OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xisrav Shoxoniy. Qovushmagan odam (hikoya)

O‘zimni sizga qanday tanishtirishga ham aqlim yetmay qoldi… Aytaylik, men qanday odam bo‘lsam shundayligimcha tanishtiraymi, yo bo‘lmasam… Bordi-yu birdan siz ham ba’zi birovlar kabi mening kimligimni bilib olsangiz, boloxonador qilib so‘kib qolmaysizmi? Keling, nima bo‘lsa bo‘ldi, yaxshisi sizga bor haqiqatni aytib bera qolay.
Gap shundaki, men tili bilan dili qovushmagan bir insonman. Tilimni tiya olmaganimdan dakki yeganim yegan. Ammo biron marta yaxshilik ko‘rganim yo‘q. Nega shunday bo‘laverar ekan, deb boshim qotgani-qotgan.
O‘, mening loyim asli shunday qorilgan, yo ota-onamning tarbiyasi shunday bo‘lgan. Bir so‘z bilan aytsam, yo barcha odamlar mendan ayricha, yoki bo‘lmasam men… Masalan, aytaylik, meni mehmonga taklif etishdi. Shunda men mehmonga ketayotib o‘z-o‘zimga so‘z beraman: bu safar tilimni shunday tiyamanki, hech qanday ortiqcha so‘zlashiga yo‘l qo‘ymayman. Boshqa mehmonlar nima haqida so‘zlasa, men ham o‘sha mavzuda gapiraman. Xuddi o‘zgalardek o‘z tilimga o‘zim xo‘jayin bo‘laman. Qarabsizki, mehmonda o‘tirarkanman, avvaliga o‘zimni-o‘zim chunonam idora qilamanki… Biroq oradan ko‘p o‘tmay, to‘satdan allaqanday ichki g‘alayon ich-etimni kemira boshlaydi: “Nega endi “miq” etmasdan o‘tiribsan? Ha, haqiqatni aytishga yuraging dov bermayaptimi? Qanday qilib, poyintar-soyintar so‘zlarni eshita turib, og‘zing qulog‘ingga yetib bosh irg‘ab ma’qullaysan?!” Ana shundan keyin desangiz o‘z-o‘zimni qo‘lga ololmay, tilimning boshbog‘ini chiqarib yuboraman. Qarabsizki, tilim menga hukmron bo‘lib og‘zimga kelganini qaytarmaydi.
Mehmondorchilikda mendan boshqa ham ko‘pchilik o‘tirgan bo‘ladi, albatta. Bino yo‘lagi oldida eng so‘nggi rusumdagi avtomobil kutib turgan, afti bujur, tepakal janob shaxsning erkinligi haqida, ma’naviy qadriyatlar hamda qalbning pokizaligi haqida tomoq yirtadi:
– Ha, janoblar… qasamyod qilamanki, dunyoning ortiqcha tashvishlari-yu vaqtinchalik omad, g‘izillab o‘tib ketuvchi hayotda bizdek azizu mukarram qilib yaratilgan insonlarning boylik va unvon uchun hukmdorlar oldida tilyog‘lamalik qilishimiz, o‘zimizni yerga urishimiz va obro‘- e’tiborimizni bir pul qilishimiz aslo arzimas bir holdir. Axir noiblik, vazirlik va boshqa amaldorlik mansablari yo‘lovchilar bot-bot almashib turadigan avtobus o‘rindiqlaridan boshqa hech narsa emas. Ana shu dabdabalar insoniy g‘ururni yo‘qotishga arziydimi? Vijdonimni o‘rtaga qo‘yib qasamyod qilamanki, tuban insonlarni aslo jinim suymaydi. Ismi xayolimga kelmay turgan bir shoirimiz bu haqda shunday degan edi.
Bir parcha yeru qo‘sh ho‘kizga ega bo‘lish, Ulardan birin amir, birin vazir deb bilish Ibn Yamin-chun ming karra kamdir, beshak, Qayqubod, Kayxusravni aldagan bezak.
Ana shu balandparvoz so‘zlardan keyin barchaning nigohi va’zxonga hayrat ila qadalib qoldi. Ular: “Voh, voh, voh! Qanday aql sohibi-ya, qanday ilg‘or, taraqqiyparvar va noyob fikrlar-a!” deb yuborishganini sezmay qolishdi.
Men ham uning balandparvoz so‘zlarini eshitar ekanman, so‘radim:
– Hurmatli janob, meni ma’zur tut asiz-u, sizning sohangiz qandayligini bilsam bo‘ladimi?
– Men Markaziy sahrodagi mayda shag‘alni yirigidan ajratish vazirligida vazir yordamchisiman.
Birdan a’zoi badanim qizib ketib, orqa miyamga qon quyula boshladi.
– Nega endi sizga shu lavozimni ishonib topshirishgan? – deya oldim o‘zimni zo‘r-bazo‘r bosib.
– Aftidan, mening ishbilarmonligim, ayricha qobiliyatga egaligimni inobatga olishgan bo‘lishsa kerak.
– Unda siz kuniga necha marta janob vazirga yetti bukilishingizga to‘g‘ri keladi, shuni ayta olasizmi? Turli bahonalarni ro‘kach qilib, kuniga necha marta janob vazirning xonasiga mo‘ralaysiz-u, uning og‘ziga tikilib: “Eshitaman”, “Qanday yumush buyurasiz, janobi oliylari?” deya shivirlaysiz?
– Biron marta ham bukilmayman. Ha, endi mo‘ralagan bo‘lsam, bu mening xizmat vazifam.
– Sizning ishchanligingiz va qobiliyatingizga ishonib topshirilgan mansabni saqlab qolish uchun kuniga necha martalab tilyog‘lamalik qilasiz-u, vazirining soyasiga salom berasiz? Ana, ko‘rdingizmi, men o‘z-o‘zimni idora qila olmay qolaman. – Qani, ayt-chi, kuniga janob vazir avtomobilining eshigini necha marta ochasan-u, yopasan? Vazirning ishonchiga kirish uchun o‘z qo‘l ostingda bo‘lganlarni oyoq uchida ko‘rsatib, ularga zahringni sochasan va ular sha’niga qattiq-qurum so‘zlar aytasan? Kunga necha marotalab yolg‘on so‘zlaysan-u, qanchalab qalbaki hujjatlarga imzo chekasan? He, seni qara-yu… laganbardorsan, baxti qaro yolg‘onchisan!
Yana sen qulvachcha qalbing bilan g‘urur haqida, inson sha’n-shavkati haqida og‘iz ko‘pirtirasan. Balki sen bizlarni merov deb o‘ylayotgandirsan?! Hoziroq naq shu yerning o‘zida, barchaning ko‘zi oldida tumshug‘ingga bir tushirayki, ana undan keyin esing joyiga kelib qolar.
…Turgan gapki, ish mushtlashuv bilan yakunlanadi. Oxir-oqibat yo u mehmondorchilikni tashlab chiqib ketadi, yo bo‘lmasa, meni ko‘chaga sharmandalarcha quvib chiqarib yuborishadi. Qarabsizki, mezbon men bilan butunlay aloqani uzib tashlagani yetmagandek, boshqalarni ham ogohlantirib qo‘yadi: «Iloyo, shu kallavaram Shohoniy degani bilan tanish bo‘lishdan sizni yaratganning o‘zi asrasin!” (U, albatta, nohaq bo‘ladi!). Yoki bo‘lmasa, boshqa bir hodisani ko‘z oldingizga keltiring. Men yozuvchilar, shoirlar, e, boringki, aql-zakovat sohiblari davrasida o‘tiribman. Gap she’rxonlikdan boshlandi, deylik. Shunda mehmonlardan biri ash’or o‘qiydi.
Shoirlar esa asosan yo an’anaparastlar, yoxud bo‘lmasam yangilik tarafdorlariga bo‘linishadi. Bordiyu shoir an’anaparast bo‘lsa, tinglovchilarning olqishlari va dod-faryodlari ostida ko‘z yoshini shashqator etib, raqibining toshbag‘irligidan, ma’shuqasining bevafoligiyu sevgisini xor etganidan, uning makkoraligi hamda boshqa mavzularda g‘azal o‘qib, nolayu afg‘on chekadi. Yig‘laydi, yig‘latadi.
Men ham barcha qatori g‘azalni tinglab bo‘lgach, she’rxonga yuzlanaman:
– Janob, o‘rinsiz savolim uchun meni ma’zur tutasiz, yoshingiz nechada?
– Oltmish sakkizda.
– Oila qurganmisiz?
– Ha.
– Farzandlaringiz ham bo‘lsa kerak?
– Ha, albatta. Yetti farzandim, nevaralarim bor.
– Sizni tashlab ketgan ma’shuqangiz necha yoshda edi?
U g‘amga cho‘mib, javob beradi:
– Yigirma yoshlarda edi.
– U sizni nega tashlab ketdi?
– Buning tagiga o‘zim ham yetolmayapman. Bevafo ekan, meni tashladi- ketdi, – deydi g‘azalxon otaxon g‘amgin bir holatda. – Hozir kechayu kunduz kuyganim-kuygan. G‘amida ado bo‘ladiganga o‘xshayman endi.
Ana shundan keyin lampamoy sepilgan alangadek birdan lovullab ketaman:
– Esini yegan vijdonsiz churuk chol! Yetmishni urib qo‘yibsan-u, bir oyog‘ing go‘rda bo‘la turib, yosh qizga osilishni kim qo‘yibdi senga? Yana u nega tashlab ketganiga aqli yetmasmish buni. Sen – chirib ketgan jo‘kak kimgayam kerak bo‘larding? Oxir-oqibat betamiz betamizligicha qolaverar ekan-da. Pokdamonlik bilan oliyjanoblikning farqiga borolmay qolibsan-ku… Yana ko‘z yoshi to‘kib, ma’shuqam tashlab ketdi, deb hiqillaysan. Yaxshi qilibdi, ming ofarin o‘shanga. Senga katta saboq berib ketipti, es-hushingni yig‘ib ol endi. Ayoling, yetti farzanding, nabiralaring bo‘la turib, qizlar ketidan ilakishib yurishni kim qo‘yibdi senga?!
Qarabsizki, yana janjal boshlanadi. Tag‘in yo u ketib qoladi, yo meni tashqariga chiqarib tashlashadi. Xonadon sohibi bo‘lsa barchaga eshittirib: “Shohoniy deganingiz kim bo‘libdi o‘zi? Badiiyatdan umuman yiroqda: na she’riyatni, na adabiyotni anglab yetadi”, deydi.
Bordi-yu, yangilik yaratuvchi shoir bo‘lsa, na boshlanishi, na nihoyasi, na qofiyasiyu na turog‘ining tayini bo‘lmagan she’rida Biafraning och-nahor qolgan odamlari haqida g‘am chekadi, Afrikaning baxtsiz bolalariga hamdardlik bildirib, nola qiladi. She’rlarini tantanavor ravishda o‘qigan yangilik yaratuvchi nazmkor turgan gapki, barcha qatori mendan ham o‘zining insonparvarlik tuyg‘ulari hamda ilg‘or fikrlarga ko‘milgan ash’orlari uchun hamdu-sanolar kutadi. Men esa maqtov o‘rniga shartta yoqasidan olamanu, so‘roqqa tutaman:
– O‘rtoqjon, qani ayt-chi, kechagi oqshomni qaerda o‘tkazding?
– Do‘stlar bilan mayxonada bo‘ldim.
– O‘tgan kungi tunda-chi?..
– Do‘stlar davrasida maishatda edim.
– Xo‘sh, undan oldin-chi?
– Lolazorda bo‘ldik.
Ana shundan keyin men yana chegaradan chiqib ketaman:
– Iflos, vijdonsiz! Loaqal bir kecha Biafraning och yashayotgan odamlari-yu Afrikaning baxtsiz bolalari uchun mayxonada sharobni urib, buzuqchilik qilmasdan uyingda o‘tirsang bo‘lmasmidi?! O‘z mahallangda qanchalab och-nahor yurganiga bir nazar tashlasang-chi… Nima, bizlarni ahmoq deb o‘ylayapsanmi? Biafrada nima bo‘layotgani bilan sening necha pullik ishing bor? Rodeziyada ro‘y berayotgan hodisalarga tupurmaysanmi? Qara, Biafradagi och qolayotgan bolalar taqdiri seni shunchalik g‘amga botirganki, ishtahang bo‘g‘ilib, jo‘janing yumshoq go‘shti ham tomog‘ingdan o‘tmayapti. Qani, ichkilikboz, suyuqoyoq kovushingni to‘g‘rilab qo‘ymasimdan bu yerdan tuyog‘ingni shiqillatib qol-chi!
…Yana g‘alva! Yana yo u mendan darg‘azab bo‘lgancha jo‘nab qoladi, yo menga haddingdan oshding endi, qani bir juftakni rostla-chi, deyishadi. Har safar bir muammo chiqqani chiqqan.
Biz o‘tirgan davrada biror kimsaning ko‘zlari shilpiq bo‘lsa-yu, biror kimsa unga ko‘zlaringiz biram chiroyliki, naq moviy nargizning o‘zginasi-ya, deb qolsa bormi, birdan o‘zim sezmagan holda fig‘onim falakka chiqib ketadi-da: “O‘h, o‘sha shabko‘rning ko‘zlarini moviy nargizga o‘xshatgan kimsaning otasi go‘rida tikka turib ketsin-a!” degan so‘zlarni aytib yuboraman.
…Yaqinda bir oshnam meni tutib olib, pand-nasihat qila ketdi:
– Qachongacha shunday yashash mumkin axir?! Hadeb odamlarning jig‘iga tega berasanmi? Hamma sendan ko‘ngli sovib, uzoqlashib ketadi-ku. Hech kim sen bilan do‘stlashmay qo‘yadi, hatto yaqiniga yo‘latmaslikka harakat qiladi. O‘ylab ko‘rgin, o‘zing ham bir nazar tashlab qo‘y… Xulqingni o‘zgartir endi. Boshqalar nima desa, sen ham qo‘shiladigan, so‘zlarini qo‘llab-quvvatlaydigan bo‘l. Nega endi hammaning fikriga qarshi chiqaverib, dilini ranjitishing, o‘zingdan bezdirishing kerak?!
– Men o‘zimni aslo qo‘lga ololmayapman, – dedim nadomat ila. – Mening tilim o‘zimga dushman bo‘lmoqda. Menga sirayam bo‘ysunmayapti. Kel, o‘rtoqjon, biron-bir jo‘yali maslahating bo‘lsa, ayt.
– Men senga “Do‘st orttirish qoidalari” degan bir kitob olib kelib beraman. Uni sinchiklab o‘qib chiqqin-da, aytilgan tavsiyalariga qat’iy rioya qil. Shundan keyin qarabsanki, sen ham o‘zgalarga o‘xshab qolasan- qo‘yasan. Qaerga borsang barcha yoqtirgan mo‘min-qobil mehmonga aylanasan- qolasan. Birov sen bilan janjallashib ham o‘tirmaydi, uyidan quvib ham chiqarmaydi.
Bu gap menga ma’qul tushdi. U ertasigayoq menga va’da qilgan kitobini keltirib berdi. Kitobni muk tushib o‘qib chiqqach, shu narsaga ishonch hosil qildimki, haqiqatdan unda bitilgan ko‘plab foydali maslahatlarga amal qilgudek bo‘lsam, o‘zimga dushman orttirish emas, talaygina do‘stlarga ega bo‘lishim mumkin ekan. Masalan, bir yerida shunday deyiladi:
“Mehmondorchilikda o‘tirar ekansiz, shu tobda hatto xayolingizni biron- bir qiziq voqea band qilgan bo‘lsa-da, suhbatdoshingizning so‘zlariga jiddiy quloq solishga harakat qiling. Uning sha’niga hamdu sanolar yog‘dirishdan hamda so‘zlaridan hayratga tushishdan aslo o‘zingizni tiya ko‘rmang. Kiyimining rangi ro‘yidan, bo‘yinbog‘ining shaklidan og‘zingiz qulog‘ingizga yetsin. Bordi-yu mehmonlardan birontasi og‘asi, otasi yoxud mehmonda o‘tirganlardan birining axloqiy va vijdoniy sifatlarini maqtay boshlasa, siz ham uning so‘zlarini tasdiqlab, qo‘llab-quvvatlab turishingiz kerak. Mabodo yoningizda o‘tirgan kimsaning burni katta va tanqaygan bo‘lsa, siz uning yonlama ko‘rinishini aslzodalarga xos deb ko‘klarga ko‘taring…” va hokazo-yu hokazolar.
Qoidalarni o‘qib chiqqanimdan keyin bir kuni meni mehmondorchilikka taklif qilib qolishdi. U yerda mehmonga kelganlardan biri bilan tanishtirib qo‘yishdi. Qarang, shunday voqea ro‘y bersa bo‘ladimi? Uning ismi-sharifi menga judayam tanish bo‘lib, og‘asini ko‘rgan edim.
Muloyimlik bilan surishtira boshladim:
– Birodari aziz, marhamat qilib meni ma’zur tutasiz-u, mabodo Akbarxon degan akangiz yo‘qmilar?
– Nega bo‘lmasin, bor-da…
Men darhol fursatni boy bermay, og‘aynimning bergan maslahatlari bilan u bergan kitobdagi qoidalardan olgan taassurotlarimni eslab, shosha-pisha so‘zimni davom ettirdim:
– Qanday ajoyib akangiz bor-a! Biz Akbarxon bilan ko‘p yillardan buyon do‘stlashib kelamiz. Ha, ishonavering, Asqar og‘a, akangiz inson emas, naq farishtaning o‘zginasi. U haddan tashqari pokiza, saranjom- sarishta, diyonatli yigit. Agar u bilan jilla bo‘lmasa haftada uch-to‘rt marta uchrashib turmasak, o‘zimizni qo‘yarga joy topolmay qolamiz (Ochig‘ini aytsam, u bilan bor-yo‘g‘i ikki marta uchrashganmizmi- yo‘qmi, bilmayman). U qanday samimiy, mehmonnavoz, qo‘li ochiq inson-a! Bir so‘z bilan aytsam, u chin do‘stim.
Iya, bu nima degan gap! Asqar og‘a so‘zlarimni oxirigacha eshitmay turib, birdan bombadek portlab ketsa-ya!
– Hoy, menga qara, sen judayam riyokor, tilyog‘lamachi, rasvo odam ekansan-ku. Nega buncha bo‘lmag‘ur gaplarni vaysading-a?! O‘, o‘sha ablah akam seni huzurimga yubordimi? Biz uni yana oilamizga qabul qilishimizni istab qoldimi, ayt?..
…O‘zimni qo‘yarga joy topolmay qoldim. Men yuzaga kelgan vaziyatdan chiqib ketish uchun ehtiyotkorlik bilan chora izlayman-u, Asqar og‘a bo‘lsa atrofdagilarning uning so‘zlarini ma’qullashlari va qo‘llab- quvvatlashlaridan dadillanib, ayyuhannos solar va o‘z akasi hamda mening ustimdan mag‘zava ag‘darishda davom etardi:
– Hali ko‘p yillardan buyon ostonamizga yaqin yo‘latmayotgan bir bezorini himoya qilmoqchimisan? Insonlarning eng iflosini, eng tubanini ko‘klarga ko‘tarib maqtayapsanmi hali? Bizning oilamiz uning
ismini tilga olishdan hazar qiladi. Men o‘tirgan yerda u yaramasni himoya qilishga qanday jur’at etding?! Nomussiz! Yolg‘onchi! Baxtiqaro laganbardor! Ablah!
– Kechiring, janob,–xijolatpazlikdan chiqmoqchi bo‘ldi men. – Alloh ko‘rib turibdi, men sizni hecham ranjitish niyatim yo‘q edi. Gap shundaki, men bir qadrdon do‘stimning maslahatiga ko‘ra, “Do‘st orttirish
qoidalari” kitobini o‘qib chiqib, bugun birinchi marta o‘sha qoidalarni amalda sinab ko‘rmoqchi bo‘luvdim.
Asqar og‘a ostidan ilon chiqqandek sapchib turib ketdi. Mushtlarini tuggan holda yuzlari anordek qip-qizarib shang‘illadi:
– Sengayam, do‘stinggayam, qoidalar kitobini yozgangayam… la’natlar bo‘lsin! Hoziroq musht tushirib qolmasimdan tezroq bu yerdan jo‘nab qol! Qani, tezroq…
Sezdimki, ahvol og‘ir. Gardanimga bu sharmandaning mushti tushib qolmasidan, o‘zimni ehtiyotlagan holda mehmonlar to‘dasi orasidan sirg‘alib chiqdim va haydab qolmaslaridan burunoq juftakni rostlab qoldim.
Ertasiga kitobni qo‘ltiqqa urgancha do‘stim huzuriga bordim:
– O‘rtoqjon, ma, kitobing o‘zingga buyursin! Men endi hecham yangi do‘stlar orttirmoqchi emasman. Avvalgi holicha qolaverganim ma’qul ekan. Odamlar qanday bo‘lsa, shunday qolaverarkan. Yo men boshqachaman yoki odamlar boshqacha. Bu kitobingni o‘zing o‘qi, uning qoidalariga o‘zing amal qil. Meni shundan xalos et, do‘stim, men bunga munosib emas ekanman.
– Nega endi? Nima bo‘ldi?
– Shunchaki… Hech narsa bo‘lgani yo‘q…

Rus tilidan Murod Parpixo‘jayev tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.