Lyonnrotning aql va zakovatini takomillashtirgan behisob jumboqlar orasida “Trist-le-Rua” chorbog‘ida xotima topgan bir xil tusdagi, g‘ayrioddiy qonli voqealar hali bo‘lgan emas edi. Erik Lyonnrot so‘nggi jinoyatning oldini ola bilmagani rost, ammo u shunday voqea sodir bo‘lishini oldindan ko‘ra bilganligiga shubha yo‘q. Shuningdek, Yarmolinskiy qotilini aniqlay olmagan bo‘lsada, ushbu jinoyatlarning sirli tarzdagi davriyligi va unda Sharlax Dendi laqabli Red Sharlaxning qo‘li borligini aniqladi. Red Sharlax (boshqa ko‘plar qatori) Lyonnrotni o‘ldirishga ont ichgan, ammo bizning izquvar bunday po‘pisalardan xayiqadiganlar toifasidan emas edi. Lyonnrot o‘zini Ogyust Dyupen singari donishmand hisoblasa-da, tavakkalchilik va jo‘shqinlik belgilari tabiatiga begona emas edi.
Birinchi jinoyat “Otel dyu Nor”da – suvlariga sahro rang qo‘shgan daryo etagida qad ko‘targan o‘sha baland imoratda sodir bo‘ldi. Talmudchilarning uchinchi anjumanida ishtirok etish uchun Podolskdan yetib kelgan noib uchinchi dekabr kuni mana shu minoraga (shifoxonalarning noxush oqligi va qamoqxonalarning tartib bilan raqamlangan bir xilligini o‘zida mujassam qilgan mana shu minoraga) joylashdi. Soqoliga oq oralagan, ko‘zlari esa ko‘kimtir bu odam doktor Mark Yarmolinskiy edi.
Biz “Otel’ dyu Nor” unga yoqqan yoki yo‘qligini hech qachon bila olmaymiz, doktor mehmonxonani uning o‘ziga xos itoat bilan, Karpatdagi uch yillik urush hamda uch ming yillik quvg‘in va qirg‘inga bardosh qilishga ko‘mak bergan itoatkorlik bilan qabul qildi. Unga R qavatida joylashgan bir xonali nomer berishdi, ro‘paradagi serhasham ko‘p xonali nomerni esa Galileya tetrarxi band qilgan edi. Yarmolinskiy ovqatlanib bo‘lgach, shahar bilan tanishuvni keyingi kunga qoldirdi, jovonga ko‘plab kitoblari va sanoqli ust-boshini joylashtirdi, hali tun og‘masidan chiroqni o‘chirdi. (Qo‘shni nomerda joylashgan tetrarxning haydovchisi bergan guvohlik shulardan iborat.)
To‘rtinchi dekabr kuni ertalab soat 11dan 3 daqiqa o‘tganda “Idishe tsaytung” muharriri unga qo‘ng‘iroq qildi, ammo doktor Yarmolinskiy javob bermadi; uni nomerida yuzlari biroz qoraygan, yarim yalang‘och holda topishdi. U yo‘lakka olib chiquvchi eshik qarshisida yotar, ko‘ksida esa pichoqning chuqur izi qolgan edi. Oradan bir necha soat o‘tgach, o‘sha nomerda komissar Treviranus bilan Lyonnrot muxbirlar, suratkashlar va jandarmlar qurshovida ushbu sirli qotillik tafsilotlarini sovuqqonlik bilan muhokama qilishar edi.
- Bosh qotirib o‘tirishga hojat yo‘q, - dedi Treviranus qo‘lidagi sigaretani ulug‘vor tarzda siltab qo‘ygancha.- Galileya tetrarxi eng noyob yoqutlar sohibi ekanligi barchamizga malum. Kimdir ularni qo‘lga kiritish payiga tushgan va adashib bu yerga kirib qolgan. Yarmolinskiy uyg‘onib ketgan, o‘g‘ri bo‘lsa uni o‘ldirishdan boshqa chora topa olmagan. Shunday emasmi?
— Bu faraz haqiqatga yaqin, ammo qiziqarli emas, – javob qildi Lyonnrot. -Haqiqat qiziqarli bo‘lishi shart emas, deb e’tiroz bildirishingiz mumkin. Men esa sizga shunday deyman – haqiqat, balki, qiziqarli bo‘lishi shart emasdir, ammo farazlar bundan mustasno. Sizning yo‘lma-yo‘lakay o‘ylab topgan farazingizda tasodiflarga haddan ortiq ko‘p o‘rin berilgan. Qarshimizda jonsiz ravvin yotibdi va men faraz qilingan o‘g‘rining faraz qilingan omadsizligini emas, balki sof ravvinona izohni tanlagan bo‘lar edim.
Treviranus ranjigan kabi javob qildi:
— Meni ravvincha izoh emas, boshqa birovni, barchaga notanish boshqa birovni chavaqlab tashlagan odamni qo‘lga tushirish ko‘proq qiziqtiradi.
— U siz aytganchalik notanish emas.-Lyonnrot Treviranusning gapini to‘g‘rilagan bo‘ldi.- Mana uning to‘la asarlar to‘plami. – U qalin jildlar tartib bilan terib qo‘yilgan kitob jovoniga ishora qildi: “Kabbala himoyasi”, “Robert Fladd falsafasiga sharh”, “Sefer Yetsira”ning aynan tarjimasi, “Baal-Shemning tarjimai holi”, “Hasidlar mazhabi tarixi”, Tetragrammaton haqidagi tazkira (nemis tilida) va Beshkitobda Xudoning nomlari haqidagi yana bir tazkira. Komissar jirkanish aralash hadik bilan kitoblarga qarab qo‘ydi. So‘ng bexos kulib yubordi.
- Men bor-yo‘g‘i ojiz bir nasroniyman, – dedi u, – istasangiz, bu lash-lushlarning barini ola qoling. Yahudiy bid’atlarini titkilashga menda vaqt yo‘q.
— Ehtimol, ushbu jinoyat ayni shu yahudiy bid’atlari tarixi bilan bog‘liqdir, – o‘ychan so‘z qotdi Lyonnrot.
— Xuddi nasroniylik kabi, – deya luqma tashlashga jurat qildi voqea joyiga yetib kelgan “Idishe Saytung” muharriri. U kaltabin, tortinchoq va Xudoga ishonmas edi. Mirshablarning biri yozuv mashinkasidan bir parcha qog‘oz topib oldi. Unda mana bu tushuniksiz so‘zlar yozilgan edi:
“Ismning birinchi harfi aytildi”
Lyonnrot birdan yana jiddiylashib, marhumning kitoblarini bog‘lashni buyurdi va ularni ishxonasiga olib ketdi. U tergov ishlaridan chetlanib, kitoblarni tadqiq qilishga kirishib ketdi. Kitoblarning biri uni taqvodorlar mazhabi asoschisi Israel Baal-Shem-Tova talimotidan ogoh qildi; boshqasi – Xudoning zikr etib bo‘lmas ismi – Tetragrammaton qudrati va halokatli tasiri bilan oshno qildi; yana bir kitob mutolaasi Xudoning maxfiy ismi majudligi va bu ismning jismiga (forslarning naql qilishlaricha, Iskandar Maqduniyga tegishli bo‘lgan shisha koptok singari) uning to‘qqizinchi sifati – mangulik, yani olamda mavjud hamma narsadan – kelgusida yuz beruvchi, ayni vaqtda ro‘y berayotgan va o‘tmishda sodir bo‘lgan hamma narsadan voqiflik jo etilganligi haqidagi fikrdan boxabar qildi. Ananaga ko‘ra xudoning to‘qson to‘qqiz ismi mavjud, gebraistlar ushbu miqdorning nomukammalligini juft sonlar qarshisidagi fusunkor qo‘rquv bilan bog‘laydilar, hasidlar bo‘lsa, shu fikrdan kelib chiqqan holda, mazkur nuqson yuzinchi ism – Mutlaq Ismning mavjudligidan dalolat, deb xulosa qiladilar.
Oradan bir necha kun o‘tgach, “Idishe Saytung” muharririning tashrif buyurishi Lyonnrotni tadqiqotlaridan chalg‘itdi. Muharrir qotillik xususida suhbatlashmoqchi bo‘lgan, Lyonnrot esa Xudoning ismlari haqida fikr yuritishni afzal ko‘rdi; shundan so‘ng muharrir Erik Lyonnrot qotil ismini topish yo‘lida Xudoning ismlarini o‘rganish bilan mashg‘ul, deya gazeta orqali xabar berdi. Gazetalardagi odmilashtirishlarni o‘qiyverib ko‘nikib qolgan Lyonnrot bundan g‘azablanmadi. Har qanday odamni har qanday kitob sotib olishga majbur qilish mumkinligini kashf etgan ishbilarmonlardan biri “Hasidlar mazhabi tarixi” nomli ommabop nashr chop etdi.
Ikkinchi jinoyat uchinchi yanvarga o‘tar kechasi poytaxt g‘arbidagi tashlandiq va kimsasiz joyda sodir bo‘ldi. Bu ovloq joyni aylanib yurgan otliq jandarmlarning biri tong saharda eski bo‘yoqchilik ustaxonasi ostonasida poncho yopingan odam jasadini ko‘rib qoldi. Uning tosh qotgan yuzlari qonga belanganidan niqobga o‘xshar, ko‘ksida esa pichoqning chuqur izi qolgan edi. Devorga ohak bilan bir necha so‘z yozilgan edi. Jandarm yozuvni o‘qiy oldi…
Kechga yaqin Treviranus bilan Lyonnrot jinoyat sodir bo‘lgan o‘sha ovloq joyga otlanishdi. Ular o‘tirgan mashinaning o‘ng va so‘l tomonidagi shahar tobora uzoqlashar edi; osmon esa yuksalib borar, uylar ham endi xayolni chalg‘itmay qo‘ygan edi, faqat har zamonda g‘ishtdan tiklangan o‘txonalar yohud sarvqomat teraklarni ko‘rish mumkin edi, xolos.
Mana, nihoyat, qayg‘u makoni: botayotgan quyoshning vahshatli nurlarida toblangan paxsa devorlarni oralagan ko‘cha. Murda aniqlangan, u – ko‘hna shimoliy dahalarda nomi chiqqan Simon Asevedo ismli odam edi. Avval yuk tashuvchi, keyinroq saylovoldi mavsumlarida yollanma mushtumzo‘r bo‘lgan bu odam o‘g‘rilik va hatto chaqimchilikdan ham xazar qilmay qo‘ygan edi. (Qotillik usuli ikkov izquvarga ham tanish tuyildi. Asevedo to‘pponchadan ko‘ra pichoqni afzal bilgan qaroqchilar avlodining so‘nggi vakili edi.) Ohak bilan quyidagi so‘zlar yozilgan edi:
“Ismning ikkinchi harfi aytildi”.
Uchinchi jinoyat uchinchi fevralga o‘tar kechasi sodir bo‘ldi. Tun yarmidan oqqan mahal komissar Treviranus xonasida telefon jiringladi. Sirlilik pardasiga o‘ralgan, g‘arazgo‘ylik sezilib turgan bo‘g‘iq erkak ovozi o‘zini Ginzberg (yoki Ginzburg) deb tanishtirdi va tegishli haq evaziga ikki qotillik – Asevedo va Yarmolinskiyning o‘ldirilishi bilan bog‘liq dalillarni xabar qilishga tayyor ekanligini malum qildi. Allaqanday hushtak va burg‘u tovushlari uning ovozini bosib ketdi. Keyin aloqa uzilib qoldi. Bu hazil bo‘lishi mumkinligini etibordan soqit qilmagan holda (har qalay o‘yin-kulgular mavsumi edi) Treviranus unga “Liverpul-xauz”dan – islovatxona malikalari va Injilfurushlar bahamjihat yashab kelayotgan Ryu-de-Tulon ko‘chasidan sim qoqishganini aniqladi.
O‘z navbatida komissar qovoqxona sohibiga qo‘ng‘iroq qildi. Obro‘siga putur yetishi mumkinligidan xavotirga tushgan va dili siyoh bo‘lgan sohib (Blek Finnegen, irlandiyalik sobiq jinoyatchi) quyidagini malum qildi – telefondan oxirgi marta foydalangan kimsa uning mijozi, Grifius ismli odam bo‘lib, u yaqinda ulfatlari bilan tashqariga chiqib ketibdi. Grifius bir hafta avval bar yuqorisidagi xonani ijaraga olgan, uning yuz tuzilishi nozik, soqoliga oq oralagan, odmigina qora libosda edi. Finnegen (Treviranusning fahmlashicha, sohib bu xonani boshqa maqsadlar uchun ajratgan edi) haddan ortiq qimmat haq so‘raganiga qaramay, Grifius tortishib o‘tirmadi. U deyarli tashqariga chiqmas, har gal xonasida ovqatlanar, bardagilar ham uni taniy olishlari dargumon edi.
U kechqurun Finnegen idorasidan sim qoqish uchun pastga tushgan mahal qovoqxona qarshisiga ikki o‘rindiqli foytun kelib to‘xtadi. Izvoshchi o‘rnidan jilmadi, ammo bazilar uning ayiq niqobi kiyib olganiga e’tibor qilishdi. Foytundan o‘rta bo‘yli ikki masxaraboz tushib keldi, aftidan, ularning durustgina kayflari ham bor edi. Burg‘u sadolari ostida Finnegen idorasiga kira solib, Grifiusni quchoqlay ketishdi. Grifius ularni tanib turgan bo‘lsada, muomalasi sovuq edi; uchovlon idish tilida bir fursat suhbat qurishdi – Grifius past va bo‘g‘iq ovozda, ularning ovozlari esa soxta va baqiroq edi – keyin hammalari uning xonasiga ko‘tarilishdi. Chorak soatlardan so‘ng og‘izlari qulog‘ida mamnun kayfiyatda qaytib chiqishdi.
Grifius sheriklari kabi mast edi. Oyoqlarida arang turgan bu odam niqob kiygan ikki masxarabozni quchoqlab olgandi. (Bardagi ayollar ularning libosida sariq, qizil va zangor shakllar borligini esladi.) Grifius yo‘l-yo‘lakay ikki marta qoqilib ham ketdi. Har safar uni masxarabozlar tutib qolishardi. Uchovlon foytunga o‘tirgach, eng yaqin bandargoh tomon yelib ketishdi. Foytunga eng so‘ngida ko‘tarilgan masxaraboz qovoqxona qarshisidagi simyog‘ochlarning biriga ohak bilan nojo‘ya surat va allaqanday jumlani yozib qo‘yishga ulgurgan edi.
Treviranus yozuvni o‘qib ko‘rdi. Oldindan fahmlash mumkin bo‘lganidek, yozuv quyidagicha edi:
“Ismning so‘nggi harfi aytildi”.
So‘ng Treviranus Grifius-Ginzberg xonasini ko‘zdan kechirdi. Poldagi qon dog‘lari yoyilib ketgan, har joyda major rusumli papiros qoldiqlari sochilib yotardi. Jovonda esa bazi sahifalariga belgilar qo‘yilgan Leydenga mansub “Yahudiy-yunoncha so‘zlashgich” (1739) bor edi. Treviranus kitobga nafrat bilan tikildi va Lyonnrotga odam yubordi. U kela solib so‘zlashgichni varaqlay ketdi. Bu vaqtda komissar hozircha taxmin qilinayotgan odam o‘g‘irlashga oid bir-biriga zid ko‘rsatmalar berayotgan guvoxlarni so‘roq qilish bilan mashg‘ul edi.
Soat to‘rtlarda ikkovi ham ko‘chaga chiqishdi. Ertalabdan buyon supurib-sidirilmagan ilon izi Ryu-de-Tulon ko‘chasi bo‘ylab yurib borishar ekan, Treviranus gap boshladi:
— Bordiyu ushbu tundagi hodisa oddiy mug‘ombirlik bo‘lsachi?
Erik Lyonnrot kulib qo‘ydi va “Yahudiy-yunoncha so‘zlashgich”ning o‘ttiz uchinchi bo‘limiga oid jumlani jiddiy qiyofada o‘qib berdi:
— Yahudiylar uchun kun quyosh botishidan boshlanib, keyingi kun quyosh botishiga qadar davom etadi.
Hamrohi zaharxandalik bilan dedi:
— Bular siz bu oqshom qo‘lga kiritgan eng qimmatli malumotlarmi?
— Aslo. Giznberg aytgan birgina so‘z bundan qadrliroq.
Davriy tarzda sodir bo‘layotgan bu qotilliklar haqida kechki gazetalarda xabarlar bosilib chiqdi. “Shamshir va Xoch” zohidlar navbatdagi anjumanidagi ajoyib tartib-intizomni ushbu jinoyatlar uchun o‘rnak qilib ko‘rsatdi; Ernst Palast “Jafokash” sahifalari orqali “atigi uch nafar yahudiyni yo‘q qilish uchun uch oy vaqt sarflagan maxfiy jinoyatchilarning kechirib bo‘lmas sustkashligi”ni qoralab chiqdi; “garchi ba’zi fahm-farosat sohiblari mazkur uch jumboqning o‘zga izohini ko‘rmayotgan bo‘lsalar-da”, “Idishe Saytung” yahudiylarga qarshi fitna degan vahimali taxminni inkor etdi. Janubning eng ko‘zga ko‘ringan yollanma qotillaridan bo‘lgan Dendi Red Sharlax esa unga qarashli hududlarda hech qachon bu kabi qotillik sodir etilmaganini aytib, komissar Frants Treviranusni jinoyatkorona mas’uliyatsizlikda aybladi.
Birinchi mart kuni oqshom komissar muhr bosilgan konvert oldi. Ochib ko‘rilgach, uning ichida “Barux Spinoza” deb imzo qo‘yilgan maktub va qandaydir nashrdan yulib olingan shaharning batafsil xaritasi borligi ma’lum bo‘ldi. Maktubda uchinchi mart kuni hech qanday qotillik sodir etilmasligi bashorat qilingan, zotan “Barux Spinoza”ning takidlashicha, shaharning sharqiy qismida joylashgan bo‘yoqchilik ustaxonasi, Ryu-de-Tulondagi qovoqxona va “Otel dyu Nor” barcha tomonlari teng bo‘lgan sirli uchburchakning benuqson qirralari edi; xaritada qizil siyoh bilan mana shu uchburchak chizib qo‘yilgan edi. Treviranus geometrik uslubdagi bu dalillar bilan tanishib chiqqach, maktub bilan xaritani Lyonnrotga yubordi – bunday bema’ni boshqotirma bilan uning o‘zi shug‘ullanaversin.
Erik Lyonnrot yuborilgan maktubni diqqat bilan o‘rganib chiqdi. Ko‘rsatilgan uch nuqta haqiqatdan o‘zaro teng masofada joylashgan edi. Vaqtdagi baqamtilik (3 dekabr, 3 yanvar, 3 favral), masofalar orasidagi bekamu-ko‘stlik… Unga birdan jumboqning siri yechilganday tuyuldi. Uning taxminlarini kompas va bussol yana ham oydinlashtirdi. Endi miyig‘ida kulib qo‘ydi – ”Tetragrammaton”. So‘ng komissarga sim qoqdi.
— Kecha menga yuborganingiz shakllar uchun tashakkur, -dedi u. – Shakllar jumboqni yechishimga yordam qildi. Ertagayoq, juma kuni, jinoyatchilar panjara ortida bo‘lishadi. Keyin ko‘nglimizni xotirjam qilsak bo‘laveradi.
— Demak, ular to‘rtinchi qotillikni sodir etishmas ekan-da?
— To‘rtinchi qotillik sodir etiladi, aynan shuning uchun xotirjam bo‘lsak bo‘laveradi.
Bir soat o‘tar-o‘tmas, u Janubiy temir yo‘llar tarmog‘iga qarashli poezdda tashlandiq “Trist-le-Rua” chorbog‘i tomon yelib borar edi.
Shaharning nazarda tutilayotgan janubiy hududidan chiqindi va axlatlarga to‘la loyqa suvli anhor oqib o‘tadi. Daryo ortida esa fabrikaga qarashli yerlar yastanib yotibdi. U joylarni o‘zlarining barselonalik sardorlari qanoti ostida yollanma qotillar makon tutishgan. Ularning eng mashhuri – Red Sharlax bu maxfiy safardan xabar topish uchun bor narsadan kechishga tayyor bo‘lsa kerak, degan fikrdan o‘zicha kulib qo‘ydi. Asevedo Sharlaxning qiyomatli oshnasi edi. Lyonnrot to‘rtinchi murda Sharlaxning o‘zi bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi. Keyin bu taxmindan voz kechdi… Umuman olganda, Lyonnrot jumboqni hal qilgan, muayyan holatlar, dalillar esa (ismlar, hibsga olishlar, basharalar, sud va qamoqxona tafsilotlari) uni endi deyarli qiziqtirmay qo‘ygan edi. Mazkur jinoiy ishni tadqiq etib o‘tkazilgan uch oydan so‘ng uning ko‘ngli ochiq havoni, nihoyat hordiq chiqarishni tusab qolgan edi. U qotilliklar izohi yashirincha yuborilgan uchburchak va ko‘hnalik g‘ubori qo‘ngan bir yunoncha so‘zda bo‘lishi kerak, deb xayol qildi. Jumboq siri yechilgan, buning uchun butun boshli yuz kunni sarf qilganidan uyalib ham ketdi.
Poezd sukunatga cho‘mgan bekatda to‘xtadi. Lyonnrot vagondan tushdi. Erta tong kabi sokin oqshomlarning biri. Tuman qo‘ynidagi kengliklar havosi namchil va sovuq edi. Lyonnrot manzil tomon yo‘lga tushdi. U yo‘lda itlarni ko‘rdi, yopiq izda turgan vagonga e’tibor qildi, u ufqni nazar tashladi, ko‘lmakdagi qo‘lansa suvni ichayotgan va kumushdek tovlangan yo‘rg‘a otga uzoq tikilib qoldi. Olisda “Trist-le-Rua” chorbog‘ining to‘rtburchak shiyponi ko‘ringan mahal qorong‘i tusha boshlagan edi. Shiypon – atrofini o‘ragan chinorlar singari baland edi. Ism shaydolari orzu qilgan o‘sha daqiqadan uni atigi bir tong va bir shom (sharqning azaliy tongi va mag‘ribdagi yana bir tong) ajratib turganligini xayol qildi Lyonnrot.
Chorbog‘ning notekis chetlari zanglagan temir bilan ihotalangan, asosiy darvoza berk edi. Ichkariga osonlikcha kira olmasligiga ko‘zi yetgan Lyonnrot butun chorbog‘ni aylanib chiqdi. Yana ishg‘ol qilib bo‘lmas darvoza qarshisida paydo bo‘lgach, qo‘llarini beixtiyor oraliqqa suqib, zulfinni topdi. Darvozani bazo‘r ochdi. Lyonnrot oyoqlari ostidagi qat-qat yaproqlarni bosgancha chinorlar oralab o‘tgan yo‘lak bo‘ylab yurdi. Chorbog‘ o‘zining bema’ni baqamtiligi va naqshlarining ahmoqona tarzda takrorlanishi bilan hayratga solar, birinchi tokchaga o‘rnatilgan Diananing marmar haykaliga boshqa bir tokchadagi boshqa bir Diana baqamti edi; bir bolaxona xuddi shu kabi boshqa bir bolaxonaning aksi bo‘lib xizmat qilar, ikki serhasham zinapoya ikki tomondan ikkita naqshinkor panjarali maydonga tomon yo‘nalgan edi. Ikki chehrali Germesdan tushayotgan ko‘lanka vahimali edi. Lyonnrot chorbog‘ kabi uyni ham aylanib chiqdi. U hamma narsani ko‘zdan kechirib bo‘lgach, baland peshayvon ostidagi darpardaga ko‘zi tushdi.
Lyonnrot darpardani surdi: uning ortida yerto‘laga olib tushuvchi marmar supalar yotqizilgandi. Me’morning didini tushuna boshlagan Lyonnrot yerto‘laning qarama-qarshi devorida xuddi shunga o‘xshash supalar borligini taxmin qildi. Taxmini to‘g‘ri chiqdi, u supalardan yuqori ko‘tarildi va shiftga qo‘llarini tiragancha chig‘ir qopqasini ochib, tashqariga chiqdi.
Allaqaydan tushayotgan ojiz shu’la uni oyna qarshisiga olib keldi. U oynani lang ochib yubordi: markazida favvoralari bo‘lgan qarovsiz bog‘ni dumaloq hilol yoritib turar edi. Lyonnrot uyni o‘rganishda davom qildi. Dahliz va yo‘laklar orqali u aynan bir xil mo‘‘jaz hovlilarga chiqar va ko‘pincha aynan bir hovlida yana qayta paydo bo‘lardi. U g‘ubor qo‘ngan zinalardan yurib, aylanmasimon dahlizlarga ko‘tarilar ekan, qarshida turgan ko‘zgularda muttasil aks etar, u har safar deraza ortidagi aynan o‘sha ma’yus bog‘ni har gal turli balandlikdan va turli nuqtadan tomosha qilar edi; xonalardagi jihozlarga sariq g‘ilof kiydirilgan, matolarga esa o‘rgimchaklar in qurgan edi. Yotoqxonalarning birida chinni guldonga solingan yakka-yolg‘iz gulga ko‘zi tushdi, unga tegib ulgurmasidan qurigan yaproqlar kukunga aylanib, to‘kilib tushdi. Uchinchi va to‘rtinchi qavatga ko‘tarilgach, Lyonnrotga bu koshona adoqsiz hamda bo‘y va eniga tomon muttasil ravnaq topib borayotgan kabi tuyildi. “Uy aytarli katta emas, -o‘yladi u, - qorong‘ulik va baqamtilikdan, ko‘zgular va qarovsizlikdan hamda notanish vaziyat va kimsasizlik tufayli menga adoqsiz tuyilayotir”.
Aylana zinapoya orqali u shiyponga ko‘tarildi. Tungi hilol oynalar aro shu’la sochar, ularning rangi sariq, qizil va zangor edi. G‘aroyib va hayratomuz xotiradan esankirab qolgan Lyonnrot oynalardan ko‘zini uzolmay qoldi. Shu zahoti past bo‘yli, ammo chayir va badjahl ikki kimsa unga tashlanib, qurolini tortib olishdi; baayni yo‘qlikdan paydo bo‘lgan baland bo‘yli uchinchi odam takalluf bilan ta’zim qildi:
— Iltifotingiz naqadar ulug‘. Siz biz uchun bir kecha va bir kunduzni tejadingiz.
Bu – Red Sharlax edi. Anavi ikkovi Lyonnrotning qo‘lini bog‘lashdi. Lyonnrot nihoyat tilga kirdi.
— Sharlax, nahot siz bo‘lsangiz maxfiy ismni izlayotgan?- Sharlax indamay turaverdi. U qisqa olishuvda qatnashmadi, faqat Lyonnrotning to‘pponchasini olish uchun qo‘l uzatdi. Nihoyat u gapira boshladi; uning ovozida qo‘lga kiritilgan zafardan qoniqish, bu olamning o‘zi kabi cheksiz nafrat va mana shu nafrat qadar ulkan qayg‘u sezilib turar edi.
- Yo‘q, -dedi Sharlax.- Men bor-yo‘g‘i o‘tkinchi va zaifroq boshqa bir narsani izlayapman, men Erik Lyonnrotni izlayapman. Uch yil avval Ryu-de-Tulondagi islovatxonada siz mening ukamni shaxsan qamoqqa olgan edingiz. Yigitlarim meni o‘sha olishuvdan qornimda mirshab o‘qi bilan olib chiqishdi. Men mana shu baqamti va kimsasiz chorbog‘da to‘qqiz kecha-kunduz ajal bilan olishib yotdim; ichim isitmadan olov bo‘lib yonar, tong va shomlarga beparvo tikilgan ikki chehrali manfur Yanus bo‘lsa tushim va o‘ngimda meni vahshatga solar edi. Menda o‘z vujudimga nafrat uyg‘ondi, ikkita ko‘z, ikkita qo‘l va ikkita o‘pka xuddi bir odamning o‘zida ikkita chehra bo‘lgani kabi dahshatli edi.
Irlandiyalik bir odam meni Iso maseh diniga e’tiqod qo‘ydirish ilinjida “goim”lar hikmatini takrorlagani takrorlagan edi: “Barcha yo‘llar Rimga olib boradi”. Kechalari men mana shu tashbeh bilan alahsib chiqar va bu dunyo hech bir bag‘ridan chiqib ketib bo‘lmas labirint ekanligiga iymon keltirardim, illo barcha yo‘llar – ular xoh shimol va yo janub tomon yo‘nalgan bo‘lsin, – aslida Rim tomon olib boradi, o‘z navbatida Rim, bir vaqtning o‘zida, ukam o‘lim talvasasida yotgan to‘rtburchak qamoqxona va “Trist-le-Rua” chorbog‘i edi. Shunday paytlarda men inimni turmaga tashlagan odam atrofida labirint barpo qilaman, deb ikki chehrali xudo hamda bezgak va ko‘zgularning barcha xudolari nomi bilan ont ichdim. Mana, men bu labirintni tikladim: buning uchun menga o‘ldirilgan ravvin, bussol, XVIII asrda faoliyat ko‘rsatgan mazhab, bir yunoniy kalom, bitta pichoq, bo‘yoqchilik ustaxonasi devorlaridagi shakllar xom-ashyo bo‘lib xizmat qildi.
Bu niyat tasodif tufayli tug‘ildi. Bir necha do‘stlarim bilan (ular orasida Daniel Asevedo ham bor edi) tetrarx yoqutlarini o‘g‘irlashni mo‘ljal qildim. Asevedo bizga xiyonat qildi: oldindan to‘langan pullarni ichkilikka sovurib bo‘lgach, o‘g‘irlikka bir kun avval yolg‘iz o‘zi otlandi. Ulkan mehmonxonada adashib qolgach, tungi soat ikkilarda Yarmolinskiyning xonasiga kirib qoldi. Uyqusizlik tinchlik bermayotgan Yarmolinskiy esa allanimalarni yozib o‘tirar edi.
Aftidan, u Xudoning Ismi xususida qandaydir maqola tayyorlayotgan va endigina mana bu so‘zlarni yozib ulgurgan edi: “Ismning birinchi harfi aytildi”. Asevedo unga churq etmaslikni buyurdi, ammo Yarmolinskiy qo‘ng‘iroqqa intilgach, Asevedo unga pichoq urishga majbur bo‘ldi – Yarmolinskiy ko‘ksida pichoqning chuqur izi qolgandi. Bu qariyb ixtiyorsiz harakat edi; ellik yil mobaynidagi zo‘ravonliklarga to‘la hayot eng oson va ishonchli yo‘l o‘ldirish ekanligidan unga saboq bergan edi.
O‘n kundan so‘ng “Idishe Saytung” siz Yarmolinskiy yozuvlarida uning o‘limiga izoh qidirayotganingizni ma’lum qildi. Men “Hasidlar mazhabi tarixi”ni o‘qib chiqqach, Xudoning Ismini aytishga yo‘l bermaydigan ilohiy qo‘rquv mazkur ta’limotni keltirib chiqarganligi va bu Ism qudratli hamda sinoatlar ichra pinhon ekanligini bilib oldim. Ayni shu Maxfiy Ismni izlab topish yo‘lida ba’zi hasidlar qotilliklarga ham qo‘l urishlaridan voqif bo‘ldim… Siz ravvinni hasidlar o‘ldirgan, deb taxmin qilishingizni fahmlagach, ishonchingizni mustahkamlashga kirishdim.
Mark Yarmolinskiy uchinchi dekabrga o‘tar kechasi o‘ldirilgan edi; ikkichi “qurbonlik” uchun men uchinchi yanvar tunini tanladim. Yarmolinskiy shaharning shimoliy hududida halok bo‘lgan, ikkinchi “qurbonlik” uchun esa sharqiy tomondan joy topish lozim edi. Ushbu niyat uchun kerakli odam Daniel Asevedo bo‘lib, u o‘limga loyiq edi: u o‘zboshimcha va xiyonatkor edi, uning qo‘lga olinishi butun rejani barbod qilishi tayin edi. Uni odamlarimizning biri chavaqladi; bu ikki o‘lim o‘rtasida aloqa bog‘lash uchun men bo‘yoqchilik ustaxonasi oynalari ustiga mana bu jumlani yozib qo‘ydim:
“Ismning ikkinchi harfi aytildi”.
Uchinchi jinoyat uchinchi fevralda sodir bo‘ldi. Treviranus to‘g‘ri fahmlaganidek, bu oddiy mug‘ombirlik edi. Grifius-Ginzberg-Ginzburg – bu menman; meni do‘stlarim o‘g‘irlab ketishmaguncha butun bir haftani (soxta soqol yopishtirib olgan ko‘yi) Ryu-de-Tulondagi o‘sha islovatxonada o‘tkazdim. Do‘stlarimning biri simyog‘ochda “Ismning so‘nggi harfi aytildi” degan yozuvni qoldirdi. Bu – rejaga ko‘ra faqat uchta qotillik nazarda tutilganligiga ishora edi. Hamma shunday deb tushundi ham; ammo men sizga, muhtaram donishmand Erik Lyonnrot, to‘rtinchi qotillik ham sodir etilishiga oid bir necha ishora qildim. Shimoldagi bitta, sharq va g‘arbdagi ikkita mo‘‘jiza bekamu-ko‘st bo‘lishi uchun janubda to‘rtinchisi sodir etilishi lozim edi. Axir Xudoning Ismi – Tetragrammaton – JHVH – to‘rt harfdan iborat; masxarabozlar va bo‘yoqchi niqobi to‘rt unsur haqida fikr uyg‘otar edi. Men Leyden asarida bir joyni belgilab qo‘ygan edim, unda aytilishicha, yahudiylarning kuni bir shomdan ikkinchi shomga qadar davom etadi; bu jumladan qotilliklar har oyning to‘rtinchi kunida sodir etilishini anglash mumkin edi. Men Treviranusga tomonlari teng bo‘lgan uchburchakni yubordim. Men yetishmayotgan nuqtani o‘zingiz belgilab qo‘yishingizni sezgan edim. To‘g‘ri to‘rtburchakni xotimalovchi va sizni muqarrar o‘lim kutayotgan joyni ma’lum qiluvchi so‘nggi nuqtani o‘zingiz belgilab qo‘yishingizni men bilgan edim. Men sizni – Erik Lyonnrotni kimsasiz “Trist-le-Rua”ga yetaklab keluvchi yo‘lni puxta ishlab chiqdim.
Lyonnrot Sharlax nigohidan ko‘zlarini olib qochdi. Lyonnrot atroflarini sarg‘ish, zangor va qizil to‘rtburchak shakllar chegaralagan daraxtlar va osmonga nazar tashladi. Uning etlari junjikib, ma’yuslanib qoldi. Atrofni qorong‘ulik zabtiga olib ulgurgan, qarovsiz bog‘ tarafdan allaqanday qushning ma’nisiz va befoyda qichqirig‘i eshitildi. Lyonnrot so‘nggi bor baqamti va takrorlanuvchi o‘limlar jumbog‘i haqida o‘yga toldi.
- Labirintingizda uchta keraksiz chiziq bor, -dedi u nihoyat.- Men yakka-yolg‘iz to‘g‘ri chiziqdan iborat yunon labirintini bilaman. Ushbu chiziqda shu qadar ko‘p faylasuflar adashib qolganlarki, faqirday oddiy izquvarning ham shu ko‘yga tushganidan ajablanishga hojat yo‘q. Sharlax, navbatdagi evrilishda meni ovlayotib, A nuqtada bir soxta qotillikni amalga oshiring (yoki chinakamiga sodir eting), keyingi qotillikni A nuqtadan 8 chaqirim uzoqlikda joylashgan V nuqtada, uchinchi qotillikni A va V nuqtalar oralig‘idagi masofaning qoq o‘rtasida joylashgan S nuqtada sodir eting. Keyin esa meni A va S nuqtalar oralig‘idagi masofaning qoq o‘rtasida joylashgan D nuqtada kuting. Meni D nuqtada o‘ldiring, xuddi hozir “Trist-le-Rua”da o‘ldirayotganingiz kabi meni D nuqtada o‘ldiring.
- Sizni keyingi safar o‘ldirayotganimda, -deb javob qildi Sharlax, - men sizga yakka-yolg‘iz to‘g‘ri chiziqdan iborat bo‘lgan labirint, ko‘zga ko‘rinmas va adoqsiz labirint va’da qilaman.
U bir necha qadam ortga chekindi. So‘ngra diqqat bilan tepkini bosdi.
Sharifjon Ahmedov tarjimasi