OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Vaja Pshavela. Darijon (hikoya)

Darijonning yoshi ellikdan oshgandi, lekin bir qarashda uni o‘ttiz-o‘ttiz beshlarda deb o‘ylashardi. Qoramag‘iz, g‘ayritabiiy baland bo‘yli, dadil va qat’iyatli ayol edi. Uning nigohiga duch kelgan odam dovdirab qolishi hech gap emasdi. Buning ustiga Darijon kuchli, erkakona ovoz sohibi bo‘lib, o‘ziga xos kiyinib yurardi. Kamdan-kam uchraydigan bunday gavdali ayol ba’zan bitta ridoda yurardi, shuning uchun ham bo‘yi ikki baravar uzun bo‘lib ko‘rinardi. Beliga bog‘lab yuradigan enli kamarida hamisha xanjarga o‘xshash uzun pichoq qini bilan osig‘liq yurardi. U yoq, bu yoqqa chiqqanida nayzasini qo‘lidan qo‘ymasdi. Uning yog‘och dastasi shunaqa uzun ediki, uchi boshidan baland chiqib turardi.
Darijon o‘z qishlog‘ining posboni va sardori bo‘lish uchun tug‘ilgandi. U barchadan oldin uyg‘onar va o‘rnidan turar, shu zahoti uning hukmfarmo va kuchli ovozi butun qishloq bo‘ylab jaranglardi.
– Hoy, qayoqqa gumdon bo‘ldinglar, baxti qora yalqovlar? Buzoqlar butun polizni payxon qilibdi-ku!– deb baqirardi kimgadir.
– Tetrua, qarasang-chi, bola hozir yiqilib tushadi. Odam ham shunaqa ovsar bo‘ladimi?– deya urishardi boshqa birovini.
Bordi-yu hamqishloqlarning uchtasi dardlashish uchun to‘plansa Darijon darhol ularning orasiga tushar bittasini koyib berardi:
– Yer kimga ko‘p, kimga oz tegishi kerak deb baxslashguncha, hoy badbaxt, o‘sha joyga qo‘l tekkizsang-chi! Xudo odamga ikkita qo‘lni ishlatish uchun bergan, go‘r qurt qumursqalariga yem bo‘lsin deb emas!
Va darhol o‘zini namuna qilib ko‘rsatardi:
– Sizlar hammangiz bir bo‘lib mengai yer bermadinglar, endi huv anuv yoqqa, Janub tomonga bir qarab qo‘yinglar, ana arpa boshoqlari shovullab turgan yerni ko‘ryapsizlarmi? Xo‘sh, o‘sha yerni kim haydadi? Mana bu – ko‘ryapsizlarmi, mana shu qo‘llar! Kun demay, tun demay ter to‘kib mehnat qildim. Xudoga shukur. Uyda nonim yetarli. Sizlar bo‘lsalaring, yerdan kim ko‘proq yulib qolishi uchun janjallashayapsizlar. Bunaqa janjaldan yer ko‘proq hosil beradimi? Eh, gumrohlar!
Hamqishloqlari Darijonni ko‘plab xilma-xil, tahqirlashdan ko‘ra ko‘proq maqtovchi laqablar bilan atashardi. Ulardan ikkitasi: “Dev” va “Kema” laqablari yaxshi esimda qolgan. Lekin uni shu laqablar bilan ataganlarning hammaasi albatta qo‘shib qo‘yardi: “Alam qiladi! Darijon, aslida sen erkak bo‘lib tug‘ilishing kerak edi!”
Darijonning qismatiga ko‘p qayg‘u va tashvishlar tushdi. U umrini ham juda qayg‘uli tugatdi.
Darijon o‘n sakkiz yoshida beva qoldi. U butun atrofga chiroyi va aqli bilan dong taratgandi, yaxshi mehnatsevar uy bekasi edi. Ko‘plar taqdirini u bilan bog‘lash haqida orzu qilardi. Lekin birgina Urjuk buni ayta oldi.
Urjun boshqa urug‘ jamoasidan bo‘lib, qo‘shni qishloqda yashar edi. U Darijonga sovchi yubordi.
Bu vazifani odatda kampirlar bajaradi. Qishloq yigitlari uylanmoqchi bo‘lsalar ana shunday sovchilarga murojaat qiladilar. Chunki keksa ayollar inson his-tuyg‘ularini yaxshi tushunadilar va qiz bilan yigitning qalbini bir-biriga qanday jalb qilishni biladilar.
Darijon turmushga chiqqach, eri yashagan G. qishlog‘iga ko‘chib borgandi. Urjukning Shamandux degan ko‘pdan beva bo‘lib qolgan xolasi ham ana shu qishloqda yashardi. Urjuk oraga tushishni o‘z xolasidan iltimos qilmay kimdan ham so‘rardi?
Shamandux Darijonning uyiga kirib kelganida u endi non yopay deb turgan edi. Ostonadan xatlab o‘tar o‘tmas, kampir Darijonni maqtashga tushdi:
– Voy shirin qizim, munchalar yaxshisan, o‘ziyam qo‘li gul bekasan-da!– dedi yaltoqlanib.
Shu yerda, o‘choq yonida Darijonning ikki yashar o‘g‘li Gamaxare ham o‘tirgan edi. U ikkita cho‘p bilan o‘choqdagi cho‘g‘ni titayotgan edi. Shamandux bolakayni quchog‘iga olib, bag‘riga bosdi, qo‘liga yong‘oq va olma qoqi tutqazdi. Ko‘z yoshi qilarkan ming‘irladi:
– Jonim senga sadag‘a, yetimcha, sen mening sho‘rpeshona bolamsan! – shundan keyingina u Darijonga murojaat qildi: — O‘zing qandaysan, azizam. Sog‘-salomat yuribsanmi, mol-joning qatoridan bexatomi, erkatoying o‘ynab-kulib yuribsimi?
– Xudoga shukur, o‘rgilay, tinch, omonmiz. O‘zingizga tangridan sog‘liq so‘rayman. Yaratganning o‘zi yorlaqasin. O‘zingiz qandaysiz, yaxshi yuribsizmi? – so‘radi o‘z navbatida Darijon.
– Ha, bizlar ham yuribmiz, tinch-omon, umringdan baraka top!
Mehmon va mezbon o‘choq yoniga o‘tirdilar. Darijon mehmonga kigiz to‘shadi. Shamandux qo‘ltig‘i tagiga qistirib olgan qayin po‘stlog‘idan to‘qilgan savatchani urchuq bilan birga oldi-da ip yigirishga tusharkan Darijonning hol-ahvolidan so‘rab surishtirishda davom etdi.
– Senga rahmim keladi-da,– dedi nihoyat Shamandux, chuqur xo‘rsinib.– Achinaman-da, qoqindik, xudo o‘tganlarimizning oxiratini obod qilsin. Sen hali yoshsan, qizim. Kuching ko‘p. Lekin hamisha shunday bo‘lavermaydi. Agar o‘zingga egalik qiluvchi bir erkak topmasak, men buni senga, ona qiziga aytganday gapiryapman, hech yorug‘lik ko‘rmaysan. Men senga shunday erkakni topib beramanki, hamma sening taqdiringga havas qilsin.– Shamandun so‘nggi so‘zlarini shivirlab aytdi.
Darijonning jahli chiqdi. U erga tegish haqida hech o‘ylamagandi. Darijon marhum eri xotirasini juda e’zozlar, unga sadoqatini asrardi, buning ustiga eridan o‘g‘li bor edi.
 Shamanduxning taklifi uni ranjitdi.
– Garchi sen bilan bu ohangda gaplashish o‘rinsiz bo‘lsa-da,– dedi Darijon g‘azabidan qizarib,– lekin nima qilardim, gapirishga majburman. Men bunaqa gaplarni eshitishni ham istamayman! Agar sen tentak bu yerga shu niyatda kelgan bo‘lsang, tur, tur o‘rningdan hoziroq va tezroq qorangni o‘chir. Aks holda, shunday adabingni beramanki, uyatdan kirgani teshik topolmaysan. Gamaxare o‘g‘lim hayoti bilan ont ichaman!
– O‘z foydasini bilmagan noshukur-ey?.. Xohlamasang bor, yer yutsin sendaqalarni!– dedi Shamandux eshikdan chiqayotib.
Darijon umrining oxirigacha marhum eriga sodiq qoldi.
G. qishlog‘ida har xil mish-mishlar yurardi va Darijonning o‘zi aslida u bilan nima yuz berganini hech qachon yashirmasdi. Holbuki, u qizi Nene qabrini qanday ochganligi haqidagi voqea mana bunday yuz bergan edi.
– Darijon, nimaga doim g‘alati ishlarni qilib yurasan? – so‘radi undan Saliya.– Qizing mozorini qanday kavlading, bunga qanday qo‘ling bordi?
– O‘sha yili qandaydir tumanlar ichida yashardim,– deya gap boshladi Darijon. Aqldan ozganday yurardim. Bir vaqt kechasi osmonni bulut qopladi, havo aynidi, jala quydi. Uyqum qochdi, qani endi ko‘zimni yumolsam: qizim Nene ko‘z o‘ngimdan ketmasdi., onang o‘lgur, sho‘rlik bolam-a! Birdan miyamga: “Nega bu yerda, uyda yotibsan, badbaxt, u yerda bo‘lsa qizing qabrini suv bosdi!”– degan fikr keldi. Uning mozoriga qurbaqa, ilonlar bostirib kirayotganini tasavvur qildim. O‘rnimdan qanday turganimni, qabristonga qanday yugurib borganimni eslay olmayman. Mozorrni kovlab bo‘lganimdan keyin o‘zimga keldim. Tobutning qopqog‘ini sug‘urib, uning peshonasidan o‘pdim. Burnimga haligi hid urildi... Shunda asta-sekin o‘zimga keldim. Atrofga ko‘z yugurtirdim, birdan meni qo‘rquv bosdi, dahshatga tushdim: “Yo alhazar! Birortasi ko‘rib qolsa-chi! Odamlar nima deydi?” Qabrni ko‘mdimu bor kuchim bilan uyga chopdim. Jilg‘acha bo‘yiga tushgach, to‘xtab, quloq soldim, kimningdir yig‘isi eshitildi quloqlarimga, qizcham yig‘layotganga o‘xshardi. Orqamga qaytmoqchi edim, o‘ylab qoldim: “Qanday qilib yig‘lashi mumkin, axir u yer ostida chirib yotibdi-ku!” Menga orom va osoyishtalik ber, deb iltijo va duolar o‘qiganimdan so‘ng butunlay o‘zimga keldim.
Oradan bir yil o‘tib Darijonning qaynonasi vafot etdi. Har safar yaqinlarining dafn marosimini Darijonning o‘zi o‘tkazardi. Qurbonlikka so‘yiladigan molni ipidan yetaklab o‘zi olib borardi, toat-ibodatini o‘zi qilardi.
Darijon qishloqda haqiqiy mehnatkash deb nom chiqargandi.
Uning qo‘li sira tinim bilmaydi, derdi hamqishloqldari. Juvon o‘g‘li Gamxareni ham yoshligidan mehnatga o‘rgatdi, uning bekor tentirab yurishiga sira yo‘l qo‘ymasdi. Bola imkon topdi deguncha tengqurlari oldiga yugurib borar, lekin onasi uni darhol topib olardi va nayzasi bilan qurollanib, dahshatli qasoskor farishta kabi Galaxarening tepasiga kelardi:
– Nima qilib o‘tiribsan bu yerda,– derdi u g‘azab bilan,– hech bo‘lmasa g‘arib kulbang holidan xabar olmaysanmi?!
– Oyi, jon oyi, ozgina o‘ynay,– yalinardi Gamaxare.
– O‘rtoqlari bolaning yonini olishadi, Darijondan Gamaxareni darhol olib ketmaslikni iltimos qilishardi.
– Bizlar bilan yana ozgina o‘ynasin! Biroz gaplashib hammamiz tarqalamiz,– derdi bolalar.
Darijon, ba’zan bolalarni urishib berar, o‘g‘lini uyiga yetaklab ketardi.
Gamaxare o‘sib ulg‘aydi, katta bo‘lganida ham biror marta onasiga ovozini ko‘tarib, gap qaytarmadi, Darijon bo‘lsa hatto to‘y-tomoshalarda ham uni urishib, o‘rnidan turg‘izib uyigsha jo‘natib yuborardi.
– Qachonga to‘ylarda maza qilib o‘tirasan, badbaxt! Bunaqa ziyofatlar tezda tugaydi. O‘z uying – o‘lan to‘shaging – mana sening to‘ying, bildingmi, nega tushunmayman shuni?!
Gamaxare to‘y-tomoshani ham, dam olishni ham bilmay, mana shunday yashardi. To‘g‘ri, buning uchun odamlar uni maqtashardi, lekin u o‘zini xo‘rlangan deb hisoblardi.

II

Darijon harqanday olib-sotarlar va jalloblarni ko‘rgani ko‘zi yo‘q edi. Shuning uchun ham ularning dodini berardi. O‘z navbatida ular ham Darijonni “Dev xotin” deyishardi. Shunga qaramay, Darijon ulardan u-bu narsa sotib olardi. Lekin baribir janjallashib qolishardi.
Nega ularni buncha yomon ko‘rasan deb so‘ralsa, Darijon shunday javob berardi: “Shuning uchunki bu itvachchalar uyalmay-netmay biz oddiy odamlarni aldashadi”.
U hammadan ko‘ra ko‘proq Arutinga zug‘um qilardi. Bu savdogar o‘ta ketgan aldamchi edi. Arutin mana yigirma besh yildirki Pshaviyada savdo-sotiq qiladi, bu yerda hammani taniydi, dehqonlar ham unga o‘rganib qolishgan, o‘z odamlari hisoblashadi. U pshavcha gaplashishni o‘rganib oldi, hatto qasamni ham pshavchasiga ichadi.
– Lashar xochining marhamati bilan qasam ichaman,– ishontirardi Arutin,– chit umuman chirimagan!
– Ha, mayli, sen Lashar xochiga qancha ishonsang, u ham senga shuncha madadkor bo‘lsin,– javob berardi Darijon.
– Arutin zo‘r berib qisiq sichqon ko‘zlarini pirpiratadi, kalta va siyrak qoshlarini uchiradi va matosini o‘lchashga tushib ketadi, o‘zini dadil tutadi, ba’zan hazillashsa-da, hech qachon kulmaydi. Biroq ko‘pni ko‘rgan va sezgir ko‘z uning turgan-bitgani yolg‘ondan to‘qil-ganini, o‘ta makkor va ayyor ekani darhol sezadi. U egniga sho‘rlab ketgan kamzul, boshiga bo‘ri talagan qo‘y terisiga o‘xshagan teshik telpak kiyadi. Arutin savdolasharkan ana shu sho‘rlik telpakning ahvolini ko‘rsangiz: hali qoshiga qo‘ndiradi, hali ensasiga surib qo‘yadi, chakkasiga yopishtiradi, umuman telpak uning boshida raqsga tushadi. Bunday paytlarda Arutinning ko‘rinishi juda kulgili (va jirkanch) bo‘ladi. Ayniqsa, u savdoni bitirib, chitdan kerakli o‘lchamini kesib bergach va ish mato haqini berishga yetganda: birdan nikohdan o‘tayotgan qizga o‘xshab muloyim bo‘lib qoladi, uyatchanlik bilan lablarini qisib va uning oldida cho‘kkalashib o‘tirgan pshava ayollariga qaramay, nigohini olis-olislarga qadaydi. Ana shunda uning telpagi dam olar, baland chimirilgan qoshlari esa joyida qotib qolardi.
Shunday daqiqalarda Arutin o‘lja qush sari pisib borayotgan bahorda tullagan tulkiga o‘xshab ketardi.
Bir safar Darijon boplab uning adabini berib qo‘ydi. Albatta, buning o‘ziga yarasha sabablari bor edi.
O‘sha G. degan qishloqda Jabana ismli bir tul kishi yashardi. Juda soddadil, halol odam edi. Ikki yil davomida o‘sha Jabananing butun moli o‘latdan qirilib ketdi. Ikkitagina buzog‘i tirik qoldi. Bu qayg‘uni ko‘tarolmay u yotib qoldi. U poxol to‘ldirilgan to‘shakda yotardi.
 Yozda uni boloxonaga olib chiqishar, qishda ichkari xonaga kiritib qo‘yishardi. Jabananing Anuka degan qizidan boshqa birorta yaqin kishisi yo‘q edi. Sho‘rlik qiz shol bo‘lib qolgan otasini boqish uchun tinim bilmay ishlardi. Darijon shu qizni juda yaxshi ko‘rardi va har safar uni uchratganda:
–Ajoyib qizsan-da, haqiqiy zahmatkash, — derdi. — Shuning uchun ham seni yaxshi ko‘raman. To‘g‘ri qilasan, qizim. Axir mehnatsiz hech narsaga erishib bo‘lmaydi...
Ba’zan Darijonni badavlat xo‘jayinlarnikiga yordamga chaqirish-ganda rad etardi.
– Yaxshisi men Jabanaga yordam beraman,– derdi u,– bir-ikkita bog‘ pichan bog‘lasam ham foydalida... Va kambag‘al Jabananikiga yordamga shoshilardi.
Jabana Arutinga to‘rt rubl qarz bo‘lib qolgandi. Arutin ikki marta kelib qarzini so‘radi. Lekin quruq qaytib ketdi. Qarzni to‘lolmayotganidan Jabana o‘zini qo‘yarga joy topolmasdi. Ba’zan u o‘zicha xitob qilardi: “Qarang-a, bu odam oldida sharmanda bo‘lib qoldim. Pulini qaytarib berolmayapman”.
Arutinning o‘ziga esa shunday derdi:
– Nima qilish kerak, baraka topkur, Arutin. Qanday baloga qolganimni tasavvur ham qilolmaysan. O‘zing ko‘r, axir. Mana ikki yildirki, uyda yotibman. Bir cho‘pni mana bu yerdan olib, ana u yerga qo‘yolmayman. Qo‘l-oyog‘i yo‘q bir odamga qanchalik qiyinligini tushunasanku, axir. Qizim qaramog‘ida qoldim. Uni ham qiynab yubordim. U bechoraga ham qiyin bo‘ldi. Kimdandir qarz olib senga bersam, bundan menga oson bo‘ladi deysanmi? Seni ko‘rsam uyalganimdan yerga kirib ketgim keladi. Uyat menga, Eh, qanchalik uyat! Nima qilay, sening qarzingni qanday uzay?
Arutin uzoq bosh qotirib o‘tirmadi. Qishloq oqsoqoliga bir rubl “qistirdi”da, Jabanadan qarzi evaziga ikkita buzog‘ini tortib olib berishni iltimos qildi.
Oqsoqol rozi bo‘ldi va kunlarning birida mirshablar Arutin bilan birgalikda buzoqlarni haydab ketishdi. Anuka bu paytda qo‘shnilarnikida ishlayotgan edi.
– Nima qilay? – zor qaqshardi Jabana, oxirgi umidi ham qo‘lidan chiqib ktayotganini tushunib. — Sizlarga nima ham derdim, hatto xudodan ham qo‘rqmasangiz!
Anuka uyiga kechqurun qaytdi. Uzoq yig‘ladi bechora qiz, Arutinni uzoq qarg‘adi. Qo‘liga olgan tayog‘iga suyanganicha xuddi marhum tepasida yig‘layotganday o‘ksib-o‘ksib nola qildi:
– Sho‘rim quridi, sho‘rim. Voy mening Tolg‘irginam, voy erka Olg‘irginam, bekalaring o‘lsa yaxshimasmidi?! Sizlarni olib ketganlar tangrining g‘azabiga uchrasin. Yer yutsin sizlarni iloyim!
Anuka yig‘laganicha Darijonni izlab bordi. Dardini boshqa kimga ham aytardi.
– O sho‘rim qurisin, sho‘rim,– yig‘lab iltijo qilardi Anuka.– Arutin Olg‘irim bilan Tolg‘irimni olib ketganida Darijon xola ham yordam berolmasdi. La’natlar bo‘lsin senga, Arutin, Ilohim seni qora yer yutsin!
– Voy ko‘ppaklar, voy vahshiylar-ey! Nahotki rost bo‘lsa? Voy bechora, nega men badbaxt buni bilmay qoldim. Sening buzoqlaringni olib ketishlarini bir tomosha qilardim! Hoy, qiz, sen aralashma, o‘zim ko‘rsatib qo‘yaman o‘sha ko‘ppakka zo‘ravonlikni,– ovutdi Anukani Darijon.
Bir haftadan keyin Arutin yana qishloqda paydo bo‘ldi. U bor ovozi bilan jar solardi:– “Hoy kelinglar, yuguringlar yelinglar. Keltirdim toza mato, olib qilmaysiz xato. Toza mol, qizil parcha, kelib ko‘ringlar barcha!”– deya ikkita otni yetaklab kelardi.
Darijon xuddi shu payt ertalabki o‘tlovdan qaytgan sigirlarini sog‘ayotgan edi. Arutinni ko‘rib, og‘il yonida yotgan itlarni chaqirdi:
– Hoy Sobana, hoy Olabosh, ol kish!
Olabosh bilan Sobana butun qishloqda eng qopag‘on bo‘ribosarlar edi. Itlar birdan quloqlarini dikkaytirdilar-da, Arutinga tashlandilar. Uchurum ustida yerga ag‘darib rosa taladilar.
Arutin dod deb yordamga chaqirdi. Otlar hurkib shatalang otdilar, biri ustidagi yukini, boshqasi eritilgan yog‘ solingan charm qoplarni tashlab qochdi. Bularning hammasi jarga qulab tushdi. Charm qop yirtilib, yog‘ oqib ketdi.
– Yordam beringlar, nasroniylar! – xirillardi Arutin.
“O‘lib qolmasin tag‘in, yashin urgur! Gunohi menga urmasin tag‘in”,– o‘yladi Darijon va yordamga shoshildi. Tepachaga chiqib qarasa, Arutinning yuzi qonga belangan, rahmi kelib, itlarga o‘shqirdi:
– Yo‘qolinglar, he bo‘rilar sarqiti!
Ko‘ppaklar darhol qochib uyga kirishdi.
Badbaxt savdogar bir amallab o‘rnidan turdi-da, cho‘loqlanib bir necha qadam bosdi.
– Itlarni nega bog‘lab qo‘ymaysizlar, ilohim yer yutsin sizlarni,– baqirdi Arutin.– Ularning qanday qopog‘onligini nahotki bilmasanglar? Eh, qo‘limda xanjar bo‘lgandaydi!
Arutinning nigohi to‘qilgan yog‘ga tushib yig‘lab yubordi va Darijonni qo‘pol haqorat qila boshladi.
– O‘zingni yer yutsin, o‘zing ko‘ppaksan! – baqirdi javoban Darijon.– O‘zing shunday o‘laksa bo‘lsang, o‘zingdan bo‘lak kim aybdor? Bu yerdan ozmuncha odam o‘tadimi, yer yutkur, kimga tashlanibdi mening itlarim? Afsus, menga urmading-da, men senga ko‘rsatib qo‘yardim, urish qanday bo‘lishini. Nega yer yutmaydi sendaqalarni. Urarmiding! Men-chi, men nima qilib turibman bu yerda? Mana bu nayzani iflos og‘zingga tiqib olardim.
Darijon tez-tez shunday do‘q qilib turardi. U o‘sha zahoti tepalikdan tushib ketdi. Yuzida tabassum jilva qilardi. Uning yuzida bunday quvnoq tabassumni birinchi bor ko‘rishim: aftidan sal bo‘lsa-da ko‘nglini yozib olganga o‘xshardi.
It talagan Arutin bo‘lsa, qiyalikdan jarlikka sirg‘anib tushdi-da to‘kilgan yog‘ni yig‘ishtirib yana qopga sola boshladi.
Shu payt jilg‘acha oqimi bo‘ylab qo‘lida qarmoq bilan bir bolakay kelayotgan edi. Arutin uni yordamga chaqirdi. Qoplarni va bog‘lamlarni otlarga ortishdi, savdorgar nimalarnidir to‘ng‘illab yo‘lida davom etdi. Darijon yana bir o‘girilib qaradi-da, uning orqasidan qarg‘ab qoldi.
– Hu chaqmoqqa chaqilgur!

III

Bozor kuni edi. Hali quyosh chiqmagan. Beraant uyining orqasida, qandag‘ochzorda, jilg‘adan tegirmonga suv ayirg‘ich ustida Darijonning g‘azabli ovozi eshitildi. Jahldan yuzlari qizarib ketgan Darijon ikkita bolaning qo‘lidan mahkam ushlaganicha. Javaraga nimalar derdi. Javara unli charm qopni orqalab olgandi.
– Ularni qayoqqa sudrayapsiz, opajon?– so‘radi undan Javara.
– Mana olib borayapman. Yer yutsin ilohim onalarini,– dedi Darijon va yig‘layotgan bolalarni ovutishga tutindi.– Yig‘lamanglar qoqindiqlar, onangiz tezda qaytib keladi.
– To‘xta. Aytsang-chi, nima bo‘ldi o‘zi?
– E-e, nima bo‘lardi, bularning onasi Gamixarda bilan qochib ketibdi. Go‘yo Gamixarda uni o‘g‘irlab ketganmish, bolalarni esa, ko‘rayapsan-ku, tashlab ketishibdi.
– Buni qara-ya, voy sharmanda!
– Axir men umrimni beva o‘tkazmadimmi? Boshqa bevalar oz emas! Qani, bizlardan qaysi birimiz bu suyuqoyoqqa o‘xshab ish qildik?.. Eh, men nima ko‘rdim, nimalar ko‘rdim-a, qadrdonlarim! Rahmim kelganidan yuragim yorilib ketay dedi-ya! Bugun ertalab ularning qo‘rg‘oni yonidan ismaloq tergani o‘tib ketayotgandim. Bolalar chirqirab yig‘layotganini eshitib qoldim. Eshik esa tashqaridan tambalab qo‘yilibdi. Ochib ichkari kirdim... Mana bu kichkina yig‘layverib holdan toyibdi, yuzini yerga qo‘yganicha yotibdi. Kattasi – qizaloq esa bor ovozi bilan baqirib yig‘layapti. “Voy, sho‘rim qursin, onangiz qaerda?” dedim. “Qandaydir bitta erkak bilan ketib qoldi,– dedi qizaloq.– Narsalarini olib xurjunga soldi-da ketdi...”Qaynog‘asi ham uyda yo‘q ekan, bu sharmandaning..
Rangi oqarib ketgan Javara hayratlanib Darajonga qarardi.
– Eh!– davom etdi Darijon. Qani edi uyida erkak, bo‘lsa sochidan burab kaltaklasa, miyasi yo‘q boshini toshlarga urib yorsa!.. “Pshava daryosida xudoning marhamati qolmadi deyishadi”. Odamlarda or-nomus, vijdon bo‘lmagandan keyin qanaqa marhamat qolishi mumkin. Bizning davrimizda inson yashashga loyiqmi? O‘lgani yaxshiroq emasmi?
– Endi bolalarni nima qilasan?
– Uyimga olib ketaman. Amakisi kelgancha qarab turaman. Nima qilay bo‘lmasa.
– Bu himmating yaxshi, onajon,– dedi javara.– U tez orada qaytib keladi. Ioruga ketdi shekilli.
Darijon bolalarni yetaklab uyiga olib ketdi. Kichkinani ko‘tarib oldi, qizchani qo‘lidan yetakladi.
Bolalarni ko‘rib butun qishloq ahli hayajonlandi, dahshatga tushdi.
– Xudo jazosini bersin, Tangri yuz o‘girgan bu ayolni bolalarni tashlab ketib, yetimlikka mahkum etishga nima majbur qildi ekan?
Darijon sut qaynatdi, bolalarning qornini to‘yg‘azdi, ularni tinchlantirdi. Endi uni faqat bitta tashvish qiynardi: Mzevinari bilan qanday qilib uchrashsa bo‘ladi. Aytishlaricha, ular rostdan ham uchrashibdi. Darijon bu ayolni qattiq siquvga olibdi, yig‘lashga majbur qilibdi ham. Lekin ikkinchi eridan voz kechdira olmabdi.
– Meni tinch qo‘y, Darijon, o‘tgan yaqinlaring oxirati obod bo‘lsin!– dedi yig‘lab Mzevinari, bir yaylovda Darijon uni uchratib koyiy boshlaganda. Nima qilay, xato qildim. Lekin mening hamma narsadan qo‘limni yuvib qo‘ltiqqa urishimni, o‘zimni o‘ldirishimni istaysizlarmi ?
Odamlarning hikoya qilishlaricha, bir safar Darijon oldida hatto “amaldar ham chekingan emish”.
Amaldor bilan Darijon janjali uning o‘g‘li Gamaxars tufayli yuz bergan ekan. Darijon o‘tin tergani o‘rmonga borgan edi. Uyga qaytayotib, qandaydir bir odam uning o‘g‘lini qamchida savalayotganini, bola esa qo‘li bilan boshini yashirayotganini ko‘rib qoldi. Yelkasidagi o‘tin bog‘ini yerga tashlab, amaldor oti jilovidan mahkam ushladi.
– Sen kimsan o‘zi?– so‘radi juvon do‘q qilgan ovozda. — Nega o‘g‘limni qamchilayapsan, imonsiz?
Amaldor qamchi bilan boshiga tushirmoqchi edi, lekin darhol qo‘lini tushirdi. Darijon bir qadam orqaga tisarildi-da, otliqqa nayza o‘qtaldi.
– Qani, urib ko‘rchi, Gamaxare nomi bilan ot ichamanki...
Amaldor chindan ham “chekindi” va keyin bu voqea haqida gapirib yaqinlarini kuldirib yurdi: “Boshqa nima ham qila olardim, do‘stim? U qari bir ayol edi. Lekin men bunaqa ayolni sira uchratmagandim. Xuddi ajal farishtasi, birdan menga tashlanib qoldi – shunday dev, yovvoyi, chinakam yovvoyi!”
– Nima, sening qo‘ling yo‘qmi, badbaxt anqov? – do‘q qildi o‘g‘liga Darijon.– U seni kaltaklayapti, sen bo‘lsang indamay turibsan?!
– Men nima qilishim kerak edi, oyi? U shunday katta odam bo‘lsa, men unga qanday qo‘l ko‘taraman?– dedi Gamaxare. Keyin o‘zini bekorga xafa qilganlarini tushunib o‘nglandi: – Biznikiga bostirib kirishga, meni urishga, nima haqi bor uning?– dedi jahl bilan kechikibroq bo‘lsa-da.
– Bo‘ldi bas, gapirmaganing ma’qul, badbaxt! Sendan nimani umid qilaman. Men yotib qolsam nima bo‘ladi? Hamma senga zo‘ravonlik qiladi, axir,– qo‘shib qo‘ydi Darijon xo‘rsinib.

IV

Darijonning o‘z uyida turli tashvishlar va to‘qnashuvlar oshib-toshib yotganiga qaramay, u har zamonda bo‘lsa-da birovlar ishiga aralashuvi faqat o‘z qishlog‘idagina emasdi. Bu o‘rinda men Darijon Kizikiyaga qanday va nega borgani haqida gapirib bermoqchiman. O‘sha paytlar men o‘quvchi edim va qishloqda yashardim. Bir safar, qaysi kun ekani esimda yo‘q, Darijon sahar payti menikiga keldi.
Tur o‘rningdan, bolakay, tur! – baqirdi tortinmay qulog‘imning tagida.– Bu qanaqasi, shu paytgacha ham uxlaydimi odam degan? Sizlarga tushgacha o‘qishni maktabda o‘rgatadimi? Tur, shoshib turibman, ishim bor, axir!
Darijon bu gaplarni shu qadar qat’iy va ishonch bilan gapirdiki, go‘yo men uning ishlarida qatnashishga majburman. Ha men chindan ham majbur edim, chunki Darijon mening yordamimga muhtoj edi.
– Nima bo‘ldi, Darijon, senga nima kerak? – so‘radim men.
– Gap shundaki, dardingni olay, menga qog‘oz, ya’ni chipta yozib berishing kerak. Chiptamidi, nima deb atalishini o‘zim ham bilmayman: Kizikiyaga bormoqchiman.
– Eh, qanaqa tinib-tinchimagan ayolsan o‘zing? Kizikiyada nima bor senga,? U yerga borishing mumkindir, lekin kuching yetarmikan?
– Nima deyapsan o‘zi bolakay,– baqirib berdi menga Darijon.– Tinib-tinchimas emish! Kerak bo‘lgani uchun borayapman u yerga...– dedi u ovozini biroz pasaytirib. Qog‘ozda men Bejanning xolasi ekanligim, jiyanimni qidirib Kizilkiyaga borayotganim yozilishi kerak,– deya so‘zini tugatdi Dirijon nayzasi bilan yerni do‘qillatib.
– Qanaqa Bejanni? Nega endi uni qidirishing kerak?
– Aftidan, sen hech narsa bilmaydiganga o‘xshaysan, bolakay?
– Nima bo‘ldi? Bilmayman, eshitganim yo‘q...
– Bejan yo‘qolib qoldi,– tushuntirdi Darijon.– Hech kim bilmaydi. O‘zinikilar ham, begonalar ham. Hatto cho‘pon o‘rtoqlari ham bilishmaydi. Amakilari va amkivachchalari – itning o‘ligidan ko‘p, hech qaysinisi bu odam qayoqqa ketdi, nima bo‘ldi, o‘likmi tirikmi?– deb o‘ylashmaydi ham. Yaylovdan qaytib kelganlarning hammasi bir ovozdan uni Kizikiyadagi mayxonada o‘ldirishgan deyapti. Uning yonida puli bor ekan. Puli bor bo‘lsa ayab o‘tirishmaydi. Birorta urug‘i, odami yo‘q deb o‘ylashgandir-da... Aytishlaricha, uni o‘sha yerda, duxan orqasidagi axlatlar orasiga ko‘mib ketishibdi. Borib, o‘sha joylarni ko‘rishim kerak... Eh, hozir mehr va ishonch qoldi deysanmi, Darijon! Bu olamda faqat cho‘chqalar va ko‘ppaklar qoldi. Qo‘shni poylab turadi, o‘z qo‘shnisining mo‘risidan tutun chiqib turibdimi, yo‘qmi deb. Tezroq hammasi qirilib ketsaydi deb kutib turadi, yer- mulklarini darhol egallab olish umidida. Xudo senga omad bersin, mening yetimichamga ham,– Darijon o‘z bolasini “etimcha” deb atardi. Qancha odam boshqalarning o‘lib ketishlarini orzu qilishadi: “Faqat mening bolalarim ko‘paysa, ularning boyligi bizga qolsa” deb. Bejanning bedarak yo‘qolganiga sakkiz oy bo‘layapti. To‘yma-to‘y, bayramma-bayram yurgan uning amakivachchalari odamlar ko‘ziga qanday qarashadi? Xudo senga ham, menga ham rahm qilsin, yaqinda Tiruzanni bopladim. Bilasanmi, bolakay, menikiga yugurib kelib qoldi, qorni to‘q, ichib olgan, tag‘in yonida qandaydir pakanagina, to‘nkaga o‘xshagan, bo‘yni qiyshiq, turqi sovuq, boshida eski sho‘rlab ketgan qalpoqli bir odam bilan. Sixegoradagi bayramdan qaytib kelishayotgan ekan. Tarala bedod ashula aytishib, qiyqirishib, darvozamni qoqishdi. O‘sha benomus Tiruzan uyalmay-netmay menga baqirdi: “Qani, quda, araqdan yo‘qmi senda? Ozgina olib chiq, sening omading uchun ichaylik, xudo umringni uzoq qilsin!”
– Qoch, qoch, yo‘lingdan qolma, notavon imshyoqmas,– dedim unga,– bo‘lmasa, urib boshingni yoraman. Bu dunyoda qanday yashab yuribsan, o‘zingga, aft-basharangga nega bir qarab qo‘ymaysan? Bu odam qaerda yo‘qoldi, nega izlamayapsan?”– “Nima ham qilardik quda,– dedi u,– juda yomon zamon bo‘ldi-a!” emish. Go‘yo zamon yomon bo‘lsa, demak o‘z yaqinlarimizning tashvishini tortmasligimiz, o‘lik yo tirigidan xabar olmasligimiz kerak ekan-da!– hayajon bilan xitob qildi Darijon.– Bejan o‘lgan joylarni borib, qidirib ko‘rsa, uni birov yeb qo‘yarmidi? Men folbinga borib, fol ochdirdim. U ham o‘sha odamlar aytgan gapni takrorladi.
Keyingi kuni Darijon, odatdagidek, o‘ziga xos kiyinib, ulovda Kizikiyaga yo‘l oldi. Qishloqma-qishloq yurib Bejanni so‘rab surishtirdi. U harbir duxanga birma-bir kirib chiqdi. Avval mayxonasi bo‘lgan odamlardan ham so‘radi. Erishgan narsasi shu bo‘ldiki, Pshavadagi uning “Dev” va “Kema” degan laqablari yoniga, bu yerda yangi – “Bo‘ri odam” laqabi ham qo‘shildi. Darijon o‘z ko‘rinishi bilan hammani lol qoldirdi – ko‘plar ular oldida turgan ayol ekanigna ishongilari kelmasdi. Bu atrofda afsun bilan turli qiyofaga kiradigan odamzod paydo bo‘libdi degan mish-mishlardan ko‘z o‘nglarida Darijon turganini ko‘rganlar ham shubhalana boshladilar.

 V

Hammayoqda bahor nafasi. Aragva daryosi bo‘yidagi qandag‘ochlar yam-yashil barglar bilan qoplandi. Kakku sayrab qoldi.
Aragvada suv ko‘tarildi, to‘lib-toshib oqayapti. Hatto jilg‘achalar ham qirg‘oqlaridan toshdi. Jo‘shqin oqim harsanglarni dumalatib, qoyalarni ko‘chirib, daraxtlarni ildizi bilan qo‘porib, shovqin solib oqizib ketayapti.
Yosh cho‘pon bolalari qandag‘ochzor orasida o‘yinga berilishgan. Qo‘llarida ot dumidan qilingan tuzoq. Bolalar bedanalar ketidan quvib yurishibdi; maysalar hali yaxshi o‘smagan, bedanalar yashirinolmaydi.
Ana, ikkita bola pisib bedanaga yaqinlashib kelishayapti. Ulardan biri kalxatga o‘xshab ovoz chitqarib, bedanani pisib yotishga majbur qilayapti, ikkinchisi tuzoq bilan nishonga olayapti. Bedana yerga qapishgancha qotib qoldi. Mittigina pshav qo‘lini cho‘zib tuzoqni qushchaning bo‘yniga ildi, boshqasi uni hurkitdi – sh-sh-sh!– bedana uchdi-yu, tuzoqda osilib qoldi, xuddi qarmoqqa ilingan baliqday.
Kattalardan bu yerda faqat Darijon bor edi. U bir chekkada maysazorda o‘tiribdi, atirofida qo‘zichoqlar o‘tlab yurishibdi. Ular qishda ancha ozib qolishgan, endigina nish urgan maysalarni chimdib-chimdib yeyishmoqda.
Darijonning yonida uning ajralmas do‘stlari – Olabosh kuchugi va nayzasi, ko‘lida urchuq, ip yigirayapti. Bolalardan biri tantanavor yurishda Darijonning yoniga keldi:
– Qarang xola, mana!– deydi u tuzoqqa ilingan bedanani ko‘rsatib.
– Qo‘yib yubor, qo‘yib yubor uni, chaqmoqqa chalingur, bo‘lmasa hozir taziringni beraman! Bu bechoralarning senga qanday zarari tegayapti? Nega quvlab, ularga tinchlik bermayapsizlar? Bordi-yu, sizlarni vahshiy odamlar quvib, asir olishsa, qiynoqqa solishsa, yaxshi bo‘ladimi?
Birdan Darijonning ovozi o‘zgardi. Yumshoq-muloyim tovushda boladan so‘radi:
–Qani, nabiraginam, ko‘rsatchi, qanaqa o‘zi? Voy-bo‘y, bechoraginam mening...
Darijon bedanani uchirib yubordi, bolakayni yupata boshladi:
– Bu savob ish bolam! Axir senga halaqit bermayapti-ku?! Axir bu bizning mehmonimiz, quvonch elchisi. Mana endi u uchib senga rahmatlar aytadi: “Tezroq katta bo‘l, unib o‘sgin, ota-onang uzoq ko‘rib, baxtingdan quvonib yurishsin”. Buning hamasi sen uni qo‘yib yuborganing uchun...
Quyosh tog‘ cho‘qqilari tomon engashdi. Cho‘pon bolalar, mollarini to‘plab, qishloqqa haydadilar. Sigirlarning mo‘lashi, qo‘y-echkilarning ma’rashi bolalarning jarangdor tovushlari bilan qo‘shilib ketdi.
– Hoy, yordam beringlar! Qichqirdi kimdir birdan.– Daryo Xvtisoni oqizib ketdi. Xvtisoni ham, qo‘zichoqni ham oqizib ketayapti!..
Qo‘ylar daryo sohilida o‘tlashayotgandi. Toshqin daryo Xvtisoning qo‘zichog‘ini oqizib ketdi. Bola qo‘zichog‘i orqasidan o‘zini suvga tashladi. Biroq jo‘shqin daryo ularni olib ketdi.
Darijon nima qilarini bilmay, cho‘ponga yordamga shoshildi. Qarasa, Aragva to‘lqinlari o‘z o‘rkachida Xvtisoni ham, qo‘zichoqni ham goh irg‘itib, goh tortib olib qochayapti. Darijon shoshimlib o‘zini daryoga tashladi, oldinga qarab yurdi. U to‘lqinlar bilan mardona kurashar, suv borgan sari chuqurlashib borardi. U ko‘kragidan oshganda daryo uni chirpirak qilib tortib ketdi. Muzdek suv Darijonni Xvtiso bilan birga girdobga tortdi-da, qoyaga olib borib urdi...
Darijon qariyb hushidan ketdi, lekin qo‘li bilan suvni eshib, qirg‘oqqa intilardi.
U yana bir necha bor, oyog‘i bilan yerni paypaslab ko‘rishga, tik turishga urinib ko‘rdi, lekin befoyda... Ikkalasi – Darijon ham, Xvtiso ham halok bo‘ldi. Men uni boshqa ko‘rmadim,– faqat ancha pastroqda oqim uning qora ro‘molini sohilga chiqarib tashlagandi: Darijon hayotdan manguga ketgan edi.
Kech kirdi. Qorong‘iliq quyuqlashdi. Haybatli tog‘lar qora chakmonlariga burkanib, tepalikdan Aragva daryosiga mag‘rur qarab turardilar.
Loqayd Aragva esa to‘lqinlarini yelkasiga ortmoqlaganicha pastga shoshardi. Atrofda biror ovoz, jonli tovush eshitilmas, faqat qandaydir qush o‘roq yanglig‘ qanotlarini Aragva uzra qoqib, “tiu-tiu” deya uchib borardi.

Ruschadan Fayzi Shohismoil tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 9-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.