Men uni teatrda uchratib qoldim, imlayotganini ko‘rib, tanaffus paytida yoniga borib o‘tirdim. U bilan oxirgi marta ko‘rishganimga ham ancha bo‘lgandi, agar ismini aytib chaqirishmaganida, o‘ylaymanki, uni tanimagan bo‘lardim. U menga sinchkovlik bilan murojaat qildi:
«Ha, birinchi marta uchrashganimizga ham ko‘p yil bo‘ldi. Vaqt qanday tez o‘tadi-ya! Hecham o‘zgarmabsan. Sen bilan birinchi marta uchrashganim esingdami? Meni nonushtaga taklif qilganding.»
Esimdami?...
Bu yigirma yil burun bo‘lgandi. Men Parijda yashardim. Lotin kvartalida1 kichkina boshpanam bor edi va ishlab topgan pulimga tirikchiligim arang o‘tardi. Xonim mening kitobimni o‘qib chiqdi va menga bu haqda xat yozib yubordi. Men unga minnatdorlik bildirdim va ko‘p o‘tmay undan yana bir xat oldim. Xatda uning Parijdan o‘tayotgani, men bilan uchrashish niyati borligi yozilgandi. Lekin vaqti chegaralangan, faqat kelasi payshanba kuni bo‘sh bo‘lardi. U mendan Foyotsda oddiygina nonushta berishimni so‘ragandi.
Foyots frantsuz senatorlari ovqatlanadigan joy bo‘lib, hamyonim ko‘tarmaganidan u yerga borishni hatto xayolimga keltirmagan edim. Lekin menga xushomad qildilar, men esa ayol kishiga «yo‘q» deyish uchun hali juda yoshlik qilardim. Oy oxirigacha tirikchiligim uchun sakson frankim qolgandi, xolos. Oddiygina nonushta esa o‘n besh frankdan oshmasdi. Agar keyingi ikki hafta nafsimni kofedan tiysam, ishim joyida bo‘lardi.
Uni Foyotsda, payshanba kuni, o‘n ikki yarimda, kutishimni yozib yubordim.
Xonim men o‘ylagandek yosh emasdi. Aft-angori uncha ko‘rimli emas, o‘zi hiyla savlatli ko‘rinar edi. U haqiqatan ham qirq yoshlarda
Edi, oppoq dona-dona tishlari menga odatdagidan ko‘pday tuyuldi. U sergap ayol edi. Men esa muloyim-qobil tinglovchi bo‘lishga tayyor bo‘lib turdim. Chunki, aftidan, u men haqimda gapirmoqchi edi. Taomnomani keltirishganda hayron qoldim, chunki narxlar men chamalagandan ancha yuqori edi. Lekin xonim meni tinchlantirdi.
«Men nonushtaga hech qachon ovqat yemayman», dedi u.
«Qo‘ysangiz-chi!» dedim o‘zimni himmatli ko‘rsatishga urinib.
«Faqat bitta ovqat yeyman. Meningcha, bizning zamonamizda odamlar juda ko‘p ovqat yeyishadi. Imkoni bo‘lsa, ozgina baliq... Qiziq, ularda losos go‘shti bormikan?»
Yo‘q, bu paytda losos ovi mavsumiga hali erta edi, bu taomnomada ham yo‘q edi, lekin men ofitsiantdan birorta bordir, deb so‘radim. Ha, ularda bitta ajoyib losos bor ekan. Men uni mehmonim uchun buyurtdim. Ofitsiant: «Ovqat tayyor bo‘lguncha biror nima yeysizmi», deb so‘radi.
«Yo‘q, - dedi xonim. - Men faqat bitta taom yeyman. Agar sizda ozgina uvildiriq topilsa, mayli. Men hech qachon uvildiriqqa «yo‘q» demayman».
Yuragim «shuv» etib ketdi. Uvildiriqni hamyonim ko‘tarmasligini bidardim, lekin xonimga buni ayta olmasdim. Ofitsiantga harna qilib bo‘lsa-da uvildiriq keltirishni buyurdim. O‘zim uchun taomnomadagi eng arzon taomni tanlidim. Bu qo‘y go‘shtidan tayyorlangan kotlet edi.
«Meningcha, siz go‘shtni juda yaxshi ko‘rsangiz kerak, - dedi u. - Bilmayman, kotletday quvvatli taomlarni yegach, ishga qanday kirisharkansiz. Men hech qachon oshqozonimni qiynamayman.»
So‘ngra ichimlikdan gap ochildi.
«Men nonushta payti hech qachon hech narsa ichmayman», dedi u.
«Men ham», darhol javob berdim men.
«Oq vinodan tashqari». U guyo men gapirmagandek so‘zini davom ettirdi: «Bu frantsuz oq vinolari shunday kuchsizki. Bu vinolar ovqatni hazm qildirishda juda yaxshi».
«Nimani xohlaysiz?», so‘radim undan.
«Shifokorim menga shampan vinosidan boshqa hech narsa ichishga ruxsat bermaydi».
Aftidan, rangim ozgina oqardi. Men bir shisha buyurdim. O‘zimni xotirjam tutib, shifokorim menga shampan vinosini ichishni mutlaqo taqiqlaganini aytdim.
«Unday bo‘lsa, siz nima ichmoqchisiz?»
«Suv»
U uvildiriq va losos go‘shtini yeb bo‘ldi. Keyin yayrab san’at, adabiyot, msiqa haqida gapirdi. Men esa hisob-kitob bo‘yicha qancha to‘lashim haqida o‘ylardim. Qo‘y go‘shtidan tayyorlangan kotletim tugaganida u dedi:
«Ko‘rib turibman, siz nonushtaga quvvatli taomlarni to‘yib yeyishga odatlanib qolgansiz. Bu noto‘g‘ri, albatta. Nima uchun menga taassub qilib faqat bitta taom bilan qanoatlanmaysiz? Aminmanki, shunday qilsangiz o‘zingizni juda yaxshi sezasiz.»
Ofitsiant qo‘lida taomnoma bilan yana kelganda, «Men faqat bitta taom yemoqchiman», dedim.
Xonim uning nari ketishini ishora qildi.
«Yo‘q,yo‘q, men nonushtaga hech qachon hech narsa yemayman. Faqat yengilgina tamaddi qilaman, bundan ortig‘ini xohlamayman. Men hech narsa yeya olmayman, lekin agar ularda birorta bundayroq sarsabil bo‘lganda edi. Sarsabildan birorta yemay Parijdan ketsam afsuslangan bo‘lardim.»
Yuragim shuv etib ketdi. Men sarsabilni do‘konlarda ko‘rgandim va haddan tashqari qimmatligini bilardim. Ularga ko‘zim tushsa, ko‘pincha so‘lagim oqardi.
«Xonimning bilgilari kelayotir, sizda sarsabildan birorta topilarmikan?», so‘radim ofitsiantdan.
Men «yo‘q» deydi deb umidlandim. Uning keng yuziga mamnun tabassum yoyildi va u meni shunaqa katta, shunaqa chiroyli, shunaqa yumshoq sarsabillar borligiga ishontira ketdiki, hang-mang bo‘lib qoldim.
«Men zig‘irchayam och emasman, - xo‘rsinib dedi mehmonim, - lekin, modomiki siz qattiq turib olgan ekansiz, sazangiz o‘lmasin, sarsabil yeyishga e’tiroz bildirmayman.»
Men sarsabil buyurdim.
«Siz ham yemoqchimisiz?»
«Yo‘q, men hech qachon sarsabil yemayman.»
«Bilaman, uni yoqtirmaydigan odamlar ham bor.»
Biz sarsabil tayyor bo‘lguncha kutdik. Meni vahima bosdi.
Gap oyning oxirigacha qancha pulim qolishidamas, hozir ovqatga to‘lashga yetish-etmasligida edi. Mabodo o‘n frankcha yetmasa, mehmonimdan qarz so‘rashga to‘g‘ri kelsa, juda yomon bo‘lardi. Bunga qurbim yetmasdi. Men qancha pulim borligini aniq bilardim va agar to‘lashga pulim yetmasa, qo‘limni cho‘ntagimga tiqib, tuyqusdan vahima solib baqirib, irg‘ib o‘rnimdan turaman, pulimni o‘g‘irlashibdi, deyman degan qarorga keldim. Undan ham ovqat haqini to‘lashga yetarli pul chiqmasa, u holda soatimni qoldirib, keyinroq qaytib kelib to‘layman, deyishdan boshqa iloj qolmasdi.
Xullas, sarsabilni keltirishdi. Ular juda katta va ishtahani qo‘zg‘atadigan darajada edi. Qizdirilgan yog‘ hidi dimog‘imni qitiqladi. Xonim ularni qanday qilib jig‘ildonidano‘tkazayotganini kuzatdim va odatdagidek xushmuomalalik bilan Bolkonda daramaturgiyaning ahvoli haqida gap ochdim. Nihoyat u tugatdi.
«Qahvami?» deb so‘radim.
«Ha, faqat muzqaymoq bilan qahva», javob berdi u.
Menga endi baribir edi, men o‘zimga qahva va unga muzqaymoq bilan qahva buyurdim.
«Siz bilasiz, men bir narsaga aminmanki, - dedi u muzqaymoqni yeb bo‘lib, - ikkovmizdan birimiz ovqatga munosabatni o‘zgartirishimiz kerak, birimiz esa jindek ko‘proq yeyishimiz ham mumkin.»
«Siz hali ham ochmisiz?» arang so‘radim men.
«O, yo‘q, men och emasman: ko‘rib turibsiz, men nonushtaga hech narsa yemayman. Ertalab bir piyola qahva ichaman, keyin tushlik, lekin hech qachon nonushtaga bittadan ortiq taom yemayman. Men sizni gapirayotgan edim.»
«O, tushunib turibman!»
Keyin xunuk voqea yuz berdi. Biz qahvani kutib turgan paytda, yuzida soxta tabassum bilan katta-katta shaftoli to‘la savatni ko‘tarib bosh ofitsiant oldimizga keldi. Bu payt shaftoli pishadigan mavsum emas edi. Ularning narxi birgina yaratganning o‘ziga ayon. Men ham bildim, biroq sal keyinroq, bahonasida, u gapini davom ettira turib parishonlik bilan shaftoli oldi.
«Bilasizmi, siz qorningizni go‘sht bilan to‘ydirib oldingiz, endi hech nima yeya olmaysiz. Men ozgina ovqat tanovul qildim, shuning uchun shaftoli yeb maza qilaman.»
To‘lashim kerak bo‘lgan hisob aytishdi. To‘layotganimda cho‘ntagimdagi pulim bazur yetishini ko‘rdim. Uning ko‘zlari bir lahza men ofitsiantga bergan uch frankka qadaldi va bildimki, u meni o‘taketgan xasis odam, deb o‘yladi. Biroq restorandan chiqqan paytimizda hali oldimda butun boshli bir oy bor, cho‘ntagimda esa bir penni ham yo‘q edi.
«Mendan o‘rnak oling, - dedi u biz qo‘l siqishayotganimizda, - va hech qachon nonushtaga bittadan ko‘p ovqat yemang.»
«Men bundan ham yaxshiroq qilaman, - javob berdim men. - Bugun tushlikka hech narsa yemayman.»
«Qiziqchi, xursandchilik bilan hayqirdi u, faytunga irg‘ib chiqib. - Siz haqiqiy qiziqchisiz!»
Nihoyat men o‘chimni oldim. Hozirgi kunda uning vazni yigirma bir stone*
Alisher Otaboyev tarjimasi
_____________
*21 stone = 133,3kg. /stone- ingliz og‘irlik o‘lchovi - 6,33kg