OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

I Chol Xuan. Mehr daraxti (hikoya)

Che Ok kollejni tamomlagandan so‘ng mehribonlik uyiga ishga kirdi. U yerda ota-onasi yo‘q bolalar umid bilan yashashardi. Bir yil davomida ular bilan yashab, ota-ona mehrining qanchalar kerak ekanligini his etdi. Bolalarga qaynoq mehr ulashmoqni istardi. Ammo Che Okning oldida tog‘dek bir to‘siq turardi. Ularga muhabbat ulashaman deb, ko‘nglini og‘ritib qo‘yishdan qo‘rqardi. Ba’zan bu yerdan ketib qolishni rejalashtirar, ammo ko‘zlari mo‘ltirab qarab turgan bolalarni tashlab ketishga vijdoni yo‘l qo‘ymasdi.
Sochini kalta qilib kesib olgan mudira bolalarga juda qattiqqo‘l edi. Che Ok esa bu qattiqqo‘llikni mehr bilan almashtirishni o‘ylab yurardi. Bu qalbi o‘ksik bolalarga qat’iy intizom emas, qaynoq muhabbat kerak.
Kech kunlarning biri edi. Bir qariya Yong Hening yoqasidan ushlab hovliga sudrab kirib keldi. Qariyaning qo‘lida bir dona banan bor edi.
– Hoy, bolalaringizga nimani o‘rgatyapsizlar. Bu zumrasha uyimizdan banan o‘g‘irlamoqchi bo‘ldi, – qariya g‘azab bilan gapirdi.
 Yong He uning qo‘lida nafasi bo‘g‘ilib turardi. Qariyadan mudira kechirim so‘ragach, u hovlidan javray-javray chiqib ketdi. Yong Heni mudira xonasiga chaqirdi.
– Nega banan o‘g‘irlading? Gapir dedim senga! Endigina o‘n yoshga kirding-ku, o‘g‘irlikni qayerdan o‘rganding? Uyalmaysanmi? – mudira so‘nggi gapini ovozini pasaytirib gapirdi.
– Juda ham banan yegim kelgandi, shuning uchun shunday qilgandim, – Yong He boshini egib javob berdi.
– Qanchalik yeyishni xohlasang ham birovning narsasini o‘g‘irlamasliging kerak. Yo biz senga shuni o‘rgatyapmizmi? – shunday deya mudira Yong Heni ayovsiz kaltakladi.
Yong Hening burni qonagani uchun ust-boshi qonga belandi. Og‘riqdan ingranayotgan bolakayning ahvoli kishi yuragini ezadigan darajada achinarli edi. Shu kuni kechqurun mudira bozorga borib keldi. Ikki qo‘lida sumkani to‘ldirib banan sotib olib keldi. U uxlab yotgan bolalarning boshiga bittadan banan qo‘yib chiqdi. Mudira bolalar yotoqxonasidan chiqib ketar ekan, ko‘zlari to‘la yosh edi.
Mehribon kuz quyoshi hovliga zarrin nurlarini sochib turardi. Bir guruh ninachilar uchib yurardi. Bolalar chug‘urlashib tashqariga chiqqanida, mudira gullarga suv berayotgan edi. Che Ok kirlarni yuvib, dorga osayotgandi, mudira uni chaqirib qoldi.
– Kim o‘qituvchi, bu yoqqa qarang, ishtahani ochuvchi pomidorlarning pishganini qarang, – mudira unga suv berayotib zavq bilan gapirdi.
– Nega siz har doim shu pomidorga mehr bilan qaraysiz?
– Unchalik emas. Ba’zan erinchoqligim tutib, suv bera olmayman. Unga qarasam, bolalarni o‘ylayman. Pomidor mevasining bandi xuddi onaning qo‘llariga o‘xshab mahkam ushlab olgani mo‘‘jizaga o‘xshaydi, – mudira qip-qizil bo‘lib pishgan pomidorlarni ushlab ko‘ra boshladi. – Kim o‘qituvchi, men bolalarga juda qattiqqo‘lman-a? Ba’zan qahru g‘azabim haddan oshib ketadi. Shu paytgacha ularning qalbiga quloq solmabman. Ularning ota-onasini sog‘inganini, yuragidagi qayg‘u ovozini eshitmabman.
Shu kuni mudiraning aytgan gapi Che Okning qalbida chuqur iz qoldirdi. Kech bo‘lib qolgandi, Che Ok bolalarning kiyimlarini taxlab bo‘lgach, mudiraning xonasiga bordi. U bu yerdan ketish uchun mudiradan ruxsat so‘ramoqchi edi. U gulzor oldidan o‘tib ketayotganda, mudiraning ochiq derazasidan qaradi. Ichkarida Yong He boshini egib o‘tirardi. Che Ok deraza tagida turib, Yong Hening chiqishini kutdi. Ochiq turgan derazadan ichkaridagi ovoz aniq-tiniq eshitilib turardi.
– Yong He, ol uyalmay yeyaver. Bu bananlarni senga berish uchun atay sotib olib keldim.
– O’zingiz nega yemayapsiz?
– Men sen kelishingdan oldin yeb olgandim. O’tgan safar senga juda azob berdim, meni kechir.
– Ayb menda. Sizni uyaltirib qo‘yganim uchun uzr.
– Banan yeging kelganda, nega menga aytmading?
– Rostini aytsam, mening yegim kelmagandi. Bir necha kun oldin Kyong Su qattiq betob bo‘lib qoldi. Endigina besh yoshga kirgan Kyong Su kuni bilan onasini so‘rab isitma qilib, alaxsirab chiqdi. Shu kuni kechasi Kyong Su banan yegim kelyapti, deganda nima qilishni bilmay qoldim...
– Nega shuni aytmading? Men bilmay seni jazolabman.
– O’g‘irlik qilish yomon ish ekanligini bilaman. Boshqa bunday qilmayman.
– Sen ham onangni qo‘msab, yuraging ezilayapti, – mudiraning so‘zlari yig‘i ovozi bilan qorishib ketdi.
Che Ok quloqlariga ishonmasdi. Turli o‘ylar bilan chalkashib qolganda, Yong Hening gapi xayollarini tumandek tarqatib yubordi.
– Sizni oyi, deb chaqirsam maylimi?
– Mayli, meni oyi deyaqol. Oyingni bag‘riga kel, Yong He.
Che Ok derazadan qarab turardi. Mudira Yong Heni mahkam quchoqlab olib, tinimsiz yig‘lardi.
– Oying sendan uzr so‘raydi. Bilmay qalbingga jarohat yetkazib qo‘ydim. Meni oyi deb atashingni boshqa bolalar bilib qolsa, ular noto‘g‘ri tushunishi mumkin. Ularning ham yuragi og‘riydi. Ular senga havas qilib, o‘zlari qiynalishadi.
– Men ham buni tushunaman. Siz hammaga onalik qilishingiz kerak.
– Sen ham katta bola bo‘lib qolding. O’rta maktabda o‘qisang, ukalaringga aytsang bo‘ladi. O’shanda ukalaring ham ancha ulg‘ayib qolgan bo‘ladi.
Che Ok ohista qadamlar bilan gulzordan o‘tib ketdi. Osmonda yulduzlar porlab turardi. Uning ham ko‘zlaridan yulduzlar misol yoshlar to‘kila boshladi. U xonaga kirib, bolalar bilan xayrlashish uchun yozgan xatini yoqib yubordi. Shu payt bolalar yotoqxonasidan ingroqqa o‘xshash ovoz eshitildi. Bu besh yoshar Kyong Suning ovozi edi.
– Oyi... oyijon, – deb alaxsirardi u.
Kyong Su tush ko‘rayotgan edi. Che Ok Kyong Suning oldiga keldi. So‘ng uning yuziga tikildi. Ayni shu payt bir tomchi qaynoq ko‘z yosh Kyong Suning yostig‘iga tomdi. Che Ok ham mudira kabi mana shu qalbi o‘ksik bolaga onalik qilishni o‘ylayotgan edi.
 

Koreyschadan Malohat G‘afforova tarjimasi
«Kitob dunyosi» gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.