Kuzning shamolli tunida anor daraxti barglari to‘kilib chiqdi. Barglar daraxt tanasi atrofida toza yer qoldirib doira yasagan edi.
Deraza tavaqalarini ochgan Kimiko anorning yalang‘och shoxlariga ajablanib boqdi. Barglar aylana bo‘lib to‘kilgani, shamol ularni har tarafga sochib yubormagani ham unga g‘alati tuyuldi.
Daraxt tepasidagi birgina anorga ko‘zi tushdi.
— Oyijon, qara, qanday ajoyib anor! — hayajonini yashira olmay dedi Kimiko.
— Chindan ham... Men bo‘lsam uni unutgan ekanman. Oyisi daraxtga qaradi-yu, darhol oshxonaga qarab ketdi.
“Men bo‘lsam uni unutgan ekanman”. Oyisining bu so‘zlari Kimikoga ularning naqadar yolg‘iz ekanligini eslatdi. Ochiq ayvon ro‘parasidagi daraxtda anor pishib yetilsa-yu, hatto shu ham yodlaridan ko‘tarilgan bo‘lsa, ularning turmushi qay ahvolda bo‘lishi mumkin, axir.
Yarim oycha bo‘ldi, jiyani mehmonga kelgan edi. U anorga ko‘zi tushgan zahotiyoq daraxtga osildi. Tap tortmay daraxt tanasiga tirmashib chiqayotgan yetti yashar bolakayga Kimiko sarxush boqdi.
— Eng tepasida yana bitta kattasi bor! — shodon qichqirdi u.
— Ko‘ryapman, — dedi bola, — uni uzsam tusholmay qolaman-da.
“Chindan ham, ikki qo‘lida anor bo‘lsa, qanday tushadi”, o‘yladi Kimiko va kulib qo‘ydi. Ajoyib bola-da!
Bu bolakay kelmaganida ular anorni butunlay unutishar ekan. Shundan keyin oyisi va Kimiko bugun ertalabgacha anor haqida umuman eslashmagandi.
Jiyani kelganida eng tepadagi anor barglar orasida ko‘zga tashlanmas edi, bugun esa moviy osmon tegrasida qip-qizil bo‘lib yonib turibdi.
Kimiko boqqa kirdi va uzun bambuk yog‘och bilan anorni uzib oldi. Meva pishib ketgan va hatto yorilgan ekan: aftidan, undagi kuch-quvvat ichiga sig‘may tashqariga intilardi. Kimiko anorni ayvon poliga qo‘ydi. Yorilgan joyidagi anor donalari quyosh nurida yaltirardi.
Kimiko yorilmagunga qadar uzib olmagani uchun o‘zini anor oldida gunohkor sezdi.
U ikkinchi qavatga ko‘tarildi-da, shosha-pisha tikishga tutindi. Soat o‘nlar chamasi pastdan Kenkichining ovozi eshitildi. Eshik tambalanmagan bo‘lsa kerak, to‘g‘ri boqqa o‘tdi va u yerdan uning tez-tez gapirayotgani eshitila boshladi.
— Kimiko, Kimiko, pastga tush! Kenkichi keldi, — baland ovozda chaqirdi oyisi.
Qiz shoshganicha ignani ipdan oldi-da, yostiqchaga sanchdi.
— Kenkichi, frontga jo‘naguningizga qadar siz bilan uchrashuvga rozilik berishimni so‘rayverib Kimiko hol-jonimga qo‘ymadi, yoningizga borishi noqulay bo‘ldi, o‘zingiz esa bir kelib ketishga vaqt topmadingiz. Qani, kiring, kira qoling, — yalinardi oyisi.
U Kenkichining uzoqroq qolishini xohlardi, birga tushlik qilishni taklif etdi, lekin Kenkichi, aftidan, juda shoshilardi.
— Afsus... — dedi bo‘shashib oyisi. — Unda, hech qursa, mana bu anordan yeb ko‘ring. O‘z bog‘imizdan.
Oyisi Kimikoni yana chorladi.
Qiz zinapoyalardan tushib kelgunga qadar Kenkichi undan ko‘z uzmadi. Nigohida shunchalar besabrlik bor ediki, Kimiko chalishib ketishiga oz qoldi, so‘nggi zinalarni zo‘rg‘a bosib tushdi.
Kenkichining ko‘zlari yashnab ketdi. Qo‘llari titradi va anorni tushirib yubordi.
Nigohlari bir lahza to‘qnashdi, ikkalasining ham lablariga tabassum indi. Kimikoning yanoqlari qizardi. Kenkichi shoshilinch o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
— O‘zingni ehtiyot qil, Kimiko! — dedi u.
— Siz ham, Kenkichi, — shivirladi Kimiko, lekin bu payt yigit oyisi tomon o‘girilgan va xayr-xo‘shlashayotgan edi.
Kenkichi ketdi, Kimiko bo‘lsa yana ancha vaqt eshik tomon qarab turdi.
— Nega buncha shoshilmasa bu Kenkichi? Hatto shunday ajoyib anorni ham tatib ko‘rmadi-ya. Bu qanaqasi bo‘ldi?! — dedi oyisi. U ayvon qirrasiga egildi-da, qo‘lini uzatib, yerda yotgan anorni oldi.
Kenkichining ko‘zlarida yosh miltillaganini Kimiko sezgan vaqtda u anorni ikkiga bo‘lmoqchi bo‘lib noqulay harakat qilgan va uni yerga tushirib yuborgan edi. Anor yerga tushdi, lekin yorilmadi.
Oyisi anorni yuvib, ayvonga olib keldi.
— Ol, Kimiko, — mevani qiziga uzatdi u.
— U iflos-ku, axir, — ortga tislanib norozilik bildirdi qiz. So‘ng birdan qip-qizarib ketdi-da, shosha-pisha qo‘lini cho‘zdi.
Anorning yorilgan joyini, chamasi, Kenkichi tishlab ulgurgan edi.
Oyisi yonida turarkan, anordan voz kechishni beadablik deb bildi. O‘zini loqayd ko‘rsatgan bo‘lib mevani labiga tekkizdi. Og‘zi nordon ta’mni tuydi. Shira ich-ichiga kirib borganday va uning quvonchli tuyg‘ulariga armon ko‘lkasi soya tashlaganday bo‘ldi.
Oyisi Kimikoning holatini sezmadi va ayvonni xotirjam tark etdi.
Ko‘zgu yonidan o‘tayotib, o‘ziga qarab qo‘rqib ketdi.
— Voy, rang-ro‘yim qursin! — xitob qildi u. — Sochimni taramay shu holda Kenkichini kuzatibman. Yaxshi bo‘lmadi!
Ko‘zgu oldida o‘tirib sochiga taroq soldi.
— Otang olamdan o‘tganda, — ohista so‘zladi oyisi, — men uzoq vaqt sochimni tarashga qo‘rqib yurdim... Taroq sochimga tegdi, deguncha beixtiyor o‘yga cho‘mar, o‘tmishni eslab ketardim. Xuddi dadang yonimda-yu, soch tarashdan to‘xtashimni kutib turganday tuyulardi. Qo‘rqqanimdan qaltirab ketardim.
Oyisida otasidan qolgan ovqatni yeb qo‘yish odati bo‘lgani Kimikoning esiga tushdi.
Uni birdan o‘tmishni qaytarib bo‘lmaydi, degan tuyg‘u chulg‘ab oldi, ayni chog‘da shunday baxt-saodatni his etdiki, ko‘zlaridan yosh qalqdi.
Biror narsa isrof bo‘lishiga oyisi toqat qilolmas edi. Otasidan qolgan taomni yeb, tozalab qo‘yish odati ham shundan. Kenkichi yeyishni ep ko‘rmagan anorni yeb qo‘yishini Kimikodan so‘ragani boisi ham shu bo‘lsa kerak.
Kutilmaganda tuygan pinhona shodmonligi uchun Kimiko oyisi oldida o‘zini noqulay his etdi.
Lekin xayolidan hech narsani kechirmagan Kenkichi bilan xayrlashayotib qalbini to‘ldirgan his-hayajondan behad baxtiyor edi va xayolan o‘yladi: uning qaytishini bir umr kutishga qodirman.
Kimiko zimdan oyisi tomonga ko‘z tashladi va oyna ortidagi to‘siqqa quyosh nurlari tushib, yoritib turganini ko‘rdi. Keyin tizzasidagi anorga nigoh tashladi va uni tishlashga endi botinolmasligi haqida o‘yladi.
Yasunari Kavabata. Anor (hikoya
Abduvohid Umirov tarjimasi