OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Vasiliy Shukshin. Quyosh, chol va qiz (hikoya)

Chol qimirlamaydi. Oftobdan qorayib, etlari tirishgan qo‘llar tizza ustida bemajol. Yuzi ham bujmaygan, namlangan ko‘zlari nursiz. Ingichka bo‘yni ustidagi kichkina oppoq kalla qimirlamaydi. Ko‘k chit ko‘ylak ostidan yelka suyaklari bo‘rtib turibdi.
Bu hol har kuni takrorlanadi. Shunday kunlardan birida chol orqa tomondan ovoz eshitib qoldi: – Salom, buvajon!
Chol bosh irg‘adi.
Uning yoniga yassi chamadoncha ko‘targan qiz o‘tirdi.
— Dam olyapsizmi?
– Dam olyapman, – bosh irg‘adi chol, qiz tomonga qayrilib ham qo‘ymay.
— Men sizni chizsam maylimi? – so‘radi qiz.
– Qanaqasiga?
– Rasmingizni chizsam? Chol quyoshga termulganicha bir muncha muddat jim qoldi, kipriksiz qizg‘ish qovoqlari uchib qo‘yardi. So‘ng: – Chizadigan jo¬yim qolibdimi mening? – dedi.
– Nega endi? – Qiz biroz o‘ng‘aysizlandi. – Ko‘rinishingiz bir chiroyli, buvajon.
– O‘lay deb turgan bo‘lsam…
Qiz cholga ancha tikilib turdi. Keyin yumshoq barmoqlari bilan cholning quruqshagan jigarrang qo‘lini asta silab dedi:
– Yo‘q, siz juda ham chiroylisiz, buvajon. Rost!
Chol bemajol jilmaydi.
– Unaqa bo‘lsa, chizsang chizaver.
Qiz chamadonini ochdi.
Chol kaftini og‘ziga qilib yo‘talib oldi.
– Shaharlik bo‘lsang kerak-a?
– Ha, shaharlikman.
– Bu ishingga haq to‘lashsa kerak?
– Yaxshi chiqsa, to‘lashadi.
– Harakat qilish kerak.
– Harakat qilyapman.
Jim qolishdi.
Qiz cholning yuziga tikila-tikila chizyapti.
– Buvajon, siz shu yerlikmisiz?
– Shu yerlik.
– Shu yerda tug‘ilgansizmi?
– Shu yerda, shu yerda.
– Necha yoshga bordingiz?
– Saksonga.
– Oh-ho!
– Ha, yetishib qoldim, – yana behol iljaydi chol. – Sen nechaga kirding?
– Yigirma beshga.
Yana jim qolishdi.
– Quyosh qanday-a?! – sekin xitob qildi chol.
– Qanday? – tushunmadi qiz.
– Kattako-on.
– Ha-a, bu yerda manzara juda chiroyli ekan.
– Suvga qara, qaragin… Narigi qirg‘oqqa qara…
– Ha, ha.
– Xuddi qon qo‘shilganday.
Darhaqiqat, shunday. Qiz narigi qirg‘oqqa nazar tashladi.
– Ajoyib!
Quyosh Oltoy cho‘qqilarini yoritib, asta-sekin uzoq ko‘kimtir olamga botib borardi. U cho‘kkan sari, tog‘ qoyalari yaqqolroq ko‘rinadi. Ular go‘yoki oldinga surilib kelayotgandek edi. Daryo bilan tog‘ oralig‘idagi vodiyning qora-qizg‘ish tusi so‘nib bormoqda. Tog‘ tomondan yumshoq soya tushib kelmoqda. Quyosh Boburxon tizmasining ortiga yashiringan zahotiyoq, o‘sha tomondan ko‘kimtir osmonga yorqin alanga nurlari taraldi. Ko‘p davom etmadi – alanga ham so‘ndi. Xuddi shu onda o‘sha tomonlarda tong nurlari charaqlagan.
– Ketdi quyosh, – xo‘rsindi chol.
Qiz qog‘ozlarini chamadonchasiga joyladi.
Bir muncha vaqt jim o‘tirishdi – mayda to‘lqinlarning qirg‘oq bo‘ylab taralayotgan shildirashini tinglab.
Vodiy uzra parcha-parcha tuman suza boshladi.
Yaqindagi o‘rmon tomonda qandaydir tungi qush asta qiyqirdi. Unga javoban daryoning narigi tomonidan ham qushlar ovozi eshitildi.
– Yaxshi, – deb qo‘ydi chol bosiq ovoz bilan.
Shu damda qiz tez kunlarda qadrdon shahriga qaytib ketishini va o‘zi bilan bir talay rasmlarni olib borishini o‘ylab ketdi. Shu jumladan, mana shu buvaning rasmi ham bo‘ladi. Uni kutib olajak do‘sti, iqtidorli, haqiqiy rassom yana koyiydi: «Yana shu bujmaygan basharalar. Kimga kerak? Sibirliklar… Sovuq iqlim va og‘ir mehnatdan hammasi shunaqaligini barcha biladi-ku!»
Qiz o‘zining iqtidor bobida maqtanadigan joyi yo‘qligini yaxshi biladi. Lekin u ro‘parasida munkayib o‘tirgan cholning mashaqqatli o‘tmishini ko‘z oldiga keltira oladi. Uning qo‘llari shunday darak emasmi?.. Ajinlar ham!
«Ishlash kerak! Ishlash, ishlash…»
– Bu yerga ertaga ham kelasizmi, buva? – so‘radi qiz.
– Kelaman.
Qiz o‘rnidan qo‘zg‘alib, qishloq tomon yo‘l oldi.
Chol esa yana biroz sohilda o‘tirdi. So‘ng u ham ketdi.
Uyga kelib, odatdagidek o‘zi o‘rganib qolgan burchakka, pech yoniga o‘tirdi va jimgina kuta boshladi – qachon o‘g‘li ishdan qaytib kelishini va kechki ov¬qatga o‘tirishlarini.
O‘g‘il doimo charchab kelar va g‘am-shikoyatdan boshqa gapi yo‘q edi. Kelin ham o‘shqirib, taqir-tuqir qilgani qilgan. Nabiralar voyaga yetib, shaharga ketib qolishgan. Ularsiz uy – g‘urbatxona.
Kechki ovqat. Sutga bo‘lka to‘g‘rab, cholning oldiga qo‘yishadi. Stol chetida o‘tirgancha, qoshiqni taraqlatmaslik uchun ehtiyotlik bilan ovqat icha boshlaydi chol. Hamma jim. So‘ng uyquga yotishadi. Gaplashgani gap yo‘q. Hamma gap allaqachon gapirib bo‘lingan.
Chol pech ustiga chiqadi. O‘g‘il bilan kelin esa ichkari xonaga kirib ketishadi.

* * *

Ertasi kuni kechda chol bilan qiz yana to‘nka yonida o‘tirishardi. Qiz oshiqish bilan chizar, chol esa quyoshga tikilganicha, hikoya qilardi.
– Yaxshi yashardik, noshukrlik qilmayman. Men duradgorlik qilardim, ish doimo yetarli. O‘g‘illarim ham duradgorlik qilishardi. To‘rttasini urush yedi. Ikkitasi qoldi. Hozir bittasi bilan turaman. Stepan bilan. Vanya esa shaharda, Biyskda yashaydi, yangi qurilishda prorab. Yozishicha, tuzuk yashayotgan emish. Mehmonga kelib ketishdi. Nabiralar bir talay. Hammasi meni yaxshi ko‘rishadi. Lekin, barchasi u shahar, bu shaharda…
Qiz cholning qo‘llarini chizmoqda, shoshilib-shoshilib. Asabiylashadi, o‘chirib, qayta-qayta chizadi.
– Qiyinchilikda yashagan bo‘lsanglar kerak? – o‘ylanib so‘radi u.
– Nima? Qiyinchilik? – chol hayron bo‘ladi. – Aytdim-ku senga, yaxshi yashaganmiz, deb.
– O‘g‘illaringizni yo‘qotganingizga achinasizmi?
– Achinish gap ekanmi?! – yana hayron bo‘ladi chol. – To‘rtta azamatni berib qo‘yish – hazilmas-ku!
Shuncha yo‘qotishga qaramay, chol o‘zini xotirjam tutishiga qiz ham hayron.
Quyosh yana tog‘lar ortiga cho‘kmoqda. Yana jimgina alanga taralmoqda ufqda.
– Yomg‘ir yog‘adi ertaga, – deb qo‘ydi chol.
Qiz yorug‘ osmonga boqib:
– Qaerdan bildingiz?
– Hamma a’zolarim zirqirab og‘riyapti.
– Ko‘kda bulut yo‘q-ku?
Chol indamadi.
– Ertaga ham kelasizmi, buva?
– Bilmadim, – o‘ylanibroq javob qildi chol. – Hamma yerimda og‘riq.
– Buva, mana bu toshning sizlarda nomi nima? – Qiz kamzulining cho‘ntagidan tillasimon yaraqlab turgan oq tosh chiqardi.
– Qanaqa tosh? – so‘radi chol, hamon tog‘ tomon tikilganicha.
Qiz unga toshni uzatdi. Chol qayrilib ham qaramay qo‘l cho‘zdi.
– Bumi? – chol qarab-qaramasdanoq ko‘rib, qaqshagan barmoqlarida toshni aylantirarkan. – Chaqmoq tosh. Urush yillari gugurt yo‘q edi, nuqul shunda olov chiqarardik.
Qizning miyasiga yalt etib: «Ko‘rmaydi shekilli?» degan gumon keldi. U nima deyishini bilmay cholga yon tomondan boqib turib qoldi. Chol esa hamon quyosh botgan tomon termulardi. O‘ychanlik bilan tikilardi…
– Ma, toshingni olib qo‘y, – qizga qaytardi chol. – Bundan ham chiroylilari uchraydi. Ba’zan oppoqlari, tiniq ranglilari uchraydi, shunday tiniqki, ichidagi dog‘lari ham ko‘rinib turadi. Yana, tuxumsimonlari ham bo‘ladi, hakkaning tuxumiga o‘xshash, yonlari xol-xol. Maynanikiga o‘xshaganlari ham uchrab qoladi, ko‘m-ko‘k, ular ham sepkillik.
Qiz hamon cholga tikilgancha turardi. So‘ragani jur’at qilmadi: ko‘zlari ojizmi yo...
– Buvajon, qaerda yashaysiz?
– Uncha uzoqmas. Manavi Ivan Kolokolnikovniki, – daryo qirg‘og‘idagi uyni ko‘rsatdi chol. – Orqasida Volokitinlarniki, keyin Zinovbevlarniki, ana undan keyin, muyulishdan keyin bizniki. Biror zarurat bo‘lsa – kiraver, bemalol… Nabiralar oldimizdaligida qanday gavjum edi-ya…
– Rahmat.
– Men ketdim endi, hamma yog‘im zirqirab ketyapti.
Chol o‘rnidan turib, so‘qmoq bo‘ylab ketdi.
Qiz uning ortidan, tor ko‘chaga burilib ketmaguncha qarab turdi. Chol biror marta ham qoqilmay, bir tekis borardi. U shoshilmay, oyoq ostiga qarab qadam bosardi.
«Yo‘q, ojiz emas, – tushundi qiz. – Sal-pal xiralashgan bo‘lsa kerak ko‘zi».
Ertasi kuni chol sohilda ko‘rinmadi. Qiz yolg‘iz, chol haqida o‘ylardi: «Uning hayoti oddiy, ayni paytda sodda kechmagan. Bir ajib narsa bo‘lsa kerak, qandaydir idrok etib bo‘lmaydigan. Quyosh ham oddiy ko‘rinadi, ertalab chiqadi, oqshom botadi. Ammo bu oddiylik ortida…» U chizmalarini ko‘zdan kechira boshladi. Yuragida g‘ashlik sezdi.
Chol keyingi, ikkinchi, uchinchi kunlar ham ko‘rinmadi. Qiz uning uyini qidirib ketdi. Topdi. Kattagina uyning hovlisida, bostirma salqinida ellik yoshlar chamasidagi bir erkak taxta randalardi.
– Salom, – so‘rashdi qiz.
Odam belini tiklab, qizga tikilib, boshmaldog‘i bilan peshona terini artarkan, bosh irg‘adi:
– Salomat bo‘l.
– Haligi… Bir buva bor edi, shu yerda turadi shekilli…
Erkak qizga g‘alati qilib razm solgach:
– Ha, shu yerda yashardi, – deb ishini davom ettirdi. Birozdan so‘ng qo‘shimcha qildi: – Mana, unga uy yasayapman.
– Nima, vafot qildimi?
– O‘ldi. – Odam randasini bir-ikki yurgizib, yana tiklandi. – Biror ishing bormidi?
– Men… Men uning rasmini chizgandim.
– Ha-a, shunaqami, – ishini davom ettirdi erkak.
Ancha sukutdan so‘ng qiz so‘radi.
– U ko‘rmidi?
– Ko‘r edi.
– Ancha bo‘lganmidi?
– O‘n yilcha. Nimaydi?
– Shunday… o‘zim.
Qiz tashqariga yurdi. Ko‘chaga chiqib, beixtiyor chetan devorga suyanib yig‘lab yubordi…
 
Ruschadan O‘tkir Hoshimov tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.