Uzundan-uzoq savdo qilishni yoqtirmayman. Lekin kiyim-kechak do‘konlarini juda yaxshi ko‘raman. Maoshimni olar-olmas, oyog‘imni qo‘limga olib, shahar savdo markazlariga chopaman. Ammo, afsuski, maoshim juda kam. Koshkiydi, hech qaerda ishlamasam-u, har kun maosh olsam, qanday ajoyib ish bo‘lardi. Bir oy ishlatishadi, ammo faqat bir kun maosh berishadi. Shunaqayam adolatsizlik bo‘ladimi? Bergan maoshlari bo‘lsa, ikki ko‘ylak olar-olmas, tugaydi-qo‘yadi. Qishloqqa ham pul yubora olmayman. Onam mendan so‘raydi:
— Oyliging necha manat?
— 192 manat, — deb javob beraman.
Aslida oyligimdan onamga zarracha foyda yo‘q. Bechora onam maoshim 192 manat ekanini eshitgan xolos. Nima qilay, hali yosh qiz bo‘lsam... Turmushga chiqishni, kezishni, bejirim kiyinishni istayman. Eng zo‘r restoranlarning lazzatli taomlarini bosh-qalarga qaraganda ko‘proq tanovul qilaman. Dugonalarim menga hasad qilishadi. Chunki qancha ovqat yesam-da, aslo semirmayman. Dugonalarim go‘yo parhez tutishadi, lekin men, baribir, ulardan xipchabelman. Barcha yeyishga qo‘rqadigan sharq shirinliklarini bo‘lsa, otamning so‘zi bilan aytganda, “bo‘g‘zimga kelgunicha” yeyman. Sessiya vaqtida imtihonlarga tayyorlanar ekanman, universitetning muzday sovuq o‘quv zalida o‘tirib, “Anorganik kimyo” kitobi sahifalarini varaqlarkanman, shirinliklarni tanovul qilish yo‘li bilan biroz isinmoqchi bo‘lishning nimasi yomon?
Xolalarim shirinlikni yoqtirishmaydi. Shuning uchun shirinlikni faqat o‘zim sotib olaman va uydagi stol ustiga qo‘yib qo‘yaman. Shirinlik necha kunlab shu yerda kutib yotadi, lekin uni yeydigan odamning o‘zi yo‘q. Stol ustida g‘arib bo‘lib yotgan shirinlikning holiga rahmim keladi va hammasini yana o‘zim paqqos tushiraman. Haa... Mana shirinliklar sotiladigan do‘kon... Bu do‘konni juda yaxshi ko‘raman, bu yerda bo‘lishdan rosa lazzatlanaman... Qanday go‘zal, keng, zamonaviy do‘kon bu... Do‘konning peshonasiga “Shams” degan so‘z rangli harflar bilan qirmizi matoga shunaqa chiroyli yozilganki, yozuvni ko‘rgan kishining vaqti chog‘ bo‘ladi. Menga juda chiroyli ism qo‘yishgan. “Irodaning nomi qo‘yilgan do‘konmi? Bizning qishlog‘imizda Ibrohim amakining taxta do‘koniga o‘xshaydi...” Ha endi, bu yog‘ini qo‘yavering...
Bu do‘kondagi sotuvchi juda g‘alati yigit... Qo‘l degani shunchalik ham uzun bo‘ladimi?! Kaftlari ketmonday keladi! Go‘yo oyoqlarini bilaklariga ulab qo‘yishganday! Yo xudo, qo‘l degani shunchalik ham katta bo‘ladimi? O‘zi bo‘lsa, kesakday g‘irt hissiz... Qachon shu do‘konga kirsam, mingta savolga ko‘madi. Xuddi shu choqqacha meni hech ko‘rmagan, go‘yo tanimaydi. Men bo‘lsam, shirinliklarni bitta-bittadan totib ko‘rmay, xarid qilolmayman. Oh, qanday yaxshi bo‘ldi-ya, ichkarida bir xotin bor ekan. Sotuvchi bu rus ayoli uchun guruch tanlagunga qadar, men savatlardagi turli turshak, mayizlardan yeb, oladigan narsalarimning mazasini totib ko‘ra qolay...
...E, Xudo, shu tut mayizini bunchalik yaxshi ko‘rmasam?! Lekin bular, aftidan, Eron moli bo‘lsa kerak. Xolamning bog‘idagi tutdan terib, quritadigan mayizimizning totiga hecham o‘xshamaydi... Hmmm... Bu savatdagi tut mayizi bo‘lsa, juda shirin ekan... Bundan olishim kerak... Aytay, 200 gramm tortsin. Eeeh, bu rus ayol nega muncha tez ketdiya. Sotuvchi yigitni yana biroz gapga tutsaydi, bu yerdagi hamma narsadan totib ko‘rgan bo‘lardim-a. Endi bo‘lsa, bu sotuvchi yonimga kelvolib, yana gap sota boshlaydi: “Oyimqiz, sizga yordam bersam bo‘larmikan? Sizga biron narsa tavsiya qilsam bo‘ladimi? Falon shirinlikni shu bugun olib kelishdi... Ko‘ring, mana bu Tunis xurmosi, sizga yarim kilo tortaymi?..” deydi va shunaqa keraksiz savollar bilan jonimga tegib ketadi... Istasang yuz marta: “Biron narsani tanlasam, sizga aytaman” deng. Befoyda, u o‘z bilganidan qolmaydi va har gal ayni savollarni takrorlayveradi. Bu vaysaqi bola professorday to‘xtamay so‘zlasa-da, 300 gramm kunjut necha manat bo‘lishini kalkulyatorda hisoblaydi. Mana, yana yonimga keldi:
— Marhamat oyimqiz. Sizga yordam bersam bo‘ladimi?
Aytdim-ku... Endi boshladi...
— Siz hozir mana shu tut mayizidan 200 gramm torting, boshqalarini bo‘lsa, totib ko‘rgach, aytaman.
Koshki, bu do‘konda ishlasaydim... Mushtariylarga hecham xalaqit bermasdim. Xohlagan narsasining mazasini totib ko‘rgan, yoqtirganlarini olgan bo‘lishardi.
Eshik ochildi, shekilli. Oraliqdagi baland javonlardan u yer ko‘rinmaydi-da... Aftidan, yangi mushtariy keldi... Yaxshi bo‘ldi, hech bo‘lmaganda, manavi sotuvchi yonimdan ketar, bunaqa bezdiruvchi savollari bilan yangi kelgan xotinning boshini qotirar.
— Ko‘p yashang. Siz yangi kelgan xonim afandiga istagan narsalarini bering, uni kuzating. Men hali ko‘rib chiqmadim, bir qarorga kelmadim.
Ichiga bodom solingan rang-barang shokoladlarni ko‘rsam, o‘lib qolaman. Bularni ko‘p yeganim uchun onamning jahli chiqadi, shundan keyin bolalik chog‘lari haqida gapira ketadi. Bunday chog‘larda yig‘lavoray deyman. Onam: “Shirinlik anqoning urug‘i edi, — deydi, — Shaharga borganlar goho pechene keltirishardi, bilganimiz shu edi xolos. Oooh, u kunlar boshqa qaytib kelmasin!”, derdi. Bu shirinliklardan olib, qishloqqa yuborsammikan? Yo‘q, yo‘q, yaxshisi, o‘zim olib boraman. Ammo yo‘lda yarmini yeb qo‘yishim turgan gap. Demak, biroz ko‘proq olishim kerak...
...Bu xotin Munavvar ammaga shunchalik o‘xshar ekanki... Xuddi o‘shanday bo‘yi past va semiz... Lekin bu ayol o‘zini ko‘pam oldirmagan. O‘ziga yaxshi qarashi ko‘rinib turibdi, boz ustiga ko‘zlari ham chaqnab turibdi. Ammo kalta sochi bu badanga hech yarashmabdi. Hoy ammajon, shu sochlaringni o‘stirsang-chi, deging keladi... Soch o‘rimi ham unga juda yarashgan bo‘lardi! Ko‘zlari yanada jozibador ko‘ringan bo‘lardi... Hay mayli, o‘zi biladi...
... Ie, bu nimasi? Birinchi marta ko‘rib turibman. Bolaligimizda chechaklardan o‘rgan gulchambarlarimizga o‘xshaydi. Bu hissiz sotuvchi, koshki, biron narsani bilsa?!.. Balki, bu xotin bilar, undan so‘rab ko‘ray-chi...
— Xonim afandi, kechirasiz, bu nima ekan, bilasizmi?
— Evelik, qizim. Buni palovga solishadi. Qanday mazali bo‘lishini bir bilsang edi? Yo hech yeb ko‘rmaganmisan?
— Yo‘q, biz tomonlarda palovga bu narsani solishmaydi. Ammo mazasini totib ko‘rishni juda xohlayapman...
— Buning hech qiyin joyi yo‘q! Hozir senga hammasini aytib beraman. Bundan ol, uyga borib o‘zingga palov pishir. Endi diqqat bilan quloq sol, avvaliga yormani olasan...
... Bu ayol oddiy bir taom bo‘lgan palovning qanday pishirilishini shunaqa kelishtirib, berilib ta’riflayapti, yormani, evelikni bor tafsilotlari bilan tushuntiryaptiki, og‘zingdan suving oqadi. Adabiyot muallimlarimiz ham bunchalik chiroyli so‘zlay olmaydilar. Bu xotin adabiyot domlamiz bo‘lganida bormi, darsda telefonimni chiqarib, maktub yozish bilan mashg‘ul bo‘lmagan bo‘lardim...
— ... Qizim, hoziroq uyga borib, ish boshlashing lozim. Bu ish ancha vaqt oladi, ovqating oqshomga boribgina pishadi. Aks holda, ulgurmaysan. Sen, harholda, talabasan, ko‘pam vaqting bo‘lmasa kerak.
... Bu qanday yaxshi ayol-a. Qanchalik sabr-toqat bilan menga hammasini tushuntirib berayotir... Holbuki, xolamdan bir narsani so‘rasam, darhol jerkib tashlaydi... So‘ngra: “Seni o‘g‘limga olib beraman”, deydi. Ikki dunyoda rozi bo‘lmayman! Yalinib-yalpoqlansa-da, ko‘nmayman. Chunki u uyiga kelin emas, xizmatkor olmoqchi...
— Bu yerda bu do‘kon qachon ochildi? Bu yer juda go‘zal! Shirinlikdan tortib meva-sabzavotgacha har narsa bor ekan bu yerda. Uyimga ham juda yaqin. Men bozorga borardim. Endi barcha kerak narsalarimni har kuni shu yerdan olaman... Bu zanjabilmi yoki dolchinmi?
Ayol go‘yo bu o‘g‘lon bu yerdagi hamma narsani biladigandek, savol beryapti... Bu bola ham endi, xuddi hamma narsani biladigandek, o‘zini aqlli ko‘rsatishga urinadi. U qaerdan ham bilsinki...
— Xonim afandi, qani menga bering-chi, bir ko‘ray! Bu, menimcha, zanjabil bo‘lsa kerak...
— Ha, men ham shunday bo‘lsa kerak, deb o‘ylovdim. Qizim, sen ham ol bundan. Juda foydali. Har kuni ertalab bir qoshiq asalga aralashtirib yegin. Foydasini sanab ado qilib bo‘lmaydi. Yuzingga, sochlaringga juda yaxshi!
E, Xudoyim-ey, bu xotin qanchalik ko‘p narsani bilar ekan, hamma narsadan xabari bor... Juda bilag‘on... Qaynana degani shunday bo‘lishi kerak... Ajabo, bo‘ydoq o‘g‘li bormikan? Ustiga ustak o‘zi ham shu yerda yashar ekan! Balki u ham meni yoqtirib qolgandir?! Bo‘lmasa, nega meni bu qadar yaqin oldi? Halidan beri meni boshdan-oyoq kishi bilmas kuzatyapti... Biroz gaplashay, ko‘raylik, nima chiqar ekan...
— Ko‘p yashang, xonim afandi, olaman. Buvim ertalablari pishiradigan sutli oshga zanjabil qo‘shardi. Zanjabil va dolchinni bolaligimdan beri juda yaxshi ko‘raman.
— Ha, men ham o‘g‘limga har kuni tongda bu dorivorlarni qo‘shib, olxo‘rili sho‘rva pishirib berardim. Hidi ko‘chani tutib ketardi. Xohlasang, o‘zingga turshak ham ol, turshakli sho‘rva pishirasan. Hozir ayni turshak sho‘rva ichadigan palla. Endi uyingga borib, turshak sho‘rva pishirgin, juda mazali bo‘ladi.
...Hmm, demak, o‘g‘li bor ekan! Ma’lum bo‘ldiki, o‘g‘lini po‘palab o‘stirgan. Ajabo, o‘g‘li otasiga o‘xsharmikan yoki onasiga? Bunaqa ayolning o‘g‘li ham kelishgan bo‘lishi kerak, albatta. Haaa... Bunaqa mehribon, ustimda o‘lib qoladigan qaynonam bo‘lsa bormi, dugonalarim hasaddan yorilib o‘lishadi...
...Eh, men bunchalik tentak bo‘lmasam. Halidan buyon angrayib atrofga alanglab o‘tiribman. Ayol meni hech narsani bilmaydigan, pandavaqi deb o‘ylaydi-ku. O‘zimni biroz aqlli, chaqqon, bilimdon qilib ko‘rsatishim kerak...
— Kechirasiz, mening hech vaqtim yo‘q, borib dars tayyorlashim kerak. Buning ustiga ovqat pishirishim ham darkor... Marhamat qilib, oladigan narsalarimni qadoqlab berasizmi?
— Marhamat, oyimqiz.
...Bu yigitning soxta tabassumlari asablarimga tegadi. O‘zicha mushtariylarga xushmuomala, nazokatli ko‘rinmoqchi... Hay mayli... O‘zimni odobli qilib ko‘rsatishim lozim. Ha, shunday, uyiga odobsiz kelin keltirishni kim ham istaydi? Buning ustiga shaharning qoq markazida...
— Agar sizga qiyin bo‘lmasa, bodomli shokoladdan ham yarim kilo torting. Asalli pistadan ham 300 gramm... Eron halvosidan ham biroz bering... So‘ng, hmmm...
— Jon qizim, menimcha, shunchasi yetar! Sen bu yoshingda bunchalik quvvatli shirinliklar yeyversang, semirib ketasan. Undan keyin hech kim senga uylanishni xohlamay qo‘yadi, qiyin ahvolga tushib qolasan... Bularni olding, shu yetadi. Bu gaplarni seni deb aytyapman... Endi uyingga bor, bularni yeb, darsingni tayyorla...
Ana senga kerak bo‘lsa! Bu ayol bunchalik zamonaviy ekan! Onam aytganiday: “Bo‘z deganim ipak chiqdi”. Bunaqa qaynonani aslo qo‘ldan chiqarib bo‘lmaydi... Harholda, bu do‘konni juda yoqtirganini, har kuni bu yerga kelib savdo qilishini aytdi-ku. Men ham har kuni bir bahona topib, bu yerga kelaman. Bir kuni u, albatta, o‘g‘li bilan birga keladi. Albatta... Meni o‘g‘liga ko‘rsatishi kerak... Endi biroz tosh bosadigan gaplardan gapiray. Bo‘lmasa, u meni haftafahm, go‘l qizlardan ekan deb o‘ylaydi.
— To‘g‘ri aytyapsiz, xonim afandi. Men ham shu fikrdaman. Ammo bularni faqat o‘zim yemayman, olganlarimning ko‘pini qishloqqa, onamga yuboraman.
— Sen juda aqlli qizga o‘xshaysan. Hamisha shunday bo‘lgin. Sumkangni ber, ushlab turay, bularni to‘rvaga solaylik, vaqtingni tejaylik.
... Xudo haqqi, bunday nazokatli, boshqalarga munchalik mehribon ayolni birinchi marta ko‘rib turibman. Uning o‘g‘li ham, albatta, saviyasi baland, juda madaniyatli bo‘lishi kerak. Hozircha ertaroq, lekin keyingi uchrashuvimizda, albatta, o‘g‘lidan gap boshlayman. Hozir gapirsam, turmushga chiqish uchun o‘lib-tirilayotgan ekan, deb o‘ylaydi... Endigi asosiy masala — bu ayolning mehrini qozonish va xotirasida go‘zal qiz sifatida qolish... Xarid qilgan narsalarimning pulini sotuvchiga to‘lab, bu yerdan chiqishim kerak. Ammo, to‘g‘risini aytganda, o‘sha ichi yong‘oqli xurmoni olmaganim uchun kuyib ketyapman...
— Qancha qarz bo‘lganimni aytasizmi? Necha manat?
Hmm... Yana hisoblagichni olib, raqamlarni ko‘paytirishga kirishdi... Asablarim qaqshaydigan bo‘ldi-da...
— 13 manat 50 tiyin, oyimqiz.
— Tashakkur, mana oling!
— Biz tashakkur bildiramiz, yaxshi boring, yana kutamiz...
— Qizim, ehtiyot bo‘lib ket. Hozirgi yoshlar orqa-o‘ngiga qaramay mashina choptirishadi...
Yana biroz qolsam, bu ayol meni rosa mamnun qiladi. Hatto, onam menga bunchalik e’tibor qilmaydi. Xolam-chi? Bu haqda gapirmasa ham bo‘laveradi...
— Sog‘ bo‘ling, xonim afandi. Yaxshi kunlarda ko‘rishaylik, xayr.
...Hayotda shunaqa xotinlar ham bo‘lar ekan-da. Hech tanimagan biriga ko‘rsatayotgan mulozamatiga qara. Bu ayolning iltifoti meni mumday eritib yubordi-ya! U bilan yana uchrashish uchun, g‘ayrat qilishim kerak. Zotan, hozirgi yoshlarni ilintirish uchun urinib o‘tirishning keragi ham yo‘q... Muhimi — qaynona bilan til topishish. Bunaqasini yana qaerdan ham topardim? Ayolning kiborligiga qara, eveli solingan palov pishirishni erinmay tushuntirdi, sog‘ligimga e’tibor berishim uchun qo‘lidan kelganicha harakat qildi, xaridlarimni to‘rvaga solishimga ko‘maklashdi... Sotuvchi bola ham angrayib qoldi. Ishonamanki, u ham umrida bunaqa ayolni ko‘rmagan. Tili tanglayiga yopishib qolganday, g‘iq etolmadi.
...O-oh... Naqadar kallavaram, qo‘pol bir qizman o‘zi! Ayolga ko‘maklashishni ham taklif qilmabman. Endi orqamdan: “Bu juda tarbiyasiz qiz ekan”, deydi. To‘rvalarini tashishiga yordam qilishim kerak edi. Kim biladi, uyi nechanchi qavatda? Olgan narsalarini yuqori qavatga chiqarguncha qo‘l-oyoqdan tushadi-ku, bechora xotin... Hali ko‘pam uzoqlashganim yo‘q... Ajabo, ayol haliyam o‘sha do‘kondamikan? Albatta, o‘sha yerda bo‘lsa kerak... Qaytib, unga ko‘maklashsam, juda yaxshi bo‘ladi.
Eh... bu do‘konlarning eshigi ham har gal asabimni o‘ynatadi. Ichkariga ochiladimi, tashqarigami, bilib bo‘lmaydi. Bir belgi qo‘ysalar-ku, odamlar nima qilishini bilgan bo‘lardilar...
Bu yer do‘kon emas, labirint! O‘rtadagi baland javonlar odamni yaxshigina shoshirib qo‘yadi. O‘h! Ollohga shukurki, ayol hali ketmagan ekan. Bu hissiz yigitga yana bir narsalarni anglatyapti, shekilli.
— ... Hozirgi qizlarning tuturug‘i yo‘q. Zamonamiz qizlari yengiltak bo‘lib ketgan. Bizning zamonimizda hammasi boshqacha edi, bizlar hecham bularga o‘xshamasdik. Boshimizni ko‘tarib, bir yigitning yuziga qarashga ham uyalardik... Sen biroz oldingi qiz narsa tanlamoqchi bo‘ldi, deb o‘ylaysanmi? Yo‘q... Unaqa emas... U qiz senday kelishgan yigitni ko‘rdi-yu, esini yo‘qotdi. Ko‘rmadingmi? Sal bo‘lmasa, og‘zidan suvi oqayozdi... Go‘yo shirinlik tanlayotganmish, o‘l-a! Axir, senday yigitni qaerdan ham topardi... Bu yosh qizlar senday yoqimtoy yigitning qadrini, qiymatini bilmaydilar... Eh! Bu do‘konni hozirgacha nega bilmagan ekanman... Bundan keyin...
Ozarboyjonchadan Boboxon Sharif tarjimasi