OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Imdat Avshar. Oq bulut (hikoya)

Choshgoh payti kelardi. Bir iliq yel kabi esar, rahmat buluti singari o‘tardi mahalladan. U kelganda oppoq bir tovush yangrardi ko‘chalar bo‘ylab, bolalarni hayqiriq bilan orqasidan ergashtirgan bir tovush:
— O‘zi yuradi!
— O‘zi yuradi!
Bu tovush eshitilganda, tovushga oshna bolalar uzoq yugurishga tayyorlanishardi. Iliq bir yaylov shabadasi yalab o‘tardi bolalarning yuzini. Shul oq tovush hamisha ayni guzargohdan o‘tardi. U o‘tadigan yo‘lning ikki chetiga bolalardan ba’zilari poyabzalining ipini mahkamlar, ayrimlari esa shosha-pisha zoldirlarining cho‘ntaklariga tiqishtirishardi. O‘yinda yutib chiqqan bolalar kechirilar, qo‘lga tushganlar haydab yuborilardi. Barcha o‘yinlar yomg‘ir oxiriga qoldirilardi. U kelganda oq yomg‘irga uchardi bolalar, shakar burjiga kirardi quyosh. Aqida mavsumi, hayit damlari haqiqiy shakar bayramiga aylanardi. Suyunchi xabarlar uylarning derazalariga, osmonlarga ko‘tarilardi shovqin-suronlardan qo‘rqqan qushlar. Oq bulutning kelganini daraklab bir-birini qutlagan bolalarning xushchaqchaq ovozlari yuksalardi chang ko‘chalarda:
— Hoji bobo kelayapti!
— Hoji bobo kelayapti!
Har hafta do‘l singari yog‘ib o‘tardi Hoji bobo. Kattakon, oq qanotli bir qush misoli uchib kelardi, bolalar unga qarab hayqirgancha yugurib ketishardi. Hoji bobo va bolalar bir-birlariga yaqinlashgan sari sevinch hayqiriqlari ham kuchayardi:
— Hoji bobo kelayapti!
— O‘zi yurib kelayapti!
Hoji bobo mahallaga kirgach, velosipedining rulini qo‘yib yuborar, ikki qo‘lini ikki tomonga ko‘tarardi. Shamolda hilpirayotgan peshbandi etaklari havolanar, oq kabutar singari qanot qoqar, uchib borayotganday ko‘rinardi. Yuzidan arimaydigan o‘sha tabassum bilan bolalarga qand sochar, baqirganicha yo‘lida davom etardi.
— O‘zi yurayapti!
Bolalar o‘zi yuradigan o‘sha oq va barakali ovoz orqasidan ergashganlarida, mahallada bir qahqaha to‘foni hamda ko‘p ovozli yugurish boshlanardi. Bolalar tillarida zavqli tezaytish bilan bir daryo bo‘lib oqishardi velosipedning orqasidan. Hoji bobo zavqli bir tezaytish edi bolalarning tilida. Yugurisharkan hammasi bir ovozdan baqirishardi:
— Hoji bobo beri boq, qulog‘ingga teri taq!
— Hoji bobo beri boq, qulog‘ingga teri taq!
Butun borlig‘ini shakar qilib bolalarga sochgan, oqlarga burkangan ko‘ngli quvnoq odam edi Hoji bobo. Yaylovdan tushib o‘tgan har bir ekin paykaliga baraka bag‘ishlagan oq ko‘pikli shalola... Paxta kabi oppoq edi soqollari. Boshidagi shlyapa, oyoqlaridagi neylon poyabzallar, ko‘ylagining ustidan bog‘lagan uzun peshbandi, velosipedi, velosipediga bog‘lagan tasmalar, o‘ng g‘ildirakning ikki yonidagi shamol gullari, bolalarga sochgan aqida shirinliklari, kuylagan ilohiy qo‘shiqlari... Hammasi oppoq edi.
Bolalarning ufqida oppoq bulut edi u. O‘tgan yo‘llariga shakar bo‘lib, qand bo‘lib yog‘ilardi. O‘sha oq bulutning yog‘dirgan shakar-qandlarini ilib olish uchun jon holatda yugurardi bolalar. Hoji bobo qo‘llarini cho‘ntagiga har solganida tezaytishlarni avjiga chiqargan bolalarning ovozlari o‘chardi bir zum. Barcha ko‘zlar uning qo‘llariga tikilar, yomg‘irni kutishardi. Hoji bobo qandlarini havoga irg‘itganida hayqiriqlar yangidan yuksalardi. Bolalar jome masjidi hovlisida don sepilgan kabutarlar kabi qandlar tushgan yerga tashlanishardi.
Don terayotgan kabutarlar: — “Hoji bobo beri boq, qulog‘ingga teri taq!”, — deya qichqirib qaytadan velosiped izidan tushardilar. Bolalarning bu hayqiriqlarini eshitmaganday orqasiga hech qaramasdi “o‘zi yurayotgan”. Har kun boshqa bir mahallaga yog‘ayotgan barakali oq bulut har kelganida qandlar sepib, orqasidan baxtiyor bolalarni ergashtirardi.
Bolalar charchaganida uning ham ovozi uzoqlashar, qo‘llarini qush qanotlariday yoyib uchar, shu ketish g‘oyib bo‘lardi. Hech kimi yo‘q edi Hoji boboning. Xom g‘ishtdan tiklangan bir uyda yolg‘iz yashardi. Qand sochadigan mahallalardan eski magnitofon, radio, soat, gaz o‘chog‘i... nima topsa sotib olar, ularni ta’mirlab qasaba bozorida sotardi...topgan barcha pulini bolalarning quvonchlari uchun qand olishga sarflardi.
Ba’zan velosipedning orqasida kattakon bir limonad xumi bilan kelardi. Limonad sotuvchi aylanib yurardi. Maktablar hovlisida kutar, bolalarga limonad tarqatardi. Tanaffus qo‘ng‘irog‘i jaranglaganda bolalar hujumiga duch kelardi. Qo‘lidagi uzun cho‘mich bilan bardoqlarni to‘ldirib bolalarga tarqatardi. O‘quvchilar uning atrofiga yig‘ilib, har biri bir yonidan tortishar, ust-boshini yulishardi. Yaramaslar uning qo‘llariga, yelkasiga osilar, ba’zilar ustiga minar, ayrimlar etagidan tortishardi.
— Hoji buva, menga ham.
— Hoji bobo, men ichmadim.
U cho‘michini xumga to‘ldirib bardoqlarga bo‘shatarkan, baqirib qo‘yardi:
— O‘zi to‘laaadi!
— O‘zi to‘ladi!
Ta’mirlagan eski ashyo, radio bo‘lsa “o‘zi gapiradi”, gaz o‘chog‘i bo‘lsa o‘zi yonadi!”— deya baqirib sotardi. Ta’mirlagan ashyolarni bozor joyiga tizib chiqar, bir kassetaga o‘z ovozini yozib olar, magnitofon tugmasini bosar, u yerdan uzoqlashardi. Ta’mirlangan magnitofon ham o‘zini hamda boshqa ashyolarni reklama qilardi. Hoji bobo uzoqlashgach, kecha o‘z ovozini yozdirgan kasseta kuylab, gapirishga boshlardi. Ta’mir qilingan magnitofon atrofiga to‘plangan qiziquvchan xaridorlarga uzundan uzoq tushuntirishlar berardi:
— Men gapiraman, gapirishni bilaman. Qo‘shiq ham aytaman. Ilohiylarni ham kuylayman. Mana ko‘ringlar, bu gaz o‘chog‘i o‘zi yonadi, mana bu soat vaqtni o‘zi aytib beradi. Mana bu radio esa beshta tilni biladi...
Reklama fasli bitgach, Hoji boboning ovozi bilan bir ilohi boshlardi:
Men yuribman yona-yona
Ishq bo‘yadi meni qona,
Na oqilman, na devona,
Kel, ko‘r meni ishq nayladi.
Magnitofon tevaragiga yig‘ilgan olomonga qarata shunday derdi:
— Oldimni to‘smanglar, surilinglar, tarqalinglar-chi!
Ba’zan ko‘zdan g‘oyib bo‘lardi oq bulut.
— Yana uchib ketdi bizni tentak, — deyishardi orqasidan.
Hajdan qaytganlar qasam ichib Hoji boboni Ka’bada ko‘rganlarini aytadilar. Telbamidi, valiymidi? Birov bilmasdi, ammo u:
— Aqlning sirdoshi telbalikdir, ey yoronlar, — derdi hamisha.
Haj mavsumida uchib bordim, uchib keldim. O‘zim bordim, o‘zim keldim,— deya o‘tardi mahalladan. Bolalarning ustiga qand o‘rniga xurmo yog‘dirardi.
Yanvar oyi edi. Qor uch kun tinimsiz yoqqandi. Qariyalar shu paytgacha bunaqa qishni ko‘rmaganliklarini aytishardi. Shamol hech tinim bilmas, tunlari bilan yoqqan qorni sovurardi. Uylarning shimol tomonlari tom bo‘yi qor bilan qoplangandi. Chordoqlar ham ko‘rinmasdi. Butun qasaba oq yopinchiqqa burkangandi. O‘sha kuni peshin azonidan keyin achchiq bir da’vat tovush uchdi minoralardan...
Oq bulut ko‘kka ko‘tarilgandi, uchib ketgandi bu dunyodan; “o‘zi uchgandi...”
Oppoq bo‘lib kelardi mahallaga. Kattakon oppoq bir qush singari uchardi ko‘chalarda. Shakar yomg‘iri edi u. Choshgoh payti, iliq bir shamol bilan va oppoq bir tovush bilan kelardi. Oppoq bir kunda, bir to‘fon bilan uchib ketdi va boshqa sira kelmadi, “o‘zi ketgan”.
Na o‘sha ovoz o‘tdi mahalladan, na-da shakar burjiga kirdi quyosh...
O‘sha kundan keyin o‘yinlarini sira davom ettirmadi bolalar..
 
Turkchadan Fayzi Shohismoil tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.