OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Pak In Suk. Yarim tun (hikoya)

Har kuni o‘n birdan ellik besh daqiqa o‘tgan payt men uchun juda muhim. Shunday paytda men va oyim bir-birimizdan uzoqda bo‘lamiz. Tungi navbatda ishlaganim bois, har safar 11:55 da oyimga telefon qilish mening odatimga aylangan.
– Oyi, menman, he-he. Mendan xavotir olmay, uxlayvering, oyijon, – deyman men.
– Tezroq kelgin, o‘g‘lim. Men yaxshiman, o‘zingni asra. o‘ayrat bilan ishla.
– Xo‘p, oyi.
Mening bu qo‘ng‘irog‘im onamga bir olam quvonch beradi, go‘yo kun bo‘yi madorsiz yurgan-u, gaplashganimizdan so‘ng oyim kuchga to‘lgandek bo‘lardi.
– Oyijon, xavotir olmang, men tezda boraman, – deyman ba’zan beparvo.
Doim uyga kirib borganimda, avaylab o‘stirgan farzandini hech kimga ishona olmay, tuni bilan uxlamay meni kutib o‘tirgan oyimning holatini ko‘rib yuragim achishadi.
– In Suk, keldingmi? – deydi oyim yuz yildan buyon ko‘rmagandek mehr bilan tikilib. U mening kelishimni kutib, mijja qoqmagani uchun ko‘zlari qizarib, o‘zi toliqib o‘tirardi.
– Hali ham uxlamadingizmi?
– Sening kelganingni ko‘rsam tinch uxlayman-da, o‘g‘lim. Charchagandirsan?
– Oyijon...
Men mehrsiz farzand, ba’zan hatto onamga bir qo‘ng‘iroq qilishga ham erinaman. Ishim tugagach, saharda uyga kirib kelaman. Bir kuni kelsam, onam mudrab o‘tirgan ekan. Uni uyg‘otib yubormaslik uchun eshikni ohista ochdim-u yengil qadamlar bilan ichkariga kirdim. Oyim televizorni yoqqan ko‘yi stolga suyanib uxlar edi. “Yaxshiyam shu televizor bor”, dedim men o‘zimga. Shu payt oyimning qo‘lidan polga nimadir tushib ketdi. Telefon va raqamlar yozilgan daftar edi bu. Unda ish joyimning telefon raqami yozilgan edi. Oyim mening qo‘ng‘irog‘imni kutib, o‘zim qo‘ng‘iroq qilsammikan, deya ikkilangan va uxlab qolgan ko‘rinadi. Stolga suyanib uxlab qolgan oyimning ajin tushgan yuzlariga qarab, ichimdan otilib chiqishga urinayotgan yig‘ini tutib tura olmadim. Qishda barglarini to‘kib ko‘rimsiz bo‘lib qolgan daraxt kabi huvillab qolgan edi oyimning yuzi. U kishini ohista ko‘tarib, karovatiga yotqizdim va ko‘rpani avaylabgina yopib qo‘ydim. Shu payt onam uyg‘onib qoldi.
– In Suk, keldingmi...
– Oyi kechiring.
– Kechiring, deganing nimasi, axir faqatgina o‘n ikki bo‘lishidan oldin telefon qilib qo‘ysang bo‘lar edi-ku. Tinchlikmi o‘zi? Qo‘ng‘iroq qilmaganing uchun xavotir oldim. Yana...
Oyim uyqusirab, horg‘in ovozda gapirdi. So‘ng chuqur nafas olib, bir entikib oldi. Doim o‘zini o‘ylaydigan, menga bor mehrini tortiq qiladigan onam o‘zimdan hech narsa so‘ramasdi. Faqatgina bir chimdim mehr... bir og‘iz shirin so‘z kifoya onamga. Shunda har kuni oyimga mehr ulashishga qasam ichdim. Qanday ishim bo‘lishidan qat’i nazar, albatta oyimga telefon qilib, uni shirin so‘zlar bilan siylashga o‘z-o‘zimga so‘z berdim.
...Oyimning vafot etganiga bir yildan oshdi, men o‘z odatimcha ish tutaman. Qo‘limga telefonni olaman-u osmonga qarab shunday deyman:
– Oyijon, sizni yaxshi ko‘raman...
 

Koreyschadan Malohat G’afforova tarjimasi
 «Kitob dunyosi» gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.