OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Elizabetta Brassington. “Genri” (hikoya)

— Qani, menga ber-chi. Sen eplolmayapsan.
Xotinim pichoqni qo‘limdan yulqib oldi-da, qattiq bo‘lakni chaqqonlik bilan qirqa boshladi. U g‘aroyib shakldan tuguncha hosil qildi. Qog‘ozni buklar ekan, yuziga mamnun tabassum qo‘ndi.
— Shunchaki termulib turaverma, — dedi u. — Velosipedingning nasosini olib kelib ber.
U g‘alati moslama ichiga nasos bilan havoni haydarkan, ajabki, u narsa inson qiyofasiga kirib borardi.
Rafiqam achishayotgan qo‘llarini dam oldirish uchun bir nafas to‘xtadi.
— Menga ber-chi, – dedim unga.
— Sensiz ham o‘zim yaxshi uddalayapman, – jerkib berdi u zirillagan tovush bilan, nasos tutqichidagi qo‘limni itarib.
U zavq bilan shaklni asta-sekin to‘liq qiyofaga kirishini kuzatib turdi. Bizning kichkinagina oshxonamizda xuddi mening bo‘yim bilan barobar qiyofa qad rostladi. U yashil plastmassali kostyumi va qattiq jag‘lari bilan kelishgan hamda aqlli bo‘lib ko‘rindi.
— Mashina uchun, – tushuntirdi rafiqam menga yana shatillatib. – Uni gazetadagi e’londan o‘qib qoldim. U mening yonimda o‘tirib, o‘g‘rilarni qo‘rqitib yuradi.
Kulib yubordim. Rafiqam bu sun’iy qo‘g‘irchoqsiz ham qaroqchilarning o‘takasini yora olardi.
— Bu bizning erkatoyimiz bo‘ladi, xo‘p? – dedi u, yasagan o‘yinchog‘iga quvnoq tabassum bilan qarab. – Men unga Genri deb nom qo‘yaman.
Rafiqamning “Genri”dan rosa ko‘ngli to‘ldi. Men ular mashinada birga chiqib ketishganida qolib, uy yumushlarini bajaraman. Kechqurunlari “Genri” mening kresloyimda, olovdan xavfsiz joyda o‘tiradi. Uning kekkaygan qiyofasi va mag‘rur tabassumiga g‘azab bilan tikilib, oshxonadagi u “egallagan” og‘ir stulning joyini o‘zgartirdim.
— Shikoyat qilmay qo‘ya qol, – buni taqiqladi rafiqam. – U foydaliroq ekan. Baribir u yiqilgan chog‘da ham men uni anavi yog‘och stul ustiga o‘tqazib qo‘yaman.
Rojdestvoda, bu ajoyib umr yo‘ldoshim men uchun bir to‘plam kabob sixlari va kartoshka artkichlari sotib oldi. “Genri” esa katak-katak kepka, uzun shotlandka sharf va g‘aroyib haydovchilik qo‘lqoplariga ega bo‘ldi.
 — U bunga arziydi, – dedi ayolim.
Ruhimda kuchli g‘azab oqimi ko‘tarila boshladi. Ikkalasini ham, ayniqsa, “Genri”ni, dimog‘dor, mamnun irjayishlarini shunaqangi yomon ko‘rib ketdimki! Oshxonadan kabob sixini yulqib oldim-da, uning plastmassali orqasiga qarab otdim. Avval paqillagan, keyin vishillagan tovush chiqdi, “Genri” bo‘shasha boshladi. Men uni siqdim va tezroq havosi chiqib ketishi uchun ko‘kragiga urdim.
Rafiqam nafrat bilan chinqirib yubordi:
— Qanday jur’at etding? – baqirdi u. – Axir u meni naq erkakday himoya qilayapti-ku.
Ammo shunisi aniqki, endi “Genri” men bo‘lolmaydi. Uning gavdasi tobora qisqarib borardi.
— Uni qutqar, uni qutqar! – dedi rafiqam ingrab.
U sixni zarb bilan tortib oldi-da, sumkasi ichiga solib qo‘ydi.
Xotinimning asabiy qichqiriqlaridan bezib, zarur asboblarni oldim-da, tezlik bilan tuzatishni boshladim. Nasosning anchagina puf-puflaridan keyin “Genri” yana o‘zining to‘liq shamoyilini tikladi. Ammo rafiqamning nafrat to‘la nigohini unutish oson bo‘lmadi. U mashinaga sakrab chiqib, eshikni tarsillatib yopdi-da, g‘ildiraklarini chirqiratib, “Genri” bilan birga haydab ketdi.
Kelasi shanba kuni uyg‘onganimda tishim juda qattiq og‘riyotgan edi.
— Seni tish doktoriga olib borganim ma’qul, – dedi qat’iy ohangda xotinim. Uning inqillab-sinqillashlarimdan bezor bo‘lgani ko‘rinib turardi.
— Men sartaroshga ketayapman. Sochlarimni tuzatgunimcha o‘zingga kelib olasan.
Xotinim “Genri”ni ham biz bilan birga boradi, deb qattiq turib oldi.
— Orqa ko‘chalarda ham mashinani qorovulsiz tashlab keta olamiz, – buning sababini uqtirdi u.
Tish doktori tomon gandiraklab borar ekanman, muzday shamol esdi. Doktor menga vaqtinchalik tish plombasi qo‘yib qo‘ydi, lekin u haliyam azob berayapti. Yomon bir kayfiyatda ortimga qaytdim. U yerda rafiqam yo‘q, ammo “Genri” jilmayib, oldingi o‘rindiqda o‘tirardi. Uning bu salobatini men ko‘tarolmadim.
Eshikni ochib, yasama erkakning qo‘lidan sudrab olib chiqdim. Bir daqiqaga nafasimni rostlar ekanman, kuchli shiddatli shamol “Genri”ni qurshab oldi. Uning dabdabali kepkasi ariq ichiga uchib tushdi. “Genri” bir pastlab, bir balandlab uchib ketdi.
Unga qarab turdim-da, nim tabassum bilan “To‘rt tomoning qibla!” deya xayrlashdim. Endi xotinim uni o‘g‘irlangan deb gumon qiladi.
Men esa ozroq sayr qilmoqchi bo‘ldim. Men u yerda, ayolim “Genri”ning yo‘qligini bilib, qay holatga tushishini ko‘rishni xohlamasdim. O’zimcha mag‘rur jilmaydim. Rafiqam shu o‘yinchoqni deb aqldan ozayozgandi. Agar u “Genri”ni men yo‘q qilganligimni bilsa, naq terimga somon tiqadi-ya.
Burchak-burchaklarda aylanib yurarkanman, ko‘chaning narigi tomonida nimadir yuz berganligini sezdim. Qiziqishim ortib, shahar maydonchasi tomon yurib ketdim va u yerda qanday manzaraga duch kelganimni bir ko‘rsangiz edi! Politsiya va “tez yordam” mashinalarining chiroqlari porlab turardi. Hamma ibodatxona minorasi ustiga qarab g‘uvillar, u yerda, cho‘qqida, bir odam osilib turardi. Men toshga bog‘lanib qolgan shotlandcha sharfdan darrov hammasini tushundim. U “Genri” edi.
Politsiyachi unga maxsus moslama orqali jon holatda baqirardi:
— Endi kela qoling, janob, zinalar bo‘ylab pastga tushing. Ofitserlarim sizga ko‘maklashib yuborishadi.
Olomon “Genri” shamolda chayqalishi bilan ingrab yuborishdi.
Oldinga surildim. “Ofitser, ofitser...!” Biroq odamlarning achchiq g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘irlari ichida ovozim yo‘qolib ketdi. Ular shamol zo‘rayib, “Genri”ni cho‘qqida tebranishi bilan ayyuhannos solishdi. O’zimning ham ingrab yuborganimni eshitdim. Qo‘rquvdan emas... lekin yelkalarim o‘rtasidagi azob berayotgan og‘riqdan ixrab yubordim. O’tkir sixni tanam ichiga sanchilib borayotganini sezdim. O’girilib qarashim bilan rafiqamning olomon ichida ko‘zdan g‘oyib bo‘lganiga ko‘zim tushdi. Uni hech kim bilmadi ham. Barcha ko‘zlar tepadagi fojeaga qadalgan edi.
Tizzalarim bukilib borarkanman, “Genri”ni havoda ohista, yengil uchib ketayotganligini ko‘rdim. Uning lablarida g‘olibona masrur tabassum barq urardi.
 

Inglizchadan Qandilat Yusupova tarjimasi
«Kitob dunyosi» gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.