OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Vasiliy Shukshin. Ikkinchi seansga chipta (hikoya)

Keyingi paytlarda nimagadir Timofey Xudyakov­ning ko‘ngliga qil sig‘mas, hamma narsadan xunobi chiqib yurardi. To‘rt oyoqlab tursa-yu, boshi qaltirab, it­day irillasa, hurib yuborsa. Balki yig‘lab ham olarmidi.
     – Senga nima jin urgan o‘zi? – mug‘ombirona rahmdillik bilan so‘radi Yermolay.
Timofey uning atay o‘smoqchilayotganini tushundi, ammo baribir nolidi:
– Taqdir – qanjiq... – dedi-yu, gapning davomini chigallashtirib yubordi. – Boshi tosh qotsin uning... Dasturxoni non ko‘rmasin...
Timofey ruhan qiynalgan damlarda so‘kishni qo­tirib qo‘yar, go‘yoki yomon ko‘rgan odamini darra bilan ana shunday savalardi. Qattiq ehtiros bilan taqdirga la’nat o‘qishni xohlab qolardi. Taqdirni, “o‘n ikki havoriy”, “og‘ziga terak qipig‘i”, “cho‘qintirganni onasi” – bari-barini qo‘shib so‘kishda qizishib davom etardi. Hatto Yermolay ham hayron tikilib qoldi.
– Ha, qiyin bo‘pti senga!
– Osonmi, qanjiq taqdir senga bunaqangi ko‘r­gi­ligini ko‘rsatib tursa.
– Agar sen taqdirdan nolisang... bilmadim. Senga nima yetishmaydi? Uyingda hamma narsa joy-joyida bo‘lsa...
Timofey qorovulga ruhiy qiynalayotganini tushuntirgisi kelmas, aytgani bilan u tushunmas, hatto o‘ziyam hech neni anglamayotgan edi. Rost-da, uyida alag‘da bo‘ladigan narsasi yo‘q, bolalarini institutlarda o‘qitdi... Ba’zi paytlari u yashashni bilishidan mag‘rurlanar, endi esa jahli chiqar va negadir yuragi siqilardi.
Ahmoq qorovul Yermolay bo‘lsa: “Sen iblisni, vij­don yeyapti; butun umr o‘marding... uyga tashiding, biron marta qo‘lga tushmading, tekinxo‘r”, deya alamidan tutaqardi.
 – Ixtilof, Yeremajon... ko‘nglimda g‘alayon. Nimadanligini o‘zim ham bilmayman.
– O‘tib ketadi.
O‘tib ketmadi.
Shu kuni shanba edi (o‘zi ertalabdan hamma ishi tersdan kelaverdi). Timofey omborni tambalab, qo­rovul bilan “yarimta”ni bo‘lishib kunni kech qildi... Uyi­ga jo‘nash oldi yana bittasini “er tishlatgach” o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Uyiga borgisi kelmasdi – borsa xotini yana ming‘irlab ko‘nglini battar xira qiladi.
Kuz yomg‘iri shivalab o‘tgandi. Namchil shamol esganidan halqob suvlar yuzasi ajinday tirishdi. Ufq osmoni yorishib quyosh ko‘rindi. Yog‘och uylar derazasida qahrabo yog‘dular zarhallanib, atrofga yorug‘lik to‘­shardi. Kun sovuq, ham zerikarli edi. Barchasining yoqimsizligi-chi?
Timofey o‘yga cho‘mdi: “Mana – yashab qo‘ydim, bu yog‘i oz qoldi... nari borsa o‘n-o‘n ikki yilmi, umrimni shunchaki sudralib o‘tkazish-u, bo‘sag‘ada yotib olib kun sanash qoldi. Bu hayot emas, chaynab tashlangan suyakday hayot kimga kerak! Nima ham derding, hayot – bu hayot-da. O‘ylab qolasan. Tfu! Butun umr yugurdim-eldim, ol­g‘irlik qildim, uy qurdim, har xil yolg‘on-yashiqlar bilan birni o‘nga urib goh u narsani, goh bu narsani topib keldim. Yeremoxa bo‘lsa, o‘zi uchun yashadi. Jonini koyitmay baliq ovladi, o‘z ko‘rpasiga burkanib tinch-osuda, g‘am-alam nimaliginiyam bilmay o‘tyapti. Qurtlarga esa, baribir, birgalikda yem bo‘lamiz... Eh-he, ko‘rimsiz hayotda davri davron surdi. Sen-chi? Xuddi tsirk artistiday dor ustidan yurib o‘tding. O‘tishga o‘tdim-a, lekin endi tizzalarim darmonsizlikdan qal­­tirayapti.
Timofey yo‘l-yo‘lakay o‘y surib borardi... Birdan o‘zini tanish ko‘chaga urdi. Bu ko‘chada Polya Teplyashina yashardi... Qachonlardir – ancha oldin Timofey Polya bilan jinoyatkorona “sevgi o‘yini”ni o‘ynagandi. Janjallar bo‘lgan, derazalar singan, sharmandasi chiqqan. Gutya –Timofeyning xotini yetti yil jon jahdi bilan Polyadan Timofeyni qaytarib olish uchun kurashgandi. Gutyani qishloqda hamma maqtar, u bo‘lsa bundan g‘ururlanib, qishloqning yosh xotinlarini ko‘cha-ko‘yda uchratdimi, maslahat oshidan becho‘mich uzatardi. Ya’ni, o‘zining ahvoliga tushib qolmasligini eslatib, erlari uchun kurashishga o‘rgatardi:
“U xonimchasining uyiga borganida, sen qo‘­lingda kosov bilan deraza tagida tur! Achom­lashmoqchi bo‘l­ganida kosov bilan deraza oynalarini chil-chil qil. Lazzatdan mahrum et. Qanoti qirqilgan qush qayta ucholmaydi”.
Bunaqa “oshiq-ma’shuqlik” hangomalari qishloqda bo‘lib turardi. Hozir boshqacha – ajralishadi, tamom! Ilgarilari yillab g‘azabini bosolmay alamzada bo‘lib yurishardi. O‘shanda bu “oshiqlik” birdan o‘z-o‘zidan tugagandi. Polyaning o‘g‘li Kolka ulg‘ayib qolgandi. Timoxani “Nikolay Petrovich” onasining yonidan quvib yuborardi.
Timofey ko‘zlari chaqchayib Polyaga o‘dag‘aylanardi:
– Toychog‘ingni tiyib qo‘y!
Juvon esa birdaniga og‘ziga urardi. – Toshingni ter!.. Nima, seni o‘g‘limga alishtiramanmi? Bekorni yebsan!
Timofey shu mojarodan so‘ng yana bir-ikki marta aylanib borgan edi, Kolkaning baquvvat mushtiga duch kelgach “o‘yin”ni yig‘ishtirib qo‘ya qoldi. Eng ahmoqona voqea keyin bo‘ldi: Polya va Gutya do‘stlashib olishdi. Endi esa uning ustidan ikkovlashib mazax qilib kulishib, mag‘zava ag‘darishardi. Goho Polya odamlar to‘da joyda Gutya bilan yuzma-yuz kelib qolsa-ku, chirog‘i porlardi. Timoxaning bitini to‘kish bahonasida:
– Qalay, bizning arg‘umog‘imiz yaxshi yuribdimi? – deya jo‘rttaga so‘rardi.
Gutya bundan yayrab kulardi-da:
– Pechka ustida – kanasini ezayapti, – derdi xumordan chiqib.
Nima balo – bu atay undan o‘ch olishmidi, tushunish qiyin!
Timoxa bunday voqea ustidan chiqsa, xotiniga qarab ot qo‘yardi, ammo endilikda o‘z bolalari tomonidan qarshilikka duch keladigan bo‘ldi. Mana, hozir Timoxadan nima uchun u yerga – Polyaning yoniga borganini so‘rashsa, tushuntirishning uddasidan chiqmasdi. O‘zi ham nega borib yurganini anglamasdi. Polya esa hayron.
– Anovini!.. Bu mehmonni ko‘ring. Nima gap?
– Nima bo‘pti... Nima, yuqumli kasaling bormidiki, aylanib o‘tsam? Gaplashib... o‘tiramiz. Eski xotiralarni eslaymiz, mana ichimlik... – Timofey o‘zi bilan shisha olivolgandi. Shishani stolga qo‘ydi. – O‘t­ganlarni eslaymiz.
– Eslaydigani qoptimi?
Polya keksayib, xunuklashib qolgandi. Timofey: “Aslida u husnda urvoq edi”, – deya o‘ylab o‘z ahvoliga achinib ketdi.
– Latifa aytib berishimni xohlaysanmi?
– Qara-ya!
– Nimaga, hadeb “qara-ya, qara-ya” deysan popning befahm xotiniga o‘xshab. Yovvoyiligingni aytsam... Xo‘sh, mana keldim... Nima bo‘pti? To‘g‘risi, siz ayollar yovvoyiga o‘xshaysizlar, chin so‘zim.
– Nimaga unda esi pastlarning yoniga kelasizlar?
– Qaerdan topaman aqllisini? Hammasi bir go‘r bo‘lsa, almashtirsang ham, sovunni ignaga alishganday gap.
– Taftish bosdimi, g‘azabnoksan?
– Hali meni qarmoqqa ilintiradigan taftishchi tug‘ilmagan.
– Ko‘rinib turibdi. Demak, tug‘ilibdi...
Timofey stakandagi aroqni birrov simirdi – gazakka hech narsa so‘ramadi ham. Polya gazakka – cho‘p tutmadi. Timoxa ham Polyaga o‘zi bilan ichishni taklif qilmadi.
– Latifani eshit. Bir ramaqijon erkak shaharga kelibdi, so‘ng ko‘chada ketaveribdi. Cho‘ntagi to‘la mulla jiring. O‘ylabdi u: “Qaerdan bironta shaharlik oyimqizni ilintirsam”. Chunki u shaharlik ayollarni oson ilintirsa bo‘ladi, degan gapni eshitgan ekan-da. Shu payt, bir suluvgina juvon uning yoniga kelib jimgina qarab turibdi-da, muloyimlik bilan: “Menikida tunay qoling. Uyim bir qadam” deya xushnavozlik ko‘rsatibdi. Xudoning o‘zi yetkazdi, deb shodlanibdi erkak va ayol yetagida uyiga boribdi. Uyga kelgandan so‘ng ayol erkakka qarab: “Siz yechinavering, men hozir kelaman”, – debdi-yu, o‘zi narigi xonaga o‘tib ketibdi.
Erkak yechinib, uni kuta boshlabdi. Ancha kutibdi. Bir payt ayol bir etak bolalarini yetaklab chiqib kelibdi va ularga qarab: – “Mana bolalarim, agar sizlar ham to‘yib-to‘yib ovqat yemasalaring, mana shu amakiga o‘xshab – qoqsuyak bo‘lib qolasizlar?” – dermish.
Polyani bu voqea kuldirolmadi, Timofeyning o‘ziga ham uncha qiziq tuyulmadi. Lekin ertalab hay­dov­chilar bilan birga eshitganida ko‘pchilik kulgan edi. Yana bu latifa ibratli ekan deb o‘ylab ham qo‘ygandi.
– Sen bu bilan nima demoqchisan? – dedi Polya. Timofey tushuntirdi:
– Meni ham, xuddi shunday qilib qanjiq – taqdir chiqitga chiqarib tashladi. Yashab qol, Timofey! – dabdurustdan quyushqondan chiqdi. – Yelkangda bosh bormi? Bor! Yana hech kimdan qo‘rqma! Mana, Timofeyning sochlari to‘kilib bo‘ldi... endi.
– To‘g‘ri yashaganingda, hech kimdan qo‘rqmasding, – deya achchiq chaqib oldi Polya.
Timofey ham qanday qilib qattiqroq og‘ritib chaqishni o‘yladi.
– Bilmaysanmi, kim mana bu joyda, – u karavotni ko‘rsatdi. – Begona erkak bilan achom-achom o‘ynashgan? Mabodo eshitganing yo‘qmi?
– Eshitganman. Sen-chi, eshitmaganmiding kim xuddi mana shu joyda, tirik xotini bo‘la turib, begona ayol bilan chalkashib yotgan? A... Men yolg‘iz beva edim, sen esa oilali eding. Buzuqisan, Timoxa!
Timofey yana ichdi. U endi hammasini biroz tushunganday bo‘ldi; essiz umri, essiz hayot. Yashagani qur­sin, hammasi kuy.
– Bizning ishimiz, oq buqacha haqidagi ertakka o‘x­shab ketadi, Polya.
Polya kulib yubordi.
– Nimaga kulasan? – so‘radi Timofey.
– Nimaga kulmas ekanman?
– Kerakmas... Senga yarashmaydi, tishlaring so‘y­loq.
– Bir paytlar buni payqamas eding-ku...
– Payqaganman, nimaga endi payqamas ekanman, faqat... Attang! Bilasanmi, nima alam qiladi, azizam, kimgadir bu hayotda hamma narsa yetarli; oliy ma’lumotli, katta maosh egasi, xushro‘y va tishlari tekis va oppoq shiringina o‘ynashi ham bor. Timoxaga esa sal bundayrog‘i ham yarayveradi...
– Voy, ilon-ey! – ajablandi Polya. – Sassiq taka. Qani, ko‘tar shishangni, bu yerdan qorangni o‘chir-chi! Hozir o‘qloq olaman-da, mana shu aqlli boshingga... Koshki, aql bitsa!..
Timofey shisha og‘ziga yana tunuka qalpoqchasini kiydirdi-da, pidjagining ichki cho‘ntagiga yaxshilab joy­ladi va shoshmay keta boshladi. Sal yengil tortganday sezdi o‘zini. Lekin yana kimningdir jig‘iga tegishni istardi. Kimgadir mana shunaqa sekin, shoshilmay, – chaqadigan so‘zlarni aytsa, nish sanchsa!
Uyiga yetib kelsa, kiraverishdagi xona chetidagi stolda tirsaklariga boshini tirab... hazrat Nikolay xayol surib o‘tirardi. Hazratning qiyofasini odamlar­dan ko‘p bor eshitgan. Quyib qo‘yganday hazrat Nikolayning o‘zi: oq yuzli, past bo‘yli, qo‘rchoqqa o‘xshagan qa­riyacha. Boshini egib muloyimgina tikilib o‘tiribdi. Uyda boshqa hech kim yo‘q.
– Qani, salomatmisan, Timofey? – muloyimlik bilan so‘rashdi hazrat.
Timofey atrofga alang-jalang qaradi... Va birdan gurs etib, qariyaning oyoqlari ostiga yiqildi. Iloji boricha mayin va lo‘nda qilib sekingina:
– Salom, hazratim. Men seni darrov tanidim, ota­xon, – dedi u.
Hazrat nimagadir silkinib tushdi, hayron bo‘ldi va kulimsirab barmoqlari bilan sekin o‘dag‘ayladi.
– Kayfing bor-ov?
– Ha, ozroq bor! – qandaydir qiziqqonlik va shodlikdan suyunib davom etdi Timofey. – Siqilganimdan hammasi... otaxon, sendan uzr. Siqilganimdan ham­masi. Tinim bilmayman. Mana, bolalarimni o‘s­tir­dim – ichsam nima qiladi deb o‘yladim? Nega bun­chalik qarib qolgansan-a, otaxon... Nimaga kelganding o‘zi?..
Hazrat ko‘zlarini pirpiratdi, yana kulib yubordi.
– Nimadan siqilasan?
– O‘zim ham bilmayman. Ey, Xudo biladi! Unga si­g‘inmaymiz – shuning uchun bo‘lsa kerak. Xudoga ishonmay qo‘ydik; mana u bo‘lsa ko‘rsatib turibdi. Cherkovlarni yopdik, so‘kinamiz, har xil yo‘llarga kiramiz... Siqilishimizni boisi shundan.
– Sen ilgari Xudoga ishonarmiding?
– Otaxon!.. cho‘qinib aytaman; kichkina paytimda ishonardim. Rojdestvolarda butni sharaflab yurganman. Agar bolsheviklar kelmaganda edi, hozir ham sig‘inib yurgan bo‘larmidim.
– O‘zing-chi, kommunist emasmisan ishqilib?
– Qayoqda! Senga yolg‘on gapirmayman, balki kommunist bo‘larmidim! Faqat mening qaynotam... agar o‘lib ketmagan bo‘lsa! O‘shani o‘ttizinchi yillarda quloq qi­lishgan...
– Xo‘sh?
– Shundan beri og‘zimga latta tiqilgan, hech kimga, hech qachon g‘ing deb ovoz chiqarmaganman.
Hazrat battar hayron bo‘ldi. Unga achinib qaradi.
– Sen nima demoqchisan, Timofey?
– Ko‘nglimdagini aytayapman, otaxon! Xo‘sh, sen nimaga kelganding-a! Yaxshi niyat bilanmi yoki yomon niyat bilanmi? Qandoq tushunay?
Hazrat tirishgan kichkina kaftlari bilan oppoq soqolini silab qo‘ydi.
– Nima uchun kelganman... Xo‘sh, mana... tavbadasan, sizlarni ko‘rgani keldim. Menga qara, sen o‘rningdan tur-chi?
– Turaman! Nega turmas ekanman? Hech narsa qil­maydi. Otaxon, mana, sen dunyo kezib, ko‘rib yuribsan: odamlar aynib borayotibdi-a?
– Hammasiyammas.
– Demak, sening fikringcha, qaynotang yo‘lingni ke­sib o‘tdimi?
– Kesib o‘tdi. To‘g‘risini aytganda, u quloq ham bo‘l­­gan emas, hech qachon. Shu faqat kolxozlar tuzish masalasida qaysarlik qilib turib olgandi o‘shanda. Vay­saqi edi qaynotam, tilini tiyolmasdi. Ahmoqning ahmog‘i edi. Ammo qat’iyatli, o‘ziga to‘q odam edi, men esa o‘rtahol edim. Partiyaga qabul qilishlari mumkin edi.
– Xo‘sh, qaynotang-chi, nima qildi?
– Muddatini o‘tab keldi. Men uni o‘shandan buyon ko‘rganim yo‘q, bir-birimizdan uzoqda yashaymiz. U qari tentak o‘g‘li bilan yashaydi. O‘g‘li bo‘lsa, qaerdadir, uzoqda yashaydi. Demak, odamlar aynigan deysanmi?
– Ha, xalq yaxshigina aynigan, – dedi jiddiy boqib hazrat.
– Umuman hech narsaga arzimaydi, bu xalq! – gapni ilib, battar aljirardi Timofey. – Ichkilikbozlik, o‘g‘rilik... Men ham ombordan o‘g‘irlardim, sal-pal. Bilaman, bu gunoh, ammo hamma o‘g‘irlik qiladi. Atrofga qara, voy, Xudo, voy Xudo-ey, nimalar bo‘lmayapti deysan.
– O‘g‘irlik qilardim, deysanmi?
– Ha otaxon, u-bu narsa o‘marib turardim. Mana, bolalarimni o‘qitdim. Qaysi pulga-a? Otaxon...
 Timofey hazratning yoniga yanada yaqinroq emak­lab keldi.
– Bilasanmi, sendan nima so‘ramoqchi edim?
– Xo‘sh?..
– Sen u yerda, tepada bizning Xudomizga, pay­g‘am­barimiz Isoga va Bibi Maryamga yaqin o‘tirasan-a... Shu sen ular bilan maslahat qilib ayt­sang-chi... xo‘sh... va ... e-e! Shunday xo‘rligim keladiki, yuraklarim eziladi, otaxon! Axir men ahmoq emasman-u, ammo savodim haminqadar bo‘lsa ham qa­ragin, oliy ma’lumotli manaman degan azamatlarni barmog‘imni uchida o‘ynataman...
– Tushunmayapman!
– Oh, qani, yana bir karra qayta tug‘ilsam edi! A, nima deysan? Hozirgisi, ya’ni yashab o‘tgan umrim hi­sobga olinmasa-da, boshqatdan yana meni tug‘­dir­sa­laring?..
Hazrat ixtiyorsiz kulib yubordi.
– Goh siqilib ketdim deb noliysan... Goh... eh, sen itning bolasi –Timoxa!
– Ha-da, noliyman-da, hayotim hech o‘xshamadi-da! – Timofey yig‘lab yuborguday edi. – Mana sen kulayapsan. Hech kulguli joyi yo‘q! Otaxon, faqat g‘am-alam ko‘rdim, yangidan yangi g‘am. Qora yer yuzida yashash qanday yaxshi! Nima men ko‘rmayapmanmi, tushunmayapmanmi... hammasini tushunib-ko‘rib turibman. Alamim kelayapti. Tufu – ezg‘ilab tashlasang!.. Mening ko‘rgan kunim qurisin.
– Xo‘sh, ayt-chi, qayta tug‘ilganingda qanday yasharding, a, qiziq?
– Eng avvalo, men boshqa ayolga uylangan bo‘lardim. Muhabbat haqida hatto Bibliyada ham yozilgan-u, ammo men uchun muhabbat yumshoq joydan chiqqan chipqonday bo‘ldi. Bu gaplarim uchun o‘zing kechir, Xudoyim. Yoshlikda qanday yo‘liqdim, ana endi ihrab-singrab, sudralib yashab yuribman. Bo‘lmag‘ur xotin uchradi. Ahmoq. Xuddi otasining o‘zi. Og‘zi bir ochildimi... faqat ber deyishni biladi. Ayol emas – kajava sandiq. O‘shani deb ko‘proq o‘g‘irlik qil­ganman. Xasis!.. O‘taketgan ochofat. Mendagi bu aql bilan katta boshliq bo‘lishim ham mumkin edi. Ma­salan, mendan yaxshigina prokuror chi­qardi, deb o‘y­layman.
Timofey pastdan hazratning ilohiy ko‘zlariga tikilib qarab qoldi.
– Qo‘limdan kelganida edi qaynotamni shunday jo‘­natardimki, menga qolsa u haliyam o‘sha yerda o‘tirgan bo‘­lardi. U buni tilidan topgan bo‘lardi.
– O‘chir ovozingni! – g‘azab bilan o‘shqirdi qariya. – Men sening o‘sha qaynotangman-ku, iblis! O‘g‘ri! Ko‘z­laringni kattaroq och, aroqqa bo‘kibsan-da!
Timofey o‘rnidan turdi, chalvorini qoqdi va sekin dedi:
– Qara-ya! Rostdan ham qaynotam. Qaynotaginam! Kel, ichamiz. Uchrashganimiz uchun. Qara, men seni kim deb o‘ylabman-a...
– Bo‘kibsan-da, itvachcha!
– Hamma sirlarimni aytib beribman-a, senga?.. Jimm! Hechqisi yo‘q, bilib qo‘yding. Shunday ham ada­shamanmi-a. Qovun tushirganimni qara-ya... Ey-y-a!.
Keyin ikkalasi shishani bo‘shatgach, haqoratlangan qaynota Timofeyning burnini tagiga bosh barmog‘ini ikki barmog‘i orasidan chiqarib o‘zi va qizi uchun jahl bilan derdi:
– Mana senga boshqa hayot! Mana senga ikkinchi seansga chipta!.. O‘g‘ri...
Sholg‘omi chiqqan Timofey esa faqat bir ohangda g‘o‘ldirardi:
– Voh, qanday tushdima-a, voh. Shunchalik ham bo‘­ladimi...
– Men sening o‘zingni qamataman! O‘g‘ri!...
– Kimsan? Yoningda Xudo bormi? Sen huquqsizga kim ham ishonardi?
– Mana, mana senga, ikkinchi seansga chipta! Ha-ha-xe-xe, – boshqatdan yashashni istab qoptilar!... Ma, senga.
Qaynotasi yana Timofeyning burnini tagiga bar­mo­g‘ini tiqayotgandi, kuyovi uning boshiga bir stakan aroqni quyib yubordi va qo‘rqitmoqchi bo‘lib cho‘ntagini kavlab gugurt chiqardi.
– Hozir yoqib yuboraman-a.
Hazrat bo‘lmish qaynota sochiq bilan boshini artdi va yig‘lab yubordi...
– Bu nima qilganing-a? Timoxajon? – Menday qa­riyani-ya... Uyatsiz... Yaramas... Xuddi mehribonlarim oldiga yaxshi niyatlar bilan kelsam-u... Sen...
– Hamma gap shunda-da, nima qilishni bilol­ma­yapman, – dedi Timoxa biroz yumshoqlik bilan. – Bil­mayman, qaynotaginam, bilolmayapman. To‘g‘­ri­­­­sini ayt­­sam, o‘zimda nimalar kechayotganligini bi­­lolmayap­man. Bunday yashash jonga tegdi. O‘lguday jon­­ga tegdi. Uchdi-ketdi. Alam qiladi. Umrimni ashula aytganday o‘tkazib yubordim, ammo ashulani yomon ayt­dim. Lekin ashula yaxshi edi, essiz. Tomosha uchun, me­ni kechir.
Ko‘nglingni keng qil, kechir, otaginam.

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 9-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.