OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Vasiliy Shukshin. Qariya qanday jon berdi? (hikoya)

Chol sahardan holdan toydi. Azob beruvchi holsizlik yopirilib keldi. U bir oydan buyon darmonsiz edi, ammo bugungisi oshib tushdi – yuragining tubi yig‘lasa ham, qandaydir g‘am-g‘ussaga to‘lgan, shunday yomon ediki, qo‘rqinchli bo‘lsa-da, ajabtovur: bunday holsizlik hech qachon ro‘y bermagandi. Goh oyog‘i uvishib qoladi... Barmoqlari qimirlamaydi desa, yo‘q qimirlaydi. Goh chap qo‘li uvishadi, uni qimirlatgan edi – joni borday. Ammo bu qanaqa behollik bo‘ldi, xudo...
Peshingacha chidab kutdi: balki qo‘yib yuborar, balki yuragining ostiga sal-pal jon kirar – chekkisi, ichkisi kelar. So‘ngra angladiki: bu ajal edi!
– Onasi... hoy, onasi! – deb kampirini chaqirdi chol. – Bu... men o‘layotganga o‘xshayman.
– Yo xudoyim! – xitob qildi kampir, – yotib nimalarni o‘ylaysan-a?
– Meni bu yerdan bir amallab tushirsang edi. Juda qattiq, – chol pechka ustida yotgan edi. – Tushir.
– Bir o‘zim tushira olmayman. Yegorga boraymi?
– Bor. Uydamikan?
– Boya aylanib yurgandi... Boray-chi!
Kampir kiyinib, kulbaga oppoq sovuq tumanni kiritgancha chiqib ketdi. “Qishda o‘lim turgan-bitgani tashvish-da”, o‘yladi chol.
Qo‘shnisi Yegor kirdi.
– Sovuq quturdi-ku! – dedi u. – Shoshmang, Stepan amaki, sal isinib olay, oldingizga ke¬yin chiqaman. Bo‘lmasa muzlab qolaman. Nima, tobingiz qochdimi?
– Ahvolim juda yomon, Yegor. O‘laman.
– E, qo‘ysangiz-chi, birdaniga bunday demang!.. Vahima qilmasangiz-chi!
– Vahimami, vahima emasmi – tamom. Juda sovuqmi?
– Ellik daraja bordir, – Yegor chekdi. – Dalalarda qordan boshqa hech vaqo yo‘q. Traktorlar bilan suryaptilar, ammo qayoqda deysiz!
– Balki yana yog‘ar.
– Boshqa nimayam bo‘lardi endi. Qani, endi tushamiz...
Kampir karavotga yostiq qo‘ydi, parto‘shakni to‘g‘riladi. Yegor yonlama turib, qo‘lini cholning tagiga tiqdi.
– Bo‘ynimdan qattiq ushlang... Ana shunday! Qandaydir yengil bo‘psizmi!..
– Kasallandim...
– Juda yosh boladay. Mening Kolkam og‘irroq...
Cholni karovotga yotqizib, ustini po‘stin bilan yopib qo‘yishdi.
– Papiros o‘rab beraymi? – taklif qildi Yegor.
– Yo‘q. Kerak emas. Yo xudo, – xo‘rsindi chol, – qishda o‘lsang, yomon bo‘ladi-da...
– Qo‘ysangiz-chi! – dedi Yegor jiddiy tarzda. – Bunday fikrlarga berilmang. – U kursini karovotga yaqin surib o‘tirdi. – Menga frontda mana bunday jonimga tekkandi! Men ham, kunim bitdi, deb o‘ylagandim. Doktor esa, yashashni istasang – yashaysan, istamasang – yo‘q. Men-chi, gapirolmayman. Yotaman-u, o‘ylayman: “Kim yashashni istamaydi, ahmoq odam? Shunday ekan, yotib “Yashayman!” – deb o‘ylang.
Chol ojiz jilmaydi.
– Qani, bir tortay, – deb so‘radi u.
Yegor berdi. Chol tortib, yo‘talib qoldi. Uzoq yo‘taldi...
– Butunlay ozib ketganman... Tutun baribir qornimga bordi.
– Qaering og‘riyapti? – deb so‘radi kampir cholga rahmi kelib va negadir norozi holda.
– Hamma joyim... Butun a’zoyi badanim. Go‘yo butun qonimni so‘rib olishgandek holdan ketganman.
 Uchovlari ham jim qolishdi.
– Men boray, Stepan amaki, sigirlarni sog‘¬dirish, ularga yem berish kerak...
– Boraver...
– Kechroq kelib, xabar olaman.
– Kirgin.
Yegor ketdi.
– Holdan ketganing nimadan? Hech narsa yemaysan, ana shundan behollik, – dedi kampir. – Balki kurkani so‘yarmiz – sho‘rva pishirarman? Mazali, quvvat bo‘lar... A?
Chol o‘ylab qoldi.
– Kerak emas. Yemayman.
– Bitta kurka nima bo‘pti, xudo ko‘tarsin! Hechqisi yo‘q...
– Kerak emas, – yana bir bor ta’kidladi chol. Menga, yaxshisi, yarim ryumka vino ber...Sal-pal qonimni qizitar.
– Battar qilmasaydi...
– Hech narsa bo‘lmaydi. Balki salgina qizitar.
Kampir shkafdan choraktalik olib, shoshmasdan og‘zidagi latta tiqinni ochdi. Shishada yarimdan sal ko‘proq edi.
– Qara, battar qilmasin tag‘in...
– Aroq qachon battar qilgandi o‘zi, sen nima? – Chol o‘kinch bilan dedi. – Butun umr uning ustida qaltiraysanu, ammo tushunmaysan: aroq – birinchi dori. To‘nkasan qandaydir...
– Hozir shu gapni aytmasang-chi! – dedi kampir alam bilan. – “To‘nka” emish... Bir oyog‘ing u yoqda-yu, yana birovni badnom qilasan. Doktor bezovta bo‘lmaslikni buyurgan.
– Doktor... o‘lma, deydi, odamlar esa o‘lishyapti.
Kampir yarim qadah aroq quyib, cholga berdi. U ho‘pladi va sal bo‘lmasa tomog‘iga tiqilib qoldi. Hammasi qaytib keldi. U ancha vaqt harakatsiz yotdi. Keyin mashaqqat bilan:
– Yo‘q, endi ichib bo‘lmaslik aniq bo‘lib qoldi, – dedi.
Kampir unga achinish va rahmdillik bilan qarab qoldi. Qarab turdi, turdi-yu, birdan hiqillab yig‘lab yubordi:
– Chol... xudo ko‘rsatmasin-u, rostdan ham, o‘lib qolsang, yolg‘iz men nima qilaman?
Chol uzoq jimib qoldi, shiftga qattiq tikildi. Uning uchun gapirish og‘ir edi. Ammo u yaxshilab, batafsil gapirishni istadi.
– Birinchidan, Mishkadan aliment undirib ol. Unga: “Otang o‘ldi, onangni umrining oxirigacha boqishni senga buyurdi”, – deb ayt. Xo‘pmi? Agar u battollik qilib, ko‘zi ochilmasa, aliment undirish uchun sudga ber. Uyat-ku, o‘z yo‘liga, ammo yashash ham kerak. Yaxshisi, unga uyat bo‘lsin. Mankaga yozgin, o‘g‘lini o‘qitsin. Yigitchaning zehni o‘tkir. Ko‘p narsani yoddan biladi. “Otang o‘qishni buyurdi”, deb ayt, – chol charchadi va shiftga qarab qoldi. Uning yuzi ifodasi tantanavor va qatiy edi.
– Petkaga nima deyish kerak? – so‘radi kampir ko‘z yoshlarini artib: u ham jiddiy, ko‘z yoshi to‘kmay gapirishga shaylandi.
– Petkami?.. Petkaga tegma – u zo‘rg‘a bir amallab kun ko‘ryapti.
– Balki, sho‘rva pishirib berarman? Yegor so‘yib beradi...
– Kerak emas.
– Nima, yomon bo‘lib qolasanmi?
– Shunday. Sal dam olay, – chol ko‘zlarini yumdi va asta-sekin tinch nafas oldi.
U xuddi o‘likka o‘xshab qoldi: yuzida qandaydir parishonlik, bu yerda xos bo‘lmagan g‘alati bir sokinlik bor edi.
– Stepan! – deb chaqirdi kampir.
– Hm?
– Sen bunday yotma...
– Qanday yotmay, ahmoq? Birov o‘lyapti-yu, u esa, bunday yotma, deydi. Qanday yotishim kerak? To‘rt oyoqlab yuraymi?
– Men Mixeenani chaqiraman – badaningga zaytun moyi surkab qo‘yadi?
– Qo‘y-ey! U menga ko‘p yaxshiliklar qilgan... Kurkangni Mixeevnaga bekordan-bekor tiqishtiryapsan... Yaxshisi, bu kurkani Yegorga ber – u go‘rimni qazib beradi. Bo‘lmasa kim qazirdi?
– Qo‘rqma, topilar...
– “Topilar” emish! Keyin butun qishloqdan axtarib yurasan – bunday sovuqda kim qazishni istaydi? Qishning ishi... Yozda bo‘lsa edi...
– Senga nima bo‘ldi, o‘lasanmi yoki? Balki hali badaning sovimagandir?
– Hozir soviyapti. Oyog‘im, ana, qotib qoldi... Oh, xudoyim, xudoyim! – Chol chuqur xo‘rsindi. – Xudo¬yim... og‘ir bo‘ldi, men gunohkorni kechir...
– Stepan, sen biroz hushyor bo‘l. Yegor: “Har xil gaplarni o‘ylama”, – dedi-ku!
– U ko‘p narsani biladi! O‘zi xuddi ho‘kizday sog‘¬lom. Unga, o‘lma de, o‘lmaydi.
– Unday bo‘lsa, meni kechir, chol, agar aybdor bo‘lsam.
– Xudo kechirsin, – dedi chol zo‘rg‘a eshittirib. U yana nimanidir, juda zarur gapni aytmoqchi edi, ammo atrofga allanechuk boshqacha qaradi, qandaydir g‘alati bezovta bo‘ldi...
– Agnyusha, – dedi u zo‘rg‘a, – meni kechir... biroz qo‘rqoq edim...
– Burchakka qara-chi, kim u? Kim turibdi u yerda?
– Qaerda, Stepan?
– Ana, u yerda!.. – Chol qo‘liga tiralib ko‘tarildi, qandaydir ziyrak nazar bilan kulba burchagiga, oldinga qaradi. – Ana o‘sha-ku, ana... o‘tirdi-ku?
Yegor kechqurun keldi...
Chol karavotda yotar, o‘tkir oppoq burni tepaga qaragandi. Kampir bosh tomonida o‘tirib ohista yig‘lardi...
Yegor shapkasini boshidan olib, biroz o‘ylanib turdi, so‘ng ikonaga qarab cho‘qindi.
– Ha, – dedi – u, hammasini sezgan edi.
 
Ruschadan Fathulla Namozov tarjimasi
“Kitob dunyosi” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.