Yoz paytlari o‘tkir yovshan hidi gurkirab, odamning boshini aylantirib yuboradigan ajib kezlar bo‘ladi. Ayniqsa, kechalari… Ko‘kda oy jimgina suzadi, beorom ko‘ngil nimanidir qo‘msab orziqadi. Kishini sarxush etuvchi mastona, anvoyi hidlar taratib yotgan xumorga to‘liq, osuda, oydin kechalarda totli, yorug‘ xayollardan entikadi. Yo‘q, bu hatto xayol ham emas, bu zoriqtirib-sog‘intirgan, ko‘ngilga intizorlik soluvchi allaqanday bo‘lak narsa… Tomorqa etagidami, otquloklar ichidami, o‘t-o‘lanlarga ko‘milib yotsangiz, yuragingiz totli, pinhona shodumonlik bilan to‘lib ketadi. Afsuski, bunday sohir tunlar hayotda kam bo‘ladi.
Shunday kechalardan biri mening xotiramda butun umrga saqlanib qolgan.
O‘n ikki yashar paytim edi. Polizda tizzalarimni ohista quchoqlab, ko‘zimdan yosh chiqquncha oyga termilib o‘tirardim. Birdan yaqingina joyda allakim sekin yig‘layotganini eshitib qoldim. Orqamga qayrilib, qo‘shnimiz Nechay boboga ko‘zim tushdi. Ozg‘in, ushoqqina chol uzun surp ko‘ylagiga o‘ralib, o‘zicha bir nimalarni gapirib-gapirib yig‘lab kelardi.
Uch kun burun Nechay boboning muloyimgina, beozor kampiri o‘lgan edi. Bolalari uy-joyli bo‘lib ketishgan, chol-kampir ikkovlon hayot kechirishayotgandi. Nechay boboning kampiri jimgina yashab, dunyodan ham jimgina ko‘z yumdi. O‘lib qolganini ham ertalab bilishdi.
«Nima deysan, Nechayning kampiri… o‘tibdi-ku, boyaqish…» deyishdi odamlar. Go‘r kavlashdi, keyin ko‘mib qaytnshdi — shu bilan tamom. Men hozir uning aft-angori qanaqaligini ham esimdan chiqarib yubordim. Qo‘rasida yurganida borligiyam sezilmas, ahyon-ahyonda «tu-tu-tu», deb tovuqlarini chaqirib qo‘yar, qishloqda hech kim bilan urishmas, birovni g‘iybat ham qilmagan edi. Bechora, kechagina bor edi— endi esa yo‘q, g‘oyib bo‘ldi.
…O‘sha so‘lim, sutdek oydin kechada tanholik alami qanchalik og‘ir bo‘lishini ilk bor angladim. Chor atrof naqadar go‘zal, zamin naqadar iliq, qadrdon va dilkash bo‘lmasin, yolg‘iz odamning ahvoli benihoya mushkul ekanini tushundim.
Bir burchakka bekinib oldim.
Cholning, etaklari tizzasidan pastga tushib turgan uzun ko‘ylagi oy nurida ko‘zni olgudek oqarib ko‘rinar di. U sudralib qadam bosar, halpillagan yenglari bilan ko‘zini artar edi. Men uni aniq ko‘rib turardim, Chol sal nari borib, o‘tirdi.
— Hozir… sal madorimni to‘play… bir hasratlashamiz,— der edi chol va ko‘z yoshlarini sira tiyolmasdi.— Uch kun bo‘ladi— o‘zimni qo‘yarga joy topolmay’man. Biror nima qilay desam… qo‘lim ishga bormaydi
Asta-sekin u bir oz ovundi.
— Alam qilarkan, Paraskovya: aqalli rozi-rizolik tilashmaysanmi? Nima qila qoluvdim senga? Rizolik tilashganingdayam sal dardim bo‘sharmidi… Armonda qoldim. Paraskovya, armonda qoldim… Oh…- Chol bir nafasga jimidi.— Yuvib-tarab, rasm-rusmini bajo qilib ko‘mdik. Kumimiz* Sergey tobut yasadi. Yig‘ladik-siqtadik… To‘g‘ri, odam uncha ko‘p bo‘lmadi-yu, bari bir… Holvaytar pishirib tarqatdik Dadovnaning yoniga qo‘ydik. Juda yaxshi, quppa-quruq joy.
— Man o‘zimgayam shu yerdan mo‘ljallab turibman. O‘zing ayt, yolg‘iz boshim bilan nima qilay: yo eshik-derazani mixlab, Petkaning yoniga jo‘navorsammikan?.. Odam cho‘chiydi. Kim biladi, u o‘zi yomon emas-ku, xotinini… bilasan-ku… bir narsa demaydiyu bir burda nonniyam zahar qilib beradi. Ey, sho‘rim qursin!.. Ayt, axir, nima qilay?
Sukunat cho‘kdi.
Men qo‘rqib ketdim. Nazarimda, Nechay boboning kampiri hozir muloyim, bosiq tovush bilan gapirib yuboradigandek edi.
— Qayoqqa bosh urarimni bilmay qoldim,— davom etdi Nechay bobo,— bundan ko‘ra sirtmoqqa osilib o‘lganim yaxshimasmi. Kecha kechasi sal ko‘zim ilingan ekan, bir mahal qarasam: qo‘radan yurib kelayotgan emishsan, qo‘lingda bir savat tuxum… Tuzukroq qara-sam, tuxum emas, endi ko‘z ochgan jo‘ja opkelayotgan emishsan-da, hadeb bittalab yeyayotganmishsan. Yeb turib, maqtab ham qo‘yarmishsan… Yo parvardigor! Uyg‘onsam — tushim… Sani o‘zimcha uyg‘otmoqchiyam bo‘ldim, yo‘qliging xayolimdan ko‘tarilibdi. Paraskovyushka… arvohing chirqirab… yuribdimi-a!..— Nechay bobo tag‘in ho‘ng-ho‘ng yig‘lab yubordi.
O‘krab-o‘krab,uv torta boshladi — ustimdan muzdek suv quygandek etim jimirlab ketdi.
— Mani tashlab ketaverdingmi?.. Bu sho‘rlik qariganda qayoqqa boradi, demadingmi? Bir og‘iz aytganingdayam mayliydi, shahardan do‘xtir opkelardim… Odamlar tuzalib ketyapti-ku. Na bir og‘iz gap, na rozi-rizolik… Bu maniyam qo‘limdan keladi-da…— Nechay bobo burnini tortdi, ko‘z yoshlarini artib, xo‘rsindi.—- U yoqda… qo‘rqmayapsanmi, Paraskovyushka? Bu yoqqa chiqqing kelayotgandir? Tushlarimga kirasan. Mayli, tez-tez kirib tur… faqat jo‘yalik bo‘lib kir… Odamni qo‘rqitmay. Bu… jo‘jalarni nimaga yo‘yishimni o‘zim ham bilmay qoldim. yo bo‘lmasa…— Nechay bobo shivirlab gapirganidan men gapining yarmini eshitolmadim. — Gunoh bo‘larmikan? Nima qipti?.. Ba’zan qazib olishar ekan, eshitdim. Ana, Krayushkinoda bir kampirni qazib olishipti… ingrab yotgan ekan. Ochib olishipti… Ikki kundan beri quloq solib yuribman: jimjitga o‘xshaydi. Bo‘lmasa qazib olmoqchiydimu… Aitishlaricha, odamni goho qattiq uyqu bosar ekanu hamma uni o‘ldi deb o‘ylarkan, u bo‘lsa o‘lmagan, qattiq uxlab qolgan bo‘larkan…
Endi yuragim butunlay orqaga tortib.ketdi. Emaklab-emaklab polizdan chiqdim-da, buvamning oldiga kirib hammasini aytib berdim. Buvam egniga kiyimini kiydi. Ikkalamiz tomorqaga qarab yo‘l oldik.
— O‘zi bilan o‘zi gaplashyaptimi yo kampiri bilan gaplashayotganga o‘xshaydimi?—deb so‘radi buvam.
— Kampiri bilan. Endi qandoq qilaman, deb undan maslahat so‘rayapti…
— E, o‘lsin, qari taka. Borib go‘rini ochishdanam toymaydi bu! Yo mast-pastmi?
— Yo‘q, u mast bo‘lganida ashula aytib, xudoni gapirishga tushadi,— dedim. Uning bu odatini bilardim.
Nechay bobo qadam tovushini eshitib, jim bo‘ldi.
— Kim bu?— qat’iy ohangda so‘radi buvam.
Nechay bobo uzoq indamay turdi.
— Kim bu deyapman?
— Sanga nima kerak?
— Sanmisan, Nechay?
— Hm…
Biz unga yaqinlashdik. Nechay bobo tatarchasiga chordana qurib olgan, bizga norozi qiyofada qarab turardi.
— Yana kim bor edi.
— Qatda?
— Shu yerda… Birov bilan gaplashayotganding-ku,o‘zim eshitdim.
— Ishing bo‘lmasin.
— Hozir yaxshi bir kaltakni olaman-da, quvib solaman, uyinggacha tirqirab, orqangga qaramay qochib borasan. Qari odam tentakka o‘xshab o‘tiribsan… Uyat emasmi?
— Man u bilan gaplashib o‘tiribman, hech kimga zararim tegayotgani yo‘q.
— Kim bilan gaplashib o‘tiribsan? U yo‘q-ku, kim bilan gaplashasan! U o‘ldi, endi—erni tagida, xudo marhamat qilsin.
— U man bilan gaplashyapti, man eshityapman,— deb o‘jarlik qilardi Nechay bobo.— Hech kimga og‘ir-engili tushmay qo‘ya qolsin buni. Bu yoqqa kelib, poylab o‘tirishingni-chi…
— Qani, ketdik,— buvam Nechay boboni yerdan yengilgina ko‘tarib oldi,—- Ketdik biznikiga, manda bir shisha samogon bor. Borib ichamiz, zora yengil tortsang.
Nechay bobo qarshilik qilmadi.
— Chidolmayapman, og‘ayni, tinka-madorim qurib ketdi.— U oldinda borar, qoqilib-suqilib, hadeb yengi
bilan ko‘z yoshlarini artardi. Men uning ortidan qadam tashlar va g‘am adoyi tamom qilib qo‘ygan bu ushoqqina cholga rahmim kelib yig‘lar, biroq buvam gardanimga solib qolishidan hayiqqanim uchun tovushim chiqmas edi.
— Bu dunyoda g‘amsiz odam bormi?— deb tassali berardi buvam. — Jufti halolini yerga ko‘mish osonmi? Lokin hamma o‘lganning ketidan shahid bo‘lib ketaversa nima bo‘lardi? Unda man necha marta go‘rga kirishim ksrak edi? Sabr qil. Nailoj, chidaysan-da endi, qandoq qilasan?
— Boyaqishga rahmim keladi.
— Albatta rahming keladi. Hech kim sanga oson tuyayotgani yo‘q. Lokin endi o‘limga chora yo‘q-da, birodar! O‘zingga jabr, tirilib kelmaydi-ku endi. Bunaqada o‘zing ham omonatni topshirishing hech gapmas, Xudo
sabr bersin.
— Bnlaman. Aqlim yetib turibdi, ammo mana bu yerim yonib ketyapti, hech alami bosilmayapti. Ichib ham ko‘rdim, yo‘q, o‘tmayapti.
— O‘tadi-i. Petka nega kelmadi? Anavisini-ku xo‘p, mayli, uzoqda deylik, xo‘sh, bunisi-chi?.
— Komandirovkaga ketibdi. Ey, qiyin bo‘ldi-da kum! Peshonam sho‘r ekan, birodar. Ne kunlarga qoldim! Bunaqa ko‘rgilik yetti uxlab tushimga kiribdimi!
— Dunening ishlari shunaqa o‘zi, odam tirikligida qadri bilinmaydi-yu, o‘lgandan keyin oh-voh qilamia. Lokin g‘amni deb aqldan ozish ham… tentaklik.
Endi ko‘z o‘ngimdan boyagi sokin, oydin kecha tarovati yo‘qolgan, ko‘nglimni to‘ldirgan yorug‘ xayollardai nom-nishon qolmagan, o‘sha botiniy shodumonlik butkul so‘ngan edi. Mana shu ushoqqina cholning dardi butun bir nafis olamni to‘sib qo‘ygandek edi. Bugungidek hamon xotiramda: gurkirab achchiq yovshan hidi anqirdi.
Buvim Nechayni biznikida yotib qolishga ko‘ndirdi. Ular yerga o‘rin to‘shab, ustilariga po‘stin yopib yotishdi.
— Senga bir narsani aytib beray,— deya past tovushda gap boshladi buvam,— sen urushga bormagansan — u yerda bulgan ishlarni bilmaysan… U yoqda birodar… bundan beshbattar ishlar bo‘lgan. O‘z ko‘zim bilan ko‘rganman: sanitar bo‘lib xizmat qilardim, yaradorlarni front ichkarisiga tashirdik. Bir quni yo‘lda ketyapmiz, studebekkerimiz liq to‘la. Hammasi ingraydi, oh-voh qilib, sekinroq yurishimizni so‘raydi… Shofer Mikolay Igrinev degan o‘zim tengi o‘rta yoshlardagi bir kishi edi, iloji boricha tekisroq yurishga tirishib kelyapti. Imillab ham bo‘lmaydi — chekinyapmiz. Xullas, qulab yotgan bir uyning yoniga kelganimizda qarasak oldimizda yengil mashina turibdi, bir ofitser: to‘xta, degandek qilib hadeb qo‘l silkitadi. Biz bo‘lsak xudoning o‘zi qo‘l ko‘tarsayam to‘xtatmaysanlar, deb qattiq buyruq olganmiz. To‘g‘ri-da, bu yoqda bizni kutib yotgan yaradorlar qancha. Hujum qilayotgan bo‘lsak mayliydi, orqaga chekinyapmiz. Qisqasi, to‘xtatmasdan o‘tib ketdik. Yengil mashina bizni quvib o‘tib, yo‘lga ko‘ndalang bo‘ldi, ofitser to‘pponchasini yalang‘ochlab turibdi. Bo‘lak iloj yo‘q, to‘xtadik. Qarasak, ularning mishinasida og‘ir yarador ofitser bor ekan. Ular esa boshqa tomonga ketishlari kerak ekan. Xo‘sh, keyin haligi to‘pponcha o‘qtagan ikkalamiz yaradorni bir amallab kuzovga joyladik. Mikolay kabinada o‘tirardi: uniyam yonida bir kapitan bor edi, ahvoli og‘ir, behush yotardi, Mikolay bir qo‘li bilan uni suyab, ikkinchi qo‘li bilan rulni tutib kelayotgan edi. Xullas, amallab joylashib oldik. Boyagi sho‘rlik esa tinimsiz ingraydi, bosh-ko‘zi qop-qora qonga belangan. O‘sha zahotiyoq: yetkazib borolmasak kerak, deb o‘ylagandim. Boyaqish, yoshgina yigitcha, leytenant ekan, o‘ziyam shu, soqoliga endi tig‘ tekkan bo‘lsa kerak. Boshini tizzamga olvoldim, harna sal yengil bo‘larmikan deb… Qayoqda!.. Gospitalga yetib keldik, yaradorlarni tushira boshladik…— Buvam yo‘tal tutib jim bo‘lib qoldi. Papiros tutatib, davom etdi.— Mikolay ham yordamlashib turibdi. Boyagi leytenantni uzatdim… «Tamom, joni uzilibdi», dedim. Mikolay bo‘lsa leytenantning yuziga shundoq qiradi-yu…Ih-hi!..— Yana sukutga cho‘mdi.
— Nima, o‘g‘li ekanmi?—deya sekin so‘radi Nechay Pobo.
— O‘g‘li ekan.
— Yo parvardigor!
— Khm…— Buvam ustma-ust burnini tortib qo‘ydi.
— Keyin nima bo‘ldi?
— Ko‘mdik… Komandir Mikolayga bir hafta otpuska berdi, uyiga borib kelishga. Ketdi. Ammo xotiniga o‘g‘lini dafn etganini aytmabdi. Hujjatlari bmlap ordenlarini yashirib qo‘yibdi-da, bir haftadan keyin orqasiga jo‘nabdi.
— Nega aytmagan ekan-a?
— Aytib bo‘larmishmi!.. Bedarak ketdi, degani ham axir sal baharnav-ku, qildek bo‘lsayam umid qoladi-ku ko‘nglida. Mundoq deb aytishga til borarmidi. Necha marta og‘iz ochishga chog‘laniptiyu aytolmapti.
— Xudoyim-ey, xudo-ey!— tag‘in xo‘rsindi Nechay bobo.— O‘zi tirik qoldimi, keyin?
— Mikolaymi? Bilmayman, keyin bizni har tomonga tarqatib yuborishdi… Mana, shunaqa ishlar bo‘lgan. O‘g‘lini-ya, o‘z qo‘li bilan ko‘msa-ya. Jigarbandini-ya! Hazil gapmi? Tag‘in shundoq yosh narsa degin…
Chollar so‘zsiz-sadosiz qolishdi.
Xonaga esa oyning mo‘l, ammo sovuq yog‘dusi hanuz to‘kilib turardi. Yog‘du!.. Quvonchdan darakmi bu, qayg‘udanmi — har qalay yog‘du edi!
O‘tkir Hoshimov tarjimasi
_______________
* Kum — xristianlarda farzandni cho‘qintirgan odam.