!”
“Bilaman! Men haqimda nima deb o‘ylab yurganingizni. Yuragimning kasal ekaniga hech qachon ishonmagansiz, shundaymi?”
Luizaning ko‘ziga tik qaradim.
“To‘ppa-to‘g‘ri. Siz yigirma besh yil hammani laqillatdingiz. Siz dunyodagi eng xudbin, eng qabih ayolsiz. Anovi ikkita badbaxt erkakning umriga zomin bo‘ldingiz. Endi bo‘lsa qizingizni ham shu ko‘yga solmoqchisiz”.
Agar o‘sha payt Luizaning yuragi to‘xtab qolganda hayron bo‘lmasdim. Uning quyushqondan chiqib ketishini kutgandim. U esa menga qarab muloyim jilmaydi.
“Bechora do‘stim, yaqin kunlarda bu gaplarni menga aytganingizdan shunday afsuslanasizki...”
“Endi Iris o‘sha bolaga erga tegmaydimi?”
“Erga teg”, deb qizimdan iltimos qildim. Meni tashlab ketsa, o‘lishimni bilaman. Mayli. Baribir, hamma meni yomon ko‘radi. Odamlarga ortiqcha yukman...”
“Tashlab ketsang — o‘laman”, deb unga aytdingizmi?”
“U meni shunga majbur qildi”.
“O‘zingiz biror ish qilishni xohlamasangiz, hech kim sizni majburlay olmaydi”.
“Xohlasa, o‘sha yigitga ertagayoq erga chiqsin. Shu narsa meni o‘ldirsa, o‘ldira qolsin”.
“Keling, bir tavakkal qilib ko‘raylik, maylimi?”
“Menga ozgina bo‘lsayam rahmingiz kelmayaptimi?”
“Shunaqa tomoshalar ko‘rsatgansizki, sizga rahmim kelishi qiyin”, dedim men.
Luizaning oppoq yuzlariga rang yugurdi. Luiza kuldi, lekin ko‘zlari g‘azab bilan qat’iy boqardi.
“Irisning to‘yi shu oyda bo‘ladi”, dedi u: “Agar menga biror narsa bo‘lsa siz ham, Iris ham o‘zingizni kechira olmassiz, deb umid qilaman”.
Luiza so‘zida turdi. To‘y vaqti belgilandi. Katta sep buyurildi va taklifnomalar tarqatildi. Iris va yigit juda xursand bo‘lishdi. To‘y kuni ertalab soat o‘nda, Luizaning, o‘sha yovuz ayolning yuragi yana bir marta qattiq xuruj qildi va u o‘ldi. Luiza o‘zini o‘ldirgan qizi Irisni kechirib, astagina jon berdi.
Alisher Otaboyev tarjimasi