Valentin Grigorevich Rasputin (1937.15.3, Irkutsk viloyati Ust-Uda qishlog‘i) — rus yozuvchisi. Irkutsk universitetining tarix-filologiya fakultetini tugatgan (1959). Dastlabki hikoyalar to‘plami — «Leshkadan so‘rashni unitibman» (1961). «Narigi dunyoning odami» (1965), «Ayiq terisi sotiladi», «Osmonga yaqin o‘lka», «Yangi shaharlardagi gulxanlar» (1966), «Vasiliy va Vasilisa» (1967) singari hikoya va ocherklar to‘plamlari muallifi. «Mariya uchun pullar» (1967), «So‘nggi muddat» (1970), ayniqsa, «Yasha va yodda tut» (1974) qissalari rus adabiyotida o‘ziga xos o‘rin tutgan. U ijodining dastlabki davrida taygada yashovchi kishilarga xos romantikani tasvirlashga, ular irodasini va tabiat bilan uyg‘unligini ko‘rsatishga ko‘proq moyil bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik kuchli kishilar xarakterini yaratish, ularning murakkab ruhiy olamini, ular bilan jamiyat o‘rtasidagi ziddiyatlarni ochish, ularning jamiyat va tabiat bilan kurashdagi matonatini ko‘rsatishga intilgan. Rasputinning «Matyora bilan vidolashuv» (1976) va «Yong‘in» (1985) asarlari yangi rus nasri taraqqiyotida muhim voqea bo‘ldi. Rasputinning so‘nggi asarlari o‘zbek tiliga tarjima etilgan.