QACHONDAN BERI u bambuk sadosi bilan shaftoli gulini o‘z vujudida his qila boshladi? Endilikda bambuk sadosini eshitibgina qolmay, u bu tovushni ko‘ryapti ham, shaftoli gulidan bahra olibgina qolmay, balki latif gul yuragining qat-qatlarida qulf urmoqda.
Bambuk sadosini tinglayotganingda nima uchundir, ba’zan qarag‘ayning sasi ham qulog‘ingga chalingandek bo‘ladi. Ba’zan esa shaftoli guliga qarab tursang, endigina g‘unchalayotgan olxo‘ri daraxtining nafis novdalari ko‘z oldingga keladi. Inson hayotida bunday hodisalar tez-tez ro‘y berib turadi, ammo bu hissiyot Xisao Miyakava qalbini asir etganida u oshini oshab, yoshini yashab qo‘ygan edi.
Miyakava, burnog‘i yilning bahorida, uylari yaqinidagi tepalikda o‘sgan qarag‘ayga qo‘ngan lochinga ko‘zi tushgan, nazarida, uni hozir ham ko‘rib turgandek edi.
Pastakkina tog‘ tizmasi Miyakava uyining orqa tomonida erigan sham qoldig‘idek bo‘rtiknamo do‘nglik bilan tugardi. Tepalik etagidagi qoramtir qoya boshdan-oyoq yashil maysalar bilan qoplangan. Yon-bag‘irda biron baland daraxt ko‘zga chalinmasdi-yu, ammo shaffofbarg butalar shunday zich o‘sgandiki, bamisli yam-yashil gilamdek jilvalanardi. Faqat tepalikning cho‘qqisida qurigan qarag‘ay yolg‘iz qad rostlab turadi.
Quvragan qarag‘ayning tanasi-yu, ignalarigina qolgan, mayda shox-shabbalaridan ayrilganiga ancha bo‘lgan edi. U ko‘p zamonlardan beri falakka sanchilgan nayzadek qotib turardi.
Qarag‘ay tepasidagi lochinga ko‘zi tushganida Miyakava ajablanganidan qichqirib yuborayozdi. Bu yoqlarga lochin uchib kelganini u yetti uxlab tushida ha ko‘rmagandi. Allaqanday ishonib bo‘lmaydigan mo‘‘jiza edi bu. Biroq, qudratli va jasur lochinning qarag‘ayda o‘tirgani ayni haqiqat edi.
Lochin kelib qo‘ngach, bahaybat qarag‘ay xuddi kichrayib qolgandek bo‘ldi. U mag‘rur ko‘ksini ko‘targancha qimir etmay o‘tirardi. Miyakava qushni zavq bilan tomosha qilarkan, vujudiga lochinvor g‘ayrat oqib kirayotganini sezdi.
Bahor oqshomi edi. Quvragan qarag‘ay och-pushti tuman og‘ushida osmon bag‘riga sanchilgan qop-qora nayzani eslatardi. Baland cho‘qqida esa go‘yo atrofga aloqasiz sirli hodisalar ro‘y berayotgandek, ajib bir holat hukmron edi.
“Yo‘q, lochin kechasi tuman chulg‘agan osmon qo‘ynida uchib kelmagan, — deya o‘ylardi Miyakava va o‘z xayolidan o‘zi ajablangancha yirtqich qushdan ko‘zini uzmasdi. – U meni deb, xuddi shu qo‘nib o‘tirgan o‘rniga, to‘g‘ri uchib kelgan… Endi hech qayoqqa ketmaydi”. Uning tasavvurida xuddi gurillab yonayotgan gulxan ichida juda katta oq nilufar ochilgandek bo‘ldi. Tussiz bahor osmoni hech qanday jihati bilan gurillab yonayotgan alangani eslatmas, lochin bilan oq nilufar o‘rtasida esa biron-bir yaqinlik yo‘q edi. Shunday bo‘lsa ham, qurigan qarag‘ay tepasida o‘tirgan qudratli ushdan osoyishtalik – alanga ichida barq urib ochilgan oppoq nilufarga xos osoyishtalik taralar edi. Oppoq nilufarga xos…
Uning yuragini hapriqtirib yuborgan hayrat bilan muqaddas iztirob asta-sekin lochinning uchib kelishi yaxshilikdan nishona, degan ishonch tuyg‘ulariga aylana bordi. Miyakava ich-ichidan bitmas-tugalmas xushnudlik tuydi.
Ilgari dengiz sohilida joylashgan bu shaharchaga na lochinlar uchib kelganini ko‘rgan, na bu haqda birovdan eshitgan edi. Mana, endi lochin ro‘parasida turibdi! Ajabo, uni qaysi shamol uchirdi? U tasodifan – manzildan adashib, nafasini rostlash uchun qarag‘ayga kelib qo‘ndimikin? Kim bilsin, balki biror maqsadi bordir?! Xullas, uni xuddi shu qarag‘ay tepasiga qo‘nishga nima majbur etdi?
Miyakava buni tasodifga yo‘ya olmadi. Yo‘q, xuddi shunday bo‘lishi shart edi. Hatto, unga lochin biron voqeadan o‘zini ogoh etgani uchib kelgandek tuyuldi.
— “Yaxshiyam, bu chirigan daraxtni kesib tashlamaganim-a, — deb o‘ylardi u. – Lochin tepalikning cho‘qqisida ayni daraxt borligi uchun uchib kelganmikin? Agar shu qarag‘ay bo‘lmaganida, kim bilsin, loaqal bir marta ham uyim oldida lochinni ko‘rish nasib etmasmidi?
Yaxshiyam, qarag‘ayni kesib tashlamaganim, — deya Miyakava qayta-qayta ko‘nglidan kechirardi. – Necha marta chog‘langan edim-a!”
Bir paytlar Miyakava uylari ortida xuddi o‘z xonadonini baloyu-ofatlardan asramoqchidek, allaqanday maxsus posbon singari qad rostlab turgan qarag‘ayning qurib-qovjirashini ichi achib kuzatib yurar edi.
Qarag‘ay elektrichka kelib to‘xtaydigan temir yo‘l bekatidan ham ko‘rinib turar edi. Miyakava uchun ham, barcha qo‘ni-qo‘shnilar uchun ham vagonga chiqayotganda yoki safardan qaytayotganda qarag‘ayga bir qur nazar tashlab qo‘yish odat tusiga kirgan edi. Hammalari daraxtga qarashga qarardilaru, ayni chog‘da uni esdan chiqarib qo‘yganga o‘xshardilar.
Chunonchi, daraxtning yashnagan – odamning eng nozik hissiyotlarini qo‘zg‘atib yuboradigan davri ham bo‘lgan: o‘shanda vagondan tushib, qarag‘ayga bir qarasang, bahri diling ochilib, yuraging ta’rifga sig‘mas tuyg‘ulardan orziqib ketar edi. Mana shu hovliga ko‘chib kelganda, Miyakava bir kam ellikda edi, o‘tgan yili esa u yetmishga kirdi, ammo qarag‘ay mana shu uzoq davr ichida mutlaqo o‘zgarmagandek edi. Aslini olganda, uning yoshi nechada? Har qalay yuz ellikdan kam emasdir.
HOVLINI shilqim va betakalluf kishilar nigohidan yashirish uchun devor yoniga atay ekilgandek eman bilan dafna ham, bog‘ning qoq o‘rtasida keng quloch yoygan hind nastarini ham juda bahaybat edi-yu, lekin baribir tepalikdagi qarag‘ayga hech qanaqasi teng kelolmasdi. Nima sababdan tepalikda qarag‘aydan boshqa bironta yirik daraxt o‘smaydi? Kim bilsin, balki u tengi daraxtlar allaqachon chirib bir o‘zi qolgandir?
Shubhasiz, qarag‘ayning yoshi Miyakavanikidan kam deganda ikki baravar katta edi. Dastlab, mana shu hovliga endigina ko‘chib kelganlarida, qarag‘ay mendan uzoqroq yashaydi, deb hisoblardi. Bolalik chog‘laridayoq, o‘rmonda sanqib yurar ekan, Miyakava ehtirom bilan mangulik timsoli sifatidagi bahaybat keksa daraxtlarga tikilar edi. Lekin bu daraxtlar unga inson umrining haddan ziyod qisqa ekanini eslatmas, balki, aksincha, bunday og‘ir xayollarni unutishga majbur etar va nazarida, vujudi tuproqning teran qatlamlariga qadar tomir yoygan azamat daraxtlar tanasiga qo‘shilib, singib borayotgandek tuyulardi.
U tepalikda o‘sgan qarag‘ay yuragining aziz parchasiga aylanganini seza boshladi. Tepalik yonbag‘ri tik bo‘lib, cho‘qqiga olib chiquvchi bironta so‘moq yo‘q edi. Shuning uchun Miyakava o‘zi chiqa olmaganidek, daraxtdan xabar olib turishni bog‘bondan ham iltimos qila olmasdi. Aftidan, niholligidayoq qarag‘ay yovvoyi ekani ma’lum bo‘lgach, uni bog‘dagi daraxtlar kabi parivash qilishmagan edi. Lekin, shunga qaramay uning shoxlari tarvaqaylab ketmagan edi: garchi juda qari bo‘lsa ham beo‘xshov tuyulmasdi. Hatto dovul uning shoxlarini sindira olmagan edi.
Shoxlari-ku u yoqda tursin, bironta ignasiga ziyon-zahmat yetmaganini ayting. Kuchli shamol bilan yomg‘irda dov-daraxtlarning tinimsiz chayqalganlarini Miyakava somonxona darichasi orqali necha bor kuzatgan. Yog‘ingarchilik kezari derazalarning eshiklari taqa-taq yopilganidan tepalikda nimalar bo‘layotganini shu daricha orqali ko‘rish mumkin edi, xolos. Miyakava qarag‘aydan xavotir to‘la nigohini uza olmasdi. Jala daricha oynasiga tarsillab urilar, yomg‘ir suvlari oynada egri-bugri chiziqlar qoldirib oqib tushardi. Daraxtlardan uzilgan serbar yashil yaproqlar tashqi hovliga tushardi.
Faqat birgina qarag‘ay ignalari xuddi to‘kilmayotganga o‘xshardi. Balki uncha-muncha to‘kilgandir, biroq, daricha orqali ko‘rinmagani uchun Miyakava qarag‘ay shoxlaridan bironta igna uchib tushmaganidek tuyulardi. Tepalik yonbag‘ridagi daraxt shoxlarini shamol muttasil egadi, yaproqlarini yulqib uzadi, tepalikdagi qarag‘ay uchlari esa sezilar-sezilmas darajada silkinadi, shuning uchun Miyakava qarag‘ay tegrasida bo‘ron xuruj qilmayapti, shekilli, deya gumonsiraydi. U daricha oldida turarkan, bamisli bag‘riga bosmoqchidek qarag‘ay tomonga qo‘llarini cho‘zadi…
Uning ko‘z oldida bir manzara qalqib chiqdi: oppoq xrizantemaning gulbarglari sassiz to‘kiladi. Harir nikoh ko‘ylagidagi kelinchak bir dasta gul ko‘tarib mehmonxona koridori bo‘ylab borayotir. U to‘yga yoki unashtirish marosimiga oshiqayotgan bo‘lsa kerak. ko‘ylagining etagi polda sudraladi. Birin-sirin gulbarglar to‘kiladi. Kelinchakni kuzatib chiqqan ayol och-yashil gilamga to‘kilgan oppoq gulbarglarni terib olish uchun damo-dam egiladi.
Bu manzaraga u bir zamonlar mehmonxona yo‘lagidan o‘tib ketayotganda ko‘zi tushgan edi, ammo hanuz esidan chiqmaydi. Ayol gulbarglar nechog‘lik sassiz to‘kilsa, shunchalik ohista terib olishga tirishardi. Qiziq, qo‘lidagi guldastadan gulbarglar to‘kilayotganligini suluv kelinchak payqaganmikan? Har holda u sir boy bermagan edi. Kelinchakka shunday ayyomda so‘ligan xrizantema gullarini dastalab bergan bog‘bonning shafqatsizligi haqida o‘ylaganida Miyakavaning xayolidan bularning barchasi fojiaviy asar uchun ajoyib bir syujet bo‘lar ekan, degan fikr kechdi: turmush to‘fonlari kelinchakning hayotidan yulqib olayotgan chechaklar kabi sassiz to‘kilayotgan oppoq xrizantemalarning gulbarglari…
Temir yo‘l bekatidan o‘tib shaharga kirayotgan chog‘ingda tepalik bilan qarag‘ayni uylar to‘sib qoladi. Ammo muyulish biqinidagi yashil do‘kon tomonga burilishing hamono qarag‘ay yana to‘lqinlar orasidan qalqib chiqqan qayiqdek paydo bo‘ladi va …keyin to Miyakavalar hovlisiga yetib borguncha ko‘zdan yo‘qolmaydi.
Qarag‘ay dengiz tomondan ham yaxshi ko‘rinardi. Qizi Kayo ilk bor sevgilisi bilan yaxtada ochiq dengizga chiqib, ancha olislab ketganliklariga qaramay, tuman chulg‘agan sohilda arang ko‘zga chalinadigan masofadan ham qarag‘ayni ko‘rganligi haqida Miyakavaga gapirib bergan edi. Qarag‘ayni ko‘ribdi-yu, yig‘lab yuboribdi.
Miyakava qizini unashtirish kunida shuni esladi. Kuyov Kayo bilan dengizda sayr qilgan o‘sha yigit emasdi. Boshqa edi. O‘sha kezlari Miyakava, qarag‘ayni ko‘rgach, nega yig‘lab yubording, deya so‘ragani istihola qilgan edi. Keyin esa buning mavridi kelmadi.
Miyakava xuddi bir kun kelib orqa tarafidagi tepalikda qarag‘ay o‘sayotgan hovliga ko‘chib kelishini qanchalik tasavvur qilolmagan bo‘lsa, bu daraxtning tirikligida qurib qolishini shunchalik aqliga sihdirolmas edi. Ammo yuz yillik qarag‘ayning o‘zi bilan uchrashishni orziqib kutganligi haqidagi fikrni kallasidan sira quvib chiqarolmasdi. Binobarin, uni ko‘rmaguncha qarag‘ay zavol topishi mumkin emasdi. Axir, u Miyakavani deb yashamaganmi?
Hozir u daraxtning qaysi shoxlari avval qurish boshlagandi – yuqorisidagimi, o‘rtadagisimi, eslay olmasdi, balki anavi, pastki shoxlaridan boshlangandir?! Aytgancha, qo‘ni-qo‘shnilar ham bu xususda turli-tuman taxminlar aytishardi.
Miyakava qarag‘ay ignalarining sarg‘aya boshlaganini payqaganida bu uning tanazzulidan nishona ekanligini sezmagandi. O‘zining bog‘boni bo‘lmagani uchun u yordam so‘rab bir tanishiga murojaat qildi. Bog‘bon kelishga keldi-yu, sovuqqina qilib, qarag‘ayning kuni bitibdi, dedi. So‘ng, daraxt ildizini qurt-qumursqalar kemirayotgandir, modomiki, ignalari sarg‘aya boshladimi, uni saqlab qolish mumkin emas, deb qo‘shib qo‘ydi. Kalavaning uchini yo‘qotib qo‘ygan Miyakava bir iloj topishni iltimos qildi, ammo bog‘bon chorasiz ravishda qo‘l siltadi.
Hamma yerdan – uydan ham, hovlidan ham, ko‘chayu-stantsiyadan ham kuni bitib qolgan daraxtga qarash bir xilda og‘ir edi. O‘lim talvasasi juda uzoq davom etdi. Qarag‘ayning birorta ham yashil ignasi qolmadi, ammo bu sarg‘aygan ignalar nima sababdandir to‘kilmasdi. Goho-goho qurigan qarag‘ay Miyakavaning ko‘ziga shumshuk va bedavodek ko‘rinib ketardi.
Shunday kezlarda u: “Ey tavba, ko‘rmayinam, kuymayinam, — deb ko‘nglidan o‘tkazardi-yu, ammo baribir daraxtga qayta-qayta qarayverardi. Oxiri, qalbidan yulqib tashlash emas, balki unutib yuborish uchun daraxtni tezroq kesib tashlashim kerak, degan xulosaga keldi.
Oradan yana bir necha yil o‘tdi. Sarg‘aygan ignalar to‘kilib bitdi, mayda shoxchalar chiridi, katta-katta butoqlarning ham ko‘pi sinib tushdi.
Endi Miyakava qurigan qarag‘ay haqida ham, hatto uni kesib tashlamoqchi bo‘lganligi haqida ham eslamasdi. Qishda daraxtning jonsiz shoxlarini qor qopladi. Shu bilan go‘yo daraxtga yangi qiyofa baxsh etdi. Qor ostida qolgan shoxlar muzdek edi-yu, biroq ora-chira ulardan hayotbaxsh hovur taralayotganga o‘xshardi…
Mana nihoyat, u qarag‘ay tepasidagi lochinni ko‘rib qoldi. Qush Miyakava kesib tashlamagani uchun qarag‘ayga kelib qo‘ngan edi. Qarag‘ay esa azbaroyi tepalikka ko‘tarilish oson emasligi, ehtimol Miyakavaning yalqovligi tufayligina omon qolgan edi. Uyammas, buyammas qarag‘ay hanuz tepalikda qo‘r to‘kib turar, uning qir uchida esa lochin qo‘nib o‘tirardi.
Lochin qimir etmasdi. Miyakava nafasini ichiga yutib, uni ko‘zdan kechirar, shunda go‘yo butun vujudiga lochinvoriy g‘ayrat oqib kirayotganday hamda bu qush kuch-quvvatini qurigan daraxtga ham baxsh etayotgandek tuyulardi.
Miyakava, lochinni bir ko‘rib qo‘ysin, degan o‘y-xayolda xotinini chaqirmoqchi bo‘ldi. Biroq uning eshitib chiqishi uchun baland ovozda chaqirishi kerak edi, agarda unday qilsa, qushni hurkitib yuborishi mumkinligini eslab fikridan qaytdi.
Lochin haykaldek qimirlamasdi. Xuddi temir tirnoqlari bilan daraxtga sanchilib qolgandek.
Lekin, qush ham tirik jon, qachondir baribir uchib ketadi. Qurigan qarag‘ay esa o‘z joyida qoladi. Biroq endi u lochin kelib qo‘ngan qarag‘ay bo‘ladi. Miyakava lochinni atigi bir marta ko‘rdi, ammo u endi uzoq vaqtgacha qalbini tark etmaydi.
Lochin Miyakava uchun qanday xabar keltirdi? Mabodo, uning bu yerda paydo bo‘lishi xushxabar, xayrli toledan darak berar ekan, u holda Miyakavaga marhamat etilgan saodat, quvonch nimalardan iborat? Lochinni ko‘rishdan iborat emasmikin?
BU VOQEA burnog‘i yilning bahorida yuz berdi. O‘shandan buyon uy ortidagi tepalikning qir uchida o‘sgan bahaybat, qurigan qarag‘ay deyarli o‘zgarmadi. Lochin esa boshqa kelmadi. Balki kelgandir ham, ammo Miyakava uni ko‘rmadi.
Miyakava endi lochin mening qalbimda abadiy qoldi, deya taxmin qila boshladi.
Qani, shahargacha, shaharchamish, naq uning uyi yonidagi tepalikka lochin uchib kelganligini aytib ko‘rsin-chi, ishonadigan anoyi topilarmikin?! Miyakava bu haqda hech kimga og‘iz ochmaslikka qaror qildi.
Ruschadan Olim Otaxonov tarjimasi.