“Elizabet Barstou” kemasi kapitani do‘sti bilan taomlar haqida gaplashib turardi.
–U mazali ovqatni to‘kib yubordi, ammo hech nima bo‘lmaganday bezrayib qarab turibdi, – dedi kapitanning do‘sti g‘azab bilan.
–Men, yaxshisi, boshqa oshpaz qidirib ko‘raman. Oshpaz deganini xudo urib yotibdi. U oshxonada buncha shovqin solmasa? – jahli chiqdi kapitanning.
– Unga kechki ovqatga tayyorgarlik ko‘rishni buyurgandim,–tushuntirdi do‘sti. Kapitan indamadi. Birozdan so‘ng yana gap boshladi:
– Men uni zudlik bilan boshqa kemaga o‘tkazmasam bo‘lmaydi. Sizga o‘xshab ovqatdan zaharlanishni xohlamayman. Yigitchani ishga qabul qilayotganimda o‘zining juda mohir oshpaz ekanligini, ovqat tayyorlashni unga opasi o‘rgatganini aytgandi.
Kema Londonga yetib kelgach, dengizchilar kayutadan tushib, qirg‘oqda kechki ziyofatga hozirlik ko‘rishayotgandi. Kapitan palubada chekib turgan vaqtda, yengil qadam tovushini eshitib, ortiga o‘girilib qaradi. Uning qarshisida yoqimtoy bir qiz jilmayib qarab turardi.
– Mister Vill bortdami? — so‘radi qiz.
– Vill? – takrorladi kapitan. – Men unaqa odamni tanimayman.
– Bu “Elizabet Barstou”. Shunday emasmi?
– Uning ismi nima? – savolga savol bilan javob berdi kapitan.
– Albert.
– Ha, oshpaz. Shunday demaysizmi? U oshxonada.
Ayni damda kapitan bu qizning dumaloq yuzini sepkil to‘ldirgan oshpazda nima ishi borligiga qiziqib qoldi.
– U ovqatni qanday tayyorlayapti?
– Hozircha o‘rganyapti.
Kapitan unga to‘g‘risini aytmoqchi bo‘ldi, ammo to‘satdan oshpazning ustozi kim ekanligini esladi.
– Darvoqe, siz uning opasi bo‘lsangiz kerak? – so‘radi u.
– Uni kutayotganligimni aytsangiz, – iltimos qildi qiz.
Kapitan oshxona tomon yo‘l oldi.
– Bert, – dedi u do‘stona ohangda, – seni ko‘rgani opang kelibdi.
So‘ngra apil-tapil kostyumini kiyib, pastga tusha boshladi.
Ular salomlashib bo‘lgach, kapitan xonimga kayutalarni ko‘rishni taklif qildi.
– Qanday ajoyib! Uning yaxshi ko‘rgan qizi bor ekan! – dedi kapitanning do‘sti.
– U Villning opasi, – tushuntirdi kapitan.
– Opasi? Men buni bilmagandim? Oshpazimizga qanday ovqat qilishni shu xonimcha o‘rgatgan deng? Uning bor-yo‘g‘i besh daqiqa vaqtini olaman, xolos.
– Tinchlan, – dedi kapitan.– U axir endi o‘rganyapti. Boshlanishi hozircha yomon emas.
– Yomon emas? – takrorladi do‘sti. – Siz uni bo‘shatmoqchi emas-midingiz?
– Yo‘q. Hali emas. Men unga yana bir imkon bermoqchiman. Ishonamanki, u albatta yaxshi oshpaz bo‘lib yetishadi.
Oshpaz qaytganida ancha kech tushib qolgandi. Kapitan uni palubada kutib oldi. U Bert bilan uning shunday ajoyib opasi borligi to‘g‘risida suhbatlashdi.
Ertasi kuni miss Vill va kapitan kayutalarni ko‘zdan kechirishdi.
– Bu yerdagi hamma narsa menga juda yoqdi, – dedi qiz. – Vaqtingizni olganim uchun uzr.
– Qo‘ysangiz-chi, men mutlaqo bekorchiman, – dedi kapitan. – O‘zim bilan sayr qilishni taklif qilmoqchiydim, agar rozi bo‘lsangiz. Har holda yolg‘iz sayr qilish sal zerikarliroq.
Miss Vill uning fikrini ma’qulladi.
– Mening opam bo‘lganida edi...
– Menimcha, uni sayrga olib chiqmasdingiz.
– Bert sizni olib boradi, – dedi kapitan.
– Ha, u boshqa ukalarga sira o‘xshamaydi, – dedi miss Vill.
– Singlim bo‘lganida uni sayrga olib borardim yoki teatrga taklif qilardim.
– Bu singlingiz uchun ham ko‘ngildagidek bo‘lardi, – dedi miss Vill muloyimlik bilan. Kapitan gapirmoqchi bo‘ldi-yu, ammo uddalay olmadi.
– Xo‘p, yaxshi, tasavvur qiling, siz opamsiz va men sizni bugun kechqurun teatrga olib boraman.
– Bertga bu yoqmasligi aniq, – dedi qiz.
– Yo‘q, nega endi? – so‘z qotdi oshpaz.
– Ammo men Bertni ham taklif qilmoqchiman.
Teatrdagi uch soatlik spektakl qanday tugaganini bilmay qolishdi. Hamrohlaridan farqli o‘laroq qiz bu tomoshani katta qiziqish bilan tomosha qildi.
Spektakl yakunlangach, kapitan qizni kuzatib qo‘ymoqchi ekanli-gini aytdi, ammo u rozi bo‘lmadi va ketishga jazm qildi. Kapitan oshpaz va qiz ko‘zdan yo‘qolguncha ular ortidan qarab qoldi.
Ertasi kuni oshpaz kapitanga opasi uni ko‘rmoqchiligini aytdi.
– Siz Bertga yaxshi munosabatdasiz. Shunday emasmi?
– Albatta. Men uni o‘z ukamdek ko‘raman.
– Buni bilaman, biroq boshqalar borasida bunday deya olmayman.
– Men kapitanman. Ular mening buyrug‘imga so‘zsiz itoat etishadi. Agarda biror ko‘ngilsizlik bo‘lsa, menga aytasan, – dedi u Bertga.
Kapitan Londonni tark etishayotganidan xafa edi. U tinmay miss Vill haqida o‘ylardi. Ammo do‘stining kimgadir “Kayutada uxlamoqchimisan, esing joyidami?” – deya baqirishi uning xayollarini to‘zg‘itib yubordi.
Bir zumda o‘zi ham yetib keldi.
– Menga shaxsan kapitanning o‘zi ruxsat bergan, – dedi oshpaz.
– To‘g‘ri. U biz bilan birga ovqatlanadi va uxlaydi. Yana biror muammo bormi?– deya do‘stiga yuzlandi kapitan.
Do‘sti bir og‘iz ham gapirmay, shartta burilib ketdi,
Kemadagilar oshpazni boshidanoq yoqtirishmasdi. Hozir unga imtiyoz berilganini ko‘rib, badtar g‘azablanishdi. Agar kapitandan qo‘rqmaganlarida uni yaxshilab ta’zirini berishardi.
Uch haftadan so‘ng ular Krikxondan Londonga qaytib kelishdi.
Kapitan miss Vill va uning ukasini London ko‘chalarini sayr etish uchun shahar bo‘ylab sayohatga taklif qildi. Ular avtobusga chiqishganida kapitan va qiz oldingi o‘rindiqqa o‘tirishdi. Oshpaz esa ulardan uch o‘rindiq narida o‘tirardi.
Miss Vill suhbatdoshi bilan shahar va uning bag‘rida yashayotgan odamlar hayoti to‘g‘risida gaplashardi. Kapitan undan “shaharda yashashni xohlaysizmi?” deb so‘raganida, u “albatta xohlayman, ammo men qishloqda qolib ishlashga majburman”,– deya javob berdi.
– Ammo siz shaharlik birortasi bilan turmush qurishingiz mumkin-ku, – dedi kapitan hayajonini yashira olmay.
– Turmushga chiqish? – dedi miss Vill beparvolik bilan.
– Ko‘plar shunday qilishadi, – dedi yigit.
– Aqlli odamlar unaqa qilishmaydi. Siz ham, – dedi qiz mayin tabassum bilan.
– Men uylanmaganligimdan xursandman.
– Ana ko‘rdingizmi!
“Sizni uchratmasimdan oldin uylanganimda balki afsuslanar-midim”,– deya o‘yladi kapitan.
Oktyabrning oxirgi kunlari edi.
Kapitan miss Villni tushlikka taklif qildi. Shirinliklar va mevalar to‘la xaltalarni ko‘tarib, kayutaga kirganida u yerda do‘sti yolg‘iz o‘tirib, ishtaha bilan ovqatlanayotgandi.
– Sen ham kel, – deya kapitanni taklif qildi.
– Nega biroz kutmading?
– Kutish? – so‘radi do‘sti.– Nimani yoki kimni?
– Mening mehmonlarimni.
Do‘sti indamadi.
– Ularni kutmaganing ma’qul,– dedi u va qo‘shimcha qildi. –Mehmonlaring kelishmaydi. Ovora bo‘lganing qoladi, xolos, – tirjaydi u.
– Nima demoqchisan? – so‘radi kapitan toqatsizlanib.
– Demoqchimanki, oshpazga qanchalik mehribonlik ko‘rsatsang ham u ketdi. Butunlay ketdi.
– Butunlay ketdi?
– Eh, bu yigit seni o‘z nog‘orasiga o‘ynatib ketdi. U hammasini bizga aytib bergan.
– Nimani? Nimani aytgan?
– Sendan yordam so‘raganini, sen mehribonlik qilib, unga yordam berganingni. Menga qara, sen rostdan ham shu xonim oshpazimizning opasi ekanligiga ishondingmi?
– Nimalar deyapsan? – baqirdi kapitan do‘stiga hayratlangancha tikilib.
– Ular Rojdestvo bayrami kuni oila qurisharkan.
Kapitanning boshiga birov gurzi bilan urgandek chayqalib ketdi.
Bo‘lib o‘tgan voqealarni o‘ylab ko‘rishga ulgurmasidan turib tanish qadam tovushlarini eshitib, sergaklandi.
Kapitan va do‘sti hayratdan yoqa ushlashdi. Eshik yonida miss Vill turardi. U kelib, kapitan bilan so‘rashgach stulga o‘tirdi. Do‘sti og‘zini ochganicha unga biroz tikilib turdi-da, keyin tashqariga otilib chiqib ketdi.
Ular bir muddat jim qolishdi.
– Sizdan hammasi uchun uzr so‘ramoqchiman, – nihoyat gap boshladi qiz.
– Bunga hech bir sabab ko‘rmayapman, – dedi kapitan g‘amgin ohangda. — Shunchaki hammaga kulgi bo‘lganim qoldi, xolos.
Qiz indamay o‘rnidan turdi.
– Ikkovingizga ham baxt tilayman,– dedi kapitan.
– Tushunmadim. Nimani nazarda tutyapsiz?
– Rojdestvo kunida to‘yingiz bo‘lishi haqida eshitdim.
– Men Bertning bu boradagi taklifini rad etganman. Hech qanday to‘y bo‘lmaydi.
Qiz allaqachon yo‘lga tushganida kapitan o‘ziga kelib, uning ortidan shoshildi.
Inglizchadan Dildora Otaqulova tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 10-son.