Hayotimda ilk marotaba mening ana shunday tantanavor marosimda ishtirok etishimga to‘g‘ri kelib qoldi. Bu voqea yangi hokim tayinlashdan ko‘p o‘tmay sodir bo‘ldi. O‘shanda men quyidagi mazmunda bitilgan taklif maktubchasi oldim: “Hurmatli janob… Sizdan yangi hokim Baninov hamda u kishining rafiqalari bilan tanishuv uchun hokimlik qabulxonasiga tashrif buyurishingizni so‘raymiz. Kiyinish uslubi – har kimning o‘z ta’bicha”.
Mo‘‘jazgina shaharchamizda maskunlar bir-birining xatidagi ikir- chikirlarigacha xabardor bo‘lgani uchun men qabulxonaga qadam ranjida qilar ekanman, o‘zimni mutlaqo begona his etmadim. Men har tomondan oqib kelayotgan mehmonlarning ko‘pchiligini yaxshi bilardim. Bu katta qabul tantanasi bo‘lib, unga muassasalarning boshliqlaridan tortib, maktab muallimlarigacha va hatto bozorning savdogarlaridan sotuvchilarigacha – turli soha kishilari taklif etilgandi.
Oradan ko‘p o‘tmay, avvalgi barcha hokimlarga yordamchilik qilgan, agar adashmasam, umr bo‘yi shu lavozimda ishlab kelayotgan hamda sakkiz nafar boshliqni ko‘rgan janob Sadoqatpesha ovozini baralla qo‘yib e’lon qildi:
– Hurmatli xonimlar va janoblar! Hozir bizning yangi hokimimiz janob Baninov o‘z rafiqalari bilan tashrif buyurajaklar. Tanishtiruvimiz qulay bo‘lsin uchun mehmonlardan bir safga tizilishlarini iltimos qilamiz.
Bunday tantanalarga allaqachon ko‘nikib ketgan mehmonlar darhol jamiyatda mavqelariga hamda xizmat lavozimlariga qarab joylarini egalladilar. Tabiiyki, sizning sodiq qulingiz uzundan-uzoq cho‘zilib ketgan safning oxiriga ilindi. Oradan ko‘p o‘tmay janob Baninov rafiqasi bilan paydo bo‘ldi. Barcha saf tortib turganlar go‘yo shamoldan egilgan bug‘doy boshoqlaridek birdan oldinga egilishdi. Xuddi safda turganlar bir-biriga ko‘z ilg‘amas murvatchalar hamda oshiq-moshiqlar bilan birlashtirib qo‘yilgandek. Sizning sodiq qulingiz ham istasa- istamasa ularga ergashishiga to‘g‘ri keldi va ular bilan birgalikda egilgancha qotib turaverdi. Jamoaviy yetti bukilish tantanasi tugab, ikki qo‘lni yonga tushirib g‘oz turar ekanmiz, men beixtiyor, xo‘sh, ochig‘ini aytganda, bu janob nima uchun allada aziz va nega endi biz uning oldida bosh egishimiz kerak, degan o‘yga bordim.
Bunday qaraganda, bu kimsaning o‘zgalardan ajralib, ko‘z-ko‘z bo‘lib turadigan ortiqcha xislati ko‘zga tashlanmasdi, o‘rta bo‘yli oddiy odam edi.
Tanishuv tantanasiga saf tortganlarning boshida bo‘ynini cho‘zib turgan shahrimizning dev kelbatli bosh imomi bilan yonma-yon turarkan, hokim tuya yonidagi bo‘taloqqa o‘xshab ko‘rinardi. Endi uning rafiqasini aytmaysizmi, Olloh nomi bilan qasamyod qilamanki, shahrimizning ko‘pchilik ayollari va hatto tanishuv tantanasida ishtirok etayotgan ayollar ham unga qaraganda ancha ko‘hli va jozibaliroq edilar.
Hokim rafiqasi bilan birgalikda saf tortganlar yaqiniga kelib, bosh imom qarshisida to‘xtadi. Tanishtiruv tantanalari marosimlarida beqiyos tajribaga ega bo‘lgan hamda saf tortgan barcha mehmonlarning urug‘-aymoqlarigacha taniydigan janob Sadoqatpesha o‘z vazifasini ijro etishga kirishdi:
– Bu kishi mashhur din peshvosi, shahrimizning atoqli olimi Janob Hojat ol-falon Avlodobodiy bo‘ladilar. Hazratning e’tiqodlari mustahkam bo‘lib, masjidimizda imomlik qiladilar. U kishining jonkuyarligi va mehribonligi tufayli hammamiz tinch-osoyishta va huzur-halovatda yashayapmiz.
“Ana, xolos. Bundan chiqdi, bizning bosh imomimiz chindan ham oliyjanob Sadoqatpesha ko‘kka ko‘tarib ta’riflaganidek, izzat-ikromga loyiq inson ekan-da”, deb o‘ylab qoldim men.
– Siz bu kishining ismi-sharifini nima dedingiz? – surishtirdi hokim.
– Janobi oliylari, Avlodobodiy, dedim.
– U o‘ziga shunday purma’no ism-sharif tanlagan ekan, demak uning jujuqlari serob ekan-da, – hazillashib qo‘ydi hokim.
– Xuddi shunday, janobi oliylari,– deb javob berdi Sadoqatpesha.– Siz sezib olganingizdek, ruhiy rahnamomizning oilalari katta: ikkita muqim nikohdagi ayollari hamda to‘rtta shar’iy nikohlab olgan xotinlari bor. Shuni ham aytib qo‘yishim lozimki, ularning barchasi oqsuyak oilalardan. Bulardan tashqari Avlodobodiy janoblarining o‘n olti nafar o‘g‘illari, yetti qizlari hamda ko‘plab kelinlari va nabiralari bor.
“Bundan chiqdi,– deb o‘yladim men.–Bizning bosh imomimiz inkubator ekan-da”.
– Yelkangizga,–dedi unga jilmayib hokim, – og‘ir vazifalar yuklanadi. Siz bu masalalarga jamoat oldida barcha mas’uliyatni sezgan holda vijdonan yondashishingiz kerak bo‘ladi.
Bunga javoban bizning bosh imomimiz yetti bukilar ekan, Olloh tomonidan buyurilgan din yo‘lidagi barcha ishlarni xolis va og‘ishmay bajarishga janob hokimni ishontirdi.
Keyingi odamga navbat kelganida janob Sadoqatpesha hamma eshitadigan qilib dedi:
– Bu kishi janob Pokfamil bo‘ladilar, moliya boshqarmasining hurmatga sazovor boshlig‘i. Ism-shariflarining o‘zi yaqqol ta’kidlab turganidek, davlatning sof va beg‘araz xizmatchilaridan biri hisoblanadilar. Janob Pokfamil bu sohada ko‘p yildan buyon ter to‘kib keladilar va…
Men bu ism-sharifni eshitgach, shahar ahli dahshatdan dir-dir titraydigan, qiynoqqa soladigan jallod emasmikin, deya bo‘ynimni cho‘zib qaradim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, xuddi o‘sha – o‘zlari! Qani, ayting-chi, axir buni qanday tushunmoq kerak? Nomi qattiqqo‘llik va rahm-shafqatsizlik timsoliga aylanib ketgan bu qonxo‘r kimsa birdan ismi-sharifiga zarracha dog‘ tushirmagan pokiza va beg‘araz insonga aylanib qolsa-ya?!
Shu tobda miyamga qon quyilayotganini sezdim. Butun a’zoyi badanim qizib ketar, goh qaltiroq tutardi. Janob hokim, barcha gaplar yolg‘on! Sizning shon-sharafingiz bilan qas amyod qilamanki, bu turqi- tarovatning ismi-sharifi Pokfamil emas, Najasfamildir. U zamonamiz yaramaslarining yaramasi, muttahamlarning muttahami, deb qichqirib yuborishimga sal qoldi. Xayriyatki, shu zahotiyoq o‘zimni qo‘lga olib o‘ylay boshladim: “Sening nima ishing bor-a? Yana biron-bir g‘alvaga aralashib qolib, sening ishlaringni ham ag‘dar-to‘ntar qilishlarini istayapsanmi? Ehtimol sen yanglishib qolgandirsan, bu Pokfamilning sen o‘ylayotgan iflos turq-tarovatga hech qanday aloqasi yo‘q chiqar!”
Hokim Pokfamil bilan tanishuvni nihoyasiga yetkazib, uning qo‘lini qattiq qisib qo‘ydi-da, uchinchi mehmon ro‘parasiga bordi.
– Bu kishi janob Yetimnavoz bo‘ladilar, – Sadoqatpeshaning quloqni qomatga keltiruvchi ovozini eshitdim. – Shahrimizning halol-pok, g‘amxo‘r savdogarlaridan biri. Xuddi shu janob ko‘p yillardan buyon shahrimizning gullab-yashnashi uchun jonbozlik qilmoqdalar. O‘zlariga meros bo‘lib qolgan ko‘p yerlarni maktab, shifoxona hamda bolalar bog‘chalari qurish uchun saxiylik bilan davlatga berib yuborganlar. Yetimnavoz janoblari har hafta bechorahol va qashshoq kishilarni mehmon qiladilar, ularga o‘z mol-mulklaridan ulashadilar.
Yetimnavozning ism-sharifi qulog‘imga chalinguncha men Pokfamil haqida eshitganlarim ta’siri ostida bo‘lib, hamon o‘z-o‘zimni yupatardim. “Iya, qanaqasiga! Nahotki bu o‘sha – biz hoji mumsik deb ataydigan va o‘taketgan ziqna, haromxo‘r chayqovchi Hoji Yetimnavoz bo‘lsa? Qarasam, naq o‘shaning o‘zginasi! Bu nima degan gap axir? Nega endi Sadoqatpesha degan kas ko‘zini baqraytirib turib yolg‘on gapiradi? Hoji Yetimnavoz degani o‘ziga meros qolgan yerini davlatga maktab, shifoxona hamda bolalar uylari qurish uchun tag-tugi bilan tekinga berib yubordi, degan gapni qayoqdan oldi? Axir, uning yer oldi-sotdisida qalbaki hujjatlar tayyorlagani haqidagi “ishi” hamon yopilgani yo‘q, tergov ishlari davom etmoqda-ku. Boshqa bir kimsa emas, naq shu janobning o‘zi ikki yil burun shahar boshqaruvi a’zosi bo‘lib, adliya bo‘limi boshlig‘ining yordamida baxtsiz beva-bechoralar hamda yetim-esirlarning uylarini ham qo‘shib olib, barcha ishlagan va ishlamagan vaqf yerlarini o‘ziga o‘tkazib, o‘zlashtirib olgan edi-ku. Axir qanday qilib, bu jinoyatchi, ta’bir joiz bo‘lsa, to‘satdan haqiqatgo‘y va adolatli insonga aylanib qoldi?! Makka safariga borib kelgani bilan kerilib yuruvchi va taqvodor munofiq chayqovchilik orqasidan hamda qarz bergan har bir tumani ustiga ikki hissa foyda olib, kun ko‘rardi-ku. Nochor qolgan kimsalarning qonini so‘ruvchi bu zuluk qachondan buyon insonparvar va saxovatpesha qiyofasiga kirib, muhtojlarning hojatbarorligi bilan shug‘ullanadigan bo‘lib qolipti! Nahotki bu turq-tarovatning kimligini Sadoqatpesha bilmasa?” Men yana bor ovozda barcha aziz-avliyolar nomi bilan qasam ichamanki, Sadoqatpesha yolg‘on gapiryapti, deb yuborishimga sal qoldi. Biroq shu tobda hokimning Yetimnavozdan buyog‘iga ham Qur’on ko‘rsatmalariga binoan ish yuritishni davom ettirishini iltimos qilayotgani qulog‘imga chalinib, tilim tanglayimga yopishib qoldi. Go‘yo simyog‘ochga aylanib qolgan edim.
Shu tobda navbat keyingi mehmonga kelgan edi va Sadoqatpeshaning tovushi qo‘ng‘iroq tovushidek miyamda aks-sado berardi:
– Bu hazrat janob Sinepaxi bo‘ladilar. Shahrimizning maqtasa arzugudek yosh sportchilaridan biri. Bu bizning faxrimiz, mamlakatimizning shon-shuhrati. O‘zining bag‘rikengligi bilan bu inson mamlakatimizda birinchi o‘rinlardan birida turadi. Saxiylikda, qalbi ochiqlik, odamshavandalikda tengi yo‘q. U o‘zining halol mehnati evaziga topgan daromadidan uchta sport klubi qurib tashladi.
“ Ana xolos ! Axir buning t aniqli ka llake s ar , pichoqboz va yo‘lto‘sarligini butun shahar biladi-ku. Axir, u uchta fohishaxonaning egasi-ku! Sport klublari bu yerda nima qilib yuribdi? Xuddi shu Sinepaxi degani pichoqbozligi va qotilligi uchun Keshm, Xark orollariga hamda Bandar-Abbosga to‘rt marta surgun qilinib, to‘rt martasida ham u yerlardan qochib kelgan-ku. Bu bezorining tushiga insonparvarlik nomiga
ham kirmagan bo‘lsa kerak. Undagi saxiylik, bag‘rikenglik va boshqa sifatlar qayoqdan paydo bo‘lib qoldiykin? Shahrimiz aholisi ko‘chada uni ko‘rib qolgudek bo‘lsa, och bo‘riga yo‘liqqan qo‘ylardek har tomonga tarqalib ketishadi-ku. Qanday qilib bu yo‘lto‘sar mamlakatimizning g‘ururi-yu, shon-shuhratiga aylanib qoldi?!”.
Men bor kuchimni jamlab, shijoat bilan oldinga chiqib: “Janobi hokim! Sizning rafiqangiz nomi bilan qasamyod qilamanki, Sadoqatpesha haliyam aldashda davom etmoqda! U ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan gaplarni to‘qib tashlayapti”, deb yubormaslik uchun tishimni tishga bosdim. Biroq shu tobda janob hokimning rafiqasi tabassum ila mehri tovlanib, hayratlangan bir holatda Sinepaxining qo‘lini qisarkan, o‘zining tashqi ko‘rinishiga hecham mos tushmaydigan erkalovchi hamda nozik tovush bilan unga murojaat qilib, so‘zlanardi:
– Bizning vatanimiz, bizning xalqimiz siz kabi insonlarga muhtoj! Bizning millatimiz sizga o‘xshash dovrug‘i dovon oshgan sportchilar bilan g‘ururlanmay iloji yo‘q. Bizning zamonamiz yoshlari jismonan kuchli hamda jahon sport maydonlarida bayrog‘imizning shonli hilpirashiga imkon tug‘dirib bergan jamoatlargina rivojlanishga va olamshumul e’tirofga sazovor bo‘lishiga haqli. Men yoshlarimizning baquvvatligi, jismi po‘latdek mustahkamligi va sog‘lomligini har ko‘rganimda o‘zimda qoniqish hosil qilaman.
Nazarimda boshimdan kimdir muzdek suv quyib yuborgandek bo‘ldi. Aftim burishib, mazam qochdi va a’zoyi badanimdan sovuq ter chiqib ketdi.
Oltinchi o‘rinda turgan odam bilan tanishuvga navbat yetdi. Sadoqatpesha avvalgilaridek axborot yig‘ish boshqarmasining shtatdan tashqari xufiya xodimi bo‘lmish Pachevarmalidening ko‘kragiga o‘ng qo‘li bilan niqtar ekan, dedi:
– Janob Pachevarmalide atoqli adabiyotshunos, olim va nozikta’b shoirlardan biri. U shon-shuhratga ega bo‘lishiga qaramasdan, xokisorgina hayot kechiradi va jamoa orasida kam ko‘rinadi hamda o‘zini ko‘z-ko‘z qilishni yoqtirmaydi.
Pachevarmalide janoblarining ajoyib va qalblarni junbushga soluvchi she’rlari og‘izdan og‘izga o‘tib yuradi, uning o‘zi esa shahrimizdagi barchaning hurmatini qozongan va tan olingan. Hafta sayin uning uyida adabiyot kechalari uyushtiriladi va unda shaharning shoir va yozuvchilari qatnashib yangi-yangi asarlarni qo‘yib beradilar. Biz hozir Pachevarmalide janoblaridan janob hokim va uning rafiqalarining shahrimizga sharafiga bag‘ishlab maxsus bitilgan qasidani o‘qib berishini iltimos qilamiz.
Janob hokim va uning rafiqasi Pachevarmalidega o‘zining shoirlik qobiliyatini namoyish etishi uchun rozilik berganligini ishora qilib, nazokat ila jilmayib qo‘ydi.
Axborot yig‘ish boshqarmasining shtatsiz xodimi hamda barcha qonuniy va g‘ayriqonuniy bitimlar dallolining shahar markazi va tashqarisidagi uylari shaharning turli muassasalari boshliqlari uchun ishratxona bo‘lib, shular orqali mo‘maygina ko‘chmas mulk daromadiga ega bo‘lgan Pachevarmalide bir qadam oldinga chiqib, yetti bukilib ta’zim bajo etgach, baland ovozda xonish bilan hokim hamda uning rafiqasi sha’niga bag‘ishlangan qasidani o‘qiy ketdi.
“Ana xolos! Shunchalik ham surbetlik bo‘ladimi, axir! – o‘yga toldim men. – Shunday razil kimsaning she’riyatga, umuman adabiyotga qanday aloqasi bo‘lishi mumkin? Bu yaramasni shaharda hamma yaxshi biladi- ku. U firibgarlik va yolg‘onchilik maktabini o‘qigan kimsa-ku. Axir u o‘taketgan firibgar va buzg‘unchi-ku. Xat-savodi yo‘q gumroh-ku. U shu qadar savodsizki, hatto imzo chekishni ham uddalay olmaydi. Buni qarangki, ana shu yaramasni ulkan adabiyotchi va she’riyatning bilimdoni sifatida namoyish etmoqdalar. Bizning shahrimizda chindan ham shunday ajoyib shoirlar borki, ularning she’rlari buyuk Nizomiy g‘azallari bilan bemalol raqobatlasha oladi, biroq ular muhtojlikka mahkum etilgandek zo‘r-bazo‘r kun kechirmoqdalar. Bu muttahamni hokim va uning rafiqasiga shoir sifatida tanishtirish fikri kimdan chiqdiykin?”
Xayollarim tanishuvda ishtirok etayotganlarning qarsaklari va “Yashasin!”, “Yashasin!” deya qichqiriqlardan bo‘linib ketdi. Hokim janoblari va uning rafiqasi bu to‘nkaning qofiyabozligini yuksak baholashgach, keyingi mehmon bilan tanisha boshlashdi.
Qisqasini aytganda, janob Sadoqatpesha g‘isht teruvchini – tog‘ muhandisiga, go‘rkovni – arxeologga, bo‘yoqchini – ulug‘ musavvirga, folbin va bashoratchini – mulla va donishmandga, xachirboqarni – mohir chavandozga, xat tashuvchini – yozuvchi va adabiyotshunosga, g‘irt kaptarbozni – biolog olimga chiqarib qo‘yardi.
Sadoqatpesha boshqalarni qanday tanishtirgan bo‘lsa, meni ham xuddi shunday tanishtira boshladi:
– Bu janob – jo‘shqin yoshlarimizdan biri, vatanparvar, jasur, mustahkam irodali, serfikr, mehribon, itoatkor, sipo, aqlli, donishmand va hokazo.
Bu hangomani davom ettirishga sabrim chidamay toqatim toq bo‘lib ketdi. Agar boshqalarga nisbatan shunday hol ro‘y berganida bir amallab chidasa bo‘lardi-yu, ammo xuddi shu alfozda menga baho berishar ekan, o‘zimni qo‘lga olishga qurbim yetmay qoldi. Shahd bilan bir qadam tashlab, safning oldiga chiqdim-da, bor ovozim bilan dedim:
– Hokim janoblari, sizning shuhratingiz bilan qasamyod qilamanki, bu odam g‘irt yolg‘on gapirayapti. Barcha avliyolar nomiga qasamki, bari bo‘lmagan gap! Men, umuman, dovyurak emasman! Agar men dovyurak bo‘lganimda edi, surbetlik bilan necha yillardan beri mana, o‘n yildirki, barchani boplab laqillatib kelayotgan janob Sadoqatpeshaning o‘rnida o‘tirgan bo‘lardim. Men jur’atli ham emasman, yo‘qsa, Sinepaxiga o‘xshab shaharda uchta ishratxona ochib qo‘yib, oyiga o‘n ming, o‘n besh ming tumandan pul ishlab yotgan bo‘lardim! Men donishmand ham emasman, agar shunday bo‘lganimda, janob Yetimnavozning o‘rnini egallab, oltinga cho‘milib yotardim! Agar men aqlli bo‘lib, yelkamdagi kallam ishlaganida edi, unda allaqachon anavi Pachevarmalidega o‘xshab, axborot yig‘ish boshqarmasining shtatsiz xodimi vazifasiga o‘tib olardim va xuddi o‘shanga o‘xshab, o‘z uyimni ishratxonaga va axloqsiz kimsalar, ya’ni shahrimizning nufuzli otaxonlari to‘planadigan maskanga aylantirib qo‘yardim! Men vatanparvar ham emasman, yo‘qsa, mana shu yerlarning juda bo‘lmaganida yarmi meniki bo‘lardi. Agar itoatkor va sipo bo‘lganimda edi, barcha meni asrab-avaylardi, boshida ko‘tarib yurardi…
Men shu topda yana nimalar deb valdiraganimni aniq eslay olmayman! Faqat nima deb baqirmay, mehmonlar menga achinish bilan qarashardi hamda gaplarimga qo‘shilganliklarini bildirish ma’nosida boshlarini chayqashardi.
Janobi hokim va uning rafiqasi bo‘lsa yakkash menga dalda berishar va davom ettirishimga undashardi. Ular: “Juda zo‘r! Dovyurakligingga balli! Ana jasorat! Mana, haqiqiy vatanparvar! Mana, beg‘araz va sofdil inson! Mana, biz haqiqatni betga aytishni kimdan o‘rganishimiz kerak! Yasha, yigit, yashavor! Gapiraver, yigit, aslo cho‘chima! Agar sen bo‘lmaganingda edi, bizlar hech qachon haqiqat nimaligini, qachon va qaerda noma’qulchiliklar sodir etilayotganini bilmas edik. Axir biz bu yerga ishlaringizni ko‘rib chiqishga, qiyinchiliklar, pishib yetilgan masalalar bilan tanishishga, gazakning oldini olishga kelganmiz-da. Axir biz barcha odamlarni bila olmaymiz-ku. Gapiraver, o‘g‘lim, gapira ber, yuragingda qanday dard bo‘lsa to‘kib sol! Hecham qoldirma! Aslo cho‘chima, biz hammasini ko‘rib chiqamiz va senga yordam beramiz! Bizning vatanimiz shunday yoshlar bilan g‘ururlanadi, biz bunday yoshlarga muhtojmiz…”
Bu hangoma qanday yakun topganini bilishni istaysizmi? Marhamat! Oradan bir hafta o‘tgach, janob hokim o‘zining markazga yuborgan maxfiy hisobotida shunday debdi: “Bu nusxa (ya’ni, sizning sodiq qulingiz) – fitnakor, g‘alamis va betgachopar ekan. Buyuring, uni nima qilay?”
…Olingan javob mazmunini sizga bayon qilib o‘tirishning hojati bo‘lmasa kerak, deb o‘ylayman.
Rus tilidan Murod Parpixo‘jayev tarjimasi