Agafya Juravlyovanikiga o‘g‘li Konstantin Ivanovich keldi. Xotini va qizi bilan onasidan xabar olib, hordiq chiqarib ketishmoqchi ekan.
Novoe qishlog‘i uncha uzoq bo‘lmasa-da, Konstantin Ivanovich taksida keldi, buning ustiga, butun oila a’zolari mashina yukxonasidan ancha chamadon tashidilar. Darhol butun qishloqqa: Agafyanikiga oilasi bilan o‘rtancha o‘g‘li Kostya kelibdi, u badavlat, olim degan gap yoyildi.
Kechga borib hammasini batafsil bilib olishdi: u fan nomzodi, xotini ham, qizi esa o‘quvchi ekan. Agafyaga elektr samovar, guldor xalat va yog‘och qoshiq olib kelishibdi.
Qishloq chollari Gleb Kapustin eshigi oldida to‘planishdi. Ular Glebni kutardilar.
Chollar nega Glebnikiga to‘planishgani va uni kutishgani aniq bo‘lishi uchun Gleb Kapustin haqida ma’lumot berish lozim.
Gleb Kapustin — do‘rdoq labli, mallamo‘y, ancha bilimdon, pismiq chol. Novaya qishlog‘i u qadar yirik bo‘lmasa-da, bu yerdan ko‘pgina taniqli kishilar chiqqan: bitta polkovnik, ikkita uchuvchi, shifokor, muxbir… Mana endi Juravlyov — nomzod. Taniqli kishilar aylanib, hordiq chiqarib ketgani qishloqqa kelishganda ularning oldiga hamqishloqlari yig‘ilib, qiziqarli hikoyalardan eshitardilar. Agar qishlokdoshlari so‘rab qolishsa, ular o‘zlari haqida so‘zlab berishardi. Gleb Kapustin bir gal obro‘li mehmonni mot qilib qo‘ygan edi. Bundan ko‘pchilik norozi bo‘lgan, ayrimlar esa, xususan, chollar Gleb Kapustin mashhur mehmonni mot qilishini intiqib kutgan edilar.
Glebni kutishga toqatlari bo‘lmay, uning huzuriga borishdi, so‘ngra birgalikda mehmonning oldiga ketishdi. Xuddi spektaklga borishayotgandek ko‘rinadi. Gleb o‘tgan yili qishloqqa kelgan bashang kiyimli, qaddi raso polkovnikni gangitib qo‘ygan edi. 1812 yil urushi haqida suhbatlashgandilar… Moskvaga kim o‘t qo‘yganini polkovnik bilmasligi o‘shanda oshkor bo‘ldi. Aslida qanaqadir graf ekanligini biladi, ammo familiyasini yanglishtirdi, Rasputin dedi. Gleb Kapustin kalxatdeq, havolanib, polkovnik ustidan kinoyali kuldi… Va qayirib tashladi. O‘shanda hamma hayajonlanib ketdi, polkovnik so‘kinib qo‘ydi… O‘t qo‘ygan grafning familiyasini aniqlash uchun muallimaning uyiga chopdilar. Gleb Kapustin qizarib ketgan, hal qiluvchi daqiqalarni betoqatlik bilan kutib o‘tirar va “Tinchlaning, tinchlaning, o‘rtoq polkovnik, axir biz Filida emasmiz-ku, to‘g‘rimi?” deb takrorlardi. Gleb g‘olib bo‘lib chiqdi: polkovnik o‘zining boshiga mushtlay ketdi va esankirab qoldi. U juda ezildi. Shundan keyin Gleb uzoq vaqtgacha qishloq axdining og‘zidan tushmadi, uning “Tinchlaning, tinchlaning, o‘rtoq polkovnik, axir biz Filida emasmiz-ku?” deb takrorlashini eslab yurdilar. Juda hayron qolishdi Glebga. Keksalar nima uchun bunday deganini qiziqsinib so‘rashdi.
Gleb miyig‘ida kuldi, so‘ngra o‘jar ko‘zlarini donishmandlarcha qisib qo‘ydi. Qishlokdan chiqqan hamma mashhur kishilarning onasi Glebni xush ko‘rmaydilar. Xavfsirab turishadi undan.
Mana endi nomzod Juravlyov keldi…
Gleb ishdan (u yog‘och kesadigan joyda ishlardi) kelib yuvindi, kiyimini almashtirdi… Ovqatlanmadi. Eshik tagida turgan chollarning oldiga chikdi.
Chekishdi… Biroz u-bu narsa haqida gaplashdilar, ammo Juravleyov to‘g‘risida atay gap ochmadilar. Gleb Agafya Juravlyovaning yog‘och uyi tomonga bir-ikki qarab ko‘ydi.
— Agafya kampirnikiga mehmon keptimi? — deb so‘radi.
— Fan nomzodlari!
— Nomzodlar? — hayratlandi Gleb. — O-o!.. Ehtiyot bo‘lib gaplashish kerak. Ularga bas kelish jo‘n ish emas.
Chollar kulishdi: lekin kimdir bas kelolmaydi desa, kimdir bas kelishi ham mumkin deyardi. Ular sabrsizlik bilan Glebga qarashdi.
— Qani, ketdik, ko‘raylik-chi fan nomzodlarini, — dedi kamtarlik bilan Gleb.
Yo‘lga tushdilar.
Gleb biroz ilgariroqda, qolganlar bamaylixotir, ko‘llarini cho‘ntaklariga solgancha, hozir ikkita nomzod o‘tirgan Agafya kampirning yog‘och uyidan ko‘z uzmay borishardi. Chollar go‘yo Glebni oldilariga solib borayotgandek ko‘rinardi. Xatarli yo‘lda qandaydir bezori, uchar yigit paydo bo‘lgani sezilsa, tajribali polvonni mana shunday boshlab borishadi.
Yo‘lda ko‘p gaplashmadilar.
- Qaysi sohadan fan nomzodi ekan? — so‘radi Gleb.
— Qanaqa mutaxassislik bo‘yichami? Kim biladi deysan. Nomzodlar, deb menga xotinim aytdi. Eriyam, xotiniyam nomzod emish…
— Texnika fanlari nomzodlari bor, umumiy ta’lim bo‘yicha bor, ular asosan trepalogiya bilan shug‘ullanishadi, — uqtirdi Gleb.
— Kostya umuman matematikani yaxshi bilardi, — Kostya bilan bir maktabda o‘qiganlardan kimdir esladi. — A’lochi edi.
Gleb Kapustin asli qo‘shni qishloqdan edi, shu sabab bu yerlik mashhur kishilarni yaxshi tanimasdi.
— Ko‘ramiz, ko‘ramiz, — mujmal gapirdi Gleb. — Hozir nomzodlar bemaza qovunning urug‘iday ko‘payib ketgan.
— Taksida kelishibdi…
— Axir obro‘yini saqlashi kerak-da! — jilmaydi Gleb.
Nomzod Konstantin Ivanovich mehmonlarni quvnoqlik bilan kutib oldi, stolni yasatishni buyurdi… Mehmonlar Agafya kampir stolga noz-ne’matlar qo‘yguncha odob yuzasidan kutib turishdi, nomzod bilan suhbatlashdilar, bolalikda birga o‘tkazgan damlarini eslashdi…
— Eh, bolalik, bolalik! — dedi fan nomzodi. — Qani, stolga marhamat, do‘stlar.
Hamma stol atrofiga o‘tirdi. Gleb Kapustin ham cho‘kdi. Ammo sakrashga hozirlik ko‘rayotgan sportchidek yengil o‘tirgani sezilib turardi. U kulimsirab o‘tirar, bolalik haqidagi gaplarni ma’qullar, ko‘zlari esa nomzodni kuzatardi.
Suhbat g‘oyat do‘stona davom etdi. Ular go‘yo Gleb Kapustinni unutishgan edi. Shu topda u nomzodga dabdurustdan gap tashladi.
- Qaysi sohada o‘zingizni ko‘rsatayapsiz? — so‘radi u.
— Qaerda ishlaysan deyapsizmi? — tushunmadi nomzod.
— Ha.
— Filfakda.
— Falsafada?
— Unchalikmas… Umuman, shunaqa desa ham bo‘laveradi.
— Zarur narsa. — Glebga keragi ham xuddi shu falsafa edi. U jonlanib ketdi. — Xo‘sh, birlamchilik masalasi qanday?
— Qanaqa birlamchilik? — yana tushunmadi nomzod. Glebga diqqat bilan razm soldi. Boshqalar ham Glebga qarashdi.
— Materiya va ongning birlamchiligini aytayapman. -Gleb gap tashlab quydi.
Bu gapning qanday davom etishini u hushyorlik bilan kuzatib turardi. Nomzod uni ilib ketdi.
— Har doimgiday, — dedi u tabassum bilan. — Materiya birlamchi…
— Ong-chi?
— Ong esa keyin. Nimaydi?
— Bu minimumga kiradimi? — Gleb ham jilmaydi. — Siz kechiringu biz bu yerda… ijtimoiy markazdan uzoqdamiz, gaplashgimiz keladi, lekin istagan paytda oldiga chopib boradigan bilimdon kishi yo‘q-da. Hozir falsafa vaznsizlik tushunchasini qanday aniqlayapti?
— Hamishagiday aniqlayapti. Nega enda hozirni so‘raysiz?
— Uning ko‘rinishi yaqinda ochildi-ku. — Gleb nomzodning ko‘ziga tik qarab kuldi. — Shuning uchun so‘rayapman-da. Naturfalsafa, aytaylik, buni shunday hal qiladi, strategik falsafa — mutlaqo boshqacha…
— Umuman strategik falsafaning o‘zi yo‘q! — hayajonlanib ketdi nomzod. — Siz umuman nima to‘g‘risida so‘rayapsiz?
— To‘g‘ri, lekin tabiat dialektikasi bor, — bamaylixotir, hammaga eshittirib davom etdi Gleb. — Tabiatni esa falsafa aniqlaydi. Tabiat unsurlaridan biri timsolida vaznsizlik aniq bo‘ldi yaqinda. Shuning uchun so‘rayapman: o‘zini yo‘qotish hollari faylasuflar orasida ham uchrab turadimi?
Nomzod miriqib kuldi. Ammo bir kuldi-yu… O‘zida ojizlik sezdi. Xotinini chaqirdi:
— Valya, bu yoqqa kel, bu yerda… g‘alati suhbat bo‘layapti.
Valya stolga yaqin keldi, ammo nomzod Konstantin Ivanovich hali ham ojizlik, o‘ng‘aysizlik sezardi, chunki chollar bu savolga qanday javob berarkan, deb unga termilib turishardi.
— Keling, yaxshisi, — jiddiy ohangda gapirdi nomzod, — nima hakda gaplashishimizni kelishib olaylik.
— Yaxshi. Ikkinchi savol: Shimolning ayrim tumanlaridagi shamanlik muammosiga shaxsan siz qanday munosabatdasiz?
Nomzodlar kulib yuborishdi. Gleb Kapustin ham jilmaydi. Nomzodlarning kulib bo‘lishini esa sabr bilan kutdi.
— Bunaqa muammo yo‘q deb turib olish mumkin, albatta. Men ham jonim bilan sizlarga qo‘shilib kulaman… — Gleb yana oliyjanoblik, samimiylik bilan kuldi. Ayniqsa, nomzodning xotiniga qarab kuldi, darvoqe u ham nomzod. — Biroq bu bilan mazkur muammo yo‘qolib qolmaydi-ku. To‘g‘rimi?
— Siz bularni jiddiy so‘rayapsizmi? — so‘radi Valya.
— Sizning ruxsatingiz bilan. — Gleb Kapustin o‘rnidan sal turdi va o‘zini jiddiy tutgan holda nomzod xotinga ta’zim qildi va qizarib ketdi. — Savol, albatta, u qadar muhim emas, ammo bizning uquvimiz nuqtai nazari bo‘yicha uni bilish qiziqarli.
— Qanaqa savol o‘zi?! — hayqirdi nomzod.
— Shamanlik muammosiga sening munosabating. — Valya yana beixtiyor kulib yubordi. Ammo birdan tushunib qoldi-yu, Glebga dedi: — Kechiring, iltimos.
— Hechqisi yo‘q, — dedi Gleb. — Tushunaman, ehtimol men boshqa mutaxassislik bo‘yicha savol bergandirman…
— Bunaqa muammo yo‘q axir, — yana qichqirib yubordi nomzod. U bekor bunday qildi. Bunaqa qichqirish yaxshi emas.
Endi Gleb beixtiyor kulib yubordi. So‘ngra dedi:
— Albatta, yo‘qqa yo‘q-da!
Chollar nomzodga nazar solishdi.
— Muammo yo‘q, bular-chi… — Gleb qo‘li bilan g‘alati, tushunib bo‘lmaydigan qilib nimalarnidir ko‘rsatdi, — raqsga tushayapti, shiqildoqchalari ovoz chiqarayapti… Shundaymi? Ammo istasam… — Gleb qaytardi: — Is-ta-sam — ular go‘yo yo‘qdek. To‘g‘rimi? Chunki agar… Yaxshi! Yana bitta sayul: siz nima deysiz, Oy ham aql-idrokning ishimi?
-Nomzod miq etmay Glebga termilib turardi. Gleb davom etdi:
— Olimlarning faraz qilishicha, Oy sun’iy orbita ustida turarmish, uning ichida aqlli mavjudot yashaydi, degan taxminlar ham bor…
— Xo‘sh? — so‘radi nomzod. — Nima bo‘pti?
— Tabiiy traektoriya bo‘yicha sizning qarashingiz qanday? Umuman, barcha fazoviy fanlar qaerga qo‘llanishi mumkin?
Chollar diqqat bilan Glebni tinglashardi.
— Insoniyat kosmos bo‘yicha bizning eng yaqin qo‘shnimiz — Oyga tez-tez borib turadi, deb faraz qilaylik. Xuddi shunday, aytish mumkinki, ajoyib kunlarning birida u yerdagi aqlli mavjudot chidab turolmay bizga peshvoz chiqadi. Shunda bir-birimizning gapimizga tushuna olamizmi? Bunga tayyormizmi?
— Kimdan so‘rayapsiz?
— Sizlardan, donishmandlardan…
— Siz-chi, tayyormisiz?
— Bizlar bilimdon emasmiz, maoshimiz ham u qadar emas. Bordi-yu, sizlar uchun bu qiziqarli bo‘lsa biz, qishloqilar qaysi yo‘nalish bo‘yicha o‘ylashimizni aytib berishimiz mumkin. Aytaylik, Oyning ustki qatlamidan aqlli mavjudot chiqib keldi… Nima qilishni buyurasiz? It bo‘lib hurishnimi? Xo‘roz bo‘lib qichqirishnimi?
Chollar kulib yubordilar. O‘zaro pichirlashdilar. Keyin yana diqqat bilan Glebga tikildilar.
— Biroq shunga qaramay biz bir-birimizni tushunishimiz kerak. To‘g‘rimi? Nima dedingiz? — Gleb javob kutgandek jim qoldi. O‘tirganlarga bir-bir razm soldi.
— Masalan, men qumda bizning quyosh sistemamizning sxemasini chizish va unga mening Yerdan ekanligimni ko‘rsatishni taklif qilaman. Skafandrda bo‘lishimga qaramay, menda ham bosh bor, men ham aqlli mavjudotman. Buni tasdiqlash uchun sxemada u qaerdan ekanligini ko‘rsatish mumkin: Oyni ko‘rsatish kerak, so‘ngra uni. Mantiq bormi? Shunday qilib, aniq bo‘ladiki, biz qo‘shnilarmiz. Bundan boshqacha bo‘lishi mumkin emas! O‘ndan keyin men hozirgi bosqichdagi holatga yetgunimga qadar qanaqa yo‘l bilan rivojlanganimni, o‘sganimni tushuntirib berish talab qilinadi…
- Xo‘sh, xo‘sh? — Nomzod joyida qimirlab qo‘ydi va xotiniga ma’noli qaradi. — Judayam qiziq-ku: qanaqa yo‘l bilan?
Uning bu harakati ham behuda edi, chunki uning ma’noli boqishi to‘sib qo‘yilgandi. Gleb yuksakka parvoz qilgan edi… O‘sha yerdan, o‘sha balandlikdan turib nomzodga zarba bergandi. Qishloqning mashhur kishilari bilan bo‘lgan har bir suhbatda shunday holat — Glebning yuqoriga ko‘tarilishi sodir bo‘lardi. U ehtimol mana shu quvonchli holatni kutgandir, chunki bu yog‘i o‘z-o‘zidan, xamirdan qil sug‘urganday davom etaveradi.
— Birga kulishgani xotiningizni chaqirmoqchimisiz? — so‘radi Gleb. U xotirjam gapirdi, ammo uning ichi, balki titrab ketgandir. — To‘g‘ri qilasiz… Faqat, avvalo, biz loaqal gazeta o‘qishni o‘rganishimiz mumkin bo‘lar? A? Nima dedingiz? Nomzodlar uchun bu ham ortiqcha emas deyishadi…
— Eshitsangiz-chi!..
— Biz eshitib bo‘ldik! Qanoat hosil qildik, desak ham bo‘laveradi. Shuning uchun, janob fan nomzodi, sizga tanbeh berishimga ruxsat eting: nomzodlik — bir marta sotib olinadigan kiyim emas. Biroq hatto kiyim ham vaqti-vaqtida tozalab turiladi. Nomzodlik esa, kelishganimiz bo‘yicha, kiyim emas, shunday bo‘lgach, saqlash, himoya qilish kerak. — Gleb ohista, ammo shiddat bilan, nafas olmay gapirardi. Nomzod unga qaray olmas, yuzi chidamasdi: u o‘zini yo‘qotib qo‘ygandi, goh xotiniga, goh Glebga, goh chollarga termilardi…
Chollar esa unga qaramaslikka harakat qilardi.
— Uyga taksida kelish, mashina yukxonasidan beshtalab chamadon tushirish bilan bizlarni hayratda qoldirish mumkin… Ammo siz unutmangki, axborot oqimi hozir hamma joyga bir xilda yetib bormokda. Men shuni aytmoqchimanki, bu yerda aks holat hayron qoldirishi mumkin. Shunaqasi ham bo‘ladi. Imonim komilki, bu yerni nomzodlar o‘z ko‘zlari bilan ko‘rmaganlar, ularni — nomzodlarni, professorlarni, polkovniklarni esa bu yerliklar ko‘rishgan. Ular haqida yaxshi taassurot qoldirishgan ko‘ngillarida, chunki bu yerning odamlari juda ham sodda. Mana, sizga mening maslahatim, o‘rtoq fan nomzodi: tez- tez yerga tushib turing. Xudo haqqi, hamma aqlli narsaning boshlanishi zamindan. U qadar xatarli ham emas: yiqilsangiz ham qattiq botmaydi.
- Bu qildan qiyiq axtarish deyiladi, — dedi nomzod. — Nima balo, zanjirni uzib qochganmisan? Nima gap o‘zi, axir…
— Bilmayman, bilmayman, — shoshilinch uning gapini bo‘ldi Gleb, — bilmayman bu nima deb atalishini. Men qamoqda bo‘lmaganman, zanjirdan chiqib qochganim ham yo‘q. Nima kerak bunaqa gaplar? Bu yerdagilarning birontasi ham, — Gleb chollarga yuzlandi, — o‘tirib chiqmagan — tushunmaydi. Ana xotiningiz ham hayron bo‘lib qarayapti… U yoqda qizingiz eshitayapti. Eshitadi va Moskvada kimningdir “qilidan qiyiq axtaradi”. Bu ehtimol jargondir… lekin oxiri yaxshi bo‘lmaydi, o‘rtoq nomzod. Hamma vositalar ham yaxshi emas, sizni ishontirib aytaman, vositalarning hammasi ham ma’qul bo‘lavermaydi. Siz, o‘zingiz nomzodlik minimumini topshirganingizda professorning “qilidan qiyiq axtarmagansiz-ku”. To‘g‘rimi? — Gleb o‘rnidan turdi. — Nima bo‘lsa o‘zimga demagansiz, u tushunadigan tilda gapirgansiz. Chunki professorlarni hurmat qilish kerak — taqdiringiz ularning qo‘lida, bizlarning qo‘limizdan hech narsa kelmaydi. Shundaymi? Bekor gap… Bu yerda biz ham ozgina… “donishmandlashayapmiz”. Gazetalar ham o‘qiymiz, gohida kitoblar titkilab qolamiz… Hatto televizor ham ko‘ramiz. Tasavvur qilishingiz mumkinki, biz “KVN”dan, “O‘n uch stul qahvaxonasi”dan qattiq hayajonga tushmaymiz. Nima uchun deb so‘raysizmi? Chunki u yerda faqat o‘ziga ishonish, mag‘rurlanish bor. To‘g‘ri, hamma narsani gapirishi, hal qilishi mumkin. Buning uchun hech narsa deyolmaysan, albatta. Biroq u yerdagilarning hammasi daho degan tasavvur bermaslik kerak-da. Kimdir tushunadi… Kamtarroq bo‘lmoq lozim.
- G‘irt safsataboz, tuhmatchi, — dedi nomzod xotiniga qarab. — Bu sohada tengi yo‘q nusxa…
— Adashdingiz. Butun umrim davomida birovning ustidan bironta na g‘iybat, na yumaloq xat yozganman. — Gleb chollarga qaradi: ular Glebning bu gapi to‘g‘ri ekanini bilishardi. — Yanglishdingiz, o‘rtoq fan nomzodi. Nimaga jon kuydirayotganimni tushuntirib berishimni istaysizmi?
— Marhamat, tushuntiring.
— Burunga chertib qo‘yishni yaxshi ko‘raman — dimog‘ingizni ko‘pam ko‘tarib yubormang, me’yoridan oshib ketmasin. Kamtar bo‘lish yaxshi, aziz do‘stlar…
- Bizning nokamtarligimizni nimada ko‘rdingiz? — Valya o‘zini tutolmadi. — Qachon dimog‘dorlik qildik?
— Yolg‘iz qolganingizda yaxshilab bir o‘ylab ko‘ring. O‘ylasangiz — tushunib yetasiz, anglab olasiz. — Gleb nomzodlarga qandaydir achingannamo qaradi. — “Asal” so‘zini yuz marta takrorlash mumkin, lekin bu bilan og‘iz chuchimaydi-ku. Buni tushunish uchun nomzodlik minimumi topshirish shart emas. To‘g‘rimi? Har bir maqolada “xalq” deb yuzlab marta yozish mumkin, biroq bu bilan maqolaga ilm qo‘shilmaydi, boyimaydi. Shuning uchun mana shu haqiqiy xalq oldiga kelishdan oldin o‘zlaringizni sal chog‘lab olinglar. Salgina tayyorlanib olinglar demoqchiman. Bo‘lmasa o‘sal bo‘lib qolish hech gapmas. Xayr. Ta’tilni yaxshi o‘tkazinglar… xalq orasida. — Gleb kulimsirab qo‘ydi va shoshilmay kulbadan chiqib ketdi. Mashhur kishilarning oldidan u har doim o‘zi yolg‘iz ketardi.
Nomzodlar huzuridan tarqalayotgan chollarning gaplarini u eshitmadi:
— Rosa bopladi uni!.. Bilimdon, itvachcha. Oy haqida bunaqa narsalarni qaerdan biladi?
Mot qildi.
— Shuncha gapni qayoqdan topadi!
Chollar hayrat va ajablanish bilan boshlarini irg‘ab qo‘yishdi.
— Rosa pishiq-da bu it. Bechora Konstantin Ivanovichning rosa po‘stagini qokdi… A? Xuddi yosh boladek savaladi-ya! Anavi, Valya-chi, loaqal og‘zini ham ocholmadi-ya.
— Nima ham derding? Hech narsa deyolmaysan. Kostya gapirmoqchi bo‘ldi, albatta… U bo‘lsa bitta so‘ziga beshta javob beradi.
— Nima ham qilarding… Pishiq-da, hayvon!
Chollarning ovozida hatto fan nomzodlariga achinish, rahm-shafqat ohangi sezilardi. Bu Gleb Kapustin degani oldingiday hammani hayron qoldirdi. Ajablantirdi. Qoyil qildi hatto. Loaqal ozgina shafqat ham qilmadi bugun. Yo‘q, shafqat qilmadi. Gleb — cho‘rtkesar, qahri qattiq. Bunday odamlarni hali hech kim, hech qaerda, hech qachon yaxshi ko‘rmagan.
Ertaga Gleb Kapustin ishga kelishi bilan odatdagidek,talmovsirab, artistlik qilib, chollardan so‘raydi:
— Xo‘sh, nomzodlarning ahvoli qalay? — O‘sha zahot miyig‘ida kuladi.
— Uni sen qattiq ezding, mot qilding, — deyishadi chollar Glebga.
— Hechqisi yo‘q, — ochiqko‘ngillik bilan ta’kidlaydi Gleb. — Buning foydasi bor. Qo‘yaver, bekor qolganida bir o‘ylab ko‘rishsin. O‘zlariga haddan ziyod bino qo‘yishgan bular…
Rus tilidan Mamatqul Hazratqulov tarjimasi