OLIS SABAB
Antil orollaridagi oltin konlari do‘zaxida mashaqqatli mehnatdan sillasi quriyotgan hindularga 1515 yili avliyo Bartolome de Las Kasasning rahmi keldi va u Antil orollaridagi oltin konlari do‘zaxida mashaqqatli mehnatdan zanjilarning sillasi qurishi uchun qirol Karl V ga zanjilarni olib kelishni taklif qildi.
Sahovatpesha tuyg‘ularining bu g‘aroyib tuslanishi behisob oqibatlarga olib keldi: Xendi blyuzlari, Sharqiy sohillik musavvir Pedro Figarining Parijdagi muvaffaqiyati, boshqa bir urugvaylik – don Visente Rossining qochoq qullar haqida hikoya qiluvchi ajoyib nasri, Avram Linkolnning fusunkor shavkati, Shimol va Janub o‘rtasidagi urushda halok bo‘lgan besh yuz ming odam, harbiy nafaqalarga sarf qilingan uch milliard uch yuz million dollar, soxta Falucho haykali, Akademik Lug‘atning o‘n uchinchi nashriga “olomon qilmoq” (linch) fe’lining kiritilishi, ehtiroslarga limmo-lim “Hamdu-sano” filmi, “bug‘doyrang” va “qoramag‘iz” qo‘shin sardori – Solerning Serritodagi shiddatli hujumi, falon senorita jamoli, Martin Ferroni o‘ldirgan zanji, “El Monisero” nomli bemaza rumba, Tussen Luvertyurning barham berilgan va bandi qilingan napoleoncha shiddati, Gaitidagi salib va ilon, papaloa xanjari bilan bo‘g‘izlangan echkilar qoni, tangoning volidasi xabanera, kandombe raqsi shular jumlasidan.
Qolaversa, shafqatsiz xaloskor Lazarus Morelning jinoyatlarga to‘lug‘ va qoyilmaqom umri.
JOY
Yer yuzidagi eng uzun daryo, Suvlar Onasi – Missisipi bu tengi yo‘q ablahning munosib faoliyat maydoni edi. (Bu daryoni ilk bor Alvares de Pineda kashf etdi, uning birinchi tadqiqotchisi esa Peruni zabt etgan, shatranj o‘yinini o‘rgata inklar qiroli Ataualpaning zindondagi yillariga husn kiritgan konkistador – kapitan Ernando de Soto edi. Kapitan qazo qilgach, mana shu daryo suvlari uni o‘z bag‘riga oldi.)
Missisipi – Parana, Urugvay, Amazonka va Orinoko daryolarining bag‘ri keng, adoqsiz uzun va bug‘doyrang opasi. Bu daryo suvlari mulat ayol vujudi rangiday – uning suvlari yil sayin olib keladigan to‘rt yuz million tonna loyqa Meksika qo‘ltig‘ini bulg‘aydi. Bu qadar ko‘lamdagi tabarruk va ko‘hna axlatlar tufayli delta hosil bo‘lgan. Bunda, betinim yuvilib turgan qit’a tashlandiqlarida, ulug‘vor sarv daraxtlari o‘sib yotgan. O‘lik baliqlari sochilib yotgan va qamishzorlar zabt etgan qo‘lansa botqoqliklar mamlakati o‘z sarhadlari va sukunatini kun sayin kengaytirib borgan. Shimolroqda, Arkanzas va Ogayo kengliklarida ham adirlar yastanib yotibdi. U yerlarda bezgak sillasini quritgan sariq yuzli qashshoqlar qavmi istiqomat qiladi. Ular qum, og‘och va loyqa suvdan bo‘lak hech vaqosi yo‘qligidan tosh va temirga suq bilan tikilishgan.
ODAMLAR
O‘n to‘qqizinchi asr boshlarida (bizni ayni shu vaqt qiziqtiradi) Missisipi sohillaridagi bepoyon paxta dalalarida erta tongdan qosh qorayguncha zanjilar ter to‘kishardi. Ular xodalardan tiklangan kulbalarda, shundoqqina yerda uxlashar, “ona-bola” munosabatlaridan bo‘lak barcha urug‘-aymoq aloqalari o‘ta shartli va mavhum edi. Ularning ko‘plari faqat ismlari bilangina qanoatlanishar, zanjilar harf tanishmasdi. Ular ingliz unli tovushlarini cho‘zib, mayin ovozda o‘z qo‘shiqlarini kuylashar, bir chiziqqa terilib olgan ko‘yi nazoratchi qamchini ostida egilib, ter to‘kishardi. Ba’zan qochib ketishardi, shunda sersoqol kishilar ko‘rkam otlarga sakrab minishar, baquvvat ko‘ppaklar esa izma-iz ta’qib etardi.
Hayvoniy umid va Afrika qo‘rquvlaridan iborat negizlariga ular Bitik kalomlarini joyladilar: zanjilar Iso masehga e’tiqod qo‘yishdi. Ular ko‘ngillari sel bo‘lib jo‘r ovozda kuylashardi: “Bizdan xabar ol, Muso”. Ular Missisipi timsolida loyqa Yordon daryosining allayqaysi birodarini ko‘rishardi.
Ushbu zahmatkash zamin va qul zanjilar sohiblari olifta va xasis uzun sochli janoblar edi. Ular oq qayindan tiklangan, soxta yunoniy peshayvoni bo‘lgan va albatta daryoga tikilgan serhasham uylarda istiqomat qilishardi. Yaxshi qul ming dollar turar va uzoq yashamasdi. Zanjilarning ba’zilari shu qadar noshukur edilarki, tez orada xastalanib, o‘lib qolishardi.
Bu omonat nusxalardan imkon qadar foyda olib qolish zarurligi sabab ularni tong sahardan qosh qorayguncha dalada ushlab turishar, shu sabab sohiblar o‘z yerlaridan har yili paxta, tamaki va yo shakar hosilini yig‘ib olishardi. Betinim ishlov berish oqibatida holdan toygan yer tez orada oriqlab qolar, dalalarni begona o‘tlarning qalin qo‘shini ishg‘ol qilardi. Tashlandiq fermalarni, chor atrofdagi munkillagan kulbalarni, chakalakzor va ko‘lansa botqoqliklarni oq tanli qashshoqlar makon tutishgandi. Ular baliq hamda boshqa mayda-chuydalarni ov qilish hamda chorvachilik ketidan kun ko‘rishardi. Ko‘pincha esa ular zanjilardan o‘g‘irlangan ovqat sarqitlarini so‘rashar va shu taqlid zerikarli hayot kechirisharkan, harqalay bizning naslimiz sof-ku, degan xayol bilan ovunishardi. Shundaylarning biri Lazarus Morel edi.
BIZNING QAHRAMON
Amerika oynomalarida chop qilinayotgan Morelning suratlari soxtadir. Shu qadar esda qoluvchi va mashhur odamning chinakam tasviri yo‘qligi tasodif emas. Ortiqcha izlar qoldirmaslik va ayni vaqtda sirlilik tug‘dirish maqsadida Morel suratga olishlaridan o‘zini olib qochgan, deb taxmin qilish mumkin… Ammo bizga ma’lumki, u yoshligida badbashara bo‘lgan va o‘zaro juda yaqin joylashgan ko‘zlari hamda yupqa lablari uning foydasini ko‘zlagan emasdi.
Keyinchalik yillar unga yoshini yashagan ablah hamda omadi chopib, jazosiz qolgan jinoyatchilarga xos ayricha salobat baxsh etdi. Qashshoq bolalik va diyonatsiz yashalgan umrga qaramasdan, u janubdan chiqqan chinakam kibor edi. Muqaddas Bitik bilan durustgina tanish bo‘lgan bu odamning va’zlarida g‘ayritabiiy ohanrabo bor edi. “Lazarus Morelni minbarda ko‘rdim, – deb yozadi Luiziana shtatidagi Baton-Rujda joylashgan qimorxona egasi, -men uning ibratomuz so‘zlarini tingladim, men uning ko‘zlaridan sizib chiqqan yoshlarni ko‘rdim. Men uning xiyonatkor er, zanjilar o‘g‘risi va Tangri shohid qotil ekanini bilsam-da, mening ham ko‘zlarim yig‘lardi.”
Bu taqvodorona ehtirosni Morelning o‘zi quyidagicha izohlaydi: “Men Injilni tavakkal ochdim va avliyo Pavelning suralariga ko‘zim tushdi, shu tariqa bir yarim soatlar chamasi va’z aytdim. Krenshou o‘z o‘rtoqlari bilan bu vaqtni zoe ketkazmadi – ular menga some’ barchaning otlarini o‘g‘irlab ketishdi. O‘zim uchun olib qolgan to‘riq, qaynoq qonli otdan bo‘lak hamma otlarni Arkanzas shtatida pullab yubordik. To‘riq Krenshouga ham yoqib qoldi, ammo bu ot unga munosib emasligiga uni ishontirdim”.
USLUB
Otlarni bir shtatda o‘g‘irlab, boshqa birida pullash – Morelning jinoiy tarixidagi bir oz chetga og‘ish bo‘lsa-da, ammo ayni shu mashg‘ulot uning uchun Butunjahon Diyonatsizlik Tarixida mustahkam o‘rin hozirlagan uslubning ilk debochasi edi. Bu uslub muqarrar bo‘lishi uchun, albatta, o‘ziga xos sharoitlar zarur bo‘ldi, ammo, shuningdek, bu uchun talab etiluvchi pastkashlik, odamlarning ishonchi bilan o‘ynashuv hamda dahshatning azobli ravnaq topishi singari asta-sekin avj oluvchi iblisona o‘yin nuqtai nazaridan ham bu usul yagona edi.
Garchi Al Kapone bilan Baks Moran katta shaharda, ulkan mablag‘ hamda sadoqatli avtomat qurollari bilan ish ko‘rsalar-da, ularning mashg‘uloti ancha tuturiqsiz. Ular hokimlikka da’vogar, xolos… Agar guruh miqdori haqida gapirish kerak bo‘lsa, Morelning qo‘l ostida mingga yaqin yigit bo‘lib, ularning har biri unga sodiq qolishga qasamyod qilgandi. Ularning ikki yuz nafari qolgan sakkiz yuz odam bajarishi lozim bo‘lgan buyruqlar chiqaruvchi Oliy Kengash a’zolari edi. Xavf-xatarga mana shu sakkiz yuz kishi ro‘baro‘ qilinardi. Isyon yuz bergudek bo‘lsa, ular ustidan hukm chiqaradilar va yo oyoqlariga puxta bog‘langan tosh bilan tezoqar loyqa daryoga uloqtiradilar. Ularning ko‘plari mulat bo‘lib, qaroqchilik yumushi quyidagilardan iborat edi:
Ular qo‘llaridagi qimmatbaho uzukni ko‘z-ko‘z qilgan ko‘yi Janubning bepoyon dalalarini kezib yurishar, biror baxtiqaro zanjini uchratgach, unga ozodlik va’da qilishardi. Olisdagi boshqa bir plantatsiyaga sota olishlari uchun bu zanjini sohibidan qochishga undashar, shundan so‘ng qo‘lga kiritilgan pulning ma’lum qismini unga berib, yana qayta qochishga ko‘maklashishni va’da qilishardi. Keyin uni ozod shtatlarning biriga olib borishadi. Pul va erk, jaraq-juruq kumush dollarlar va erk – bundan bo‘lak yana qanday yo‘ldan ozdirar narsa taklif etish mumkin? Va shunda bu qul o‘zining birinchi qochqiniga jur’at qilardi.
Qochish uchun eng oson yo‘l daryo edi. Kanoe, kema tubi, qayiq, bir chetida uychasi va yoki baland chodirlari bo‘lgan ulkan sol – baribir emasmi, muhimi, ildam olg‘a bosayotganligingni, betinim oqib turgan daryoda xavf-xatardan holi ekanligingni bilib tursang bas… Zanjini boshqa bir dalaga sotishadi. U bo‘lsa yana qayta chakalakzorga qochib ketar yoki tashlandiq kulbada yashirinib olardi. Shunda badjahl valine’matlar (qul ularga nisbatan endi ishonchsizlik his eta boshlagan bo‘ladi) ko‘zda tutilmagan harajatlar haqida so‘zlab, uni so‘nggi bor sotishga majbur ekanlarini ma’lum qiladilar. Qaytib kelganidan so‘ng ikki qochqin uchun haq to‘lashlarini va bundan buyon ozod bo‘lishini va’da qilishadi. Zanji o‘zini tag‘in qayta sotishlariga ijozat etar, yangi joyda bir muddat ishlab yurar, keyin esa ovchi ko‘ppaklar va savalanish ehtimoliga qaramasdan, so‘nggi bor qochishga jur’at qilardi. U qonga belangan, butun badanidan chak-chak ter tomib turgan, joni halqumiga kelgan va behollikdan ko‘zlari yumilib ketayotgan alfozda qaytib kelardi.
UZIL-KESIL OZODLIK
Bu voqealarning huquqiy tomonlarini qarab chiqish lozim bo‘ladi. Dastlabki sohib qochqin haqida xabar qilib, qochoqni tutib kelinganlik uchun mukofot tayin etmaguncha Morelning yigitlari zanjini pullashmasdi. Shunda har qanday odam uni qo‘lga olishga haqli edi va navbatdagi oldi-sotdi o‘g‘rilik emas, balki qochoqning ishonchini ozgina suiste’mol qilish bo‘lardi, xolos. Odil mahkamaga arz qilish esa befoyda va ancha qimmatga tushardi – harajatlar qoplanmasdi.
Mana shular tufayli xavfsirashga asos yo‘qday tuyilardi. Biroq zanjining o‘zi pand berib qolishi, minnatdorlik va yo kulfat chog‘i og‘zidan gullab qo‘yishi mumkin edi. Illinoys shtatida, El-Kairodagi islovatxonada ichilgan bir necha shisha arpa viskisi, unga – mana shu qulvachchaga he yo‘q-be yo‘q berishlari kerak bo‘lgan mo‘may pulni sovura boshlagan mana shu itvachcha ichgan bir necha shisha arpa viskisi – va tamom – sir ochiladi-qo‘yadi. Shu paytlarda sahovatpeshalar firqasi, xususiy mulkni inkor etayotgan, zanjilarga ozodlik berilishini targ‘ib qilib, ularni yo‘ldan ozdirayotgan ahmoqlar to‘dasi Shimol havosini bulg‘ayotgan edi. Morel o‘zini bu buzg‘unchilar qatoriga qo‘shishlarini sira istamasdi. U yanki emasdi, u Janublik oq tanli edi, u oq tanlilarning o‘g‘li va nabirasi edi, u vaqt yetib ishdan chetlashgach, boyvachchalarday yashashni, paxta dalalari va ularda qomatlari yoyday egilib, ter tukayotgan saf-saf qullarga egalik qilishni ko‘ngliga tugib qo‘ygan edi. U shu qadar tajribasi bilan hayotini behuda xatarga qo‘ya olmasdi.
Qochoq bo‘lsa bu orada ozodlikka ilhaq edi. Shunda Lazarus Morelning badqovoq mulatlari bir-biriga – ba’zan faqat qosh qoqish orqali – buyruqni oshirishar va boyaqish zanjini ko‘zlaridan, qulog‘idan, sezgilaridan, kunduzgi charog‘onlikdan, atrofni qurshagan qabohatdan, zamondan, valine’matlaridan, mehr-shafqatdan, bir qultum nafasdan, itlardan, koinotdan, umiddan, mehnatdan va uning o‘z-o‘zidan xalos etishardi. Miltiqdan uzilgan o‘q, qoringa urilgan pichoq yoki boshga tushgan zarba – Missisipi qo‘ynidagi toshbaqa va mo‘ylovdor baliqlar xalos etilishning bu usullari haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lardilar.
HALOKAT
Sadoqatli odamlar amalga oshrayotgan ish gullab-yashnashi kerak edi. 1834 yil boshiga qadar Morel yetti yuz nafarga yaqin zanjini xalos etib ulgurgan va bu baxti chopganlar izidan borishga shay turgan yana anchagina qul yig‘ilib qolgan edi. Faoliyat doirasi kengayib ketgani tufayli saflarni kengaytirish lozim bo‘ldi. Yangi qasamyod qilinganlar orasida arkanzaslik Virjil Styuart ismli yigit ham bor edi. Bu yigit ko‘plab qullaridan ayrilgan bir kiborning jiyani edi. 1834 yil avgustida Virjil hiyonat qildi va Morel bilan yigitlarini sotib qo‘ydi. Morelning Yangi Orleandagi uyini mirshablar qurshab oldi. Biroq, ularning uquvsizligi tufayli yoki pora ko‘magida Morel qochib qutuldi. Oradan uch kun o‘tdi.
Bu paytda Morel Tuluz ko‘chasidagi, chirmashib yotgan gullar va haykallari bo‘lgan patioli qadimiy uyda yashirinib yurdi. Aytishlaricha, u juda kam ovqatlanar va oyoq yalang holda, o‘ychan qiyofada sigara burqsitib, katta qorong‘u bo‘lmalarda sanqib yurgani yurgan edi. Bu uyda xizmat qilayotgan qul orqali u ikkita maktub jo‘natdi – biri Natchez shahriga, boshqasi esa Red-Riverga. To‘rtinchi kun uyga uch kishi tashrif buyurdi va tongga qadar suhbat qurishdi. Beshinchi kun kechga yaqin Morel o‘rnidan turib, ustara so‘radi va ixlos bilan soqollarini qirtishladi. So‘ng kiyinib tashqariga chiqdi. U shaharning shimoliy dahalari bo‘ylab shoshilmasdan, bamaylixotir yurib o‘tdi. Faqat shahardan tashqari chiqqachgina Missisipi sohili bo‘ylab ildam odimlay ketdi.
Uning rejasiga shirakayf jasorat o‘t qalagan edi. Morel o‘zini hali-hamon izzat qilishlari ehtimoli bo‘lgan so‘nggi odamlar – Janubdagi qul zanjilardan foydalanib qolmoqchi bo‘ldi. Axir ular o‘rtoqlari qochib ketayotgani va ortga qaytmayotganini ko‘rib turishardi. Demak, qochoqlar ozodlikda ekaniga ular amin edilar. Morelning rejasi zanjilarni yalpi isyonga dav’at qilib, Yangi Orleanni barcha sarhadlari bilan zabt etish va talon-taroj qilish edi. Chohga qulatilgan, xiyonat tufayli qariyb barbod etilgan Morel butun qit’a miqyosidagi javob harakatini, jinoyatchini gunohdan forig‘ etib, Tarix qadar yuksaltiruvchi javobni ko‘ngliga tukkan edi. Shu maqsadda u boshka joylarga nisbatan ortiqroq izzatda bo‘lgan Natchez shahriga yo‘l oldi. Bu sayohat haqida uning o‘zi so‘zlagan hikoya mana bunday:
“Otni qo‘lga kiritgunimcha men to‘rt kun yayov yo‘l bosdim. Beshinchi kuni chanqog‘imni bostirish uchun bir oz hordiq chikarib olish maqsadida jilg‘a yonida to‘xtadim. Qulagan daraxt ustida o‘tirib, o‘zim yurib kelgan yo‘lga tikilarkanman, birdan nasldor otda men tomon kelayotgan otliqqa ko‘zim tushdi. Shu zahoti otni tortib olishga ahd qildim. Taraddud ko‘rib, otliqqa shavkatli qurolimni to‘g‘riladim va otdan tushishini buyurdim. U buyruqni bajardi, men chap qo‘limda uzangini tutgancha daryoga ishora qilib, oldinga yurishini buyurdim.
U bir oz yurib to‘xtadi. Yechinishga buyurdim. U aytdiki, “Agar meni o‘ldirmoqchi ekansiz, o‘limim oldidan ibodat qilishimga ruxsat eting.” Uning ibodatini tinglab o‘tirishga vaqtim yo‘qligini aytdim. U tiz cho‘kdi, men esam gardaniga o‘q qadadim. Keyin qornini yorib, ichak-chavoqlarini daryoga uloqtirdim. Keyin cho‘ntaklarini kavlashtirib, to‘rt yuz dollar, o‘ttiz olti tsent va bir dasta qog‘oz topdim, qog‘ozlarga qarab o‘tirmadim. Uning etiklari yangi va menga loyiq edi. O‘zimniki bo‘lsa titilib ketgandi, men etigimni daryoga uloqtirdim.
Natchezga kirib borish uchun men shu tariqa otga ega bo‘ldim” .
XOTIMA
Morel uni dorga osishni xayol qilayotgan isyonkor zanjilar sardori, zanjilar to‘dalari tomonidan dorga osilgan, ularga qo‘mondonlik qilishni orzulagan Morel – qayg‘u bilan ma’lum qilamanki, Missisipi tarixi mana shu ajoyib imkoniyatlardan foydalana olmadi. Poetik adolatga (yoki poetik baqamtilikka) qarama-qarshi o‘laroq, bu daryo ham o‘z sohillarida jinoyatlar sodir etgan bu odamning qabriga aylanmadi. O‘pkasi shamollagan Lazarus Morel 1835 yilning ikkinchi yanvar kuni Sayles Bakli ismi bilan Natchezdagi shifoxonaga yotqizildi. Umumiy palatadagi bemorlardan biri uni tanib qoldi. Ikkinchi va to‘rtinchi yanvar kunlari bir necha plantatsiyada qullar isyon ko‘tarishga urinib ko‘rishdi, ammo aytarli ko‘p qon to‘kishsiz ularni tiyib qo‘ydilar.
Sharifjon Ahmedov tarjimasi